O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
JINOYAT ISHINI YURITISH CHOG‘IDA QAMOQDA SAQLASH TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 27-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda ma’qullangan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning vazifalari
Ushbu Qonunning vazifalari jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni va o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarni qamoqda saqlash tartibi hamda shart-sharoitlarini, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini belgilashdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik
Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ushlab turilgan — jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ushlab turilgan shaxs;
qamoqqa olingan — O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining normalariga muvofiq o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi;
qamoqda saqlash — jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni yoxud o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarni qamoqda saqlash.
4-modda. Qamoqda saqlashning asosiy prinsiplari
Qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini muhofaza qilish, aybsizlik prezumpsiyasi qamoqda saqlashning asosiy prinsiplaridir.
5-modda. Qamoqda saqlash asoslari
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 225-moddasida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan ushlab turish bayonnomasi ushlab turilganlarni qamoqda saqlashga asos bo‘ladi.
Sudning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda chiqargan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlashga asos bo‘ladi.
6-modda. Qamoqda saqlash muddatlari
Qamoqda saqlash muddatlari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 226, 242-moddalari.
7-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning huquqiy holati
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ularning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qonunda nazarda tutilgan cheklashlar inobatga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan huquqlarga, erkinliklarga ega bo‘ladi va majburiyatlarni bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ushlab turilgan va qamoqqa olingan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda huquqlardan, erkinliklardan foydalanadi hamda majburiyatlarni bajaradi, O‘zbekiston Respublikasining qonuni va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyiga ko‘ra kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(7-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-963-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqlar hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2-bob. Qamoqda saqlash joylari
8-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalarida (bundan buyon matnda vaqtincha saqlash hibsxonalari deb yuritiladi) va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov hibsxonalarida, ushlab turilgan harbiy xizmatchilar esa O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining garnizon hamda qo‘shin gauptvaxtalarida (bundan buyon matnda gauptvaxtalar deb yuritiladi) saqlanadi.
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Ushlab turilganlarni ayrim joylarda istisno tarzida ushbu maqsadlar uchun maxsus moslashtirilgan binolarda, dengiz va daryo kemalarida esa maxsus ajratilgan kayutalarda saqlashga yo‘l qo‘yiladi.
Ushlab turilganlar qonunda belgilangan hollarda va tartibda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqqa olinganlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov hibsxonalarida (bundan buyon matnda tergov hibsxonalari deb yuritiladi) saqlanadi.
(8-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Qamoqqa olinganlar qonunda belgilangan hollarda va tartibda vaqtincha saqlash hibsxonalarida hamda jazoni ijro etish muassasalarida, qamoqqa olingan harbiy xizmatchilar esa gauptvaxtalarda saqlanishi mumkin.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qonunda belgilangan hollarda va tartibda davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalarida vaqtincha saqlanishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 228, 244-moddalari.
9-modda. Vaqtincha saqlash hibsxonalari
Vaqtincha saqlash hibsxonalari ushlab turilganlarni qamoqda saqlash uchun mo‘ljallangandir.
Qamoqqa olinganlar vaqtincha saqlash hibsxonalarida o‘n sutkagacha saqlanishi mumkin. Qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonasiga olisligi yoki lozim darajadagi qatnov yo‘llari mavjud emasligi tufayli olib borishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda, bunday shaxslar vaqtincha saqlash hibsxonalarida tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga ko‘ra o‘ttiz sutkagacha saqlanishi mumkin.
Vaqtincha saqlash hibsxonalari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
10-modda. Tergov hibsxonalari
Tergov hibsxonalari qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash uchun mo‘ljallangandir.
Qonunda belgilangan hollarda hamda tartibda tergov hibsxonalarida ushlab turilganlar va mahkumlar ham saqlanishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 175-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalari (ro‘yxat raqami 2456, 13.05.2013-y.).
Tergov hibsxonalari yuridik shaxslardir.
Tergov hibsxonalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 175-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalari (ro‘yxat raqami 2456, 13.05.2013-y.).
11-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni saqlash uchun gauptvaxtalardan foydalanish
Ushlab turilgan va qamoqqa olingan harbiy xizmatchilar gauptvaxtalarda qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida garnizon va qorovullik xizmatini tashkil etish hamda o‘tash tartibini belgilovchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartib va shart-sharoitlarda saqlanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 228, 244-moddalari.
Qamoqqa olingan harbiy xizmatchilar gauptvaxtalarda ko‘pi bilan yigirma sutka, olis joylarda esa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining butun amal qilish muddati mobaynida saqlanishi mumkin. Harbiy xizmatchining gauptvaxtada saqlash muddati harbiy sudlar tomonidan ishning sudda ko‘rib chiqilishi vaqtiga, lekin ko‘pi bilan o‘n besh sutkaga uzaytirilishi mumkin. Intizomiy qismga yuborishga hukm qilingan harbiy xizmatchilar sudning hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar gauptvaxtalarda saqlanishi mumkin.
12-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni saqlash uchun tibbiy muassasalardan foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yoki psixiatriya yordami ko‘rsatilgan taqdirda, shuningdek qamoqqa olinganlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha statsionar sud-tibbiy yoki sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan taqdirda, ular qonunchilikka muvofiq davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga joylashtiriladi.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 31-bobi.
13-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni saqlash uchun jazoni ijro etish muassasalaridan foydalanish
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan, boshqa jinoyatni sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan mahkumlar shu muassasalarda, lekin jazoni o‘tayotgan mahkumlardan ajratilgan holda vaqtincha saqlanishi mumkin. Ushbu maqsadda jazoni ijro etish muassasalarida ushlab turilganlar uchun maxsus kameralar jihozlanadi. Ushlab turilganlarni jazoni ijro etish muassasalarining karserlari va intizomiy hibsxonalarida saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan, boshqa jinoyat ishi yuritilishi munosabati bilan o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan mahkumlar jazoni ijro etish muassasalaridagi ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan, tergov hibsxonalari rejimida ishlaydigan xonalarda saqlanishi mumkin. Qamoqqa olinganlarni jazoni ijro etish muassasalarida saqlash shart-sharoitlari qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonalarida saqlash shart-sharoitlaridan farq qilmasligi kerak.
14-modda. Tergov hibsxonalaridan vaqtincha saqlash hibsxonalariga, jazoni ijro etish muassasalaridan tergov hibsxonalariga o‘tkazish
Tergov harakatlarini bajarish yoki jinoyat ishlarini tergov hibsxonalari joylashgan aholi punktlari hududidan tashqarida sudda ko‘rib chiqish zarur bo‘lgan hollarda, qamoqqa olinganlarni mazkur harakatlarni amalga oshirish va sud majlislarini o‘tkazish uchun har kuni olib borish imkoniyati bo‘lmaganda ular tergov hibsxonalaridan vaqtincha saqlash hibsxonalariga o‘tkazilishi, lekin bir oy mobaynida ko‘pi bilan o‘n sutkaga o‘tkazilishi mumkin. Bunday o‘tkazish uchun qamoqqa olinganni boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asos bo‘ladi.
Basharti mahkum boshqa jinoyat ishi bo‘yicha guvoh yoki jabrlanuvchi bo‘lsa, u sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin jazoni ijro etish muassasasidan tergov hibsxonasiga o‘tkazilishi yoki tergov hibsxonasida qoldirilishi mumkin. Bu holda mahkum: Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining, shuningdek ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan uch oygacha muddatga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari roziligi bilan olti oygacha muddatga, sudning ajrimiga ko‘ra esa ish sudda ko‘rib chiqilishi vaqtiga tergov hibsxonasida saqlanishi mumkin.
Boshqa tumanda (shaharda) turgan mahkum boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga muvofiq boshqa yerga o‘tkaziladi. Mahkumni boshqa yerga ko‘chirishni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmalari zimmasiga yuklanadi.
15-modda. Qamoqda saqlash joylarida rejimni ta’minlash
Qamoqda saqlash joylarida ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishini, o‘z majburiyatlarini bajarishini, ularning ajratib qo‘yilishini, alohida-alohida joylashtirilishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan boshqa vazifalar bajarilishini ta’minlaydigan rejim o‘rnatiladi.
Qamoqda saqlash joylarida rejimni ta’minlash qamoqda saqlash joylarining ma’muriyati, shuningdek xodimlari zimmasiga yuklatiladi, ular o‘z xizmat vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
16-modda. Qamoqda saqlash joylaridagi ichki tartib
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarida rejimni ta’minlash maqsadida tegishincha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi yoki O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan qamoqda saqlash joylaridagi ichki tartib qoidalari (bundan buyon matnda ichki tartib qoidalari deb yuritiladi) tasdiqlanadi.
(16-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 175-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalari (ro‘yxat raqami 2456, 13.05.2013-y.).
Xususan, qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalari (ro‘yxat raqami 2456, 13.05.2013-y.).
Ichki tartib qoidalarida:
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qabul qilish hamda kameralarga joylashtirish;
qamoqda saqlash joylari hududiga kirishda va undan chiqishda shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari va poyabzallarini ko‘zdan kechirishdan o‘tkazish, shuningdek kirayotgan hamda chiqib ketayotgan transport vositalarini ko‘zdan kechirish, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib qo‘yish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, barmoq izlarini olish, fotosuratga olish, shuningdek ularning ashyolarini hamda ular saqlanayotgan xonalarni ko‘zdan kechirish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlardan saqlash, tarqatish, iste’mol qilish hamda foydalanish taqiqlangan pullar, qimmatli qog‘ozlarni hamda boshqa qimmatliklarni, oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib qo‘yish, shuningdek ularni saqlash;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning moddiy-maishiy ta’minoti;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning tibbiy-sanitariya ta’minoti;
qamoqqa olinganlarning oziq-ovqat mahsulotlari, eng zarur narsalar, darsliklar, qog‘oz va kanselyariya ashyolarini sotib olishi;
posilkalar, yo‘qlovlar, banderollarni qabul qilish hamda ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga berish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning xat-xabarlarni olishi va jo‘natishi;
qamoqqa olinganlarning pul jo‘natmalari olishi;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning har kungi sayrlarini o‘tkazish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ushbu Qonunning 22-moddasida sanab o‘tilgan shaxslar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish, shuningdek qamoqqa olinganning telefon orqali limitlangan so‘zlashuv huquqini amalga oshirish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning diniy rasm-rusumlarni ado etishi;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning fuqarolik-huquqiy bitimlarda ishtirok etishi;
qamoqqa olinganlarning oilaviy munosabatlarda ishtirok etishi;
qamoqqa olinganlarni mehnatga jalb etish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborishi;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joyining boshlig‘i va u vakolat bergan shaxslar tomonidan shaxsan qabul qilinishi;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning tergov harakatlari va sud majlislarida ishtirok etishini ta’minlash;
qamoqda saqlash joylarida vafot etgan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning jasadlarini berish;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish tartibi belgilanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan normalardan tashqari, ichki tartib qoidalarida ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joylaridagi xulq-atvor qoidalari, tegishincha ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning yonida bo‘lishi, saqlashi, posilkalar, yo‘qlovlar, banderollarda olishi hamda naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha sotib olishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining, eng zarur narsalarning ro‘yxati va miqdori belgilanadi.
17-modda. Qamoqda saqlash joylarining xodimlari
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarining xodimlari jumlasiga qamoqda saqlash joylarida rejimni ta’minlash majburiyatini bajarayotgan ichki ishlar organlarining oddiy askarlari, serjantlari va ofitserlari tarkibidagi shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari kiradi.
(17-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Qamoqda saqlash joylarida rejimni ta’minlash majburiyatini bajarayotgan davrda dengiz va daryo kemalarining kapitanlari, shuningdek ular vakolat bergan shaxslar qamoqda saqlash joylarining xodimlari uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajaradi hamda huquqlardan foydalanadi.
3-bob. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning huquqlari, shuningdek bu huquqlarni ta’minlash kafolatlari
18-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning huquqlari
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar quyidagi huquqlarga ega:
o‘z huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, qamoqda saqlash joylaridagi rejim, xulq-atvor qoidalari, arizalar, takliflar va shikoyatlarni yuborish tartibi to‘g‘risida axborot olish;
qamoqda saqlash joyining boshlig‘iga yoki u vakolat bergan shaxsga, shuningdek qamoqda saqlash joylarini nazorat qiluvchi yoki tekshiruvchi mansabdor shaxslarga shaxsan qabul qilish to‘g‘risida iltimos bilan murojaat etish;
o‘zlarining saqlab turilishi qonuniyligi va asosliligi hamda o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi masala yuzasidan shaxsan yoki himoyachi yoxud qonuniy vakil orqali arizalar va shikoyatlar bilan murojaat etish;
yozishmalar olib borish, o‘z tasarrufida qog‘oz va kanselyariya ashyolari bo‘lishi;
shaxsiy xavfsizlik;
himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashish;
jinoyat ishiga daxldor yoki o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish masalalariga taalluqli hujjatlarni hamda yozuvlarni o‘zida saqlash, bundan g‘ayrihuquqiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoxud davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar va yozuvlar mustasno;
bepul ovqat, moddiy-maishiy va tibbiy-sanitariya ta’minoti olish, shu jumladan o‘zlarining tergov harakatlari va sud majlislarida ishtirok etishi davrida olish;
belgilangan tartibda dori vositalarini olish va saqlash;
posilkalar, yo‘qlovlar, banderollar olish;
tungi vaqtda sakkiz soat uxlash, bu vaqtda ularni protsessual va boshqa harakatlarda ishtirok etishga jalb etish taqiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
kamida bir soat davom etadigan har kungi sayr etish;
shaxsiy kiyim-boshi, poyabzali va boshqa ashyolaridan, shuningdek ro‘yxati va miqdori ichki tartib qoidalarida belgilanadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan, eng zarur narsalardan foydalanish;
Oldingi tahrirga qarang.
qamoqda saqlash joyi kutubxonasidagi qonunchilik hujjatlari, adabiyotlar va davriy matbuot nashrlaridan foydalanish hamda mustaqil ta’lim olish bilan shug‘ullanish;
(18-modda birinchi qismining o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
agar bu ichki tartib qoidalarini, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasa, qamoqda saqlash joyi xonalarida diniy rasm-rusumlarni ado etish, qamoqda saqlash joyi kutubxonasidagi diniy adabiyotlardan foydalanish, diniy ibodat narsalaridan foydalanish;
qamoqda saqlash joylari xodimlarining xushmuomalada bo‘lishi;
fuqarolik-huquqiy bitimlarda ishtirok etish.
Ushlab turilgan va qamoqqa olingan ayollar ikki yoshga to‘lmagan bolalari o‘z yonida bo‘lishiga haqlidir.
Qamoqqa olinganlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari quyidagi huquqlarga ham ega:
pul jo‘natmalarini olish;
qamoqda saqlash joyi ma’muriyati orqali oziq-ovqat mahsulotlari, eng zarur narsalar, darsliklar, qog‘oz va kanselyariya ashyolarini sotib olish;
qamoqda saqlash joyi kutubxonasidagi stol ustida o‘ynaladigan o‘yinlardan foydalanish;
zarurat bo‘lganda, qamoqda saqlash joyi ma’muriyatidan kiyishga ruxsat etilgan kiyim-bosh va poyabzal olish;
oilaviy munosabatlarda ishtirok etish.
Qamoqqa olinganlarga tegishli sharoitlar bo‘lgan taqdirda, mehnat qilish imkoniyati beriladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ushbu Qonunda belgilangan huquqlardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi uchun nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlar boshqa jinoyat ishi yuritilishi munosabati bilan ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida ular jazoni o‘tayotgan jazoni ijro etish muassasasining rejim turi uchun belgilangan qoidalarga muvofiq posilkalar, yo‘qlovlar, banderollar olishga, oziq-ovqat mahsulotlarini, eng zarur narsalarni sotib olishga haqlidir.
19-modda. Arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborish tartibi
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joyi ma’muriyatiga, davlat organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish hamda murojaat etilgan tilda belgilangan tartibda yozma javoblar olish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qamoqda saqlash joyi ma’muriyati orqali yuboriladi, bundan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni shaxsan qabul qilish vaqtida qamoqda saqlash joylarining faoliyatini nazorat qiluvchi yoki tekshiruvchi mansabdor shaxslar tomonidan olingan murojaatlar mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud, prokuror, himoyachi yoki qamoqda saqlash joylarini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan arizalar, takliflar va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda adresatga yuboriladi yoki topshiriladi. Boshqa davlat organlari va tashkilotlari nomiga yo‘llangan arizalar, takliflar va shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshiriladi, ular tomonidan qarab chiqiladi hamda o‘sha muddatda adresatga yuboriladi. Murojaat adresatga yuborilganligi to‘g‘risidagi ilova xatning ko‘chirma nusxasi ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga e’lon qilish uchun qamoqda saqlash joyiga yuboriladi.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas hamda oluvchiga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning javobi muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arizachiga darhol yetkazib beriladi.
(19-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuniga to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining yoki tergovchining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay qamoqda saqlash joyi ma’muriyati tomonidan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruv organiga, tergov organining boshlig‘iga yoxud prokurorga, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar esa yuqori turuvchi prokurorga yuboriladi yoki topshiriladi.
(19-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi yoxud jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan, maxfiy yozuv, belgilar bilan yozilgan, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan arizalar, takliflar va shikoyatlar adresatga yuborilmaydi hamda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshirilib, bu haqda ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan, shuningdek prokuror yozma ravishda xabardor qilinadi.
Arizalar, takliflar va shikoyatlarga berilgan yozma javoblar, shuningdek ular jo‘natilganligi to‘g‘risidagi ilova xatlarning ko‘chirma nusxalari ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tilxat olib e’lon qilinadi hamda ularning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi haqidagi arizalar va shikoyatlar bilan murojaat etganligi uchun har qanday shaklda ta’qib qilish taqiqlanadi.
20-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan yozishmalari
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan yozishmalar olib borish huquqiga ega. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning xat-xabarlarini jo‘natish ularning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning, qamoqqa olinganning yozishmalari qamoqda saqlash joyining ma’muriyati orqali amalga oshiriladi hamda senzuradan o‘tkaziladi. Senzura qamoqda saqlash joyining ma’muriyati tomonidan, zarur bo‘lgan taqdirda esa jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning, qamoqqa olinganning jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi yoxud jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan, maxfiy yozuv, belgilar bilan yozilgan, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan xat-xabari adresatga jo‘natilmaydi, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga berilmaydi hamda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshiriladi. Bu haqda prokuror yozma ravishda xabardor qilinadi.
Xat-xabarni ushlab turilganlarga yoki qamoqqa olinganlarga topshirish va adresatlarga jo‘natish xat-xabar kelib tushgan yoxud u jo‘natishga topshirilgan kundan e’tiboran uch kunlik muddatda qamoqda saqlash joyi ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yaqin qarindoshi vafot etganligi, og‘ir kasalligi, ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning oilasi yoxud yaqin qarindoshlariga moddiy zarar yetkazgan tabiiy ofat haqidagi ma’lumotlar, shuningdek boshqa shunga o‘xshash ma’lumotlar olinganidan keyin darhol adresatga ma’lum qilinadi.
Turli qamoqda saqlash joylaridagi ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar o‘rtasidagi yoki ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlarning ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar bilan yozishmalari faqat qarindoshlar o‘rtasida amalga oshirilishi mumkin.
Qamoqda saqlash joyidan ketgan ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning nomiga kelgan xatlar olinganidan keyin uch kunlik muddatdan kechiktirmay qamoqda saqlash joyining ma’muriyati tomonidan u ketgan joyga jo‘natiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 79, 153-moddalari.
21-modda. Shaxsiy xavfsizlik huquqi
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar shaxsiy xavfsizlik huquqiga ega.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid yoxud unga nisbatan shaxsga qarshi jinoyatlar sodir etilishi tahdidi yuzaga kelganda qamoqda saqlash joyining xodimlari darhol uning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turilganlarning, qamoqqa olinganlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 270-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni.
22-modda. Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar beriladi. Himoyachi va qonuniy vakil bilan moneliksiz va xoli uchrashuvlar ularning soni hamda davom etish muddati cheklanmagan holda beriladi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 230-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ushlab turilganga jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ruxsati asosida qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan oyiga davom etish muddati ikki soatgacha bo‘lgan bitta uchrashuv, qamoqqa olinganga esa har birining davom etish muddati ikki soatgacha bo‘lgan ko‘pi bilan ikkita uchrashuv (shu jumladan ushlab turilgan davrida berilgan uchrashuv) berilishi mumkin.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan bilan uchrashuvlar quyidagilarga beriladi:
advokatga — u advokat guvohnomasini va o‘zining muayyan ishni yuritishga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi orderni ko‘rsatganda;
himoyachi sifatida ishtirok etayotgan yaqin qarindoshiga yoki qonuniy vakiliga — uning ishda himoyachi sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchining qarorini yoki sudning ajrimini va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda;
qonuniy vakilga — uning ishda qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yish to‘g‘risida surishtiruvchining, tergovchining qarorini yoki sudning ajrimini va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda;
qarindoshga yoki boshqa shaxsga — jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ruxsatini va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda.
Ushbu moddaning uchinchi qismida sanab o‘tilgan shaxslardan boshqa hujjatlarni talab qilib olish taqiqlanadi.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning o‘z himoyachisi va qonuniy vakili bilan uchrashuvlari qamoqda saqlash joyining xodimi ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda o‘tkazilishi mumkin.
Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar qamoqda saqlash joylari xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi hamda ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni topshirishga yoxud jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi yoki jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan, shuningdek qamoqda saqlash joylaridagi rejimga taalluqli ma’lumotlarni shartli imo-ishoralar yordamida yoxud qamoqda saqlash joylarining xodimlariga tushunarsiz tilda topshirishga urinilgan taqdirda muddatidan ilgari to‘xtatib qo‘yiladi.
Himoyachilar, qonuniy vakillar, qarindoshlar va boshqa shaxslarga uchrashuvlar berilganda, ularning yonida aloqa vositalari, shaxsiy kompyuter, fotoapparatlar, videokameralarning va ovoz yozish qurilmalarining bo‘lishi taqiqlanadi.
Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuv huquqini amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan hollarda (qarindoshlar va boshqa shaxslar kelishining moddiy va boshqa qiyinchiliklari, ularning kasalligi va hokazo), qamoqqa olinganga u saqlanayotgan joyning texnik imkoniyatlari bo‘lganda uning shaxsiy hisobvarag‘idagi mablag‘lar hisobidan telefon orqali limitlangan so‘zlashuv huquqi berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning), uning o‘rinbosarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning qamoqda saqlash joylariga borishi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), uning o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari (bundan buyon matnda mintaqaviy vakillar deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish, shuningdek ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan shaxs bilan uchrashish va suhbatlar o‘tkazish huquqiga ega.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), uning o‘rinbosariga, mintaqaviy vakillariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga ushlab turilganlar, shuningdek qamoqqa olinganlar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning), uning o‘rinbosarining, mintaqaviy vakillarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan uchrashuvlari va suhbatlari qamoqda saqlash joyi xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli o‘tkaziladi.
(23-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi O‘RQ-1002-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2024-y., 03/24/1002/0936-son)
Oldingi tahrirga qarang.
231-modda. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlarining qamoqda saqlash joylariga borishi
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korrupsiyaning sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish uchun o‘z vakolatlari doirasida qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish va zarur hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlariga ularning o‘z vazifalarini bajarishi va tegishli hujjatlar bilan tanishishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart.
(231-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 18-noyabrdagi O‘RQ-729-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.11.2021-y., 03/21/729/1064-son)
24-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ovqati
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ular organizmining normal yashashi uchun yetarli bo‘lgan bepul ovqat bilan ta’minlanadi.
Qamoqda saqlash joylaridagi ovqat normalari ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning sog‘lig‘i holatiga hamda yoshiga, shuningdek qamoqqa olinganlar jalb etilishi mumkin bo‘lgan ishning xususiyati va og‘irligiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi 143-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va maxsus qabulxonalarida saqlanayotgan shaxslarni ta’minlash me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilgan va qamoqqa olingan homilador ayollarga va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, voyaga yetmaganlarga, shuningdek bemorlarga, birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan ovqat oshirilgan normalarda belgilanadi.
(24-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
25-modda. Oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olish
Qamoqqa olinganlar ichki tartib qoidalarida belgilanadigan ro‘yxatga va miqdorga muvofiq o‘z shaxsiy hisobvaraqlaridagi mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni naqd pulsiz hisob-kitob qilish yo‘li bilan sotib olish huquqiga ega.
26-modda. Moddiy-maishiy ta’minot
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga qonunchilikda belgilangan sanitariya, gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan maishiy sharoitlar yaratiladi.
(26-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 23-martdagi 67-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalari (ro‘yxat raqami 3159, 20.05.2019-y.).
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar shaxsiy kiyim-boshi va poyabzalidan foydalanadi. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarda zarur mablag‘lar bo‘lmagan taqdirda ularning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ularga jinsi hamda iqlim sharoitlari inobatga olingan holda kiyib yurishga ruxsat etilgan mavsumiy kiyim-bosh va poyabzal beriladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak, idishlar hamda ovqatlanish asboblari beriladi. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarda zarur mablag‘lar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ularning iltimosiga ko‘ra, ularga yakka tartibdagi gigiyena vositalari (kamida sovun, tish chyotkasi, tish pastasi yoki poroshogi), soqol oladigan asbob yoki shaxsiy gigiyena vositalari (ayollar uchun) ham beriladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar saqlanadigan kameralar ventilyatsiya jihozlariga hamda isitish tizimiga, shuningdek ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sun’iy yorug‘likka ega bo‘lishi kerak. Kameralarning derazalari sun’iy ventilyatsiya tizimi mavjudligidan qat’i nazar, toza havo kirishini ta’minlashi lozim.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar saqlanadigan kameralar radioeshittirish vositalari bilan jihozlanadi.
Qamoqqa olinganlarning cho‘milib-yuvinishi, choyshab va yostiqjildlarini almashtirish yetti kunda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Qamoqda saqlash joylarida bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashash maydonining normasi ikki yarim kvadrat metrdan, ayollar va voyaga yetmaganlar uchun esa uch kvadrat metrdan kam bo‘lmagan o‘lchamda belgilanadi. Ushlab turilgan va qamoqqa olingan bemorlar, shuningdek homilador ayollar va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar saqlanadigan palatalarda (kameralarda) bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashash maydoni to‘rt kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi lozim.
Qamoqda saqlash joylarida yashash maydoni normasi belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena va qurilish normalari hamda qoidalariga mos bo‘lishi kerak.
Qarang: “Jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni saqlashning sanitariya-gigiyena qoidalari” (08.11.2007-y., ro‘yxat raqami 1737).
27-modda. Tibbiy-sanitariya ta’minoti
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarida davolash-profilaktika va sanitariya, epidemiyaga qarshi ishlar qonunchilik muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Mazkur joylar ma’muriyati ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlaydigan sanitariya-gigiyena talablarini bajarishi shart.
(27-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 23-martdagi 67-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalari (ro‘yxat raqami 3159, 20.05.2019-y.).
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yoki psixiatriya yordami ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan hollarda, shuningdek qamoqqa olinganlarga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha statsionar sud-tibbiy yoxud sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan taqdirda, ular davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga joylashtiriladi. Bunda ularni qo‘riqlash va xulq-atvorini nazorat qilish ta’minlanadi. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joyi hududidan tashqariga olib chiqish jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ bilan kelishiladi. Ushlab turilgan va qamoqqa olinganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lganda ularni davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga olib chiqish qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yozma ruxsati bilan amalga oshirilib, keyinchalik jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ yozma ravishda xabardor qilinadi.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqda saqlash joylarida tan jarohatlari olganda qamoqda saqlash joylarining tibbiy xodimlari tomonidan kechiktirmasdan tibbiy guvohlantirish o‘tkaziladi. Tibbiy guvohlantirish natijalari belgilangan tartibda qayd etiladi va jabrlanuvchiga ma’lum qilinadi. Tibbiy guvohlantirish qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yoxud jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning shaxsiy tashabbusiga yoxud ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yoxud uning himoyachisining iltimosiga ko‘ra chiqarilgan qarori asosida davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy guvohlantirishni o‘tkazishning rad etilishi ustidan prokurorga shikoyat qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tibbiy yoki psixiatriya yordami ko‘rsatish, dori vositalari berish, tibbiy guvohlantirish o‘tkazish, sanitariya nazoratini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek bunday shaxslarni tibbiy muassasalarda saqlash hamda davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlarini ularga xizmat ko‘rsatishga jalb etish tartibi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(27-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qarang: “Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizom” (02.03.2019-y., ro‘yxat raqami 3141), “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalar” (20.05.2019-y., ro‘yxat raqami 3159).
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan og‘ir kasallikka chalingan yoxud u vafot etgan taqdirda, qamoqda saqlash joyining ma’muriyati bu haqda uning yaqin qarindoshlariga, qonuniy vakiliga, jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga va prokurorga darhol xabar qiladi. Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning vafot etganligi fakti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda tergov oldi tekshiruvi o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan vafot etgan shaxsning jasadi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilganidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan boshqa harakatlar bajarilganidan keyin vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakillariga yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxslarga topshiriladi. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxslardan jasadni berish to‘g‘risida ariza tushmagan taqdirda, vafot etgan shaxsni dafn etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(27-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
271-modda. Qamoqqa olinganlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish
Qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Majburiy tibbiy ko‘rik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan e’tiboran ikki soat ichida tibbiy xodim tomonidan o‘tkaziladi.
Qamoqqa olinganni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda tergov hibsxonasining u bilan bir jinsda bo‘lgan xodimi ishtirok etadi.
Majburiy tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Tibbiy ma’lumotnomaning bir nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olingan u bilan imzo qo‘ydirib tanishtirilganidan keyin uning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi, ikkinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga topshiriladi.
Tibbiy ma’lumotnomaning ko‘chirma nusxasi qamoqqa olinganning yoki uning advokatining talabiga asosan tegishincha qamoqqa olinganga yoki uning advokatiga taqdim etiladi.
Majburiy tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.
Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan qamoqqa olinganlar boshqa joyga o‘tkazilganda yoki protsessual harakatlar o‘tkazish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ular ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
(271-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi O‘RQ-1072-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.06.2025-y., 03/25/1072/0546-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 28-sentabr)
28-modda. Posilkalar, yo‘qlovlar, banderollar va pul jo‘natmalarini olish
Qamoqqa olinganlarning bir oy mobaynida, ushlab turilganlarning ushlab turilgan davrida og‘irligi pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish qoidalarida belgilangan normalardan oshmaydigan bittadan posilka yoki banderol, shuningdek umumiy og‘irligi o‘n ikki kilogrammgacha bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat ikkita yo‘qlov olishiga ruxsat etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilgan va qamoqqa olingan homilador ayollar va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar, voyaga yetmaganlar, shuningdek shifokorning yozma xulosasiga ko‘ra davolanishga hamda kuchaytirilgan ovqatga muhtoj deb topilgan bemorlar, birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yo‘qlovlarning soni va og‘irligi cheklanmaydi.
(28-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Shifokorning yozma xulosasiga ko‘ra tavsiya etiladigan, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar tomonidan olinadigan dori vositalarining miqdori cheklanmaydi.
Qamoqqa olinganlar o‘z shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan pul jo‘natmalarini olishi mumkin. Pul jo‘natmalari to‘g‘risida qamoqqa olingan, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ xabardor qilinadi.
Odamlar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diradigan yoki jinoyat quroli sifatida yoxud ushlab turish, qamoqda saqlash maqsadlariga to‘sqinlik qilish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga berish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Saqlanishi hamda foydalanilishi taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni ko‘zdan kechirishdan yashirish yoki ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga berish, xuddi shuningdek ularga oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni belgilangan ichki tartib qoidalarini buzgan holda berish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
(28-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 210-moddasi.
29-modda. Ushlab turilganlarning, qamoqqa olinganlarning fuqarolik-huquqiy bitimlarda va oilaviy munosabatlarda ishtirok etishi
Ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ruxsati bilan va ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda o‘z vakillari orqali yoxud bevosita fuqarolik-huquqiy bitimlarda ishtirok etish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqqa olinganlar, agar ushbu Qonunga va boshqa qonunchilikka zid bo‘lmasa, nikoh tuzish hamda nikohdan ajralish, boshqa oilaviy munosabatlarda ishtirok etish huquqiga ega.
(29-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
30-modda. Qamoqqa olinganlarni mehnatga jalb etish
Qamoqqa olinganlar tegishli sharoitlar mavjud bo‘lganda qamoqda saqlash joyi hududida o‘z xohishlariga ko‘ra va jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organning yozma ruxsati bilan mehnatga jalb etilishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 5-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqqa olinganlarning mehnat sharoiti qonunchilikda belgilangan xavfsizlik, sanitariya va gigiyena talablariga javob berishi kerak. Qamoqqa olinganlar o‘z mehnati uchun tegishli haq olishga haqlidir.
(30-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqqa olinganlarning ish haqi qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan kam bo‘lmasligi lozim va qonunda nazarda tutilgan chegirmalar qilinganidan keyin ularning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
(30-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-sentabrdagi 775-sonli “Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqqa olinganlarni mehnatga jalb etish maqsadida tergov hibsxonalari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda o‘z ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
(30-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 14-avgustdagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalari (ro‘yxat raqami 2929, 12.09.2017-y.).
Qamoqqa olinganlarning tergov hibsxonalaridagi ishlab chiqarish faoliyatidan olingan daromadlardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin qamoqqa olinganlarni saqlash shart-sharoitlarini yaxshilash, shuningdek tergov hibsxonalarining ijtimoiy sohasini rivojlantirish uchun foydalaniladi.
31-modda. Homilador ayollarni va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarni qamoqda saqlash xususiyatlari
Qamoqda saqlash joylarida homilador ayollar va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar uchun yaxshilangan moddiy-maishiy sharoitlar yaratiladi, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi hamda ovqatning oshirilgan normalari belgilanadi.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan homilador ayollar tug‘ish uchun davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga olib chiqiladi.
Homilador ayollarning va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarning har kungi sayri kamida ikki soat davom etadigan qilib belgilanadi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, qamoqda saqlash joyining ma’muriyati jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga onaning roziligi bilan bolani qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga yoki bolalar muassasasiga vaqtincha topshirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin. Jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ iltimosnomani olgach, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 218-moddasiga muvofiq homiylik qilish choralarini ko‘radi.
32-modda. Voyaga yetmaganlarni qamoqda saqlash xususiyatlari
Qamoqda saqlash joylarida voyaga yetmaganlar uchun yaxshilangan moddiy-maishiy sharoitlar yaratiladi va ovqatning oshirilgan normalari belgilanadi.
Voyaga yetmaganlarning har kungi sayri kamida ikki soat davom etadigan qilib belgilanadi. Sayrlar vaqtida voyaga yetmaganlarga jismoniy mashqlar va sport o‘yinlari uchun imkoniyat beriladi.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlarga shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, kinofilmlar namoyish etiladi, ular uchun teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish tashkil etiladi, sport mashg‘ulotlari va bo‘sh vaqtni o‘tkazish uchun xonalar, shuningdek ochiq havoda sport maydonchalari jihozlanadi.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlar bilan madaniy-tarbiyaviy ishlar o‘tkaziladi.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlarning posilkalar, yo‘qlovlar va banderollarda darsliklar hamda yozuv ashyolari olishiga, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlarning esa mazkur narsalarni qamoqda saqlash joyining ma’muriyati orqali sotib olishiga ham ruxsat beriladi.
33-modda. Hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini topshirishni, shuningdek ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning tergov harakatlari hamda sud majlislarida ishtirok etishini ta’minlash
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati qamoqqa olinganlarga ayblov xulosalarining va ayblov dalolatnomalarining, sud hukmlari, ajrimlarining ko‘chirma nusxalarini ular kelib tushgan kunda tilxat olinib topshirilishini ta’minlaydi, tilxat ko‘chirma nusxa topshirilgan sana va vaqt ko‘rsatilgan holda sudga taqdim etiladi.
(33-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning yozma ko‘rsatmasi bo‘yicha quyidagilarni ta’minlaydi:
ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylariga qabul qilish va joylashtirish, shuningdek ularni belgilangan joyga jo‘natish uchun soqchiga topshirishni;
qamoqda saqlash joyi hududida tergov va sud harakatlarini, ambulatoriya sud-psixiatriya ekspertizasini hamda boshqa ekspertizalarni o‘tkazish uchun jihozlangan xonalar berilishini.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa tumanda (shaharda) joylashgan tergov hibsxonalariga o‘tkazishni ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi tergovchining prokuror bilan kelishilgan qarori, shuningdek prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asosida amalga oshiradi.
4-bob. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning majburiyatlari hamda moddiy javobgarligi
34-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning majburiyatlari
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar:
ushbu Qonunda va ichki tartib qoidalarida belgilangan qamoqda saqlash tartibi va shart-sharoitlariga rioya etishi;
qamoqda saqlash joyi ma’muriyatining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek qamoqda saqlash joylari xodimlarining va tartibni ta’minlovchi boshqa shaxslarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi;
shaxsiy gigiyena va sanitariya talablariga rioya etishi;
yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishi;
qamoqda saqlash joylarining mol-mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi;
kameralar va boshqa xonalarni navbat tartibida tozalab turishi;
boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlarni sodir etmasligi;
o‘z hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni qasddan sodir etmasligi shart.
Ushbu Qonunda belgilangan majburiyatlardan tashqari, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning zimmasida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bo‘ladi.
35-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning moddiy javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joyining mol-mulkiga o‘z xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun fuqarolik qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorlarda, agar zarar qamoqqa olinganning mehnat faoliyati jarayonida yetkazilgan bo‘lsa, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorlarda moddiy javobgar bo‘ladi. Yetkazilgan moddiy zarar miqdori qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining qarori bilan belgilanadi. Mazkur qaror ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga tilxat olinib e’lon qilinadi va yuqori turuvchi mansabdor shaxsga, prokurorga yoki sudga bu qaror ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
(35-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 337 –– 350-moddalari.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan moddiy zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplashni rad etgan taqdirda, bu zarar qonunga muvofiq sud tartibida undiriladi.
Yetkazilgan moddiy zarar uchun noto‘g‘ri undirilgan summalar ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga qaytarilishi kerak.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan yetkazgan moddiy zararning o‘rni uning qarindoshlari yoki boshqa shaxslar tomonidan ularning roziligi bilan qoplanishi mumkin.
Mahkum jazoni ijro etish muassasasiga yuborilgan taqdirda, o‘rni qoplanmagan moddiy zarar mazkur muassasa ma’muriyati tomonidan mahkumning shaxsiy hisobvarag‘iga tushadigan mablag‘lar hisobidan undiriladi.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqdan ozod qilingan taqdirda, uning tomonidan o‘rni qoplanmagan moddiy zarar qonunga muvofiq sud tartibida undirilishi mumkin.
5-bob. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan qo‘llaniladigan rag‘batlantirish hamda intizomiy jazo choralari
36-modda. Rag‘batlantirish choralari va ularning qo‘llanilish tartibi
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan majburiyatlarini namunali bajarganlik, qamoqda saqlashning belgilangan tartibi va shart-sharoitlariga rioya etganlik uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin:
tashakkur e’lon qilish;
ilgari qo‘llanilgan intizomiy jazoni muddatidan ilgari olib tashlash;
har kungi sayr vaqtini ko‘paytirish;
voyaga yetmaganlarga qo‘shimcha kinofilm namoyish etish, teleko‘rsatuvlar tomosha qilishni tashkil etish, sport mashg‘ulotlari xonasiga qo‘shimcha ravishda kirish, shuningdek bo‘sh vaqtni o‘tkazishning boshqa shakllari uchun ruxsat berish.
Rag‘batlantirish choralari qamoqda saqlash joyi boshlig‘i yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning buyrug‘i bilan qo‘llaniladi va ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga e’lon qilinadi. Rag‘batlantirish choralari qo‘llanilganligi to‘g‘risida ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tegishli yozuv kiritiladi.
37-modda. Intizomiy jazo choralari va ularning qo‘llanilish tartibi
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan belgilangan majburiyatlarni bajarmaganlik, qamoqda saqlash tartibi va shart-sharoitlarini, ajratib qo‘yishni ta’minlash talablarini buzganlik uchun quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:
ogohlantirish;
hayfsan;
qamoqqa olinganlarni karserga yoki gauptvaxtadagi bir kishilik kameraga o‘n sutkagacha, voyaga yetmaganlarni esa karserga besh sutkagacha bo‘lgan muddatga kiritib qo‘yish.
Intizomiy jazo yozma shaklda beriladi. Intizomiy jazo qo‘llanilganligi haqidagi materiallar ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Ushlab turilgandan yoki qamoqqa olingandan intizomiy jazo qo‘llanilishidan oldin yozma tushuntirish olinadi, bunday tushuntirish berishdan bosh tortilgan hollarda esa tegishli dalolatnoma tuziladi.
Intizomiy jazoni qo‘llash chog‘ida qoidabuzarlik sodir etilgan holatlar, ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning xulq-atvori va shaxsiga oid sifatlar, ilgari intizomiy jazolar berilgan-berilmaganligi inobatga olinadi.
Intizomiy jazo qoidabuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran o‘n sutkadan kechiktirmay, qoidabuzarlik fakti yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan taqdirda esa u tugagan kundan e’tiboran, lekin qoidabuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Intizomiy jazo darhol qo‘llaniladi, uni darhol qo‘llash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa ushbu jazo berilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llaniladi.
Intizomiy jazo qamoqda saqlash joyining boshlig‘i yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan beriladi. Bir vaqtning o‘zida sodir etilgan bir nechta qoidabuzarlik uchun bitta intizomiy jazo qo‘llaniladi. Bitta qoidabuzarlik uchun bir nechta intizomiy jazo qo‘llash taqiqlanadi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar yuqori turuvchi mansabdor shaxsga, prokurorga yoki sudga qo‘llanilgan intizomiy jazo ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Shikoyat berish intizomiy jazoning ijro etilishini to‘xtatib turmaydi.
38-modda. Karserga kiritib qo‘yish tarzidagi intizomiy jazoning qo‘llanilish xususiyatlari
Qamoqqa olinganlar quyidagilar uchun karserga kiritib qo‘yilishi mumkin:
qamoqda saqlanayotgan boshqa shaxslarga zulm qilganlik va ularni haqorat qilganlik;
qamoqda saqlash joylari xodimlarining yoki boshqa shaxslarning qonuniy talablariga itoat etmaganlik yoxud ularni haqorat qilganlik;
ajratib qo‘yishni ta’minlash talablarini bir necha marta buzganlik;
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ta’sir doirasiga tushadigan huquqbuzarlik sodir etganlik;
ushbu Qonunda va ichki tartib qoidalarida taqiqlangan narsalarni va moddalarni saqlaganlik, tarqatganlik, iste’mol qilganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun.
Karserga kiritib qo‘yish tarzidagi intizomiy jazo ilgari ogohlantirish yoki hayfsan tarzidagi ikkita va undan ortiq intizomiy jazo qo‘llanilgan qamoqqa olinganlarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Karserga kiritib qo‘yish tarzidagi intizomiy jazo homilador ayollarga va yonida ikki yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, shuningdek birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas.
(38-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Karserga kiritib qo‘yish qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining qarori va shifokorning qamoqqa olinganning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra karserda turishi mumkinligi haqidagi yozma xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Qamoqda saqlash joyining boshlig‘i tibbiy ko‘rsatuvlarni inobatga olgan holda karserga kiritib qo‘yish tarzidagi intizomiy jazoning ijrosini kechiktirish, karserda saqlash muddatini qisqartirish yoki qamoqqa olinganni karserdan muddatidan ilgari ozod qilish huquqiga ega.
Agar qamoqqa olingan kechiktirish davrida yangi qoidabuzarlik sodir etmagan bo‘lsa, u karserga kiritib qo‘yish tarzidagi intizomiy jazodan ozod qilinishi mumkin.
Yuqori turuvchi mansabdor shaxs, prokuror yoki sud karserga kiritib qo‘yish tarzidagi intizomiy jazo asossiz yoxud u sodir etilgan qoidabuzarlikka nomutanosib bo‘lgan hollarda intizomiy jazoni yengillashtirish yoki bekor qilish huquqiga ega.
Ushbu moddaning qoidalari qamoqqa olingan harbiy xizmatchilarni intizomiy jazo sifatida gauptvaxtalardagi bir kishilik kameraga kiritib qo‘yishda ham qo‘llaniladi.
39-modda. Karserda saqlash shart-sharoitlari
Karserda qamoqqa olinganlarni yakka saqlash belgilanadi.
Karserda qamoqqa olinganlar yotish uchun alohida joy va ko‘rpa-to‘shak bilan faqat tungi uxlash vaqti uchun ta’minlanadi.
Karserda saqlash vaqtida qamoqqa olinganlarning yozishmalari, himoyachi, qonuniy vakil bilan uchrashuvlardan tashqari uchrashuvlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olishi, posilkalar, yo‘qlovlar hamda banderollar olishi, stol ustida o‘ynaladigan o‘yinlar, kitoblar va davriy matbuot nashrlaridan foydalanishi taqiqlanadi. Posilkalar, yo‘qlovlar hamda banderollar qamoqqa olinganlarga ularning karserda bo‘lish muddati tugaganidan keyin topshiriladi.
Karserda saqlanayotgan qamoqqa olinganlar har kuni bir soat davom etadigan sayrdan foydalanish huquqiga ega.
Karserda saqlanayotgan qamoqqa olinganlarga nisbatan ushbu moddada nazarda tutilmagan cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
6-bob. Qamoqda saqlash joylarida ajratib qo‘yishni, qo‘riqlashni va nazoratni ta’minlash
40-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ajratib qo‘yilishini ta’minlash talablari
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan alohida-alohida joylashtirish talablariga muvofiq umumiy kameralarda saqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qamoqqa olinganlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan bo‘lsa, prokurorning qaroriga yoki sudning ajrimiga ko‘ra tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin. Bu chora voyaga yetmaganlarga, oltmish yoshdan oshgan shaxslarga, shifokorning yozma xulosasi bilan tasdiqlangan og‘ir kasallarga va ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(40-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 12-sentabrdagi O‘RQ-567-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.09.2019-y., 03/19/567/3737-son)
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni bir kishilik kameralarga joylashtirishga qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining prokuror bilan kelishilgan asoslantirilgan qaroriga ko‘ra:
ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan alohida-alohida joylashtirish talablariga rioya etilishini ta’minlashning boshqa imkoniyati mavjud bo‘lmaganda;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab;
ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yakka saqlash to‘g‘risidagi yozma arizasiga binoan;
ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni, agar kunduzi umumiy kamerada saqlanayotgan bo‘lsa, tungi vaqtda bir kishilik kameraga joylashtirish zarur bo‘lganda;
ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning ajratib qo‘yilishini ta’minlash talab qilingan boshqa hollarda ham yo‘l qo‘yiladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joylarining boshqa kameralarida yoki o‘zga xonalarida saqlanayotgan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan so‘zlashishiga, ularga biron-bir narsa berishiga hamda ular bilan yozishmalar olib borilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ajratib qo‘yishni ta’minlashga doir talablarga ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylari hududidan tashqariga ko‘chirishda ham rioya etilishi kerak.
41-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni kameralarda alohida-alohida joylashtirish
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni kameralarda alohida-alohida joylashtirish ularning shaxsini va psixologik jihatdan mosligini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Chekuvchilar imkoni boricha chekmaydiganlardan alohida joylashtiriladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar quyidagi talablarga rioya etilgan holda bir-biridan alohida saqlanadi va kameralarga joylashtiriladi:
erkaklar ayollardan alohida saqlanadi;
voyaga yetmaganlar katta yoshlilardan alohida saqlanadi. Alohida hollarda prokurorning roziligi bilan, voyaga yetmaganlar saqlanayotgan kameralarda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka birinchi marta tortilayotgan, ijobiy tavsifga ega katta yoshlilarni saqlashga yo‘l qo‘yiladi;
jinoiy javobgarlikka birinchi marta tortilayotgan shaxslar ilgari ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlangan shaxslardan alohida saqlanadi.
Jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ko‘rsatmasi bo‘lganda, bitta jinoyat ishi bo‘yicha yoxud bir nechta o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ham alohida-alohida saqlanadi.
Quyidagilar boshqa ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlardan alohida saqlanadi:
chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi, advokat bo‘lib ishlagan yoki ishlayotgan shaxslar;
o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotganlar yoki ayblanayotganlar;
o‘ta xavfli retsidivistlar;
mahkumlar;
hayoti va sog‘lig‘iga boshqa ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar tomonidan xavf tug‘ilgan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yoki uning o‘rinini bosuvchi shaxsning qaroriga ko‘ra yoxud jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ko‘rsatmasiga ko‘ra;
yuqumli kasalliklarga chalingan yoki alohida tibbiy parvarish va kuzatuvga muhtoj bo‘lgan bemorlar.
42-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qo‘riqlash hamda nazorat qilish
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joylarida qo‘riqlanadi hamda nazorat ostida bo‘ladi va mazkur joylar hududida sog‘chi nazorati ostida yoki qamoqda saqlash joylari xodimlarining kuzatuvida yuradi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar shaxsiy tintuv qilinadi, ularning barmoq izlari hamda fotosurati olinadi. Ular joylashtirilgan xonalar tintuv qilinadi, ularning yonidagi ashyolari hamda nomiga kelgan posilkalar, yo‘qlovlar va banderollar esa ko‘zdan kechiriladi.
Qamoqqa olinganlardan olib qo‘yilgan pullar ularning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi, qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatliklar esa saqlash uchun topshiriladi. Ushlab turilganlardan olib qo‘yilgan pullar qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatliklar bilan birga saqlash uchun topshiriladi. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqda saqlash joyiga kelganida yashirgan, shuningdek u qamoqda saqlash joyida bo‘lgan davrida undan topib olingan pullar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatliklar qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining prokuror bilan kelishilgan asoslantirilgan qaroriga ko‘ra davlat daromadiga o‘tkaziladi.
Taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalar saqlash uchun topshiriladi yoki tegishli muassasalarga beriladi yoxud qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra yo‘q qilib tashlanib, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
Sanitariya ishlovidan o‘tkazish chog‘ida ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni nazorat qilish hamda shaxsiy tintuv qilish qamoqda saqlash joyining ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan bir jinsda bo‘lgan xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxslarni taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib o‘tishga urinishda gumon qilish uchun yetarli asoslar bo‘lsa, qamoqda saqlash joylarining xodimlari bunday joylar hududiga kirish va chiqish joyida shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari hamda poyabzallarini, shuningdek kirib kelayotgan hamda chiqib ketayotgan transport vositalarini ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishga, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib qo‘yishga haqlidir.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan jinoyat ishlarini yuritayotgan shaxslarning, advokatlarning, shuningdek qamoqda saqlash joylarini nazorat qiluvchi va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari va poyabzallari ko‘zdan kechirilmaydi. Mazkur shaxslar kelganda, o‘qotar qurol hamda boshqa taqiqlangan vositalar va narsalarni qamoqda saqlash joyining navbatchilik qismiga topshirishi shart.
43-modda. Nazorat qilish va tekshiruvning texnik vositalari
Qamoqda saqlash joylarida qamoqdan qochish va boshqa jinoyatlarning, ichki tartib qoidalari buzilishlarining oldini olish, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning xulq-atvori to‘g‘risida zarur axborot olish uchun nazorat qilish va tekshiruvning audiovizual, elektron vositalaridan hamda boshqa texnik vositalaridan foydalaniladi.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati nazorat qilish va tekshiruvning texnik vositalari qo‘llanilayotganligi haqida ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni xabardor etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Nazorat qilish va tekshiruvning texnik vositalari ro‘yxati, ulardan foydalanish tartibi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
(43-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
44-modda. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan ovqat yeyishdan bosh tortgan taqdirda ko‘riladigan choralar
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan ovqat yeyishdan bosh tortganligi fakti aniqlanganda qamoqda saqlash joyining boshlig‘i yoxud uning o‘rnini bosuvchi shaxs jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsni yoki organni, shuningdek prokurorni bu haqda xabardor qilishi shart.
Ovqat yeyishdan bosh tortayotgan ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan imkoni boricha boshqa ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlardan alohida saqlanadi hamda tibbiy xodimning kuzatuvi ostida bo‘ladi.
Ovqat yeyishdan bosh tortayotgan ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning sog‘lig‘ini saqlab turishga qaratilgan majburiy tusdagi choralar (sun’iy va majburiy ovqatlantirish), agar uning hayoti yoxud sog‘lig‘iga xavf tug‘ilsa, shifokorning yozma xulosasi asosida hamda tibbiy xodim ishtirokida amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning ovqat yeyishdan bosh tortishi uning boshqa qamoqda saqlash joylariga o‘tkazilishiga yoxud tergov harakatlari va sud majlislarida ishtirok etish uchun qo‘riqlab borilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Zarurat bo‘lganda, ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni boshqa yerga ko‘chirish yoki qo‘riqlab borish tibbiy xodim kuzatuvida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushlab turilganlar yoki qamoqqa olinganlar ovqat yeyishni rad etganda qo‘llaniladigan majburiy tusdagi choralarni qo‘llash tartibi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(44-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 28-avgustdagi O‘RQ-558-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son)
45-modda. Jismoniy kuch ishlatish, tinchlantirish ko‘ylagini, maxsus vositalar, gazli, shikastlantiruvchi va o‘qotar qurolni qo‘llash shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarining xodimlari yoki ichki ishlar organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining boshqa xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, tinchlantirish ko‘ylagini, maxsus vositalar, gazli, shikastlantiruvchi va o‘qotar qurolni qo‘llashga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslar hamda hollarda yo‘l qo‘yiladi.
(45-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Jismoniy kuch ishlatish, tinchlantirish ko‘ylagini, maxsus vositalar, gazli, shikastlantiruvchi va o‘qotar qurolni qo‘llash ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga azob-uqubat yetkazilishiga olib bormasligi, shuningdek shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar bilan amalga oshirilmasligi lozim. O‘qotar qurolni qo‘llash, shuningdek ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning hayoti va sog‘lig‘iga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar yoxud gazli, shikastlantiruvchi qurolni qo‘llash natijasida zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida prokurorga xabar qilinadi.
46-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning jinoyatlari yoki boshqa huquqbuzarliklariga barham berish maqsadida, shuningdek ularning qamoqda saqlash joylari xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatishini bartaraf etish uchun, agar qonuniy talablarning ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar tomonidan bajarilishini jismoniy kuch ishlatmay boshqa usullar bilan ta’minlashning iloji bo‘lmasa, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishi mumkin.
47-modda. Tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan, agar ular jazavaga tushsa, tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.
Tinchlantirish ko‘ylagi tibbiy xodim ishtirokida qo‘llaniladi hamda uni qo‘llashning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi kerak.
Tinchlantirish ko‘ylagi ushlab turilgan va qamoqqa olingan voyaga yetmaganlar hamda ayollarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
48-modda. Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolni qo‘llash
Ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlariga, shuningdek o‘ziga o‘zi zarar yetkazishiga barham berish maqsadida ularga nisbatan maxsus vositalar qo‘llanilishi mumkin.
Maxsus vositalarga rezina tayoqlar, qo‘lkishanlar yoki boshqa bog‘lash vositalari, xizmat itlari, ko‘zdan yosh oqizuvchi moddalar, chalg‘itma ta’sir ko‘rsatuvchi nur-tovush moslamalari, to‘siq-g‘ovlarni bartaraf etuvchi vositalar, suv bilan zarba beruvchi va zirhli mashinalar, xonalarni ochish, transport vositalarini majburiy to‘xtatish moslamalari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vositalar kiradi.
Maxsus vositalar quyidagi hollarda qo‘llaniladi:
ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joylari xodimlariga, boshqa ushlab turilganlarga yoki qamoqqa olinganlarga va o‘zga shaxslarga hujumini daf etishda;
ushlab turilganlar yoki qamoqqa olinganlar tomonidan sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishlarga barham berishda;
qamoqda saqlash joylarining xodimlariga ashaddiy tarzda bo‘ysunmayotgan yoki qarshilik ko‘rsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda;
qamoqdan qochgan ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni ushlashda;
garovga olinganlarni, egallab olingan binolar, inshootlar, xonalar va transport vositalarini ozod qilishda;
ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa yerga ko‘chirish, qo‘riqlab borish va qo‘riqlab turishda — qamoqdan qochishning oldini olish uchun.
Ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda gazli va shikastlantiruvchi qurol qo‘llanilishi mumkin.
Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurol qonunga muvofiq boshqa hollarda ham qo‘llanilishi mumkin.
Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolning turlari, ularni ishlatish muttasilligi yuzaga kelgan vaziyat, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning shaxsi inobatga olingan holda belgilanadi. Maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolni qo‘llash ushlab turilganlarga yoki qamoqqa olinganlarga hamda boshqa shaxslarga mumkin qadar kam zarar yetkazishi kerak.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan shaxslarga hamda yoshi aniq ko‘rinib turgan yoxud ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalar, gazli va shikastlantiruvchi qurolni qo‘llash taqiqlanadi, bundan ular tomonidan qurolli qarshilik ko‘rsatilgan yoki fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilingan hollar mustasno.
49-modda. O‘qotar qurolni qo‘llash
Alohida hollarda, agar jinoyatga boshqa vositalar bilan barham berishning iloji bo‘lmasa, oxirgi chora sifatida o‘qotar qurolni qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.
O‘qotar qurol quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:
qamoqda saqlash joylarining xodimlarini, boshqa shaxslarni ularning hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid soluvchi hujumdan himoya qilish, shuningdek qurolni qo‘lga kiritish maqsadida qilingan hujumni daf etishda;
garovga olinganlarni, egallab olingan binolar, inshootlar, xonalar va transport vositalarini ozod qilishda;
qamoqda saqlash joylarining qo‘riqlanadigan obyektlariga, transport vositalariga guruh bo‘lib qilingan hujumni yoki qurolli hujumni daf etish yoxud ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni zo‘rlik bilan ozod qilishga urinishlarga barham berishda;
qamoqdan qochayotgan yoki qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni ushlashda;
ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan tomonidan qamoqdan qochishda foydalanilayotgan transport vositasini to‘xtatishda.
O‘qotar qurol qonunga muvofiq boshqa hollarda ham qo‘llanilishi mumkin.
O‘qotar qurolni qo‘llashdan oldin uning qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish va yuqoriga qarab ogohlantiruvchi o‘q otish kerak.
O‘qotar qurol qo‘qqisdan hujum qilinganda, qurolli hujumni yoki jangovar texnika, transport vositalari, uchish apparatlari, dengiz va daryo kemalaridan foydalangan holda qilingan hujumni daf etishda, garovga olinganlarni ozod qilishda, qamoqdan qurol bilan, transport vositalari yordamida yoxud yurib ketayotgan transport vositalaridan, tunda yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda qochilgan hollarda ogohlantirishsiz va yuqoriga qarab ogohlantiruvchi o‘q otmasdan qo‘llanilishi mumkin.
O‘qotar qurol qo‘llanilganda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun imkoni boricha barcha choralar ko‘rilishi kerak.
50-modda. Qamoqda saqlash joylarida alohida holat joriy etish
Favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan, qamoqda saqlash joylari joylashgan yerda favqulodda yoki harbiy holat joriy etilgan hollarda, urush davri mobaynida, ushlab turilganlar yoki qamoqqa olinganlar tomonidan guruh bo‘lib bo‘ysunmaslik, shuningdek ommaviy tartibsizliklar sodir etilganda qamoqda saqlash joylarida alohida holat joriy etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarida alohida holat tegishincha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining raisi yoki O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan ularning vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatga joriy etiladi. Alohida holatning amal qilish muddati ayrim hollarda qo‘shimcha ravishda o‘ttiz sutkagacha uzaytirilishi mumkin.
(50-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Qamoqda saqlash joylarida alohida holat amal qilib turgan davrda qo‘riqlash va nazoratning kuchaytirilgan rejimi, obyektlarga kirishning alohida tartibi joriy etiladi, kun tartibi o‘zgartirilishi, ba’zi xizmatlarning faoliyati cheklanishi mumkin. Ayni vaqtda ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ayrim huquqlarini cheklashga yo‘l qo‘yiladi.
51-modda. Qamoqda saqlash joylariga tutash hududlarda rejim talablarining ta’minlanishi
Qamoqda saqlash joylariga bevosita tutash va chegaralari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan hududlarda qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan rejim talablari o‘rnatilishi mumkin.
52-modda. Qamoqda saqlash joylarida tezkor-qidiruv faoliyati
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarida jinoyatlarni aniqlash, ularning oldini olish, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarni tayyorlayotgan, sodir etayotgan yoki sodir etgan shaxslarni aniqlash hamda topish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda tezkor-qidiruv faoliyati amalga oshiriladi.
(52-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
7-bob. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish
53-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish asoslari
Surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning qarori, shuningdek ushlab turish yoki qamoqda saqlashning O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan muddati tugashi ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilishga asos bo‘ladi.
54-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish tartibi
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni qamoqdan ozod qilish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushgach, qamoqda saqlash joyining boshlig‘i tomonidan darhol amalga oshiriladi.
Qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turish muddati tugashidan o‘n ikki soat oldin va qamoqda saqlash muddati tugashidan yetti sutka oldin bu haqda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsni yoki organni, shuningdek prokurorni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Agar ushlab turish yoki qamoqda saqlashning O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan muddatlari tugaganidan keyin ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni ozod qilish, ushlab turish muddatini uzaytirish, ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoxud qamoqda saqlash muddatini uzaytirish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushmagan bo‘lsa, qamoqda saqlash joylarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokuror yoxud qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni o‘z qarori bilan darhol ozod qiladi. Qarorning ko‘chirma nusxasi kechiktirmasdan jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga, shuningdek prokurorga yuboriladi.
Qamoqdan ozod qilinayotgan ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga uning shaxsiy hujjatlari, ashyolari, shaxsiy hisobvarag‘ida saqlanayotgan pullari, shuningdek qimmatli qog‘ozlari va boshqa qimmatliklari, ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan saqlangan muddat hamda uni ozod qilish asoslari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beriladi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, qamoqda saqlash joyining ma’muriyati qamoqdan ozod qilingan shaxsni yashash joyiga yetib olishi uchun yo‘l hujjatlari va belgilangan normalar bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari yoxud tegishli pul kompensatsiyasi, shuningdek jinsi hamda iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda mavsumiy kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minlaydi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
55-modda. Vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov hibsxonalarini moliyalashtirish
Vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov hibsxonalarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
56-modda. Qamoqda saqlash joylarida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
57-modda. Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(57-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
58-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(58-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
59-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2011-yil 5-oktabrdagi 192 (5359)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 29-sentabr,
O‘RQ-298-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 40-son, 409-modda; 2012-y., 37-son, 421-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son, 13.09.2019-y., 03/19/567/3737-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 19.11.2021-y., 03/21/729/1064-son, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son; 18.11.2024-y., 03/24/1002/0936-son; 27.06.2025-y., 03/25/1072/0546-son)