O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 31-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2929-1]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017-yil 1-maydagi PQ-2940-son “Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, 2017-yil 29-avgustdagi O‘RQ-440-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi, 2017-yil 29-avgustdagi O‘RQ-441-son “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida“gi va 2018-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-503-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 14-avgustdagi 171-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2929, 2017-yil 12-sentabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 37-son, 1015-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-aprel,
111-son
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 26-apreldagi 111-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari VSHga moneliksiz kirish huquqiga ega. Bunda VSH ma’muriyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlarining xavfsizligi ta’minlanadi.”.
2. 33-banddagi “tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin” degan so‘zlar “VSHning bir kishilik kamerasida saqlab turilishi mumkin” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3. 90-band “giyohvandlik vositalari” degan so‘zlardan keyin “, ularning analoglari” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
4. 152 — 154-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“152. Advokatning o‘z himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonada hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi.
Advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
153. VSHda saqlanayotgan shaxslarning advokat bilan uchrashuvlari ularning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda, ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlab qolinadigan sharoitlarda o‘tkaziladi.
Uchrashuv jarayonida advokat tomonidan VSHda saqlanayotgan shaxslarga Qoidalarning 2-ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish holatlari aniqlanganda uchrashuv muddatidan oldin to‘xtatiladi.
Advokat bilan uchrashuv muddatidan oldin to‘xtatilgan hollarda, VSH ma’muriyati tomonidan advokatlik siri va daxlsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga va ushbu advokatga guvohnoma bergan hududiy adliya organiga yuboriladi.
154. Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar VSH xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi. Himoyachi, qonuniy vakil, qarindoshlar va boshqa shaxslar tomonidan VSHda saqlanayotgan shaxslarga mazkur Qoidalarning 2-ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirishga urinilgan hollarda uchrashuv muddatidan oldin to‘xtatiladi. Uchrashuvga kelgan shaxs bu haqda uchrashuv boshlanishidan oldin VSHning mas’ul xodimlari tomonidan ogohlantirilishi shart.”.
5. 176-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“176. Sud, prokuror, himoyachi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil yoki VSHlarni tekshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda oluvchilarga yuboriladi yoki topshiriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi.”.
6. 187-banddagi “qo‘riqlab borish xizmati” degan so‘zlar “konvoy bo‘linmalari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
7. 226-band “prokuror yoxud sudning qarori” degan so‘zlar “prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
8. 2-ilovaning 5-bandi “giyohvandlik vositalari,” degan so‘zlardan keyin “ularning analoglari” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
9. Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror O. MURODOV
2019-yil 21-aprel
Oliy sud raisi K. KAMILOV
2019-yil 21-aprel
Sog‘liqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2019-yil 22-aprel
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2019-yil 22-aprel
Advokatlar palatasi raisi A. ERNAZAROV
2019-yil 22-aprel
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2019-y., 10/19/2929-1/3226-son)