|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.01.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-642-sonli “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 21-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 13-yanvarda qabul qilingan “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 4, 175-modda; 1993-yil, № 6, 238-modda; 1994-yil, № 5, 161-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 118-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 1-may,
616-I-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
AHOLINI ISh BILAN TAʼMINLASh TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solib boriladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida ushbu Qonundagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab kelayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga tatbiq etiladi.
2-modda. Aholini ish bilan taʼminlash
Ish bilan taʼminlanish — fuqarolarning qonun hujjatlariga zid kelmaydigan, oʻz shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq boʻlgan, ularga ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan faoliyatidir.
Unumli va ijodiy mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat, shu jumladan haq toʻlanadigan ishni bajarishga aloqasi boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullanish mutlaq huquqi fuqarolarga tegishlidir.
Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno. Kishilarning ixtiyoriy ravishda ish bilan band boʻlmasligi ularni javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasiga qarang.
Quyidagilar ish bilan taʼminlangan deb hisoblanadi:
yollanib ishlayotgan, shu jumladan ishni haq evaziga toʻliqsiz ish vaqtida yoki uyda bajarayotgan, shuningdek haq toʻlanadigan boshqa ishga, shu jumladan vaqtinchalik ishga ega boʻlgan;
betobligi, taʼtilda, kasbga tayyorlashda, qayta tayyorlashda, malaka oshirishda ekanligi, ishlab chiqarish toʻxtatib qoʻyilganligi munosabati bilan, shuningdek vaqtincha ish joyida boʻlmaganda xodimning ish joyi qonun hujjatlariga muvofiq saqlanib turadigan boshqa hollarda vaqtincha ish joyida boʻlmagan;
haq toʻlanadigan lavozimga saylangan yoki tayinlangan;
oʻzini ish bilan mustaqil taʼminlayotgan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan, hunarmandlar, oilaviy korxonalar ishtirokchilari, dehqon xoʻjaliklari, ishlab chiqarish kooperativlari aʼzolari, fermerlar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati qoʻshinlarida va ularning organlarida xizmatni oʻtayotgan, shuningdek muqobil xizmatni oʻtayotgan;
(2-modda toʻrtinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi OʻRQ-564-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son)
oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarda, shu jumladan diniy tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolar.
(2-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
3-modda. Ishsiz deb eʼtirof etish
Ishsizlar — oʻn olti yoshdan to pensiya bilan taʼminlanish huquqini olishgacha boʻlgan yoshdagi, haq toʻlanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashgʻulotga ega boʻlmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor boʻlgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtishga yoki malakasini oshirishga tayyor boʻlgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar mustasno).
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, ishga joylashishda koʻmak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida roʻyxatga olingan shaxslar ishsiz deb eʼtirof etiladi.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Shaxslarni ishsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qaror mahalliy mehnat organi tomonidan ular ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn birinchi kundan kechiktirmay qabul qilinadi.
Quyidagilar ishsiz deb eʼtirof etilmaydi:
mehnat organlarida roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun ichida taklif etilgan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan shaxslar;
roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun ichida maqbul keladigan ishni qidirish maqsadida uzrsiz sabablarga koʻra mehnat organiga kelmagan shaxslar.
Taklif etilgan ishdan bosh tortgan kundan yoki maqbul keladigan ishni qidirish maqsadida uzrsiz sabablarga koʻra mehnat organiga kelmagan kundan boshlab oʻttiz kalendar kun oʻtganidan keyingina shaxs ish qidirayotgan sifatida qayta roʻyxatdan oʻtishga haqli boʻladi.
Fuqarolarni ishsiz sifatida roʻyxatga olish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Mehnat organlarida fuqarolarni roʻyxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning V-boʻlimiga (“Fuqarolarni ishsiz sifatida roʻyxatga olish”) (roʻyxat raqami 831, 13.10.1999-y.) qarang.
4-modda. Maqbul keladigan ish
Birinchi marta ish qidirayotgan, kasbi (mutaxassisligi) boʻlmagan shaxslar uchun dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan ish, bunday ishni topib berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, ularning yoshi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda haq toʻlanadigan boshqa ish, shu jumladan vaqtinchalik ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan shaxslar uchun ularning kasb tayyorgarligiga mos boʻlgan, yoshini, sogʻligʻi holatini, mehnat stajini va avvalgi mutaxassisligi boʻyicha tajribasini, yangi ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini inobatga oluvchi ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.
Ushbu Qonun 27-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ishsizlik nafaqasini olish davri tugaganidan soʻng kasbi (mutaxassisligi) boʻyicha ish topib berish mumkin boʻlmagan taqdirda, ishsizning qobiliyatini, uning sogʻligʻi holatini, oldingi ish tajribasini va uning uchun qulay boʻlgan oʻqitish vositalarini inobatga olgan holda kasbini (mutaxassisligini) oʻzgartirishni talab qiladigan ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin.
(4-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Quyidagi hollarda ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin emas, agar:
ish yashash joyini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlsa;
taklif etilgan ish doimiy yashash joyidan ancha uzoq boʻlsa va transportda qatnash jihatidan qulay boʻlmasa. Ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini (yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan uzoqlikni) mazkur joyda jamoat transporti tarmogʻining rivojlanganligini hisobga olgan holda mahalliy davlat hokimiyati organi aniqlaydi;
taklif etilgan ishni rad etish ishsizning sogʻligʻi holatiga, uning yoshiga va boshqa uzrli sabablarga koʻra mavjud moneliklarga asoslangan boʻlsa.
(4-moddaning toʻrtinchi qismi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
5-modda. Aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari
Aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
mehnat qilish va ishni erkin tanlash huquqini amalga oshirishda barcha fuqarolarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli va mansab mavqeyidan, dinga munosabati, eʼtiqodidan, jamoat birlashmalariga mansubligidan, shuningdek xodimlarning ishchanlik jihatlariga hamda ular mehnatining natijalariga bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlardan qatʼi nazar teng imkoniyatlarni taʼminlash;
kishilarning mehnat va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ularda mehnat qilish va hayot kechirishda munosib sharoitlarni taʼminlaydigan unumli va ijodiy mehnat qobiliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish;
mehnat qilishning ixtiyoriyligi;
ish bilan taʼminlanish sohasida ijtimoiy kafolatlar berish va aholini ishsizlikdan himoya qilishni taʼminlash;
ijtimoiy himoyaga oʻta muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolar uchun mavjud ish joylarini saqlab qolayotgan va yangi ish joylarini yaratayotgan ish beruvchilarni ragʻbatlantirish;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-dekabrdagi 1036-son qarori bilan tasdiqlangan “Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida nizom”.
ish bilan taʼminlash sohasidagi tadbirlarni iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning boshqa yoʻnalishlari bilan muvofiqlashtirish;
aholini ish bilan taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularning bajarilishini nazorat qilishda davlat organlari, kasaba uyushmalari, xodimlarning vakillik organlari va ish beruvchilarning oʻzaro hamkorligi;
aholini ish bilan taʼminlash muammolarini hal qilishda davlatlararo hamkorlik.
6-modda. Mehnat qilish huquqi kafolatlari
Davlat:
ish bilan taʼminlash turini, shu jumladan turli mehnat rejimidagi ishni tanlash erkinligini;
ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdan va mehnat shartnomasini gʻayriqonuniy ravishda bekor qilishdan himoyalanishni;
maqbul keladigan ish tanlash va ishga joylashishga bepul yordam berishni;
har kimga kasbga va ishga ega boʻlishda, mehnat qilish va ish bilan taʼminlanish shart-sharoitlarida, mehnatga haq toʻlashda, xizmat pogʻonasidan yuqorilab borishda teng imkoniyatlar yaratishni;
yangi kasbga (mutaxassislikka) bepul oʻqitishni, mahalliy mehnat organlarida yoki ularning yoʻllanmasi bilan boshqa oʻquv yurtlarida stipendiya toʻlab malakasini oshirishni;
boshqa joydagi ishga qabul qilinganda sarf qilingan moddiy xarajatlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya toʻlashni;
haq toʻlanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun muddatli mehnat shartnomalari tuzish imkoniyatini kafolatlaydi.
7-modda. Aholining ayrim toifalarini ishga joylashtirishdagi qoʻshimcha kafolatlar
Davlat:
ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarga, shu jumladan oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga hamda koʻp bolali ota-onalarga;
oʻrta maxsus taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek kasb-hunar taʼlimi muassasalarining va oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilariga.
(7-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi OʻRQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga;
(7-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
nogironlarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga;
odam savdosidan jabrlanganlarga qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi.
(7-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Qoʻshimcha kafolatlar qoʻshimcha ish joylari, ixtisoslashtirilgan korxonalar, shu jumladan nogironlar mehnat qiladigan korxonalar barpo etish, ish oʻrgatishning maxsus dasturlarini tashkil etish, korxona, muassasa va tashkilotlarga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa choralar bilan taʼminlanadi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Ish beruvchi ish joylarining belgilangan eng kam miqdori hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy mehnat organlari va boshqa organlar tomonidan yuboriladigan, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarni ishga qabul qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz rad etgan ish beruvchi va uning vakolatli shaxslari belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
8-modda. Qurolli Kuchlardan, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoʻshinlaridan boʻshatilgan shaxslarni ishga joylashtirishdagi qoʻshimcha kafolatlar
(8-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) xodim rezervga boʻshatilganidan yoki isteʼfoga chiqqanidan keyin, basharti Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoʻshinlaridan boʻshatilgan kunidan boshlab uzogʻi bilan uch oy ichida ishga joylashish masalasida ish beruvchiga murojaat etgan boʻlsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga ega.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik rezervga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqqan xodim, agar uning harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kunidan boshlab uch oydan ortiq vaqt oʻtmagan boʻlsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytib kelish huquqiga ega.
Korxona qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni uning huquqiy vorisi, korxona tugatilganda esa — mahalliy mehnat organi amalga oshiradi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan kafolatlar muqobil xizmatga chaqirilgan xodimlarga ham tatbiq etiladi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 22-dekabrdagi OʻRQ-238-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 553-modda)
9-modda. Saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan xodimlarni ishga joylashtirishdagi qoʻshimcha kafolatlar
Davlat organlaridagi yoki xodimlarning vakillik organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan xodimlarga saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugagandan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmasa, avvalgisiga teng ish (lavozim) beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlarini va Senatida doimiy asosda ishlagan Senat aʼzolarini vakolatlari muddati tugaganidan keyin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilgan taqdirda ishga joylashtirish “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-maydagi OʻRQ-536-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son)
91-modda. Sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan xodimlarni ishga joylashtirishdagi qoʻshimcha kafolatlar
Sudyalik lavozimiga saylanganligi yoki tayinlanganligi tufayli ishdan ozod qilingan shaxslarga ularning vakolatlari tugaganidan keyin sudyalik lavozimiga saylanishiga yoki tayinlanishiga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
(91-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
II. FUQAROLARNING ISh BILAN TAʼMINLANISh HUQUQLARI
10-modda. Ishga joylashish huquqi
Unumli va ijodiy mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shugʻullanish har kimning mutlaq huquqidir.
Har kim ish beruvchiga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilish yoʻli bilan yoki mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali, shuningdek xususiy bandlik agentliklarining xizmatlari vositasida ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 16-oktabrdagi OʻRQ-501-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 03/18/501/2056-son)
11-modda. Kasb-korga doir maslahat olish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish va axborotlar olish huquqi
Ish qidirayotgan va mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar taʼmin etiladigan ish turini, ish joyini va mehnat rejimini erkin tanlash maqsadida kasb-korga doir bepul maslahatlar olish, kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtish, malaka oshirish hamda tegishli axborot olish huquqiga ega.
12-modda. Ishsizlik davrida ijtimoiy madad olish huquqi
Belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Batafsil maʼlumot uchun Mehnat organlarida fuqarolarni roʻyxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning V-boʻlimiga (“Fuqarolarni ishsiz sifatida roʻyxatga olish”) (roʻyxat raqami 831, 13.10.1999-y.) qarang.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi hamda chet el fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish, mustaqil ish qidirish va ishga joylashish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashtirish Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklari tomonidan amalga oshiriladi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 16-oktabrdagi OʻRQ-501-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 03/18/501/2056-son)
Chet el fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 244-sonli “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta koʻrib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
14-modda. Mehnat organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilish huquqi
Mehnat organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan boʻysunish boʻyicha yuqori organga yoki mansabdor shaxsga yoxud bevosita sudga shikoyat qilish mumkin.
III. AHOLINI ISh BILAN TAʼMINLAShNI TARTIBGA SOLISh
15-modda. Davlat boshqaruv organlarining aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Davlat boshqaruv organlari:
mehnat bozorini barpo etish va rivojlantirishni taʼminlovchi tuzilmaviy, moliyaviy, kredit, investitsiya va soliq siyosatini amalga oshirishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi;
iqtisodiyot tuzilishini tahliliy tadqiq etadi, mehnat bozori holati hamda aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi ahvolning istiqbolini belgilaydi, bu sohada davlat statistika hisobi va hisobotini yuritadi;
aholini ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
fuqarolarning ish bilan taʼminlanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan tegishli ravishda kafolatlanishini, shuningdek himoya qilinishini taʼminlaydi;
qoʻshimcha ish joylari yaratilishiga, mehnat sharoitlari yaxshilanishiga koʻmaklashadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning mahalliy organlarining aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarish hamda fuqarolarni tegishli kafolatlar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning mahalliy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
mehnat bozori holatining monitoringini tashkil etadi hamda shu asosda hududlar va tarmoqlar kesimida yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga doir yillik buyurtmalarni shakllantiradi;
mehnat bozorini tartibga solish va bandlik sohasida bozor sharoitlariga mos keladigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
aholini ish bilan taʼminlash masalalari yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga va mahalliy mehnat organlariga uslubiy hamda amaliy yordam koʻrsatadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi deb yuritiladi) mablagʻlaridan ishsizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, ish bilan band boʻlmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, uning malakasini oshirish uchun foydalanishning yoʻnalishlarini belgilaydi;
aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratni taʼminlaydi;
ishga joylashishga muhtoj boʻlgan shaxslarni iqtisodiyotning va mehnat bozorining haqiqiy ehtiyojlariga muvofiq kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtiradi;
boshqa vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining bitiruvchilarini ular egallagan mutaxassisliklarga muvofiq ishga joylashtirishni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ilgʻor axborot texnologiyalarini ishga joylashtirish jarayoniga joriy etadi, shu jumladan Boʻsh ish oʻrinlarining milliy bazasini yaratadi va uni doimo rivojlantirib boradi;
ishga joylashishga koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish bozorida zamonaviy infratuzilmani va raqobat muhitini yaratadi;
aholi va ish beruvchilar oʻrtasida mehnat huquqlari va muhofazasi masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Mahalliy mehnat organlari:
mehnat organlariga murojaat etgan ishsizlarning ishga joylashtirilishini taʼminlaydi;
fuqarolarga maqbul keladigan ishni tanlashda, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga va boshqa ish beruvchilarga esa zarur xodimlarni tanlashda yordam beradi;
mehnat organlariga murojaat etgan fuqarolar va ish beruvchilarga ish topish va ishchi kuchi bilan taʼminlanish imkoniyatlari toʻgʻrisida, xodimlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar haqida va ish bilan taʼminlashga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar beradi;
ishlamayotgan fuqarolarni kasbga oʻrgatish, qayta oʻrgatish va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida oʻquv yurtlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;
ishsizlarning roʻyxatga olinishini taʼminlaydi va ularga yordam koʻrsatadi, shu jumladan nafaqalar tayinlash va toʻlashni amalga oshiradi;
mehnat bozorining holatiga va mazkur bozorni rivojlantirish istiqbollariga baho beradi hamda uning monitoringini tashkil etadi va oʻtkazadi hamda tegishli axborotning tarqatilishini taʼminlaydi;
ish qidirib murojaat qilgan fuqarolarning, shuningdek boʻsh ish oʻrinlarining (vakant lavozimlarning) hisobini yuritadi;
aholini ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarining bajarilishi monitoringini ushbu dasturlarga kiritilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan axborot, shuningdek davlat statistika organlarining maʼlumotlari asosida amalga oshiradi;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan moʻljallanayotgan tuzilmaviy oʻzgarishlar hamda amalga oshirilishi natijasida xodimlar ishdan ozod etilishi mumkin boʻlgan boshqa tadbirlar toʻgʻrisida, shuningdek boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) bor-yoʻqligi, mehnatning xususiyati va shart-sharoitlari toʻgʻrisida axborot oladi;
davlat va nodavlat taʼlim muassasalaridan ularning yoʻnalishi va ixtisoslashuvi, bitiruvchilarning kasb-malaka tarkibi hamda soni toʻgʻrisida axborot oladi;
mehnat organlariga murojaat etgan fuqarolarni kasb tayyorgarligi va malaka darajasiga muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ularda boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) boʻlgan taqdirda ishga joylashtirish uchun yuboradi;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga qabul qilish uchun ish oʻrinlarining eng kam miqdorini belgilash toʻgʻrisida takliflarni ishlab chiqadi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari koʻrib chiqishi uchun kiritadi, shuningdek mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuboradi;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ishonchnomasi asosida ular nomidan fuqarolarni ishga joylashtirish toʻgʻrisida ularni oldindan (zarurat boʻlgan taqdirda) kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish, yoʻlkira, kundalik xarajatlar haqini toʻlash sharti bilan shartnomalar tuzadi, shuningdek yangi yashash va ish joyiga koʻchib borish chogʻida tegishli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan yordam puli beradi;
ishsizlarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga belgilangan tartibda ularning oʻz xohishiga koʻra joʻnatadi;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
fuqarolarga ishsizlik nafaqasini belgilangan tartibda tayinlaydi.
Mahalliy mehnat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Mehnat organlari tomonidan aholiga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, boshqa ish beruvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar, shu jumladan mehnat bozori holati toʻgʻrisida axborot berish boʻyicha xizmatlar bepul amalga oshiriladi.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi OʻRQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
17-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish;
aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining umumiy prinsiplari amalga oshirilishini taʼminlovchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
(17-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
(17-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
kasanachilik, hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining va oliy oʻquv yurtlarining bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash;
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
ushbu Qonunning 7-moddasida koʻrsatilgan fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash yoki ayrim turdagi ishlarni (kasblarni) ehtiyot tariqasida saqlab turish;
mehnat bozoridagi ahvol barqarorlashuviga koʻmaklashuvchi, shu jumladan mehnat shartnomalari ommaviy ravishda bekor qilinishining oldini olishni, mavjud ish joylarini saqlab qolish va yangi ish joylarini yaratishni, haq toʻlanadigan vaqtinchalik va jamoat ishlarini tashkil qilishni, ustuvor rivojlanish hududlarini aniqlashni oʻz ichiga olgan chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, shuningdek jamoa kelishuvlari bilan ushbu Qonunga zid boʻlmagan, fuqarolarning ijtimoiy muhofazalanganligini kuchaytiruvchi maqbul keladigan ish taklif etish, ishsizlarni roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatga olishning boshqa shartlari va tartibi, shu jumladan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan ishsizlik nafaqalarini toʻlash muddatlarini uzaytirish va miqdorlarini oshirish, jamoat ishlaridagi mehnatga haq toʻlash, shuningdek kasbga oʻqitish davrida stipendiya toʻlash nazarda tutilishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorni olti oygacha muddatga toʻxtatib qoʻyishi mumkin, bunda ular ana shu kechiktirish tufayli korxonalar, muassasalar, tashkilotlar koʻradigan zararni qisman yoki toʻliq qoplaydi.
18-modda. Ish beruvchilarning aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishdagi ishtiroki
Oʻzbekiston Respublikasida ish beruvchilar ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga quyidagi yoʻllar bilan koʻmaklashadilar:
mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi shartnoma va kelishuvlar shartlarini bajarish;
xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun sharoit yaratish;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga moliyaviy ajratmalar oʻtkazish;
(18-modda birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
(18-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda miqdorini mahalliy davlat hokimiyati organlari belgilaydigan ish joylariga ushbu Qonunning 7-moddasida koʻrsatilgan fuqarolarni ishga joylashtirish;
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
boʻsh ish joylari (vakant lavozimlar) bor-yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, oldindan (kamida ikki oy oldin) mahalliy mehnat organiga moʻljallanayotgan ishdan ozod qilishlar toʻgʻrisidagi axborotlarni boʻshab qoladigan har bir xodimni koʻrsatgan holda taqdim etish. Boʻsh ish joylari bor-yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda xodimlarning ishdan ozod qilinishi toʻgʻrisidagi axborotlarni taqdim etish tartibi va muddatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Mehnat organlariga boʻsh ish joylarni (vakant lavozimlar) mavjudligi toʻgʻrisidagi va moʻljallanayotgan ishdan ozod etishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish tartibi haqidagi Nizomga (roʻyxat raqami 858, 22.12.1999-y.) qarang.
(18-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahrirda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Axborotning oʻz vaqtida taqdim etilmasligida va boʻsh ish joylarini (vakant lavozimlarni) yashirganlikda aybdor boʻlgan hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga ajratmalar oʻtkazishdan bosh tortgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 229-moddasiga qarang.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini yaratishga doir qarorlarini bajarmaganlik uchun, shuningdek avval talabnoma berilgan, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim olgan yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Ish beruvchilarning ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun belgilangan eng kam miqdordan ortiqroq qoʻshimcha ish joylarini yaratish, shuningdek bunday shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish maqsadida qilgan sarf-xarajatlari mahalliy budjet mablagʻlari, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari va boshqa mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
(18-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning ish joylarini qisqartirish yoki tugatish kasaba uyushmalari qoʻmitalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(18-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
181-modda. Xususiy bandlik agentliklarining aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashishdagi ishtiroki
Xususiy bandlik agentliklari ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga quyidagi xizmat turlarini koʻrsatish yoʻli bilan koʻmaklashadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash;
ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish;
ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari.
(181-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 16-oktabrdagi OʻRQ-501-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 03/18/501/2056-son)
19-modda. Kasaba uyushmalari va xodimlar boshqa vakillik organlarining aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashishdagi ishtiroki
Kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari quyidagi huquqlarga ega:
aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosati masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga, ish beruvchilarga aholini ish bilan taʼminlash va aholining ijtimoiy kafolatlariga oid masalalar yuzasidan oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazish haqida takliflar kiritish.
20-modda. Aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi muvofiqlashtirish qoʻmitalari
Aholini ish bilan taʼminlash siyosatini belgilash va amalga oshirish boʻyicha kelishilgan qarorlarni ishlab chiqish maqsadida respublika miqyosida va mahalliy miqyoslarda kasaba uyushmalarining yoki xodimlar boshqa vakillik organlarining, ish beruvchilar uyushmalarining, davlat boshqaruv organlarining va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar manfaatlarini ifodalovchi boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillaridan iborat aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi muvofiqlashtirish qoʻmitalari tuziladi.
21-modda. Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi
Aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish va mehnat organlarining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tuziladi.
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining daromadlari:
yagona ijtimoiy toʻlov tushumlarining belgilangan miqdori;
vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarni joylashtirishdan tushgan daromadlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarining yetmish foizi keyinchalik tumanlar va shaharlar oʻrtasida qayta taqsimlangan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat organlari tasarrufida qoladi, oʻttiz foizi esa respublika darajasida markazlashtiriladi.
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlarini sarflash yoʻnalishlari aholi bandligiga oid tegishli respublika, hududiy va boshqa maxsus dasturlarida belgilanadi.
(21-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
22-modda. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish
Mahalliy davlat hokimiyati organlari mehnat organlarining taklifiga koʻra va ularning ishtirokida aholini ish bilan taʼminlash maqsadida oʻz mulkidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda hamda shartnomalar asosida boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda haq toʻlanadigan jamoat ishlarining amalga oshirilishini tashkil etadilar.
Mehnat organlarida roʻyxatga olingan va ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar bilan haq toʻlanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun keyinchalik uzaytirish huquqi bilan ikki oy muddatgacha boʻlgan muddatli mehnat shartnomalari tuziladi.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Jamoat ishlarini bajarish chogʻida fuqarolarga bajarilayotgan ishga qarab, biroq oʻn besh foizga oshirilgan ishsizlik nafaqasidan kam boʻlmagan miqdorda haq toʻlash, ana shu ishlar muddatini umumiy mehnat stajiga qoʻshish, pensiya taʼminoti va vaqtincha ishga layoqatsizlik yuzasidan nafaqalar olish huquqi kafolatlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish va moliyalash, shuningdek ishsiz shaxslarning bunday ishlarda ishtirok etishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga qarang.
(22-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
23-modda. Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish
Mehnat organlarida roʻyxatga olingan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin, agar:
ishsiz shaxs zarur kasb malakasiga ega boʻlmaganligi tufayli unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin boʻlmasa;
ishsiz shaxsning kasb koʻnikmalariga mos keladigan ish yoʻqligi sababli uning kasbini (mutaxassisligini, mashgʻulot turini) oʻzgartirish zarur boʻlsa;
ishsiz shaxs avvalgi kasbi boʻyicha ish bajarish qobiliyatini yoʻqotgan boʻlsa.
Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish oʻquv yurtlarida mehnat organlarining yoʻllanmalari boʻyicha Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining ana shu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
IV. IShDAN MAHRUM BOʻLGAN ChOGʻDAGI IJTIMOIY KAFOLATLAR
24-modda. Ishsiz shaxslarga moddiy madad berishga oid kafolatlar
Davlat ishsiz shaxslarga quyidagilarni kafolatlaydi:
ishsizlik nafaqasi toʻlash;
mehnat organlarining yoʻllanmasi boʻyicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya toʻlanishi hamda shu davrni umumiy mehnat stajiga qoʻshish;
ishsiz shaxsga qaramogʻidagilarini hisobga olgan holda moddiy yordam berish;
haq toʻlanadigan jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati;
mehnat organlarining taklifiga binoan ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa erga koʻchish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash.
25-modda. Mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda xodimlarga moddiy madad berish uchun belgilangan qoʻshimcha kafolatlar
Mehnat shartnomasi:
xodim yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli;
texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi sababli;
xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi yoki sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiqligi sababli;
shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanishi sababli bekor qilingan hollarda ish qidirish davrida ikki oydan ortiq boʻlmagan davr mobaynida xodimlarning oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga toʻlangan bir oylik ishdan boʻshatish nafaqasi ham qoʻshib hisobga olinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar mulkdor oʻzgarganligi sababli korxona rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham tatbiq etiladi.
Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab oʻn kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtsalar, mahalliy mehnat organi bergan maʼlumotnomaga binoan uchinchi oy uchun ham oldingi ish joylaridan oʻrtacha ish haqi olish huquqiga ega boʻladilar.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida koʻrsatilgan, mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin oʻn kun ichida mahalliy mehnat organida roʻyxatga olingan va kasbi boʻyicha qayta oʻqitilayotgan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda malakasini oshirayotgan xodimlarga ushbu Qonunning mazkur moddasi sakkizinchi qismida hamda 26-moddasida nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda stipendiya toʻlanadi.
Agar ish beruvchi nochor (bankrot) deb topilsa, u bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan xodimlar ish haqi va oʻzlariga tegishli boshqa toʻlovlar xususida boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan imtiyozli huquqdan foydalanadilar.
Tugatilayotgan korxonalarning mablagʻi boʻlmagan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlarga kompensatsiyalar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
(25-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tugatilishi, xodimlar soni (shtati) qisqartirilishi munosabati bilan ishdan ozod etilgan, mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin oʻn kun ichida mehnat organlarida roʻyxatga olingan hamda kasbi boʻyicha qayta oʻqitilayotgan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda malakasini oshirayotgan xodimlarga mehnatga oid munosabatlar toʻxtatilgan kundan boshlab dastlabki uch oy davomida oldingi ishidagi oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda stipendiya toʻlanadi.
Mehnat organi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan ishdan boʻshatilayotgan shaxslarni ishga qabul qilishda ularning oʻqishini tashkil etish xarajatlarini toʻla yoki qisman qoplashi mumkin.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli yoki oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra kasb kasalligiga yoʻliqish natijasida ishdan mahrum boʻlgan hamda ishga joylashishga va kasbga tayyorlashga va qayta tayyorlashga, malakani oshirishga muhtoj shaxslar ishdan ozod etilgan xodimlarga tenglashtiriladi.
Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan, pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq pensiyaga chiqish uchun talab etiladigan umumiy mehnat stajiga ega boʻlgan shaxslarga muddatidan oldin (qonun hujjatlarida belgilangan umumiy asoslarga koʻra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil oldin) pensiyaga chiqish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan erkaklar — 58 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 25 yil boʻlgan taqdirda, ayollar — 53 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda yoshga doir pensiyalarni muddatidan oldin olish huquqiga ega boʻladilar.
26-modda. Kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakani oshirish davrida fuqarolarga toʻlanadigan stipendiyalarning miqdori
Ushbu Qonunning 25-moddasida koʻrsatib oʻtilgan shaxslardan tashqari ishidan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan, mehnat organlarida roʻyxatga olingan, qaramogʻida voyaga yetmagan bolalari va boshqa kishilar boʻlgan shaxslarga kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malaka oshirish davrida oldingi ish joyidagi oʻrtacha oylik ish haqining kamida yetmish besh foizi (qaramogʻida bolalari va boshqa kishilar boʻlmaganlarga esa — ellik foizi) miqdorida, biroq qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz boʻlmagan va Oʻzbekiston Respublikasida tarkib topgan oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda stipendiya toʻlanadi.
(26-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martda 133-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻrtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibiga qarang.
Uzoq vaqt (bir yildan koʻproq) ishlamayotgan, birinchi marta ish qidirayotgan hamda kasbga tayyorlashga va qayta tayyorlashga, malaka oshirishga muhtoj shaxslarga aholining shu toifasi uchun nazarda tutilgan ishsizlik nafaqasidan oz boʻlmagan va qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda stipendiya tayinlanadi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
27-modda. Ishsizlik nafaqalarini toʻlash shartlari va muddatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Ishsizlik nafaqasi ushbu Qonunning 3-moddasiga muvofiq ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga tayinlanadi. Qaramogʻida uchtagacha kishi boʻlgan, oʻttiz besh yoshga toʻlmagan ishsiz erkaklarga ishsizlik nafaqasi ular haq toʻlanadigan jamoat ishlarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga qarang.
(27-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
Ishsizlik nafaqasi ularga mahalliy mehnat organida roʻyxatga olingan birinchi kundan eʼtiboran yoziladi va toʻlanadi.
Ishsizlik nafaqasi koʻpi bilan:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga oʻn ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotgan shaxslarga esa oʻn ikki oylik davr mobaynida oʻn uch kalendar hafta toʻlanadi.
Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yoʻllanma olish uchun murojaat qilishi shart.
(27-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
28-modda. Ishsizlik nafaqasi miqdorlarini aniqlash tartibi
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan shaxslar uchun ishsizlik nafaqasi oldingi ish joyidagi oxirgi bir yilgi oʻrtacha ish haqiga foiz nisbatida belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga foiz nisbatida belgilanadi.
(28-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Qaramogʻida oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari va boshqa kishilar boʻlgan ishsiz shaxslarga nafaqa miqdori oʻn foizga oshiriladi.
Ish haqiga koeffitsiyentlar belgilangan joylarda yashovchi shaxslarga tayinlanadigan ishsizlik nafaqasi miqdorlari ularning shu joylarda yashagan davri uchun mazkur joyda noishlab chiqarish tarmoqlarining xodimlariga belgilangan koeffitsiyentni qoʻllagan holda aniqlanadi. Ishsizlik nafaqasi miqdorini hisoblab chiqishda rayon koeffitsiyentlarini qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadi.
(28-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi OʻRQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Batafsil maʼlumot uchun Mehnat organlarida fuqarolarni roʻyxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 59-bandiga (roʻyxat raqami 831, 13.10.1999-y.) qarang.
29-modda. Ishdan va ish haqidan mahrum boʻlgan shaxslarga moʻljallangan ishsizlik nafaqasining miqdori
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan taqdirda, ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga oldingi ish joyidagi oʻrtacha ish haqining ellik foizi miqdorida, ammo qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz boʻlmagan va nafaqani hisoblash paytida Oʻzbekiston Respublikasida tarkib topgan oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi toʻlash kafolatlanadi.
(29-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martda 133-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻrtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibiga qarang.
30-modda. Harbiy xizmatdan, Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlaridan boʻshatilgan shaxslarga moʻljallangan ishsizlik nafaqasining miqdori
Harbiy xizmatdan, Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlaridan boʻshatilishi munosabati bilan ish haqidan mahrum boʻlgan shaxslar ushbu Qonunning 29-moddasida nazarda tutilgan shartlar asosida ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Harbiy xizmatdan, Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlaridan boʻshatilgan hamda mahalliy mehnat organlariga murojaat qilishdan oldin ishlamagan shaxslarga nafaqa miqdori qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizi darajasida hisoblab chiqariladi.
(30-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
31-modda. Birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga moʻljallangan ishsizlik nafaqasining miqdori
Ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan va ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash yoki ishga joylashish imkoniyati berilmagan taqdirda, ularga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining kamida 26,5 foizi miqdorida nafaqa toʻlash kafolatlanadi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
32-modda. Uzoq tanaffusdan keyin ish qidirayotgan shaxslarga moʻljallangan ishsizlik nafaqasining miqdori
Uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan ishsiz shaxslarga quyidagi miqdorda nafaqa toʻlash kafolatlanadi:
mutaxassisligi boʻlgan shaxslar uchun, shuningdek oʻn ikki oy mobaynida haq toʻlanadigan ish bilan bandligi oʻn ikki kalendar haftadan kam boʻlmagan shaxslar uchun, agar ularning ishga joylashishi uchun kasbga qayta oʻrgatishni yoki malakasini oshirishni talab qilmasa, qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz boʻlmagan miqdorda;
(32-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
boshqa hollarda, shu jumladan, mutaxassisligi boʻlmagan shaxslarga, mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish imkoniyati berilmagan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizi miqdorida.
(32-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
33-modda. Kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan oʻtgan, malaka oshirishni tugatgan shaxslarga moʻljallangan ishsizlik nafaqasining miqdori
Ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar ishlab chiqarishdan ajralgan holda kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan oʻtgandan, malaka oshirishni tugatgandan keyin qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz boʻlmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
34-modda. Ishsizlik nafaqasi toʻlashni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish va uning miqdorini kamaytirish
Quyidagi hollarda ishsizlik nafaqasini toʻlash bekor qilinadi:
ishsiz shaxs ishga joylashganda;
ishsiz shaxs taklif qilingan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan taqdirda;
Oldingi tahrirga qarang.
qaramogʻida uchtagacha kishi boʻlgan, oʻttiz besh yoshga toʻlmagan ishsiz erkak haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etishni rad etgan taqdirda;
(34-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
ishsiz shaxs qonun hujjatlariga muvofiq pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlgan taqdirda;
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
ishsiz shaxs sudning hukmi bilan qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoga hukm etilgan taqdirda;
ishsizlik nafaqasini olib turgan davrda mahalliy mehnat organini xabardor qilmay vaqtinchalik bajariladigan ishga joylashilgan taqdirda;
ishsizlik nafaqasini aldov yoʻli bilan olgan taqdirda;
ishsiz shaxs vafot etgan taqdirda.
Quyidagi hollarda ishsizlik nafaqasini toʻlash toʻxtatib qoʻyiladi:
ishsiz shaxs kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash yoki malaka oshirishga yuborilgan boʻlsa, stipendiya olgan holda kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan oʻtish yoki malaka oshirish davrida;
ishsiz shaxs ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida davolash kursini oʻtayotgan boʻlsa, bunday muassasada boʻlgan davrida;
Oldingi tahrirga qarang.
ishsiz shaxs haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etayotgan boʻlsa, bunday ishlarda ishtirok etgan davrida.
(34-moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda)
Ishsiz shaxs uzrsiz sabablarga koʻra belgilangan muddatda mahalliy mehnat organiga kelmagan taqdirda, ishsizlik nafaqasini toʻlash uch oygacha muddatga toʻxtatib qoʻyilishi yoki nafaqa miqdori kamaytirilishi mumkin.
35-modda. Ishsiz fuqarolarga moddiy yordam
Ishsizlik nafaqasini toʻlashning belgilangan muddati oʻtishi munosabati bilan ishsizlik nafaqasini olish huquqidan mahrum boʻlgan ishsiz fuqarolarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan yoki mahalliy budjetlardan ajratiladigan moddiy yordam koʻrsatilishi mumkin.
(35-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlaridan ajratiladigan moddiy yordam koʻrsatish tartibi, miqdorlari hamda shartlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.
(35-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi OʻRQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi Davlat jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga ishsiz shaxslarga moddiy yordam koʻrsatish tartibi, miqdori va shartlari toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 548, 23.11.1998-y.) qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; 5-son, 124-modda; 9-son, 229-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 25-26-son, 225-modda; 2009-y., 52-son, 553-modda; 2013-y., 41-son, 543-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son, 17.10.2018-y., 03/18/501/2056-son, 2019-y., 2-son, 47-modda, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)