OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI ISTIQBOLLI LOYIHALAR MILLIY AGЕNTLIGI DIRЕKTORINING
buyrugʻi
Pay fondlarining yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 29-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3825]
Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni va 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Pay fondlarining yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2026-yil 3-aprel,
11-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 3-apreldagi 11-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Pay fondlarining yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom pay fondlarining yagona reyestrini (bundan buyon matnda yagona reyestr deb yuritiladi) shakllantirish, yuritish, yagona reyestrga oʻzgartirish kiritish, shuningdek pay fondini yagona reyestrdan chiqarish va yagona reyestrdan maʼlumotlarni taqdim etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yagona reyestr Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan hamda faoliyat yuritayotgan pay fondlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot tizimi hisoblanadi.
2. Pay fondi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan yagona reyestrga kiritilgan hamda tegishli maʼlumotlar Agentlik va “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
3. Pay fondini yagona reyestrga kiritish bepul amalga oshiriladi.
2-bob. Pay fondini yagona reyestrga kiritish
4. Pay fondini yagona reyestrga kiritish uchun pay fondining ishonchli boshqaruvchisi Agentlikka quyidagi hujjatlarni yozma yoki elektron shaklda taqdim etadi:
pay fondining ishonchli boshqaruvchisi tomonidan imzolangan pay fondini yagona reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi ariza;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya nusxasi;
ishonchli boshqaruvchining pay fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori nusxasi;
investorlar bilan pay fondini ishonchli boshqarish toʻgʻrisidagi shartnoma nusxasi;
pay fondining investitsiya deklaratsiyasi nusxasi.
5. Agentlikning ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish boʻyicha ishchi organ funksiyalarini Kapital bozorini rivojlantirish departamenti (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) amalga oshiradi.
6. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar qogʻoz shaklda Agentlikka yoki elektron shaklda Agentlikning elektron pochtasiga taqdim etiladi.
Elektron shaklda taqdim etiladigan maʼlumotlar yuqori sifatli boʻlishi va “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatlarida boʻlishi lozim.
7. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar olingandan keyin Agentlik yetti ish kuni ichida pay fondini yagona reyestrga kiritish yoki yagona reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
8. Ishchi organ ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xulosani Agentlik rahbariga (oʻrinbosariga) taqdim etadi.
9. Agentlik rahbari (oʻrinbosari) ishchi organ tomonidan xulosa taqdim etilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida pay fondini yagona reyestrga kiritish yoki yagona reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
10. Pay fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona reyestrga kiritish pay fondini reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin bir ish kuni ichida amalga oshiriladi.
11. Pay fondini yagona reyestrga kiritish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
ushbu Nizomning 3-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganda;
taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda.
12. Pay fondini yagona reyestrga kiritish rad etilgan taqdirda ishchi organ tomonidan pay fondining ishonchli boshqaruvchisiga bir ish kuni ichida rad etish sabablari koʻrsatilgan xabarnoma yuboriladi.
3-bob. Yagona reyestrga kiritiladigan maʼlumotlar
13. Yagona reyestrga pay fondi toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
pay fondini yagona reyestrga kiritish sanasi va raqami;
pay fondining toʻliq va qisqartirilgan nomi;
fond turi (muomalaga chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablagʻlari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyati bilan yoki sotib olish majburiyatisiz);
pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadi;
pay jamgʻarmasi mablagʻlari investitsiya qilinadigan investitsiya aktivlari roʻyxati;
ishonchli boshqaruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (toʻliq nomi, investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya raqami va sanasi, joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili va veb-sayti (mavjud boʻlsa), STIR);
pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati (agar belgilangan boʻlsa).
14. Pay fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligi uchun pay fondining ishonchli boshqaruvchisi masʼul hisoblanadi.
4-bob. Yagona reyestrga oʻzgartirish kiritish tartibi
15. Ishonchli boshqaruvchi yagona reyestrga kiritilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida Agentlikni bunday oʻzgarish yuz bergan sanadan boshlab uch ish kuni ichida tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi shart.
16. Ishchi organ pay fondining ishonchli boshqaruvchisidan xabarnoma va tasdiqlovchi hujjatlar olingan paytdan boshlab ikki ish kuni ichida yagona reyestrga oʻzgartirishlar kiritadi.
17. Pay fondiga kiritilgan oʻzgartirishlar tarixi yagona reyestrning elektron tizimida saqlanadi.
5-bob. Pay fondini yagona reyestrdan chiqarish
18. Pay fondi tugatilgan taqdirda ishonchli boshqaruvchi Agentlikni bu toʻgʻrisida ikki ish kuni ichida pay fondini tugatish asoslarini koʻrsatgan va tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor qiladi.
19. Ishchi organ pay fondining ishonchli boshqaruvchisidan xabarnoma va tasdiqlovchi hujjatlar olingan paytdan boshlab bir ish kuni ichida tugatilgan pay fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona reyestrdan chiqaradi.
20. Yagona reyestrdan chiqarib tashlangan pay fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona reyestrning elektron arxivida saqlanadi.
6-bob. Yagona reyestrdan maʼlumotlarni taqdim etish
21. Yagona reyestrga kiritilgan maʼlumotlar quyidagi usullar bilan taqdim etiladi:
Agentlikning rasmiy veb-saytiga barcha foydalanishi mumkin boʻlgan mazkur Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni joylashtirish;
manfaatdor shaxslarning soʻroviga asosan qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etish.
22. Yagona reyestrga kiritilgan quyidagi maʼlumotlar Agentlikning rasmiy veb-saytida barcha foydalanuvchilar uchun ochiq eʼlon qilinadi:
pay fondini yagona reyestrga kiritish sanasi va raqami;
pay fondining toʻliq va qisqartirilgan nomi;
pay fondini ishonchli boshqaruvchining nomi.
23. Yagona reyestrdan qoʻshimcha maʼlumotlarni olish uchun yozma yoki elektron shakldagi soʻrovda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
maʼlumotlarning taqdim etilishini soʻrayotgan manfaatdor shaxsning nomi;
aloqa maʼlumotlari (manzil, telefon raqam va (yoki) elektron pochta);
soʻralayotgan maʼlumotlar roʻyxati;
soʻralayotgan maʼlumotlarni olish uchun huquqiy asos.
24. Qonunchilikka muvofiq maxfiy axborot jumlasiga kiritilgan maʼlumotlar faqat uni olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga beriladi.
7-bob. Yakuniy qoida
25. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2026 y., 10/26/3825/0431-son)