Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn ikki yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi 2004-yil 1-dekabrdagi Farmonga muvofiq:
2. Nizomda koʻrsatilgan organlarga amnistiya toʻgʻrisidagi Farmonni oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur Farmonning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari jazodan ozod qilingan shaxslar toʻliq hisobga olinishini va ularning ishga joylashtirilishini, shuningdek yolgʻiz va yordamga muhtoj shaxslarning nogironlar va qariyalar uyiga joylashtirilishini, voyaga yetmaganlarni ota-onalarining yoki vasiylik va homiylik organlarining nazoratiga topshirilishini, zarur hollarda ularni tegishli taʼlim muassasalariga yuborilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari boshqa tegishli organlar bilan birgalikda jazodan ozod qilingan birinchi va ikkinchi guruh dispanser roʻyxatidagi sil kasalligiga chalingan shaxslarning hisobga olinishini va maxsus davolash muassasalariga joylashtirilishini tashkil etsinlar.
6. Tuman va shahar hokimlari joylardagi prokuratura, ichki ishlar idoralarining rahbarlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari bilan birgalikda amnistiya toʻgʻrisidagi Farmoniga asosan jazodan ozod etilayotgan shaxslarga, ayniqsa voyaga yetmaganlar hamda ekstremistik tashkilotlarining sobiq aʼzolariga nisbatan koʻrilayotgan tarbiyaviy taʼsir choralarining uzluksizligini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari jinoiy jazodan ozod qilingan chet el fuqarolarini hisobga olish hamda mamlakat hududidan chiqarib yuborish masalasini hal qilsinlar.
8. Ushbu Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Xudaybergenov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 6-dekabr,
F-2087-son
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn ikki yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini qoʻllash tartibi haqida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn ikki yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Farmoni u kuchga kirgunga qadar jinoyat sodir etgan va jazoni qayerda oʻtayotganligidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan sudlangan shaxslarga qoʻllaniladi.
2. Ushbu Farmonga koʻra asosiy jazodan ozod etilgan mahkumlar qoʻshimcha jazolardan ozod qilinmaydi.
3. Amnistiya toʻgʻrisidagi Farmonni qoʻllash jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1994-yil 22-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 29-avgustdagi “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori talablariga rioya etish zarur.
1959-yil tahriridagi (keyingi oʻzgartish va qoʻshimchalari bilan) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga asosan sudlangan shaxslarga tegishli materiallarni koʻrib chiqishda “oʻta ogʻir jinoyat” tushunchasi, ushbu kodeksning 22-moddasida bayon etilganligi va uni kengaytirilgan maʼnoda sharhlanishi mumkin emasligi eʼtiborga olinishi lozim. Shunga koʻra, 1994-yil tahriridagi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 13-moddasi talablariga amal qilinadi.
4. Amnistiya qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror har bir shaxsga nisbatan yakka tartibda qabul qilinadi. Zarur maʼlumotlar yetarli boʻlmagan taqdirda amnistiya qoʻllash masalasi qoʻshimcha hujjatlar olingunga qadar, lekin 2 oydan ortiq boʻlmagan muddatgacha kechiktiriladi. Shundan keyin qaror mavjud hujjatlar asosida qabul qilinadi. Farmonni ijro etuvchi organlarning soʻrovlari zudlik bilan bajariladi.
5. Oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan shaxslarga amnistiya qoʻllanilishi mumkin emas.
6. Har bir mahkumga nisbatan Farmonning aynan qaysi moddasini qoʻllash mumkinligini aniqlashda sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatidan kelib chiqilishi lozim.
Agar Farmonning taʼsiriga tushuvchi shaxslarning sud tomonidan tayinlangan jazo muddatlari amnistiya yoki afv etish tartibida qisqartirilgan boʻlsa, unda oʻtalgan yoki ushbu Farmon asosida qisqartirilishi lozim boʻlgan qismlar (1/3, 1/4) amalda oʻtash uchun qoldirilgan muddatidan ana shu qisqartirishlarni inobatga olgan holda hisoblanadi.
7. Farmonni qoʻllashda qonunda belgilangan tartibda tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganlik hisobga olinmaydi. Amaldagi jinoyat qonunchiligi boʻyicha jinoyat hisoblanmaydigan qilmishlar uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar ham sudlanmagan deb hisoblanadi. Xuddi shunday, muqaddam ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlari uchun shuningdek qasddan sodir etilgan jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni oʻtab chiqqan shaxslarning sudlanganligi ham hisobga olinmaydi.
Muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod qilingan shaxslar deganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari asosida:
sudlanganligi tugallanganligi yoki olib tashlanganligidan qatʼi nazar, sud tomonidan belgilangan jazolardan;
sud hukmi chiqarilmay jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganlarni tushunish kerak.
II. Amnistiya toʻgʻrisidagi Farmonni ijro etuvchi organlar
8. Farmon:
a) jazoni ijro etuvchi organlar tomonidan:
ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo oʻtayotgan mahkumlarga nisbatan;
axloq tuzatish ishi jazosini oʻtayotganlarga, muayyan huquqdan mahrum etilganlarga nisbatan;
shartli hukm qilinganlarga nisbatan;
Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan va jazoni oʻtash uchun fuqaroligi boʻyicha tegishli davlatlarga berib yuborilgan shaxslarga nisbatan (mahkumni berib yuborishni amalga oshirgan muassasa tomonidan);
b) surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan:
bu organlarning ish yurituvida jinoyatlari haqidagi ishlari va materiallari boʻlgan shaxslarga nisbatan;
v) sudlar tomonidan:
ularning ish yurituvida jinoyatlari haqidagi ishlari va materiallari boʻlgan shaxslarga nisbatan (barcha instansiyalarda);
jarimaga hukm qilingan shaxslarga nisbatan, agar Farmon kuchga kirgunga qadar jarima undirilmagan boʻlsa (hukm chiqargan sud tomonidan);
hukmlari qonuniy kuchga kirgan, biroq ijro etilmagan, qamoqda boʻlmagan shaxslarga nisbatan;
xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazo qoʻllanilgan shaxslarga nisbatan (harbiy qism komandirining taqdimnomasiga binoan) — qism joylashgan hududdagi harbiy sud tomonidan;
g) intizomiy qism komandiri tomonidan:
intizomiy qismda jazo oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga nisbatan ijro etiladi.
Ushbu moddaning “a”, “b”, “g” bandlarida qayd etilgan organlar tomonidan Farmonni qoʻllash jazoni ijro etuvchi muassasa (organ) yoki tergov hibsxonasi boshligʻi, surishtiruv organi boshligʻi, tergovchi, shuningdek intizomiy qism komandirining qarori asosida amalga oshiriladi. Mazkur qarorlar prokuror tomonidan sanksiyalanadi.
Amnistiya toʻgʻrisidagi Farmonni qoʻllash masalasini sudlar tomonidan koʻrib chiqishda prokurorning ishtiroki shart.
9. Amnistiya toʻgʻrisidagi mazkur Farmonni qoʻllash jarayonida mahkumga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oldingi yillarda chiqargan amnistiya toʻgʻrisidagi farmonlarini qoʻllash uchun asoslar aniqlangan holda, bu farmonlarni qoʻllash masalasi ham ayni paytda ishlar (materiallar) ish yurituvida boʻlgan organ tomonidan navbat bilan koʻrib chiqiladi.
10. Uch oylik muddat oʻtganidan soʻng Farmonni qoʻllash masalasi ushbu Nizomning 8-moddasida koʻrsatilgan organlar tomonidan hal etiladi.
III. Amnistiya toʻgʻrisidagi Farmonning ayrim normalarini qoʻllash.
11. Farmonning 1-moddasini qoʻllashda, oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslar, ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan ozod etiladi.
Ushbu moddaning:
a) “a” bandi taʼsir doirasiga, yoshidan qatʼi nazar, birinchi marta sodir etgan jinoyati uchun jazo oʻtayotgan ayollar;
b) “b” bandi taʼsir doirasiga, muqaddam sudlanganligidan qatʼi nazar, 18 yoshga toʻlmasdan sodir qilgan jinoyatlari uchun hozirda jazo oʻtayotgan shaxslar;
v) “v” bandi taʼsir doirasiga, muqaddam sudlanganligidan qatʼi nazar, 1944-yil 2-dekabrga qadar tugʻilgan erkaklar;
g) “g” bandi taʼsir doirasiga jinoyat sodir qilgunga qadar doimiy yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan, ozod etilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish uchun qonuniy asoslar boʻlmagan, birinchi marta sudlangan, chet davlat fuqarosi boʻlgan shaxslar tushadi.
11.1. Fuqarolikka mansublik milliy pasportlar yoki boshqa hujjatlar, shu jumladan tegishli davlatlarning elchixonalari yoxud konsullik muassasalarining rasmiy tasdiqlovchi hujjatlariga binoan aniqlanadi. Amnistiya taʼsiriga tushuvchi shaxslarning u, fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, doimiy yashab kelgan mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq aniqlanadi.
Amnistiya taʼsiriga tushuvchi shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga asosan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari deb, ulardan faqat jinoyat sodir qilgunga qadar doimiy roʻyxatdan oʻtganlar va ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi berilganlar hisoblanadi.
11.2. Chet davlatlarining tegishli organlaridan bunday shaxslarning fuqaroligi yoki ularning muqaddam sudlanganligi masalalariga doir kerakli maʼlumotlarni olish xalqaro shartnoma va konvensiyalar asosida amalga oshiriladi.
11.3. Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishlari uchun qonuniy asoslari boʻlmagan chet el fuqarolari Farmonga asosan jazodan ozod etilgach, ular Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-sonli qarorida koʻrsatilgan tartibda mamlakatdan chiqarib yuboriladilar (deportatsiya).
Farmonni ijro etuvchi organlar ish yurituvlarida chet el fuqarolariga nisbatan ishlar boʻlgan taqdirda tegishli idoralarga bu shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish zarurligi haqida zudlik bilan xabar qilishlari shart.
12. Farmonning 2-moddasi taʼsir doirasiga, ularga tayinlangan jazo turi va meʼyoridan qatʼi nazar,
ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etganlar;
birinchi marta sudlangan shaxslar, basharti ular ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir qilgan boʻlsalar, tushadilar.
13. Farmonning 3-moddasiga taʼsir doirasiga:
Farmon qonuniy kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida jazoni ijro etish yoki yashash joyidagi davolash muassasalarining tibbiy komissiyalari qaroriga asosan sil kasalining aktiv formasiga (1 va 2 guruh dispanser hisobidagilar) chalingan deb topilgan mahkumlar;
Farmon kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda birinchi va ikkinchi guruh nogironlari deb topilgan shaxslar.
Ushbu modda javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etgan shaxslarga (Oʻzbekiston Respublikasining JK 97-moddasi 2-qismi) qoʻllanilmaydi.
14. Farmonning 4-moddasi taʼsir doirasiga, sodir etgan jinoyatining ogʻirlik darajasi va ularga tayinlangan jazo meʼyoridan qatʼi nazar, ozodlikdan mahrum qilinib, Farmon eʼlon qilingan kunga qadar oʻtash uchun ikki yildan koʻp boʻlmagan mahkumlar tushadi.
Ushbu modda javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etgan shaxslarga (Oʻzbekiston Respublikasining JK 97-moddasi 2-qismi) qoʻllanilmaydi.
15. Farmonning 5-moddasi taʼsir doirasiga, ekstremistik tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi jinoyatlar yoki jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlari uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan hamda Maxsus komissiya, Oliy sud, Bosh prokuratura, IIV va MXX xulosalariga muvofiq qilmishlaridan chin koʻngildan pushaymon, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan deb topilgan shaxslar tushadi.
16. Farmonning 6-moddasini tatbiq etishda, Farmonning 8-moddasidagi cheklashlarni hisobga olgan holda,
Farmonning 1-moddasida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar;
barcha birinchi marta sodir etilgan, Jinoyat kodeksining 15-moddasi bilan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar turkumiga kiritilgan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar tugatilishi lozim.
Jinoyat ishlarining surishtiruv, tergov bosqichida va sudda amnistiya toʻgʻrisidagi Farmonga muvofiq tugatilishi shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi. Bunday shaxslar tomonidan yetkazilgan zararni undirish masalasi fuqarolik ishlarini sudda yuritish tartibida hal qilinadi.
Farmonning 1-moddasi taʼsiri doirasiga tushmaydigan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganlikda ayblanuvchi, shuningdek Farmonning 3 moddasida sanab oʻtilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari harakatdan tugatilmaydi. Ularni tergov qilish va sudda koʻrib chiqish umumiy tartibda amalga oshiriladi. Basharti, shaxs ayblanayotgan jinoiy qilmishda aybdor deb topilsa, sud Oʻzbekiston Respublikasi JPK 463-moddasi 3-qismining 1-bandi talabiga asosan hukm chiqaradi.
17. Farmonning 7-moddasini qoʻllashda 2004-yil 2-dekabr kunidan boshlab jazo muddatining amalda oʻtalmay qolgan qismi qisqartirilishi lozim.
18. Farmonning 8-moddasi “a” bandiga muvofiq, u oʻta xavfli retsidivistlar, jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan mahkumlar, shuningdek muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod etilgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Farmonning 8-moddasi “b” bandiga muvofiq, ushbu Farmonning 1—4, 6, 7-moddalari — ekstremistik tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi jinoyatlar yoki jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlar sodir etganligi uchun hukm etilgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
18.1. Jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslar deb:
a) Farmon qabul qilingunga qadar jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati tomonidan qoʻllanilib, olib tashlanmagan va amal qilish muddati tugamagan ikki yoki undan ortiq intizomiy jazosi boʻlgan mahkumlarni;
b) axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo ozodlikdan mahrum etishga almashtirilgan shaxslarni;
v) shartli hukm qilinib, hukmda tayinlangan jazoni oʻtash uchun yuborilganlarni;
g) manzil-koloniyalardan tegishli tartibli koloniyalarga oʻtkazilgan yoki qaytarilgan mahkumlarni;
d) jazoni oʻtash, hukm ijrosi kechiktirilgan yoki sinov muddati davomida qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarni hisoblash lozim.
Bunda:
“b”, “v”, “g” bandlarda sanab oʻtilgan shaxslar jazo oʻtash tartibini muntazam buzuvchilar deb, basharti ular hibsga olingan kundan boshlab bir yildan kam muddat oʻtgan holatdagina hisoblanadilar;
“d” bandida sanab oʻtilgan shaxslarga (ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash davrida qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar bundan mustasno) nisbatan amnistiya toʻgʻrisidagi Farmon, basharti hukm kuchga kirgan kundan boshlab bir yildan ortiq muddat oʻtgan boʻlsagina qoʻllanilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi F. MUXITDINOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Z. ALMATOV
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R. QODIROV
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Raisi R. INOYATOV