1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.10.00.00 Majburiyat huquqi / 03.10.04.04 (Кучини йўқотган) Muomaladagi tovarlarning garovi / 03.10.99.00 (Кучини йўқотган) Garov;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.06.00 Kreditlashning alohida turlari / 07.22.06.01 Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini kreditlash (shuningdek, 09.14.17.05 ga qarang);
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.17.00 Qishloq xoʻjaligidagi shartnomalar / 09.14.17.05 Agrosanoat ishlab chiqarish sohasidagi kreditlash, hisob-kitob, sugʻurta (shuningdek, 07.22.06.01 ga qarang)]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi;
2.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN FERMER XOʻJALIKLARIGA BOʻLGʻUSI HOSILNI GAROVGA OLGAN HOLDA KREDIT BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 16-aprelda 1337-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 19-avgustdagi 347-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1337-5, 19.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-oktabrdagi PF-3342-sonli “2004—2006-yillarda fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-sonli “2004—2006-yillarda fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2004—2006-yillarda fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi” ijrosini taʼminlash maqsadida Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan fermer xoʻjaliklariga boʻlgʻusi hosilni garovga olgan holda kredit berish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan 10 kun oʻtgach amalga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-mart,
563-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2004-yil 1-martdagi 563-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Tijorat banklari tomonidan fermer xoʻjaliklariga boʻlgʻusi hosilni garovga olgan holda kredit berish tartibi toʻgʻrisida
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom asosida kreditlar davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
Davlat ehtiyoji uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirib bermaydigan fermer xoʻjaliklarini kreditlash Kichik tadbirkorlik subyektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2546, 2013-yil 27-dekabr) asosida amalga oshiriladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olgan fermer xoʻjaliklariga gʻalla yetishtirish uchun “Oʻzdonmahsulot” tayyorlov korxonalari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomasi summasining 30 foizigacha miqdorida, ushbu kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olmagan fermer xoʻjaliklariga kontraktatsiya shartnomasi summasining 80 foizigacha miqdorida kredit berilishi mumkin.
Jamgʻarma kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olgan paxta xomashyosi yetishtiradigan fermer xoʻjaliklariga ushbu kredit kontraktatsiya shartnomasi summasining 20 foizgacha miqdorida, ushbu kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olmagan fermer xoʻjaliklariga beriladigan kredit miqdori kontraktatsiya shartnomasi summasining 70 foizigacha miqdorda beriladi.
3. Kreditlar mazkur Nizomda belgilangan shartlar asosida kreditni qaytarishga qodir boʻlgan qarz oluvchilarga shartnoma asosida 1,5 yilgacha (18 oy) boʻlgan muddatga, qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz mijozning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi joylashgan manzil boʻyicha beriladi.
4. Kreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkalari miqdori qarz oluvchi va bank oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga koʻra kredit shartnomasi asosida belgilanadi.
Tijorat banklari ushbu kreditlar boʻyicha imtiyozli foiz stavkalari belgilash borasida qaror qabul qilish huquqiga egalar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining 2005-yil 9-aprel, 6/3-son qaroriga muvofiq xatboshi bilan toʻldirilgan (roʻyxat № 1337-1, 30.04.2005-y.) — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-son, 137-modda)
5. Kreditlar qarz oluvchilarga quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
qishloq xoʻjaligi texnikasi, ehtiyot qismlar va uskunalarni xarid qilish;
yonilgʻi-moylash materiallarini xarid qilish;
mineral oʻgʻit, oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari, veterinariya dori-darmonlari sotib olishga
MTP, muqobil MTP, shirkat xoʻjaliklari, SIU (suv isteʼmolchilari uyushmalari), boshqa xoʻjalik subyektlari xizmatlaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
gʻalla hosilini oʻrish va paxta xomashyosi yigʻim-terimi xarajatlari uchun toʻlovlar;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining 2005-yil 9-aprel, 6/3-son qaroriga muvofiq xatboshi bilan toʻldirilgan (roʻyxat № 1337-1, 30.04.2005-y.) — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-son, 137-modda)
bevosita gʻalla va paxta xomashyosi ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar uchun.
II. Kreditlarni rasmiylashtirish tartibi
6. Kredit olish uchun fermer xoʻjaligi uning asosiy depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatayotgan bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
kredit olish uchun ariza;
tayyorlov tashkilotlari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari nusxalari;
pul oqimi tahlili majburiy tarzda koʻrsatilgan biznes-reja;
qarz oluvchining tegishli davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilgan oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-shakl), shuningdek 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-shakl);
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
kreditni qaytarish taʼminoti.
7. Olinadigan kreditning qaytarish taʼminoti sifatida qarz oluvchi bankka oʻziga uzoq muddatga ijaraga berilgan yerdan joriy yilda olinadigan boʻlgʻusi hosilni taʼminot sifatida taqdim etadi.
Bunda bank va fermer xoʻjaligi oʻrtasida boʻlajak hosilni garovi shartnomasi imzolanadi. Shartnomada garovga qoʻyilgan hosilni “Oʻzdonmahsulot” va “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi tayyorlov korxonalariga va boshqa xoʻjalik subyektlariga sotishdan tushgan barcha pul mablagʻlari birinchi navbatda ushbu kreditlar va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashga yoʻnaltirilishi toʻgʻrisidagi shartlar belgilab qoʻyiladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 27-fevraldagi 4/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-4, 22.03.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 12-son, 114-modda)
Shuningdek, garov shartnomasiga fermer xoʻjaligi tomonidan boʻlgʻusi hosilni kredit bergan bank-benefitsiar foydasiga ixtiyoriy sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisini ilova etishi shart.
8. Kredit soʻrab, mazkur Nizomning 6 va 7-bandlarida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlarni ilova qilgan holda, berilgan arizaning bankka kelib tushgan kundan boshlab, ushbu ariza boʻyicha bank tomonidan kredit berish yoki rad qilish haqida xulosa berish muddati 3 ish kunidan oshmasligi lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
9. Kredit shartnomasi tuzilganidan soʻng kredit boʻlimi boshligʻi (xodimi), beriladigan kreditning miqdori, muddati va foiz stavkasini koʻrsatgan holda, ssuda hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisida buxgalteriyaga farmoyish beradi.
III. Kreditlarni berish, hisobini yuritish va kreditni qaytarish tartibi
10. Bank va fermer xoʻjaligi oʻrtasida kredit shartnomasi imzolanib, u amalga kiritilganidan keyin, bank fermer xoʻjaligi uchun alohida ssuda hisobvaragʻini ochadi va undan qarz oluvchining toʻlov topshiriqnomalari asosida faqat naqd pulsiz shaklda toʻlovlarni amalga oshirish yoʻli bilan beriladi.
Bunda, ushbu Nizomning 5-bandida keltirilgan ekinlarni yetishtirish xarajatlarining har bir turini moliyalashtirish uchun beriladigan kreditlarning eng koʻp miqdorini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan har yilgi hosil uchun tasdiqlangan agrotexkartalardan kelib chiqqan holda belgilash tavsiya etiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining 2005-yil 9-aprel, 6/3-son qaroriga muvofiq xatboshi bilan toʻldirilgan (roʻyxat № 1337-1, 30.04.2005-y.) — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-son, 137-modda)
11. Berilgan kreditlar 13301 — “Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan gʻallani yetishtirish uchun berilgan qisqa muddatli kreditlar” va 14301 — “Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta xomashyosini yetishtirish uchun berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
12. Alohida ssuda hisobvaraqlari boʻyicha berilgan kreditlar kredit boʻlimining farmoyishiga binoan muddatli majburiyatlar bilan rasmiylashtiriladi, ular toʻliq soʻndirilgunga qadar kreditlash muddatlariga bogʻliq holda 91901 — “Qarzdorlarning qisqa muddatli kreditlar boʻyicha majburiyatlari”, 91905 — “Qarzdorlarning uzoq muddatli kreditlar va lizinglar boʻyicha majburiyatlari” deb nomlangan hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
13. Tijorat banklari tomonidan kreditdan foydalanishning butun muddati davomida doimiy monitoring amalga oshiriladi va u qarz oluvchi tomonidan uning loyihasi va kredit shartnomasi shartlarining amalga oshirilishiga har tomonlama koʻmaklashishga qaratilgan boʻlishi lozim. Banklar tomonidan monitoring amalga oshirilish tartibi, berilgan kreditlar boshqa maqsadlarda ishlatilgan qarzdorga nisbatan qoʻllaniladigan javobgarlik choralari kredit shartnomasida belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
14. Monitoring jarayonida fermer xoʻjaligi tomonidan yetishtirilayotgan ekinlar holati va ularni parvarishlash boʻyicha zarur agrotexnika ishlarining oʻtkazilishi va kreditdan samarali hamda maqsadli foydalanish boʻyicha joylarga borib oʻrganishlar oʻtkazib turiladi. Ekinlar (toʻliq yoki qisman) mavjud boʻlmagan yoki ular ahvolining qoniqarsizligi, jumladan, agrotexnika tadbirlarining muddatida amalga oshirilmasligi, ekin maydonini begona oʻtlar bosib ketgani, sugʻorilmaganlik natijasida ekinlarni nobud boʻlish xavfi vujudga kelgani va shunga oʻxshash holatlar sababli yetarli hosil toʻplanmasligi xavfi vujudga kelsa, bank kreditlashni toʻxtatadi hamda berilgan kredit va unga hisoblangan foizlarni muddatidan oldin undirib oladi. Ushbu holatlar kredit shartnomasida kelishib olingan boʻlishi lozim.
15. Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi, ularni undirish oyda bir marta, kredit shartnomasida kelishilgan sanada amalga oshiriladi. Olingan kredit boʻyicha hisoblangan foizlarning qoldigʻi va asosiy qarz toʻlovi qarz oluvchining maxsus 23210, 23220-sonli hisobvaraqlariga qishloq xoʻjalik mahsulotlarini tayyorlov korxonalariga sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan birinchi navbatda amalga oshiriladi. Bunda hisoblangan foizlar kredit boʻyicha qarzdan oldin undirib olinadi.
Fermer xoʻjaliklari kredit boʻyicha asosiy qarz va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatdan oldin qaytarish huquqiga egalar.
16. Qarzdorning 23210, 23220-sonli maxsus hisobvaragʻidagi mablagʻlar olingan kredit va unga hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, foizlar va kredit qoldigʻini undirish qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻida mavjud mablagʻlar hisobidan qonunchilikda belgilangan navbat tartibida amalga oshiriladi.
Bunda hisoblangan foizlar va kredit qoldigʻi muddati oʻtgan ssudalar hisobvaragʻi orqali undirib olishga taqdim etiladi, u boʻyicha muddatli majburiyatnomalar esa 2-kartotekaga joylashtiriladi
17. Qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻida hisoblangan foizlar va kredit qoldigʻini undirish uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda qarzdorlik Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada (roʻyxat raqami 2342, 2012-yil 15-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 11-son, 127-modda) belgilangan tartibda undiriladi. Kreditlarni qaytarishda birinchi navbatda foizlar undiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
18. Agar qarzdor tomonidan yetishtirilgan hosilni sotishdan tushgan mablagʻlar va uning talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻlaridagi mablagʻlari bank kreditini va hisoblangan foizlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishga yetarli boʻlmagan taqdirda, bank boʻlgʻusi hosilni sugʻurtasi toʻlovidan olingan mablagʻlarni kreditni va hisoblangan foizlar toʻlovini amalga oshirishga yoʻnaltiradi.
Hosilni sotishdan hamda sugʻurta toʻlovlaridan tushgan mablagʻlar hisoblangan foizlar va kreditni qaytarishga yetmagan taqdirda bank tomonidan kredit va hisoblangan foiz qoldigʻi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-dekabridagi 422-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarning kreditlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibi”da belgilangan tartibda undirib olinadi.
19. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi, Yer resurslari davlat qoʻmitasi hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan kelishildi.
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri A. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi raisi M. ASQAROV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi E. QURBONOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi S. QOBILOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 15-son, 182-modda, 2005-y., 17-18-son, 137-modda; 2012-y., 25-son, 287-modda; 2015-y., 24-son, 324-modda; 2016-y., 12-son, 114-modda)