“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi yuzasidan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va rasmiy e’lon qilingan kunidan boshlab o‘n sakkiz oy o‘tgandan keyin amalga kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlarning amalga kiritilishi munosabati bilan ularda ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlar va xizmatlarni standartlashtirish bo‘yicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik tusini yo‘qotishi va belgilangan tartibda qo‘llashning ixtiyoriylik tusiga ega bo‘lishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. “O‘zstandart” agentligi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament belgilangan tartibda amalga kiritilgan kundan boshlab sut va sut mahsulotlarining xavfsizligiga qo‘yiladigan majburiy talablarni belgilovchi standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni qo‘llashda majburiylik tusini bekor qilish va ixtiyoriylikni ta’minlash choralarini ko‘rsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlari tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida keng xabardor qilinishini ta’minlasinlar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.