toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.11.2022
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON “OʻZKOMMUNXIZMAT” AGENTLIGINING
Qarori
Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 10-aprelda 1672-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining 2022-yil 28-oktabrdagi 284-son, Moliya vazirligining 2022-yil 27-oktabrdagi 58-son va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 27-oktabrdagi 59-sonli ““Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1672-3, 28.11.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-maydagi 100-son “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining Namunaviy ustavini hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bilan koʻp kvartirali uydagi turar joyga moʻljallanmagan bino mulkdori oʻrtasidagi Namunaviy shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha nizom tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
3. Ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligining 2001-yil 14-avgustdagi 72, 4-2-7/23, 014-1/832-son “Turar-joyning 1 m. kv umumiy maydonini saqlash va ekspluatatsiya qilish tariflarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (2001-yil 19-sentabr, roʻyxat raqami 1068 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2001-yil, 18-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 25-dekabr,
104-son
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 25-dekabr,
17-son
“Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktori U. XOLMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2006-yil 25-dekabr,
01-1371-son
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzkommunxizmat” agentligining
2006-yil 25-dekabrdagi 104, 17, 01-1371-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga (OʻR QHT, 2006-y., 15-son, 122-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 17-apreldagi PF-2832-son “Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi toʻgʻrisida”gi Farmoniga (OʻR QHT, 2001-y., 8-son), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi PQ-3-son “Uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga (OʻR QHT, 2005-y., 5-6-son, 30-modda), 2005-yil 11-fevraldagi PQ-5-son “Kommunal xizmatlar tariflarining asossiz ravishda oʻsib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ular uchun oʻz vaqtida va toʻliq hisob-kitob qilinishi uchun isteʼmolchilarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (OʻR QHT, 2005-y., 5-6-son, 30-modda), 2006-yil 25-iyuldagi PQ-425-son “1991-yilgacha qurilgan koʻp xonadonli turar joy binolarining umumfoydalanadigan joylari va muhandislik kommunikatsiyalari kapital taʼmirlanishini yakunlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (OʻR QHT, 2006-y., 30-son, 291-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (OʻR QT, 1999-y., 2-son, 9-modda), 2006-yil 12-apreldagi 64-son “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlarini yanada rivojlantirish va turar joylarga xizmatlar koʻrsatishning aniq bozorini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (OʻR QHT, 2006-y., 15-son, 127-modda) va 2006-yil 30-maydagi 100-son “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining Namunaviy ustavini hamda Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bilan koʻp kvartirali uydagi turar joyga moʻljallanmagan bino mulkdori oʻrtasidagi Namunaviy shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (OʻR QHT, 2006-y., 22-son, 196-modda) asosan umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizm�t koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatini (bundan buyon matnda XUJMSh deb yuritiladi) tashkil etishdan maqsad uy-joy fondini birgalikda boshqarish hamda uni saqlash, asrash va taʼmirlashni, koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdorlarining umumiy mol-mulkidan (bundan buyon matnda umumiy mol-mulk deb yuritiladi) foydalanishni taʼminlashdan iborat.
2. Koʻp kvartirali uydagi xususiy turar joy mulkdorlari (bundan buyon matnda joy mulkdorlari deb yuritiladi) umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmalariga olishga majbur. Joy mulkdorining umumiy xarajatlardagi ulushi uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli joy maydoniga nisbatan mutanosib ravishda belgilanadi.
3. Koʻp kvartirali uydagi noturar joy mulkdori ham umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi hisoblanadi va umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha umumiy xarajatlarni zimmasiga olishga majbur.
4. Umumiy xarajatlar umumiy mol-mulkni, uylar yaqin atrofidagi hududlarni (yer uchastkalarini) va XUJMShning mol-mulkini saqlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
5. Koʻp kvartirali uylardagi turar joy va noturar joy mulkdorlarining umumiy mol-mulkiga uyning umumiy joylari (xollar, bolalar aravachalari joylari, chiqindi kameralari va boshqalar), tayanch va toʻsiq qurilmalar (devorlar, bostirmalar, poydevorlar), kvartiralar oraligʻidagi ixotalangan (oʻralma) pillapoya, (yoʻlak ichidagi, tashqarisidagi, yoʻlakka kirishdagi) zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar (ventilatsiya shaxtalari, chiqindi shaxtalari va boshqalar), dahlizlar, cherdaklar va tomlar, texnik qavatlar va yertoʻlalar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalar kiradi.
Umumiy mol-mulkdan ajratilgan hamda XUJMShning mablagʻlari hisobiga va qonunchilik hujjatlarida taʼqiqlanmagan boshqa yoʻllar bilan qoʻlga kiritilgan mol-mulklar XUJMShning mol-mulki hisoblanadi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
6. Umumiy mol-mulkni saqlash umumiy mol-mulkni texnikaviy va sanitariya jihatdan yaxshi holatini taʼminlashga qaratilgan va ushbu mol-mulkni saqlash va ulardan foydalanishga zarur shart-sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan boshqaruv, texnik va sanitariya holatini saqlab turish, xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.
7. Daromadlar va xarajatlarning yillik smetasini tuzish hamda majburiy badallarni aniqlash chogʻida umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va XUJMSh mol-mulkini boshqarish funksiyalarini (XUJMSh boshqaruvi, boshqaruvchi (ijrochi direktori), har qanday tashkiliy huquqiy shakldagi yuridik shaxs — boshqaruvchi tashkilot tomonidan) amalga oshirish boʻyicha shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi qabul qilgan qarordan kelib chiqqan holda boshqaruv xarajatlari shakllantiriladi.
8. Shuningdek, umumiy mol-mulkka, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish elementlari mavjud boʻlgan yer uchastkasiga va XUJMSh mol-mulkiga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash funksiyalarini (XUJMSh, joy mulkdorlari, pudratchilar — yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan) amalga oshirish boʻyicha XUJMSh aʼzolari umumiy yigʻilishi qabul qilgan qarorga asosan XUJMSh daromadlari va xarajatlarining yillik smetasini tuzish hamda majburiy badallarni aniqlash chogʻida xizmatlar koʻrsatish va taʼmirlash xarajatlari shakllantiriladi.
Pudratchilar (XUJMShga shartnoma boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan boshqaruvchilari — xizmat koʻrsatish tashkilotlari) umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini XUJMSh, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiradi.
9. XUJMSh, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilotlar koʻp kvartirali uyning umumiy mol-mulkiga xizmat koʻrsatish, ularni taʼmirlash va saqlash boʻyicha xarajatlarni aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizom” (OʻR QHT, 2006-y., 2-son, 9-modda), ushbu Nizom, Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa vazirliklar va idoralarning tegishli normativ-huquqiy hujjatlari va uslubiy hujjatlariga amal qiladi.
10. Xarajatlarni kamaytirishni ragʻbatlantirish maqsadida XUJMSh, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot bilan tuziladigan shartnoma asosida umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini amalga oshiruvchi pudratchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) ushbu xizmatlarga tariflarni shakllantirishda rentabellikning (sof foydaning ishlab chiqarish tannarxiga nisbati) cheklangan darajasini 10 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilaydilar.
XUJMSh tomonidan joy mulkdorlariga koʻrsatiladigan pullik xizmatlarga tariflarni shakllantirishda ham rentabellikning cheklangan darajasi 10 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
11. XUJMSh notijorat tashkilot boʻlganligi sababli asosiy faoliyati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod qilingan. Daromadlar va xarajatlar smetasini tuzish, shuningdek majburiy badallarni aniqlash chogʻida yuqoridagi toʻlovlar hisobga olinmaydi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligining 2014-yil 4-iyundagi 43, 72, 02-1/592-sonli qarori (roʻyxat raqami 1672-1, 27.06.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 26-son, 321-modda)
12. Turar joylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini amalga oshiruvchi pudratchi tashkilotlar (XUJMShga shartnoma boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan boshqaruvchilari — xizmat koʻrsatish tashkilotlari)ning uy-joy ekspluatatsiya xizmatlariga tariflarni tasdiqlash yoki qayta koʻrib chiqish chogʻida tarifning oshgan qismining 10 foizi ularning daromadi hisobidan qoplanadi.
13. Pudratchi tashkilotlar tomonidan XUJMShning umumiy mol-mulkiga texnik xizmatlar koʻrsatish va ularni boshqarish shartnomalari hamda turar joylarni ijaraga olish shartnomalari uy-joy fondlarini taʼmirlash, saqlash va boshqarish xarajatlariga kiritilgan va uy-joy fondlarini taʼmirlash, saqlash va boshqarishni amalga oshiruvchi korxonalar xizmatlariga tarifni shakllantirishda koʻzda tutilgan ishlar (koʻrsatiladigan xizmatlar)ning turlari va hajmlari roʻyxatini oʻzida aks ettirishi kerak.
14. XUJMSh daromadlar va xarajatlarning yillik smetasini tuzishda majburiy ravishda uylarni va uylar yaqin atrofidagi hududlarning texnik va sanitariya holatlarini baholash paytida aniqlangan texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, umumiy mol-mulkni va uylar yaqin atrofidagi hududlarni (XUJMSh yer uchastkasini) sanitariya holatini saqlab turish, umum foydalanish joylarini obodonlashtirish boʻyicha ishlar (xizmatlar)ning, ularning hajmlarini koʻrsatgan holda, toʻliq roʻyxatlarini ham tuzadi.
15. Agarda, XUJMShga bir nechta (ikki va undan ortiq) uylarning joy mulkdorlari birlashgan boʻlsa, bunda har bir alohida uyning umumiy mol-mulkining texnik holatidan, ularga xizmatlar koʻrsatish, ularni taʼmirlash va saqlab turish boʻyicha ishlar (xizmatlar)ning turlari va hajmlaridan kelib chiqqan holda har bir uy uchun majburiy badallar har xil miqdorlarda belgilanishi mumkin.
16. Har bir uyning joy mulkdorlarining majburiy badallari quyidagilardan tashkil topadi:
a) har bir alohida uyning umumiy mol-mulkiga xizmat koʻrsatish, ularni taʼmirlash va saqlash xarajatlari;
b) umumiy yer uchastkalarini obodonlashtirish, ularni saqlash va boshqarish boʻyicha barcha uylarga tegishli boʻlgan va XUJMShning barcha aʼzolariga taqsimlanadigan xarajatlar (maʼmuriy xarajatlar).
Mazkur bandning “b” kichik bandida koʻzda tutilgan xarajatlardan kelib chiqqan holda hisoblangan majburiy badallarning bir qismi XUJMShning hamma aʼzolari uchun bir xil hisoblanadi.
17. XUJMSh aʼzolarining majburiy badallari miqdori XUJMSh aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi.
18. Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va XUJMSh mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar smetasiga kiritilgan ishlar hamda koʻrsatiladigan xizmat turlari boʻyicha xarajatlarning hisob-kitobi majburiy ravishda amalga oshiriladi.
19. Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va XUJMSh mol-mulkini saqlab turish boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarni toʻlash boʻyicha yakuniy hisob-kitobi haqiqatda bajarilgan ishlar hajmi, ularning sifati va bajarish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida yil tugagandan soʻng amalga oshiriladi. Asoslangan xarajatlar mavjud boʻlganda toʻlovlar qayta hisob-kitob qilinadi: bunda toʻlovlarning yetmay qolgan qismi hisobot yilidan keyingi davrda majburiy badallarni shakllantirishda hisobga olinadi, aholidan olingan ortiqcha toʻlovlar esa kelgusidagi toʻlovlarga hisob-kitob qilinadi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq barcha xarajatlar quyidagilarga guruhlanadi:
a) mahsulot (ishlar, xizmatlar)ning ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan xarajatlar;
b) asosiy faoliyatning foydasida hisoblanadigan davr xarajatlariga kiritiladigan xarajatlar;
v) umumxoʻjalik faoliyatidan olingan foyda yoki zararni hisoblashda hisobga olinadigan moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlar;
g) daromad (foyda) soligʻi toʻlagunga qadar foyda yoki zararni hisoblashda hisobga olinadigan favqulodda xarajatlar.
II. XUJMShning uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash boʻyicha xizmatlarni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi
21. Mahsulot va xizmatlarning ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan xarajatlar ularning iqtisodiy mazmuniga koʻra quyidagi elementlar bilan guruhlarga ajratiladi:
ishlab chiqarish moddiy xarajatlari (qaytariladigan chiqitlar qiymati chiqarib tashlangan holda);
ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari;
ishlab chiqarishga tegishli boʻlgan ijtimoiy sugʻurtaga ajratmalar;
asosiy fondlar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa xarajatlar.
§ 1. Ishlab chiqarish bilan bogʻliq moddiy xarajatlar
22. Ishlab chiqarish bilan bogʻliq moddiy xarajatlarga quyidagilar tegishli boʻladi:
a) uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajarishda, xizmatlar koʻrsatishda zarur tarkibiy qism hisoblangan chetdan sotib olinadigan xomashyo va materiallar.
Prognoz uchun tannarxni kalkulatsiya qilishda materiallarning tasdiqlangan meʼyoriy sarfi boʻyicha moddiy xarajatlar hisobga olinadi;
b) uy-joy fondini meʼyor darajasida saqlash va taʼmirlashni taʼminlash uchun ishlar, xizmatlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan xarid qilinadigan materiallar, shuningdek asbob-uskunalarni tuzatish uchun ehtiyot qismlar, inventarlarning, xoʻjalik buyumlarining va asosiy vositalarga kirmaydigan boshqa mehnat vositalarining qiymati;
v) sotib olinadigan, kelgusida ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektda montaj qilinadigan yoki qoʻshimcha ishlov beriladigan butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar;
g) chetdan sotib olinadigan yonilgʻining barcha turlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning transporti tomonidan bajariladigan ishlab chiqarishga xizmat koʻrsatish boʻyicha transport xizmatlari;
d) sotib olinadigan energiyaning barcha turlari (uy-joy fondini umumiy foydalanish joylarini yoritish, lift xoʻjaligini va uy xoʻjaligining elektr uskunalarini ishlashini taʼminlash uchun elektr energiyasi), isitish tizimlarini yuvish va isitish mavsumiga tayyorlash uchun ishlatiladigan suv;
e) tashqi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan ishlar va xizmatlar (koʻcha chiqindilarini olib ketish, xandaklarni tozalash, koʻp kvartirali turar joy uylarning yertoʻlalariga kimyoviy ishlov berish);
j) XUJMSh, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga asosan umumiy mulkka xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudratchilarning (XUJMSh shartnomasi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan boshqaruvchilari — xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar) ish va xizmatlari;
23. “Moddiy xarajatlar” elementi boʻyicha aks ettiriladigan moddiy resurslar qiymati sotib olish narxidan, qoʻshimcha narx (ustama)dan, taʼminot, tashqi iqtisodiy tashkilotlar tomonidan toʻlanadigan vositachilik taqdirlashlaridan, tovar birjalari xizmatlari qiymatidan, shu jumladan, brokerlik xizmatlaridan, bojlar va yigʻimlardan, soliqlardan (korxona keyinchalik qarz surishish, masalan, qoʻshilgan qiymat soligʻi tarzida qaytarib oladiganlardan tashqari), transportda tashishga haq toʻlashdan, tashqi yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan saqlash va yetkazib berishga haq toʻlashdan kelib chiqib shakllanadi.
§ 2. Ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari
24. Ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari — bu uy-joy fondini saqlash va xizmat koʻrsatishda qatnashuvchi ishlab chiqarish xodimlarining (hovli tozaligiga qarovchi xodimlar va farroshlar, chiqindi kameralari va chiqindi uzatgichlarini tozalovchilar, taʼmirlash brigadalarining ishchilari, liftchilar va liftga dispetcherlik xizmati operatorlari, rejali joriy taʼmirlash boʻyicha ishchilar, chaqiruvlar boʻyicha nosozliklar va avariyalarni bartaraf etish ishlarida band boʻlgan ishchilar, yuklovchilar va h. k.) mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlardir.
25. Ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari tarkibiga quyidagi moddalar kiritiladi:
korxonada qabul qilingan mehnatga haq toʻlash shakllari va tizimlariga muvofiq bajarilgan narxnomalar, tarif stavkalari va lavozim maoshlaridan kelib chiqib amalga oshirilgan, amalda bajarilgan ish uchun ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan hisoblangan ish haqi, shu jumladan, xoʻjalik yurituvchi subyektni mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomlarda nazarda tutilgan ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlar;
ish rejimi va mehnat sharoitlari bilan bogʻliq boʻlgan kompensatsiya tusidagi toʻlovlar, shu jumladan:
a) texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ishdan tashqari vaqtda, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlarda ishlanganlik uchun tarif stavkalari va okladlarga ustamalar va qoʻshimcha haq;
b) koʻp smenali rejimda ishlaganlik, kasblarni birga qoʻshib olib borganlik va xizmat koʻrsatish zonalarini kengaytirganlik uchun ustamalar;
v) Respublika Hukumati tomonidan tasdiqlangan kasblar va ishlar roʻyxati boʻyicha ogʻir, zararli, alohida zararli mehnat va tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar, shu jumladan, ushbu sharoitlardagi uzluksiz ish staji uchun ustamalar:
ishchilarga tosh, beton va temir-beton konstruksiyalarda mexanizatsiyalashgan uskunani tatbiq etgan holda teshik, tuynuk, ariqcha, tokcha hosil qilishda;
suvoqchilarga yuza qismga qorishmani suvash va tekislash ishlarini qoʻlda bajarishda, qoʻlda yoki pnevmatik uskuna tatbiq etgan holda betonli yuzada chuqurchalar hosil qilishda;
g) mehnatga haq toʻlashning rayonlar boʻyicha tartibga solinishiga, shu jumladan, rayon koeffitsiyentlari va qonunchilik hujjatlariga muvofiq choʻl, suvsiz va yuqori togʻ joylarida ishlaganlik uchun koeffitsiyentlar bilan belgilangan toʻlovlar;
(25-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
d) ishlanmagan vaqt uchun haq toʻlash:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq navbatdagi (har yilgi) va qoʻshimcha taʼtillar, navbatdagi (har yilgi) foydalanilmagan va qoʻshimcha taʼtillar uchun kompensatsiyalar, oʻsmirlarning imtiyozli soatlari, bolani ovqatlantirish uchun onalar ishidagi tanaffuslar, shuningdek, tibbiy koʻriklardan oʻtish bilan bogʻliq vaqt uchun haq toʻlash;
(25-band “d” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
donor xodimlarga qonni tekshirish, topshirish kunlari uchun va qon topshirilgan har bir kundan keyin beriladigan dam olish kunlari uchun haq toʻlash;
davlat vazifalarini bajarganlik uchun (harbiy yigʻinlar, favqulodda vaziyatlar boʻyicha yigʻinlar va boshqalar) mehnat haqi toʻlash.
26. Belgilangan tartibga muvofiq ishlab chiqarish jarayonida qatnashuvchi xodimlar mehnatiga haq toʻlash xarajatlariga kiritiladigan toʻlovlarning boshqa turlari.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligining 2015-yil 13-avgustdagi 74, 98, 014-1/576-sonli qarori (roʻyxat raqami 1672-2, 17.08.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 448-modda)
§ 3. Ishlab chiqarishga tegishli boʻlgan ijtimoiy sugʻurtaga ajratmalar
27. Qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan meʼyorlar boʻyicha mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlariga ijtimoiy tusdagi majburiy ajratmalar.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
§ 4. Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi
28. Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi boʻyicha xarajatlar tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) asosiy fond (shu jumladan foydalanish muddatiga muvofiq lizing boʻyicha sotib olingan)larning dastlabki (tiklash) qiymatidan foizlarda hisoblangan amortizatsiya ajratmalari summasi;
b) ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar (Gudvill (firmaning narxi)dan tashqari) eskirishi har oyda xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan dastlabki qiymati va ulardan foydali foydalanish muddatidan (biroq xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati muddatidan ortiq boʻlmagan) kelib chiqib hisoblanadigan meʼyor boʻyicha mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga tegishli boʻladi. Foydali foydalanish muddatini aniqlash imkoni boʻlmagan nomoddiy aktivlar boʻyicha eskirish meʼyori besh yil hisobiga belgilanadi, biroq xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati muddatidan ortiq emas.
§ 5. Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar
29. Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlarni hisobga olishning navbatdagi kompleks moddalari mazkur bobning 1—4-paragraflarida keltirilgan xarajatlar elementlari boʻyicha ajratiladi:
Ishlab chiqarish jarayoniga xizmat koʻrsatish xarajatlari:
a) ishlab chiqarishni xomashyo, materiallar, yonilgʻi, energiya, instrument, moslamalar va boshqa mehnat vositalari va buyumlari bilan taʼminlash xarajatlari;
b) asosiy ishlab chiqarish fondlarini ish holatida saqlash xarajatlari (texnik koʻrik va qarov, oʻrtacha, joriy va mukammal tuzatish xarajatlari). Asosiy ishlab chiqarish vositalarini barcha turda (joriy, oʻrtacha, mukammal) tuzatishlarni xoʻjalik yurituvchi subyektning oʻz kuchi bilan oʻtkazish ishlab chiqarish xarajatlarining tegishli elementlari (moddiy xarajatlar, mehnat haqi toʻlash xarajatlari va boshqalar) boʻyicha mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritiladi;
v) yongʻindan saqlash va qoʻriqlashni hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning texnikaviy foydalanish qoidalari bilan nazarda tutilgan boshqa maxsus talablarni taʼminlash, ular faoliyatini nazorat qilish xarajatlari.
Idoradan tashqari qoʻriqlash xarajatlari bunday qoʻriqlash mavjud boʻlishini talab qiluvchi mazkur ishlab chiqarishga maxsus talablar mavjud boʻlgan taqdirda mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritilishi mumkin.
g) ishlab chiqarish jarayoniga tegishli boʻlgan boshqaruvning texnik vositalarini, aloqa uzellarini, signalizatsiya vositalarini, boshqaruvning boshqa texnik vositalarini, hisoblash markazlarini saqlash va ularga xizmat koʻrsatish xarajatlari;
d) belgilangan meʼyorlar doirasidagi ishlab chiqarish xodimlarini ishlab chiqarish jarayoniga tegishli boʻlgan xizmat safarlariga yuborish boʻyicha xarajatlar.
e) ishlab chiqarish jarohatlari tufayli mehnat qobiliyati yoʻqolishi munosabati bilan tegishli vakolatli idoralarning qarorlari asosida va qarorlarisiz toʻlanadigan nafaqalar. Kasb kasalligi tufayli toʻlanadigan nafaqalar.
j) umumiy foydalaniladigan yoʻlovchilar transporti xizmat koʻrsatmaydigan yoʻnalishlarda xodimlarni ish joyiga olib borish va olib kelish bilan bogʻliq xarajatlar.
III. Davr xarajatlari
30. Davr xarajatlariga bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlar va sarflar: boshqaruv xarajatlari, mahsulotni sotish xarajatlari va umumxoʻjalik ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa xarajatlar kiradi.
31. Majburiy badallarni shakllantirishda zaruriy foydani aniqlashda “Davr xarajatlari”ning quyidagi moddalari hisobga olinadi.
§ 1. Xizmatlarni sotish xarajatlari
32. Xizmatlarni sotish xarajatlariga quyidagilar kiradi:
a) belgilangan meʼyorlar doirasidagi reklama xarajatlari;
b) tushum inkassatsiyasini yuritish chiqimlari;
v) sotish boʻyicha boshqa xarajatlar.
§ 2. Maʼmuriy xarajatlar
33. Maʼmuriy xarajatlarga quyidagilar kiradi:
a) mazkur Nizomning II bobi 2-paragrafida sanab oʻtilgan boshqaruv xodimlariga tegishli boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari;
b) boshqaruv xodimlarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan meʼyorlar doirasidagi ijtimoiy sugʻurtaga majburiy ajratmalar;
(33-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligining 2015-yil 13-avgustdagi 74, 98, 014-1/576-sonli qarori (roʻyxat raqami 1672-2, 17.08.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 448-modda)
v) xoʻjalik yurituvchi subyekt va uning tarkibiy boʻlinmalarini tashkil etish va ularni boshqarish xarajatlari;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 2-apreldagi 154-son qaroriga muvofiq budjet tashkilotlari uchun belgilangan yoʻl bosish limiti doirasidagi xizmat yengil avtotransporti va xizmat mikroavtobuslarini saqlash, yollash va ijaraga olish xarajatlari;
d) boshqaruvning texnik vositalari, aloqa uzellari, signalizatsiya vositalari, hisoblash markazlarini va ishlab chiqarishga tegishli boʻlmagan boshqaruvning boshqa texnik vositalarini saqlash va ularga xizmat koʻrsatish xarajatlari;
e) mahalliy tarmoqlar va internetdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan telekommunikatsiyalar xizmatlari uchun haq toʻlash;
j) belgilangan meʼyor doirasidagi shaharlararo va xalqaro telefon soʻzlashuvlari uchun toʻlovlar;
z) maʼmuriy boshqaruv ehtiyojlari uchun bino va joy ijara toʻlovi;
i) maʼmuriy ahamiyatga ega boʻlgan asosiy vositalarni saqlash va taʼmirlash xarajatlari, ularning eskirish (amortizatsiyasi) xarajatlari;
k) boshqaruv xodimlarining belgilangan meʼyor doirasidagi xizmat safari xarajatlari;
l) belgilangan meʼyor doirasida vakillik xarajatlari.
§ 3. Boshqa operatsiya xarajatlari
34. Boshqa operatsiya xarajatlari oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
a) kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash (yangi tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektda ishlash uchun, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning ixtisosiga toʻgʻri kelmaydigan kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, bundan mustasno) xarajatlari;
b) maslahat va axborot xizmatlariga haq toʻlash;
v) auditorlik xizmatlariga haq toʻlash;
g) salomatlikni muhofaza qilish va xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashuvi bilan bogʻliq boʻlmagan dam olishlarni tashkil etish tadbirlari;
d) kompensatsiya tusidagi toʻlovlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga koʻra kompensatsiya toʻlovlari;
qonunchilik hujjatlariga yoki xoʻjalik yurituvchi subyektning oʻzining qaroriga muvofiq majburiy progul vaqti yoki past haq toʻlanadigan ishni bajarganlik uchun haq toʻlash;
(34-band “d” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
vaqtincha mehnat layoqatini yoʻqotgan taqdirda qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan haqiqiy ish haqi miqdorigacha qoʻshimcha haq;
(34-band “d” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
xoʻjalik yurituvchi subyektning ishchilariga asosiy ish joyi boʻyicha ular ishdan ajragan holda malaka oshirish va kadrlarni qayta tayyorlash tizimida oʻqigan vaqtda ish haqi toʻlash;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq 12 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor boʻlgan ayollarga berilgan qoʻshimcha taʼtilga haq toʻlash;
(34-band “d” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
e) ish haqini hisoblashda hisobga olinmaydigan toʻlovlar va xarajatlar:
qonunchilikka muvofiq bolani ikki yoshga toʻlgungacha parvarish qilish boʻyicha har oylik nafaqani toʻlash boʻyicha xarajatlar;
pensiyalarga ustamalar, pensiyaga chiqayotgan mehnat faxriylariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqalar;
qonunchilikka muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektlardan ularning qayta tashkil etilishi, xodimlar va shtatlar sonining qisqarishi munosabati bilan boʻshatiladigan xodimlarga toʻlovlar;
j) vaqtincha toʻxtatib qoʻyilgan ishlab chiqarish quvvatlari va obyektlarini saqlash xarajatlari (boshqa manbalar hisobiga qoplanadigan xarajatlardan tashqari);
z) bank va depozitariy xizmatlariga toʻlovlar;
i) qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan va xoʻjalik yurituvchi subyekt xarajatlariga kiritiladigan budjetga majburiy toʻlovlar, soliqlar, yigʻimlar, davlat maxsus budjetdan tashqari jamgʻarmalariga ajratmalar;
(34-bandning “i” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
k) ijaraga berilgan asosiy vositalarni saqlash xarajatlari.
IV. Moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlar
35. Moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlarga quyidagilar kiradi:
banklar va boshqa moliya-kredit tashkilotlari kreditlari boʻyicha foizlar (investitsiya davrida kapital qoʻyilmalar tarkibiga kiruvchi investitsiyalarga olingan bank va boshqa moliya-kredit tashkilotlari kreditlari foizlari, shuningdek muddati oʻtgan va uzaytirilgan ssudalar foizlaridan tashqari);
mol-mulkni uzoq muddatli ijaraga olish (lizing) boʻyicha foizlarni (ijaraga olish boʻyicha muddati oʻtgan va kechiktirilgan toʻlovlar bundan mustasno) toʻlash xarajatlari;
moliyaviy faoliyat boʻyicha boshqa xarajatlar.
V. Turar joyning umumiy maydonining 1 kv. m uchun majburiy badalni hisoblash tartibi
§ 1. Turar joyning umumiy maydonining 1 kv. m uchun majburiy badalni hisoblash tartibi
36. XUJMSh tomonidan ushbu Nizomga muvofiq ishlarning (xizmat) toʻliq roʻyxati va hajmi asosida ishlab chiqilgan daromad hamda xarajatlar smetasi turar joyning 1 kv.m maydonini saqlash va taʼmirlashga majburiy badalni aniqlash uchun asos hisoblanadi.
37. Daromad qismi XUJMSh aʼzolarining majburiy badallari (doimiy, oylik badallar), noturar joy mulkdorlarining badallari hamda qonunlarga muvofiq boshqa daromad va tushumlardan shakllanadi.
Daromadlar smetasi XUJMShning umumiy mulkini, yer maydonini va mulkini saqlash bilan bogʻliq barcha rejalashtirilgan xarajatlar va mavjud moliyaviy majburiyatlarni qoplashni koʻzda tutishi lozim.
Smetaning xarajatlar qismi daromadlar qismidan oshib ketishi mumkin emas.
38. Turar joyning umumiy maydonining 1 kv.m saqlash va taʼmirlashga majburiy badal quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
, bu erda:
B3 — turar joyning umumiy maydonining 1 kv.m uchun XUJMSh aʼzosining oylik majburiy badali miqdori;
ΣX — XUJMShning bir yillik rejalashtirilayotgan ishlab chiqarish xarajatlari summasi;
ΣF — rejalashtirilayotgan zaruriy foyda (davr xarajatlari hamda moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatlar) summasi;
ΣD — oʻrnatilgan tartibda umumiy xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan (XUJMSh aʼzolarining majburiy badalidan tushumni hisobga olmagan holda) boshqa daromad va tushum manbalari, jumladan:
turar-joy uylardagi ijaraga berilgan noturar joylar va boshqa mulklarni ijarachilaridan ushbu uylarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan yigʻim;
XUJMShga tegishli hududda joylashgan individual garaj va boshqa binolar egalaridan toʻlovlar;
rejalashtirilgan aholi toʻlovlari tushumining 100 foiz bajarilishi sharti asosida kommunal xizmat koʻrsatish korxonalaridan XUJMShga oʻrnatilgan tartibda turar joyni taʼmirlash va XUJMShga biriktirilgan hududni obodonlashtirish boʻyicha ishlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladigan ajratmalar;
Oldingi tahrirga qarang.
(38-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligining 2014-yil 4-iyundagi 43, 72, 02-1/592-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1672-1, 27.06.2014-y.) asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 26-son, 321-modda)
qonunlar bilan taqiqlanmagan boshqa daromad va tushumlar;
ΣMumum. — XUJMSh boshqaruvida boʻlgan uy-joy fondining umumiy maydoni.
§ 2. Yakuniy qoidalar
39. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 22-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 161-modda; 2014-y., 26-son, 321-modda; 2015-y., 33-son, 448-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)