1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.04.00 Bank kreditlarining qaytarilishini taʼminlash]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Banklarning kreditlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul massasi oʻsishini cheklash va moliya intizomiga rioya etish masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 30-martdagi PF-3047-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Banklarning kreditlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Davlat mulki qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi va Yer resurslari davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-dekabr,
422-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-dekabrdagi 422-son qaroriga ilova
Banklarning kreditlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish
TARTIBI
1. Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul massasi oʻsishini cheklash va moliya intizomiga rioya etish masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 30-martdagi PF-3047-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan va agar qarzdor kredit boʻyicha oʻz majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmagan taqdirda garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymati kreditor bankning talabini qoplash uchun yetarli boʻlmaganda undiruvni qarzdorlarning garovdan boʻsh boʻlgan boshqa, likvidli mol-mulkiga qaratish tartibotini belgilab beradi.
2. Mazkur Tartib maqsadlari uchun quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
kreditor bank — kredit bergan bank;
qarzdor — kreditor bankdan kredit olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
likvidli mol-mulk — qarz oluvchining oson sotiladigan mol-mulki, shu jumladan ijtimoiy infratuzilma obyektlari, transport vositalari, kompyuter va boshqa asbob-uskunalar, shuningdek qarzdorning boshqa mol-mulki.
3. Qarzdorning pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, kreditor bank kredit boʻyicha qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan va notarial tasdiqlangan yozma bitim asosida qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga, yoxud undiruvni sud tartibida qarzdorning likvidli mol-mulkiga qaratish yoʻli bilan qaytarishga haqlidir.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Kreditor bank tomonidan kredit boʻyicha qarzni qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga qaytarish toʻgʻrisidagi yozma bitim kredit va foiz toʻlovlari boʻyicha qarz toʻliq qaytarilgungacha istalgan vaqtda tuzilishi mumkin.
4. Kreditor bankning kredit boʻyicha qarzni qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga qaytarish boʻyicha huquqi, kredit boʻyicha qarz toʻlanmagan taqdirda qarzdorning sotiladigan likvidli mol-mulki roʻyxati, shuningdek ushbu mol-mulkni sotish tartibi kreditor bank va qarzdor oʻrtasidagi bitim bilan belgilanadi.
5. Qarzdor tomonidan kredit boʻyicha qarz pul mablagʻlari yetishmasligi sababli oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda kreditor bank qarzdorni kredit boʻyicha qarzni uning likvidli mol-mulki hisobiga qaytarish boʻyicha oʻz moʻljali toʻgʻrisida, kredit boʻyicha qarzni uzish hisobiga qabul qilishga rozi boʻlgan mol-mulk turlarini koʻrsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.
6. Qarzdor bildirishnoma olingan kundan boshlab 15 kundan kechikmay kreditor bankka yozma javob yuborishi shart.
7. Qarzdor rozi boʻlmagan taqdirda kreditor bank kredit boʻyicha qarzni qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlatish maqsadida qarzdorning likvidli mol-mulkiga undirishni qaratish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Qarzdorning likvidli mol-mulki sotilishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi va qonunchilikka muvofiq sotilmagunicha auksiondan olinmaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-maydagi 282-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)
9. Kreditor bank qarzdorning likvidli mol-mulkini sotish maqsadida ochiq savdolar tashkil etishning tashabbuskori hisoblanadi.
10. Kreditor bank ochiq savdolar oʻtkazilgungacha 15 kundan kechikmay qarzdorni ularning oʻtkazilish sanasi va joyi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
11. Qarzdor ochiq savdolarda umumiy asoslarda qatnashish huquqiga egadir.
12. Kreditor bankka berilishi kerak boʻlgan toʻlov summasi kreditor bank tomonidan qarzdorning likvidli mol-mulkini sotish davri uchun ochiladigan maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi.
13. Ochiq savdolardan tushgan mablagʻlarni taqsimlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Agar mol-mulkni sotishdan olingan summa kreditor bank talablarini qoplash uchun yetarli boʻlmasa, qonunchilikda yoki bitimda boshqacha koʻrsatma boʻlmasa, u yetishmagan summani qarzdorning boshqa mol-mulkidan umumiy asoslarda olish huquqiga egadir.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Agar qarzdorning likvidli mol-mulkini sotishdan olingan summa qarzdorning kreditor bankdan kredit boʻyicha qarzidan ortiq boʻlsa, summadagi farq qarzdorga qaytarib beriladi.
16. Kreditor bank va qarzdor oʻrtasidagi kelishmovchiliklar bitim shartlariga muvofiq hal etiladi. Vujudga kelgan kelishmovchiliklarni oʻzaro kelishuvga koʻra hal etish mumkin boʻlmagan taqdirda tomonlar sudga murojaat qilishga haqlidir.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 23-son, 186-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)