1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.07.00 Alohida toifadagi xodimlarni mehnatining muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 28-yanvarda 2756-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
1. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-yanvar,
2-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2016-yil 15-yanvardagi 2-B-son buyrug‘iga ILOVA
Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
1. Mazkur Qoidalar izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar.
7. “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
13. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yo‘l qo‘yiladigan chiqarishlarini o‘rnatish qoidalari” bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilotlar o‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim.
18. Lavozim yo‘riqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar o‘ta xavfli kasblar ro‘yxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar o‘ta xavfli ishlar ro‘yxatiga kiritilishi zarur.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
21. O‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi kerak.
24. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
25. Tashkilot xodimlari Radiotexnik va elektron buyumlar ishlab chiqarish xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalarini bepul berishning namunaviy normalariga (ro‘yxat raqami 2735, 2015-yil 1-dekabr) muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalari bilan ta’minlanishi kerak.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
27. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qo‘llaniladigan vositalar bundan mustasno.
28. Xavfli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq zarur ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
32. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish vabandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
33. Bosim ostida va boshqa o‘ta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi lozim.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
34. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, unga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
35. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
36. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
37. Tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi.
38. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
39. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
40. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
41. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
42. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish. Loyihalashtirish me’yorlari”ga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlashi;
yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
43. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsionerlash” talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
44. Tashkilotning hududi chegara bo‘ylab to‘silgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
45. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining ko‘rinarli qismiga osib qo‘yilishi zarur.
46. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Maydonlardagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
47. Yozgi mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan bo‘lishi kerak.
48. Qishki mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
49. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo‘lib, yon tomonlari devorcha va to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
50. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
11-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
51. Tashkilotdagi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
52. Binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
53. Muntazam ishlashga mo‘ljallangan xonalarning pollariga yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi, mazkur pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi zarur.
54. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
55. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo‘lishi kerak.
56. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq bo‘lishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq bo‘lishi zarur.
57. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
58. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
59. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ishlar halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
60. Tashkilotning binolari va inshootlari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
61. Kirish va chiqish yo‘llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
62. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
63. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatish.
64. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
65. Shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
66. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
67. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari o‘tish yo‘laklarining kengligiga qo‘yilgan talablarni buzmasligi zarur.
68. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21º S, o‘rtacha og‘ir ishda 17º S va og‘ir ishda 16º S dan past bo‘lmasligi kerak.
69. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati 22º S dan kam bo‘lmasligi kerak.
70. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalargacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
14-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(14-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
71. Suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(71-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
72. Ichimlik suvi O`zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq bo‘lishi, uning harorati 8° S dan 20° S gacha bo‘lishi kerak.
73. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
15-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
74. Tashkilot hududi va xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
75. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi zarur. Yorug‘lik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
76. Yorug‘lik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak.
77. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
78. Tashkilot hududi va xonalarida yoritish vositalarining ko‘zni qamashtirishidan saqlash choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
79. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi bo‘lgan gaz va chang konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli mavjud bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
80. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlarning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
81. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi zarur.
82. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi kerak.
83. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
84. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qo‘yiladigan talablar
85. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
86. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, qo‘l-yuz yuvgichlar, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
87. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
88. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorong‘i paytida yoritilgan bo‘lishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
89. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
90. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitning oqova suvlar va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
91. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar bo‘shatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
92. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(92-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. Ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
93. Ish jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga muvofiq tashkil etilishi kerak.
94. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda zaharli, yallig‘lantiruvchi va tez alangalanadigan moddalar ishlatilsa yoki ajralib chiqsa, alohida maxsus jihozlangan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalarining maxsus ajratilgan uchastkalarida, ishchilarni himoya qilish vositalari hamda yong‘indan himoya qilish vositalari bilan ta’minlangan holda bajarilishi lozim.
95. Tashkilotlarda ish jarayonlarida qo‘llaniluvchi barcha uskunalarning texnik hujjatlari (chizmasi va ishlatishga doir qo‘llanmasi) bo‘lishi kerak.
96. Ish uskunalariga tashkilot rahbari tomonidan mazkur ishni bajarish topshirilgan xodim tomonidan xizmat ko‘rsatilishi lozim. Begona shaxslarning ishlab chiqarish joylarida bo‘lishlariga yo‘l qo‘yilmasligi zarur.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar
97. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yong‘in va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablar” va GOST 12.1.010-76 “Portlash xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq ta’minlanishi lozim.
98. Sinovdan o‘tkazilmagan, yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlanadi.
99. Shamollatish va tutun tortish tizimlari yong‘in avtomatikasi tizimlari bilan bog‘langan bo‘lishi lozim.
100. Ishlab chiqarish binolari va xonalari birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
101. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari SHNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarning portlash, yong‘in va yong‘in xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
102. Suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
103. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan uskunalarda va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
104. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
105. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan bo‘limlarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi.
106. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
107. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatishda va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilinishi kerak.
108. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tayinlangan bo‘lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
109. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalariga xizmat ko‘rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalariga xizmat ko‘rsatishi uchun esa, IV malaka guruhiga ega bo‘lishi lozim. Mas’ul xodim davriy ravishda va o‘rnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi bo‘yicha komissiyada sinovdan o‘tishi shart.
110. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilmalari va tarmoqlarida rejali ta’mirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini;
elektr energiyasi sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishini ta’minlashi kerak.
111. Elektr toki o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
112. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa, suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi shart.
113. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
114. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
115. Kabellar va elektr simlarining izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarining ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va o‘lchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
116. Elektr apparatlari va agregatlarining nol simiga ulash va yerga ulash simlari butunligi 6 oyda kamida bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
117. Quyidagi elektr qurilmalari nol simiga yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori va 380 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori va 440 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
118. Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nol simiga ulash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga o‘rnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi chulg‘amalari bundan mustasno.
119. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
120. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning g‘iloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim.
121. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘r bilan o‘ralgan va to‘r yerga ulangan bo‘lishi lozim.
122. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Materiallar va tayyor mahsulotlarni saqlash va transportda tashishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
123. Yuklarni ortish va tushirish hamda tashish ishlari Yuk ortish va tushirish ishlaridagi xavfsizlik qoidalariga (ro‘yxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
124. Omborxonada va yuk saqlash maydonchalarida og‘ir va o‘ta og‘ir yuklarni ortish va tushirish hamda harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim.
125. Binolarda mahsulotlarni joylashtirishda oraliq masofa quyidagicha bo‘lishi lozim:
bino devoridan 70 sm;
isitish tizimidan 20 — 50 sm;
yoritish tizimidan 50 sm;
poldan 15 — 30 sm.
126. Yuklarning joylashtirish balandligi binoning balandligidan, yer maydonining og‘irlik ko‘tarish qobiliyatidan, mexanik tarzda ishlash jarayonidan, texnologik qoidalar va saqlash sharoitlaridan kelib chiqib belgilanadi. Shtabellarda qo‘l bilan taxlanayotgan yashiklarning og‘irligi 50 kg gacha, qoplarning og‘irligi 70 kg gacha bo‘lishi hamda uzunligi 2 m dan ortmasligi lozim.
127. Tez yonuvchi suyuqliklar gorizontal va bir qatorda joylashtirilishi lozim.
128. Yuklarni ko‘tarish va joyiga olib borishdan oldin yukning mustahkamligi hamda to‘g‘ri bog‘langanligi tekshirilishi zarur.
129. Yuk ortiladigan joy axlat, qor va boshqa narsalardan toza bo‘lishi kerak. Agar ortish va tushirish ishlarida ko‘tarish moslamalaridan foydalanilsa, u holda ko‘tarilgan yuk ostida ishchilar turmasligi lozim. Yuk ortilayotgan va tushirilayotgan vaqtda haydovchi kabinadan chiqib turishi shart.
130. Omborxonaning devorlari bo‘ylab o‘ralgan har bir javonda olti taxlamgacha bo‘lgan miqdorda xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni saqlash lozim. Taxlamlar oralig‘idagi masofa 0,5 m dan, yon tomon maydonlardagi taxlamlar oralig‘i esa, 1,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
131. Tashkilotlarda chiqindilarni inventarizatsiya qilish, shuningdek ularning turlari bo‘yicha xavflilik darajasini belgilash lozim.
132. Chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarda saqlash, qayta ishlash va ko‘mib tashlash taqiqlanadi.
133. Chiqindilarni yig‘ish joyi sexlardan kamida 50 m uzoqlikda bo‘lishi lozim.
134. Yuk saqlanadigan omborxona va maydonchalar hududining kirish joylarida transport vositalarining harakat yo‘nalishi hamda yuklarni ortish va tushirish joylari ko‘rsatilgan sxemalar osib qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
135. Har bir kimyoviy modda texnik ko‘rsatmalar talablari hisobga olingan holda saqlanishi lozim. Kimyoviy moddalarni ochiq holda (tarada) saqlash taqiqlanadi. Taralarda yozuv, etiketka yoki modda nomi tushirilgan yorliq, texnik talablar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
136. Kislotalar kislotaga chidamli pol va devorli maxsus binoda yopiq rezervuarda yoki tarada saqlanishi zarur. Kislotalarni yerto‘lalarda saqlash taqiqlanadi.
137. Kislota saqlash xonalarida favqulodda holatda kislota, suv, ohak eritmasi yoki to‘kilgan kislotani neytrallash uchun soda va individual himoya vositalari uchun zaxira idishlar bo‘lishi lozim.
138. Omborxonalarda mahsulotlarni saqlash harorati va omborxonadagi namlik darajasi mahsulotlar standartlarida belgilangan me’yorlarda bo‘lishi lozim.
139. Mahsulotlar omborxonalarda turlari bo‘yicha saqlanishi lozim.
140. Mahsulot saqlash omborxonalari yashiklar bilan to‘ldirilmasligi lozim. Yashiklar mahsulotlar sarflangandan keyin ish joyiga yetkazib borilishi kerak.
141. Yashiklarni yig‘ish va saqlash maxsus ajratilgan joylarda bajarilishi lozim.
142. Tayyor mahsulotlarni omborxonalardan transport vositasi kuzoviga yetkazib berish transportyorlar yordamida yoki boshqa mexanizatsiyalashgan usulda bajarilishi kerak.
143. Estakadada o‘rnatilgan transportyordan o‘tish uchun zarur hollarda panjarali o‘tish ko‘prikchalari o‘rnatilishi lozim.
5-§. Ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash joylariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
144. Chiqindilarni yig‘ish o‘ralarining atrofi kamida 1,2 m balandlikdagi to‘siqlar bilan to‘liq holda o‘ralgan bo‘lishi hamda balandligi 1,2 m panjarasi bo‘lgan mustahkam o‘tish ko‘prikchalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Bunda to‘siqlar va o‘tish ko‘prikchasi panjaralarining tagi kamida 0,15 m balandlikkacha yoppasiga to‘silgan bo‘lishi zarur.
145. Xodimlarni o‘raga tushirishdan avval o‘ralardan zararli gazlarning chiqib ketishi ta’minlanishi kerak.
146. Zararli gazlarning yo‘qligi o‘ra tubiga yonib turgan shamni tushirish yo‘li bilan tekshiriladi.
147. Chiqindilardan bo‘shatilgan o‘ralar taxtali shitlar bilan yopilishi lozim.
148. Chiqindilarni taqiqlangan joylarda saqlash, qayta ishlash va ko‘mib tashlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
149. Tashkilotlarda chiqindilar bilan ishlashga oid yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim.
6-§. Muayyan texnologik jarayonga taalluqli ish joylariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
150. Ishlarning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha jarayonlarni to‘liq mexanizatsiyalashtirish, tosh maydalash qurilmasi va avtoblokirovkali texnologik jarayonlarni uzoqdan turib avtomatik tarzda boshqarishni tashkil etish lozim.
151. Uzoqdan turib boshqarish va avtoblokirovka quyidagilarni ko‘zda tutishi lozim:
mexanizmlarning ishga tushganligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi signalizatsiya;
texnologik potok mexanizmlarini chaqir toshni tushirishdan to‘xtatish;
bitta mexanizm avariya tufayli to‘xtab qolganda, zanjirning ushbu mexanizmga material yetkazib berayotgan qismini to‘xtatishni ta’minlaydigan dvigatellar blokirovkasi;
biror mexanizmda avariya sodir bo‘lganda, uni darhol to‘xtatish imkoniyati.
152. Xavfsizlikni oshirish va zararli mehnat sharoitlarida ishlaydigan ishchilar sonini kamaytirish uchun sexlar hamda qurilmalarda boshqarishni avtomatlashtirish va uzoqdan turib boshqarishni joriy etish orqali ish joylarini changlanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlardan uzoqroqqa ko‘chirish lozim.
7-§. Texnologik operatsiyalarda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yuzaga kelganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ma’lum qilish
153. Uskuna va avtomatlashtirilgan liniyalar ularni ishga tushirilganligi to‘g‘risida ishlovchilarni ogohlantiruvchi signalizatsiya tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
154. Signal qurilmalari (qo‘ng‘iroqlar, sirenalar, chiroqlar) mexanik shikastlanishdan himoyalangan bo‘lishi, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish hududida eshitish va ko‘rish ishonchli ta’minlangan holatda joylashtirilishi lozim.
155. Agar signal qurilmalari bo‘lmasa yoki ular nosoz holatda bo‘lsa, uskunani ishlatish taqiqlanadi.
156. Sexlarda va ish joylarida signallarga doir jadvallar va uskunani ishga tushirish va to‘xtatish to‘g‘risidagi yo‘riqnomalar osilgan bo‘lishi lozim.
8-§. Zararli omillar ta’sirining sanitariya normalari va qoidalarida belgilangan miqdorgacha kamaytirilishini ta’minlovchi usul va tadbirlar
157. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda sexlaridagi asosiy zararli omillar — chang, ishlab chiqarishdagi zaharlar, shovqin, vibratsiya hisoblanadi.
158. Chang ko‘p hosil bo‘ladigan hududlarda ishlash chog‘ida changni o‘tkazmaydigan qattiq matodan tayyorlangan maxsus kiyim, nafas olish organlari uchun individual himoya vositalari qo‘llanilishi lozim.
159. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda bajarilayotgan ish xususiyatiga qarab himoya vositalaridan foydalanish zarur.
160. Himoya vositalari shikastlanishning oldini olish va ishlab chiqarishning zararli omillaridan himoyalanish uchun shaxsan ishchilar tomonidan ishlatilishi kerak.
161. Qo‘l orqali xodimlar organizmiga o‘tadigan vibratsiyaning chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan darajalari SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va mahalliy vibratsiyaning sanitariya me’yorlari”ga mos bo‘lishi lozim.
9-§. Izolyatsiyali elektr materiallarni tayyorlashda xavfsizlik talablari
162. Yonuvchan mahsulotlar qo‘llaniluvchi texnologik jarayonlar, har qanday ish tartibida ham atrof muhitda ushbu moddalarning xavfli konsentratsiyasining vujudga kelishini oldini oluvchi zich yopilgan germetik texnologik uskunada amalga oshirilishi zarur.
163. Zararli bug‘ va gazlarning xavfli konsentratsiyasi vaqti-vaqti yoki birdaniga hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish xonalari tashqariga chiqish eshiklari bilan ta’minlangan va halokat ventilyatsiyalari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
164. Alohida zaharli moddalarni ishlab chiqarish uchun qo‘llaniluvchi uskuna alohida xonadan turib boshqariladigan bo‘lishi zarur.
10-§. Izolyatsiyalashda singdiriluvchi lak, emal va kompaundlarni tayyorlashda xavfsizlik talablari
165. Lak, emal va kompaundni tayyorlashga zarur bo‘lgan suyuqliklar idishda alohida xonada yoki ayvonli maxsus jihozlangan joyda, buning uchun mo‘ljallangan maxsus sig‘imlarda saqlanishi zarur.
166. Sig‘imlar va o‘lchagichlar zich yopilgan, moddaning nomi aniq yozilgan va sig‘im sathini o‘lchovchi nazorat asboblari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
167. Sig‘imlar avariya holatlarida suyuqlikni to‘kish moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
168. Suyuq moddalarni transportirovka qilish uskunalari, nasoslar, elektr motorlar hamda quvurlar qulay holatda ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish uchun erkin borish mumkin bo‘lgan tarzda joylashtirilishi kerak.
169. Qattiq moddalar ko‘rinishidagi komponentlar (fenol, kanifol, epoksid yelimlar, bitum) yopiq idishda maxsus joyda saqlanishi lozim.
170. Transport tarasidan fenolni olish uchun uni qizdirish uskunasi fenol bug‘larining xonada to‘planishining oldini olish maqsadida zich yopilgan bo‘lishi zarur.
171. Uskuna, transportirovka quvurlari va eritilgan fenolni saqlash sig‘imlariga xizmat ko‘rsatish chog‘ida xodimlarning kuyib qolishidan saqlaydigan himoya moslamalariga ega bo‘lishi kerak.
172. Fenol zaharli bo‘lganligi sababli, uning ishtirokidagi barcha ishlab chiqarish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan hamda uskunalar germetik holda bo‘lishi va fenol yoki uning eritmasining xodim terisiga tushish ehtimoli yo‘q bo‘lishi zarur.
173. Lak, emal va kompaundlarni tayyorlash uchun asosiy texnologik uskuna — reaktorlar, laklash qozonlari, eritish apparatlari, aralashtirgichlar, sharli tegirmonlar, bo‘yoq qirgich, gidrolizer va boshqalar qulay holatda ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish uchun erkin borish mumkin bo‘lgan tarzda joylashtirilishi kerak.
174. Uskuna va sig‘imlarning barcha qismlari yerga ulanishi zarur.
175. Qattiq, to‘kiluvchan va pastasimon komponentlarni solish mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lishi kerak.
176. Texnologik jarayonlar vaqtida bug‘, gaz yoki chang hosil bo‘luvchi uskunalar ushbu zararli va xavfli moddalarni ushlab qoluvchi moslamalar bilan jihozlanishi zarur.
177. Ish vaqtida uskunaning qopqog‘i va ko‘rish darchasi zich yopilgan bo‘lishi lozim.
178. Texnologik uskunani tozalashda quyidagilarga amal qilish shart:
aralashtirgich dvigateli elektr tarmog‘idan o‘chirilgan va yoqish apparaturasiga “Yoqilmasin — odamlar ishlayapti!” ogohlantiruvchi belgisi osilgan bo‘lishi;
barcha qizdiruvchi tizimlar o‘chirilishi;
xom ashyoni uzatish quvurlari o‘chirilishi;
qopqoq va lyuklarni ochishdan avval ular suv bilan yuvilishi va quritilishi;
uskuna ichki devorlarini tozalash ishlari kamida ikki kishi tomonidan amalga oshirilishi;
reaktorni tozalash ishlarini amalga oshirishda unga toza havo berib turilishi;
uchqun hosil qilmaydigan asbob ishlatilishi shart.
179. Sentrifuga o‘rnatilgan xona boshqa xonalardan olovga chidamli devor bilan ajratilishi lozim. Bundan tashqari, Yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida sentrifuga korpusi himoyaviy saqlovchi g‘ilof bilan qoplanishi lozim.
180. Laklarni tindirish va pishitish uchun sig‘imlar izolyatsiyalangan xonalarda o‘rnatilishi zarur.
181. Laklarni pishitish uchun tindirgichlarga quyish va tayyor laklarni to‘kish quvur orqali amalga oshirilishi zarur. Barcha tindirgichlar atmosfera bilan havo klapani va yong‘inni to‘suvchi moslama orqali bog‘langan bo‘lishi lozim.
11-§. Qatlamli plastiklarni ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
182. Qatlamli plastiklarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan suyuq moddalar ko‘rinishidagi xom ashyo izolyatsiyalangan xonalarda joylashgan sig‘imlarda saqlanishi zarur.
183. Bog‘lovchi moddalarni tayyorlash uchun asosiy texnologik uskuna alohida izolyatsiyalangan xonada unga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish imkoniyati nazarda tutilgan holatda joylashtirilishi kerak.
184. Aralashtirgichlar bug‘ va gazlarni tortib olish uchun mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlanishi zarur.
185. Quritish moslamali singdiruvchi mashina, to‘ldirgichlarni singdirish va quritish jarayonida ajraluvchi zararli gaz va bug‘larni ushlab qolish uchun tortuvchi-chiqaruvchi ventilyatsiya va mahalliy so‘ruvchi ventilyatsiya bilan ta’minlanishi zarur.
186. Singdirish mashinalari shimdirilgan to‘ldirgichlar polotnosidan statik elektr zaryadlarini olish moslamalari bilan jihozlanishi kerak.
187. Singdirish mashinalarining kesuvchi moslamalari hamda rotorli va gilotinli pichoqlari yaxlit to‘siqqa ega bo‘lishi lozim.
188. Singdirish mashinalari va kesuvchi qurilmalarning to‘siqlari ogohlantiruvchi rangda bo‘lishi zarur.
189. Singdirish mashinasining valigiga to‘ldirgich polotnosini o‘rnatish mashinaning aylanuvchi qismlari to‘liq to‘xtagandan so‘ng amalga oshirilishi lozim.
190. Singdirish mashinalarining vannalarini lak bilan to‘ldirish quvurlar yordamida bajarilishi lozim. Ish tugagandan so‘ng lak qoldiqlarini maxsus yopilgan sig‘imlarga quyish lozim.
191. Singdirish mashinalari bug‘li yoki karbonat angidridli turg‘un yong‘inni o‘chirish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi shart. Ish davomida vaqti-vaqti bilan singdirish mashinasi shaxtasidan o‘tuvchi havo oqimining kattaligi tekshirib turilishi lozim.
192. Singdirilgan to‘ldirgichning kesilgan listlari va o‘ramlarini taxlash uchun alohida maydoncha ajratilishi zarur. Ularni piyoda o‘tish yo‘laklari va transport yo‘llarida taxlash taqiqlanadi.
193. Gidravlik presslar presslash vaqtida ajraluvchi zararli gaz va bug‘larni ushlab qolish uchun mahalliy tortish ventilyatsiyasining so‘rgichlari bilan jihozlanishi zarur.
194. Gidravlik presslar ular o‘rnatilganidan so‘ng va ekspluatatsiya davrida ulardagi ulanish va zichlanish joylarining ishonchliligini tekshirish uchun sinovdan o‘tkazib turilishi shart.
195. Gidravlik zarbalar kuchini kamaytirish va bosimning to‘satdan oshishining oldini olish uchun quvurlar saqlovchi klapan yoki boshqa moslamalar bilan jihozlanishi lozim.
196. Suyuqlikning bexosdan ko‘p sarflanishi vaqtida akkumulyator qarshi og‘irligining tez tushib ketishining oldini olish uchun akkumulyatordan gidravlik presslargacha bo‘lgan quvurdagi asosiy klapan suyuqlikning kelishini avtomatik to‘xtatuvchi qurilma bilan jihozlanishi kerak.
197. Saqlovchi klapan qarshi og‘irligi qulflangan va plombalangan metall korpusga joylashtirilishi zarur.
198. Nasos yopuvchi klapangacha bo‘lgan liniyada o‘rnatilgan saqlovchi klapan, shuningdek press gidrotizimida belgilangan bosim oshganda nasosni avtomatik o‘chiruvchi qurilmaga ega bo‘lishi lozim.
199. Pressning gidravlik qurilmalari eng yuqori nuqtalarida havoni chiqarish kranlari bilan, quyi nuqtalarida esa, ishchi suyuqlikni to‘kish armaturasi bilan jihozlanishi kerak.
200. Nosoz holatdagi gidrotizim, saqlovchi klapan, manometr va boshqa nosoz qismlar bilan pressda ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
201. Ish vaqtida to‘siqlar, saqlovchi moslamalarni yechish, pressni tozalash va moylash taqiqlanadi.
202. Presslangan elektr izolyatsiya materiallarining paketlarini ajratish tayyor materiallarning listlarida to‘planuvchi statik elektr zaryadlarni yechish moslamalari bilan jihozlangan maxsus stollarda bajarilishi kerak.
203. Qaychilar va frezer stanoklar qatlamli plastiklarning chetlarini kesish chog‘ida hosil bo‘luvchi changni yutadigan mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
204. Qatlamli plastiklarga pichoq bilan ishlov berish har bir uskuna uchun belgilangan qalinlik chegarasida amalga oshirish lozim.
205. Qaychilar ish stolining yuzasi poldan 800 mm balandlikda bo‘lishi lozim. Stolning o‘lchamlari ishlov beriluvchi materiallarning qulay joylashuvini ta’minlashi zarur.
206. Ish stollari, yo‘naltiruvchi chizg‘ichlar, shablonlar va boshqalarning yuzalari tekis, biror-bir nuqsonlarsiz bo‘lishi kerak.
207. Arra yoki qaychilarda kesilgan qog‘ozlarning qoldiqlari va qirindilari o‘z vaqtida tozalab turilishi lozim.
208. Qog‘oz qatlamli plastiklar isituvchi qurilmalardan kamida 1 m uzoqlikda o‘rnatilgan tokchalarda, gorizontal holatda saqlanishi lozim.
12-§. Lakli matoni ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
209. Lakli matoni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan suyuq moddalar ko‘rinishidagi xom ashyo alohida izolyatsiyalangan xonalarda joylashgan sig‘imlarda saqlanishi zarur.
210. Lakli matolarni ishlab chiqaruvchi asosiy texnologik qurilmalar maxsus singdirish mashinalari, valikli mashinalar hamda shisha matolardan parafinni tozalash mashinalari ularga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash qulay bo‘lgan tarzda joylashtirilishi lozim.
211. Singdirish, valikli hamda parafin moyini tozalash mashinalari mato tasmasidan statik zaryadni yechish moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
212. Texnologik uskunaning aylanuvchi qismlari to‘silgan bo‘lishi zarur. Xavfli joylarning to‘siqlari ogohlantiruvchi rangda bo‘lishi kerak.
213. Singdirish mashinalari, valikli mashinalar, parafin moyini tozalash mashinalarining uzatish mexanizmiga o‘ramlarni o‘rnatish va undan olish faqat ko‘tarish qurilmalari yordamida amalga oshirilishi zarur.
214. Singdirish mashinalarining vannalari quvurlar yordamida to‘ldirilishi zarur. Ish yakunlangandan so‘ng lak qoldiqlari maxsus idishga quyilishi kerak.
215. List yoki o‘ramlarni taxlash uchun maxsus maydonchalar ajratilishi zarur. O‘ramlar isituvchi qurilmalardan kamida 1 m uzoqlikda o‘rnatilgan tokcha yoki tagliklarda saqlanishi lozim.
13-§. Plastmassali elektr izolyatsiya materiallarini ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
216. Polimer kukun va granula ko‘rinishidagi xom ashyo ishlab chiqaruvchi tarasida quruq va yopiq xonada saqlanishi zarur.
217. Quritish kameralariga xizmat ko‘rsatish uskunasi ishlash jarayonida kuyishdan saqlanish uchun himoya moslamalariga ega bo‘lishi lozim.
218. Texnologik uskuna erigan polimerdan ajralayotgan gazlarni tortib oluvchi mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlanishi zarur. Termoplastlarni eritgichda eritish havo tortuvchi shkafda amalga oshirilishi zarur.
219. Ishlab chiqarish xonalariga issiqlik ajralishini kamaytirish va xodimlarni kuyib qolishdan saqlash uchun qizigan yuzalarni issiqlikdan izolyatsiya qilishi lozim.
220. Quyish mashinalari konstruksiyasida xavfli hududlarni to‘sish ko‘zda tutilishi kerak.
221. Press qoliplarning birikish hududi to‘siqlarining konstruksiyasi xavfli hududni yon va yuqori tomondan yopib turishi zarur.
222. Quyish mashinalari ochiq yoki yechilgan to‘siqlar holatida press qoliplarning birikishini o‘chiruvchi va mashinaning ish tartibi o‘zgarganda plastmassaning press qolipga yuborilishini to‘xtatuvchi bloklash qurilmasiga ega bo‘lishi lozim.
223. Press qoliplarning konstruksiyasida uni quyish mashinasiga mexanizatsiyali o‘rnatish qurilmasi bo‘lishi lozim.
224. Quyish qoliplarini almashtirishdan avval yuk ko‘tarish mexanizmlarini tayyorlash kerak.
225. Qizigan massani chiqarishda (mashinaga havo berishda) ushbu massaning xodimlarga tegib ketishiga qarshi choralar ko‘rilishi lozim.
226. Texnologik uskuna erigan polimerdan ajralayotgan gazlarni tortib oluvchi mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlanishi zarur. Termoplastlarni eritgichda eritish havo tortuvchi shkafda amalga oshirilishi zarur.
227. Plastmassa mahsulotlari isituvchi qurilmalardan kamida 1 m uzoqlikda o‘rnatilgan tokchalarda saqlanishi lozim.
14-§. Egiluvchan elektr izolyatsiya naychalarini ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
228. Egiluvchan laklangan elektr izolyatsiya naychalarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan suyuq moddalar ko‘rinishidagi xom ashyo alohida izolyatsiyalangan xonalarda joylashgan sig‘imlarda saqlanishi zarur.
229. Arqon o‘ramlari, polimer granulalari, elektr izolyatsiyali rezina aralashmalari quruq joyda saqlanishi lozim.
230. Texnologik uskuna ish vaqtida hosil bo‘luvchi chang, gaz va bug‘larni tortuvchi mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
231. Texnologik uskuna singdirish, laklash va naychalarni quritish jarayonida hosil bo‘luvchi gaz va bug‘larni tortuvchi mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
232. Arqon-qobiqni kalavadan yechish ishlari mahalliy ventilyatsiya bilan ta’minlangan maxsus yechish stanogida bajarilishi zarur.
233. Arqon-qobiqni quritgich shaxtasi orqali o‘rnatish maxsus moslamalar yordamida hamda aylanuvchi qismlar to‘xtatilganidan so‘ng amalga oshirilishi lozim.
234. Qisqa o‘lchamli naychalar tayyorlashga mo‘ljallangan laklash vannasi va laklash-quritish pechi naychalarni singdirish, laklash va quritish jarayonida hosil bo‘luvchi gaz va bug‘larni tortuvchi mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
15-§. Olov bilan bajariladigan ishlarni amalga oshirishda xavfsizlik talablari
235. Olovli ishlar alohida joylarda bajarilishi zarur.
236. Katta detallar, bloklar, fermalar, staninalar payvandlash va kesish vaqtida kesilgan qismlarning ishchilarga tegishining oldini olish uchun xavfsizlik choralari ko‘rilishi lozim.
237. Payvandlash transformatorlari va generatorlari orasidagi o‘tish yo‘laklari, shuningdek stol va tokchalarning ikki tomonidan o‘tish yo‘laklarining kengligi 1 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
238. Og‘irligi 20 kg dan ortiq bo‘lgan mahsulotlarni payvandlash ishlari mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lishi zarur.
239. Payvandlash ishlari faqat sig‘im tuynuklari, lyuk va qopqoqlarning ochiq holatida amalga oshirilishi lozim. Yopiq bo‘shliq ichida ventilyatsiyasiz payvandlash taqiqlanadi.
240. Bosim ostidagi har qanday quvur va rezervuarni har qanday gaz yoki suyuqlik bilan to‘ldirilganidan qat’i nazar, payvandlash taqiqlanadi.
241. Elektrpayvandlash ishlari olib boriladigan joylarda doimiy ventilyatsiya mavjud bo‘lishi shart.
242. Elektrpayvandlash qurilmasini yoqishdan avval uni tashqi kuzatish va qurilmaning sozligiga ishonch hosil qilish lozim. Kontaktlar va yerga ulash simlarining holati, ishchi simlar izolyatsiyasi, himoya vositalarining mavjudligi va sozligi tekshirilishi kerak. Biror-bir nosozliklar aniqlangan hollarda qurilmani yoqish taqiqlanadi.
243. Elektr tarmoqlaridan payvandlash qurilmasigacha bo‘lgan simlarning uzunligi 10 m dan oshmasligi kerak. Simlarning izolyatsiyasi mexanik shikastlanishdan saqlangan bo‘lishi lozim.
244. Elektrpayvandlash qurilmasini bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishga faqat elektr tarmog‘idan uzilganidan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.
4-bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
245. Ishlab chiqarish uskunasi foydalanish davrida GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.049-80 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy ergonomik talablar”, GOST 12.2.062-81 “Ishlab chiqarish uskunasi. Himoya to‘siqlari. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.064-81 “Ishlab chiqarish uskunasini boshqarish organlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
246. Ishlab chiqarish uskunalari ularning texnik hujjatlari talablariga muvofiq holda saqlanishi lozim.
247. Ishlab chiqarish uskunasining xavfsizligi quyidagilar yordamida ta’minlanishi lozim:
ishlash prinsiplari, konstruktiv sxemalar, xavfsiz konstruksiya elementlarini tanlash;
konstruksiyalarda mexanizatsiya, avtomatizatsiya va uzoqdan turib boshqarish vositalarini qo‘llash;
konstruksiyalarda himoya vositalarini qo‘llash;
ergonomik talablarni bajarish;
montaj qilish, foydalanish, ta’mirlash, tashish va saqlashga doir texnik hujjatlarga xavfsizlik talablarini kiritish.
248. Zararli moddalar chiqaradigan ishlab chiqarish uskunasidan foydalanilganda bu moddalarning ish hududi havosidagi miqdori GOST 12.1.005-88 “Ish joyining havosiga qo‘yiladigan umumiy sanitar-gigiyenik talablar. Xavfsizlikning umumiy talablari”da belgilangan chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan konsentratsiyalar miqdoridan oshmasligi kerak.
2-§. Saqlovchi va blokirovkalovchi qurilmalarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
249. Dastgohlarning detallari sinmasligi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga jarohat yetkazmasligi uchun dastgohlar ortiqcha yuklanishdan saqlovchi qurilmaga ega bo‘lishi lozim.
250. Dastgohlarning jihozlari o‘z-o‘zidan pastga tushib ketishining oldini oluvchi qurilmalarga ega bo‘lish lozim.
251. Mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish jarayoni faqat detal mahkamlab bo‘lingandan so‘ng ishga tushishini ta’minlaydigan blokirovka qurilmasi bo‘lishi lozim.
252. Avtomat va yarim avtomatlar, ularda ishlov berish hududi ochiq holatda ish bajarilganda jarohatlanish yuz bermasligi uchun blokirovka qurilmalariga ega bo‘lishi, ular avtomatik ish sikli himoya qurilmasi yopiq bo‘lganda ishga tushishini ta’minlashi lozim.
253. Dastgohlarda operatsiyalar bajarilayotgan vaqtda detal yoki asbob aylanishi tufayli jarohatlanish mumkin bo‘lsa, dastgohlarda shpindel o‘chirilgan zahoti uni avtomatik tarzda to‘xtatadigan qurilma bo‘lishi kerak.
254. Dastgohni sozlash paytida saqlovchi blokirovka qurilmalarini o‘chirish imkoniyati ko‘zda tutilishi zarur.
255. Uzoqdan turib yoki avtomatik tarzda ishga tushiriladigan uskunada ogohlantiruvchi “Ehtiyot bo‘ling, avtomatik tarzda yurgiziladi!” degan belgi va yozuvlar bo‘lishi lozim.
3-§. Boshqarish organlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
256. Boshqarish organlarining ish vazifasi GOST 12.4.040-78 “Ishlab chiqarish uskunasining boshqarish organlari. Belgilanishi. Umumiy talablar”ga asosan yozuvlar yoki belgilar bilan ko‘rsatilishi kerak.
257. Uskuna shoshilinch to‘xtatilishi uchun qulay joylarda, doimiy ish o‘rni hududida yoki tez-tez xizmat ko‘rsatiladigan xavfli uzel yaqinida joylashgan “To‘xtatish” knopkasi bilan jihozlanishi kerak.
258. Xavf soladigan uskuna qismi operator ko‘rish doirasidan tashqarida, xavfli ish boshqarish organlari hududida joylashgan bo‘lsa qo‘shimcha avariyaviy o‘chirish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
259. Avariyaviy o‘chirgich va tugmalar konstruksiyasi va joylashishi ulardan har xil ish vaziyatlarida foydalanish imkonini ta’minlashi lozim.
260. Uskunani avariyaviy o‘chirish qurilmasi eng katta quvvatli dvigetelni nominal kuchlanishdagi boshlang‘ich yurgizish tokiga va boshqa hamma iste’molchilarning nominal toklari yig‘indisiga mos bo‘lgan maksimal yuklanishga mo‘ljallangan bo‘lishi zarur.
261. Uskunaning avariyaviy o‘chirish qurilmasi, ish paytida tanaffus yuz berganda avariyaga yoki xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni jarohatlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan qurilmalarni o‘chirmasligi lozim.
262. Uskunani avariyaviy o‘chirish qurilmasini boshlang‘ich holatiga qaytarish qurilmasi uskunani ishga tushirib yubormasligi lozim.
263. Ishga tushirish qurilmalarining konstruksiyasi va holati (tugma, richag va hokazo) uskunani tez, ishonchli tarzda yurgizilishi va o‘chirilishini ta’minlashi hamda ularning o‘z-o‘zidan ishlab ketishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
264. Qo‘l bilan boshqarish organlari (shu jumladan elektr boshqaruv pultlarida joylashgan) shunday yasalgan va joylashgan bo‘lishi kerakki, ulardan foydalanish qulay bo‘lishi, qo‘llarni qisib qolish yoki boshqa boshqarish organlari va dastgoh qismlariga tiqilib qolish hollariga olib kelmasligi hamda tasodifan boshqarish organlarining ishlatilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
265. Bir nechta xodimlar xizmat ko‘rsatadigan uskunaning boshqarish organlari, harakatlarning zaruriy ketma-ketligini ta’minlaydigan blokirovka qurilmasiga ega bo‘lishi lozim.
266. Blokirovka qurilmalarini qo‘llamaslikka texnik jihatdan asoslar bo‘lgan hollarda boshqarish organlari yoniga ogohlantirish yozuvlari va belgilari o‘rnatilishi kerak.
267. Murakkab va xavfli uskunaning boshqaruv organlari unda rostlash ishlarini o‘tkazish va begona shaxslar ishlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qulflar yoki plombalar bilan ta’minlangan, eshikchalari yopiq bo‘lishi lozim.
4-§. Qo‘l elektr mashinalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
268. Qo‘l elektr mashinalari GOST 12.2.013.0-91 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Qo‘l elektr mashinalari. Xavfsizlikning umumiy talablari va sinash usullari” talablariga, shuningdek alohida olingan mashina turining standartlariga va texnik hujjatlariga to‘g‘ri kelishi zarur.
269. Qurilma va mexanizmlarni ta’mirlash bo‘yicha ishlar faqat ular elektr tarmog‘idan o‘chirilganidan va ularga majburiy tarzda ogohlantiruvchi plakatlar ilinganidan so‘ng amalga oshirilishi zarur.
270. Ko‘chma elektr asbobning kuchlanishi quyidagicha bo‘lishi kerak:
yuqori xavflilikda bo‘lmagan binolarda 220 V gacha;
yuqori xavflilikdagi binolarda 42 V gacha;
o‘ta xavfli binolar va binodan tashqarida 12 V gacha.
271. Qo‘l elektr asbobini ulashga mo‘ljallangan shtepsel ulagichlarning tok o‘tkazuvchi qismlari qo‘l yetmaydigan tarzda himoyalangan bo‘lishi lozim.
272. Kuchlanishdagi shtepsel ulagichlar o‘zining konstruksiyasi va rangiga ko‘ra odatdagi 220 V li shtepsel ulagichlardan ajralib turishi va 42 V gacha bo‘lgan shtepsellarning 220 V rozetkalariga ulanish imkoni bo‘lmasligi lozim.
273. Elektromontaj ishlari uchun mo‘ljallangan qo‘l chiroqlari va qo‘l asboblari sozligi bir yilda ikki marta tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.
274. Elektromontaj ishlari uchun foydalaniladigan qo‘l asboblarining dastaklari izolyatsiyalangan bo‘lishi kerak.
5-§. Nazorat-o‘lchov asboblariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
275. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarning ko‘rsatkichlarini nazorat qilish uchun qo‘llaniluvchi nazorat-o‘lchov asboblari GOST 12.3.019-80 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Elektr sinashlar va o‘lchashlar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga mos bo‘lishi shart.
276. Nazorat-o‘lchov asboblarining shkalasidagi chiziq ko‘rsatkichlar aniq ko‘rinib turishi lozim.
6-§. Xizmat ko‘rsatish maydonchalari va zinalarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
277. Dastgohga xizmat ko‘rsatish yoki ishlov berish hududini kuzatish uchun xodimning pol sathidan 0,5 m va bundan balandroqda turishi talab etilsa, dastgoh zinapoya bilan jihozlangan xizmat ko‘rsatish maydonchalari yoki sirpanmaydigan qoplamali galeryalarga ega bo‘lishi kerak.
278. Maydonchalar sifatida uskunaning gorizontal yuzalaridan foydalanish mumkin. Xizmat ko‘rsatish maydonchalaridan ustyopma yoki uskunaning chiqib turgan qismlarigacha bo‘lgan balandlik 2 m dan kam bo‘lmasligi zarur.
279. 0,5 m dan balandda joylashgan maydonchalar va ularga olib chiqadigan zinalarda, pastida balandligi 100-50 mm yaxlit yon qoplama o‘rnatilgan balandligi 1 m dan kam bo‘lmagan to‘siq (panjara)lar bo‘lishi kerak.
280. Maydoncha sathidan 0,5-0,6 m balandlikda qo‘shimcha gorizontal planka o‘rnatilishi lozim.
281. Vertikal ustunlar orasidagi masofa 1,5 m bo‘lishi kerak.
282. Xizmat ko‘rsatish maydonchalari va zinalarning eni 0,5 m dan kam bo‘lmasligi zarur.
283. Zinalarning ikkala tarafida to‘siq (panjara)lar bo‘lishi lozim.
284. Xizmat ko‘rsatish maydonchasi 10 m dan balandroqda joylashgan bo‘lsa, har 5 m da dam olish maydonchalari o‘rnatilishi zarur.
285. Zina va maydonchalarning tutqichlari qo‘l bilan ushlash uchun qulay bo‘lishi, o‘tkir qirralari, qirov va kiyim ilinishi mumkin bo‘lgan chiqib turgan joylari bo‘lmasligi lozim.
7-§. Ishlab chiqarish uskunasi, kommunikatsiyalarni joylashtirishda xavfsizlik talablari
286. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda asosiy va yordamchi uskunani joylashtirish, uskuna va binolar devorlari orasidagi masofa 0,6 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
287. Asosiy va yordamchi uskunalar asosiy yuk tashish yo‘nalishiga muvofiq o‘rnatilishi zarur.
288. Ishlab chiqarish uskunasining joylashishi unga bexatar va qulay xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, montaj va demontaj qilishni ta’minlashi kerak.
289. Ish o‘rinlarini rejalash uskunani boshqarish organi va pultlariga erkin o‘tish yo‘laklari va kirish joylarini, ish jarayonlarining qulay va bexatar bajarilishini ta’minlashi va GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga javob berishi lozim.
290. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida uchib chiqayotgan material parchalaridan saqlash choralari ko‘rilishi lozim.
291. Ish joylarida jihozlar, material, tanovar, yarim tayyor mahsulot, tayyor mahsulot va chiqindilar solinishi uchun stellaj, idish, stol va boshqa qurilmalar qo‘yiladigan maydonchalar ko‘zda tutilishi lozim.
292. Sex va uchastkalarda uskunalarni joylashtirish va ish o‘rinlarini rejalash favqulodda vaziyatlar yuz berganda xodimlarni xavfsiz evakuatsiya qilish imkoni ko‘zda tutilishi zarur.
293. Sexlardagi o‘tish joylarining kengligi quyida ko‘rsatilgan miqdorlardan kam bo‘lmasligi kerak:
magistral o‘tish joylari uchun 1,5 m;
uskunalar o‘rtasidagi o‘tish joylari uchun 1,2 m;
ishlab chiqarish binosi devorlari va uskuna o‘rtasidagi o‘tish joylari uchun 1,0 m;
uskunaga xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash maqsadida unga boriladigan o‘tish joylari uchun 0,7 m.
294. Konveyer qurilmalari, ishlab chiqarish binolari, galereyalar, tunnellar va estakadalarning joylashishi GOST 12.2.022-80 “Konveyrlar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga javob berishi lozim.
8-§. Tashkilotlarda zararli omillar ta’sirining sanitariya normalari va qoidalarida belgilangan miqdorgacha kamaytirilishini ta’minlovchi usul va tadbirlar
295. Chang ko‘p hosil bo‘ladigan hududlarda ishlash vaqtida changni o‘tkazmaydigan qattiq matodan tayyorlangan maxsus kiyim, nafas olish organlari uchun individual himoya vositalari qo‘llanilishi lozim.
296. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda bajarilayotgan ish xususiyatiga qarab himoya vositalaridan foydalanish lozim.
297. Shovqinning ishlovchilarga ko‘rsatadigan zararli ta’sirini bartaraf etish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar qabul qilinishi lozim:
shovqin hosil qiladigan uskunani almashtirish yo‘li bilan texnologiyaga o‘zgartirish kiritish yoki shovqinni yutadigan qurilmalarni qo‘llash;
statsionar mashina va mexanizmlar ostiga izolyatsion qistirmali poydevorlar qurish;
agregatlar yoki ularning qismlari uchun shovqinni o‘tkazmaydigan kojuxlarni qo‘llash;
titraydigan yuzalarni vibratsiyani yutuvchi ichki ishqalanishi yuqori bo‘lgan materiallar bilan berkitish;
metall detallarni plastmassadan yasalgan detallar bilan almashtirish, xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar uchun shovqin o‘tkazmaydigan kabinalar qurish;
agregatlarning gaz chiqaradigan va havo so‘radigan tuynuklarida shovqinni kamaytiradigan moslamalarni o‘rnatish, ko‘tarib turuvchi konstruksiyalarga (to‘sinlar, fermalar) turli shovqin yutqichlar bilan ishlov berish;
kichik hajmdagi xonalarning ichki yuzalarini shovqinni yutadigan materiallar bilan qoplash.
298. Agar ish sharoitiga ko‘ra ish joylarida shovqin darajasini kamaytirish imkoni bo‘lmasa, ishchilarning ish va dam olish rejimini o‘zgartirish, quloqni bezovta qilmaydigan va shovqinni belgilangan me’yorlar darajasigacha kamaytiradigan individual himoya vositalari (naushniklar, shlemlar, tiqinlar, shovqinga qarshi vkladishlar) bilan ta’minlash orqali ishchilarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar tizimi ko‘zda tutilishi lozim.
299. Qo‘l orqali ishchilarning organizmiga o‘tadigan vibratsiyaning chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan darajalari SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va mahalliy vibratsiyaning sanitariya me’yorlari”ga mos bo‘lishi lozim.
5-bob. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ta’mirlash ishlarini olib borish
300. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishda bajariladigan ishlarning texnologik ketma-ketligi aks ettirilgan ta’mirlash hujjatlari rasmiylashtirilgan bo‘lishi va ularda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik choralari va maxsus texnologik jarayonlar;
ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va anjomlarning turlari;
ta’mirlangan uskunalar va ularning qismlari texnik talablarga muvofiqligi haqidagi hujjatlar.
301. Kapital va joriy ta’mirlash dasturlarida ta’mirlashni o‘tkazish uchun mas’ul shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarini bajarish tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlash choralari belgilanishi lozim.
2-§. Ta’mirlash ishlarini bajarishni tashkilot rahbariyati bilan kelishish va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun mas’ul shaxslarni tayinlash
302. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarini bajarish va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
303. Ta’mirlash ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan mas’ul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
304. Ta’mirlash tashkilotlari tomonidan bajariladigan ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
3-§. Ta’mirlash ishlarini bajaruvchi shaxslarning malakasiga qo‘yiladigan talablar va ta’mirlanadigan uchastkalarni ajratish
305. Asbob-uskunalarni ta’mirlash va sozlash ishlari maxsus o‘qitilgan va yo‘l-yo‘riq berilgan, tegishli bilim va malakaga ega xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
306. Kapital ta’mirlashdan so‘ng asbob-uskunani ishga tushirishga tashkilot bosh mexanigi (bosh energetik), mehnat muhofazasi xizmati xodimi, ishlab chiqarish majmuasi boshlig‘i va kasaba uyushmasi vakillaridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan tashkilot rahbari yoki bosh muhandis tasdiqlaydigan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan so‘ng ruxsat beriladi.
307. Ta’mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uskunani ishga tushirish faqat mas’ul xodim ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
308. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan va u yerda xavfsizlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
309. Ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin unda ishtirok etadigan barcha xodimlar ta’mirlash ishlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ularga ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berilishi zarur.
4-§. Ta’mirlash ishlarining xavfsiz olib borilishini ta’minlash, zinapoyalarda va ko‘tarish mexanizmlarida ishlash shartlari
310. Ta’mirlash jarayonida yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
311. Ta’mirlash paytida ish joylari, yo‘llar va zinapoyalarni turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
312. Balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarishda havoza va taxta to‘shamalardan foydalanish zarur.
313. Havoza va taxta to‘shama o‘rnatishning imkoni bo‘lmasa, xodimlar balandlikda ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari va arqonlar mahkamlanadigan joylar konstruksiyalarda oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
314. Balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarganda asbob-uskuna va materiallarni maydoncha qirg‘og‘iga qo‘yish yoki yerga tashlash taqiqlanadi. Asbob-uskunalarni saqlash va tashishda maxsus sumka yoki qutilardan foydalanish zarur.
315. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan bo‘lishi va tushib ketmaydigan usulda bajarilishi kerak.
316. Yoritish chiroqlarini ta’mirlash ishlarida faqat 12 V kuchlanishdagi ko‘chma lampalar, portlashdan himoyalangan akkumulyatorli chiroqlardan foydalanish kerak.
317. Yoritish maqsadida mash’ala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
318. Suyuq yonilg‘i saqlanadigan idishlar, bitum saqlagichlar, konveyerlar, shimdirish vannalari va neft mahsulotlari mavjud boshqa sig‘imlarni ta’mirlashda ushbu sig‘imlar undagi mahsulotlardan bo‘shatilishi zarur.
319. Idishlar, bunkerlar va boshqa chuqur joylarda ishlayotgan xodim mahkamlangan qutqaruv arqoniga ega bo‘lishi, arqonning ikkinchi uchi tashqariga chiqarilgan va kuzatuvchi nazorati ostida bo‘lishi kerak.
320. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar ish joyidan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar o‘z joyiga o‘rnatilishi kerak.
6-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
321. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
322. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(322-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
7-bob Yakuniy qoida
323. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 24-dekabr.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 24-dekabr.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 24-dekabr.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 24-dekabr.
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2015-yil 24-dekabr.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2015-yil 25-dekabr.
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi direktori A. QURBONOV
2015-yil 25-dekabr.
“O‘zeltexsanoati”aksiyadorlik jamiyati raisi E. IMINOV
2015-yil 25-dekabr.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2015-yil 25-dekabr.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 4-son, 40-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)