toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kamera — maxsus qabulxonada joylashgan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun moʻljallangan xona;
maxsus qabulxona — ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus muassasa;
maxsus qabulxona maʼmuriyati — maxsus qabulxonani boshqarishni amalga oshiruvchi maxsus qabulxona boshligʻi va uning oʻrinbosarlari;
maxsus qabulxona xodimlari — maʼmuriy qamoqni oʻtash rejimini taʼminlash majburiyatlarini bajarayotgan ichki ishlar organlarining safdorlar, serjantlar va ofitserlar tarkibidagi shaxslari;
maʼmuriy qamoqqa olish — maʼmuriy jazo turi boʻlib, u shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qoʻyish sharoitlarida saqlashdan iborat va uch sutkadan oʻn besh sutkagacha boʻlgan muddatga, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun oʻttiz sutkagacha boʻlgan muddatga qoʻllaniladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 23, 29, 345, 346-moddalari.
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs — oʻziga nisbatan maʼmuriy qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan fuqaro.
4-modda. Maʼmuriy qamoqni oʻtashning asosiy prinsiplari
Maʼmuriy qamoqni oʻtashning asosiy prinsiplari qonuniylik, insonparvarlik, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdan iboratdir.
5-modda. Maʼmuriy qamoqni oʻtash asosi
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi sudyasining qarori, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshligʻining qarori maʼmuriy qamoqni oʻtash uchun asos boʻladi.
(5-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-martdagi OʻRQ-823-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2023-y., 03/23/823/0150-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 29-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 35-son “Sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi Qarorining 24-bandi.
6-modda. Maxsus qabulxonalarning huquqiy holati
Maxsus qabulxonalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus qabulxonalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzurida tashkil etiladi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 27-oktabrdagi OʻRQ-797-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 03/22/797/0967-son)
Maxsus qabulxonalar yuridik shaxs boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 734-son “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
61-modda. Maxsus qabulxonalardagi tezkor-qidiruv faoliyati
Maxsus qabulxonalardagi tezkor-qidiruv faoliyati jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarga tayyorgarlik koʻrishga va ularni sodir etishga daxldor boʻlgan shaxslarni aniqlash, topish hamda qidirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(61-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 13-martdagi OʻRQ-920-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2024-y., 03/24/920/0209-son)
2-bob. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish, joylashtirish va saqlash tartibi
7-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsni qabul qilish tartibi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keltiriladi.
Maxsus qabulxonaga qabul qilish chogʻida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga nisbatan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, barmoq izlarini roʻyxatga olish, ushbu shaxsni fotosuratga olish, undagi mavjud ashyolarni koʻzdan kechirish, shuningdek tibbiy koʻrik amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi toʻgʻrisida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart. Agar maxsus qabulxonaga joylashtirilgan shaxs chet el fuqarosi boʻlsa, uning maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirish yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuborilishi kerak.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonaga qabul qilish kechayu kunduz amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari.
8-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va uning ashyolarini koʻzdan kechirish
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga keltirilganda shaxsiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsda mavjud boʻlgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar ham koʻzdan kechirilishi lozim.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsdan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar olib qoʻyiladi, bundan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar ichki tartib qoidalariga muvofiq oʻzida olib qolishi va foydalanishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, eng zarur narsalar, kiyim-bosh, poyabzal, oʻzga narsalar va boshqa ashyolar mustasno. Olib qoʻyilgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolar shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ashyolarni koʻzdan kechirish bayonnomalarida ularning tavsiflari va identifikatsiya raqamlari sanab oʻtilgan holda koʻrsatiladi.
Dori vositalari roʻyxat boʻyicha tibbiyot punktiga topshirilib, alohida saqlanadi va maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga uning imzosi olingan holda, maxsus qabulxona tibbiyot xodimining koʻrsatmasi boʻyicha qaytariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsdan topilgan, saqlanishi, tarqatilishi, isteʼmol qilinishi va foydalanilishi taqiqlangan narsalar va boshqa ashyolar qonunchilikda belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.
(8-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari”ning 5-bobi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsda mavjud boʻlgan, ichki tartib qoidalariga koʻra saqlanishi va foydalanilishi taqiqlangan narsalar va boshqa ashyolar ushbu shaxsning maxsus qabulxonada boʻlishi davrida olib qoʻyiladi hamda u ozod qilinguniga qadar alohida jihozlangan joylarda saqlanadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsni sanitariya ishlovidan oʻtkazish va shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish maxsus qabulxonaning maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs bilan bir jinsda boʻlgan xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
9-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni joylashtirish va saqlash
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarda saqlanadi va ushbu Qonunning 20-moddasi talablariga rioya etilgan holda umumiy kameralarga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni kameralarda alohida-alohida joylashtirish ularning shaxsi va psixologik jihatdan mosligi hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Chekuvchilar, qoida tariqasida, chekmaydiganlardan alohida joylashtiriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni joylashtirish chogʻida erkaklarning ayollardan alohida joylashtirilishi taʼminlanishi shart.
Quyidagilar maʼmuriy qamoqqa olingan boshqa shaxslardan alohida joylashtiriladi:
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar yoki tibbiy kuzatuvga muhtoj boʻlgan shaxslar;
sobiq sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlari, sobiq advokatlar;
hayoti va sogʻligʻining xavfsizligini taʼminlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda ayrim shaxslar.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni bir kishilik kameralarda saqlash ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishini taʼminlashning boshqa imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda amalga oshiriladi.
10-modda. Maxsus qabulxonadagi ichki tartib
Maxsus qabulxonada rejimni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ichki tartib qoidalari tasdiqlanadi.
Ichki tartib qoidalarida maxsus qabulxonaning namunaviy tartibi, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxonadagi xulq-atvori qoidalari, shuningdek:
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va kameralarga joylashtirish;
maxsus qabulxona hududiga kirishda va hududidan chiqishda shaxslarning ashyolarini, kiyim-boshini va poyabzalini koʻzdan kechirish, shuningdek kirayotgan va chiqayotgan transport vositalarini koʻzdan kechirish, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini, narsalarni va boshqa ashyolarni olib qoʻyish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning barmoq izlarini roʻyxatga olish, ushbu shaxslarni fotosuratga olish, ularda mavjud boʻlgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarni koʻzdan kechirish, ular saqlanayotgan xonalarni koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalarni hamda saqlash va foydalanish taqiqlangan boshqa ashyolarni olib qoʻyish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy taʼminoti, shu jumladan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarda boʻlishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarining, eng zarur narsalarning, kiyim-boshning, poyabzalning, oʻzga narsalarning hamda boshqa ashyolarning nomi va soni;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning tibbiy-sanitariya taʼminoti;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, eng zarur narsalar, kitoblar, qogʻoz va kanselyariya ashyolarini sotib olish;
pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni qabul qilib olish hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga berish, shuningdek maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni joʻnatish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pul joʻnatmalari olish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning har kungi sayrlarini oʻtkazish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning uchrashuvlarini oʻtkazish, shuningdek ular tomonidan telefon orqali soʻzlashuv huquqini amalga oshirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning diniy rasm-rusumlarni ado etishi;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovda va Oʻzbekiston Respublikasining referendumida qonunchilikka muvofiq ishtirok etishi;
(10-moddaning ikkinchi qismi oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni mehnatga jalb etish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborishi;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona boshligʻi va u vakolat bergan shaxslar tomonidan shaxsan qabul qilinishi;
maʼmuriy qamoqqa olingan, maxsus qabulxonada vafot etgan shaxslarning jasadlarini berish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan ozod qilish tartibi belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari”.
11-modda. Nazorat va tekshiruvning texnik vositalari
Maxsus qabulxonalarda jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishining, ichki tartib qoidalari buzilishlarining oldini olish hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning xulq-atvori toʻgʻrisida zarur axborot olish uchun nazorat va tekshiruvning audiovizual, elektron vositalaridan va boshqa texnik vositalaridan foydalaniladi, ushbu vositalarning roʻyxati hamda ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tsadiqlangan Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari (roʻyxat raqami 3073, 2018-yil 29-sentabr)
Maxsus qabulxona maʼmuriyati nazorat va tekshiruvning texnik vositalari qoʻllanilayotganligi haqida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni xabardor etishi shart.
3-bob. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati
12-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy qamoqqa olingan fuqarolari qonunda belgilangan cheklovlar inobatga olingan holda huquqlar va erkinliklardan foydalanadi, shuningdek majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, qonunda nazarda tutilgan cheklovlar inobatga olingan holda huquqlar va erkinliklardan foydalanadi, shuningdek majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi.
13-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi va sharoitlari, oʻz huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida axborot olish;
arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish;
maxsus qabulxona boshligʻiga yoki u vakolat bergan shaxslarga shaxsan qabul qilish toʻgʻrisida murojaat qilish;
oʻzlarining shaxsiy xavfsizligi va sogʻligʻi saqlanishi taʼminlanadigan sharoitlarda saqlanish, tegishli tibbiy yordam olish;
pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni olish hamda joʻnatish;
advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha telefon orqali har kuni limitlangan bir martalik soʻzlashish;
tungi vaqtda uzluksiz sakkiz soat uxlash;
maxsus qabulxona hududida maxsus ajratilgan joylarda kunduzgi vaqtda davomiyligi ikki soatdan kam boʻlmagan har kungi sayr qilish;
diniy rasm-rusumlarni ado etish, agar bu ichki tartib qoidalarini, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasa;
mehnatga jalb qilingan taqdirda tegishli haq olish va mehnatining muhofaza qilinishi;
Oldingi tahrirga qarang.
belgilangan normalar boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish, moddiy-maishiy sharoitlardan, oʻquv-badiiy, axborot materiallaridan va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa narsalar va ashyolardan foydalanish;
(13-moddaning birinchi qismi oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
belgilangan tartibda dori vositalarini olish va saqlash.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy qamoqqa olingan fuqarolari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovda va Oʻzbekiston Respublikasining referendumida qonunchilikka muvofiq ishtirok etish huquqiga ega.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Maʼmuriy qamoqqa olingan chet el fuqarolari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, oʻz davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik va konsullik muassasalariga ega boʻlmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olgan davlatning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan aloqa bogʻlash huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(13-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 294-moddasi.
14-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning majburiyatlari
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar:
ushbu Qonun talablariga va ichki tartib qoidalariga rioya etishi;
maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi, ularning oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilmasligi;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi;
yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etishi;
maxsus qabulxona mol-mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishi;
kameralarni va boshqa xonalarni navbatma-navbat tozalab turishi;
boshqa shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi, shuningdek oʻz hayoti va sogʻligʻiga yoxud boshqa shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etmasligi shart.
15-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi taʼminlanadi.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga tahdidlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan darhol choralar koʻrishi shart.
16-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga yuridik yordam olishi uchun advokat bilan uchrashuvlar qonunchilikda belgilangan tartibda, soni va davomiyligi cheklanmagan holda beriladi.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tsadiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari”ning 9, 11, 17, 133 — 136-bandlari (roʻyxat raqami 3073, 2018-yil 29-sentabr)
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maʼmuriy qamoqni oʻtash davrida bir marta qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan davomiyligi bir soatgacha boʻlgan uchrashuv beriladi. Ayrim hollarda, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maxsus qabulxona maʼmuriyatining ruxsati bilan davomiyligi bir soatgacha boʻlgan qoʻshimcha uchrashuv berilishi mumkin.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashuvlar quyidagilarga beriladi:
advokatga — u orderni va advokatlik guvohnomasini koʻrsatganda;
qarindoshga yoki boshqa shaxsga — oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatganda.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning arizasiga koʻra, uchinchi shaxslar eshitishi mumkin boʻlgan doiradan tashqarida va eshitishning texnik vositalarini qoʻllamasdan advokat bilan xoli uchrashishga maxsus qabulxona xodimlari tomonidan chetdan koʻz bilan koʻrib turib nazoratni amalga oshirish imkoniyati boʻlishi sharti bilan ruxsat beriladi.
Qarindoshlar yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar maxsus qabulxona xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi hamda ichki tartib qoidalariga koʻra saqlash hamda foydalanish taqiqlangan hujjatlarni, pul mablagʻlarini, qimmatbaho buyumlarni, narsalarni va boshqa ashyolarni maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga topshirishga urinish boʻlgan taqdirda muddatidan ilgari toʻxtatib qoʻyiladi.
Advokatlarga, qarindoshlarga yoki boshqa shaxslarga uchrashuvlar berilganda ularning yonida aloqa vositalari, shaxsiy kompyuter, fotoapparatlar, videokameralar va ovoz yozish qurilmalari boʻlishi taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 286, 294-moddalari.
17-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlari
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilishga haqlidir.
Maxsus qabulxona xodimlari maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning ogʻzaki yoki yozma shaklda berilgan arizalari, takliflari va shikoyatlarini darhol qabul qilishi, ularni maxsus jurnalda qayd etishi va maxsus qabulxona maʼmuriyatiga topshirishi (xabar qilishi) shart.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlari senzuradan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlari ular berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay oluvchilarga yuboriladi.
Arizalar, takliflar va shikoyatlarga javoblar maxsus qabulxonaga kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay tegishli arizalar, takliflar va shikoyatlarni bergan shaxslarga yetkaziladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlarini joʻnatish xarajatlarining oʻrni maxsus qabulxona mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning arizalari, takliflari va shikoyatlarini qabul qilish hamda koʻrib chiqishning asossiz ravishda rad etilishi, ularni koʻrib chiqish yoki oluvchilarga topshirish tartibi va muddatlarining buzilishi yoxud maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning bergan arizalari, takliflari va shikoyatlari munosabati bilan taʼqib qilinishi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
(17-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni olish hamda joʻnatish
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonaga kelgan kunidan eʼtiboran pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni olishi hamda joʻnatishi mumkin. Pochta joʻnatmalari va yoʻqlovlar koʻzdan kechirilishi kerak.
Pochta joʻnatmasining ogʻirligi pochta qoidalarida belgilangan normadan, yoʻqlovning ogʻirligi esa posilkaning belgilangan ogʻirligidan oshmasligi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining 2011-yil 22-fevraldagi 1-yu son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish qoidalari (roʻyxat raqami 2219, 2011-yil 18-aprel) va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tsadiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari”ning 9-bobi (roʻyxat raqami 3073, 2018-yil 29-sentabr)
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni olish hamda joʻnatish tartibi ichki tartib qoidalarida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalarining 9-bobi 90-bandi (roʻyxat raqami 3073, 2018-yil 29-sentabr), Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining 2011-yil 22-fevraldagi 1-yu son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish qoidalarining1-ilovasi (roʻyxat raqami 2219, 2011-yil 18-aprel).
19-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida hollarda (yaqin qarindoshning vafoti yoki yaqin qarindoshning hayotiga tahdid soluvchi ogʻir kasallik, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan hodisa) ikkala tomonga borib-kelish vaqti (ikki sutkagacha) hisobga olinmagan holda bir sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi doirasida chetga chiqish uchun ruxsat etiladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi arizasi ariza kelib tushgan paytdan eʼtiboran keyingi kundan kechiktirmay maxsus qabulxona maʼmuriyati tomonidan koʻrib chiqiladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning chetga chiqishi toʻgʻrisidagi qaror uning shaxsi, xulq-atvori, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi inobatga olingan holda qabul qilinadi.
Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti maʼmuriy qamoqni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi.
Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish xarajatlari maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning mablagʻlari hisobidan yoki boshqa shaxslar tomonidan toʻlanadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxonaga belgilangan muddatda qaytib kelishini qiyinlashtiruvchi kutilmagan holatlarda qaytib kelish muddati maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs turgan joydagi ichki ishlar organi boshligʻining qaroriga koʻra ikki sutkagacha uzaytirilishi mumkin va bu haqda maxsus qabulxona maʼmuriyati xabardor qilinishi shart.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs belgilangan muddatda maxsus qabulxonaga qaytib kelishdan boʻyin tovlagan taqdirda u ichki ishlar organi tomonidan ushlanadi va maxsus qabulxonaga joʻnatiladi. Bunday holda maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti maʼmuriy qamoqni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 15-maydagi 135-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalar hududidan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”.
4-bob. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy va tibbiy taʼminoti
20-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash joylari va ularning moddiy-maishiy taʼminoti
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlari va yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga javob beradigan moddiy-maishiy sharoitlar yaratiladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan kameralar ventilyatsiya jihozlariga va isitish tizimiga, shuningdek koʻzga ziyon yetkazmaydigan holda oʻqish yoki yozish uchun yetarlicha tabiiy va sunʼiy yorugʻlikka ega boʻlishi kerak. Kameralarning derazalari, sunʼiy ventilyatsiya tizimi mavjudligidan qatʼi nazar, toza havo kirishini taʼminlashi lozim.
Kameralarda bir kishiga toʻgʻri keladigan maydonning normasi kamida ikki yarim kvadrat metrni, ayollar uchun esa kamida uch kvadrat metrni tashkil etadi. Maʼmuriy qamoqqa olingan, yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar saqlanadigan kameralarda bir kishiga toʻgʻri keladigan maydon toʻrt kvadrat metrdan kam boʻlmasligi kerak.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, koʻrpa-toʻshak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar oʻzining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsda zarur vositalar mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu shaxsning iltimosiga koʻra, unga shaxsiy gigiyena vositalari (sovun, tish choʻtkasi, tish pastasi yoki kukuni), soqol oladigan asbob yoki shaxsiy gigiyena vositalari (ayollar uchun) ham beriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning choʻmilib-yuvinishi, choyshab va yostiqjildlarini almashtirish yetti kunda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxonalardagi ovqat normalari maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning sogʻligʻi holatiga, yoshiga, shuningdek maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar jalb etilishi mumkin boʻlgan ishning xususiyatiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi 143-son “Oʻzbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va maxsus qabulxonalarida saqlanayotgan shaxslarni taʼminlash meʼyorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining 1-ilovasi.
21-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy xizmat koʻrsatish
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy xizmat koʻrsatish maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxonaga yangi kelgan shaxslar maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarni va tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtadilar.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy yordam ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda maxsus qabulxonalarda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida koʻrsatiladi.
Maxsus qabulxonalarda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarda tan jarohatlari aniqlanganda, ular maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan kechiktirmasdan tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Tibbiy tekshiruv natijalari toʻgʻrisida darhol prokurorga xabar qilinadi.
Maxsus qabulxona tibbiyot xodimining xulosasiga koʻra statsionar sharoitlarda yordam koʻrsatilishiga muhtoj boʻlgan shaxslar davlat sogʻliqni saqlash muassasalariga yuboriladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga statsionar sharoitlarda tibbiy yordam koʻrsatilgan taqdirda ularning qarindoshlari yoki maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs tomonidan koʻrsatilgan boshqa shaxslar bu haqda darhol xabardor qilinadi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga statsionar sharoitlarda tibbiy yordam koʻrsatilgan vaqt maʼmuriy qamoqni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tibbiy koʻrsatmalar boʻyicha oʻzlariga zarur boʻlgan tayinlangan dori vositalari va preparatlaridan maxsus qabulxona tibbiyot xodimining ruxsati bilan foydalanishga haqli.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maxsus qabulxonalarda tibbiy xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati, xodimlari va tibbiyot xodimlari muntazam ravishda dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: “ Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida nizom” (02.03.2019-y., roʻyxat raqami 3141).
5-bob. Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlarining huquqlari hamda majburiyatlari
22-modda. Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlarining huquqlari
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
advokatlar, qarindoshlar va boshqa shaxslarning maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashish huquqini beruvchi hujjatlarini tekshirish;
maxsus qabulxonada kirish-chiqish rejimini va obyektning ichki rejimini taʼminlash choralarini koʻrish, nazorat va tekshiruvning texnik vositalarini qoʻllash, maxsus qabulxona hududiga kirib kelayotgan va undan chiqib ketayotgan transport vositalarini koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning barmoq izlarini roʻyxatga olish va ushbu shaxslarni fotosuratga olish, ularda mavjud boʻlgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarni koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan olinadigan va joʻnatiladigan pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan saqlash, tarqatish, isteʼmol qilish va foydalanish taqiqlangan hujjatlarni, pul mablagʻlarini, qimmatbaho buyumlarni, narsalarni hamda boshqa ashyolarni olib qoʻyish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan va maxsus qabulxona hududida turgan boshqa shaxslardan maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlari bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni darhol toʻxtatishni talab qilish, ushbu harakatlarga barham berish, ularni bartaraf etish va aybdorlarni qonunga muvofiq javobgarlikka tortish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligi bilan ularni haq toʻlanadigan mehnatga, shuningdek maxsus qabulxona xonalarida sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan, haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni, ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini qoʻllash.
(22-moddaning birinchi qismi toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 734-son “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
23-modda. Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlarining majburiyatlari
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari:
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan va maxsus qabulxona hududida turgan boshqa shaxslardan ushbu Qonun talablariga va ichki tartib qoidalariga rioya etilishini talab qilishi;
maʼmuriy qamoqqa olish toʻgʻrisidagi qarorning ijro etilishini tashkil etishi;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi toʻgʻrisida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar berishi;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan olib qoʻyilgan, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va ashyolarni koʻzdan kechirish bayonnomalarida koʻrsatilgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarning saqlanishini, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni ozod etish paytida ularning qaytarib berilishini taʼminlashi yoki qonunchilikka belgilangan tartibda ushbu ashyolarga nisbatan boshqa choralar koʻrishi;
(23-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi va shartlari, ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi, mazkur shaxslarni nazorat va tekshiruvning texnik vositalari qoʻllanishi toʻgʻrisida xabardor qilishi;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar moddiy-maishiy sharoitlarining belgilangan normalari va qoidalarini, ularning shaxsiy xavfsizligi va sogʻligʻi saqlanishini taʼminlaydigan sharoitlarda saqlanishini, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning boshqa huquqlariga rioya etilishini taʼminlashi;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar ushbu Qonunda va ichki tartib qoidalarida belgilangan majburiyatlarni bajarishi uchun sharoitlar yaratishi;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
Oldingi tahrirga qarang.
maxsus qabulxonaga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), uning oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari moneliksiz kirishini va ularning xavfsizligini taʼminlashi;
(23-modda birinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi OʻRQ-1002-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.11.2024-y., 03/24/1002/0936-son)
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarda tan jarohatlari aniqlanganligi haqida, shuningdek jismoniy kuch ishlatish yoki maxsus vositalarni qoʻllash natijasida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning hamda boshqa shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan har bir holat toʻgʻrisida prokurorga darhol xabar qilishi;
maxsus qabulxona hududiga kelgan yoki maxsus qabulxona hududida turgan shaxslar tomonidan kirish-chiqish rejimiga va obyektning ichki rejimiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-bob. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish va ularni mehnatga jalb etish tartibi
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-iyuldagi 535-son qarori bilan tasdiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibi toʻgʻrisida nizom”, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-avgustdagi 220-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari”ning 15-bobi.
24-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish va xarajatlardan ozod etish
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi sudyasining, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshligʻining qaroriga koʻra, maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlar sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida undiriladi.
(24-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-martdagi OʻRQ-823-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2023-y., 03/23/823/0150-son)
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maʼmuriy qamoqni oʻtashi vaqtida ishlagan va shu tariqa oʻzining maxsus qabulxonada saqlanishi bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplagan hollarda undan xarajatlar undirib olinmaydi. Maʼmuriy qamoqqa olingan, mehnatga qobiliyatsiz shaxslar ham bu xarajatlarning undirilishidan ozod qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ayrim hollarda muayyan holatlar, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning moddiy ahvoli va shaxsi hisobga olingan holda, u maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlar undirilishidan jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi sudyasining, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshligʻining qaroriga koʻra ozod qilinishi mumkin.
(24-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-martdagi OʻRQ-823-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2023-y., 03/23/823/0150-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni undirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(24-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-iyuldagi 535-son “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
25-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni haq toʻlanadigan mehnatga jalb etish
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligiga koʻra ular haq toʻlanadigan mehnatga jalb etiladi, mehnatga qobiliyatsiz shaxslar bundan mustasno.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning mehnatidan foydalanishni tashkil etish tuman (shahar) hokimliklarining zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning ish vaqti va mehnatiga haq toʻlash mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(25-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilangan ish hajmlarini bajargan shaxslar mehnatiga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan miqdordan — Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam boʻlmasligi lozim.
(25-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning mehnatidan foydalanish natijasida olingan pul mablagʻlari ularni maxsus qabulxonalarda saqlash va ovqatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalarda saqlash va ovqatlantirish qiymatidan ortiq boʻlgan summa ularning nomiga ochiladigan maxsus bank hisobvaraqlariga oʻtkaziladi.
26-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxona xonalaridagi sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, shuningdek ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan, davomiyligi sutkasiga ikki soatdan koʻp boʻlmagan haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga oʻz roziligiga koʻra jalb etiladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish ularning sogʻligʻi holati hisobga olingan holda va navbat tartibida amalga oshiriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etilishdan ozod qilinadi.
7-bob. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladigan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralari
27-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni ragʻbatlantirish
Maʼmuriy qamoqqa olingan, ichki tartib qoidalariga rioya etayotgan va mehnatga vijdonan munosabatda boʻlayotgan shaxslarga nisbatan quyidagi ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin:
tashakkur eʼlon qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha telefon orqali limitlangan bir martalik qoʻshimcha soʻzlashuv huquqini berish;
har kungi sayr vaqtini uch soatgacha uzaytirish.
Ragʻbatlantirish choralari maxsus qabulxona boshligʻining yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning buyrugʻi bilan qoʻllaniladi va maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga eʼlon qilinadi.
28-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladigan intizomiy jazo choralari
Maʼmuriy qamoqqa olingan, ushbu Qonun talablari va ichki tartib qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:
ogohlantirish;
telefon orqali navbatdagi soʻzlashuv huquqidan mahrum qilish;
haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga navbatdan tashqari jalb etish.
Intizomiy jazo choralari maxsus qabulxona boshligʻining yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning buyrugʻi bilan qoʻllaniladi va maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga eʼlon qilinadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar yuqori turuvchi mansabdor shaxsga, prokurorga yoki sudga qoʻllanilgan intizomiy jazo ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Shikoyat berilishi intizomiy jazo chorasining ijro etilishini toʻxtatib turmaydi.
8-bob. Jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni qoʻllash
29-modda. Jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni qoʻllash shartlari
Jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni qoʻllash maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga azob-uqubat yetkazilishiga olib bormasligi, shuningdek shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar bilan amalga oshirilmasligi lozim. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning hamda boshqa shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga jismoniy kuch ishlatish yoki maxsus vositalarni qoʻllash natijasida zarar yetkazilgan har bir holat toʻgʻrisida darhol prokurorga xabar qilinadi.
30-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning jinoyatlari va boshqa huquqbuzarliklariga barham berish maqsadida, shuningdek ularning maxsus qabulxona xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatishini bartaraf etish uchun, agar qonuniy talablarning ular tomonidan bajarilishini jismoniy kuch ishlatmay, boshqa usullar bilan taʼminlashning iloji boʻlmasa, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishi mumkin.
31-modda. Maxsus vositalarni qoʻllash
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning gʻayrihuquqiy xatti-harakatlariga, shuningdek oʻziga oʻzi zarar yetkazishiga barham berish maqsadida maxsus vositalar qoʻllanilishi mumkin.
Maxsus vositalarga tinchlantirish koʻylaklari, rezina tayoqlar, qoʻlkishanlar yoki boshqa bogʻlash vositalari, koʻzdan yosh oqizuvchi moddalar, chalgʻitma taʼsir koʻrsatuvchi nur-tovush moslamalari, xonalarni ochish moslamalari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vositalar kiradi.
Maxsus vositalar quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona xodimlariga, maʼmuriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarga va oʻzga shaxslarga hujumini daf etishda;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh boʻlib buzishlarga barham berishda;
maxsus qabulxona xodimlariga ashaddiy tarzda boʻysunmayotgan yoki qarshilik koʻrsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda;
maxsus qabulxonadan qochgan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni ushlashda;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan qochishining oldini olish uchun qoʻriqlab turishda.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan, agar ular jazavaga tushsa, tinchlantirish koʻylagini qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Maxsus vositalar turlari va ularni ishlatish muttasilligi yuzaga kelgan vaziyat, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning shaxsi inobatga olingan holda belgilanadi. Maxsus vositalarni qoʻllash maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga va boshqa shaxslarga mumkin qadar kam zarar yetkazishi kerak.
Tinchlantirish koʻylagi maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimi ishtirokida qoʻllaniladi hamda uni qoʻllashning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi kerak.
Maʼmuriy qamoqqa olingan ayollarga va nogironlik belgilari yaqqol koʻrinib turgan shaxslarga nisbatan maxsus vositalarni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ular tomonidan faol yoki qurolli qarshilik koʻrsatilgan yoxud maʼmuriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarning, oʻzga shaxslarning yoki maxsus qabulxona xodimlarining hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilingan hollar mustasno.
9-bob. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalardan ozod qilish
32-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalardan ozod qilish tartibi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalardan quyidagi hollarda ozod qilinadi:
maʼmuriy qamoq tarzidagi maʼmuriy jazoni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bekor qilinganda;
maʼmuriy qamoq muddati oʻtab boʻlinganda.
Maxsus qabulxonalardan ozod qilish chogʻida maxsus qabulxona maʼmuriyati maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning tibbiy koʻrigini tashkil etadi, ular maxsus qabulxonaga kelib tushganda olib qoʻyilgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarni tilxat bilan ularga qaytaradi (qaytarilmaydigan ashyolardan tashqari) hamda ozod etilganligi toʻgʻrisida belgilangan shaklda maʼlumotnoma beradi.
Zarur boʻlgan taqdirda maxsus qabulxona maʼmuriyati maxsus qabulxonadan ozod qilingan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsni yashash joyiga yetib olishi uchun yoʻl hujjatlari va yoʻlda ketish uchun belgilangan normalar boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydi.
33-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning vafot etishi munosabati bilan maʼmuriy qamoq muddatining tugashi
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs vafot etgan taqdirda maxsus qabulxona maʼmuriyati bu haqda uning qarindoshlariga, qonuniy vakiliga va prokurorga darhol xabar qiladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning vafot etganligi fakti boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruv oʻtkaziladi.
Vafot etgan shaxsning jasadi sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazilganidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan boshqa harakatlar bajarilganidan keyin uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlariga va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakillariga yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan oʻzga shaxslarga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Er (xotin), ota-ona, farzandlar va boshqa qarindoshlardan yoki qonuniy vakillardan yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan oʻzga shaxslardan jasadni berish toʻgʻrisida ariza tushmagan taqdirda, vafot etgan shaxsni dafn etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(33-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish tartibi toʻgʻrisida nizomning 42-bandi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
34-modda. Maxsus qabulxonalarni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus qabulxonalarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(34-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
35-modda. Maxsus qabulxonalar faoliyatini tekshirish va nazorat qilish
Maxsus qabulxonalar faoliyatini tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxonalarda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy qamoqni oʻtash chogʻida qonunchilikka rioya etilishi vakolatli yuqori turuvchi organlar va mansabdor shaxslar tomonidan muntazam tekshirish, prokuror nazorati, shikoyat berish huquqi orqali taʼminlanadi.
(35-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
36-modda. Maxsus qabulxonalar maʼmuriyati va xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Maxsus qabulxonalar maʼmuriyati va xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
37-modda. Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(37-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
38-modda. Ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish toʻgʻrisida”gi 68–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 116-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash xarajatlarini undirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 69–I-sonli Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 117-modda) 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
39-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(39-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
40-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran yigirma toʻrt oy oʻtgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 10-yanvardagi 6 (6700)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 9-yanvar,
OʻRQ-420-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 24-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 19.11.2021-y., 03/21/729/1064-son; 28.10.2022-y., 03/22/797/0967-son; 15.03.2023-y., 03/23/823/0150-son; 14.03.2024-y., 03/24/920/0209-son; 18.11.2024-y., 03/24/1002/0936-son)