Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATINING VA SENATI AʼZOSINING MAQOMI TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosining (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) huquqlarini, majburiyatlarini hamda deputatlik, senatorlik faoliyatining asosiy kafolatlarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1-modda. Deputat
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylangan va Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deputat hisoblanadi.
(1-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)
2-modda. Senator
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) saylangan va Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Senatga tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi senator hisoblanadi.
(2-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)
3-modda. Deputat va senator faoliyatining huquqiy asoslari
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat, senator oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunlar, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
(3-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Deputat va senator vakolatlarining muddati
Deputat Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga saylanadi. Senator Senatning vakolatlari muddatiga saylanadi (tayinlanadi).
Deputatning, senatorning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
u qonunga koʻra deputatlik, senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
Oldingi tahrirga qarang.
deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq toʻlanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida ogohlantirish olganidan keyin haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shugʻullangan taqdirda;
tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida oʻttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;
chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;
partiya roʻyxati asosida saylangan deputat oʻzini deputatlikka nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya aʼzoligidan chiqqan taqdirda;
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuniga asosan beshinchi — sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
u chaqirib olingan taqdirda;
sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan taqdirda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
u vafot etgan taqdirda;
palata tarqatib yuborilgan taqdirda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining senator etib saylangan deputati vakolatlarining muddatidan ilgari tugatilishi uning senatorlik vakolatlari tugatilishiga olib keladi.
Alohida hollarda deputatning, senatorning vakolatlari tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Deputat, senator degan yuksak nomga dogʻ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani koʻrib chiqish uchun asos boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda deputatning, senatorning vakolatlari tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatiladi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Deputatning, senatorning vakolatlarini boshqa shaxsga topshirish mumkin emas.
5-modda. Deputatning va senatorning guvohnomasi hamda koʻkrak nishoni
Deputatda, senatorda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladigan tegishli guvohnoma va koʻkrak nishoni boʻladi. Deputat, senator guvohnoma va koʻkrak nishonidan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
Deputatning, senatorning guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom, shuningdek bunday guvohnoma va nishon namunalari hamda tavsiflari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2000-yil 18-apreldagi 51-II-son “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida”gi Qarori.
6-modda. Deputatning va senatorning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi ishi
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat Qonunchilik palatasida doimiy asosda ishlashi lozim hamda oʻz vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Senator qonunchilikka muvofiq Senatda doimiy asosda ishlashi mumkin. Senatda doimiy asosda ishlovchi senator oʻz vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 104-moddasining ikkinchi qismi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonuni 6-moddasining oltinchi qismi.
II. Deputatning, senatorning huquqlari va majburiyatlari
7-modda. Deputatning va senatorning huquqlari
Deputat, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.
Deputat, senator:
palataning organlariga saylash va saylanishga;
palata majlisida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
palata majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi hamda bu masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirishga;
qaror loyihalari va ularga tuzatishlar kiritishga;
palata tomonidan tuziladigan organlarning shaxsiy tarkibi hamda saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha fikr bildirishga;
munozaralarda ishtirok etishga, maʼruzachi va raislik qiluvchiga savollar berishga;
Oldingi tahrirga qarang.
soʻrov bilan murojaat etishga;
(7-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan izoh berishga;
palata majlisida raislik qiluvchiga palata majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi yoki mulohazasi matnini topshirishga;
palata tarkibidagi oʻzi aʼzo boʻlgan tegishli organning qaroriga qoʻshilmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini palata majlisida bayon qilishga yoki bu haqda tegishincha Qonunchilik palatasining Spikeriga, Senat Raisiga yozma ravishda maʼlum qilishga;
palataga hisobdor yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini palata majlislarida eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishini, shuningdek palata qarorlarining bajarilishini tekshirish haqida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
palata majlislarining stenogrammalari bilan tanishishga;
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonunchilikni buzishning boshqa hollari maʼlum boʻlib qolgan taqdirda ularga darhol chek qoʻyish choralarini koʻrish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli.
(7-modda ikkinchi qismining oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat, senator qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(7-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Deputatning va senatorning majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlislarida, shuningdek oʻzi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyalarining, palataning qaysi qoʻmitasi, komissiyasi tarkibiga, kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan boʻlsa, shu qoʻmita, komissiyaning majlislarida qatnashishi, ovoz berishda Qonunchilik palatasining, Senatning reglamentlarida belgilangan tartibda shaxsan ishtirok etishi shart.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi, Senat, siyosiy partiya fraksiyasi, qoʻmita, komissiya, kelishuv komissiyasi majlisida ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, deputat, senator bu haqda tegishincha Qonunchilik palatasi Spikeriga, Senat Raisiga, siyosiy partiya fraksiyasi rahbariga, qoʻmita, komissiya raisiga, kelishuv komissiyasining tegishli palatadan saylangan hamraisiga oldindan xabar qilishi shart.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Deputatning, senatorning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Deputatning saylovchilar bilan, siyosiy partiya bilan aloqasi
(9-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 18-dekabrdagi OʻRQ-883-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2023-y., 03/23/883/0949-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat oʻz okrugi saylovchilari, uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya bilan aloqa bogʻlab turadi, Qonunchilik palatasida ularning manfaatlarini ifoda etadi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son — 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanadi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 18-dekabrdagi OʻRQ-883-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2023-y., 03/23/883/0949-son)
Deputat vaqti-vaqti bilan, ammo yiliga kamida bir marta saylovchilarga oʻz faoliyati haqida axborot beradi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari har yili Qonunchilik palatasining Kengashi bilan birgalikda deputatlarning saylovchilar bilan saylov okruglaridagi ishlari uchun moʻljallangan vaqtni belgilaydi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish chogʻida deputat:
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati, siyosiy partiya fraksiyasining faoliyati, uning mamlakatni sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning eng muhim masalalariga doir nuqtai nazari toʻgʻrisida saylovchilarga axborot beradi;
yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini saylovchilarga yetkazadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qabul qilingan qonunlarning ijro etilishi holatini huquqning qoʻllanilish samaradorligini va qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini aniqlash maqsadida oʻrganadi;
(9-modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
Saylovchilarning ishonchini oqlay olmagan deputat qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini chaqirib olish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
91-modda. Deputatning saylov okrugidagi ishlarini tashkil etish
Qonunchilik palatasining Kengashi deputatning saylov okrugidagi ishlarini tashkil etish yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalarining fikrlari va takliflarini inobatga olgan holda chora-tadbirlar koʻradi.
Deputat saylov okrugiga chiqishidan oldin siyosiy partiya fraksiyasi hamda Qonunchilik palatasi tomonidan hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari bilan taʼminlanadi.
Qonunlarning ijrosi, davlat dasturlarini hamda siyosiy partiyalarning dasturiy maqsadlarini amalga oshirish yuzasidan aniq masalalarni ishlab chiqish uchun siyosiy partiyalar fraksiyalari zarur boʻlgan hollarda oʻz deputatlarining saylovchilar bilan saylov okruglaridagi ishlarini tashkil etadi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari yakunlarini umumlashtiradi zarur boʻlgan hollarda dolzarb masalalarni Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
92-modda. Deputatning saylov okrugidagi ishlarini tashkil etishga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan koʻmaklashish
Mahalliy davlat hokimiyati organlari deputatni saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlaydi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari binolar ajratilishini tashkil etadi, fuqarolarni deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlari oʻtkaziladigan, deputat tomonidan fuqarolar qabul qilinadigan vaqt va joy haqida xabardor qiladi, qabullarda va uchrashuvlarda ishtirok etish uchun oʻz masʼul vakillarini deputatning taklifiga koʻra yuboradi, shuningdek deputatning joylardagi ishiga koʻmaklashish yuzasidan boshqa chora-tadbirlar koʻradi.
93-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish
Jismoniy va yuridik shaxslarning Qonunchilik palatasiga kelib tushgan murojaatlarini koʻrib chiqish hamda Qonunchilik palatasida jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini oʻtkazish deputatlar tomonidan qonunga hamda Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentabrdagi OʻRQ-445-son “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” (yangi tahriri)gi Qonuni.
(91, 92 va 93-moddalar Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
94-modda. Deputatning yordamchisi
Deputat oʻzini deputatlikka nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya bilan aloqasini saqlab turish hamda oʻz saylov okrugidagi faoliyatini samarali tashkil etish uchun yordamchiga ega boʻlishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarosi deputatning yordamchisi boʻlishi mumkin.
Quyidagi shaxslar deputatning yordamchisi boʻlishi mumkin emas, agar:
tegishli deputat bilan yaqin qarindosh (ota-ona, aka-uka, opa-singil, farzand, er-xotin, shuningdek er-xotinlarning ota-onasi, aka-ukasi va opa-singlisi) boʻlsa;
u qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa;
sodir etgan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan boʻlsa.
Deputatning yordamchisiga Qonunchilik palatasi tomonidan xizmat guvohnomasi belgilangan tartibda beriladi.
Deputatning yordamchisi:
deputatning uni deputatlikka nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya, uning tegishli saylov okrugidagi hududiy boʻlimi hamda saylovchilar bilan samarali aloqa oʻrnatishiga koʻmaklashadi;
saylov okrugida jismoniy va yuridik shaxslardan deputat nomiga kelib tushgan murojaatlarni roʻyxatga oladi va bu haqda deputatni xabardor qiladi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini deputat tomonidan qabul qilinishiga, shuningdek deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashadi;
saylov okrugi hududida deputatning vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarni deputatning topshirigʻiga koʻra tashkil etadi;
okrug saylovchilarini deputatning faoliyati toʻgʻrisida xabardor qiladi;
deputatning murojaatlarini, soʻrovlarini tayyorlashda hamda saylov okrugida deputat tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan olingan murojaatlar koʻrib chiqilishida ishtirok etadi, murojaatlarda bayon etilgan masalalarni oʻrganadi;
deputatning oʻz vakolatlarini amalga oshirishga doir boshqa topshiriqlarini bajaradi.
Deputat yordamchisining ishini tashkil etish uchun siyosiy partiya tomonidan tegishli saylov okrugida siyosiy partiyaning hududiy boʻlimida xona ajratiladi.
Deputatning yordamchisini ishga qabul qilish deputatning taqdimnomasiga koʻra amalga oshiriladi.
Deputatning yordamchisi deputatning vakolatlari davriga tuziladigan muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlaydi. Muddatli mehnat shartnomasi deputatning yordamchisi va siyosiy partiyaning tegishli rahbari oʻrtasida tuziladi.
Deputatning yordamchisi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi deputatning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda tugatilishi mumkin.
Deputat yordamchisining mehnatiga haq toʻlash, shuningdek unga kafolatli toʻlovlar va kompensatsiya toʻlovlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda siyosiy partiya mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(94-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-oktabrdagi OʻRQ-722-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2021-y., 03/21/722/0960-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. Deputat va senator soʻrovi
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, senator esa tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan soʻrov yuborishga haqli.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari deputat, senator soʻroviga, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yozma javob yuboradi. Deputat yoki senator soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlari rahbarlari nomiga yoʻllangan deputat, senator soʻrovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
11-modda. Deputatlik va senatorlik odobi
Deputat, senator odob qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozim. Deputatning, senatorning oʻz maqomidan fuqarolarning, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari tegishincha Qonunchilik palatasi va Senat qarori bilan tasdiqlanadi.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda deputatning, senatorning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala tegishli palata yoki uning odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 21-yanvardagi 353-V-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob-axloq komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
111-modda. Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari deputat, senator tomonidan buzilganligi uchun qoʻllaniladigan choralar
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari deputat, senator tomonidan buzilganligi uchun deputatga, senatorga nisbatan quyidagi taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin:
deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatib oʻtilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish berish;
deputatdan, senatordan tegishincha Qonunchilik palatasi, Senat, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida uzr soʻrashni talab qilish;
deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilishiga deputat, senator tomonidan yoʻl qoʻyilganligi faktini palata majlisida oʻqib eshittirish;
deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish;
deputatning, senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish.
Deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator tegishli palata, oʻzi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat uchun deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning bir kunlik ish haqi ularning roziligisiz ushlab qolinadi. Bunda deputatning, senatorning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, xizmat safarida, mehnat taʼtilida yoki ijtimoiy taʼtilda boʻlganligi, shuningdek Qonunchilik palatasi Spikeriga, Senat Raisiga, siyosiy partiya fraksiyasi rahbariga, qoʻmita, komissiya raisiga oldindan xabar berilgan, mazkur majlislarda ishtirok etmaslikning boshqa sabablari tegishli palata, oʻzi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida ishtirok etmasligi uchun uzrli sabablar hisoblanadi.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda, odob-axloq komissiyasi yoki tegishli palata, uning Kengashi qaroriga asosan deputatning, senatorning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi hamda unga nisbatan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan taʼsir choralari qoʻllaniladi. Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan taʼsir chorasi tegishli palata Kengashining qarorlariga asosan qoʻllaniladi, ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan taʼsir chorasi esa tegishli palataning qarorlariga asosan qoʻllaniladi.
(111-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
III. Deputat va senator faoliyatining asosiy kafolatlari
12-modda. Deputatning va senatorning huquqlari, shaʼni hamda qadr-qimmatini muhofaza qilish
Har bir deputatga, senatorga oʻz vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi, uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinadi.
Deputatning, senatorning shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq maʼmuriy, jinoiy yoki oʻzga tarzda javobgar boʻladilar. Deputatni, senatorni haqorat qilish, shuningdek unga nisbatan tuhmat qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40, 41-moddalari va Jinoyat kodeksining 139, 140-moddalari.
Deputatlik, senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilish maqsadida deputatga, senatorga qanaqa tarzda boʻlmasin taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat, senator oldidagi oʻz vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga toʻsqinlik qiladigan, bila turib unga yolgʻon axborot beradigan, deputat, senator faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(12-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 193-moddasi.
13-modda. Deputatning va senatorning daxlsizlik huquqi
Deputat, senator oʻzining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega boʻladi.
Tegishli palataning roziligisiz deputat, senator jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Deputatni, senatorni majburiy keltirishga, shuningdek uning uy-joyi, xizmat xonasini, yuki, shaxsiy va xizmat transporti vositalarini, yozishmalarini, u foydalanayotgan aloqa vositalarini, shuningdek unga tegishli hujjatlarni koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat, senator tegishli palatada ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi uchun hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas, shu jumladan vakolatlari muddati tugaganidan keyin ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Agar shunday xatti-harakatlar munosabati bilan deputat, senator haqorat qilishga, tuhmat qilishga yoki qonunda javobgarlik nazarda tutilgan boshqa qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, u daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan taqdirda javobgarlikka tortiladi.
(13-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Deputatni va senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi
Deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatasi tomonidan oʻn kun ichida hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi, Qonunchilik palatasining sessiyalari oraligʻidagi davrda esa, uning Kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, Qonunchilik palatasi Kengashining ushbu masalaga doir qarori keyinchalik Qonunchilik palatasining sessiyasida tasdiqlanadi. Senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala Senat tomonidan uning majlisida, Senatning majlislari oraligʻidagi davrda esa, Senatning Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining, Senatning yoki palatalar Kengashlarining deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori darhol Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yuboriladi.
Deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ish yuritish tamomlangan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida Qonunchilik palatasiga yoki Senatga ishni tergov qilish, sudda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli palatasining deputatni, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berishni rad etishi unga nisbatan jinoyat ishini yuritishni yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni nazarda tutadigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni istisno etadigan va bunday ishlarni tugatishga sabab boʻladigan holat hisoblanadi. Tegishli ishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror faqat yangi ochilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda bekor qilinishi mumkin.
15-modda. Deputatning va senatorning mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqi
Deputat, senator oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini koʻrsatib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Faoliyati davlat siri hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir bilan bogʻliq korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga deputatning, senatorning kirish tartibi qonunda belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Deputatning va Senatda doimiy asosda ishlayotgan senatorning mehnat huquqlari kafolatlari
Deputatlarga, senatorlarga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ishga joylashishga doir kafolatlar beriladi. Vakolatlari muddati tugagach, deputatga, senatorga oʻzining roziligi bilan boshqa lavozimdagi ish, shu jumladan yuqoriroq lavozimdagi ish ham berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Deputatga va senatorga oʻttiz olti ish kunidan iborat haq toʻlanadigan har yilgi mehnat taʼtili beriladi, bundan qonunchilikda koʻproq muddatli taʼtil nazarda tutilgan hollar mustasno.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Deputat, senator ilgarigi ish joyiga (lavozimiga) qaytgan taqdirda, deputatning, senatorning avvalgi egallab turgan lavozimiga qabul qilingan shaxs bilan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 168-moddasining 9-bandiga muvofiq bekor qilinadi.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Korxona, muassasa, tashkilot qayta tashkil etilgan yoki xodimlari soni (shtati) oʻzgargan taqdirda deputatga, senatorga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ilgarigi ish joyi boʻyicha boshqa avvalgisiga teng lavozim beriladi. Bunda deputatni, senatorni ishga joylashtirish majburiyati huquqiy voris zimmasiga yuklatiladi.
Korxona, muassasa yoki tashkilot tugatilgan taqdirda, deputatga, senatorga oʻzining roziligi bilan boshqa korxonada, muassasada yoxud tashkilotda ish (lavozim) beriladi. Bunda deputatni, senatorni ishga joylashtirish majburiyati yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ zimmasiga yuklatiladi.
Saylanishiga (tayinlanishiga) qadar, lavozimlarga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladigan lavozimlarda ishlagan deputatlarni, senatorlarni ishga joylashtirish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunchilik palatasi va Senat tarqatib yuborilgan taqdirda, deputatga, senatorga ishdan boʻshatish oylik nafaqasi hisobga olingan holda ishga joylashish davrida qonunda belgilangan tartibda oʻrtacha oylik ish haqi toʻlanadi.
Deputatning, senatorning vakolatlari muddati umumiy ish stajiga, xizmat muddatiga va avvalgi ixtisosi boʻyicha ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-maydagi OʻRQ-536-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son)
17-modda. Deputatni va senatorni harbiy yigʻinlardan ozod qilish
Deputat, senator oʻz vakolatlari amal qilayotgan muddat mobaynida harbiy yigʻinlardan ozod qilinadi.
18-modda. Deputat va senator faoliyatining axborot hamda moddiy-texnika taʼminoti
Qonunchilik palatasi devoni, Senat devoni tegishincha deputatni, senatorni hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari bilan taʼminlaydi, shuningdek deputatlik, senatorlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarning maslahatlarini uyushtiradi.
Deputatga, senatorga texnik vositalar, aloqa vositalari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish uchun shart-sharoit yaratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Deputatga, senatorga deputatlik, senatorlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinmaydigan mablagʻ toʻlanadi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
19-modda. Deputatga va senatorga xizmat xonasi berish
Deputatga, senatorga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli palatasining binosida idora mebeli, zaruriy texnika vositalari va devonxona ashyolari bilan jihozlangan alohida xizmat xonasi (yoki xizmat xonasida ish joyi) beriladi.
20-modda. Deputatning va senatorning transportda tekin yurish huquqi
Deputat, senator Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) tekin yurish huquqidan foydalanadi.
Deputat, senator aeroportlar va aerovokzallar, temir yoʻl vokzallari hamda stansiyalarining rasmiy shaxslar va delegatsiyalar uchun moʻljallangan zallaridan tekin foydalanish huquqiga ega.
Deputat, senator oʻz guvohnomasini koʻrsatganidan keyin temir yoʻl vokzallari va stansiyalarining chipta sotadigan kassalari, fuqaro aviatsiyasi agentligi yoki aeroportlar unga poyezdning yotoqli yoki yumshoq oʻrindiqli vagonidan, samolyot salonidan navbatsiz joy berishlari shart. Deputat, senator palataning majlisiga borayotganda unga samolyot chiptasi parvozdan kamida ikki soat oldin, boshqa hollarda esa, kamida bir sutka oldin beriladi.
Chiptasida oʻrindiqning tartib raqami ham koʻrsatiladigan shaharlararo; shuningdek shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslarda deputat, senator avtovokzallar va avtostansiyalarning kassalaridan navbatsiz olinadigan tekin chipta bilan yuradi. Qolgan barcha hollarda deputatning, senatorning yoʻlovchilar transportida yurishi (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) deputatning, senatorning guvohnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Deputat, senator har bir transport turida amalda boʻlgan normalarga mos qoʻl yukini tekin olib yurish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Transport tashkilotlari bilan hisob-kitob qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(20-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 24-fevraldagi 23-I-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari faoliyatining taʼminoti toʻgʻrisidagi nizom.
21-modda. Deputatga va senatorga xizmat turar joyi berish
Deputatga, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorga, agar ular Toshkent shahrida turar joyga ega boʻlmasa, bergan arizalariga binoan vakolatlari amal qiladigan muddatga oila aʼzolari bilan yashash uchun Toshkent shahrida xizmat turar joyi beriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son “Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berishni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Deputat, senator oʻziga ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq berilgan hamda oʻzi egallab turgan xizmat turar joyini deputatlik, senatorlik vakolatlari tugagan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay boʻshatib berishi shart. Mazkur talabning bajarilmasligi sud tartibida koʻchirtirilishga sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 2-dekabr,
704-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 3-4-son, 18-modda; 2008-y., 52-son, 510-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; 10.08.2020-y., 03/20/631/1153-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 15.10.2021-y., 03/21/722/0960-son; 19.12.2023-y., 03/23/883/0949-son; 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son; 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)