Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport potensialini koʻpaytirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida” 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shaharlar va qishloqlar isteʼmolchilari tomonidan elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekenergo” DAK tomonidan:
“Oʻzbekenergo” DAK korxonalarida, Toshkent viloyatining Angren shahrida va Toshkent shahrining ayrim tumanlarida Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini sinab koʻrish boʻyicha boshlangʻich loyihalar amalga oshirilayotganligi;
“Oʻzbekenergo” DAKda Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsiya loyihasi ishlab chiqilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-noyabrdagi 295-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 589-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda har yili aniq muddatlarini, moliyalashtirish manbalarini va masʼul shaxslarni koʻrsatgan holda, elektr energiyasini hisobga olishning elektron priborlari va apparat komplekslarini joriy etishning hududiy hamda tarmoq jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-noyabrdagi 295-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 589-modda)
4. Quyidagilarga:
“Oʻzbekenergo” DAK va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, vazirliklar va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari zimmasiga — Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida elektron hisobga olish priborlarini oʻrnatishning tasdiqlangan jadvallari soʻzsiz bajarilishi yuzasidan;
“Oʻzbekenergo” DAK raisi zimmasiga — Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini koʻrsatkichlarning notoʻgʻri hisoblanishidan va axborotlardan ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilishni taʼminlash yuzasidan shaxsan javobgarlik yuklansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-noyabrdagi 295-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 589-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-noyabrdagi 295-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 589-modda)
Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berish oldindan toʻlangan haq doirasida elektr taʼminoti boʻyicha ikki tomonlama shartnoma asosida amalga oshiriladi.
6. “Oʻzbekenergo” DAK Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda 2009-yil 1-iyuldan boshlab barpo etilgan qurilish obyektlarining ular elektr energiyasini hisobga olishning zamonaviy elektron priborlari va apparat komplekslari bilan jihozlangan taqdirda qabul qilib olinishini taʼminlasin.
7. “Oʻzbekenergo” DAK, vazirliklar va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar 2009-yil 1-iyuldan boshlab:
2009-2010-yillarda yangidan barpo etilayotgan obyektlarning Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos keladigan elektr energiyasini hisobga olishning elektron priborlari bilan jihozlanishini hamda 750 kVA va undan yuqori quvvatga ulangan ishlayotgan elektr taʼminoti obyektlarida koʻp funksiyali elektron hisoblash priborlari joriy etilishini;
2009 — 2011-yillarda yangidan barpo etilayotgan obyektlarning Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos keladigan elektr energiyasini hisobga olish priborlari bilan jihozlanishini va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ishlayotgan elektr taʼminoti obyektlarida elektr energiyasini hisobga olishning elektron priborlari joriy etilishini;
Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini koʻrsatkichlarning notoʻgʻri hisoblanishidan va axborotlardan ruxsatsiz foydalanishdan kompleks himoya qilishni taʼminlasinlar, bunda inson omili taʼsiri mumkin qadar kamaytirilishini nazarda tutsinlar.
8. “Oʻzbekenergo” DAK:
2009-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda “Oʻzbekenergo” DAKda Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsiya loyihasini aniq texnik-iqtisodiy parametrlar hamda elektr energiyasini hisobga olishning elektron priborlariga va apparat komplekslariga nisbatan zarur talablar bilan birga ishlab chiqish tugallanishini taʼminlasin;
joriy etilayotgan Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida maʼlumotlarni uzatish, yigʻish, qayta ishlash va saqlash tartibotlari birxillashtirilishini taʼminlasin;
mamlakatimizdagi va xorijiy yetakchi ekspertlarni Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini koʻrsatkichlarning notoʻgʻri hisoblanishidan va ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish boʻyicha kompleks yechimlarni ishlab chiqish uchun jalb etsin;
“Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsiya dasturini bir bosqichda, ularni turli toifadagi obyektlarda qoʻllanish uchun namunaviy yechimlarni ishlab chiqqan holda amalga oshirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
2018-yil 1-yanvardan boshlab, belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan elektr energiyasini hisobga olishning elektron priborlari va apparat komplekslarini oʻrnatmagan isteʼmolchilarga — xoʻjalik yurituvchi subyektlarga elektr energiyasi yetkazib bermasin.
(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-noyabrdagi 309-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 562-modda)
9. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi “Oʻzbekenergo” DAK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror qoidalarining amalga oshirilishini ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borsinlar.
10. “Oʻzbekenergo” DAK, Oʻzbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R.Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-iyun,
150-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 24-son, 268-modda; 2013-y., 45-son, 589-modda; 2015-y., 44-son, 562-modda)