Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
QIShLOQ XOʻJALIGI KORXONALARINI SANATSIYA QILISh TOʻGʻRISIDA
1-modda. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilishning maqsadi va asosiy vazifalari
Oldingi tahrirga qarang.
Sudgacha sanatsiya qilish (bundan buyon sanatsiya deb yuritiladi) qishloq xoʻjaligi korxonalarining toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishga qadar amalga oshiriladi va qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlov qobiliyatini, iqtisodiy quvvatini tiklash va kelgusida uning faoliyati samarali boʻlishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
(1-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xoʻjaligi korxonasining faoliyatini tashkil etish va uni boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan zarur oʻzgartishlarni amalga oshirish;
raqobatbardosh mahsulot yetishtirish va uni realizatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
korxonaning moliyaviy barqarorligini taʼminlash.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish jarayonida vujudga keladigan munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Sanatsiya obyektlari va subyektlari
Zarar koʻrib ishlovchi, toʻlovga qobiliyatsiz va iqtisodiy jihatdan nochor ahvoldagi qishloq xoʻjaligi korxonalari sanatsiya obyektlari boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi korxonalari mol-mulkining mulkdorlari, kreditorlar yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sanatsiya subyektlari boʻlishi mumkin.
4-modda. Sanatsiya shakllari va asosiy turlari
Sanatsiya davlat mablagʻlarini jalb etgan yoki jalb etmagan holda oʻtkazilishi mumkin. Sanatsiya qilish jarayonida davlat mablagʻlari qaytarib berish asosidagina jalb etiladi.
Sanatsiyaning asosiy turlari quyidagilardan iborat:
oʻzaro qarz surishishni tashkil etish;
toʻlash muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni toʻliq yoki qisman sotib olish;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash hamda davlat kreditlarini qaytarish muddatlarini sanatsiya muddatiga uzaytirish;
(4-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
korxonani raqobatbardosh mahsulotlar chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
tashqaridan yuqori malakali mutaxassislar jalb etish;
xodimlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash;
qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlov qobiliyatini tiklash va uning oʻz faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatilishi;
korxona oʻz faoliyatini davom ettirishi uchun kreditorlarga tegishli qarzlarni toʻlash muddatini uzaytirish va (yoki) ularni boʻlib-boʻlib toʻlash yoki qarzlarning muayyan qismidan kechish toʻgʻrisida korxona va kreditor (kreditorlar) oʻrtasida bitim tuzish;
tashqaridan boshqarishni joriy etish;
korxonani qayta tashkil etish.
5-modda. Sanatsiya qilish vaqtida davlat yordami
Sanatsiya qilish vaqtida qishloq xoʻjaligi korxonalariga davlat yordami iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning eng muhim yoʻnalishlariga qarab, tarmoqni rivojlantirish, shuningdek, mehnat bozori va ish oʻrinlarini vujudga keltirish uchun korxonaning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda beriladi.
6-modda. Sanatsiya ishlari boʻyicha vakolatli organ
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish boʻyicha davlat siyosatini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakolat berilgan sanatsiya ishlari boʻyicha organ (quyida vakolatli organ deb yuritiladi) amalga oshiradi.
7-modda. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish vaqtida eʼtiborga olinadigan xususiyatlar
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish vaqtida quyidagi xususiyatlar eʼtiborga olinadi:
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining oziq-ovqatlar yetishtirishga qaratilgan va strategik yoʻnalishlari;
qishloq xoʻjaligi sohasida ishlab chiqarishning asosiy vositasi boʻlgan yerdan oqilona va aniq maqsadni koʻzlab foydalanilishini taʼminlash zarurligi;
qishloq xoʻjaligi korxonasi foydalanayotgan yerlarning holati;
ishlab chiqarish jarayonining mavsumiyligi va davom etish muddati;
ishlab chiqarish natijalarining tabiiy-iqlim sharoitlariga bogʻliq ekanligi;
daromadlar yuzaga kelishi va ulardan foydalanishning shart-sharoitlari.
8-modda. Sanatsiya oʻtkazilishi ustidan nazorat
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish ustidan nazoratni vakolatli organ qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
(8-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi.
9-modda. Sanatsiya oʻtkazish uchun sarflanadigan mablagʻ manbalari
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish uchun sarflanadigan mablagʻ manbalari quyidagilardan iborat:
korxona mol-mulki mulkdorlari, kreditorlar, korxonalar birlashmalari (xoʻjalik uyushmalari), boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan koʻrsatiladigan moliyaviy yordam;
davlat mablagʻlari;
qishloq xoʻjaligi korxonasining oʻz mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻ manbalari.
(9-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi korxonasining kreditorlari talablarini qondirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(10-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236 — 258 va 784-moddalari.
11-modda. Sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish asosi
Vakolatli organning qishloq xoʻjalik yili yakunlari boʻyicha moliyaviy va xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish natijasida qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlov qobiliyatini va iqtisodiy quvvatini tiklash uchun real imkoniyatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi xulosasi qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish haqida qaror chiqarish uchun asos boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi korxonasining moliyaviy ahvoli qay darajadaligiga qarab, sanatsiyaning har xil shakllari va turlari qoʻllaniladi.
12-modda. Sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma
Qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, korxona mol-mulki mulkdorining roziligi bilan kreditor (kreditorlar) vakolatli organga sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma topshirishi mumkin. Vakolatli organ korxona mol-mulki mulkdorining roziligi bilan qishloq xoʻjaligi korxonasida sanatsiya oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
13-modda. Sanatsiya oʻtkazish muddati
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish yigirma toʻrt oy muddatgacha joriy etiladi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ushbu muddatning oʻn ikki oyga uzaytirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
(13-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror
Vakolatli organ qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish toʻgʻrisida iqtisodiy sud tomonidan ham qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qaror qabul qilinishi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
15-modda. Sanatsiya oʻtkazish uchun tanlov eʼlon qilish
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda vakolatli organ korxona mol-mulkining mulkdori va kreditorlarning roziligi bilan matbuotda sanatsiya oʻtkazish uchun tanlov eʼlon qiladi.
Har qanday yuridik va jismoniy shaxslarning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi. Tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisidagi ariza tanlov oʻtkazish haqida eʼlon chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida vakolatli organga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Basharti, tanlovda ishtirok etish uchun ariza berish muddati tamom boʻlguniga qadar hech kim sanatsiya qilishda ishtirok etish istagini bildirmasa, vakolatli organ sanatsiya qilish uchun davlat mablagʻlarini jalb etish yoki materiallarni qonunga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish uchun iqtisodiy sudga yuborish mumkinligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
16-modda. Kreditorlar talablarini qondirishga moratoriy joriy qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda vakolatli organ korxonaning ijro muddati sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar boshlangan pul majburiyatlari, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlariga moratoriy joriy qiladi. Moratoriyning amal qilish muddati davomida moliyaviy (iqtisodiy) jazolar qoʻllanilmaydi.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasining toʻqqizinchi xatboshisi.
Oldingi tahrirga qarang.
Moratoriy fuqarolarning mehnatga doir huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlar undirish va mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlash yuzasidan qoʻyadigan talablariga, shuningdek, fuqarolarning oʻz hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasiga nisbatan qoʻyadigan talablariga daxl qilmaydi.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 137-moddasi, Fuqarolik kodeksining 1005-moddasi, 1062-moddasining uchinchi qismi, 1092-moddasi.
17-modda. Sanatsiya oʻtkazish rejasi
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilgan shaxslar bir oylik muddat ichida sanatsiya oʻtkazish rejasini ishlab chiqishlari shart.
Sanatsiya oʻtkazish rejasida quyidagilar, chunonchi:
toʻlov qobiliyatini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
barcha kreditorlarning talablari ular bilan kelishilgan muddatlarda qondirilishini taʼminlash majburiyati;
sanatsiyaning qancha muddat davom etishi;
mablagʻlarni qaytarish shartlari va muddatlari;
sanatsiya oʻtkazish rejasida boshqa qoidalar ham nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
Sanatsiya oʻtkazish rejasida qishloq xoʻjaligi korxonasining asosiy vositalarni sanatsiya ishtirokchilariga topshirishi nazarda tutilishi mumkin emas.
Sanatsiya ishtirokchilari zimmasiga kreditorlar oldida olgan majburiyatlarini toʻliq hajmda bajarishlari shart va bu majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgar boʻladilar.
Sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida ishlab chiqilgan reja qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori va kreditor (kreditorlar) bilan muvofiqlashtiriladi.
18-modda. Sanatsiya oʻtkazish rejasining ekspertizasi va uni tasdiqlash
Ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish rejasi vakolatli organga ekspertiza uchun taqdim etiladi.
Ekspertiza natijalari qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlov qobiliyatini va iqtisodiy quvvatini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarni real amalga oshirish mumkinligini aniqlab berishi lozim.
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish rejasini vakolatli organ tasdiqlaydi.
19-modda. Tashqaridan boshqarish
Tashqaridan boshqarish sanatsiya qilinishi lozim boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasining faoliyatini boshqarishni tashkil etish uslubi boʻlib, bunda korxonani boshqarish va uning mol-mulkini tasarruf etish boʻyicha huquq hamda majburiyatlar tashqaridan tayinlangan boshqaruvchiga oʻtadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni X bobi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi korxonasini tashqaridan boshqarishni vakolatli organ uni sanatsiya qilish muddatiga joriy etadi.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-311-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 51-son, 542-modda)
Tashqaridan boshqarish joriy etilgan paytdan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi korxonasi rahbari va boshqaruv organlarining vakolatlari toʻxtaydi va tashqaridan tayinlangan boshqaruvchiga oʻtadi. Korxonaning boshqaruv organlari tashqaridan boshqaruvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran yetti kun ichida korxonaning buxgalteriya va boshqa hujjatlari, muhrlari va shtamplari (muhrlar va shtamplar mavjud boʻlgan taqdirda), moddiy va boshqa boyliklari tashqaridan tayinlangan boshqaruvchiga topshirilishini taʼminlashlari shart;
(19-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi korxonasining pul majburiyatlari, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlari boʻyicha kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga moratoriy joriy etiladi.
(19-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
20-modda. Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi
Tashqaridan boshqaruvchi tuman hokimi tomonidan vakolatli organ, qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditor (kreditorlar) bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi:
qishloq xoʻjaligi korxonasi rahbari va boshqaruv organlarining vakolatlarini amalga oshiradi;
sanatsiya oʻtkazish rejasini ishlab chiqadi va uni vakolatli organga taqdim etadi;
hududiy boshqaruv organi bilan kelishgan holda qishloq xoʻjaligi korxonasining shtatlar jadvalini tasdiqlaydi va xoʻjalikning bosh mutaxassislarini tayinlaydi;
kreditorlar bilan qarzlarni toʻlash muddatini uzaytirish va (yoki) ularni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida korxona nomidan bitim tuzadi;
korxona mol-mulkini roʻyxatdan oʻtkazadi;
tashqaridan boshqaruvni amalga oshirish va kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun maxsus hisobvaraq ochadi;
buxgalteriya, moliya statistika hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;
korxonaga nisbatan qoʻyilgan talablarga belgilangan tartibda eʼtiroz bildiradi;
korxonaga toʻlanishi lozim boʻlgan qarzlarni undirish choralarini koʻradi;
kreditorlarning talablarini koʻrib chiqadi;
vakolatli organga sanatsiya oʻtkazish rejasi qanday roʻyobga chiqarilayotganligi toʻgʻrisida yilning har choragida hisobot taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(20-modda ikkinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Basharti, sanatsiya oʻtkazish rejasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi yirik bitimlarni qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditorlar va vakolatli organ bilan kelishilgan holdagina tuzadi.
Yirik bitimlar jumlasiga bitim tuzish paytida qishloq xoʻjaligi korxonasi aktivlari balans qiymatining oʻn foizidan ortiq miqdorda balans qiymatiga ega boʻlgan koʻchmas mulk yoki boshqa mol-mulkni tasarruf etishga olib keladigan bitimlar kiradi.
Basharti, tashqaridan boshqarish joriy etilganidan keyin paydo boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasining pul majburiyatlari miqdori kreditorlar talablari reyestriga muvofiq talablar summasining yigirma foizidan ortiq boʻlsa, tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi qishloq xoʻjaligi korxonasining yangi pul majburiyatlariga sabab boʻluvchi bitimlarni faqat qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditorlar va vakolatli organning roziligi bilangina tuzishi mumkin, sanatsiya oʻtkazish rejasida nazarda tutilgan bitimlar bundan mustasno.
21-modda. Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi vakolatlarining toʻxtatilishi
Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchining vakolatlari:
uning arizasiga muvofiq;
u oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgan yoki lozim darajada bajarmayotgan boʻlsa, qishloq xoʻjaligi korxonasi kreditorlari yoki uning mol-mulki mulkdorining iltimosnomasiga binoan;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatilishi mumkin.
(21-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchining vakolatlarini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror tuman hokimi tomonidan vakolatli organ, qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditor (kreditorlar) bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
22-modda. Sanatsiya qilishning toʻxtatilishi
Sanatsiya qilish:
uni oʻtkazish uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin;
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablari bajarilmayotganligi sababli;
(22-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
sanatsiya qilishning samarasiz ekanligi aniqlanganligi munosabati bilan toʻxtatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Sanatsiya qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga muvofiq ham toʻxtatilishi mumkin.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Sanatsiya qilishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorni vakolatli organ chiqaradi.
Sanatsiya oʻtkazish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
maqsadga erishilganligi munosabati bilan sanatsiya qilishni tamomlash toʻgʻrisida;
sanatsiya oʻtkazishni ushbu Qonunda belgilangan muddat doirasida davom ettirish toʻgʻrisida;
maqsadga erishilmaganligi munosabati bilan sanatsiya qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 25-dekabr,
535-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 1-son, 4-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda; 2011-y., 51-son, 542-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)