Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-apreldagi 147-sonli “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-iyundagi PQ-5143-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi mudiri bir hafta muddatda boʻlim mudiri va bosh mutaxassislarining funksional vazifalari taqsimoti tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi hamda Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2020-yil 15-apreldagi 230-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-iyul,
424-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-iyuldagi 424-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-iyundagi PQ-5143-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimining (keyingi oʻrinlarda — Boʻlim) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va masʼuliyatini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Boʻlim faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda — harbiylashtirilgan tuzilmalar) faoliyatini moliyaviy hamda moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasini, uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatini axborot-tahliliy taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3. Boʻlim oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni oʻz vaqtida, aniq va toʻliq hajmda amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputatlar va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari bajarilishini monitoring qilib borish, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asnoda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi doirasidagi vazifalar, oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari doirasidagi vazifalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-maydagi 262-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 09/22/262/0426-son)
barcha darajalardagi vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli hamda masʼuliyatini oshirish;
biriktirilgan sohada davlat siyosatining samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida vazirliklar va idoralarning mustaqilligini idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali kuchaytirish;
idoraviy mansub tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligiga asoslangan yangi baholash tizimini joriy etish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali, shu jumladan ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish asosida normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni taʼminlash;
Vazirlar Mahkamasi apparatida, biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda ijro intizomi darajasini oshirish, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlash;
davlat organlarining faoliyatini yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishni tashkil qilishning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish;
davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va oʻrta boʻgʻin boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish;
Boʻlimda, shuningdek, biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish va kadrlarning amaliy zaxirasini tayyorlashning samarali shakl va usullarini joriy etish.
7. Quyidagilar Boʻlimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishini tizimli hamda kompleks oʻrganishni tashkil etish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlarini, “yoʻl xaritalari”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining bajarilishini tashkil etish hamda nazorat qilish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
harbiylashtirilgan tuzilmalarni qurol-aslaha, harbiy (maxsus) texnika va harbiy-texnik mulk bilan jihozlash kompleks dasturlari amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish, tahlil qilish hamda samaradorligini baholash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqishda harbiylashtirilgan tuzilmalar bilan tashkiliy-amaliy tadbirlar hamda oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha taqdim etilgan takliflar hamda hujjatlar loyihalarini tahlil qilish, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻyicha ishlarni va joriy holatni monitoring hamda tahlil qilish;
b) harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini axborot bilan va huquqiy taʼminlash boʻyicha:
harbiylashtirilgan tuzilmalarning tegishli funksional masalalari va hujjatlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini tizimli asosda shakllantirish hamda yuritish, uning muntazam toʻldirilishi va yangilashini taʼminlash;
takliflar va hujjatlar loyihalarining sifatli, puxta va oʻz vaqtida tayyorlanishini, harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlashga taalluqli topshiriqlar hamda qabul qilingan qarorlar bajarilishi muntazam nazorat qilinishini taʼminlash;
moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini bajarish yuzasidan harbiylashtirilgan tuzilmalarning tarmoq xizmatlari faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha oʻzaro yaqin hamkorligini taʼminlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini axborot bilan va huquqiy, shuningdek, moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi islohotlar amalga oshirilishining samaradorligini muntazam va tizimli asosda har tomonlama hamda tanqidiy tahlil qilishni taʼminlash, aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish va kompleks vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan asoslangan takliflar tayyorlash;
v) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasidagi islohotlar amalga oshirilishini kompleks va tizimli oʻrganishni tashkil qilish, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, iqtisodiyot tarmoqlarining favqulodda vaziyatlar va yongʻinlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik holatini tizimli oʻrganish va tahlil qilish;
favqulodda vaziyatlar, yongʻinlar va ularning oqibatlari bartaraf etilishi haqidagi axborotni tahlil qilish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bajarilishining nazoratini tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimini, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasi boshligʻi sifatidagi faoliyatini axborot-tahliliy va tashkiliy taʼminlash;
kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohasida axborot-tahliliy taʼminlashni tashkil etish;
g) harbiylashtirilgan tuzilmalarda ijro intizomini taʼminlash boʻyicha:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar boʻyicha amalga oshirish grafiklari (nazorat rejalari)ni ishlab chiqish, bajarilishini nazorat qilish hamda oʻz muddatida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda 1, 2, 3-kartotekalar yuritilishini hamda nazorat bandlari tuzilma rahbari hamda uning birinchi oʻrinbosari huzurida muhokama etilishini, shuningdek, belgilangan tartibda maʼlumotlar bazalari yuritilishining doimiy nazoratini olib borish;
biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda ijro intizomi holati tizimli oʻrganilishini tashkil etish va natijalari boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlash va rahbariyatga taqdim etish;
ijro intizomi holati masalasi harbiylashtirilgan tuzilmalarning barcha hayʼat majlislarida tanqidiy koʻrib chiqilishini alohida nazoratga olish va ularda qatnashish;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosi natijalari boʻyicha Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan maʼlumotlar asosida tayyorlangan Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi materiallarini koʻrib chiqish;
biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarni isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalar amalga oshirilishini tahlil qilib borish hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilinishini tashkil etish;
topshiriqlar ijrosini Vazirlar Mahkamasi apparatida hamda biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda tashkil etish va nazorat qilish;
topshiriqlar ijrosini tahlil qilib borish hamda muddati kechiktirilayotgan hujjatlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisiga axborot kiritib borish;
biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda ijro intizomi holatini maqsadli va kompleks oʻrganish;
biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda nazorat va ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinmalar rahbarligiga nomzodlarni tanlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish;
d) konsepsiyalar, dasturlar va “yoʻl xaritalari”ni tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha:
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilish mexanizmlarini joriy etish;
“yoʻl xaritalari”ga kiritish uchun harbiylashtirilgan tuzilmalarning ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari bilan birgalikda xorijiy davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, harbiylashtirilgan tegishli tuzilmalar faoliyatini moliyaviy, moddiy-texnik taʼminlashning muammoli masalalari yuzasidan takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga tashriflari va respublika hududlariga safarlari natijalariga koʻra, Boʻlim vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” bajarilishining tizimli nazoratini taʼminlash;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishining samaradorligi boʻyicha taqdim etiladigan axborot va materiallarni har tomonlama tanqidiy tahlil qilish hamda umumlashtirish;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishi toʻgʻrisida harbiylashtirilgan tuzilmalar rahbarlarining batafsil axborotlari, materiallari va hisobotlari taqdim etilishini taʼminlash hamda muhokama qilish uchun Vazirlar Mahkamasi majlisiga kiritish.
8. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri huzurida koʻrib chiqish uchun rejalashtirilgan tegishli masalalarni tayyorlaydi hamda kiritadi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarining tayyorlanishi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
tegishli davlat organlarining rahbarlari va ularning birinchi oʻrinbosarlariga yuklangan vazifa hamda funksiyalar samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot berishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga har choraklik tahliliy hisobotlar tayyorlaydi;
tegishli tarmoqlar va biriktirilgan masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazalari yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam yangilanishi hamda toʻldirib borilishini taʼminlaydi;
muayyan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalarda, shu jumladan joylarga chiqqan holda jamoatchilik fikrini oʻrganishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputatlar va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali bajarilishini tashkil etadi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi;
oʻzi yuritadigan sohaga doir masalalar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtiradi va tahliliy qayta ishlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot berish uchun tegishli maʼlumotnoma, tahliliy materiallar hamda takliflar tayyorlaydi;
hududlardagi ishlar holatini, shu jumladan joyiga chiqqan holda oʻrganadi, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini oʻrganadi hamda Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga hisobot berish uchun tegishli tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlari bajarilishini nazorat qiladi;
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun tahliliy, maʼlumotnoma va boshqa materiallar, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlari loyihalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlarning Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadi, qayta ishlaydi, ularga zarur tahliliy hamda maʼlumotnoma materiallarining sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlar uchun materiallar tayyorlashda hamda ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
materiallar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarining kompleks ravishda sifatli ishlab chiqilishi hamda tayyorlanishini, shuningdek, ularning manfaatdor davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishishni taʼminlaydi;
qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda taqdim etilishini, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha ularni himoya qilishni tashkil etadi;
Boʻlimga yuklangan vazifalarga muvofiq biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
vazirliklar va idoralar biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishi uchun Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini ularga berish boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladigan tegishli idoralararo kollegial organlar ishining samarali tashkil etilishini taʼminlaydi, ular qabul qilgan qarorlar bajarilishini muvofiqlashtiradi hamda nazorat qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda qoʻyilgan masalalarni hal etishga oid takliflar tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi.
Boʻlim oʻziga yuklangan boshqa vazifalarni ham belgilangan tartibda amalga oshiradi.
3-bob. Boʻlimning huquqlari va javobgarligi
9. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan Boʻlim faoliyati sohalaridagi islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni tizimli asosda oʻtkazishda ishtirok etish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
davlat organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlari vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda axborot-tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish uchun ekspert guruhlarini tashkil etish;
biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning kollegial organlari majlislarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshirigʻiga binoan — davlat boshqa organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida ishtirok etish;
zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtincha ishchi guruhlar tashkil etish;
zarur boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda keladigan hujjatlarni qaytarish.
Boʻlimning zarur materiallar, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, Boʻlim belgilagan muddatlarda bajarilishi lozim.
10. Boʻlim:
oʻziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda hamda samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Boʻlim vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni va “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishi;
Boʻlimdagi ishlarning holati, tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar faoliyatining zarur darajada muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishi;
oliy darajadagi xorijiy tashriflar, shuningdek, respublika hududlariga safarlar natijalari boʻyicha Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning zarur darajada va samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining davlat manfaatlarini, iqtisodiy samaradorlikni taʼminlash hamda ulardagi masalalarni barcha manfaatdor tuzilmalar bilan bogʻlash nuqtai nazaridan puxta ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlari, “yoʻl xaritalari”, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar hamda tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan nazorat taʼminlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son, “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarorlariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi 467-son va “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarorlariga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash uchun javob beradi.
(10-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-maydagi 262-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 09/22/262/0426-son)
4-bob. Boʻlimning tuzilmasi
11. Boʻlim tuzilmasiga:
Boʻlim mudiri;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
inspektor kiradi.
Boʻlim tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Boʻlim ishlariga Boʻlim mudiri rahbarlik qiladi.
13. Boʻlim mudiri va bosh mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish
14. Boʻlim ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati toʻgʻrisidagi Nizomga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha Yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Boʻlimning ish rejalari, Boʻlim mudiri va mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boʻlim ish rejasi Vazirlar Mahkamasining Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan ish rejasi asosida shakllantiriladi.
Boʻlimning ish rejasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim mudirining shaxsiy ish rejasi, bosh mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari Boʻlim mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish boʻyicha Boʻlimning faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq kompleks oʻrganishlar asosida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirining, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlariga binoan Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Boʻlim majlislarida hisobotlarni eshitish hamda maʼlumotlar tegishli bankini yuritish orqali tashkil etiladi.
15. Boʻlim mudiri:
Boʻlimga bevosita rahbarlik qiladi, bosh mutaxassislar va inspektorning ishlarini tashkil qiladi hamda muvofiqlashtiradi, Boʻlimga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boʻlim yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlaydi, ularning ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda moliyaviy, moddiy-texnik, axborot bilan va huquqiy taʼminlash boʻyicha tadbirlarning holati va natijadorligi toʻgʻrisida tizimli monitoring tashkil etilishini hamda maʼlumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek, muammoli masalalarni hal etish, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalarga doir istiqbolli vazifalarning amalga oshirilishi boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini taʼminlaydi;
Boʻlimning tasdiqlangan tuzilmasi va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etilayotgan nomzodlar, bosh mutaxassislarining kasbiy darajasi va ish malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va jazolash choralari boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
vazifalarning bosh mutaxassislar oʻrtasida taqsimlanishini, shuningdek, Boʻlimning yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga tasdiqlash uchun kiritadi, Boʻlim bosh mutaxassislarining ish rejalarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelgan va Hukumat qarori talab qilinmaydigan hujjatlarni tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, idoralararo kollegial organlar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Boʻlim kadrlari zaxirasining shakllantirilishi va yangilanishini, kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar bilan tizimli ishlash tashkil etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda boʻlgan Yoʻriqnomaga muvofiq ishlar yuritilishini taʼminlaydi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Boʻlim vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
16. Boʻlim mudiri vaqtinchalik boʻlmaganda, uning vazifasini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda bosh mutaxassislardan biri bajaradi.
17. Boʻlim bosh mutaxassisi:
oʻz funksional vazifalariga muvofiq takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ishonchliligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi, topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
tegishli davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalarini tayyorlaydi, shuningdek, ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlaydi;
materiallar va hujjatlarning loyihalari toʻgʻrisida Boʻlim mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha amalga oshirish jadvali yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining Boʻlim bosh mutaxassislarining javobgarlik sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha topshiriqlari davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;
“Ijro.gov.uz” tizimiga biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalar — masʼul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini hamda ularning ijro muddatini uzaytirish boʻyicha takliflar asoslantirilganligini koʻrib chiqadi:
ijro natijalari qoniqarli, ijro muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif asoslantirilgan boʻlganda — “Ijro.gov.uz” tizimida tasdiqlaydi;
ijro natijalari qoniqarsiz boʻlganda, ijro muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif asoslantirilmagan boʻlganda — ularni qayta ishlashga joʻnatadi;
biriktirilgan harbiylashtirilgan tuzilmalarda ijro intizomiga rioya etilishi holatini har haftaning bir ish kuni davomida oʻrganadi, bunda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratadi:
topshiriqlarning ijroga qaratilishiga — qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar roʻyxatdan oʻtkazilishi va rahbarga axborot berilishi, ular boʻyicha aniq ijrochilar, muddatlar va bajarish mexanizmi koʻrsatilgan topshiriqlar tayyorlanishi va ijrochilarga yetkazilishiga;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar boʻyicha amalga oshirish grafiklari (nazorat rejalari)ni tayyorlanishi, tasdiqlanishi va ijroga qaratilishiga;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mazmun-mohiyati boʻyicha tushuntirish, targʻibot ishlari oʻtkazilishi, mahallalarda ijrosi tashkil qilinishi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishi yoʻlga qoʻyilganligiga;
barcha xodimlar tomonidan ish rejalari ishlab chiqilishi, ushbu rejalarda ijro intizomi masalasi boʻyicha alohida boʻlim kiritilishi, maʼlumotlar bazasi yuritilishi hamda “Ijro.gov.uz” tizimida ish yuritilishiga;
topshiriqlarning ijro holati rahbarning birinchi oʻrinbosari huzurida har hafta juma kuni, rahbar huzurida haftaning dushanba kuni muhokama qilib borilishi, topshiriqlarni toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini taʼminlanmagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari koʻrib chiqilishiga;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi tahlil qilinishi, oʻrganish hamda ijro natijalari boʻyicha Adliya vazirligiga axborot taqdim etilishiga;
tegishli funksional masalalar va hujjatlar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam yangilanishi va toʻldirilishini tashkil etadi;
tegishli tarkibiy boʻlinmalar ishlarining holati va natijadorligini doimiy asosda oʻrganadi, shuningdek, biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning kollegial organlari majlislarida ishtirok etadi, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir takliflar kiritadi;
sohani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli vazifalarni samarali hal etish yuzasidan biriktirilgan vazirliklar va idoralarning muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlaydi;
biriktirilgan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishda vazirliklar va idoralar mustaqilligini kuchaytirishda ishtirok etadi;
idoraviy mansub tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan tizimini ishlab chiqish hamda joriy etishda, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan dasturlar sifatli hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, idoralararo kollegial organlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, oʻzining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Inspektor Boʻlimda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi, yigʻmajildlarning tayyorlanishini va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 09/21/424/0646-son; 18.05.2022-y., 09/22/262/0426-son)