1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.07.00 Alohida toifadagi xodimlarni mehnatining muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
Metallarga sovuq ishlov berishda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 11-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2726]
1. Mazkur Qoidalar metallarga sovuq ishlov berish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Xavfsizlikka qoʻyiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish boʻyicha qoidalarni oʻz ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan Ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar.
7. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan ortiq boʻlgan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
11. Baxtsiz hodisa haqida jabrlanuvchi yoki guvoh darhol boʻlinma rahbariga xabar berishi kerak, u esa:
jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi yordam koʻrsatishi va uni tibbiy-sanitariya qismiga yoki boshqa davolash muassasasiga yetkazishni tashkil etishi;
tekshirish komissiyasi ish boshlanishiga qadar ish joyidagi vaziyatni va jihozlar holatini hodisa yuz bergan daqiqada qanday boʻlsa, shundayligicha (agar bu atrofdagi xodimlar hayoti, salomatligiga tahlika solmayotgan boʻlsa va halokatga olib kelmasa) saqlab qolishi;
darhol hodisa toʻgʻrisida ish beruvchiga va kasaba uyushmasiga xabar qilishi lozim.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
12. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha oʻqishlari, ularning bilimlari sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
13. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
14. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
15. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yoʻl qoʻyiladigan chiqarishlarini oʻrnatish qoidalari” boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
16. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
17. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
18. Tashkilotlar oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim.
19. Lavozim yoʻriqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr qurilmalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar oʻta xavfli kasblar roʻyxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar oʻta xavfli ishlar roʻyxatiga kiritilishi zarur.
20. Oʻta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
21. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirishlari shart.
22. Oʻta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
23. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga taʼsir qilgan taqdirda qoʻllanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi shart.
25. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
26. Xodimlar Mashinasozlik va metallga ishlov berishda maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 2108, 2010-yil 28-may) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi lozim.
27. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi kerak.
28. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash va ulardan toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qoʻllaniladigan vositalar bundan mustasno.
29. Xavfli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
30. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
31. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq zarur maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻiga(roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
33. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxatiga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
34. Bosim ostida va boshqa oʻta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi shart.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish shart-sharoitlari
35. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish, unga yoʻl-yoʻriq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
36. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
37. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi zarur.
38. Tibbiy koʻriklar tashkilotga tibbiyot xizmati koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular boʻlmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkaziladi.
39. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qoʻymaslikka haqlidir.
40. Tashkilot rahbariyati oʻz xodimlarining majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi uchun va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni ishga qoʻyish natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar boʻladilar.
41. Xodimlarni sogʻligʻining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qoʻyish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qoʻyiladigan talablar
42. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
43. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorugʻligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga muvofiq boʻlishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi;
yoritish asboblari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega boʻlishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi.
44. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsionerlash” talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
45. Tashkilotning hududi chegara boʻylab toʻsilgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan boʻlishi lozim.
46. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining koʻrinarli qismiga osib qoʻyilishi zarur.
47. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Maydonlardagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
48. Yozgi mavsumda yoʻlaklar va oʻtish joylariga suv sepilgan boʻlishi lozim.
49. Qishki mavsumda yoʻlaklar va oʻtish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
50. Yoʻlovchilar uchun moʻljallangan yoʻlaklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m boʻlib, yon tomonlari devorcha va toʻsiqlarga ega boʻlishi kerak.
51. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar boʻlishi shart.
11-§. Bino va inshootlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
52. Tashkilotdagi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
53. Binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”ga muvofiq boʻlishi kerak.
54. Muntazam ishlashga moʻljallangan xonalarning pollariga yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi, mazkur pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan boʻlishi zarur.
55. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
56. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan boʻlishi kerak.
57. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq boʻlishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq boʻlishi zarur.
58. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
59. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Texnik koʻrik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari koʻrsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
60. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ishlar halokat bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
61. Tashkilotning binolari va inshootlari yongʻindan xabar beruvchi va yongʻinni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
62. Kirish va chiqish yoʻllari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yoʻllarining barcha eshiklari binodan chiqish yoʻnalishi boʻyicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qoʻyiladigan talablar
63. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yoʻl qoʻyilgan darajasining sanitariya meʼyorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya meʼyorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
64. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qoʻllanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga oʻzgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni toʻsuvchi qobiqlar oʻrnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush soʻndirgichlar qoʻllash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) toʻsilgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga oʻrnatish.
65. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni boʻlmasa, eshitish aʼzolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
66. Shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
67. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
68. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari oʻtish yoʻlaklarining kengligiga qoʻyilgan talablarni buzmasligi zarur.
69. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21 ºS, oʻrtacha ogʻir ishda 17 ºS va ogʻir ishda 16 ºS dan past boʻlmasligi kerak.
70. Xodimlarning isinishi uchun moʻljallangan xonalardagi havo harorati 22 ºS dan kam boʻlmasligi kerak.
71. Xodimlarning isinishi uchun moʻljallangan xonalargacha boʻlgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
14-§. Suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qoʻyiladigan talablar
(14-paragrafning nomi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
72. Suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(72-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
73. Ichimlik suvi O`zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq boʻlishi, uning harorati 8 °S dan 20 °S gacha boʻlishi kerak.
74. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar oʻrnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
15-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
75. Tashkilot hududi va xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
76. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi zarur. Yorugʻlik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
77. Yorugʻlik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak.
78. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
79. Tashkilot hududi va xonalarida yoritish vositalarining koʻzni qamashtirishidan saqlash choralari koʻrilgan boʻlishi kerak.
80. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi boʻlgan gaz va chang konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli mavjud boʻlsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida oʻrnatilishi kerak.
81. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlarning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
82. Koʻchirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall toʻr bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa koʻchirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr oʻtkazgichlar qoʻllanilishi zarur.
83. Evakuatsiya yoʻlaklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari boʻlishi kerak.
84. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, oʻlchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
85. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qoʻyiladigan talablar
86. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
87. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlar, ichimlik suvi taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng koʻp xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
88. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
89. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorongʻi paytida yoritilgan boʻlishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qoʻyiladigan talablar
90. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
91. Metallarga sovuq ishlov berish ishlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitning oqova suvlar va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
92. Tashkilotlarda chiqindilarni yigʻish uchun atrofi oʻralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan taʼminlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar boʻshatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
93. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(93-bandOʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
94. Ish jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Xavfsizlikning umumiy talablari” hamda GOST 12.3.025-80 “Kesish bilan metallarga ishlov berish. Xavfsizlik talablari”ga muvofiq tashkil etilishi kerak.
95. Metallarga sovuq ishlov berishda zaharli, yalligʻlantiruvchi va tez alangalanadigan moddalar ishlatilsa yoki ajralib chiqsa, alohida maxsus jihozlangan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalarining maxsus ajratilgan uchastkalarida, ishchilarni himoya qilish vositalari hamda yongʻindan himoya qilish vositalari bilan taʼminlangan holda bajarilishi lozim.
96. Texnologik jarayonlarda ogʻirligi 20 kg ortiq boʻlgan yoki 25 m dan oshiq masofaga yuklarni tashish yuk koʻtarish transport vositalari yoki boshqa mexanizatsiya vositalari yordamida bajarilishi lozim.
97. Yirik seriyalab va koʻplab ishlab chiqarishlarda mahsulotlarni uzluksiz tashish vositalaridan (transportyor, konveyer, rolgang va boshqa) foydalanish kerak.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
98. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yongʻin va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” va GOST 12.1.010-76 “Portlash xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq taʼminlanishi lozim.
99. Sinovdan oʻtkazilmagan, yongʻin va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qoʻllash taqiqlanadi.
100. Shamollatish va tutun tortish tizimlari yongʻin avtomatikasi tizimlari bilan bogʻlangan boʻlishi lozim.
101. Ishlab chiqarish binolari va xonalari birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
102. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan SHNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarning portlash, yongʻin va yongʻin xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
103. Suv manbai yoʻlaklari hamda yongʻinni oʻchirish vositalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak.
104. Yongʻin va portlash xavfi mavjud boʻlgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiruvchi belgilar boʻlishi zarur.
105. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin boʻlgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
106. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan boʻlimlarda tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish taqiqlanadi.
107. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga yongʻinning oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
108. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatishda va ulardan foydalanishda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilinishi kerak.
109. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim tayinlangan boʻlishi va bu xodim elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli malaka guruhiga ega boʻlishi shart.
110. Elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr uskunalariga xizmat koʻrsatishi uchun elektr xavfsizligi boʻyicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uskunalariga xizmat koʻrsatishi uchun esa, IV malaka guruhiga ega boʻlishi talab etiladi. Masʼul xodim davriy ravishda va oʻrnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi boʻyicha komissiyada sinovdan oʻtishi shart.
111. Elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilmalari va tarmoqlarida rejali taʼmirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda oʻtkazilishini;
elektr energiyasi sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yongʻinga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazib turilishini taʼminlashi kerak.
112. Elektr toki oʻtkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va oʻlchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
113. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan boʻlishi shart.
114. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
115. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qoʻllaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang oʻtkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
116. Kabellar va elektr simlarining izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarining ishlash rejimi koʻrikdan oʻtkazilishi va oʻlchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
117. Elektr apparatlari va agregatlarining nol simiga ulash va yerga ulash simlari butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
118. Quyidagi elektr qurilmalari nol simiga ulash yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V va undan yuqori boʻlgan oʻzgaruvchan tok hamda 440 V
va undan yuqori boʻlgan oʻzgarmas tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past boʻlgan oʻzgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past oʻzgarmas tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
119. Nominal kuchlanishi 42 V gacha boʻlgan oʻzgaruvchan tokda va 110 V gacha boʻlgan oʻzgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nol simiga ulash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga oʻrnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi boʻlgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi chulgʻamalari bundan mustasno.
120. Bitta elektr shtepseliga bir nechta isteʼmolchilarni ulash taqiqlanadi.
121. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning gʻiloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan boʻlishi lozim.
122. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall toʻr bilan oʻralgan va toʻr yerga ulangan boʻlishi lozim.
123. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar oʻrnatilgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri yashin urishidan himoyalangan boʻlishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Titan, magniy va ularning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarga ishlov berishda xavfsizlik talablari
124. Titan, magniy va ularning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarga alohida binolarda joylashtirilgan sex va uchastkalarda ishlov berish lozim.
125. Titan, magniy va ularning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlar bilan jilvirlash, jilolash va boshqa shunga oʻxshash ishlov berish bajariladigan sex va uchastka binolaridagi jihozlar vaqti-vaqti bilan, reja-grafikka binoan magniy va titan changlaridan nam usulda tozalash va shamollatib turish zarur.
126. Titan, magniy va ularning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarga bir vaqtda ishlov beriladigan sex va uchastkalarda tanovar va detallarni individual idishlarda tashish, ularga boʻyoq bilan “titan”, “magniy” deb yozilgan boʻlishi zarur.
127. Titan, magniy va ularning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarni silliqlash paytida changlarni chang ushlagichdan yuvib yubora oladigan miqdorda sovutish suyuqligi berilishi kerak. Sovutish suyuqligini uzatish uskunasi dastgohni ishga tushirish qurilmasi bilan blokirovkalangan boʻlishi lozim.
128. Titan, magniy va ularning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlar nitrat kislota bilan oʻzaro taʼsirda boʻlishiga ruxsat etilmaydi.
129. Magniydan tayyorlangan mahsulotlarga ishlov berishda kesish zonasini sovutish uchun tarkibida kislota va suv mavjud boʻlmagan mineral va oʻsimlik yogʻlaridan foydalanish lozim.
130. Chuqur teshiklarni parmalash va yoʻnib kengaytirish paytida 80 foizli sulfofrezol, 15 foizli kerosin va 5 foizli olein kislotasi qoʻllash ruxsat etiladi.
131. Kesish, asbobni charxlash va kesish zonasini sovutish rejimlari chiqarib yuborilayotgan qirindilarning harorati 200 ºS dan oshmasligini taʼminlash kerak.
132. Magniy qotishmalaridan yasalgan detallarni silliqlash va jilolash uchun tarkibida uchqun hosil qiladigan qoʻshilmalar boʻlmagan jilvirlash materiallaridan foydalanish zarur.
133. Magniy qotishmalaridan tayyorlangan detallar ishlanadigan silliqlash dastgohlarining taglik va qoplamalari rangli metalldan yasalgan boʻlishi kerak.
134. Magniy qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarga ishlov berish uchun moʻljallangan jilvirlash-charxlash, silliqlash va jilolash dastgohlarida asboblarni charxlash va qora metallardan yasalgan detallarga ishlov berishga ruxsat etilmaydi.
5-§. Berilliy va uning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarga ishlov berishda xavfsizlik talablari
135. Berilliy va uning qotishmalariga mexanik ishlov berish, boshqa ishlab chiqarish binolaridan ajratilgan, bir qavatli binolarda joylashgan sexlarda amalga oshirilishi lozim.
136. Berilliy va uning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotga ishlov berish uchun moʻljallangan uskunalar mahalliy soʻrish ventilyatsiya qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
137. Berilliy va uning qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlarni silliqlash faqat nam usulda bajarilishi hamda xonalar muntazam ravishda namlab tozalanishi kerak.
138. Berilliy bilan ifloslangan sanoat oqova suvlari tozalanishi (tindirish, kimyoviy tozalash va hokazolar), shundan soʻng undan aylanma siklda foydalanish zarur.
139. Tarkibida berilliy boʻlgan chiqindilar yigʻishtirilishi va qayta ishlashga joʻnatilishi kerak.
6-§. Boshlangʻich material, yarim tayyor materiallarga boʻlgan xavfsizlik talablari
140. Metallarga sovuq ishlov berish jarayonlarida texnik hujjatlarga ega boʻlgan material va moddalar qoʻllanishi hamda ular xodimlarga zararli taʼsir qilmasligi lozim.
141. Ishlab chiqarish jarayonlarida yongʻin keltirib chiqarish xavfi boʻlmagan suyuqlik va materiallardan foydalanish zarur.
7-§. Tayyor mahsulotlarni saqlash va tashishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
142. Materiallar maxsus ajratilgan xonalarda yoki sexning maxsus uchastkalarida saqlanishi kerak.
143. Materiallarni saqlashga moʻljallangan omborlarning joylashishi ishlab chiqarish jarayoni yoʻnalishiga mos boʻlishi lozim.
144. Ombor maydoni texnologik jarayonlarini uzluksiz bir maromda taʼminlaydigan material va tayyor mahsulotlar zaxirasi sigʻimiga mos boʻlishi kerak.
145. Xavfli, zaharli, kanserogen modda va materiallarni tashish va saqlashda atrof muhitni zararlashga yoʻl qoʻymaydigan chora-tadbirlar koʻrish zarur.
146. Omborga keladigan barcha kimyoviy moddalarga maxsus kartochkalar tutilishi, ularda portlash va yongʻinga boʻlgan xavfli xossalari va ularni bexatar saqlash sharoitlari belgilanishi lozim.
147. Moylash-sovutish suyuqliklarini joylashtirishga moʻljallangan omborlar markazlashtirilgan usulda GOST 12.4.021-75 “Ventilyatsiyali tizimlar. Umumiy talablar” va QMQ 2.04.05-97 “Havoni moʻtadillash, isitish va shamollatish” talablariga muvofiq yasalgan soʻrish qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
148. Charxlash toshlari saqlanadigan stellaj, yacheyka va qutilar taxta yoki boshqa yumshoq materiallar bilan qoplangan boʻlishi kerak.
149. Jilvirlash va elbordan yasalgan asboblar vertikal holatda, urilish va silkinishlarsiz, yumshoq material bilan qoplangan va payraha (yogʻoch qirindisi) solingan yostiqcha toʻshalgan aravachalarda tashilishi kerak.
150. Yuklarni ortish va tushirish hamda tashish ishlari Yuk ortish va tushirish ishlaridagi xavfsizlik qoidalariga (roʻyxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
151. Barcha turdagi konveyerlar konstruksiyasi va ularning joylashtirilishi GOST 12.2.022-80 “Konveyrlar. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
152. Osma konveyerlar ostiga tutib qoluvchi qurilmalar va toʻrlar oʻrnatilishi kerak. Polga oʻrnatilgan uzun konveyerlar har 25 m dan keyin panjarali oʻtish koʻprikchalari bilan jihozlanishi kerak.
153. Shamollatilmaydigan binolarga avtomashina va avtoyuklagichlarning kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, yuk koʻtarish va tashish vositalari ishlayotganda yuk tushib ketish ehtimoli boʻlgan hududlarda begona shaxslar va transport vositalarining boʻlishiga ruxsat etilmaydi.
154. Juda ogʻir va besoʻnaqay yuklar, ularning oʻlchamlari sexning oʻtish joylari (yoʻllari) eni oʻlchamiga yaqin boʻlsa, asosiy ish jarayonidan keyin, naryad-ruxsatnoma asosida bajarilishi kerak.
4-bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
155. Ishlab chiqarish uskunasi foydalanish davrida GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.009-99 “Metallga ishlov berish dastgohlari. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.049-80 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy ergonomik talablar”, GOST 12.2.062-81 “Ishlab chiqarish uskunasi. Himoya toʻsiqlari. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.064-81 “Ishlab chiqarish uskunasini boshqarish organlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
156. Asosiy va yordamchi uskunani tegishli texnik hisoblarga ega boʻlgan poydevor va asoslarga oʻrnatish, moslash va ishonchli tarzda mahkamlash kerak.
157. Uskunani montaj qilish ishlab chiqaruvchi zavod loyihasi va yoʻriqnomasiga mos holda bajarilishi zarur.
158. Uskunani montaj qilish paytida loyihani ishlab chiqqan tashkilotning ruxsatisiz chizmalarga oʻzgartirish kiritish yoki undan chetga chiqishga ruxsat etilmaydi.
159. Uskunani demontaj qilish vaqtida uning elektr yuritmasi elektr tokidan uzib qoʻyilishi, yuritma tasmalari yechib olinishi, ishga tushirish qurilmalariga esa “Ishga tushirilmasin — odamlar ishlayapti!” deb yozilgan plakatlar osib qoʻyilishi lozim.
160. Uskunani elektr tarmoqqa ulash va ishga tushirish faqat hamma himoya va saqlash qurilmalari oʻz joyiga oʻrnatilgandan keyin masʼul xodim ruxsati bilan amalga oshiriladi.
161. Yaroqsiz uskunada ishlash mumkin emas. Uzoq vaqt ishlatilmagan va yaroqsiz uskuna barcha energiya eltgich va texnologik quvuroʻtkazgichlardan (elektr kuchlanishi, siqilgan havo va hokazolar) uzib qoʻyilishi lozim.
2-§. Saqlovchi va blokirovkalovchi qurilmalarga boʻlgan xavfsizlik talablari
162. Dastgohlarning detallari sinmasligi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga jarohat yetkazmasligi uchun dastgohlar ortiqcha yuklanishdan saqlovchi qurilmaga ega boʻlishi lozim.
163. Dastgohlarning jihozlari oʻz-oʻzidan pastga tushib ketishini oldini oluvchi qurilmalarga ega boʻlish lozim.
164. Mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish jarayoni faqat detal mahkamlanib boʻlgandan soʻng ishga tushishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasi boʻlishi lozim.
165. Avtomat va yarim avtomatlar, ularda ishlov berish hududi ochiq holatda ish bajarilganda jarohatlanish yuz bermasligi uchun blokirovka tuzilmasiga ega boʻlishi, ular avtomatik ish sikli himoya qurilmasi faqat yopiq boʻlganda ishga tushishini taʼminlashi lozim.
166. Dastgohlarda operatsiyalar bajarilayotgan vaqtda detal yoki asbob aylanishi tufayli jarohatlanish mumkin boʻlsa, dastgohlarda shpindel oʻchirilgan zahoti uni avtomatik tarzda toʻxtatadigan qurilma boʻlishi kerak.
167. Dastgohni sozlash paytida saqlovchi blokirovka qurilmalarini oʻchirish imkoniyati koʻzda tutilishi kerak.
168. Uzoqdan turib yoki avtomatik tarzda ishga tushiriladigan uskunada ogohlantiruvchi “Ehtiyot boʻling, avtomatik tarzda yurgiziladi!” degan belgi va yozuvlari boʻlishi lozim.
3-§. Boshqarish organlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
169. Boshqarish organlari va axborot aks ettirish vositalari ularning ish vazifasiga, ahamiyati va tez-tez qoʻllanishiga koʻra joylashishi va GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.064-81 “Ishlab chiqarish uskunasini boshqarish organlari. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.4.026-76 “Ogohlantirish ranglari va xavfsizlik belgilari”ga muvofiq boʻlishi hamda uskunani yengil boshqarilishini taʼminlashi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ish oʻrnidan bemalol koʻrinishi lozim.
170. Boshqarish organlarining ish vazifasi GOST 12.4.040-78 “Ishlab chiqarish uskunasining boshqarish organlari. Belgilanishi. Umumiy talablar”ga asosan yozuvlar yoki belgilar bilan koʻrsatilishi kerak.
171. Uskuna shoshilinch toʻxtatilishi uchun qulay joylarda, doimiy ish oʻrni hududida yoki tez-tez xizmat koʻrsatiladigan xavfli uzel yaqinida joylashgan “Toʻxtatish” tugmasi bilan jihozlanishi kerak.
172. Xavf soladigan uskuna qismi operator koʻrish doirasidan tashqarida, xavfli ish organlari hududida joylashgan boʻlsa qoʻshimcha avariyaviy oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
173. Avariyaviy oʻchirgich va tugmalar konstruksiyasi va joylashishi ulardan har xil ish vaziyatlaridan foydalanish imkonini taʼminlashi lozim.
174. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasi eng katta quvvatli dvigetelni nominal kuchlanishdagi boshlangʻich yurgizish tokiga va boshqa hamma isteʼmolchilarning nominal toklari yigʻindisiga mos boʻlgan maksimal yuklanishga moʻljallangan boʻlishi lozim.
175. Uskunaning avariyaviy oʻchirish qurilmasi, ish paytida tanaffus yuz berganda avariyaga yoki xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni jarohatlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan qurilmalarni oʻchirmasligi lozim.
176. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasini boshlangʻich holatiga qaytarish qurilmasi uskunani ishga tushirib yubormasligi lozim.
177. Ishga tushirish qurilmalarining konstruksiyasi va holati (tugma, richag va hokazo) uskunani tez, ishonchli tarzda yurgizilishi va oʻchirilishini taʼminlashi hamda ularning oʻz-oʻzidan ishlab ketishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
178. Qoʻl bilan boshqarish organlari (shu jumladan elektr boshqaruv pultlarida joylashgan) shunday yasalgan va joylashgan boʻlishi kerakki, ulardan foydalanish qulay boʻlishi, qoʻllarni qisib qolish yoki boshqa boshqarish organlari va dastgoh qismlariga tiqilib qolish hollariga olib kelmasligi hamda tasodifan boshqarish organlarini ishlatilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
179. Bir nechta xodimlar xizmat koʻrsatadigan uskunaning boshqarish organlari, harakatlarning zaruriy ketma-ketligini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
180. Blokirovka qurilmalarini qoʻllamaslikka texnik jihatdan asoslar boʻlgan hollarda boshqarish organlari yoniga ogohlantirish yozuvlari va belgilari oʻrnatilishi kerak.
181. Murakkab va xavfli uskunaning (temirchilik-presslash, avtomat liniya va hokazo) boshqaruv organlari unda rostlash ishlarini oʻtkazish va begona shaxslar ishlashiga yoʻl qoʻymaslik uchun qulflar yoki plombalar bilan taʼminlangan eshikchalari yopiq boʻlishi lozim.
4-§. Moylash, gidravlik va pnevmatik yuritmalar bilan ishlashda xavfsizlik talablari
182. Dastgohlar markaziy moylash tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Moy toʻldirilgan idishlar dastgoh boʻyalgan rangdan keskin farq qiluvchi rangga boʻyalishi lozim.
183. Moylash qurilmalarining konstruksiyasi mufta va tormoz uskunalarining friksion yuzalariga moy tushishiga yoʻl qoʻymasligi zarur.
184. Dastgohga oʻrnatilgan moy, moylarni sovutish suyuqligi va texnologik jarayonda ishlatiladigan suyuqliklar atmosfera bilan tutashgan boʻlishi va ularga suv, qirindi va chang tushishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qopqoqlar bilan zich yopilishi lozim.
185. Moy toʻldirilgan idishlarni tozalashda, yuvish va zararsizlantirish ishlari texnologik suyuqliklar har bir almashtirilishidan oldin amalga oshirilishi kerak.
186. Dastgoh yuzalaridan qirindilarni qoʻl bilan olib tashlash uchun ishlovchilar maxsus supirgich va ilgaklar bilan taʼminlanishi kerak. Ilgaklarning dastalari silliq, quloqchalarsiz boʻlishi kerak. Qoʻlga qirindi jarohat yetkazmasligi uchun ilgak himoya ekrani bilan jihozlanishi lozim.
187. Qirindini faqat toʻxtatilgan dastgohdan va himoya koʻzoynagi taqilganda olib tashlashga ruxsat etiladi.
188. Dastgohning yigʻuv birliklari, ular ortish (tushirish), tashish va saqlash vaqtida oʻz-oʻzidan harakatlanishi mumkin boʻlsa hamda bu paytda xavfli vaziyatlar yuzaga kelsa, ularni muayyan holatda mahkamlash uchun qurilmalarga ega boʻlishlari kerak.
5-§. Tokarlik dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
189. Diametri 630 mm gacha boʻlgan tanovarlarga ishlov berish uchun moʻljallangan universal dastgohlarda ishlov berish zonasi himoya qurilmasi (ekran) bilan toʻsilishi lozim. Ishlov berish zonasining ish oʻrniga qarama-qarshi tarafiga ham ekran qoʻyilishi kerak.
190. Tanovarlarga ishlov berishda qirqish tezligi 5 m/sk dan ortiq boʻlgan dastgoh-avtomat va yarim avtomatlardagi kuzatish darchasining ichki tomoniga diametri kamida 5 mm boʻlgan poʻlat tayoqchalardan yasalgan panjara oʻrnatilishi lozim. Panjara katagiga ichki chizilgan doiraning diametri 60 mm dan oshmasligi kerak. Poʻlat tayoqchalar kesishgan joylar payvandlash yordamida ulanish lozim.
191. Universal tokarlik va tokarlik-revolver dastgohlarining qisish patronlari, zarur boʻlganda tanovarlarni oʻrnatish va olish paytida oson suriladigan, dastgohlarning texnologik imkoniyatlarini cheklab qoʻymaydigan toʻsiqlarga ega boʻlishi zarur.
192. Tokarlik karusel dastgohlaridagi planshayba dastgohga xizmat koʻrsatishni qiyinlashtirmaydigan toʻsiqqa ega boʻlishi lozim.
193. Planshayba ustki tekisligi pol sathidan 0,7 m dan koʻp balandlikda joylashgan boʻlsa, u yaxlit, siljitish mumkin boʻlgan, planshayba tekisligi sathidan 50 — 100 mm dan baland boʻlgan toʻsiqqa va olinadigan qoʻshimcha shchitlarga ega boʻlishi kerak.
194. Karusel dastgohlarning planshaybalarida aylanayotgan planshaybadan qisish qurilmalari uchib chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan cheklovchi qurilma koʻzda tutilishi lozim.
195. Yirik gabaritli detallarning ichki yuzalariga ishlov berish jarayonini bexatar kuzatish uchun karusel dastgohlar maxsus maydonchalar bilan jihozlanishi kerak.
196. Tokarlik dastgohlarining yurish valik va vintlari maxsus toʻsiqlar bilan berkitilishi lozim.
197. Kesuvchi asbob minimal chiqish bilan oʻrnatilishi zarur. Kesuvchi asbobni balandlik boʻyicha oʻrnatish uchun turli qalinlikdagi tagliklar toʻplamidan foydalanish zarur, tagliklar eni va uzunligi boʻyicha keskichning tayanch qismidan kichik boʻlmasligi kerak. Keskich butun yuza tekisligi boʻyicha kamida ikkita bolt yordamida mahkamlanishi kerak.
198. Kesishida tasma shaklida chiqayotgan qirindidan jarohatlanishni oldini olish uchun qirindini maydalaydigan moslama qoʻllanilishi zarur.
199. Moʻrt materiallarga ishlov berish paytida va mayda poʻlat qirindilar paydo boʻlganda qirindi maxsus idishlardan foydalangan holda chiqarib tashlanishi lozim.
6-§. Parmalash dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
200. Parmalash dastgohlarining asosiy yuritmasi quvvati 4 kV gacha va shpindelining aylanish chastotasi 3000 ayl/min gacha boʻlgan dastgohlarda shpindelning toʻxtash vaqti 3 sek. dan oshmasligi lozim.
201. Asosiy yuritmasining quvvati 4 kV dan koʻp va shpindelining aylanish chastotasi 2000 ayl/min gacha boʻlgan dastgohlarda shpindelning toʻxtash vaqti 5 sek. dan oshmasligi kerak.
202. Dasturli boshqaruv dastgohlarida asbob shpindelga avtomatik tarzda oʻrnatilishi va mahkamlanishi kerak.
203. Umumiy staninaga oʻrnatilgan, shpindellari individual yuritma va umumiy kirish ulab-oʻchirgichga ega boʻlgan koʻp shpindelli parmalash dastgohlarida har bir shpindelni ishga tushirish va oʻchirish qurilmalari hamda ixtiyoriy ish oʻrnidan hamma dastgohlarni bir vaqtda oʻchirish uchun avariyaviy ulab-uzgichlar koʻzda tutilishi lozim.
204. Ishlatilmaydigan shpindellar oʻchirib qoʻyilishi kerak.
205. Dastgohning shpindelini boshlangʻich holatiga qaytarish qurilmasi (posangi yoki prujina) uning butun yurish uzunligi boʻylab surilishini taʼminlashi kerak.
206. Detallarga teshik parmalash paytida qoʻzgʻalmas yoki dastaki qisish moslamalaridan foydalanish zarur. Detalni bevosita qoʻlda ushlab ishlash mumkin emas.
207. Dastgohni mahkamlash moslamalari asbobni ishonchli tarzda qisilishini, aniq markazlashtirilishini taʼminlashi zarur.
208. Vertikal parmalash va radial parmalash dastgohlari traversi, xartum, kronshteynlarning oʻz-oʻzidan pastga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
7-§. Yoʻnib kengaytirish dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
209. Gorizontal yoʻnib kengaytirish dastgohlarining shpindellaridagi shponka pazi shpindelning birinchi yon tomoniga yetmasligi yoki uning yon tomonidan chiqqan joyi yopilishi kerak.
210. Asbobni mahkamlash uchun ishlatiladigan vint va boshqa elementlar shpindel periferiyasidan chiqib turmasligi kerak. Agar bu talabni bajarish imkoni boʻlmasa, xavf tugʻdiruvchi yuza himoya qurilmasi bilan yopilishi lozim.
211. Dasturli boshqarish dastgohlarida asbob shpindelga avtomatik usulda oʻrnatilishi va mahkamlanishi kerak.
212. Shpindel (asbobsiz) oʻchirilgandan soʻng uning toʻxtash vaqti 6 sek. dan oshmasligi zarur.
213. Universal konsolli frezalash dastgohlarda, shuningdek xoch shakldagi stolli dastgohlarda ham ishlov berish zonasi himoya qurilmasi (ekran) bilan toʻsilishi lozim.
214. Balandligi 2,5 m dan koʻp boʻlmagan gorizontal frezalash dastgohlarida shpindelning orqa qismi bilan asbobni mahkamlaydigan vintning chiqib turgan uchi birgalikda, shuningdek frezalash moslamasining tutqichdan chiqib turgan uchi ham tez olinadigan kojux bilan toʻsilishi zarur.
215. Frezalash dastgohlarining uzatish vali, kardan birikmasi, shpindel va shompollarini chiqib turgan orqa uchlari toʻsilishi kerak.
216. Universal konsolli frezalash va xoch shakldagi stolli (stol eni 63 mm gacha) dastgohlarda shpindel (asbobsiz) oʻchirilgandan soʻng uning toʻxtash vaqti 6 sek. dan oshmasligi lozim.
217. Konsolli frezalash dastgohlarining konstruksiyasi konsol va stanina oraligʻidagi hududdan qirindini qulay va xavfsiz olib tashlanishini yoki ushbu hududga qirindi tushmasligi uchun berkitilishini koʻzda tutishi kerak.
218. Nusxa koʻchirish parmalash-frezalash va frezlash dastgohlarining parmalash va frezalash karetkasini berilgan vaziyatda oʻchirib qoʻyish uchun oxirgi ulab-uzgichlar boʻlishi zarur.
219. Frezalarni oʻrnatish va olish paytida qoʻl kesilib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan maxsus moslamalar qoʻllanilishi kerak.
8-§. Tishga ishlov berish dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
220. Tish silliqlash dastgohlaridagi jilvirlash charxtoshlarining himoya kojuxlari GOST 12.3.028-82 “Elbordan yasalgan asboblar va jilvirlash bilan ishlov berish jarayonlari. Xavfsizlik talablari”ga javob berishi kerak.
221. Ishlov beriladigan mahsulot diametri 1250 mm gacha boʻlganda, dastgohlarda ishlov berish hududini toʻsadigan himoya qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
222. Dastgohlarda tanovarga ishlov berish sikli tugagandan soʻng asbob va kinematik zanjir elementlarining harakati avtomatik tarzda oʻchirilishi koʻzda tutilishi kerak.
9-§. Kesib tushirish dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
223. Doiraviy arrali kesib tushirish dastgohi arrasining ish bajarmaydigan qismi toʻsilgan boʻlishi lozim.
224. Doiraviy arrali kesib tushirish dastgohlari old tomondan chetga suriladigan, koʻtariladigan yoki olinadigan, kesish paytida uchib chiqadigan qirindidan xodimni himoya qiladigan ekran bilan toʻsilishi kerak.
225. Dastgohga teshigining diametri val diametridan katta boʻlgan arra diskini oʻrnatish, shuningdek kichraytirish uchun qoʻshimcha halqa qoʻllash mumkin emas.
226. Tasmali kesib tushirish dastgohining kesish polotnosida butun uzunligi boʻylab dastgohni ishga tushirish qurilmasi bilan blokirovka qilingan toʻsiq boʻlishi kerak.
227. Arra tasmasining qirqish joyidagi harakati tepadan pastga qarab yoʻnalgan boʻlishi zarur.
228. Tasmali arraning polotnosi jilvirlangan boʻlishi va yoriq, qavariq, koʻndalang, egri, orqa qirrasi bukik, zanglash kavaklari boʻlmasligi lozim.
229. Tasmali kesib tushirish dastgohlari toʻxtash va kesish polotnosi uzilgan paytda u jarohat yetkazishga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar bilan oʻrnatilishi kerak.
230. Tasmali kesib tushirish dastgohlariga kesish polotnosini payvandlash uchun qoʻyiladigan qurilmalar uchqun sachrab chiqishidan toʻsilishi lozim.
231. Jilvirli kesib tushirish dastgohlarining qirqish doiralari GOST 12.3.028-82 “Elbordan yasalgan asboblar va jilvirlash bilan ishlov berish jarayonlari. Xavfsizlik talablari”ga javob beradigan himoya kojuxlari bilan toʻsilishi kerak. Kojuxlarning tashqi yon tarafida qulay olinadigan yoki ochiladigan, ish holatida esa ishonchli tarzda mahkamlanadigan qopqoqlar boʻlishi lozim.
232. Chang olgich va undan soʻrish qurilmasiga ulangan havo oʻtkazgichlarda choʻgʻ metall zarralari chang olgich va havo oʻtkazgichlarning ichki yuzalariga sachraganda paydo boʻladigan qurumlarni qulay tozalash imkoniyati koʻzda tutilishi kerak.
233. Soʻruvchi qurilmada matoli filtrlar qoʻllanilsa mato olovga chidamli boʻlishi yoki qurilmagacha boʻlgan soʻrish hududida uchqun ushlagich oʻrnatilishi lozim.
234. Jilvirli kesib tushirish dastgohlari texnik jihatdan zaruriyat boʻlsa, alohida soʻrish qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
235. Asbobning harakatlanish yoʻnalishi uning himoya kojuxida koʻrsatkich bilan jihozlanishi kerak.
236. Tasmali yoki doirali arralarda qirqilayotgan materialni uzatilishi uning qoʻzgʻalmas holatini taʼminlaydigan va jarohatlanishga imkon bermaydigan maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi kerak.
237. Doirali arralarni charxlash paytida barcha tishlarning uchi arra aylanish oʻqiga nisbatan bir xil masofada boʻlishi saqlanishi lozim, tishlar orasidagi oʻyiqlar doirasimon shaklga ega boʻlishi lozim.
238. Ishga yaroqsiz yoki siniq diskli arralardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
239. Dastgoh ishlayotgan paytda jarohatlanishga yoʻl qoʻymaslik uchun diskli arra yoki jilvirli kesish doirasining aylanish tekisligida turish, disk aylanayotgan vaqtda segmentlaridan qirindini surib chiqarish, shuningdek tanovarning kesilayotgan uchini tutib turish mumkin emas.
10-§. Jilvirlab ishlov berish dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
240. Jilvirlash dastgohlarining ishlov berish zonasi va jilvirlash toshlari hamda himoya qurilmasining devorlari qalinligi va mahkamlash konstruksiyasi, charxtosh singan vaziyatda qurilmaning butunligi va xodimlar xavfsizligini taʼminlash GOST 12.3.028-82 “Elbordan yasalgan asboblar va jilvirlash bilan ishlov berish jarayonlari. Xavfsizlik talablari”ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
241. Doirasi 60 m/sek. va undan yuqori tezlikda ishlaydigan silliqlash dastgohlarida ishlov berish zonasining ishlovchiga qaragan tarafi toʻsiq bilan toʻliq yopilishi lozim.
242. Dastgohlarda silliqlash toshining aylanish chastotasi oʻzgaruvchan boʻlsa, dastgohning ish tezligi unga oʻrnatilgan charxtosh uchun ruxsat beriladigan tezlikdan oshib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilma koʻzda tutilishi kerak.
243. Diametri 150 mm dan ortiq boʻlgan jilvirlash va elbor charxtoshlar, shuningdek 40 m/sek. dan kattaroq tezlikda ishlash uchun moʻljallangan charxtoshlar maxsus sinov stendida mexanik mustahkamlikka sinovdan oʻtishi va muvozanatlash (balansirovka) lozim.
244. Jilvirlash toshi, elbor va olmos asbobi dastgohga maxsus oʻqitilgan xodim tomonidan oʻrnatishi zarur.
245. Asbobni dastgohga oʻrnatishdan oldin koʻzga tashlanadigan nuqsonlar (darzlar, oʻyiqlar va hokazo)ni aniqlash uchun tashqi tekshirishdan oʻtkazish kerak.
246. Dastgohlarga mexanik mustahkamlikka sinovdan oʻtganligi haqida tamgʻa qoʻyilmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, yogʻoch bolgʻacha bilan urib tekshirishda tiniqmas, dirildoq tovush chiqaradigan charxtoshlar, shuningdek darzlar, oʻyiqlar topilgan va tarkibida elbor boʻlgan qatlami koʻchgan charxtoshlarni oʻrnatishga ruxsat etilmaydi.
247. Dastgohning bir shpindeliga ikkita charxtosh (masalan, silliqlash va charxlash) oʻrnatilsa, ularning diametrlari farqi 10 foizdan oshmasligi zarur.
248. Diametri 125 mm dan ortiq boʻlgan silliqlash charxtoshlari dastgohga oʻrnatilishdan oldin muvozanatlanishi lozim.
249. Charxlash va shilish dastgohlarining chang yigʻgichlarini tozalash va ularga tasodifan tushib qolgan mayda detallarni olib tashlash ishlari faqat charxtosh toʻliq toʻxtagandan soʻng bajarilishi kerak.
250. Elektromagnit plitaga uzatilayotgan elektr kuchlanishining mavjudligi yoki yoʻqligi dastgohning boshqaruv pultida yorugʻlik signalizatsiyasi bilan koʻrsatilishi lozim.
251. Taglikni oʻrnatishda mahsulotning silliqlash charxtoshiga tegish nuqtasi shu charxtosh markazidan oʻtuvchi gorizontal tekislikdan 10 mm dan baland boʻlmasligi hisobga olinishi zarur.
252. Taglikning silliqlash charxtoshi tarafidagi chetlarida oʻyiq, siniq va boshqa nuqsonlar boʻlmasligi kerak.
253. Himoya ekrani charxtoshga nisbatan simmetrik qilib oʻrnatilishi kerak. Ekranning eni charxtosh balandligidan kamida 150 mm dan koʻp boʻlishi kerak.
254. Ichki yuzalarni silliqlash dastgohlarida tanovarlarni mahkamlash patronlari old va orqa yon taraflarida boʻrtiq boʻlgan, ishlanayotgan tanovar uzunligi boʻylab rostlanadigan himoya kojuxlari bilan toʻsilishi lozim.
255. Universal jilolash dastgohlarida charxtosh ish paytida noqulaylik tugʻdirmaydigan himoya kojuxi bilan toʻsilishi kerak.
256. Jilvirlash dastgohlariga ishlov berish jarayonida jilvirlash charxtoshi tezligi oʻzgaruvchan yuritmalar oʻrnatilganda, asbobning mahkamlash moslamalari boʻshab ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qoʻshimcha choralar koʻrilishi zarur.
257. Ishlov beriladigan detallar boshmoqlar va elektromagnit patronga oʻrnatiladigan ichki silliqlash dastgohlarida patronga elektr kuchlanishi uzatilganligi haqida yorugʻlik signalizatsiyasi boʻlishi lozim.
258. Mahalliy soʻrish qurilmalari va jilvirlash dastgohlaridan changli havoni chiqaradigan va tozalaydigan qurilmalar dastgohning ishga tushirish moslamasi bilan blokirovka qilinishi kerak.
11-§. Bukish, toʻgʻrilash va profil bukish dastgohlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
259. Bukish va profil bukish dastgohlari saqlovchi toʻsiqli qabul qilgichlar bilan jihozlanishi lozim.
260. Yirik gabaritli dastgoh va joʻvalar ularni xizmat koʻrsatish zonasining istalgan joyidan boshqarish uchun asosiyga qoʻshimcha ravishda koʻchma boshqaruv pultlari bilan jihozlanishi kerak.
261. Bukish va joʻvalash uchun moʻljallangan rolikli dastgohlar xodimning qoʻl barmoqlari rolik va material orasiga kirib qolishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar bilan jihozlanishi zarur.
262. Bukish dastgohida traversa bir uchining uzilib ketishi yoki notekis siljishi hamda traversa yurishi bilan indikator koʻrsatkichlari nomuvofiqligi mavjud boʻlganda ishlatishga ruxsat etilmaydi.
263. Tayanch rolik va joʻvalarni ular aylanib turgan vaqtda tozalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
264. Profil bukish dastgohlariga uzatilayotgan tanovarlar qisqich va roliklar oraligʻiga bemalol kirishi uchun tashqi sirtlari toʻgʻirlangan va tozalangan boʻlishi lozim.
265. Profil bukish dastgohida profilni choʻzish va bukish paytida xodimlar profildan 1 m dan yaqin masofada boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan choralar koʻrilishi kerak.
12-§. Materiallarni sovuq shtamplash uchun mexanik presslarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
266. Metallarni sovuq shtamplash uchun mexanik presslarda quyidagilar boʻlishi kerak:
qisqacha texnik tavsiflar yozilgan va moylash davri hamda joylari koʻrsatilgan lavhalar;
shatunni rostlash chegarasining koʻrsatkichlari, maxovik yoki friksion disklar aylanishining yoʻnalishi, krivoship valining holatlari (friksion presslar uchun esa, polzunning chegara holatlari);
boshqarish zanjiriga elektr kuchlanishi uzatilganligi, asosiy dvigatel yuritilganligi haqida, shuningdek boshqarish sxemasi pressning qaysi bir ish rejimiga almashlab ulanganligini koʻrsatuvchi yorugʻlik signalizatsiyasi.
267. Pressning ish rejimi va boshqarish usulini almashlab ulagich qurilmasi qulflanadigan shkafga oʻrnatilishi kerak.
268. Pressning qoʻl bilan boshqariladigan organlari GOST 12.4.040-78 “Ishlab chiqarish uskunasini boshqarish organlari. Belgilanishi. Umumiy talablar”ga muvofiq boʻlgan aniq belgilarga ega boʻlishi zarur.
269. Pressning ish organlarini yurgizish va toʻxtatish uchun gidravlik yoki pnevmatik qurilmalar ishlatilgan hollarda, xavfsizlikni taʼminlash sharoitlari esa oʻrnatilgan bosimni ushlab turishni talab etsa, bosim tushib ketganda pressni toʻxtatish va shu zahoti boshqaruv pulti yoki boshqa vizual kuzatiladigan joyda signalizatsiya ishlashi nazarda tutilishi lozim.
270. Boshqarish organlari, yurgizish muftalari va toʻxtatish qurilmalari konstruksiyasi pressning tasodifan yoki oʻz-oʻzidan ishga tushishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
271. Taʼmirlash va sozlash ishlarini bajarish uchun presslar polzunning eng chekka yuqori holatida ushlab turadigan qurilma bilan jihozlanishi kerak.
272. Pressning shtamplararo hududni rostlash uzeli stol va polzun orasida oʻrnatilgan masofaning oʻz-oʻzidan oʻzgarishiga yoʻl qoʻymasligi zarur.
273. Ikki va toʻrt krivoshipli presslarda kamida ikkita boshqaruv pulti pressning old va orqa tomonida oʻrnatilishi lozim.
274. Tasodifan ishga tushirmaslik uchun ikki dastakli boshqaruvning ishchi organlari toʻsilishi yoki tugmachalarni bexosdan bosib qoʻyishga imkon bermaydigan joyga oʻrnatilishi, richaglar esa bu maqsadda fiksatorlar bilan taʼminlanishi lozim.
275. Ikki dastakli boshqaruvning ishga tushirish tugmachalariga taʼsir qilish vaqti ish yoʻli oʻtilayotgan paytda keyinchalik qoʻlni xavfli hududga kiritish imkoniyatiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
276. Ish yoʻli oʻtilayotgan vaqtda richagni muddatidan oldin qoʻyib yuborish pressni toʻxtashiga olib kelishi yoki ishchi organni dastlabki holatiga qaytarishi kerak.
277. Dastaki va pedal boshqaruv tizimlarining konstruksiyasi ulardan bir vaqtda foydalanishga yoʻl qoʻymasligi lozim.
278. Press va qaychilarda oyoq pedallaridan foydalanishga faqat yopiq shtamplar yoki uzun oʻlchamli listlar ishlatilgan paytda ruxsat etiladi.
279. Ochiq shtamplarni ekspluatatsiya qilish paytida presslarning pedal bilan boshqarish organidan foydalanish mumkin emas.
280. Pedaldan foydalanib bajariladigan ish tugagach, pedalni asboblar omborxonasiga topshirish zarur.
281. Presslar avariyaviy oʻchirish organlari bilan jihozlanishi lozim.
282. Presslarda avtomatik uzatish mexanizmlari va boshqa mexanizatsiya vositalari, agar ularning ish harakati xodimlar uchun xavf tugʻdirsa, toʻsiqlar bilan bekitilishi zarur.
283. Ochiq yakka holda joylashgan presslarning krivoship-shatun mexanizmi va krivoship vallari mustahkam toʻsiqlar bilan jihozlanishi, toʻsiqlar buzilishi yuz berganda ularning qismlarini pastga tushib ketishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
284. Himoya qurilmasi va ikki dastakli boshqarish organlaridan xavfli hududgacha boʻlgan masofa operator qoʻli shu hududga kirgan paytda pressning ish yoʻli oʻchishini taʼminlashi lozim.
285. Ish organining toʻxtashi uchun sarflanadigan vaqt operator qoʻlining xavfli hududga kirishiga kerak boʻladigan vaqtdan kam boʻlishi kerak.
286. Mayda detallarni kichik partiyalar bilan shtamplash paytida tanovarlarni shtampga uzatish kichik mexanizatsiya vositalari (nov, shiber va boshqa qurilmalar) yordamida amalga oshirilishi lozim.
287. Yoʻnaltiruvchi ustunli shtamplarda polzun koʻtarilayotgan paytda yoʻnaltiruvchi vtulkalar ustunlardan tushib ketishiga yoʻl qoʻyilmasligi zarur.
288. Press ishlayotgan paytda ochilishga qarshi moslamalar yoʻnaltiruvchi teshikdan chiqmasligi yoki shtampga xodim qoʻllarining jarohatlanishiga yoʻl qoʻymaydigan qilib oʻrnatilishi lozim.
289. Presslarda shtamplarning mahkamlash moslamalari ishonchli boʻlishi va tanovarlarni uzatish va detallarni olish qulay boʻlishini taʼminlashi kerak.
290. Tanovarlar avtomatik yoki mexanizatsiyalashgan usulda uzatiladigan shtamplarda tayyor detal va chiqindilarning chiqarilishi avtomatlashtirilgan boʻlishi lozim.
291. Shtampning ustun, kronshteyn va boshqa detallaridan ilgak sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
292. Shtampning yuqori qismi dumcha yordamida mahkamlansa, uning oʻlchamlari polzunning teshigiga mos boʻlishi kerak.
293. Shtampga oʻrnatilgan juda tez yeyiluvchan va yaroqsiz holatga kelganda jarohat yetkazish xavfi mavjud qurilmalar, shuningdek press yoʻliga bogʻliq boʻlmay ishlaydigan qurilmalar ham boshqaruvchi va (yoki) kuzatuvchi blokirovka uskunalariga ega boʻlishi lozim.
294. Shtampga tiqilib qolgan detal va chiqindilarni chiqarib olish press oʻchirilgandan soʻng tegishli yordamchi asboblar bilan amalga oshirilishi kerak.
295. Shtamplarni moylash ishlari xavfli zonaga qoʻl kirishiga yoʻl qoʻymaydigan maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi zarur.
13-§. Metall listini kesish qaychilariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
296. Metall listini kesish uchun moʻljallangan gilotina qaychilari GOST 12.2.118-2006 “Qaychilar. Xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
297. Gilotina qaychilari begonalar yoki ishlashga ruxsati boʻlmagan shaxslar tomonidan qaychini ishga tushirilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun kalit bilan qulflanadigan elektr dvigatellarni oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
298. Kombinatsiyalashgan press-qaychilarning xavfli hududlari xodimning qoʻli puanson va pichoqlar ostiga tushib qolishidan asraydigan himoya toʻsiqlar bilan jihozlanishi lozim.
299. Pichoqlar orasiga metallni kuch bilan itarib kirgizish zaruriyati boʻlmasligi va oʻzi bemalol tortilishini taʼminlash uchun rolikli pichoqlar diametri kesilayotgan metall qalinligining oʻttiz baravaridan kam boʻlmasligi lozim.
14-§. Jilvirlash va elbor charxtoshlarini sinash uchun stendlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
300. Jilvirlash va elbor asbobining mexanik mustahkamligi va mustahkamlik zaxirasi maxsus sinov stendlarda tekshirilishi lozim.
301. Sinov stendlari asosiy ishlab chiqarishdan alohida joylashgan sinash uchastkalarida oʻrnatilishi kerak.
302. Sinov xonalarida sinov oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud boʻlishi lozim.
303. Ish joylarining oʻlchamlari va boshqarish organlari, informatsiya aks ettirish vositalari va boshqalarning oʻzaro joylashuvi sinov oʻtkazish paytida xizmat koʻrsatish xodimlarining xavfsizligini taʼminlashi zarur.
304. Stend sinov paytida sinishi mumkin boʻlgan charxtoshning parchalaridan ishlovchini himoya qiladigan kameraga ega boʻlishi, sinov kamerasi ochiq paytida yuritmani ishga tushishiga va shpindel toʻliq toʻxtamasdan kamerani ochilishiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovka qurilmasi bilan jihozlanishi kerak.
305. Sinov stendlari poydevorga oʻrnatilishi va unga mahkam mustahkamlanishi lozim.
306. Sinov stendida shpindel aylanish tezligini bosqichsiz rostlash qurilmasi va aylanish chastotasini koʻrsatgichi boʻlishi zarur.
307. Sinalayotgan charxtoshni mahkamlash elementlarining oʻlchamlari charxtosh oʻlchamlariga bogʻliq holda tanlanishi kerak. Charxtoshni mahkamlash uchun moʻljallangan rezba yoʻnalishi shpindel aylanishining yoʻnalishiga teskari boʻlishi kerak.
308. Sinov stendlarining texnik koʻrigi 2 oyda kamida bir marta oʻtkazilib, koʻrik natijalari jurnalga qayd etilishi shart.
309. Sinov stendi shpindelining tepishi 0,03 mm dan koʻp boʻlmasligi zarur.
310. Nosoz stendda sinovlar oʻtkazishga ruxsat etilmaydi.
311. Jilvirlash charxtoshi sinov oʻtkazish uchun stendga oʻrnatilishidan oldin koʻrinadigan nuqsonlarni (darz, oʻyiq joy va hokazo) aniqlash maqsadida koʻzdan kechirilishi lozim.
312. Sinov stendi valining ikki uchida bir vaqtda sinashdan oʻtkazilayotgan charxtoshlarning oʻlchamlari bir xil boʻlishi kerak.
313. Oraliq vtulkaning oʻtqazish sirti balandligi sinalayotgan charxtoshning yarim balandligidan kam boʻlmasligi kerak.
15-§. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalarga boʻlgan xavfsizlik talablari
314. Dastgohga xizmat koʻrsatish yoki ishlov berish hududini kuzatish uchun xodimning pol sathidan 0,5 m va bundan balandroqda turishi talab etilsa, dastgoh zinapoya bilan jihozlangan xizmat koʻrsatish maydonchalari yoki sirpanmaydigan qoplamali galeryalarga ega boʻlishi kerak.
315. Maydonchalar sifatida uskunaning gorizontal yuzalaridan (stanina, support, babkalar va hokazolar) foydalanish mumkin. Xizmat koʻrsatish maydonchalaridan ustyopma yoki uskunaning chiqib turgan qismlarigacha boʻlgan balandlik 2 m dan kam boʻlmasligi zarur.
316. 0,5 m dan balandroqda joylashgan maydonchalar va ularga olib chiqadigan zinalarda, pastida balandligi 100 — 150 mm yaxlit yon qoplama oʻrnatilgan balandligi 1 m dan kam boʻlmagan toʻsiq (panjara)lar boʻlishi kerak.
317. Maydoncha sathidan 0,5-0,6 m balandlikda qoʻshimcha gorizontal planka oʻrnatilishi lozim.
318. Vertikal ustunlar orasidagi masofa 1,5 m boʻlishi kerak.
319. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalarning eni 0,5 m dan kam boʻlmasligi zarur.
320. Zinalarning ikkala tarafida toʻsiq (panjara)lar boʻlishi lozim.
321. Xizmat koʻrsatish maydonchasi 10 m dan balandroqda joylashgan boʻlsa, har 5 m da dam olish maydonchalari oʻrnatilishi zarur.
322. Zina va maydonchalarning tutqichlari qoʻl bilan ushlash uchun qulay boʻlishi, oʻtkir qirralari, qirov va kiyim ilinishi mumkin boʻlgan chiqib turgan joylari boʻlmasligi lozim.
16-§. Ishlab chiqarish uskunasi, kommunikatsiyalarni joylashtirishda xavfsizlik talablari
323. Metallarga ishlov berish sexlarida asosiy va yordamchi uskunani joylashtirish, uskuna va binolar devorlari orasidagi masofa 0,6 m dan kam boʻlmasligi lozim. Asosiy va yordamchi uskunalari asosiy yuk tashish yoʻnalishiga muvofiq oʻrnatilishi lozim.
324. Ishlab chiqarish uskunasining joylashishi unga bexatar va qulay xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, montaj va demontaj qilishni taʼminlashi kerak.
325. Ish oʻrinlarini rejalash uskunani boshqarish organi va pultlariga erkin oʻtish yoʻlaklari va kirish joylarini, ish jarayonlarini qulay va bexatar bajarilishini taʼminlashi va GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari” ish oʻrinlarini tashkil etishga qoʻyilgan talablarga javob berishi lozim.
326. Ishlarni oʻtirgan holatda bajarishda ish oʻrinlariga qoʻyiladigan ergonomik talablar GOST 12.2.032-78 “Oʻtirib ish bajariladigan ish oʻrinlari. Umumiy ergonomik talablar”ga, turgan holatda bajariladigan ishlarda esa, GOST 12.2.033-78 “Turib ish bajariladigan ish oʻrinlari. Umumiy ergonomik talablar”ga muvofiq boʻlishi zarur.
327. Xodimlarni uchib chiqayotgan temir parchalaridan saqlash uchun verstaklarda balandligi kamida 1 m boʻlgan yaxlit yoki metall toʻrli (katakchalari 3 mm dan koʻp boʻlmagan) shitlar oʻrnatilishi lozim.
328. Ish joylarida jihozlar, material, tanovar, yarim tayyor mahsulot, tayyor mahsulot va chiqindilar solinishi uchun stellaj, idish, stol va boshqa qurilmalar qoʻyiladigan maydonchalar koʻzda tutilishi lozim.
329. Sex va uchastkalarda uskunalarni joylashtirish va ish oʻrinlarini rejalash favqulodda vaziyatlar yuz berganda xodimlarni xavfsiz evakuatsiya qilish imkoni koʻzda tutilishi zarur.
330. Sexlardagi oʻtish joylarining kengligi quyida koʻrsatilgan miqdorlardan kam boʻlmasligi kerak:
magistral oʻtish joylari uchun 1,5 m;
uskunalar oʻrtasidagi oʻtish joylari uchun 1,2 m;
ishlab chiqarish binosi devorlari va uskuna oʻrtasidagi oʻtish joylari uchun 1,0 m;
uskunaga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash maqsadida unga boriladigan oʻtish joylari uchun 0,7 m.
331. Konveyer qurilmalari, ishlab chiqarish binolari, galereyalar, tunnellar va estakadalarning joylashishi GOST 12.2.022-80 “Konveyrlar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga javob berishi lozim.
5-bob. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Taʼmirlash ishlarini olib borish tartibi
332. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazishda bajariladigan ishlarning texnologik ketma-ketligi aks ettirilgan taʼmirlash hujjatlari rasmiylashtirilgan boʻlishi va ularda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
amalga oshirilishi lozim boʻlgan xavfsizlik choralari va maxsus texnologik jarayonlar;
taʼmirlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna va anjomlarning turlari;
taʼmirlangan uskunalar va ularning qismlari texnik talablarga muvofiqligi haqidagi hujjatlar.
333. Kapital va joriy taʼmirlash dasturlarida taʼmirlashni oʻtkazish uchun masʼul shaxslar, shuningdek taʼmirlash ishlarini bajarish tartibi va xodimlarning xavfsizligini taʼminlash choralari belgilanishi lozim.
2-§. Tashkilotlar rahbariyati bilan kelishish va taʼmirlash ishlarini olib borish uchun masʼul shaxslarni tayinlash
334. Barcha hollarda taʼmirlash ishlarini bajarish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning oʻrinbosari bilan kelishilishi kerak.
335. Taʼmirlash ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan masʼul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
336. Taʼmirlash tashkilotlari tomonidan bajariladigan taʼmirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
3-§. Taʼmirlash ishlarini bajaruvchi shaxslarning malakasiga qoʻyiladigan talablar va taʼmirlanadigan uchastkalarni ajratish
337. Asbob-uskunalarni taʼmirlash va sozlash ishlari maxsus oʻqitilgan va yoʻl-yoʻriq berilgan, tegishli bilim va malakaga ega xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
338. Kapital taʼmirlashdan soʻng asbob-uskunani ishga tushirishga tashkilot bosh mexanigi (bosh energetik), mehnat muhofazasi xizmati xodimi, ishlab chiqarish majmuasi boshligʻi va kasaba uyushmasi vakillaridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan tashkilot rahbari yoki bosh muhandis tasdiqlaydigan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan soʻng ruxsat beriladi.
339. Taʼmirlash ishlari bajarilgandan soʻng uskunani ishga tushirish faqat masʼul xodim ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
340. Taʼmirlash ishlari bajariladigan hudud toʻsilgan va u yerda xavfsizlik belgilari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
341. Taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin unda ishtirok etadigan barcha xodimlar taʼmirlash ishlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ularga taʼmirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriq berilishi zarur.
4-§. Taʼmirlash ishlarini xavfsiz olib borilishini taʼminlash, zinapoyalarda va koʻtarish mexanizmlarida ishlash shartlari
342. Taʼmirlash jarayonida yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yigʻishtirib qoʻyilishi lozim.
343. Taʼmirlash paytida ish joylari, yoʻllar va zinapoyalarni turli buyumlar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
344. Balandlikda taʼmirlash ishlarini bajarishda havoza va taxta toʻshamalardan foydalanish zarur.
345. Havoza va taxta toʻshama oʻrnatishning imkoni boʻlmasa, xodimlar balandlikda ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari va arqonlar mahkamlanadigan joylar konstruksiyalarda oldindan belgilab qoʻyilgan boʻlishi lozim.
346. Balandlikda taʼmirlash ishlarini bajarganda asbob-uskuna va materiallarni maydoncha qirgʻogʻiga qoʻyish yoki yerga tashlash taqiqlanadi. Asbob-uskunalarni saqlash va tashishda maxsus sumka yoki qutilardan foydalanish zarur.
347. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan boʻlishi va tushib ketmaydigan usulda bajarilishi kerak.
348. Yoritish chiroqlarini taʼmirlash ishlarida faqat 12 V kuchlanishdagi koʻchma lampalar, portlashdan himoyalangan akkumulyatorli chiroqlardan foydalanish kerak.
349. Yoritish maqsadida mashʼala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
350. Suyuq yonilgʻi saqlanadigan idishlar, bitum saqlagichlar, konveyerlar, shimdirish vannalari va neft mahsulotlari mavjud boshqa sigʻimlarni taʼmirlashda ushbu sigʻimlar undagi mahsulotlardan boʻshatilishi zarur.
351. Idishlar, bunkerlar va boshqa chuqur joylarda ishlayotgan xodim mahkamlangan qutqaruv arqoniga ega boʻlishi, arqonning ikkinchi uchi tashqariga chiqarilgan va kuzatuvchi nazorati ostida boʻlishi kerak.
352. Taʼmirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar ish joyidan olib ketilishi, toʻsiqlar, saqlovchi moslamalar oʻz joyiga oʻrnatilishi kerak.
6-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
353. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
354. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(354-bandOʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 49-moddasi.
7-bob. Yakuniy qoida
355. Mazkur Qoidalar “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi U. ROZUQULOV
2015-yil 22-sentabr,
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 22-sentabr,
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 22-sentabr,
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 22-sentabr,
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 22-sentabr,
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2015-yil 22-sentabr,
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2015-yil 22-sentabr,
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KURBANOV
2015-yil 22-sentabr,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 45-son, 579-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)