Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 5-iyundagi 150-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2018-y., 09/18/22/0568-son)
Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan qoidalarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari boʻyicha respublikaning barcha elektr va issiqlik energiyasi foydalanuvchilariga yetkazsinlar, shuningdek aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar;
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari mazmunining ommaviy axborot vositalarida, matbuotda, televideniyeda, internet-nashrlarda doimiy mavzuli ruknlar orqali keng yoritilishini tashkil etsinlar.
3. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R.Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 22-avgust,
245-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2018-y., 09/18/22/0568-son)
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Issiqlik energiyasidan foydalanish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik energiyasi isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydi hamda issiqlik taʼminoti korxonasi va issiqlik energiyasining isteʼmolchilari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi 405-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2024-y., 09/24/405/0495-son)
Mazkur Qoidalarning amal qilishi maishiy isteʼmol uchun aholiga issiqlik energiyasi yetkazib berilishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
issiqlik taʼminotining avariyali broni — isteʼmolchining faoliyatini qisman yoki toʻliq toʻxtatishda, uskunalarni saqlash, insonlar hayoti xavfsizligi, xonalarni isitish uchun zarur boʻlgan issiqlik energiyasining eng kam miqdordagi sarfi;
issiqlik tarmogʻining balans boʻyicha mansublik chegarasi — issiqlik tarmogʻining issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi boʻlinish nuqtasi, u issiqlik tarmogʻining balans boʻyicha mansubligi bilan aniqlanadi;
issiqlik energiyasi sifati — bu issiqlik tarmogʻining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasida issiqlik eltuvchi parametrlarining issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan talablarga muvofiqligi;
hisobga olishni nazorat qilish pribori — nazorat qilish uchun foydalaniladigan hisobga olish pribori, uning koʻrsatkichlari asosida issiqlik tarmogʻining mazkur nuqtasidagi issiqlik energiyasi sarfi aniqlanadi;
yetarli miqdorda berilmagan (kam berish) issiqlik energiyasi — issiqlik taʼminotidagi tanaffus yoki cheklash vaqtida isteʼmolchi toʻliq ololmagan issiqlik energiyasi miqdori;
cheklash — issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida nazarda tutilgan tadbirlarni qoʻllash natijasida muayyan vaqt oraligʻi davomida, shuningdek issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlarida fors-major holatlari tufayli paydo boʻlgan avariya rejimlari vaqtida isteʼmolchiga yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi miqdorining kamayishi;
yakuniy hisob-kitob — hisob-kitob davri tugagach isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchining issiqlik taʼminoti korxonasi bilan hisob-kitob qilishi;
ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi — issiqlik taʼminoti korxonasining isteʼmolchisi sifatida harakat qiluvchi, oʻzining balansida issiqlik tarmoqlari boʻlgan va issiqlik taʼminoti korxonasidan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni shartnoma boʻyicha turli isteʼmolchilarga qaytadan sotuvchi ixtisoslashgan korxona;
issiqlik taʼminotidagi tanaffus (uzib qoʻyish) — isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berilishini toʻxtatish;
toʻlov hujjati — toʻlov talabnomasi, topshiriqnomasi, unga asosan issiqlik taʼminoti korxonasining hisob-kitob raqamiga pul mablagʻlari oʻtkaziladi, shuningdek bildirishnoma, uning boʻyicha toʻlov naqd pul bilan amalga oshiriladi;
rejali uzib qoʻyish — issiqlik taʼminoti korxonasining uskunalarini rejali — ehtiyotdan taʼmirlash jadvali boʻyicha taʼmirlash yoki profilaktikasi davrida isteʼmolchilar bilan oldindan kelishilgan va ularni (kamida 3 sutka oldin) ogohlantirgan holda isteʼmolchiga issiqlik energiyasi berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa;
isteʼmolchi — issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlariga bevosita ulangan, u bilan issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasiga ega boʻlgan, issiqlik energiyasidan foydalanish huquqi va shartlari isteʼmolchi hamda issiqlik taʼminoti korxonasi yoki uning yuqori tashkiloti bilan tuzilgan shartnomada belgilangan jismoniy yoki yuridik shaxs;
oraliq hisob-kitob — hisob-kitob davri mobaynida isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchi tomonidan qisman haq toʻlash;
hisob-kitob davri — issiqlik energiyasining isteʼmol sarfi (hajmi) aniqlanishi, isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchi va issiqlik taʼminoti korxonasi oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilinishi kerak boʻlgan vaqt davri (oy). Tomonlar bilan kelishilgan hisob-kitob davri issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida koʻrsatiladi;
issiqlik energiyasini hisobga olish pribori — Issiqlik energiyasini hisobga olish qoidalarining talablariga javob beradigan, ularning koʻrsatkichlari boʻyicha isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun issiqlik taʼminoti korxonasi bilan oʻzaro hisob-kitoblar amalga oshiriladigan hisobga olish priborlari;
subisteʼmolchi — issiqlik taʼminoti korxonasining roziligi bilan isteʼmolchining issiqlik tarmoqlariga bevosita ulangan va isteʼmolchi bilan issiqlik energiyasidan foydalanish yuzasidan shartnomaga ega boʻlgan isteʼmolchi. Subisteʼmolchiga energiya berishda isteʼmolchi Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilish yuzasidan issiqlik taʼminoti korxonasi oldida javobgar hisoblanadi;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari — issiqlik energiyasini qabul qilish, uzatish, qayta hosil qilish va undan foydalanish uchun moʻljallangan uskuna yoki pribor;
issiqlik taʼminoti korxonasi — issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasi boʻyicha issiqlik energiyasini sotish va taqsimlash huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs, shu jumladan ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi;
hisobga olish nuqtasi — issiqlik taʼminoti sxemasidagi nuqta, unda oʻlchash pribori (hisobga olish pribori, hisobga olish tizimi, issiqlik oʻlchagich va shu kabilar) yordamida yoki boshqacha usulda issiqlik energiyasi sarfining miqdori aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Sanoat mahsulotining turi sifatida issiqlik energiyasidan issiqlik taʼminoti korxonasi va issiqlik qurilmalari bevosita issiqlik taʼminoti korxonasining tarmoqlariga ulangan isteʼmolchi oʻrtasida tuziladigan issiqlik taʼminoti shartnoma asosida mazkur Qoidalarga muvofiq foydalaniladi. Issiqlik energiyasidan foydalanishning namunaviy shartnomalari shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal hizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzenergoinspeksiya” deb ataladi) bilan kelishiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 603-sonli qarori tahririda)
Isteʼmolchi bilan issiqlik taʼminoti oʻrtasidagi issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnomaning mavzusi;
isteʼmol qilishning belgilangan rejimlariga va issiqlik energiyasi sifati koʻrsatkichlariga rioya qilish shartlari va bu boʻyicha tomonlarning majburiyatlari;
tomonlarning issiqlik tarmoqlarini balans boʻyicha mansubligini boʻlinish va ularni ekspluatatsiya qilish yuzasidan javobgarligi chegaralari;
isteʼmolchining issiqlik tarmoqlariga ulangan subisteʼmolchilar haqidagi maʼlumotlar;
u boʻyicha toʻlov amalga oshiriladigan 1 Gkal issiqlik energiyasining tarifi;
bir soatlik eng katta yuklama, xonalarni isitish, shamollatish, texnologik ehtiyojlar uchun boʻlingan holda va issiq suv taʼminoti uchun oʻrtacha sutkalik bir soatlik yuklama;
tarmoq suvining bir soatda olinadigan eng koʻp miqdori;
qaytarilayotgan kondensatning sifati va miqdori (isteʼmol qilingan bugʻning umumiy miqdoriga nisbatan foizlarda), oylar boʻyicha boʻlingan holda;
hisobga olish priborlari boʻyicha maʼlumotlar (turi va hisobga olish pribori oʻrnatilgan joy);
issiqlik energiyasini uzatish va isteʼmol qilishning alohida shartlari;
tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari.
Oldingi tahrirga qarang.
Issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha shartnomaning namunaviy shakliga qonunchilikka zid boʻlmagan qoʻshimcha bandlar kiritilishi mumkin.
(3-bandning oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Subisteʼmolchilar bilan isteʼmolchi oʻrtasida issiqlik energiyasidan foydalanish yuzasidan shartnoma isteʼmolchi tomonidan issiqlik taʼminoti korxonasining roziligi olingandan keyin tuziladi.
Tabiiy monopoliyalarning subyektlari tomonidan majburiy tartibda xizmat koʻrsatilishi lozim boʻlgan isteʼmolchilarga (subisteʼmolchilarga) issiqlik energiyasini sotishda, issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida faoliyatning xususiyatidan, asosiy mahsulotni ishlab chiqarish hajmidan, foydalaniladigan uskunalarning tavsiflaridan hamda noishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan obyektlardan kelib chiqqan holda mazkur issiqlik energiyasi isteʼmolchilari taʼminotining eng kam darajasi koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
4. Issiqlik energiyasiga tarif oʻzgargan taqdirda, sanasidan qatʼi nazar, issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasi oʻz kuchida qoladi va isteʼmolchi (subisteʼmolchi) olingan issiqlik energiyasi uchun yangi tarif joriy etilgan kundan boshlab yangi tarif boʻyicha haq toʻlashga majbur.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini tuzish, uni oʻzgartirish, bekor qilish yoki amal qilish muddatini uzaytirish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal etishda tomonlar qonunchilikka va mazkur Qoidalarga amal qiladilar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Isteʼmolchi faqat issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishgan holda oʻz issiqlik tarmoqlariga boshqa subisteʼmolchilarni ulashi hamda ular bilan issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzishi mumkin.
7. Shartnomada qayd etilgan bugʻ va issiq suvdagi bir soatlik eng katta issiqlik yuklamasi texnik shartlarning loyihaviy yechimlaridagi parametrlarga asosan belgilanadi.
Eng katta issiqlik yuklamasini oshirish uchun isteʼmolchi qoʻshimcha miqdor uchun texnik shartlar olishi shart.
Subisteʼmolchining issiqlik yuklamasini oshirishda ham isteʼmolchi issiqlik taʼminoti korxonasidan qoʻshimcha texnik shartlarni olishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Yangi isteʼmolchilar va subisteʼmolchilarni issiqlik tarmoqlariga ulash, ular issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ishga tushirish uchun “Oʻzenergoinspeksiya”da ruxsat olganlaridan keyin, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
9. Ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi yoki isteʼmolchi oʻz tarmoqlariga ulangan chet isteʼmolchilar yoki subisteʼmolchilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda umumiy (jamlama) bir soatlik eng katta issiqlik yuklamasi uchun issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini issiqlik taʼminoti korxonasi bilan tuzadi.
10. Issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar mazkur Qoidalar va issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
11. Issiqlik taʼminoti korxonasi tizimidagi avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish yoki odamlarning xavfsizligini taʼminlash ishlarini oʻtkazish bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni koʻrish zarur boʻlganda isteʼmolchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda issiqlik bilan taʼminlashda tanaffusga (uzib qoʻyishga) yoki cheklashga yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Issiqlik energiyasining oqilona va samarali ishlab chiqarilishi, uzatilishi va isteʼmol qilinishi hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilishda xavfsizlik taʼminlanishiga yoʻnaltirilgan oldini olish chora-tadbirlarining bajarilishi ustidan davlat nazorati qonunchilikka muvofiq “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Davlat energetika nazoratining amalga oshirilishi isteʼmolchilarni ishlatilayotgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari, pribor va uskunalarning zarur texnik holati va xavfsizligi taʼminlanishi, issiqlik energiyasi isteʼmolining belgilangan rejimiga rioya qilinishi uchun javobgarlikdan, shuningdek issiqlik energiyasidan foydalanishda yuzaga keladigan avariyalar, yongʻinlar, issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining nosozliklari va boshqa qoidabuzishlar toʻgʻrisida issiqlik taʼminoti korxonasini darhol xabardor qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Issiqlik energiyasi nooqilona, isrof qilib ishlab chiqarilganligi, uzatilganligi va isteʼmol qilinganligi hamda ularning avariya xavfini tugʻdiradigan yoki odamlarning hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati uchun “Oʻzenergoinspeksiya” issiqlik taʼminoti korxonasining uskunalari, isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari ishini toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Maxsus qoidalar boʻyicha ekspluatatsiya qilinadigan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari ustidan energetika nazorati qonunchilikka muvofiq, tegishli vakolatli idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari, pribor va uskunalarning texnik holatiga hamda ularni ekspluatatsiya qilishga nisbatan qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Mazkur Qoidalarning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi shartnomaga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Maʼmuriy kodeksiga, Jinoyat kodeksiga, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
II. Issiqlik energiyasi isteʼmolchilarini issiqlik tarmoqlariga ulashning texnik shartlari
17. Issiqlikdan foydalanuvchi yangi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ulash yoki ishlab turgan obyektlarda shartnomadagi miqdorlarga nisbatan isteʼmol qilinadigan issiqlik yuklamasini oshirish uchun isteʼmolchi issiqlik tarmoqlariga ulanish amalga oshirilayotgan issiqlik taʼminoti korxonasidan texnik shartlarni olishga majbur.
Texnik shartlar haq olmasdan beriladi.
18. Issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlariga yangi isteʼmolchilarni ulash yoki ishlab turgan obyektlarda shartnomadagi miqdorlarga nisbatan isteʼmol qilinadigan issiqlik yuklamasini oshirish uchun texnik shartlar isteʼmolchining yoki uning topshirigʻi boʻyicha loyihalash tashkilotining, arxitektura va qurilish boʻyicha tuman (shahar) boshqarmasining (boʻlimining) buyurtmanomasiga koʻra, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan beriladi. Unda loyihalanayotgan obyektni tavsiflovchi, qisqa shakldagi maʼlumotlar: uni loyihalash va qurishning davomiyligi, oʻrnashgan joyi (kartografiya maʼlumotlari), loyihaviy qarorlarning maʼlumotlariga asoslangan (texnologik ehtiyojlar, xonalarni isitish, ventilyatsiya, issiq suv taʼminoti) isteʼmol turlari boʻyicha va issiqlik bilan taʼminlashning ishonchliligi boʻyicha talablar koʻrsatiladi.
Ulash yoki mavjud issiqlik yuklamalarini oshirishning texnik imkoniyatlari boʻlmaganda, issiqlik taʼminoti korxonasi, buni tegishli tarzda asoslagan holda, texnik shartlar berishni rad etadi.
19. Issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchidan yoki uning topshirigʻi boʻyicha loyihalash tashkilotidan buyurtmanomani olgandan keyin ikki hafta muddatda, ularni turli maydonchalarda joylashtirish variantlari uchun texnik-iqtisodiy taqqoslash bajarilayotgan yoki qurilishni, kengaytirishni yoki rekonstruksiya qilishni asoslash boʻyicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar qilinayotgan yangi quriladigan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki ayrim ishlab chiqarishlarining issiqlik taʼminoti uchun dastlabki shartlarini beradi. Yangi tashkilotlarni, binolar, inshootlar, ularning navbatlari, ayrim ishlab chiqarishlarni yoki isteʼmolchining tashqi issiqlik taʼminoti sxemasini oʻzgartirishni talab qiluvchi kengaytirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab turgan obyektlarning issiqlik taʼminoti boʻyicha moʻljallanayotgan loyiha yechimlarini kelishib olish issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan, qurilish maydonini tanlash paytida amalga oshiriladi.
20. Tadbirkorlik subyektlarini issiqlik tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar tadbirkorlik subyektlarining yoki arxitektura va qurilish boʻyicha tuman (shahar) boshqarmasining (boʻlimining) buyurtmanomasi boʻyicha, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan, dastlabki shartlarni bermagan holda, uch ish kunidan oshmaydigan muddatda beriladi.
21. Texnik shartlarda quyidagilar koʻrsatiladi:
a) issiqlik bilan taʼminlash manbai va uning ishonchliligi, issiqlik tarmoqlariga asosiy va zaxira kirishlaridan keyin ulanish yoki elektr stansiyalari va issiqlik markazlari kollektorlariga ulanish nuqtalari, yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini tartibga solish usuli;
b) boshqa isteʼmolchining yuklamalarini hisobga olgan holda asosiy va zaxira kirishlarning ulanish nuqtalarida issiqlik eltuvchi parametrlari va gidravlik rejim;
v) umumiy bir soatlik eng katta issiqlik yuklamasi, buyurtmanomada koʻrsatilgan miqdorlarga muvofiq xonalarni isitish, ventilyatsiya, issiq suv taʼminoti va texnologik ehtiyojlarga boʻlingan holda;
g) mazkur obyektni ishga tushirish yoki mavjud bir soatlik eng katta yuklamani oshirish hisobiga mavjud tarmoqning oʻtkazish qobiliyatini va issiqlik manbaining ish unumini oshirish boʻyicha asoslangan talablar;
d) qaytariladigan bugʻ kondensatining miqdori, sifati va chiqarib olish rejimi, kondensatni yigʻish va qaytarish sxemasi;
e) issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining hisobga olinishi va oʻrnatilishiga qoʻyiladigan talablar;
j) ishonchlilik talablarini hisobga olgan holda zaxira issiqlik taʼminoti manbalari;
z) quvurlar yotqizishga hamda kanallar va kameralarni, berkitish va tartibga solish armaturasini oʻrnatishga, quvurlarni izolyatsiya qilishga, korroziyaga qarshi himoyaga, issiqlik punktlarini jihozlashga qoʻyiladigan talablar;
i) isitish-ventilyatsiya va texnologik yuklama hamda issiq suv taʼminoti yuklamasini ulashning issiqlik sxemasi;
k) qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan issiqlik tarmoqlarining balans va ekspluatatsiya qilish boʻyicha mansubligi (issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha boʻlinish chegarasi);
l) issiqlik energiyasi yetkazib berishdagi harorat jadvali va isteʼmolchining issiqlik taʼminoti tizimidan tarmoq suvining bir soatdagi eng koʻp sarfi;
m) texnik shartlarning, loyihalashtirish va ishlarni bajarish davomiyligi boʻyicha amaldagi meʼyorlarni hisobga olgan holda, belgilangan amal qilish muddati.
Isteʼmolchi yoki bosh loyihalash tashkiloti, arxitektura va qurilish boʻyicha tuman (shahar) boshqarmasi (boʻlimi) texnik shartlar talablariga rozi boʻlmagan taqdirda kelishmovchiliklar toʻgʻrisidagi masala bamaslahat, barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida, texnik shartlarni bergan korxonaning texnik kengashida koʻrib chiqiladi.
22. Isteʼmolchiga texnik shartlar berilishiga qadar ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchi yoki isteʼmolchi ularni issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishishi shart.
Isteʼmolchining issiqlik yuklamalari ulanishini aniqlash maqsadida texnik shartlarning bir nusxasi ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishi uchun issiqlik taʼminoti korxonasiga beriladi.
23. Isteʼmolchining isteʼmol qilinadigan issiqlik energiyasi miqdori yoki issiqlik eltuvchi parametrlari oʻzgartirilishini talab qiladigan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarini va issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish yoki kengaytirishda isteʼmolchi ularni issiqlik taʼminoti korxonasining issiqlik tarmoqlariga ulash uchun issiqlik taʼminoti korxonasidan texnik shartlarni ham olishi kerak.
24. Issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan berilgan texnik shartlarni bajarish isteʼmolchilar va issiqlik taʼminoti loyihasini ishlab chiqish zimmasiga yuklangan loyihalash tashkilotlari uchun majburiydir.
Amal qilish muddati tugagan va boshqa muddatga uzaytirilmagan texnik shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Isteʼmolchi yangi texnik shartlarni va yangi yoki qoʻshimcha quvvatlarni ulash uchun ruxsatnomani mazkur Qoidalarda koʻzda tutilgan tartibda oladi.
Obyektning maqsadi, vazifasi oʻzgargan taqdirda isteʼmolchiga berilgan texnik shartlar bekor qilinadi, shundan keyin isteʼmolchi yangi texnik shartlar olishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqilgan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlarining issiqlik taʼminoti loyihalari (ishchi loyihalar), korxona, bino, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlarning kompleks loyihasi tasdiqlanishidan oldin, issiqlik taʼminoti korxonasi va “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishilishi kerak.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
Loyihaga muvofiq ishlab chiqilgan ishchi chizmalar qurilish ishlari boshlanishidan oldin issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Ulgurji isteʼmolchi-qayta sotuvchining yoki isteʼmolchining issiqlik tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olgan subisteʼmolchi unga va “Oʻzenergoinspeksiya”ga ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini kelishish uchun taqdim etadi.
(25-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Loyiha hujjatlarini koʻrib chiqishda texnik shartlar va amaldagi normativ hujjatlar talablaridan chetga chiqish aniqlanganda, isteʼmolchiga kelishishni rad etishni asoslagan holda xat yuboriladi. Isteʼmolchi rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyin loyihani kelishish uchun takroran taqdim etish huquqiga ega.
(25-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-iyundagi 348-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2020-y., 09/20/348/0716-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Loyiha hujjatlarini qayta koʻrib chiqishda ilgari ushbu hujjatlarni kelishishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha loyiha hujjatlarini kelishishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
26. Isteʼmolchilarning yuklamalarini ulash bilan bogʻliq boʻlgan yangi issiqlik manbalari va issiqlik tarmoqlarini qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish isteʼmolchilarning kuch va mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
III. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarini va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishga ijozat berish
27. Isteʼmolchilarning yangidan ulanadigan, rekonstruksiya qilinadigan issiqlikdan foydalanuvchi barcha qurilmalari va issiqlik tarmoqlari belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlariga, texnik shartlarga, qurilish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi hamda texnikaviy ekspluatatsiya qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha amaldagi qoidalar talablariga javob berishi, shuningdek texnik va qabul qilish-topshirish hujjatlariga ega boʻlishi kerak.
28. Isteʼmolchi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni va issiqlik tarmoqlarini montaj tashkilotidan mazkur Qoidalarga muvofiq dalolatnoma boʻyicha qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shundan keyin isteʼmolchi “Oʻzenergoinspeksiya”ning vakolatlangan vakiliga “Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari”ning, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga javob beradigan loyiha, texnik, qabul qilish-topshirish va ekspluatatsiya qilish hujjatlarini hamda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini vaqtinchalik yoki doimiy ekspluatatsiya qilinishiga ijozat berilishi mumkinligini aniqlash uchun koʻrikdan oʻtkazishga taqdim etishi shart.
(28-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-iyundagi 348-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2020-y., 09/20/348/0716-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchilarning rekonstruksiya qilingan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari ham vaqtinchalik va doimiy ishga tushirishga ruxsat berish mumkinligini aniqlash maqsadida koʻrikdan oʻtkazish uchun “Oʻzenergoinspeksiya”ning vakolatlangan vakiliga taqdim etilishi kerak.
(28-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
Isteʼmolchining buyurtmanomasi boʻyicha ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish uchun issiqlik taʼminoti korxonasi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ariza berilgan muddatga vaqtinchalik shartnoma boʻyicha ishga tushiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlarida montaj qilishda nuqsonlar, berilgan texnik shartlardan, “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishilgan loyihadan, shu jumladan mazkur Qoidalar va boshqa normativ hujjatlarning talablaridan chetga chiqishlar, issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlariga xizmat koʻrsatish uchun tayyorlangan xodimlar yoʻqligi hamda xavfsizlik texnikasi va yongʻinni oʻchirish boʻyicha himoya vositalari bilan toʻliq butlanmaganligi aniqlangan taqdirda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar, ularni ishga tushirishga ruxsat berish taqiqlanadi.
(29-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-iyundagi 348-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2020-y., 09/20/348/0716-son)
Tegishli ravishda tayyorlangan xodimlarga ega boʻlmagan isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini, ular ekspluatatsiya qilinishi uchun shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan tashkilotga topshirilganda, ishga tushirish uchun ijozat berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari faqat “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan berilgan ruxsatnoma mavjud boʻlgandagina ishga tushirilishi mumkin.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlariga issiqlik energiyasini yetkazib berish “Oʻzenergoinspeksiyadan” ularni ishga tushirish uchun tegishli ruxsat olingandan va issiqlik energiyasidan foydalanish uchun shartnoma tuzilgandan keyin issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Oʻzenergoinspeksiya” issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi va ularni ekspluatatsiya qilishga ijozat berilishi uchun javob beradi.
Ekspluatatsiya qilinayotgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish davriyligi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan oʻrnatilgan tartibda belgilab beriladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
IV. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish
32. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini oʻrnatish tartibi issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan berilgan texnik shartlar bilan belgilanadi. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini ekspluatatsiya qilish shartlari tomonlar tarafidan issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida kelishib olinadi.
33. Barcha issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining issiqlik isteʼmoli tizimlari zarur hisobga olish priborlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
Issiqlik energiyasini hisobga olish Yoqilgʻi va energiyani ishlab chiqarish, taqsimlash va isteʼmol qilishda hisobga olishni tashkil etish tartibiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Usullarni, oʻlchash vositalarini tanlash hamda ulardan foydalanish tartibi va qoidalari Yoqilgʻi va energiyani hisobga olish priborlari bilan jihozlash, ulardan foydalanishni tashkil etish qoidalarida belgilangan.
34. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlariga ega boʻlmagan isteʼmolchilarga issiqlik energiyasini yetkazib berish va ularning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini ulash taqiqlanadi.
35. Issiqlik taʼminoti korxonasining obyektlarida oʻrnatiladigan issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari isteʼmolchi tomonidan sotib olinadi va oʻrnatiladi, “Oʻzstandart” agentligida attestatsiyadan oʻtkazilgandan keyin shartnoma asosida issiqlik taʼminoti korxonasining xizmat koʻrsatishiga oʻtkaziladi.
Isteʼmolchida oʻrnatilgan hisobga olish priborlari isteʼmolchining oʻzi tomonidan ekspluatatsiya qilinadi va taʼmirlanadi.
Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini boshqa joyga oʻrnatish va koʻchirish, issiqlik taʼminoti korxonasining tegishli xodimi va isteʼmolchi ishtirokida, ushbu pribor balansida turgan balans egasining hisobidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish priborlarining buzilgan yoki ularning koʻrsatkichlari toʻgʻriligiga shubha tugʻilgan taqdirda isteʼmolchi yoki issiqlik taʼminoti korxonasi bu haqda tegishli ravishda issiqlik taʼminoti korxonasiga yoki isteʼmolchiga darhol maʼlum qilishi shart. Ushbu holat boʻyicha ikki tomonlama tegishli dalolatnoma tuzilib, hisobga olish priborlarining ishlashidagi nosozliklarni bartaraf etish haqida qaror qabul qilinadi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan xizmat koʻrsatiladigan hisobga olish priborlarini taʼmirlash davri mobaynida issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar priborlar toʻxtashidan oldingi oxirgi 15 sutka uchun oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi. Isteʼmolchining balansidagi issiqlikni hisobga olish priborlari taʼmirlash uchun 15 sutkagacha boʻlgan muddatga toʻxtatilganda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar priborlar toʻxtashidan oldingi oxirgi 15 sutka uchun oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha, 15 sutkadan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatilganda esa — hisob-kitoblar shartnomadagi bir soatlik yuklama va issiqlik energiyasini uzatish soatlari soni boʻyicha amalga oshiriladi.
Isteʼmolchi hisobga olish priborlarini taʼmirlash tugagungacha isteʼmol qilishni toʻxtatib turishga haqlidir, bu holda issiqlik taʼminoti korxonasi berkitish armaturasini plombalaydi va bu haqda birgalikda dalolatnoma tuziladi.
Isteʼmolchi hisobga olish priborining buzilganligi toʻgʻrisida issiqlik taʼminoti korxonasini oʻz vaqtida ogohlantirmagan taqdirda, issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari oʻrnatilgungacha hisob-kitoblar, issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan shartnomadagi yuklama va issiqlik energiyasini yetkazib berish soatlari soni boʻyicha amalga oshiriladi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi hisobga olish priborining buzilganligi toʻgʻrisida isteʼmolchini oʻz vaqtida ogohlantirmagan taqdirda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar bundan oldingi hisobot davrida belgilangan issiqlik energiyasining oʻrtacha sutkalik sarfi boʻyicha amalga oshiriladi. Bundan oldingi hisobot davrida issiqlik energiyasi isteʼmol qilinmagan boʻlsa, u holda hisob-kitob oʻtgan yilning tegishli davridagi oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.
Isteʼmolchilar tomonidan oʻlchash diafragmalarini oʻrnatish vaqtida issiqlik taʼminoti korxonasining va isteʼmolchining vakillari ishtirok etishi kerak.
36. Issiqlik energiyasi berilishini hisobga olish issiqlik taʼminoti korxonasi va isteʼmolchining issiqlik tarmoqlarining boʻlinish chegarasida amalga oshirilishi kerak.
Hisobga olish priborlari boʻlinish chegarasida oʻrnatilmagan taqdirda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar boʻlinish chegarasidan hisobga olish priborlari oʻrnatiladigan joygacha boʻlgan uchastkadagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Yoʻqotishlarning hisob-kitobi yoki issiqlik energiyasi yoʻqotishlarining sinovini issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchi bilan birgalikda “Issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uzatish uchun issiqlik yuklamalarini, yoqilgʻi, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va suv sarflari meʼyorlarini hamda texnologik yoʻqotishlar meʼyorlarini aniqlash tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga muvofiq amalga oshiradi.
V. Isteʼmolchilar tomonidan issiqlikdan foydalanish qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish
37. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar hamda issiqlik tarmoqlarining holati va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha isteʼmolchi bilan issiqlik taʼminoti korxonasi oʻrtasidagi javobgarlik chegarasi ularning balans boʻyicha mansubligiga qarab belgilanadi va shartnomaga ilova qilinadigan dalolatnomada aks ettiriladi.
38. Issiqlik taʼminoti korxonasiga tegishli boʻlgan issiqlik tarmoqlarida isteʼmolchiga tegishli boʻlgan qurilmalar yoki uskunalar boʻlmasligi kerak.
Bitta kamerada (quduqda), issiqlik tamroqlarida, estakadada har xil korxonalar tomonidan xizmat koʻrsatiladigan uskunalar boʻlmasligi kerak.
Ishlab turgan qurilmalarda har xil tashkilotlarga tegishli boʻlgan uskunalar mavjud boʻlsa barcha uskunalar issiqlik taʼminoti korxonasining balansiga va xizmat koʻrsatilishiga oʻtkaziladi.
VI. Issiqlik taʼminoti korxonasining huquqlari
39. Issiqlik taʼminoti korxonasi quyidagi hollarda isteʼmolchini ogohlantirib, unga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻliq yoki qisman toʻxtatish huquqiga ega:
issiqlik energiyasi uchun toʻlov hujjatida belgilangan muddatlarda haq toʻlanmaganda va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan miqdorda oldindan toʻlov amalga oshirilmaganda;
subisteʼmolchilar, yangi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari oʻzboshimchalik bilan ulanganda;
Oldingi tahrirga qarang.
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari “Oʻzenergoinspeksiya” ruxsatisiz ishga tushirilganda;
(39-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari hisobga olish priborlaridan oldin ulanganda;
issiqlik yuklamalarining belgilangan shartnomaviy miqdorlari yoki tarmoqdagi suv sarfining miqdori issiqlik taʼminoti korxonasining roziligisiz oshirilganda;
issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan bir soatda olinadigan tarmoq suvining miqdori oshirilganda;
tarmoqdagi suv ifloslanganda;
issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida koʻzda tutilgan bugʻ kondensati 50 foizdan kam miqdorda qaytarilganda;
issiqlik taʼminoti korxonasi vakillari issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini koʻrishga qoʻyilmaganda.
40. Uskunalarni taʼmirlash boʻyicha rejali ishlarni amalga oshirishda yoki yangi isteʼmolchilarni ulashda zaxira taʼminlash manbai mavjud boʻlmasa issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchini uzib qoʻyish huquqiga egadir. Isteʼmolchini issiqlik energiyasi yetkazib berishning toʻxtatilishi toʻgʻrisida ogohlantirish issiqlik energiyasi yetkazib berishda tanaffusning aniq sanasini (kunlar va soatlarni) kelishish uchun 10 kun oldin amalga oshiriladi. Agar ogohlantirishdan keyin 5 kun muddatda isteʼmolchi issiqlik berishdagi tanaffus vaqtini kelishib olmasa issiqlik taʼminoti korxonasi ushbu vaqtni mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega. Issiqlik energiyasi berishdagi tanaffus, imkoni boricha, bu haqda uzib qoʻyishdan kamida 24 soat oldin isteʼmolchini ogohlantirgan holda, uning ishdan tashqari vaqtida amalga oshirilishi kerak.
41. Avariyaning oldini olish yoki bartaraf etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni koʻrish uchun issiqlik taʼminoti korxonasi, uzib qoʻyish sabablarini darhol maʼlum qilgan holda, isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
42. Toʻliq yetkazib berilmagan issiqlik energiyasining miqdori hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi. Cheklash vaqti issiqlik taʼminoti korxonasi dispetcherlik xizmatining operativ daftaridagi yozuvlar boʻyicha aniqlanadi hamda ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan isteʼmolchining texnologik ehtiyojlariga issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi, hisobga olish priborlari boʻyicha, issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmagan sutkadan oldingi 3 sutkadagi issiqlik energiyasining oʻrtacha sutkalik isteʼmoli bilan issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmagan sutkada amaldagi isteʼmol oʻrtasidagi ayirma sifatida aniqlanadi.
43. Issiqlik taʼminoti korxonasi quyidagi holatlar oqibatida issiqlik taʼminotidagi tanaffuslar, issiqlik eltuvchi parametrlarining pasayganligi va issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi uchun isteʼmolchilar oldida moddiy javobgar boʻlmaydi:
a) issiqlik taʼminoti korxonasi uskunalarining ishdan chiqishiga sabab boʻlgan tabiiy hodisalar: momaqaldiroq, boʻron, suv toshqini, zilzila, yongʻin, 48 soatdan ortiq vaqt mobaynida ushbu hududda isitishni loyihalashtirish uchun hisoblab chiqilgan haroratdan 3oSga va undan ortiq past boʻlgan haroratda havoning uzoq vaqt sovib ketishi, boshlangʻich suv sifatining yomonlashishi;
b) isteʼmolchi xodimlarining issiqlik isteʼmoli rejimini oʻzgarishiga sabab boʻlgan notoʻgʻri xatti-harakatlari;
v) mazkur Qoidalarning 42-bandida nazarda tutilgan issiqlik energiyasi yetkazib berishni cheklash yoki toʻxtatish shartlariga muvofiq isteʼmolchi issiqlik yuklamalarining shartnomaviy miqdorlari oshirilishiga yoʻl qoʻyadigan yoki uning uchun belgilangan issiqlik isteʼmoli rejimlariga rioya qilmagan sutkalar mobaynida past parametrli issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi.
VII. Issiqlik taʼminoti korxonasining majburiyatlari
44. Issiqlik taʼminoti korxonasi quyidagilarga majbur:
shartnomaga muvofiq isteʼmolchiga issiqlik energiyasining uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash, issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegaralarida bugʻ va issiq suv parametrlarining shartnomaga muvofiq boʻlishini taʼminlash, ularning:
bugʻ (bosim va harorat) boʻyicha — 5 foizdan ortiq (±);
issiqlik beruvchi quvurda suv harorati boʻyicha — 3 foizdan ortiq (±);
suv bosimi boʻyicha:
issiqlik beruvchi quvurda — 5 foizdan ortiq (±);
orqaga qaytadigan quvurda — 20 kPa dan ortiq (±) chetga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik. Bunda parametrlar oʻrtacha sutkalik miqdor sifatida hisobga olinadi;
issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan toʻliq yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi qiymatini qoplash. Toʻliq yetkazib berilmagan energiya hajmi isteʼmolchining vakili ishtirokida issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan aniqlanadi va dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi;
isteʼmolchilarning issiqlik energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi, issiqlik eltuvchi parametrlarini shartnomadagi qiymatlarga nisbatan pasayganligi toʻgʻrisidagi yozma arizalarini 10 kun muddatda koʻrib chiqish.
45. Isteʼmolchida issiqlik taʼminoti korxonasining obyektida oʻrnatilgan issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarining toʻgʻriligi boʻyicha shubha tugʻiladigan boʻlsa, issiqlik taʼminoti korxonasi, belgilangan tartibda, sutkaning istalgan vaqtida isteʼmolchi vakillarini issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini koʻzdan kechirishini taʼminlashi lozim.
Issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchi balansidagi issiqlik tarmoqlarini taʼmirlash va oʻrnatish boʻyicha oldindan kelishilgan ishlarni bajarish uchun isteʼmolchi xodimlarini oʻz hududiga kiritishi kerak.
VIII. Issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining huquqlari
46. Isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega:
issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga muvofiq issiqlik taʼminoti korxonasidan issiqlik energiyasining uzluksiz yetkazib berilishini talab qilish;
issiqlik energiyasini yetkazib berish rejimini nazorat qilish, issiqlik energiyasi parametrlarining shartnomaviy miqdorlardan chetga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik:
bugʻ berish boʻyicha (harorat, bosim) 5 foizdan ortiq (±);
issiq suv yetkazib berish boʻyicha:
issiqlik beruvchi quvurda suv harorati boʻyicha — 3 foizdan ortiq (±);
issiqlik beruvchi quvurda suvning bosimi boʻyicha — 5 foizdan ortiq (±);
orqaga qaytadigan quvurda suvning bosimi boʻyicha — 20 kPa ortiq (±) pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik. Bunda parametrlar oʻrtacha sutkalik miqdor sifatida olinadi;
mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq oʻzining issiqlik tarmoqlariga subisteʼmolchilarni ulash;
Oldingi tahrirga qarang.
issiqlik energiyasining shartnomaviy parametrlari issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan pasayganda, bu haqda issiqlik taʼminoti korxonasiga oldindan xabar bergan holda, issiqlik energiyasi isteʼmolini toʻxtatish. Ushbu holda issiqlik taʼminoti korxonasi qonunchilikda belgilangan tartibda isteʼmolchi oldida javob beradi.
(46-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
47. Issiqlik energiyasi bilan taʼminlashda issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan tanaffuslar yuz bergan taqdirda issiqlik taʼminoti korxonasi issiqlik taʼminotidagi tanaffuslar oqibatida isteʼmolchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplaydi.
IX. Issiqlik energiyasi isteʼmolchilarining majburiyatlari
48. Isteʼmolchilar quyidagilarga majburdirlar:
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga hamda Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga, shuningdek mazkur Qoidalarga qatʼiy rioya qilish;
issiqlik energiyasi uchun issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan muddatlarda haq toʻlash;
issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishmasdan issiqlik energiyasi bir soatlik yuklamalarining shartnomaviy miqdorini oshirmaslik hamda issiqlik energiyasidan foydalanish boʻyicha tuzilgan shartnomaga muvofiq issiqlik isteʼmoli rejimiga rioya qilish va tarmoq suvining olinishi miqdorini oshirmaslik;
issiqlik isteʼmoli rejimiga nisbatan issiqlik taʼminoti korxonasining tezkor koʻrsatmalarini bajarish;
bugʻ kondensati va tarmoq suvini issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan miqdorda, sifatda va tegishli haroratda qaytarish;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlari, issiqlikni hisobga olish priborlari, quvurlar izolyatsiyasi va issiqlikdan foydalanuvchi uskunalarni texnik jihatdan soz holatda saqlash;
issiqlik energiyasi isteʼmolini vaqtincha toʻxtatish bilan bogʻliq boʻlgan taʼmirlash ishlarini bajarish muddatlarini issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishish;
hisobga olish priborlari, issiq suvni toʻkish uchun joʻmraklar, toraytiruvchi qurilmalar va armaturani issiqlik taʼminoti korxonasining vakili bilan birgalikda plombalash, oʻrnatilgan plombalarning saqlanishini taʼminlash. Plombalarni olish issiqlik taʼminoti korxonasining ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim;
issiqlik energiyasidan foydalanishni yaxshilash, bugʻ kondensati qaytarilishini koʻpaytirish, uning sifatini oshirish, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
umuman korxona boʻyicha va alohida issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar boʻyicha bugʻ-kondensat balanslarini tuzish;
issiqlik taʼminoti korxonasining vakillarini issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini sutkaning istalgan vaqtida toʻsqinliksiz koʻzdan kechirishini taʼminlash;
barcha issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarining ijro chizmalari va pasportlariga hamda ekspluatatsiya qilish yoʻriqnomalariga ega boʻlish;
issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlariga tayyorgarlik koʻrgan xodimlar tomonidan xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (bajariladigan ishlar) birligiga, issiqlik energiyasi sarfining meʼyorlarini ishlab chiqish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;
issiqlik energiyasidan nooqilona va isrofgarchilik bilan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik;
issiqlik tarmoqlarida imoratlar qurilishiga, materiallar taxlanishiga, daraxtlar oʻtqazilishiga yoʻl qoʻymaslik;
issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishmasdan issiqlik tarmoqlarini, muhandislik uskunalarini va qurilmalarni qayta jihozlashga yoʻl qoʻymaslik;
isitish priborlarining qoʻshimcha seksiyalari, berkitish va boshqarish armaturalari oʻrnatilishiga va chiqarib olinishiga yoʻl qoʻymaslik;
isitish tizimlarida issiqlik eltuvchidan boshqa maqsadlarda foydalanilishiga (isitish tizimlari va priborlaridan suv oqizilishiga) yoʻl qoʻymaslik.
49. Isteʼmolchi issiqlik taʼminoti korxonasining balansida turgan issiqlik tarmoqlarida, oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladigan taʼmirlash va qurilish ishlarini bajarish uchun issiqlik taʼminoti korxonasining vakillarini oʻz hududiga kiritishi lozim.
X. Issiqlik energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish
50. Issiqlikdan foydalanish xususiyatiga koʻra isteʼmolchilar quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
a) sanoat isteʼmolchilari va ularga tenglashtirilgan isteʼmolchilar hamda keyingi guruhlarga kiritilmagan isteʼmolchilar;
b) ulgurji isteʼmolchilar-qayta sotuvchilar — oʻz balansida issiqlik tarmoqlariga ega boʻlgan va ularni ekspluatatsiya qiluvchi, issiqlik taʼminoti korxonasidan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni har xil isteʼmolchilarga qayta sotuvchi xoʻjalik hisobidagi korxonalar;
v) issiqxona xoʻjaliklari — issiqxonalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi isteʼmolchilar.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Issiqlik energiyasi uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga asosan narxlarni tartibga solish organi xulosasiga koʻra, tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan maʼqullanganidan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan tariflarga muvofiq issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 211-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 09/25/211/0323-son)
52. Isteʼmolchining issiqlik tarmoqlaridagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlari ular va subisteʼmolchilar oʻrtasida issiqlik energiyasini isteʼmol qilish ulushiga va issiqlik tarmogʻi uzunligiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
53. Isteʼmolchiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi miqdori issiqlik taʼminoti korxonasi va isteʼmolchining issiqlik tarmoqlarining boʻlinish chegarasida hisobga olinadi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi va isteʼmolchining issiqlik tarmoqlari balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasigacha issiqlik energiyasi yetkazib berish boʻyicha barcha xarajatlar va uning yoʻqotishlari tariflarda hisobga olingan boʻlib, tariflardan ortiqcha qoʻshimcha haq toʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasidan keyin issiqlik energiyasining barcha xarajatlari va yoʻqotishlari isteʼmolchining hisobiga tegishli boʻladi. Agar bugʻ va issiq suv isteʼmolchining issiqlik tarmoqlari orqali uzatilsa issiqlik energiyasi miqdori elektr stansiyasi (tuman qozonxonasi) kollektorida hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi.
54. Isteʼmolchi tomonidan hisobga olish priborlari koʻrsatkichlaridagi nuqsonlar yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblashda yoʻl qoʻyilgan xatolar aniqlangan taqdirda isteʼmolchi bir hafta muddatda bu haqda issiqlik taʼminoti korxonasiga ariza berishi kerak.
Issiqlik taʼminoti korxonasi 10 kun muddatda (isteʼmolchining arizasi berilgan kundan boshlab) hisobga olish priborlarini yoki u boʻyicha amalga oshirilgan hisob-kitoblarning toʻgʻriligini isteʼmolchining vakillari ishtirokida tekshirishi shart.
55. Hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarining notoʻgʻriligi yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblashda xatolarga yoʻl qoʻyilganligi tasdiqlangan taqdirda issiqlik taʼminoti korxonasi oxirgi hisob-kitob davridagi issiqlik energiyasi sarfini tegishli ravishda, isteʼmolchining vakillari bilan birgalikda dalolatnoma tuzib, qayta hisob-kitob qilishga majbur.
Yoʻl qoʻyilgan xatolar boʻyicha bajarilgan qayta hisob-kitob keyingi hisob-kitob davrida isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi uchun navbatdagi toʻlov hujjatini yozishda hisobga olinadi.
56. Agar hisobga olish priborlari koʻrsatkichlaridagi chetga chiqishlar “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlmasa ular yoʻl qoʻyilishi mumkin deb hisoblanadi va qayta hisob-kitobni talab qilmaydi.
57. Hisobga olish priborlarini tekshirish toʻgʻrisida ariza berilishi isteʼmolchini u isteʼmol qilgan issiqlik energiyasi uchun toʻlovni belgilangan muddatda toʻlashdan ozod qilmaydi.
58. Isteʼmolchi har oyda hisobga olish priborlari koʻrsatkichlarini yozib oladi va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan muddatlarda isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi haqidagi hisobotni issiqlik taʼminoti korxonasiga taqdim etadi.
Isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi haqidagi hisobot isteʼmolchi tomonidan taqdim etilmasa issiqlik taʼminoti korxonasi hisob-kitobni shartnomadagi issiqlik yuklamasi boʻyicha amalga oshiradi. Amalda isteʼmol qilingan issiqlik energiyasi miqdorining qayta hisob-kitobi, soz holatdagi hisobga olish priborining koʻrsatkichlari birgalikda yozib olinib, tegishli dalolatnoma tuzilgandan keyin bajariladi. Mazkur qayta hisob-kitob keyingi hisobot davri uchun hisob-kitobda eʼtiborga olinadi.
59. Asosiy isteʼmolchilar qayta sotiladigan issiqlik energiyasi uchun issiqlik taʼminoti korxonasi bilan ham, subisteʼmolchilar bilan ham isteʼmolchilarning subisteʼmolchilar tegishli boʻlgan guruhlari uchun belgilangan tariflar boʻyicha hisob-kitob qiladilar.
XI. Isteʼmolchilarga bugʻ holida beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
60. Isteʼmolchiga bugʻ holida berilayotgan issiqlik energiyasining miqdori (gigakaloriyalarda) bugʻning belgilangan parametrlarida bugʻ miqdorini uning tarkibidagi issiqlik miqdoriga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
Bunda mazkur issiqlik taʼminoti manbaidagi boshlangʻich (sovuq) suvdagi mavjud issiqlik miqdori hisobga olinadi.
61. Isteʼmolchi tomonidan bugʻ kondensati bilan qaytarilayotgan issiqlik energiyasining miqdori kondensat miqdorini, issiqlik taʼminoti manbaidagi boshlangʻich (sovuq) suvdagi issiqlikni hisobga olgan holda, kondensatning issiqlik miqdori va haroratiga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
62. Isteʼmol qilingan bugʻdagi issiqlik energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitobni amalga oshirishda kondensat bilan qaytarilgan issiqlik energiyasi miqdori ayriladi.
XII. Isteʼmolchilarga issiq suv holida beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
63. Isteʼmolchiga issiq suv holida beriladigan issiqlik energiyasining miqdori suv miqdorini uning issiqlik sigʻimiga, beriluvchi va orqaga qaytuvchi tarmoq suvlarining harorati oʻrtasidagi tafovutga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
Ochiq suv olish tizimida isteʼmolchiga issiq suv holida yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi miqdori suv miqdorini uning issiqlik sigʻimi hamda issiq (berilayotgan) va boshlangʻich suvlarning harorati oʻrtasidagi tafovutga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi, boshlangʻich suv harorati uchun oʻrtacha oylik harorat olinadi.
64. Issiq suv holidagi issiqlik energiyasidan foydalanishda isteʼmolchi orqaga qaytadigan tarmoqdagi suvni issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida koʻzda tutilgan miqdorda va shartnomaga ilova qilinadigan harorat jadvali boʻyicha uning qiymatidan ortiq boʻlmagan harorat bilan qaytarishi shart.
Isteʼmolchining issiqlik tarmogʻi uchun yetkazib beriladigan tarmoq suvining harorati issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan harorat jadvaliga muvofiq saqlab turiladi.
Issiqlik energiyasi yetkazib berishni tartibga solish, kun va tunning tashqi harorati oʻrtasidagi farq 8oS va undan ortiq boʻlsa sutkada 2-marta va ushbu farq 8oS dan kam boʻlsa — sutkada 1-marta amalga oshiriladi.
Tartibga solishda maishiy maqsadlarda va jamoat binolarini isitish tizimida foydalaniladigan suvning haroratini tungi vaqtda pasaytirish imkoniyati, shuningdek ishdan tashqari vaqtda uni sanoat korxonalariga yetkazib berilishini qisqartirish koʻzda tutilishi kerak.
65. Sirkulyatsion suv hajmining oshishi sababli orqaga qaytadigan tarmoq suvining oʻrtacha sutkalik harorati isteʼmolchi tomonidan jadvaldagiga qaraganda 3oS dan ortiq miqdorda oshirilgan taqdirda, issiqlik taʼminoti korxonasi tarmoqdagi suvning oʻrtacha sutkalik harorati (+) 3oS dan ortiq chetga chiqmasligiga rioya qilish sharti bilan isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berishni kamaytirishga yoki toʻliq toʻxtatishga yoxud berilgan issiqlik energiyasi uchun issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan isteʼmolchi uchun hisoblab chiqilgan va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga ilova qilingan harorat jadvalida koʻzda tutilgan harorat pasayishi boʻyicha hisob-kitob qilishga haqlidir.
66. Isteʼmolchilarga issiq suv ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan 40o — 45oS haroratdagi issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar issiq suv uchun tarif boʻyicha 50 foizli chegirma bilan amalga oshiriladi.
67. Quyidagi hollarda tarmoq suvidagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlari isteʼmolchilar tomonidan shartnomaviy narxlar boʻyicha toʻlanadi:
issiqlik tarmoqlarining gidravlik va haroratli sinovlari oʻtkazilishi bilan bogʻliq yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirish;
isteʼmolchi tarmogʻini uning buyurtmanomasi boʻyicha toʻldirish, avariyali vaziyatlar ham shu jumlaga kiradi;
isteʼmolchidan qaytariladigan past sifatli (tarkibida temir, mexanik qorishmalar va boshqalar mavjud boʻlgan) orqaga qaytadigan tarmoq suvini sizdirish.
Issiqlik taʼminoti korxonasining aybi bilan yuz bergan tarmoq suvidagi issiqlik energiyasi yoʻqotishlari uchun isteʼmolchi tomonidan haq toʻlanmaydi.
XIII. Isteʼmolchilar tomonidan qaytariladigan bugʻ kondensati miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
68. Isitish, shamollatish va issiq suv bilan taʼminlash uchun bugʻ holidagi issiqlik energiyasidan foydalanilganda isteʼmolchilar issiqlik taʼminoti korxonasiga isteʼmol qilingan bugʻning umumiy miqdoridan kamida 95 foiz kondensatni, texnologik maqsadlar uchun bugʻdan foydalanilganda esa — shartnomada kelishilgan miqdorda va sifat bilan qaytarishlari shart.
Kondensatning isteʼmol qilinadigan bugʻ miqdoriga nisbatan foizlarda qaytarish meʼyori va uning sifatini tomonlar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida belgilaydilar.
Isteʼmolchi issiqlik manbaiga qaytarishi shart boʻlgan kondensat miqdori issiqlik isteʼmoli tizimlarining loyiha maʼlumotlariga, korxonaning bugʻ-kondensat balansiga muvofiq va bugʻ-kondensatni qaytarish boʻyicha erishilgan natijalarni hamda mavjud zaxiralarni hisobga olgan holda belgilanadi.
Issiqlik taʼminoti korxonasi isteʼmolchiga, unda texnik imkoniyat mavjud boʻlganda, bugʻ-kondensat qaytarishni koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni bajarishni tavsiya etishga, ularni bajarishning isteʼmolchi bilan kelishilgan muddatini belgilashga haqlidir. Belgilangan muddat tugagach isteʼmolchiga bugʻ-kondensatni qaytarish meʼyori taklif etilgan tadbirlarni hisobga olib va keyinchalik amaldagi issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritgan holda koʻpaytiriladi.
69. Isteʼmolchi tomonidan qaytariladigan bugʻ-kondensat issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida kelishilgan miqdorga va sifatga muvofiq boʻlishi kerak.
Isteʼmolchi tomonidan qaytariladigan bugʻ-kondensat miqdori va sifati issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasida aniqlanadi.
Isteʼmolchi tomonidan qaytariladigan bugʻ-kondensatning sifati mazkur bugʻ manbaida issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan ishlatilayotgan qozonxonalardagi taʼminlash suvining meʼyorlariga muvofiq boʻlishi kerak.
70. Elektr stansiyasiga sifati shartnomadagi shartlarga muvofiq boʻlmagan bugʻ-kondensat topshirilganda issiqlik taʼminoti korxonasi qaytarilgan bugʻ-kondensat miqdoriga tuzatuvchi koeffitsiyent joriy etadi: kondensatdan bugʻlatgichlar, bugʻni qayta ishlovchilar yoki issiqlik tarmogʻini qoʻshimcha taʼminlash uchun foydalanilganda — 0,8, kondensat qoʻshimcha tozalash uchun qabul qilinganda esa — 0,5 koeffitsiyenti qoʻllanadi. Iflos kondensatdan foydalanishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmaganda ushbu kondensat drenajga oqiziladi, bu holda isteʼmolchi bugʻ-kondensatni topshirmagan deb hisoblanadi. Qaytarilgan bugʻ-kondensatdagi issiqlik energiyasi miqdori ham issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan hisobga olingan bugʻ-kondensat miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Qaytarilayotgan bugʻ-kondensatning issiqlik-texnik parametrlari (miqdori, harorati, ifloslik darajasi) issiqlik tarmoqlarining balans boʻyicha mansubligi boʻlinish chegarasida kimyoviy tekshirish natijalari hamda hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanadi va ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
71. Kondensatni tozalash qimmatga tushadigan yoki uning qaytarilishi maqsadga muvofiq boʻlmagan hollarda ayrim isteʼmolchilar, “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni taqdim etish va kondensatdan oʻz ehtiyojlari uchun toʻliq foydalanish sharti bilan issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan kondensatni qaytarishdan ozod qilinishi mumkin.
(71-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
Isteʼmolchining yaqin-atrofida issiqlik taʼminoti korxonasining suv bilan ishlaydigan issiqlik tarmoqlari oʻtgan taqdirda va buning uchun texnik imkoniyat mavjud boʻlganda isteʼmolchi isitish, shamollatish va issiq suv bilan taʼminlash yuklamasini bugʻdan issiq suvga oʻtkazishi shart.
72. Qaytariladigan bugʻ-kondensatning miqdori va sifati boʻyicha issiqlik taʼminoti korxonasi bilan isteʼmolchi oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda texnik ekspertiza oʻtkaziladi. Texnik ekspertiza isteʼmolchi tomonidan ikkala tomon vakillaridan, manfaatdor boʻlmagan tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar texnik ekspertiza oʻtkazilgandan keyin tomonlar kelishuvga erishmasalar, u holda bugʻ-kondensatning miqdori va sifati boʻyicha yakuniy qaror “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan qabul qilinadi.
(72-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
XIV. Issiqlik energiyasi uchun toʻlov hujjatlarini taqdim etish va ular boʻyicha haq toʻlash tartibi
73. Issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga muvofiq issiqlik taʼminoti korxonasi tomonidan yozib berilgan yoki isteʼmolchining oʻzi tomonidan yozilgan toʻlov hujjatlari boʻyicha amalga oshiriladi.
74. Toʻlov hujjatida issiqlik energiyasining miqdori yoki toʻlov qiymatini hisoblashda xatolar aniqlanganda, isteʼmolchi bu toʻgʻrida issiqlik taʼminoti korxonasiga ariza berishi shart.
Issiqlik taʼminoti korxonasi bu holda toʻlov hujjatidagi xatolarni tuzatadi. Isteʼmolchi tuzatish kiritilgan toʻlov hujjati boʻyicha haq toʻlaydi.
75. Toʻlov muddati oʻtkazib yuborilganligi uchun penya undirish huquqidan qatʼi nazar, issiqlik taʼminoti korxonasida, qarzni toʻlash toʻgʻrisida ogohlantirishdan keyin toʻlamaganligi uchun, isteʼmolchiga issiqlik energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish huquqi saqlanib qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 27-yanvardagi 32-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 1-son, 4-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2006-yil 24-fevraldagi 32-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 2-son, 15-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2007-yil 1-martdagi 43-son qaroriga ilovaning 8-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 2-3-son, 13-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 4-fevraldagi 33-son qaroriga ilovaning 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 2-son, 9-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ruxsatnomalar olish tartibotlarini takomillashtirish va soddalashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 10-iyundagi 158-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 35-son, 382-modda; 2010-y., 20-son, 152-modda; 2011-y., 14-son, 139-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2013-y., 45-son, 589-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda; 2017-y., 9-son, 131-modda, 16.01.2018-y., 09/18/22/0568-son, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son; 04.06.2020-y., 09/20/348/0716-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 11.07.2024-y., 09/24/405/0495-son; 10.04.2025-y., 09/25/211/0323-son)