|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.02.2025
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
QISHLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVI (SHIRKAT XO‘JALIGI) TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 8-noyabrdagi O‘RQ-995-sonli “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2025-yil 12-fevraldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Ushbu Qonun qishloq xo‘jaligi kooperativlarini (shirkat xo‘jaliklarini) tashkil etish, ularning faoliyati, qayta tashkil etilishi hamda tugatilishining huquqiy asoslarini, huquq va majburiyatlarini belgilaydi, ularning boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi.
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi)
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) tovar qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish uchun pay usuliga va asosan oila (jamoa) pudratiga, fuqarolarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan, yuridik shaxs huquqlariga ega mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektdir.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
2-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risidagi qonunchilik
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarini (shirkat xo‘jaliklarini) tashkil etish, ularning faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog‘liq munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining IV bobi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) faoliyatining prinsiplari
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarining (shirkat xo‘jaliklarining) faoliyati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
kooperativga (shirkatga) a’zolikning ixtiyoriyligi va undan erkin chiqish mumkinligi;
kooperativ (shirkat) faoliyatida a’zolarning o‘z mehnati bilan ishtirok etishi shartligi;
mahsulot yetishtirish va mehnatni xo‘jalik ichida asosan oila (jamoa) shartnomasi asosida tashkil etish;
kooperativ (shirkat) a’zolarining mehnatiga ishlab chiqargan mahsuloti (bajargan ishi) hajmiga, sifatiga qarab haq to‘lash;
yakuniy daromadni (foydani) kooperativ (shirkat) a’zolari o‘rtasida ularning mulkiy paylariga muvofiq taqsimlash;
boshqaruvning demokratik xususiyati, qarorlar qabul qilishda huquqlar tengligi (kooperativning (shirkatning) bir a’zosi — bir ovozga ega bo‘lishi);
kooperativ (shirkat) ustavida nazarda tutilgan tartibda uning ishi ustidan kooperativ (shirkat) a’zolarining nazorat qilishi;
yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanish, yerlarning muhofaza qilinishini va tuproq unumdorligining oshirilishini ta’minlash.
4-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) faoliyat turlari
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) faoliyatining asosiy turi qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtirishdir.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish bilan bir qatorda kooperativning (shirkat xo‘jaligining) o‘z hududida ham, shuningdek undan tashqarida ham qishloq xo‘jalik xom ashyosini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’mol mollari, ishlab chiqarish-texnika ahamiyatiga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo-sotiq, ta’mirlash va qurilish ishlari, yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga haqli.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) tashkil etish
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) uning muassislari tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolarining soni kooperativ (shirkat) faoliyati ixtisoslashuvidan kelib chiqib uning ustavida belgilab qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab tashkil etilgan deb hisoblanadi va yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘ladi.
(5-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi O‘RQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) mustaqil balansga, bank muassasasida hisob-kitob varaqlariga va boshqa hisobvaraqlarga ega bo‘ladi, shuningdek o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘lishga haqli.
(5-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
6-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) ustavi
Ustav qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) faoliyatini tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjatdir. Ustavda quyidagilar belgilanadi:
kooperativning (shirkatning) nomi va joylashgan yeri;
faoliyat sohasi va maqsadi;
kooperativga (shirkatga) kirish va undan chiqish tartibi;
kooperativ (shirkat) muassislarining tarkibi va a’zolarining soni;
kooperativ (shirkat) a’zolarining huquq va majburiyatlari;
boshqaruv organlari, ularni shakllantirish tartibi va ularning vakolatlari;
kooperativning (shirkatning) pay, bo‘linmas va boshqa jamg‘armalarining miqdori va ularni shakllantirish tartibi;
kooperativ (shirkat) a’zolarining mehnatda ishtirok etishi va ular mehnatiga haq to‘lashning ko‘proq oila (jamoa) pudratiga asoslangan shakllari;
kooperativ (shirkat) daromadlarini (foydasini) taqsimlash, shu jumladan mulkiy paylar bo‘yicha dividendlar to‘lash uchun taqsimlash tartibi;
kooperativni (shirkatni) qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Ustavga kooperativ (shirkat) faoliyati bilan bog‘liq, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham kiritilishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) ustavi muassislar tomonidan ta’sis yig‘ilishida qabul qilinadi, unga o‘zgartishlar kooperativ (shirkat) a’zolarining umumiy majlisida kiritiladi. Ustavga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risidagi axborot kooperativni (shirkatni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organga bir haftalik muddat ichida taqdim etiladi.
2-BOB. QISHLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVINING (SHIRKAT XO‘JALIGINING) A’ZOLARI
7-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) a’zo bo‘lib kirish va unga a’zolik
Yoshi 16 ga to‘lgan, kooperativ (shirkat) ustavini tan oluvchi va uning talablariga rioya etuvchi, kooperativ (shirkat) faoliyatida va uning jamg‘armalarini shakllantirishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zosi bo‘lishlari mumkin.
Yuridik shaxslar ham qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) jamoa a’zolari bo‘lishlari mumkin. Kooperativlar (shirkatlar) va ularning jamoa tarzidagi a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar shartnoma asosida olib boriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) a’zo bo‘lib kirish berilgan ariza asosida amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvining (raisining) kooperativga (shirkatga) qabul qilish to‘g‘risidagi qarori kooperativning (shirkatning) umumiy majlisida ariza bergan shaxsning ishtirokida tasdiqlanishi lozim. Bunday qarorni qabul qilish va uni tasdiqlash tartibi kooperativ (shirkat) ustavida belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) a’zolik undan vaqtincha chiqib ketgan shaxslar uchun quyidagi hollarda saqlanib qoladi:
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganda;
davlat va jamoat organlariga saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganda;
ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qishga kirganda;
boshqa qishloq xo‘jaligi kooperativlariga (shirkat xo‘jaliklariga), xo‘jaliklararo va boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvi tomonidan belgilangan muddatga ishga yo‘llanganda.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) a’zolari qarilik yoki nogironlik bo‘yicha ishni to‘xtatsa, uning umumiy majlisi qarori bilan belgilangan asos va shartlarda o‘zlarining kooperativga (shirkatga) a’zoliklarini saqlab qoladilar.
8-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolarining huquq va majburiyatlari
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
kooperativ (shirkat) ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
kooperativning (shirkatning) boshqaruv organlariga saylash va saylanish;
kooperativ (shirkat) xizmatlaridan foydalanish;
o‘z mehnati natijalariga muvofiq daromadlar olish;
mulkiy payga muvofiq dividendlar olish.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolari ustavga rioya etishlari, kooperativning (shirkatning) umumiy majlisi va boshqaruvi qarorlarini bajarishlari shart.
Qonunchilikda qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolarining boshqa huquq va majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
(8-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) a’zolikni tugatish
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) a’zolik quyidagi hollarda tugatiladi:
kooperativ (shirkat) a’zoligidan ixtiyoriy ravishda chiqilganda;
kooperativ (shirkat) faoliyatida mehnati bilan ishtirok etish tugatilganda;
kooperativ (shirkat) a’zoligidan uning ustavida belgilangan hollarda va tartibda chiqarilganda;
boshqaruvning (raisning) qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkatga) qabul qilish to‘g‘risidagi qarori umumiy majlisda tasdiqlanmaganda;
kooperativ (shirkat) xo‘jalik yuritishning boshqa shakllariga o‘zgartirilib qayta tashkil etilganda yoki kooperativ (shirkat) tugatilganda.
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) a’zolikni tugatish tartibi uning ustavida belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zoligidan chiqarish ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
3-BOB. QISHLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVI (SHIRKAT XO‘JALIGI) BOSHQARUV ORGANLARI
10-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) boshqarish
Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) boshqarish o‘zini o‘zi boshqarish, oshkoralik, kooperativ (shirkat) faoliyati masalalarini hal etishda uning a’zolari ishtirok etishi asosida amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) yuqori boshqaruv organi umumiy majlis bo‘lib, u raisni, boshqaruvni, taftish komissiyasini (taftishchini) saylaydi, kooperativni (shirkatni) joriy boshqarish bo‘yicha o‘z vakolatlarini ularga berib qo‘yadi.
11-modda. Umumiy majlis
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) umumiy majlisi:
kooperativning (shirkatning) ustavini qabul qiladi va unga belgilangan tartibda o‘zgartishlar kiritadi;
kooperativning (shirkatning) raisini, kooperativning (shirkatning) boshqaruvini va taftish komissiyasini (taftishchini) saylaydi va ularni chaqirib oladi, ularning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi va faoliyatiga baho beradi;
kooperativ (shirkat) a’zoligiga qabul qilish, a’zolikdan chiqarish to‘g‘risidagi masalalarni, shuningdek kooperativ (shirkat) a’zoligidan chiqish bilan bog‘liq masalalarni hal etadi;
kooperativning (shirkatning) ichki mehnat tartibi qoidalarini hamda mehnatga haq to‘lash tartibini belgilaydi;
kooperativ (shirkat) a’zolarining mulkiy paylari miqdorini belgilaydi;
kooperativ (shirkat) faoliyatining biznes-rejalarini va ularning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
daromadni (foydani) taqsimlash tartibini, kooperativning (shirkatning) bo‘linmas, pay va boshqa jamg‘armalari turlarini, miqdorini va ulardan foydalanish yo‘nalishlarini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(11-modda birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-240-sonli Qonuniga muvofiq chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
kooperativni (shirkatni) qayta tashkil etish va tugatish, uning uyushmalar, jamiyatlar, agrofirmalar va boshqa birlashmalarga kirishi va ulardan chiqishi masalalarini hal etadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan masalalarni hal qilish qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) umumiy majlisining mutlaq vakolatiga kiradi. Uning mutlaq vakolati jumlasiga kooperativning (shirkatning) ustaviga yoki umumiy majlisining qaroriga muvofiq kooperativ (shirkat) faoliyatining boshqa masalalari ham kiritilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) har bir a’zosi, shu jumladan jamoa a’zosi o‘zining mulkiy ulushi miqdoridan qat’i nazar ovoz berishda bitta ovozga ega bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar umumiy majlisda maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadilar.
Umumiy majlis har yili moliya yili tugaganidan keyin o‘tkaziladi. U qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvining (raisining) qaroriga binoan yoki kooperativ (shirkat) a’zolari kamida uchdan bir qismining tashabbusi bilan navbatdan tashqari chaqirilishi mumkin.
A’zolarining soni besh yuz kishidan ortiq bo‘lgan yirik qishloq xo‘jaligi kooperativlarida (shirkat xo‘jaliklarida) umumiy majlis vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun, ustavda nazarda tutilgan hollarda, vakillar majlisi chaqirilishi mumkin.
12-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) boshqaruvi va raisi
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) boshqaruvi:
kooperativ (shirkat) faoliyatining biznes-rejalarini ishlab chiqadi va umumiy majlis tasdig‘iga kiritadi;
kooperativ (shirkat) a’zolarining umumiy majlisini chaqiradi va majlis tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishini nazorat qiladi;
kooperativning (shirkatning) joriy xo‘jalik faoliyati masalalarini uning ustaviga muvofiq hal etadi;
kooperativga (shirkatga) yangi a’zolar qabul qilish va a’zolikni tugatish to‘g‘risidagi qarorni umumiy majlis tasdig‘iga kiritadi;
kooperativning (shirkatning) mol-mulki saqlanishini ta’minlaydi hamda yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishiga doir choralarni ko‘radi;
zarurat bo‘lganda mustaqil auditorlik tekshirishlari o‘tkazilishini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(12-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-240-sonli Qonuniga muvofiq chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(12-moddaning birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni bilan chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
kooperativ (shirkat) ustavida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etadi.
Boshqaruv a’zolarining soni qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) ustavida belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvining a’zolari o‘z tarkibidan kooperativning (shirkatning) ustaviga muvofiq kooperativ (shirkat) raisining o‘rinbosarini va boshqaruv kotibini saylashlari mumkin.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) raisi boshqaruvga rahbarlik qiladi. Kooperativ (shirkat) raisini saylash va chaqirib olish tartibi, shuningdek uning vakolatlari kooperativ (shirkat) ustavida belgilanadi.
13-modda. Taftish komissiyasi (taftishchi)
Taftish komissiyasi (taftishchi) qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining), boshqaruvning moliyaviy hamda xo‘jalik faoliyatini tekshiradi va u umumiy majlisga hisobdordir. Taftish komissiyasi a’zolarining soni kooperativning (shirkatning) ustavida belgilanadi.
Umumiy majlis qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) va uning boshqaruvining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun belgilangan tartibda auditor yoki auditorlik tashkilotini jalb etishga haqli.
4-BOB. QISHLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVIGA (SHIRKAT XO‘JALIGIGA) YER UCHASTKALARI BERISH. YERDAN FOYDALANISH VA SUV ISTE’MOLI
(4-bobning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-240-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
14-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) yer uchastkalari berish. Yerdan foydalanish
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar qishloq xo‘jaligi kooperativlariga (shirkat xo‘jaliklariga) belgilangan maqsadda tovar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yuritish uchun ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga beriladi.
Yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanayotgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) qo‘shimcha ravishda ijaraga yoki vaqtincha foydalanish uchun yer uchastkalari olishlari mumkin.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlariga (shirkat xo‘jaliklariga) berilgan yerlar jamoat egaligidagi yerlardan, shuningdek fuqarolarga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berib qo‘yilgan yerlardan iborat bo‘ladi hamda ulardan faqat belgilangan maqsadda foydalaniladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) berib qo‘yilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyektlari bo‘lishi mumkin emas. Bu yer uchastkalari fermer va dehqon xo‘jaliklari yuritish uchun belgilangan tartibda berilishi mumkin. Qishloq xo‘jalik kooperativining (shirkat xo‘jaligining) foydalanilmayotgan yerlari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ikkilamchi ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga uch yilgacha bo‘lgan muddatga yerdan foydalanishni yangi muddatga uzaytirish huquqi bilan berilishi mumkin.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 53, 55-moddalariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrda 476-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) xodimlariga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yer uchastkalarini ajratish qonunchilikda nazarda tutilgan o‘lchamlar va tartibda amalga oshiriladi.
(14-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 55-moddasiga, O‘zbekiston Respublikasining “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunining 8 va 9-moddalariga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarining (shirkat xo‘jaliklarining) yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi ular uyushmalar, jamiyatlar, agrofirmalar va boshqa birlashmalar tarkibiga kirganida ham saqlanib qoladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) yerdan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) berilgan yer uchastkalarini olib qo‘yish belgilangan kafolatlarga rioya etilgan holda qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston respublikasi Yer kodeksining 41-moddasiga qarang.
(14-moddaning yettinchi va sakkizinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Yer uchastkalarini oila (jamoa) pudrati shartnomasi shartlari asosida berish
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) umumiy majlisning qaroriga asosan yer uchastkalari, qoida tariqasida, oilalarga (jamoalarga) qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish uchun oila (jamoa) pudrati shartnomasi shartlari asosida vaqtincha foydalanishga kamida besh yil muddatga beriladi. Yer uchastkasidan foydalanish muddati tugaganidan keyin oilalar (jamoalar) oila (jamoa) pudrati shartnomasini yangi muddatga uzaytirish huquqiga egadir.
(15-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Oila (jamoa) pudrati shartlari asosida beriladigan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalaniladi, bunda haydaladigan yerlar maydoni o‘lchamlarining kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yer uchastkasining o‘lchamlari va uning chegaralari taraflarning kelishuviga binoan o‘zgartirilishi mumkin.
Pudrat shartnomasi shartlari asosida olingan yer uchastkasini ijaraga yoki yordamchi pudratga berish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pudratchidan oila (jamoa) pudrati shartlari asosida berilgan yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq undirilmaydi.
(15-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan taqdirda pudratchi zarar (shu jumladan boy berilgan foyda) va boshqa xarajatlar qonunchilikka muvofiq qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
(15-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi O‘RQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-bobi.
16-modda. Suv iste’moli
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) uchun suv obyektlaridan suv olish limitlari vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) yetkazib berilayotgan suv sarfini hisobga olish tartibi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq miqdori va uni to‘lash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risida”gi nizomga qarang.
5-BOB. QISHLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVINING (SHIRKAT XO‘JALIGINING) MOL-MULKI
17-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) mulki
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) mustaqil balansida aks ettiriladigan asosiy jamg‘armalar, aylanma mablag‘lar hamda boshqa boyliklar shu kooperativning (shirkatning) mulkidir.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) mol-mulki asosiy jamg‘armalar qiymati, yetishtirgan mahsuloti, uni sotishdan tushgan daromadlar (foyda), a’zolarning pul va moddiy badallari, bank kreditlari, qimmatli qog‘ozlar hisobidan hamda kooperativning (shirkatning) ustavida nazarda tutilgan boshqa faoliyat natijasida va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan hosil bo‘ladi. Kooperativ (shirkat) mol-mulkini shakllantirishda yuridik va jismoniy shaxslar shartnoma asosida pul va moddiy badallar kiritish yo‘li bilan ishtirok etishlari mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) tomonidan tashkil etiladigan korxonalar va tashkilotlarning mol-mulki, shuningdek xo‘jaliklararo korxonalar va tashkilotlarning mol-mulki ularning ulushli ishtirokiga muvofiq shu kooperativning (shirkatning) mulkidir.
Tarkibiga qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari), mulkchilikning turli shaklidagi boshqa korxonalar va tashkilotlar kirgan uyushmalarning mol-mulki ularning umumiy (ulushli) mulki hisoblanadi. Tarkibiga faqat kooperativlar (shirkatlar) kirgan uyushmalarning mol-mulki, agar uyushmalarning ta’sis hujjatlarida yoki qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shu kooperativlarga (shirkatlarga) umumiy (ulushli) mulk huquqi asosida qarashli bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) yuridik va jismoniy shaxslardan mol-mulkni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda olish, ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga olish huquqiga ega.
(17-moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) pay va bo‘linmas jamg‘armalari
Qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) umumiy majlis qarori bilan quyidagilardan tarkib topadigan ustav jamg‘armasi (kapitali) shakllantiriladi:
pay jamg‘armasi;
tuproq unumdorligini oshirish tadbirlarini o‘tkazish, irrigatsiya inshootlarini saqlash, yangi irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish, texnika olish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, boshqa umumiy ijtimoiy va xo‘jalik vazifalarini hal etish uchun mo‘ljallangan bo‘linmas jamg‘arma.
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) pay jamg‘armasi uning asosiy jamg‘armalari qiymatini hamda majburiyatlaridan holi boshqa aktivlari qiymatini o‘z ichiga oladi, bo‘linmas jamg‘armani shakllantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bundan mustasno.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Pay va bo‘linmas jamg‘armalarning miqdorlari qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) ustavida belgilab qo‘yiladi.
Pay jamg‘armasi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolariga umumiy ulushli mulk asosida, bo‘linmas jamg‘arma esa — umumiy birgalikdagi mulk asosida qarashli bo‘ladi.
19-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) mulkiy paylar
Pay jamg‘armasi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolari o‘rtasida mulkiy paylarga taqsimlanishi lozim.
Mulkiy pay qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) har bir a’zosining kooperativ (shirkat) pay jamg‘armasi qiymatidagi ulushini belgilaydi va kooperativ (shirkat) a’zosiga kooperativning (shirkatning) yakuniy daromadidan (foydasidan) dividendlar tariqasida tegishli ulushni olish huquqini beradi.
Mulkiy pay miqdorini aniqlash, paylar bo‘yicha dividendlar to‘lash tartibi, shartlari qonunchilik bilan belgilanadi. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) har bir a’zosi mulkiy payining aniq miqdori kooperativning (shirkatning) a’zosiga mol-mulkning muayyan ulushiga hamda xo‘jalik oladigan umumiy daromadning (foydaning) tegishli qismiga bo‘lgan uning huquqini mustahkamlab qo‘yuvchi, nomi yozilgan guvohnoma berilgan holda kooperativning (shirkatning) yuqori boshqaruv organi qarori bilan belgilanadi.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-iyulda 299-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi)da mulkiy paylarni shakllantirish, ularni taqsimlash va ular bo‘yicha dividendlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomga va mulkiy pay to‘g‘risidagi namunaviy guvohnomaga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) daromadining (foydasining) paylar bo‘yicha dividendlar to‘lash uchun mo‘ljallangan qismi yil yakunlariga ko‘ra taqsimlanadi va mulkiy payning miqdoriga mutanosib ravishda to‘lanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zoligidan chiqish fermer xo‘jaligi yoki yangi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan hollarda mulkiy paylar qonunchilikka muvofiq ajratib beriladi.
(19-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zosining mulkiy payini meros qilib olish qonunchilikda belgilangan tartibda faqat uning qiymatidagi ifodasida amalga oshiriladi.
(19-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V-bo‘limiga (“Vorislik huquqi”) qarang.
6-BOB. QISHLOQ XO‘JALIGI KOOPERATIVI (SHIRKAT XO‘JALIGI) FAOLIYATINING ASOSLARI
20-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) ishlab chiqarish faoliyati
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) o‘z faoliyati yo‘nalishlarini, ishlab chiqarishning tuzilishi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) o‘zi yetishtirayotgan mahsulot sifatiga oid amaldagi normativlar va standartlarga, ekologiyaga, sanitariyaga oid hamda qonunchilikda belgilab qo‘yilgan boshqa talablar va qoidalarga rioya etishi shart.
Davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) xo‘jalik faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(20-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasiga qarang.
Oila (jamoa) pudrati qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) ichki xo‘jalik ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etishning ustun shaklidir.
21-modda. Oila (jamoa) pudrati shartnomasi
Oldingi tahrirga qarang.
Oila (jamoa) pudrati shartnomasi har yili qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) raisi orqali mazkur kooperativ (shirkat) va oila boshlig‘i (jamoaning vakolat berilgan vakili) o‘rtasida tuziladi.
(21-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Oila (jamoa) pudrati shartnomasi bo‘yicha oila (xodimlar guruhi) pudratchi sifatida muayyan qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish va uni buyurtmachiga — qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) kelishilgan muddatlarda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa, mazkur mahsulotni qabul qilish va uning uchun haq to‘lash majburiyatini oladi.
Oila (jamoa) pudrati shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
yer uchastkasining o‘lchami, joylashgan manzili va holati;
yer uchastkasidan foydalanish shartlari, taraflarning almashlab ekish sxemasiga muvofiq qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini va yer sifatini oshirish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish bo‘yicha majburiyatlari;
yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotining miqdori va turlari, uning sifati;
yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotining bahosi, unga haq to‘lash va uni realizatsiya qilish shartlari;
sug‘orish uchun suv va moddiy-texnika resurslari bilan pudratchini ta’minlash;
taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi va ularning xohishiga ko‘ra boshqa shartlar.
Pudratchi, agar oila (jamoa) pudrati shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishlarni bajarish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi, ularni o‘z kuchi va vositalari bilan amalga oshiradi. Buyurtmachi pudratchiga oila (jamoa) pudrati shartnomasida nazarda tutilgan hajmda va tartibda ishlarni bajarishda ko‘maklashishi shart. Ko‘rsatilgan ishlarning bajarilishini moddiy-texnikaviy ta’minlash, agar oila (jamoa) pudrati shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi. Ishlar tugaganidan keyin pudratchi buyurtmachi tomonidan berilgan moddiy-texnika resurslaridan foydalanilganlik to‘g‘risida buyurtmachiga hisobot taqdim etishi, shuningdek ularning qoldig‘ini buyurtmachiga qaytarishi yoxud pudratchidagi foydalanilmay qolgan moddiy-texnika resurslari qiymatini hisobga olgan holda haq to‘lanishi lozim bo‘lgan ishlar qiymatini buyurtmachining roziligi bilan kamaytirishi shart.
Oila (jamoa) pudratida mehnatga haq to‘lash yakuniy natijalarga ko‘ra — yetishtirilgan mahsulotning shartnomada nazarda tutilgan miqdori, sifati va bahosiga qarab amalga oshiriladi. Shu bilan birga oila a’zolari (pudratchilar) — pay egalari xo‘jalikning yil davomidagi faoliyati yakuniy natijalariga ko‘ra aniqlanadigan dividendlar oladilar.
22-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) mehnat
Qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) mehnat munosabatlari ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari, kooperativning (shirkatning) ustavi va ichki ish tartibi bilan tartibga solinadi.
(22-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun kooperativ (shirkat) a’zosi bo‘lmagan shaxslarni mehnat shartnomasi bo‘yicha ishga jalb etishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) kooperativ (shirkat) a’zolari va yollangan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash shakllari, tizimi va shartlarini qonunchilikka hamda oila (jamoa) pudratiga muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.
(22-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolariga mulkiy paylar bo‘yicha to‘langan dividendlar mehnat haqi tarkibiga kiritilmaydi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi bo‘yicha belgilangan normalar va qoidalarga, ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya etilishini ta’minlaydi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolarini va unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarni ijtimoiy ta’minlash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(22-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XVI-bobiga (“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi”), O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga qarang.
23-modda. Mahsulotni qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) tomonidan realizatsiya qilish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) yetishtirilayotgan mahsulotni realizatsiya qilish uchun, shu jumladan davlat ehtiyojlarini ko‘zlab realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan ixtiyoriylik asosida xo‘jalik shartnomalari tuzish huquqiga ega.
(23-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda, taraflar qonunda yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 24-bobiga (“Majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik”), O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunining V-bo‘limiga (“Shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik”) qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) yetishtirilayotgan mahsulotni eksportga chiqarish, shuningdek chet ellik sheriklar bilan hisob-kitob qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(23-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
24-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativiga (shirkat xo‘jaligiga) soliq solish
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) qonunchilikka muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘laydi.
(24-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qarang.
25-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) moddiy-texnikaviy ta’minlash, unga agrotexnik va boshqa xil xizmat ko‘rsatish
Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) moddiy-texnikaviy ta’minlash, unga agrotexnik va boshqa xil xizmat ko‘rsatish raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning talablarini hisobga olgan holda shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(25-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) o‘ziga zarur bo‘lgan mol-mulk va ishlab chiqarish vositalarini birjalarda, yarmarkalarda, bozorlarda yuridik va jismoniy shaxslardan, aholidan olishga haqli.
26-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) kreditlash va sug‘urtalash
Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) tashkil etilgan paytda unga qarzlar va kreditlar berishda to‘lovga qobiliyatli yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek kooperativlarning (shirkatlarning) o‘zlari o‘z mol-mulkini garovga qo‘yib kafil bo‘lishlari mumkin.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) o‘ziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xo‘jalik ekinzorlarining (ko‘chatzorlarining), ko‘p yillik dov-daraxtlarning, yetishtirilgan yoki qayta ishlangan mahsulotning, xom ashyoning, materiallarning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun o‘zining javobgarlik xavfini sug‘urta qildiradi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda sug‘urta tovoni oladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) uni iqtisodiy nochorlikka olib boradigan darajada zarar ko‘rgan va to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lgan hollarda qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) sanatsiya qilish o‘tkazilishi yoki uning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi masala qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.
(26-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi O‘RQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
27-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) qishloq aholi punktlari ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi faoliyati
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) qishloq aholi punktlari ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, kooperativ (shirkat) a’zolari va unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning, shuningdek ular oilalarining madaniy-maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning salomatligini mustahkamlash, boshqa ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi. Bu maqsadlarda qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi):
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini quradi va jihozlaydi;
qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) hududidagi aholi punktlarini obodonlashtirish, elektrlashtirish, gazlashtirish va ichimlik suv bilan ta’minlashni amalga oshiradi, kooperativ (shirkat) a’zolari va xodimlariga xizmat ko‘rsatuvchi kichik korxonalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
o‘z a’zolarining dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga ularga urug‘lik, ko‘chat, yosh qoramollar va parrandalar realizatsiya qilish, agrotexnika va veterinariya xizmati ko‘rsatish, yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotini realizatsiya qilishda ko‘maklashish yo‘li bilan yordam beradi;
atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash tadbirlarini amalga oshiradi;
kooperativda (shirkatda) davolash va profilaktika tadbirlarini o‘tkazishda sog‘liqni saqlash organlariga yordam beradi;
ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha kooperativ (shirkat) ustavida nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshiradi.
28-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativlarining (shirkat xo‘jaliklarining) birlashmalari
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) ixtiyoriylik asosida, shu jumladan ulush (pay) asosida mahsulotni yetishtirish, xarid qilish, qayta ishlash va uni sotish, moddiy-texnika ta’minoti, qurilish, xizmat ko‘rsatishning texnikaviy, suv xo‘jaligiga, veterinariya, agrokimyo, maslahat berishga oid va boshqa turlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda birlashish, uyushmalar, jamiyatlar, agrofirmalar va boshqa birlashmalarga birlashish, kirish huquqiga ega.
(28-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasiga qarang.
29-modda. Hisobga olish va hisobot
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) qonunchilikda belgilangan tartibda hisob-kitob ishlarini yuritadi hamda mahalliy statistika va soliq organlariga hisobot taqdim etadi.
(29-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktorining 2023-yil 9-oktabrdagi 39-mb-son “Statistika hisoboti shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i.
7-BOB. YAKUNIY QOIDALAR
30-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) qayta tashkil etish hamda tugatish
Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) qayta tashkil etish qonunchilikda va kooperativ (shirkat) ustavida belgilangan tartibda qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida amalga oshiriladi.
(30-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49—52-moddalariga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi):
umumiy majlis qaroriga binoan;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga binoan tugatiladi.
(30-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(30-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53—56-moddalariga qarang.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) kreditorlar da’volari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulki qiymati uning a’zolari o‘rtasida taqsimlanadi.
31-modda. Nizolarni hal etish
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarini (shirkat xo‘jaliklarini) tashkil etish, ularning faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog‘liq nizolar qonunchilikka muvofiq hal etiladi.
(31-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
32-modda. Majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) kooperativ (shirkat) a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) a’zolari qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulklari bilan javob bermaydilar.
Davlat qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) majburiyatlari bo‘yicha, qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) esa davlatning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
33-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) kooperativ (shirkat) a’zolarining va unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning hayoti va sog‘ligiga ular mehnat majburiyatlarini bajarish chog‘ida yetkazilgan zarar uchun qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lgan qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) mablag‘ bo‘lmagan yoxud yetarli bo‘lmagan taqdirda, undirilishi lozim bo‘lgan summalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan to‘lanadi. Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) fermer xo‘jaliklari etib qayta tashkil etilgan hollarda, mazkur summalar qayta tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi kooperativida (shirkat xo‘jaligida) mablag‘ bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga muvofiq to‘lanadi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) va uning a’zolarining, shuningdek unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning yerdan belgilangan maqsadda va samarali foydalanmaganlik uchun javobgarligi qonunchilik bilan belgilanadi.
(33-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60, 65, 67—69-moddalariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-moddasiga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 30-aprel,
600-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 84-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 52-son, 513-modda; 2009-y., 52-son, 555-modda; 2013-y., 1-son, 1-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son; 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)