O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 18-apreldagi PF-67-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlarining mezonlarini tasdiqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 1-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilsin:
mahalliy va xorijiy muvofiqlikni baholash organlari o‘rtasida qo‘shma (ixtiyoriy) bitim imzolash orqali muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni tan olish;
Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkilotiga (ILAC) a’zo bo‘lgan xorijiy davlatlarning akkreditatsiya tashkilotlaridan akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan xalqaro standartlarga asoslangan sinov metodlari (uslublari) asosida rasmiylashtirilgan sinov bayonnomalarini bir tomonlama tan olish;
metrologiya tekshiruvi natijalarini e’tirof etish hamda sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish tartibini soddalashtirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-sentabr,
553-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-sentabrdagi 553-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida berilgan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va sinov protokollari quyidagi holatlarning birida e’tirof etiladi:
muvofiqlik sertifikatlarini, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni va sinov protokollarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida xalqaro bitim mavjud bo‘lganda;
mahalliy va xorijiy muvofiqlikni baholash organlari o‘rtasida imzolangan qo‘shma (ixtiyoriy) bitim mavjud bo‘lganda;
Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkilotiga (ILAC) a’zo bo‘lgan xorijiy davlatlarning akkreditatsiya tashkilotlaridan akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan xalqaro standartlarga asoslangan sinov metodlari (uslublari) asosida rasmiylashtirilgan sinov bayonnomalari taqdim etilganda. Bunda O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lishi sharti bilan bir tomonlama e’tirof etiladi;
olib kirilayotgan yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lmaganda”;
b) 38-bandda:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“o‘lchash vositalarini, sinov vositalarini, standart namunalarini va o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarining metrologiya tekshiruvini o‘tkazgan organning akkreditatsiya qilinganligini yoki vakolatini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi”;
v) 44-bandda:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi — oltinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“o‘lchash vositalarini, sinov vositalarini, standart namunalarini va o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarining metrologiya tekshiruvini o‘tkazgan organning akkreditatsiya qilinganligini yoki vakolatini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-avgustdagi 528-son qarori bilan tasdiqlangan Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalarining 12-bandi to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-sentabrdagi 553-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2016-yil 31-martdagi 99-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2017-yil 13-fevraldagi 71-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Shisha idishlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2017-yil 16-fevraldagi 86-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2017-yil 7-iyuldagi 474-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 12-iyuldagi 490-son qarori.
6. Vazirlar Mahkamasining “Go‘sht va go‘sht mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2018-yil 22-yanvardagi 36-son qarori.
7. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi O‘RQ-429-son Qonuni)” 2018-yil 28-maydagi 392-son qaroriga ilovaning 11-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoni hamda “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3573-son qarori)” 2018-yil 16-iyuldagi 539-son qaroriga ilovaning 22-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-son qarori)” 2018-yil 24-sentabrdagi 759-son qaroriga 1-ilovaning 13-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3671-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarori)” 2018-yil 7-dekabrdagi 995-son qaroriga 1-ilovaning 120 va 134-bandlari.
11. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 12-iyuldagi 575-son qaroriga 7-ilovaning 13-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2019-yil 10-oktabrdagi 861-son qarori.
13. Vazirlar Mahkamasining “Meva va sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2020-yil 4-martdagi 119-son qarori.
14. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2020-yil 1-iyundagi 345-son qarori.
15. Vazirlar Mahkamasining “Yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2020-yil 17-noyabrdagi 724-son qarori.
16. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2020-yil 30-noyabrdagi 753-son qaroriga 4-ilovaning 3-bandi.
17. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 9-sentabrdagi PQ-4821-son qarori)” 2021-yil 21-dekabrdagi 766-son qaroriga 1-ilovaning 9, 10 va 13-bandlari.
18. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2022-yil 11-martdagi 114-son qaroriga 3-ilovaning 14, 28, 31, 32 va 38-bandlari.
19. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” 2021-yil 20-apreldagi O‘RQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 421, 796, 845 va 943-bandlari.
20. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son Farmoni)” 2021-yil 19-noyabrdagi 694-son qaroriga 1-ilovaning 72 va 78-bandlari.
21. Vazirlar Mahkamasining “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida” 2022-yil 1-noyabrdagi 631-son qaroriga 6-ilovaning 3, 4 va 5-bandlari.
22. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat boshqaruvi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2023-yil 11-dekabrdagi 653-son qaroriga ilovaning 10-bandi.
23. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2024-yil 15-avgustdagi 507-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
24. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2025-yil 29-yanvardagi 48-son qaroriga 2-ilovaning 59 va 63-bandlari.
25. Vazirlar Mahkamasining “Agrosanoat majmuida davlat nazorati tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2025-yil 1-apreldagi 197-son qaroriga ilovaning 6-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.09.2025-y., 09/25/553/0796-son)