Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining
Qarori
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 25-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3591]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-381-son “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qaror qiladi:
1. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-dekabr,
44-son
Bosh prokurori N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-dekabr,
14-son
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 18-dekabr,
14-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 14-dekabr,
DXX raisi B. KURBANOV
2024-yil 14-dekabr,
Milliy gvardiya qoʻmondoni R. DJURAYEV
2024-yil 9-dekabr,
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2024-yil 20-dekabrdagi 44-son, Bosh prokuraturaning 2024-yil 19-dekabrdagi 14-son hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2024-yil 18-dekabrdagi 14-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Yoʻriqnoma tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
kripto-aktiv — maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yigʻindisini ifodalaydigan, qiymati va egasiga ega boʻlgan mulkiy huquq (masalan, “Bitcoin”, “Ethereum” va boshqalar);
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri — maʼlumotlarni ixtisoslashtirilgan bloklarda taqsimlovchi texnologiya boʻlib, bunda har bir yangi blok oldingi blok bilan kriptografik imzo orqali bogʻlanadi (blokcheyn);
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari (bundan buyon matnda xizmatlar provayderlari deb yuritiladi) — jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar;
kripto-birja — kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash uchun elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-hamyon — kripto-aktivlarni saqlash va boshqarish uchun moʻljallangan dasturiy yoki dasturiy-texnik vosita;
kripto-hamyon kaliti — kripto-hamyonga kirish va egalik qilish imkonini beruvchi maxsus kod (parol);
kripto-hamyon manzili — maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi kripto-aktivlarni bir kripto-hamyondan boshqasiga yuborish va qabul qilish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun ishlatiladigan raqamlar, harflar va belgilardan tashkil topgan noyob kombinatsiya;
kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklar — kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirishga oid huquqbuzarliklar;
axborot tashuvchi qurilmalar — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va uni tarqatish uchun foydalaniladigan qurilmalar;
mayning — hisoblash operatsiyalarini amalga oshirish orqali maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrini saqlash, bloklarni yaratish va ularning yaxlitligini tasdiqlash faoliyati;
SEED ibora — kripto-hamyon kalitini oʻzgartirish yoki qayta tiklash uchun qoʻllaniladigan harf va raqamlar yigʻindisi.
2. Kripto-aktivlar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida xatlash, musodara qilish, yetkazilgan zararni qoplash uchun olib qoʻyilishi hamda dalil sifatida eʼtirof etilishi mumkin.
3. Kripto-aktivlar bilan bogʻliq tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini oʻtkazish kripto-aktivlar bilan ishlash koʻnikmalariga ega boʻlgan mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilishi shart.
2-bob. Kripto-aktivlar aylanmasiga oid maʼlumotlarni aniqlash
4. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar qonunchilik hujjatlari va mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq aniqlanadi.
5. Quyidagi maʼlumotlar kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid axborot manbalari boʻlishi mumkin:
shubhali operatsiyalar toʻgʻrisidagi xabarlar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organining maʼlumotlari;
xizmatlar provayderlari va maynerlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar;
nazorat qiluvchi (litsenziyalovchi) organlarning maʼlumotlari;
ochiq axborot manbalaridan olingan maʼlumotlar;
kripto-hamyonlar boʻyicha maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrini tahlil qilish natijalari va boshqalar.
6. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid maʼlumotlar va dalillar quyidagilarda aniqlanishi mumkin:
axborot tashuvchi qurilmalar;
kripto-hamyonlar (masalan, “Ledger”, “Trezor”, “KeepKey”, “Coldcard”, “Bitlox”, “Blochstech” va boshqalar);
qogʻoz, bloknot yoki boshqa narsa va buyumlarda qayd etilgan qoʻlyozma va yozuvlar.
Mazkur narsa va buyumlar olib qoʻyilayotganda mutaxassis ishtirokida koʻzdan kechiriladi hamda ashyoviy, yozma yoki raqamli dalil sifatida eʼtirof etilishi mumkin.
7. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni aniqlash bilan bir qatorda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:
axborot tashuvchi qurilmalarning xotirasini koʻzdan kechirish;
kripto-hamyon manzili boʻyicha maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrini tahlil qilish;
sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasini tayinlash;
qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar provayderlariga tegishli soʻrovlarni yuborish;
bank siri bilan bogʻliq maʼlumotlarni olish boʻyicha soʻrovlar yuborish.
8. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziya va ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining rasmiy veb-saytidagi litsenziyalar reyestri yoki Agentlikka soʻrov yuborish orqali aniqlanadi.
9. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan axborot tashuvchi qurilmalar xotirasini koʻzdan kechirishda quyidagilarga:
kripto-hamyonlar, ularning manzili va kaliti hamda SEED iboraga taalluqli maʼlumotlar, loginlar va parollarga;
veb-brauzerga kirish va u orqali qidirish tarixi, jumladan kripto-aktivlar bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi yoki ular bilan bogʻliq boshqa veb-saytlarga kirilganligi tarixi va login maʼlumotlariga;
IR-manzillarga;
kripto-aktivlarni masofadan saqlash xizmatlari (cloud) va boshqa saqlash usullaridan foydalanilganligi haqidagi maʼlumotlarga;
axborot tashuvchi qurilmalarga kripto-hamyonlarga taalluqli dasturiy mahsulotlar oʻrnatilganligi va ulardan foydalanilganligi haqidagi maʼlumotlarga;
kripto-aktivlar va kripto-hamyonlar haqidagi axborotlar boʻlgan fayllar hamda fotosuratlar, audio-, videoyozuvlarning mavjudligiga alohida eʼtibor qaratiladi.
10. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan mayning bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni aniqlashda elektr tarmoqlariga ulanish va undan foydalanish holatlari oʻrganib chiqilishi hamda huquqiy baho berilishi lozim.
11. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan kripto-aktivlar aylanmasining qonunchilikka zid ravishda amalga oshirilgan har bir holatiga huquqiy baho berilishi kerak.
3-bob. Kripto-aktivlarni olib qoʻyish va xatlash
12. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish davomida aniqlangan kripto-aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 329-moddasiga muvofiq shaxsiy tintuv, hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirishda olib qoʻyilishi mumkin.
13. Shaxslar oʻz tasarrufida boʻlgan kripto-aktivlar va ular bilan bogʻliq maʼlumotlarni tergovga kadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov organiga oʻz tashabbusi bilan taqdim etishga haqli.
14. Kripto-aktivlarni xatlash maqsadida kripto-hamyonga kirish uchun kripto-hamyonga taalluqli maʼlumotlar (masalan, biometrik maʼlumotlar, login, parol, manzil va boshqalar) va qayta tiklash kodi (masalan, SEED ibora yoki shaxsiy kalit) aniqlanadi hamda identifikatsiya qilinadi.
15. Axborotning but saqlanishini taʼminlash, uning oʻzgartirilishi va yoʻq qilinishining oldini olish maqsadida:
kompyuter va axborot tashuvchi qurilmalarni internet tarmogʻidan uzish (jumladan, sim-kartasini olib qoʻyish) hamda axborot tashuvchi qurilmani “parvoz rejimi”ga oʻtkazish;
kripto-aktivlar aylanmasiga oid maʼlumot mavjud boʻlgan axborot tashuvchi qurilmalarni koʻzdan kechirish va olib qoʻyish mutaxassislarni jalb etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Kripto-aktivlarni olib qoʻyish va xatlash ularni surishtiruv hamda dastlabki tergov organlarining kripto-hamyon manziliga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Mazkur jarayon qayd etilgan fotosuratlar, audio-, videoyozuvlar bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi.
17. Kripto-aktivlarni xatlashda ularning qiymati sanasi va vaqtini koʻrsatgan holda milliy valyutada (chet el valyutasida) Oʻzbekiston Respublikasida litsenziyaga ega boʻlgan xizmatlar provayderlaridagi kotirovkalar, xizmatlar provayderlarining listingiga kiritilmagan kripto-aktivlar boʻyicha esa kripto-aktivlar bilan bogʻliq xizmat koʻrsatuvchi boshqa provayderlarning platformalaridagi narxlarga muvofiq qayd qilinadi.
4-bob. Kripto-aktivlarni saqlash va topshirish
18. Xatlangan kripto-aktivlarni saqlash uchun surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida litsenziyaga ega boʻlgan xizmatlar provayderlarida kripto-hamyonlar ochiladi.
Har bir surishtiruv va dastlabki tergov organi kripto-aktivlar, kripto-hamyon manzillari yoki qurilmalarning xavfsizligini taʼminlaydi. Bunda, har bir organ uchun faqat bitta kripto-hamyon manzili yoki qurilmasi olinadi.
19. Kripto-hamyon manzillari yoki qurilmalarida saqlanishi koʻzda tutilgan kripto-aktivlarning konfidensialligini taʼminlash, ularni boshqa tashkilotlarga va tarkibiy boʻlinmalariga taqdim etish, shuningdek dastlabki tergov davomida ishlatish jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat surishtiruv va dastlabki tergov organi boshligʻi zimmasiga yuklatiladi.
20. Xatlangan kripto-aktivlar tegishli qaror qabul qilinguniga qadar kripto-hamyonlarda yoki qurilmalarda saqlanadi.
21. Kripto-aktivlarni oʻz egalariga qaytarish va musodara qilish tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda sudning qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
22. Davlat daromadiga oʻtkazilgan kripto-aktivlarni realizatsiya qilish kripto-aktivlarni Oʻzbekiston Respublikasida litsenziyaga ega boʻlgan xizmatlar provayderlari orqali sotish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
23. Olib qoʻyilgan, xatlangan va dalil sifatida eʼtirof etilgan kripto-aktivlarning hisobi surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan yuritiladi.
24. Ushbu Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3591/1082-son)