Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANLIGINING OʻN IKKI YILLIGI MUNOSABATI BILAN AMNISTIYA TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn ikki yilligi munosabati bilan insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan, qaror qilaman:
1. Oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyatlar uchun hukm qilinganlar jazodan ozod qilinsin:
a) birinchi marta sodir etgan jinoyati uchun jazo oʻtayotgan ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar:
v) mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar 60 yoshga toʻlgan erkaklar;
g) jinoyat sodir qilgunga qadar doimiy yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan, ozod etilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish uchun qonuniy asoslar boʻlmagan birinchi marta sudlangan chet el fuqarolari.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etganlar, shuningdek birinchi marta hukm qilingan shaxslar, basharti ular ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etgan boʻlsalar, jazodan ozod qilinsin.
3. Mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasallikka chalingan yoki birinchi va ikkinchi guruh nogironlari deb topilgan shaxslar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
4. Ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati ikki yildan koʻp boʻlmagan shaxslar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
5. Ekstremistik tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi jinoyatlar yoki jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
6. Ushbu Farmonning 1-moddasida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek birinchi marta sodir etilgan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar tugatilsin.
7. Mazkur Farmonga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslar jazo muddatining oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — uchdan bir qismiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — toʻrtdan bir qismiga.
8. Tadbiq etilmasin:
a) mazkur Farmon — oʻta xavfli retsidivistlarga, jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan mahkumlarga. shuningdek muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod etilgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga:
9. Farmon eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-dekabr,
PF-3515-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 48-49-con, 492-modda)