Oʻzbekiston Respublikasi istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 18-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3631]
1. Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 16-may,
1-son
Kelishildi:
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 30-aprel
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 29-aprel
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 28-aprel
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 24-aprel
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2025-yil 23-aprel
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2025-yil 19-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 16-maydagi 1-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
elektron tijorat operatori axborot tizimi — tovarlar va mahsulotlarga (bundan buyon matnda tovarlar deb yuritiladi) buyurtma berish va ularni yetkazib berish uchun foydalaniladigan dasturiy-apparat majmuasi (veb-sayt, mobil ilova va boshqalar);
kuryer — tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqaruvchilar va (yoki) sotuvchilar, umumiy ovqatlanish korxonalari hamda yetkazib berish xizmati operatorlari bilan mehnat shartnomalari va (yoki) fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida tovarlarni yetkazib berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi jismoniy shaxs, shu jumladan oʻzini oʻzi band qilgan shaxs;
yetkazib berish xizmati operatori — elektron tijorat operatorlari bilan tuzilgan shartnoma asosida tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatuvchi yoki kuryerlar orqali buyurtmalarni xaridorlarga yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
xaridor — elektron tijoratda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xaridori, isteʼmolchisi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;
sotuvchi — axborot tizimlaridan foydalangan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana va (yoki) ulgurji sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
termokonteyner (termosumka) — tovarlarni tashishda kerakli harorat rejimini saqlash uchun moʻljallangan idish;
yetkazib berish xizmati — tovarni sotuvchidan qabul qilish, tashish, xaridorga topshirish va zarur hollarda toʻlovni qabul qilish kabi operatsiyalarni oʻz ichiga olgan kompleks xizmat.
2-bob. Tovarlarni yetkazib berishga qoʻyiladigan talablar
3. Yetkazib berish xizmatini koʻrsatishga buyurtma xaridor yoki sotuvchi tomonidan elektron tijorat operatorining axborot tizimi orqali yoki ishtirokchilar oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa usulda rasmiylashtiriladi. Yetkazib berish xizmatini koʻrsatish shartlari (yetkazib berish muddatlari, narxi, usullari, hududi va boshqalar) buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida xaridorga maʼlum qilinishi kerak.
4. Yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish shartlari va talablari mazkur Nizom va qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari (sotuvchilar, xaridorlar, elektron tijorat operatori va yetkazib berish xizmati operatori) oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
5. Yetkazib berish xizmatlarining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
ishonchlilik — yetkazib berish paytida tovarning butligi, uning isteʼmol xususiyatlari va tovar koʻrinishining saqlanishini taʼminlash;
oʻz vaqtida yetkazish — xaridor bilan kelishilgan yetkazib berish muddatlariga rioya qilish. Bunda, har qanday taxmin qilinayotgan yoki yuzaga kelgan kechikishlar toʻgʻrisida xaridor oʻz vaqtida xabardor qilinishi kerak;
xavfsizlik — tovar va kuryer xavfsizligini taʼminlovchi barcha qoidalarga rioya qilish;
axborot berish — xaridorga yetkazib berish holatini kuzatish (agar texnik jihatdan mumkin boʻlsa) va kuryerning taxminiy kelish vaqti toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoniyatini taqdim etish.
6. Yetkazib berish xizmati operatorlari va kuryerlar (bundan buyon matnda yetkazib berish xizmatlari ijrochilari deb yuritiladi), agar bu sotuvchi yoki elektron tijorat operatori bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, xaridorlardan tovar va (yoki) yetkazib berish xizmatlari uchun toʻlovlarni (shu jumladan, naqd pul mablagʻlarini) qabul qilishga haqli.
Bunda, toʻlovni qabul qilishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi, shu jumladan nazorat-kassa texnikasini majburiy qoʻllash yoki elektron yoxud qogʻoz shaklida chek (kvitansiya) taqdim etilishi lozim.
3-bob. Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning oʻziga xos xususiyatlari
7. Yetkazib berish xizmatlari ijrochilari oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda qonunchilik hujjatlari va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilishlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari tashiladigan transport vositalari hamda termokonteynerlarni (termosumkalarni) qonunchilikda belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash shartlariga muvofiq jihozlanishini taʼminlashi shart.
8. Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
oziq-ovqat mahsulotlari tashiladigan transport vositalari, termokonteynerlar (termosumkalar) va qadoqlash vositalari toza hamda soz holatda boʻlishi, shuningdek muntazam yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi;
qadoqlash vositalari oziq-ovqat mahsulotlari bevosita tegib turishiga ruxsat etilgan materiallardan tayyorlangan boʻlishi hamda ifloslanishdan va hayvonlar va hasharotlarning kirishidan himoyani taʼminlashi.
9. Quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda ularning bevosita tegib turishining oldini olish uchun alohida tashish (seksiyalar yoki termoizolyatsion toʻsiqlardan foydalangan holda alohida termokonteynerlarda (termosumkalar) taʼminlanishi lozim:
xom va tayyor mahsulotlar;
sovutilgan, muzlatilgan va issiq mahsulotlar;
oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari;
oʻtkir hidli mahsulotlar va boshqa tovarlar.
10. Tez buziladigan va (yoki) muayyan harorat rejimiga moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini (sovitilgan, muzlatilgan, issiq ovqatlar) yetkazib berishda kuryerlar zarur haroratni saqlab turishni taʼminlovchi soz holatdagi termokonteynerlar (termosumkalar) bilan taʼminlanishi lozim.
Bunda, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda haroratni nazorat qilish vositalaridan (termoindikatorlar, loggerlar) foydalanilishi mumkin.
11. Oziq-ovqat mahsulotlari kuryerga qadoqlangan holda topshirilishi lozim. Qadoq butun, toza, begona hidlarsiz boʻlishi shart.
4-bob. Yetkazib berish xizmati operatorlarining huquq va majburiyatlari
12. Yetkazib berish xizmati operatorining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
kuryerlar bilan tegishli mehnat shartnomalari va (yoki) fuqarolik-huquqiy shartnomalarini tuzish;
ish haqi yoki koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovni shartnomalar boʻyicha oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirish;
kuryerlarni mehnatni muhofaza qilish qoidalari va axborot tizimlaridan foydalangan holda yetkazib berish qoidalari bilan tanishtirish hamda qonunchilik talablariga rioya qilish boʻyicha dastlabki tarzda (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) oʻqitishni tashkil etish;
kuryerlarni (agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa) zarur uskunalar (termokonteynerlar, fiskal qurilmalar), shuningdek yetkazib berish xizmatining tanish belgilari va maxsus kiyim-bosh (qorongʻu vaqtda ishlash uchun nur qaytaruvchi elementlarga ega boʻlgan) bilan taʼminlash;
yetkazib berish jarayoni, muddatlari, tovarlar va pul mablagʻlarini qabul qilish va topshirish tartibini (ichki yoʻriqnomalar, qoidalar va boshqalar) ishlab chiqish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish;
isteʼmolchilarning yetkazib berish xizmatlari sifati boʻyicha murojaatlarini (shikoyat, takliflarini) qabul qilish va koʻrib chiqish jarayonini tashkil etish;
kuryerlardan ularning shaxsiy maʼlumotlarini yigʻish, saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish xizmati koʻrsatilayotgan xaridorlarga taqdim qilinishi boʻyicha roziligini olish;
tovarlarning xaridorlarga topshirilgunga qadar saqlanishi uchun subsidiar javobgarlikni oʻz zimmasiga olish.
Yetkazib berish xizmati operatori qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Yetkazib berish xizmati operatori quyidagi huquqlarga ega:
yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish uchun kuryerlarni ishga jalb qilish;
kuryerlardan qonunchilik hujjatlari, ushbu Nizom va ichki qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
kuryerlarni zarur moddiy-texnik resurslar, shu jumladan transport vositalari bilan taʼminlash;
xaridorlardan (sotuvchilar, elektron tijorat operatorlari, isteʼmolchilar) koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq olish.
Yetkazib berish xizmati operatori qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
5-bob. Kuryerlarning huquq va majburiyatlari
14. Kuryerlarning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qonunchilik hujjatlari, shu jumladan Yoʻl harakati qoidalari, mazkur Nizom hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilish (toza va sarishta koʻrinishni saqlash);
yetkazib berilayotgan tovarlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, ularning saqlanishini, qadoqning butligini va zarur harorat rejimiga rioya etilishini (termokonteynerdan foydalanganda) taʼminlash;
tovarlarni yetkazib berishni amalga oshirish hamda kelishilgan yetkazib berish muddatlariga rioya qilish;
yetkazib berish xizmatining mobil ilovasidan, navigatsiya vositalaridan va uskunalardan (toʻlov terminali, termokonteyner) foydalanishni bilish;
yetkazib berish jarayonida yuzaga kelgan har qanday muammolar (yoʻl harakati hodisasi, tovarning shikastlanishi, topshirishning imkonsizligi, kechikish va h.k.) toʻgʻrisida yetkazib berish xizmati operatorini (yoki sotuvchini) zudlik bilan xabar berish;
xaridorlarning shaxsiy maʼlumotlari va buyurtmalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik.
Kuryerlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Kuryerlar quyidagi huquqlarga ega:
xaridorlardan tovarlar uchun naqd pul mablagʻlarini qabul qilish;
shartnoma yoki kelishuvda belgilangan muddatda koʻrsatilgan xizmatlar uchun ish haqi va qoʻshimcha toʻlovlar olish;
buyurtmani bajarish qonunchilik hujjatlarining buzilishiga olib kelsa, kuryerning hayoti va sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlsa yoki taqdim etilgan tovarlar qonunchilik talablariga javob bermasa (masalan, qadoq, harorat rejimi buzilgan boʻlsa), buyurtmani bajarishdan bosh tortish.
Kuryerlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Kuryerga quyidagilarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
tovarning qadogʻini oʻzboshimchalik bilan ochish, bundan xaridor va sotuvchi bilan kelishilgan holda tovarlarni tekshirish nazarda tutilgan hollar mustasno;
yetkazib berilayotgan tovarni tegishli buyurtmada koʻrsatilgan xaridorlardan boshqa uchinchi shaxslarga berish, bundan buyurtma bekor qilingan va (yoki) rad etilgan taqdirda, tovarni utilizatsiya qiluvchi xizmatlarga yoxud buyurtma raqamini aytgan shaxslarga topshirish mustasno;
xavfsizlik talablariga javob bermaydigan yoki alohida toifadagi tovarlarni tashish uchun moʻljallanmagan transport vositalaridan foydalanish;
tovarni ataylab yoʻq qilish yoki shikastlash;
xaridordan buyurtma summasi va yetkazib berish narxidan ortiqcha qoʻshimcha haq talab qilish;
xaridorlarning shaxsiy maʼlumotlarini va (yoki) yetkazib berilayotgan tovar haqidagi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilish;
alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida tovarlarni yetkazib berish.
6-bob. Yakuniy qoidalar
17. Elektron tijoratda kuryerlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
18. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2025-y., 10/25/3631/0530-son)