O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR ENERGIYASIDAN FOYDALANISh QOIDALARIGA O‘ZGARTIRISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Elektr energiyasi yetkazib beruvchilar va iste’molchilar munosabatlarini tartibga solishning bozor mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 27-yanvardagi 32-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 1-son, 4-modda) bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
140-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“elektr energiyasining tegishli miqdori uchun oldindan to‘lov amalga oshirilgan taqdirda elektr energiyasining shartnomaviy miqdorini o‘zgartirish. Bunday talabnoma nazarda tutilayotgan o‘zgartirishlardan (joriy oy tugashidan) 10 kundan kechikmay berilishi lozim”;
141-band quyidagi mazmundagi o‘ninchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“iste’molchining belgilangan tartibda kiritilgan takliflariga muvofiq besh kun muddatda oylik shartnomaviy miqdorga o‘zgartirishlar kiritish, elektr energiyaning oylik shartnomaviy miqdorini ko‘paytirish (kamaytirish) imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa — bu to‘g‘risida iste’molchiga rad etishning sababini ko‘rsatgan holda yozma shaklda xabar qilish”;
141-bandning sakkizinchi xatboshi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:
“Elektr energiyasini uzib qo‘yish texnogen va avariya oqibatlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli va uzluksiz texnologik jarayonli sanoat korxonalarining muddati o‘tgan qarzdorligi paydo bo‘lgan hollarda, to‘lamaganlik uchun elektr energiyasi uzatishni cheklash energiya ta’minotining texnologik va avariya broni miqdorigacha, to‘liq uzib qo‘yish esa — faqat sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 24-fevral,
32-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 8-son, 55-modda)