1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.08.00 Ayrim tarmoqlarda mehnatni muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
Yo‘l qurilishi materiallari ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2674]
1. Mazkur Qoidalar yo‘l qurilishi materiallarini ishlab chiqaruvchi barcha tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Yo‘l qurilishi materiallari qum, chaqirtosh va shag‘al, toshqol chaqirtoshi va qumi, qum-shag‘al aralashmasi, chaqirtosh-shag‘al-qum aralashmasi, asfaltbeton, mineral kukun, sementbeton, sement, qovushqoq bitumlar, suyuq bitumlar, bitum emulsiyalari hisoblanadi.
3. Mazkur Qoidalar talablari yo‘l qurilish inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, ish joylarini texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanish va ta’mirlashda inobatga olinishi lozim.
4. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar orqali amalga oshiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2-bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
6. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
7. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar.
8. “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
11. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
12. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
13. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
14. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
15. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yo‘l qo‘yiladigan chiqarishlarini o‘rnatish qoidalari” bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
16. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
17. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
18. Tashkilotlar o‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim.
19. Lavozim yo‘riqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar o‘ta xavfli kasblar ro‘yxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar o‘ta xavfli ishlar ro‘yxatiga kiritilishi zarur.
20. O‘ta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
21. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
22. O‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
23. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi shart.
25. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
26. Xodimlar tegishli ishlarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli “Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
27. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.
28. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qo‘llaniladigan vositalar bundan mustasno.
29. Xavfli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
30. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
31. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq zarur ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
33. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
34. Bosim ostida va boshqa o‘ta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi shart.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
35. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, unga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
36. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
37. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
38. Tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi.
39. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
40. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
41. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
42. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari” ga muvofiq bo‘lishi kerak.
43. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish. Loyihalashtirish me’yorlari” ga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlashi;
yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
44. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsionerlash” talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
45. Tashkilotning hududi chegara bo‘ylab to‘silgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
46. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining ko‘rinarli qismiga osib qo‘yilishi zarur.
47. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Maydonlardagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
48. Yozgi mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan bo‘lishi kerak.
49. Qishki mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
50. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo‘lib, yon tomonlari devorcha va to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
51. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
11-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
52. Tashkilotdagi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
53. Binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
54. Muntazam ishlashga mo‘ljallangan xonalarning pollariga yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi, mazkur pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi zarur.
55. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
56. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo‘lishi kerak.
57. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq bo‘lishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq bo‘lishi zarur.
58. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
59. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
60. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ishlar halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
61. Tashkilotning binolari va inshootlari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
62. Kirish va chiqish yo‘llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
63. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
64. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatish.
65. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
66. Shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
67. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
68. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari o‘tish yo‘laklarining kengligiga qo‘yilgan talablarni buzmasligi zarur.
69. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21 oC, o‘rtacha og‘ir ishda 17 oC va og‘ir ishda 16 oC dan past bo‘lmasligi kerak.
70. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati 22 oC dan kam bo‘lmasligi kerak.
71. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalargacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
14-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(14-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
72. Suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(72-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
73. Ichimlik suvi O`zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq bo‘lishi, uning harorati 8 oC dan 20 oC gacha bo‘lishi kerak.
74. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
15-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
75. Tashkilot hududi va xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
76. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi zarur. Yorug‘lik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
77. Yorug‘lik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak.
78. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
79. Tashkilot hududi va xonalarida yoritish vositalarining ko‘zni qamashtirishidan saqlash choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
80. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi bo‘lgan gaz va chang konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli mavjud bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
81. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlarning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
82. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi zarur.
83. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi kerak.
84. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
85. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qo‘yiladigan talablar
86. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
87. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qo‘l yuvgichlar, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
88. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
89. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorong‘i paytida yoritilgan bo‘lishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
90. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
91. Yo‘l qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitning oqova suvlarni chiqarib yuborish, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
(91-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
92. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar bo‘shatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
93. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan, qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(93-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. Ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
94. Ish jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Xavfsizlikning umumiy talablari” ga muvofiq tashkil etilishi kerak.
95. Ishlab chiqarish xonalaridagi ish jarayonlarining xavfsizligi quyidagi talablarni amalga oshirish orqali ta’minlanishi lozim:
ishlab chiqarish uskunalariga xizmat ko‘rsatish tartibidagi ish turlari va usullarini qo‘llash;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tarqalishini cheklovchi vositalarni qo‘llash;
ish jarayonlari natijasida atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishi va zararli omillarning tegishli me’yorlaridan ortiq darajada tarqalishining oldini olish.
96. Ish jarayonlarini amalga oshiruvchi uskunalar ketma-ketligi blokirovka (avtomatik to‘xtatib qo‘yish) tizimi bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
97. Uskuna va avtomatlashtirilgan tarmoqlarda ularning ishga tushirilganligini bildiruvchi ovozli va yorug‘lik signallari bo‘lishi kerak. Signal elementlari (elektr qo‘ng‘iroq, o‘chib-yonuvchi chiroq) mexanik buzilishlardan himoyalangan va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar eshitadigan darajada bo‘lishi lozim.
98. Avtomatlashtirilgan liniyalar ogohlantiruvchi yorug‘lik signali berish moslamasiga ega bo‘lishi kerak. Avtomatlashtirilgan liniya to‘xtatilgandan so‘ng, uni ovozli va yorug‘lik signali bermasdan ishga tushirish taqiqlanadi.
99. Ish jarayonlarini amalga oshiruvchi uskunalar ular ishga yaroqli, nazorat-o‘lchash asboblari va blokirovka (avtomatik to‘xtatib qo‘yish) tizimi soz holatda bo‘lganida ishga tushirilishi lozim.
100. Blokirovka (avtomatik to‘xtatib qo‘yish) tizimi elektr tizimiga ulangandan keyin ishga tushiriluvchi uskunalarda blokirovka (avtomatik to‘xtatib qo‘yish) moslamasi mazkur uskunalar elektr tizimiga ulangandan keyin darhol ishga tushirilishi kerak.
101. Barcha tarmoqlarda ish jarayonlari xavfsiz bajarilishi lozim.
102. Tashkilotlarda ish jarayonlarini amalga oshiruvchi barcha uskunalarning texnik hujjatlari (pasporti, chizmasi va ishlatishga doir qo‘llanmasi) bo‘lishi kerak.
103. Ish uskunalariga tashkilot rahbari tomonidan mazkur ishni bajarish topshirilgan xodim tomonidan xizmat ko‘rsatilishi lozim. Begona shaxslarning ishlab chiqarish joylarida bo‘lishlariga yo‘l qo‘yilmasligi zarur.
104. Ishlab chiqarish joylaridagi yo‘laklarga xom ashyo, tayyor mahsulot va chiqindilarni joylashtirish (qoldirish) taqiqlanadi.
105. Barcha ishlab chiqarish joylarida mexanizmlarni tozalash va ish joylarini tartibga keltirish uchun zarur jihozlar bo‘lishi lozim. Uskuna ishlab turganda, uni artish, sozlash, ta’mirlash va chiqindilarni olib tashlash taqiqlanadi.
106. Uskunalarga elektr energiyasi, suv, bug‘ va moy kelmay qolganda, ular keladigan manbalar berkitilishi va ish jarayoni to‘xtatilishi kerak.
107. Shamollatish tizimi nosoz holga kelganda, ish jarayoni to‘xtatilib, avariya-shamollatish tizimi ishga tushirilishi lozim.
108. Agregat mexanizmlarining normal ishidagi har qanday buzilishlar undagi barcha mexanizmlarning avtomatik tarzda to‘xtatilishi bilan yakunlanishi lozim.
109. Ishlab turgan uskunalar joylashgan joylar zarur to‘siqlar, himoya va saqlovchi moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Ish joylari va ishlab chiqarish binolariga begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar
110. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yong‘in va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablar” va GOST 12.1.010-76 “Portlash xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq ta’minlanishi lozim.
111. Sinovdan o‘tkazilmagan, yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlanadi.
112. Shamollatish va tutun tortish tizimlari yong‘in avtomatikasi tizimlari bilan bog‘langan bo‘lishi lozim.
113. Ishlab chiqarish binolari va xonalari birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
114. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan SHNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarning portlash, yong‘in va yong‘in xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
115. Suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
116. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
117. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
118. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan bo‘limlarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi.
119. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘riqnomalar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
120. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatishda va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilinishi kerak.
121. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tayinlangan bo‘lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
122. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalariga xizmat ko‘rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalariga xizmat ko‘rsatishi uchun esa, IV malaka guruhiga ega bo‘lishi talab etiladi. Mas’ul xodim davriy ravishda va o‘rnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi bo‘yicha komissiyada sinovdan o‘tishi shart.
123. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilmalari va tarmoqlarida rejali ta’mirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini;
elektr energiyasi sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishini ta’minlashi kerak.
124. Elektr toki o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek, turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
125. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi shart.
126. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
127. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
128. Kabellar va elektr simlarining izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarining ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va o‘lchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
129. Elektr apparatlari va agregatlarining nol simiga ulash va yerga ulash simlari butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
130. Quyidagi elektr qurilmalari nol simiga ulash yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past o‘zgarmas tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
131. Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nol simiga ulash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga o‘rnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi chulg‘amalari bundan mustasno.
132. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
133. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning g‘iloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim.
134. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘r bilan o‘ralgan va to‘r yerga ulangan bo‘lishi lozim.
135. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Yuklarni ortish va tushirish hamda tashish ishlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
136. Yuklarni ortish va tushirish hamda tashish ishlari Yuk ortish va tushirish ishlaridagi xavfsizlik qoidalariga (ro‘yxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
137. Yuklarni ortish va tushirish maydonchalari toza va tartibli saqlanishi, to‘sib qo‘yilmasligi va narsalar bilan tirband qilinmasligi kerak.
138. Yuklarni ortish va tushirish maydonchalarida ko‘tarma transport vositalarining harakatlanishi korxona ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan jadval bo‘yicha tashkil qilinishi lozim. Maydonchaning tegishli joylarida “Kirish yo‘li”, “Chiqish yo‘li” va “Qayrilib olish” belgilari hamda transport vositalarining harakatlanish tezligini chegaralovchi belgilar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
139. Qishki mavsumda yuk ortish va tushirish maydonchalari qor va muzlardan muntazam tozalanishi, odamlar ko‘p qatnaydigan joylarga esa qum sepilishi zarur.
140. Maydonchada relsli yo‘llarning avtomobil yo‘llari bilan kesishish soni kam bo‘lishi kerak. Kesib o‘tish joylaridagi yo‘lning kengligi kamida 4,5 m bo‘lishi lozim.
141. Maydonchalarda tarali yuklarni ortish va tushirish ishlarida avtomobil platformasi balandligiga teng estakadalar o‘rnatish tavsiya etiladi.
142. Uzun o‘lchamli yuklarni (quvurlar, yog‘ochlar, to‘sinlar va boshqa) tashishda qisqich ko‘rinishdagi maxsus qisish moslamalarni qo‘llash tavsiya etiladi. Bunda lom va belkurak dastaklarini qo‘llash taqiqlanadi.
143. Uzun o‘lchamli yuklar yelkada tashilganda, ishchilar yukni yelkalariga bir xil (o‘ng yoki chap) qo‘yishlari va bir xil qadam tashlashlari kerak. Yukni ko‘tarish va tushirish ish rahbarining ko‘rsatmasi bilan amalga oshiriladi.
144. Ish boshlanishidan oldin ish rahbari qo‘llanilayotgan moslamalarning (taxta zina, ko‘prikchalar, xodachalar, richaglar, tayanchlar va boshqa) sozligini tekshirishi lozim.
145. Yuklarni ortish va tushirish ishlari katta hajmdagi yuklarda mexanizatsiyalashgan usullar bilan (kranlar, yuklovchilar va boshqa), uncha katta bo‘lmagan hajmdagi yuklarda kichik mexanizatsiya vositalari bilan (blok, tal, yuk ko‘tarish mexanizmi va boshqa) amalga oshirilishi lozim. Vazni 50 kg dan og‘ir yuklarni 3 m dan yuqoriga ko‘tarishda yuk ortish va tushirish ishlari mexanizatsiyalashgan usulda bajarilishi zarur.
146. Yuk ko‘tarish mexanizmi bilan yuklarni ko‘chirishga yukning og‘irligi, yuk ko‘tarish mexanizmining yuk ko‘tarish qobiliyatidan oshmagandagina ruxsat berilishi mumkin. Strelali kranlarda strelaning qulochi, tayanchlar va posangi hisobga olinishi kerak.
147. Yuk ko‘tarish mexanizmlarini ishlatishda uning pasportida va ishlatish yo‘riqnomasida bayon qilingan talablar buzilmasligi kerak.
148. Yuklarni ortish va tushirish ishlarida qo‘llaniladigan yuk ko‘tarish mexanizmlari, changak va arqonlar ishga yaroqli, texnik shahodatlashdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Ishlab turgan yuk ko‘tarish mexanizmlarida aniq belgilangan ro‘yxat (inventar) raqami, yuk ko‘tarish imkoniyati va keyingi texnik shahodatlanish sanasi yozilgan bo‘lishi kerak.
149. Yuklarni ortish va tushirish maydonchasida transport vositalarning harakatlanish xavfsizligi ta’minlangan bo‘lishi lozim.
150. Og‘ir va qo‘pol yuklarni ortish va tushirish hamda tashish ishlari ma’muriy-texnik xodimlar ichidan maxsus tayinlangan xodimning bevosita rahbarligi ostida amalga oshirilishi zarur.
151. Ish rahbari ish boshlanishidan oldin yuk ko‘tarish mexanizmlari va takelaj moslamalarining holatini tekshirishi lozim. Nosoz mexanizmlar va takelaj moslamalari bilan ishlash taqiqlanadi.
152. Balandligi 1,5 m dan yuqori bo‘lgan shtabellarda ishlaganda, bir shtabeldan ikkinchisiga o‘tish uchun ko‘chma maydonchalar va qo‘shoyoqli narvonlarni qo‘llash zarur.
153. Avtomobillarda, traktor tirkamalarda, vagonlarda va boshqa transport vositalarda tashiladigan yuklarning siljishi, ag‘darilishi va tushib ketishining oldini olish uchun yuklar ishonchli mahkamlangan bo‘lishi kerak.
154. Agar tashilayotgan yuklarni yuklovchi kuzatishi zarur bo‘lsa, u holda uning xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Kuzatuvchining kuzovda, zinada turishi va bortda o‘tirishi taqiqlanadi.
155. Kuzovga joylashtirilgan yukning yuqori chegarasi ko‘prik osti chegarasi va tonnellardan o‘tish joylari balandligidan oshmasligi kerak. O‘ralmaydigan yuklarni avtomobilga yuklashda u kuzov bortidan oshib ketmasligi va kuzovning barcha maydoni bo‘yicha bir tekisda joylashtirilishi kerak. Kuzov bortidan chiqib ketadigan donali yuklarni kanat yoki arqonlar bilan mustahkam bog‘lash zarur. Bunda metall arqon va simlardan foydalanish taqiqlanadi.
156. Qutili, bochkali va boshqa donali yuklar zich, oraliqlarsiz joylashtirilishi, mahkamlanishi yoki harakatlanganda (keskin tormoz berilganda, joyidan ko‘zg‘alganda va keskin burilishlarda) yuk kuzov poli bo‘yicha siljimaydigan qilib bog‘lanishi kerak. Yuklar orasida bo‘sh joy mavjud bo‘lsa, ular orasiga mustahkam yog‘och qistirmalari yoki tirgaklar tiqib qo‘yish lozim.
157. Chang chiqaradigan yuklarni chodir va zichlagichlar bilan jihozlangan transport vositalarida tashishga ruxsat beriladi. Yog‘och kuzovlarda issiq yuklarni tashish taqiqlanadi.
158. Gabariti 2 m va undan uzun yuklar tirkamali avtomobillarda tashiladi. Turli uzunlikdagi yuklarni bir vaqtda tashiganda kalta o‘lchamli yuklarni eng ustiga joylashtirish kerak.
159. Uzun o‘lchamli yuklarni (quvur, rels, xoda va hokazo) tirkamali avtomobillarga yuklaganda, burilish va orqaga qayrilishda yuklar avtomobil kabinasi orqasida o‘rnatilgan shitga tegmasligi uchun, shit bilan yuklarning uchlari orasida bo‘shliq qoldirish zarur. Tormoz berilganda va qiyalikda yurganda, yuklarni siljishining oldini olish uchun yuklar ishonchli mahkamlangan bo‘lishi lozim.
160. Transport vositasining oldi yoki orqa tomonidan 1 m, gabarit chiroqlarining tashqi qirralaridan 0,4 m chiqib turgan yuklar, kunduz kuni transport vositasining oldi yoki orqa tomonidan ogohlantiruvchi bayroqchalar bilan belgilanishi lozim. Sutkaning qorong‘i paytida yoki ko‘rinish masofasi yetarli bo‘lmagan sharoitda yorug‘lik qaytaruvchi moslamalar va old tomonida oq, orqa tomonida qizil rangli chiroqlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
161. Balandligi yo‘l sathidan 4,5 m va undan baland yuklarni tashish vaqtida yukli transport vositasining oldida harakatlanayotgan kuzatuvchi transport vositasiga bitta yoki ikkita ogohlantiruvchi sariq rangli chiroqcha o‘rnatilishi lozim, bu chiroqlar tunda yoki ko‘rinish yetarli bo‘lmagan sharoitlarda yoqiladi. Chiroqchalar tashilayotgan yuk hajmining yuqori chegarasidan 5–10 sm baland qilib o‘rnatilishi va ular asosiy transport vositasi haydovchisiga ko‘rinib turishi kerak.
162. Avtopoyezdning uzunligi 20 m dan ortiq bo‘lsa, transport vositasining orqa tomoniga maxsus taxtacha o‘rnatiladi. Unda avtopoyezdning haqiqiy uzunligini ko‘rsatuvchi yozuv bo‘lishi zarur.
163. Yarim tirkamalarga yuklarni yuklash tirkamalarning old tomonidan (ag‘darilib ketmasligi uchun), yuklarni tushirish esa orqa tomonidan boshlanishi kerak.
164. Yuk ortish va tushirish maydonchalarida yuklarni ortish va tushirish uchun transport vositalari kolonnasida transport vositalarining ketma-ketligi orasidagi masofa kamida 10 m, yuk ortish va tushirish maydonchasidagi transport vositalari orasidagi masofa kamida 1,5 m, ombor devori bilan transport vositalari orasidagi masofa kamida 0,5 m, yuk shtabeli bilan transport vositalari orasidagi masofa kamida 1 m bo‘lishi lozim.
165. Yuklarni estakada, platforma, balandligi kuzov poli yuzasiga teng rampalardan ortish va tushirishda, avtomobil ularga juda yaqin kelishi kerak. Avtomobil kuzovi va platforma estakada, rampa balandligi bilan bir xil bo‘lmagan hollarda traplar, xodacha va shunga o‘xshash jihozlardan foydalanish zarur.
166. Yuk ko‘tarish mexanizmlari yordamida materiallarni transport vositalariga yuklashda xodimlar transport vositasining kuzovida yoki ko‘tarilgan yuk ostida, haydovchi transport vositasining kabinasida bo‘lishi taqiqlanadi. Bunda yuk uzun dastakli changaklar bilan yo‘naltirilishi lozim.
167. Payvandlash bazalarida quvurlar seksiyasini yuklash va ularni trassada tushirish kranlar yoki universal ilgakli quvuryotqizgichlar bilan bajarilishi kerak.
168. Quvurlar seksiyasini transport vositasiga yuklashdan oldin, tirkamaning g‘ildiraklari ostiga uning yurib ketishiga qarshi tayanch (boshmoqlar) qo‘yilishi zarur.
169. Quvurlar seksiyasini ikki bosqichda yuklashda dastlab seksiyaning oldingi uchini transport vositasining egariga, orqa uchini esa tirkama egariga joylashtirish lozim.
170. Avtopoyezdlarni ulash haydovchi, ulovchi xodim va ularning ishini muvofiqlashtiruvchi shaxs bilan bajariladi.
171. Quvur va quvurlar seksiyasini avtopoyezdlarda tashishdan oldin quyidagilarni bajarish zarur:
quvur va quvurlar seksiyasini ishonchli mahkamlab joylash, ularning old va orqa uchlarini avtomobil yoki shatak egariga mahkamlab bog‘lash;
kabinaning orqa devoridan 0,5 m masofada qalinligi 8 — 10 mm po‘lat shit o‘rnatish;
avtopoyezdning tirkamasi va shataklagichini po‘lat arqon bilan ishonchli ulash;
quvurlar va seksiyalarni orqa tomondan qizil bayroqchalar, sutkaning qorong‘i paytida va ko‘rinishi 20 m dan kam bo‘lgan kunduzgi paytlarda qizil chiroqlar bilan belgilash.
172. Quvurlar seksiyasini avtopoyezddan traktor yoki boshqa transport vositalari bilan sudrab tushirish taqiqlanadi.
5-§. Muayyan texnologik jarayonga taalluqli ish joylariga qo‘yiladigan mehnat xavfsizligi talablari
173. Tosh materiallari qum GOST 8736-93 “Qurilish ishlari uchun qum. Texnikaviy shartlar”, chaqirtosh va shag‘al GOST 8267-93 “Qurilish ishlari uchun qattiq tog‘ jinsli chaqirtosh va shag‘al. Texnikaviy shartlar”, qum-shag‘al aralashmasi GOST 23735-79 “Qurilish ishlari uchun qum-shag‘al aralashmasi. Texnikaviy shartlar”, chaqirtosh-shag‘al-qum aralashmasi GOST 25607-2009 “Avtomobil yo‘llari va aerodrom asos va qoplamalarini qurish uchun chaqirtosh-shag‘al-qum aralashmalari. Texnikaviy shartlar” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
174. Tosh maydalash qurilmalariga xizmat ko‘rsatishda xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagilarni bajarish lozim:
ishga ogohlantiruvchi signali bo‘lgan qurilmani qo‘yish;
qurilmaning uzatmalari va boshqa xavfli joylarida to‘siqlar o‘rnatish;
odamlar o‘tadigan joylarda transportyor yoki elevatorlar orqali tosh tushishidan himoyalovchi to‘siqlar o‘rnatish;
maydalash kamerasiga tosh solish jarayonini mexanizatsiyalashtirish;
tosh maydalash qurilmasining material solinadigan tuynugini to‘sish va ishni boshlashdan oldin qurilmani material bilan to‘g‘ri, ya’ni to‘liq oborotlar soniga erishilgandan so‘ng to‘ldirish.
175. Tosh maydalash bazalari va qurilmalarida barcha tosh materiallariga ishlov berish (maydalash, saralash, tuyish) jarayonlari tog‘ jinslarini karyerlarda qazib olish va ularni maydalash-saralash qurilmalariga keltirish bilan bog‘langan bitta texnologik sxemaga birlashtirilishi lozim.
176. Ishlarning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha jarayonlarni to‘liq mexanizatsiyalashtirish, tosh maydalash qurilmasi va avtoblokirovkali texnologik jarayonlarni uzoqdan turib avtomatik tarzda boshqarishni tashkil etish lozim.
177. Uzoqdan turib boshqarish va avtoblokirovka quyidagilarni ko‘zda tutishi lozim:
mexanizmlarning ishga tushganligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi signalizatsiya;
texnologik potok mexanizmlarini chaqir toshni tushirishdan to‘xtatish;
bitta mexanizm avariya tufayli to‘xtab qolganda, zanjirning ushbu mexanizmga material yetkazib berayotgan qismini to‘xtatishni ta’minlaydigan dvigatellar blokirovkasi;
biror mexanizmda avariya sodir bo‘lganda, uni darhol to‘xtatish imkoniyati.
178. Material solinadigan tuynukka xizmat ko‘rsatish yoki ta’mirlash ishlarini bajarish uchun kamida 1 m balandlikdagi panjara bilan to‘silgan va kengligi kamida 0,85 m bo‘lgan tutqichli narvon bilan jihozlangan maydoncha bo‘lishi kerak.
179. Asfaltbeton, sementbeton aralashtirgichlar va uskunalar (transportyorlar, elevatorlar)ning chang hosil bo‘ladigan (material tushadigan) joylari chang so‘ruvchi tizimga (aspiratsiyaga) ulangan kojuxlar bilan berkitilgan bo‘lishi kerak.
180. Aralashtirgichlarning barcha xavfli joylari kojuxlar yoki metall baryerlar bilan to‘silgan bo‘lishi kerak. Aralashtirgichlardan foydalanish chog‘ida xavfsizlikka e’tibor qaratilishi lozim.
181. Forsunkalarning orqa tomonida to‘siq ekran o‘rnatilgan, forsunka maydonchasi va yon devori po‘lat taxta bilan qoplangan, bitum tarozixonasi zich yopiladigan qopqoqli, majburiy harakatlanuvchi aralashtirgichning usti saqlovchi panjara bilan yopilgan, uning uzatmasi esa kojux bilan to‘silgan bo‘lishi lozim.
182. Havo yoki bug‘, bitum va neft o‘tkazgichlar mustahkam o‘rnatilishi hamda aralashtirgich chegarasida va odamlar turadigan joylarda termoizolyatsiyalangan bo‘lishi kerak.
183. Sementbeton qorishmasini tayyorlashda dozalash-saralash sexlaridan xavfsiz foydalanish uchun ular mustahkam konstruksiya, to‘siqlar bilan ta’minlanishi, rejali-profilaktika tizimi bo‘yicha tashkil etiladigan, mashina va mexanizmlarning soz holatda saqlanishini ta’minlaydigan majburiy tadbirlar majmuasini o‘z ichiga olgan xizmat butun tashkilotga o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rsatilishi lozim.
184. Dozalash-saralash sexlari mashinalarini ishga tushirishdan oldin ularda begona narsalarning yo‘qligi, materialni ortish va tushirish punktlarining hamda ortish-tushirish qurilmalarining holati, ularning materiallarni qabul qilish va chiqarish uchun tayyorligi ko‘zdan kechirilishi va tekshirilishi lozim.
185. Barabanni material qoldiqlaridan tozalash ishlari baraban to‘xtagandan keyin, mashina ishga tushib ketmasligiga ishonch hosil qilingandan so‘ng amalga oshirilishi kerak. Boshqaruv pultiga “Qo‘shilmasin, odamlar ishlayapti!” degan so‘zlar yozilgan plakatlar osib qo‘yilishi lozim.
186. Temir-beton konstruksiyalari (detallari) ishlab chiqariladigan sexlarda baxtsiz hodisalar betonqorgichlarga xizmat ko‘rsatish, beton qorishmasini zichlash, beton buyumlarga bug‘ bilan ishlov berish, armaturani tayyorlash va montaj qilish ishlarini bajarish chog‘ida sodir bo‘lishini inobatga olgan holda, temir-beton mahsulotlari sexlarini tashkil etish va ulardan foydalanishda quyidagi texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinishi lozim:
ish joylari zarur himoya va saqlash moslamalari bilan jihozlangan va yaxshi yoritilgan bo‘lishi;
elektr vibrator bilan ishlaganda, shlangni armatura bo‘ylab sudrash, shuningdek vibratorni shlangdan ushlab tortish va ko‘tarish taqiqlanishi;
chuqurlikda ishlaydigan vibrator bilan ishlaganda, uning barcha ishchi yuzasi beton ichida bo‘lishini kuzatib turishi;
yotqizilayotgan betondan vibrator faqat ishlayotgan holatda sug‘urib olinishi;
ishchilarning bug‘ bilan ishlov berish kamerasiga 40oC dan yuqori bo‘lmagan haroratda kirishiga ruxsat etilishi;
beton buyumlarga bug‘ bilan ishlov berish uchun tasodifiy idishlar (bochkalar, sisternalar) dan foydalanish taqiqlanishi;
ishlarni qish vaqtida elektr yordamida qizdirish usulini qo‘llagan holda bajarish chog‘ida, ishchilar elektr toki urishi xavfi to‘g‘risida ogohlantirilgan va ularga yo‘riqnoma berilgan bo‘lishi kerak;
qizdiriladigan joylar atrofida ogohlantiruvchi yozuvlar osilgan bo‘lishi kerak;
elektr kuchlanishi orqali beton haroratini o‘lchaydigan shaxslar rezina kalish (yoki etik) va rezina qo‘lqopda bo‘lishlari kerak. Kuchlanish 110 V dan yuqori bo‘lganda, haroratni elektr kuchlanishi ostida o‘lchash taqiqlanadi;
betonni elektr yordamida qizdirish bo‘yicha barcha ishlar elektr mexanigi yoki katta elektr montyor rahbarligi ostida bajarilishi lozim;
betonni elektr yordamida qizdirish chog‘ida elektr toki bilan bog‘liq ishlarni olib borishga doir barcha qoidalarga rioya qilinishi lozim.
187. Xavfsizlikni oshirish va zararli mehnat sharoitlarida ishlaydigan ishchilar sonini kamaytirish uchun asfaltbeton va sementbeton sexlari hamda qurilmalarida boshqarishni avtomatlashtirish va uzoqdan turib boshqarishni joriy etish orqali ish joylarini changlanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlardan uzoqroqqa ko‘chirish lozim.
188. Montaj yoki demontaj ishlarini bajarish jarayonida baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun konstruksiya bilan bog‘liq barcha jihatlar loyiha va rejada ko‘zda tutilgan tartibda qat’i bajarilishi lozim.
189. Montaj va demontaj ishlari faqat tajribali mexanik rahbarligi ostida bajarilishi lozim.
190. Montaj ishlari boshlangunga qadar maydoncha begona narsalardan tozalangan va tekislangan bo‘lishi kerak. Montaj ishlari bajariladigan, hatto tasodifan ishchilar bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha xavfli joylar to‘silgan bo‘lishi lozim. Zarur hollarda montaj yoki demontaj ishlarida xavfsizlikni ta’minlaydigan mustahkam materiallardan tagliklar o‘rnatilishi kerak.
191. Montaj ishlari chog‘ida barcha elektr simlari metall quvurlar orqali o‘tkazilganligiga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
192. Texnik qarov yoki joriy ta’mirlash chog‘ida ishchilar ishlashi mumkin bo‘lgan barcha maydonchalar va ularga olib boruvchi zinalar balandligi 1 m bo‘lgan panjaralar bilan to‘silishi lozim.
193. Organik bog‘lovchi materiallar tayyorlanadigan baza va sexlarga xizmat ko‘rsatish chog‘ida xavfsizlikni ta’minlash uchun asfaltbeton uskunalarni avtomatlashtirish, uzoqdan turib boshqarish hamda bitumni elektr yordamida qizdirish joriy etilishi lozim.
194. Bitum va emulsiya bazalarida bitumni eritish va emulsiya qurilmalarining qulay joylashishi, ularni montaj qilish va ta’mirlash xavfsizligi ta’minlanishi lozim. Bitum va e’mulsiyalar, qovushqoq bitumlar GOST 22245-90 “Yo‘lbop qovushqoq neft bitumlari. Texnikaviy shartlar”, suyuq bitumlar GOST 11955-82 “Yo‘lbop suyuq neft bitumlari. Texnikaviy shartlar”, bitum emulsiyalar GOST 18659-2005 “Yo‘lbop bitum emulsiyalari. Texnikaviy shartlar” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
195. Bitum eritish qozonlarini o‘rnatayotganda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
g‘isht terib o‘ralgan bitum eritish qozonlari ustki maydonining tashqi tomonida balandligi kamida 1 m bo‘lgan to‘siq o‘rnatilishi kerak;
kengligi kamida 0,75 m bo‘lgan panjarali narvon, shuningdek bitum eritish qurilmasi devorlaridan bitumning oqib tushishi, oldini olish uchun balandligi kamida 0,2 m bo‘lgan g‘ishtin bort ko‘zda tutilishi kerak;
g‘isht terib, birgalikda o‘ralgan qozonlarning qopqoqlari (lyuklari) o‘rtasida, shuningdek, qopqoqlar va to‘siqlar o‘rtasida kengligi kamida 1 m bo‘lgan o‘tish joylari bo‘lishi lozim;
bitum eritiladigan qozonlarning qopqoqlari (lyuklari) kataklarining o‘lchami 250x250 mm bo‘lgan panjara, shuningdek qopqoqlar bilan berkitilishi kerak;
bitum eritiladigan qozonlar va qurilmalar qizdirilayotgan material sirkulyatsiyasiga imkon beradigan tizim bilan jihozlangan bo‘lishi zarur. Sirkulyatsiya tizimi bo‘lmagan hollarda mexanik aralashtirgich o‘rnatilishi lozim;
uzoqdan turib boshqariladigan bitum eritish qurilmalari avtomatik ravishda ishlaydigan signalizatsiya tizimiga, shuningdek yonish to‘xtab qolganda, yoqilg‘i berilishini uzib qo‘yadigan blokirovkaga ega bo‘lishi kerak;
qozonga material solish oldin qizdirilgan bitumni u saqlanadigan joydan haydash yo‘li bilan amalga oshirilishi lozim;
qozondagi bitum yonganda, qozon og‘zini qopqoq bilan zich yopish va o‘txonani o‘chirish lozim;
bitum va qatronni eritish uchun mo‘ljallangan qozonlarni maxsus ajratilgan maydonchalarda, yangi qurilayotgan binolar, yonadigan qurilmalar va qurilish materiallaridan kamida 20 m uzoqda o‘rnatish lozim;
qozonlarni chordoqda va qoplamalarda (yonmaydigan qoplamalardan tashqari) o‘rnatish taqiqlanadi.
bitum qaynatilayotgan joylar o‘tni o‘chirish uchun mo‘ljallangan 0,5 m3 sig‘imli quruq qum solingan yashiklar, kuraklar va ko‘pikli o‘t o‘chirish vositalari bilan ta’minlanishi lozim;
qozon konstruksiyasida bitum qaynab, o‘txonaga va gaz uskunasiga tushishining oldini oladigan qurilma ko‘zda tutilishi kerak.
196. Bitum nasoslariga xizmat ko‘rsatishda quyidagi shartlarga rioya qilinishi lozim:
nasosni barcha bitum o‘tkazgichlar qizigandan keyingina ishga tushirishda ruxsat etiladi;
magistrallarda bitumning bosimi belgilangan 0,15-0,2 MPa dan oshmasligi kerak;
bitum turli qozonlardan ketma-ket so‘rib olinganda, bir qozondan ikkinchisiga ulangan bitum o‘tkazgichlar kranlarini yopib qo‘yish taqiqlanadi;
kranni yopishdan oldin nasosni to‘xtatish lozim;
nasosda begona tovushlar eshitilganda, avariya va kuyishning oldini olish uchun ishni to‘xtatib, nosozlikni bartaraf etish lozim.
197. Elektr qizdirish qurilmalari bilan jihozlangan bitum eritish qurilmalarida ishlayotganda, quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
barcha tok o‘tkazuvchi qismlar izolyatsiyalangan yoki to‘silgan, to‘siqlar va boshqa tok o‘tkazmaydigan metall qismlar yerga ulangan bo‘lishi kerak;
bitum sathini o‘lchash, uni aralashtirish va shu kabi boshqa ishlar uchun metall jismlarni ishlatish ruxsat etilmaydi;
elektr qurilmani ta’mirlash tokdan uzilgan holda amalga oshirilishi lozim;
elektr qizdirish elementlarining spirallari bitumga to‘liq botishi kerak, qozon elektr qizdirish spirallari ulangan holda qoldirilmasligi lozim.
198. Bitum qabul qilish va saqlashda havo muhitini nazorat qilib turish uchun avtomatik gaz tahlil moslamasini o‘rnatish lozim. Ushbu moslama mavjud bo‘lmasa, vaqti-vaqti bilan havo muhitining laboratoriya tahlili amalga oshirib turilishi zarur.
199. Bitum va boshqa tez alangalanadigan moddalar to‘plangan joylarda hamda issiq bitum to‘ldirilgan sig‘imlar yonida olovli ishlar, payvandlash, metallni qirqish, koks (qattiqlashtirilgan ko‘mir)ni yondirish taqiqlanadi.
200. Bitum quyiladigan va saqlanadigan idishlarni ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin quyidagi ishlarni bajarish lozim:
idishlarni bo‘shatish;
yonilg‘i, bitum va bug‘ o‘tkazuvchi quvurlarni berkitish;
idishlarga neft mahsulotlarini yetkazib beruvchi nasoslarning elektr dvigatellarini tok manbaidan uzib qo‘yib, “Ulamang, odamlar ishlayapti!” degan yozuvli plakatlar osib qo‘yish;
qopqoq va jo‘mraklarga “Ochmang, odamlar ishlayapti!” degan yozuvli plakatlar osib qo‘yish;
idishlarni shamollatib, ular ichidagi havodan namuna olib, ularda portlashdan xavfli bug‘lar konsentratsiyasi bor-yo‘qligini aniqlash.
201. Idishlar va quvur o‘tkazgichlarni neft mahsulotlari va reagentlardan bo‘shatish sxemasi, bug‘lash sxemasi, shamollatish usullari va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi tadbirlar ishlab chiqilishi kerak.
202. Sig‘imlarni tozalash va ichki ko‘rikdan o‘tkazish va ularni o‘rab turgan quvur o‘tkazgichlarni ochish ishlari mas’ul xodim ishtirokida bajarilishi lozim.
203. Eritilgan bitum ustiga yog‘in tushmasligining oldini olish maqsadida bitum qabul qilish joyi usti yopilgan bo‘lishi lozim.
204. Bitum qabul qilish va saqlash sig‘imlari bitumni bug‘ yordamida isitish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu tizimda kondensatni doimiy chiqarib turuvchi moslama bo‘lishi zarur. Tizimning barcha ulanmalari mahkamlangan bo‘lib, ulardan bug‘ va kondensat chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
205. Bitum qabul qilish sig‘imlari konteyner va sisternadan suyuq bitumni qabul qilish uchun lyukli yaxlit metall qopqoqlar bilan yopilgan bo‘lishi zarur. Lyuklar o‘lchami 150 x 150 mm katakchalardan iborat bo‘lgan metall to‘rlar bilan yopilgan bo‘lishi lozim.
206. Bitum qabul qilish va saqlash sig‘imlari bitum sathi ruxsat etilgan maksimal belgiga yetganda, xabar beruvchi signalizatsiyalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
207. Bitum ortilgan konteynerlar (bunkerli yarim vagonlar)ni ag‘darish, shuningdek bo‘sh konteynerlarni tashish holatiga keltirish ishlari mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim.
208. Bitum qabul qilish joyida ishlovchi xodimlar sisternalarni va konteynerlarni bo‘shatish vaqtida bug‘ g‘iloflariga bug‘ berish uchun ko‘chma shlanglar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Ko‘chma shlanglar issiqdan izolyatsiyalangan bo‘lishi lozim.
209. Bitum qabul qilish va bitum saqlash sig‘imlarini ichki ko‘rikdan o‘tkazish, tozalash, ta’mirlash havo harorati 40 oC dan oshmagan taqdirda, naryad-ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi lozim.
210. Bitum qabul qilish va saqlash sig‘imlarini ishlatishda quyidagilar taqiqlanadi:
bitum qabul qilish sig‘imlarining qopqoqlarida turish (yurish);
bitum to‘kilayotganda qabul qilish sig‘imlarining lyuklari yaqinida va konteynerlarni siltash joylarida bo‘lish;
konteynerlarni richag yordamida qo‘l bilan siltash;
bitum qabul qilish sig‘imlarining lyuklari yaqinida sisternalarni qizdirish paytida kondensatni to‘kish;
bitum va boshqa tez alangalanadigan moddalar to‘plangan joylarda hamda issiq bitum to‘ldirilgan sig‘imlar yonida olovli ishlar, payvandlash, metallni qirqish, koks (qattiqlashtirilgan ko‘mir)ni yondirish.
211. Tashkilotda idishlar va quvur o‘tkazgichlarni neft mahsulotlari va reagentlardan bo‘shatish sxemasi, bug‘lash sxemasi, shamollatish usullari va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi tadbirlar ishlab chiqilishi kerak.
212. Idishlarni tozalash va ichki ko‘rikdan o‘tkazish va ularni o‘rab turgan quvur o‘tkazgichlarni ochish ishlari mas’ul xodim ishtirokida bajarilishi lozim.
213. Kompressorning qismlari silindridagi chiqaruvchi va so‘ruvchi klapanlarni almashtirish sababli qisqa vaqtga to‘xtatilganda quyidagilarni bajarish zarur:
qabul qiluvchi va chiqaruvchi zulfinlarni mahkam berkitib, ularga qulf solib qo‘yish;
kompressordagi mahsulotni to‘liq chiqarib yuborilganligiga ishonch hosil qilish;
silindrlarni bug‘ yoki inert gazi bilan puflash;
kompressorni o‘rab turgan barcha yopiq berkitish armaturalariga va elektrga ulanadigan joyiga “Ulamang, odamlar ishlayapti!” degan yozuvni osib qo‘yish;
mazkur ishlarni bajaruvchilarga tegishli yo‘l-yo‘riq berish;
ishlarni protivogaz kiyib bajarish;
faqat uchqundan xavfsiz asbob-uskunalarni ishlatish;
ishlarni uch nafar xodimdan iborat brigada (ulardan biri muhandis) gazdan qutqarish xizmatining ishtirokida bajarish.
214. Bug‘ qabul qilishda quvur jo‘mraklarini kondensat tushishi uchun to‘liq ochish zarur. Bug‘ quvurining nasos va uskunaga o‘tadigan hamma yo‘nalishidagi qopqoqlari yopilishi kerak.
215. Qurilma bug‘, elektr energiya va havo bilan ta’minlangandan so‘ng, idish va quvur o‘tkazgichda o‘tkazuvchanlik va zichlikka qarshi sinash ishlari olib borilishi kerak. Idishlar va quvur o‘tkazgichlardagi bosim ruxsat etilgan me’yordan oshmasligi zarur.
216. Avariyalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilarga rioya qilish lozim:
quvursimon pechlardan chiqayotgan bitumning harorati belgilangan me’yordan ortib ketmasligiga;
idishlar, reaktorlar va bug‘latgich-kolonnalardagi bitum haroratini oshirmaslik va keskin o‘zgartirmasligiga;
oksidlash uchun berilayotgan havo bosimining nobarqarorlashuvi yoki ko‘tarilib ketmasligiga;
oksidlash apparatlari va idishlarga haddan ziyod mahsulot to‘ldirilmasligiga.
217. Texnologik uskunalarda nosozliklar va avariyalar sodir bo‘lmasligi uchun quyidagilarni ta’minlash lozim:
suv, elektr energiya va havoning to‘xtovsiz kelishi;
nasoslarni to‘xtatmasdan yaxshi ishlashi.
6-§. Tashkilotlarda ayrim texnologik operatsiyalarda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yuzaga kelganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ma’lum qilish usullari
218. Uskuna va avtomatlashtirilgan liniyalar ishga tushirilganligi to‘g‘risida ishlovchilarni ogohlantiruvchi signalizatsiya tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Signal elementlari (qo‘ng‘iroqlar, sirenalar, chiroqlar) mexanik shikastlanishdan himoyalangan bo‘lishi, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish hududida eshitish va ko‘rish ishonchli ta’minlangan holatda joylashtirilishi lozim.
219. Agar signal qurilmalari bo‘lmasa yoki ular nosoz holatda bo‘lsa, uskunani ishlatish taqiqlanadi.
220. Sexlarda va ish joylarida signallarga doir jadvallar va uskunani ishga tushirish va to‘xtatish to‘g‘risidagi yo‘riqnomalar osilgan bo‘lishi lozim.
221. Har bir ishlab chiqarish korxonasi, odatda, shahar va ichki telefon aloqasiga ega bo‘lishi kerak.
7-§. Tashkilotlarda zararli omillar ta’sirining sanitariya normalari va qoidalarida belgilangan miqdorgacha kamaytirilishini ta’minlovchi usul va tadbirlar
222. Asfaltbeton sexlaridagi ishlab chiqarishning asosiy zararli omillari chang, ishlab chiqarish zaharlari, shovqin, vibratsiya hisoblanadi.
223. Chang ko‘p hosil bo‘ladigan hududlarda ishlash (masalan, sementni tushirish) chog‘ida changni o‘tkazmaydigan qattiq matodan tayyorlangan maxsus kiyim, nafas olish organlari uchun individual himoya vositalari qo‘llanilishi lozim.
224. Yo‘l qurilishi materiallarini ishlab chiqarishda bajarilayotgan ish xususiyatiga qarab quyidagi himoya vositalaridan foydalanish lozim: himoya ko‘zoynaklari va shitlar, respiratorlar, protivogazlar, chivin niqob, shovqindan himoyalaydigan naushniklar, shuningdek himoya belbog‘lari, dielektr kalishlar, qo‘lqoplar va boshqa himoya moslamalari. Ular shikastlanishning oldini olish va ishlab chiqarishning zararli omillaridan himoyalanish uchun shaxsan ishlovchilar tomonidan ishlatilishi kerak.
225. Shovqinning ishlovchilarga ko‘rsatadigan zararli ta’sirini bartaraf etish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar qabul qilinishi lozim:
shovqin hosil qiladigan uskunani almashtirish yo‘li bilan texnologiyaga o‘zgartirish kiritish yoki shovqinni yutadigan qurilmalar qo‘llash;
statsionar mashina va mexanizmlar ostiga izolyatsion qistirmali poydevorlar qurish;
agregatlar yoki ularning qismlari uchun shovqinni o‘tkazmaydigan kojuxlar qo‘llash;
titraydigan yuzalarni vibratsiyani yutuvchi ichki ishqalanishi yuqori bo‘lgan materiallar (bitum shimdirilgan fitr, ruberoid, maxsus plastmassa yoki mastika) bilan berkitish;
metall detallarni plastmassadan yasalgan detallar bilan almashtirish, xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar uchun shovqin o‘tkazmaydigan kabinalar qurish;
agregatlarning gaz chiqaradigan va havo so‘radigan tuynuklarida shovqinni kamaytiradigan moslamalar o‘rnatish, ko‘tarib turuvchi konstruksiyalarga (to‘sinlar, fermalar) turli shovqin yutqichlar bilan ishlov berish;
kichik hajmdagi xonalarning ichki yuzalarini shovqinni yutadigan materiallar bilan qoplash.
226. Agar ish sharoitiga ko‘ra ish joylarida shovqin darajasini kamaytirish imkoni bo‘lmasa, ishchilarning ish va dam olish rejimini o‘zgartirish, quloqni bezovta qilmaydigan va shovqinni belgilangan me’yorlar darajasigacha kamaytiradigan individual himoya vositalari (naushniklar, shlemlar, tiqinlar, shovqinga qarshi vkladishlar) bilan ta’minlash orqali ishchilarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar tizimi ko‘zda tutilishi lozim.
227. Qo‘l orqali ishchilarning organizmiga o‘tadigan vibratsiyaning chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan darajalari SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va mahalliy vibratsiyaning sanitariya me’yorlari” bilan tartibga solinadi.
228. Agar vibratsiya miqdorini o‘lchash natijalari belgilangan me’yorlardan oshsa, ishchilar turgan joylarda va qo‘lda ishlanadigan vibroasbob ishlash chog‘ida vibratsiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha texnik tadbirlar o‘tkazilishi lozim. Bu tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
bevosita chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan me’yorlargacha vibratsiya hosil qiluvchi agregat yoki mashina bilan bog‘liq ish joyidagi vibratsiyani kamaytiruvchi amortizatsiya qurilmasini o‘rnatish;
mashinalarni uzoqdan turib boshqarish qurilmasini o‘rnatish;
agar vibratsiya texnologik jarayonning zarur elementi bo‘lsa, masalan, beton qorishmasini vibrozichlashda, ishlovchilarni vibratsiya hosil qilinadigan yuzalarda turishini taqiqlash bo‘yicha choralar;
traktorchilar, mashinistlar, haydovchilarning kabinalarida o‘rindiqlarning ostiga turli elastik qistirmalar, yostiqchalar, prujinalar, rezina amortizatorlar o‘rnatish;
qo‘lda ishlanadigan pnevmatik asboblar bilan ishlash chog‘ida profilaktik chora sifatida himoya qo‘lqoplaridan foydalanish;
ishlovchilarni terapevt, nevropatolog, oftalmolog, otolaringolog va xirurg ishtirokida kamida bir yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
8-§. Xodimlarning mehnat sharoiti va qo‘llanilayotgan texnologiyaga bog‘liq ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari ta’siridan muhofaza qilish usullari
229. Sex va bazalar uzoqdan turib va avtomatik boshqarish tizimlari bilan jihozlanishi lozim.
230. Ishlovchilarni vibratsiya, silkinish, shovqindan muhofaza qilish uchun beton qorishmalarini tayyorlashning akustik texnologiyasini qo‘llash lozim.
231. Bitum, emulsiya bazalari va sexlarida ishlash chog‘ida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi lozim.
232. Ishlovchilar mehnatni muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligi va mehnat intizomi qoidalariga rioya qilishlari lozim.
4-bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Muayyan texnologik jarayonda qo‘llaniladigan aniq ishlab chiqarish uskunasiga qo‘yiladigan mehnat xavfsizligi talablari
233. Ishlab chiqarish uskunalari ularning texnik hujjatlari talablariga muvofiq holda saqlanishi lozim.
234. Uskunalarni zarur texnik holatda saqlab turish uchun ularga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejaviy-profilaktik ta’mirlashning bajarilishi va ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi zarur.
235. Texnologik jarayonda qo‘llaniladigan asosiy asbob-uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash tashkilot tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan dasturga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
236. Ishlab chiqarish uskunalari butun xizmat muddati davomida xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.
237. Qurilish materiallari sanoati korxonalari tomonidan chiqariladigan ishlab chiqarish uskunalari O‘zbekiston Respublikasida mehnatni muhofaza qilish talablariga javob berishi lozim.
238. Ishlab chiqarish uskunasi GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunalari. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
239. Ishlab chiqarish uskunasining xavfsizligi quyidagilar yordamida ta’minlanishi lozim:
ishlash prinsiplari, konstruktiv sxemalar, xavfsiz konstruksiya elementlarini tanlash;
konstruksiyalarda mexanizatsiya, avtomatizatsiya va uzoqdan turib boshqarish vositalarini qo‘llash;
konstruksiyalarda himoya vositalarini qo‘llash;
ergonomik talablarni bajarish;
montaj qilish, foydalanish, ta’mirlash, tashish va saqlashga doir texnik hujjatlarga xavfsizlik talablarini kiritish.
240. Zararli moddalar chiqaradigan ishlab chiqarish uskunasidan foydalanganda bu moddalarning ish hududi havosidagi miqdori GOST 12.1.005-88 “Ish joyining havosiga qo‘yiladigan umumiy sanitar-gigiyenik talablar. Xavfsizlikning umumiy talablari” da belgilangan chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan konsentratsiyalar miqdoridan oshmasligi kerak.
2-§. Tosh maydalash drobilkalari bilan ishlashda mehnat xavfsizligi talablari
241. Tosh maydalash drobilkalarining boshqarish pultlari kuzatish va masofadan boshqarish xonalarida joylashishi lozim.
242. Tosh maydalash drobilkalarning toshni qabul qilish tuynuk va bunkerlariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun erkin harakat qilishga maydonlar bo‘lishi lozim.
243. Tosh maydalash drobilkalarida toshni qabul qilish tuynuklari material bo‘laklarining otilib ketishidan saqlash uchun temir to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
244. Tosh maydalash drobilkasi ishlayotganda quyidagilar taqiqlanadi:
xom ashyo bo‘laklarini kiritish va chiqarib olish;
ta’minlovchi va oqimlardagi uyumlarni yo‘qotish;
drobilka va oqimlarni yopishgan narsalardan tozalash;
ishlayotgan jihozning korpusida bo‘lish;
ta’mirlash va sozlash ishlarini bajarish;
himoya to‘sig‘i va signalizatsiya tizimi yo‘qligida yoki ishlamayotganida ishlash;
valikli drobilkaning ko‘rish tuynigini ochish.
245. Tosh materiallarini quruq maydalaydigan drabilkalar havo tozalovchi aspiratsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
246. Ishlab chiqarish xonasiga chang chiqib ketishining oldini olish maqsadida drobilka oqimini ta’minlovchi quvurlar va bo‘shatish qoplamasi biriktirilgan joyi zichlangan bo‘lishi lozim.
247. Drobilka ishga tushayotganligi va to‘xtayotganligi haqida xodimlarni ogohlantirish uchun tovushli va nurli signallar bo‘lishi lozim.
248. Drobilka xonasida lyuklarning qopqog‘ini ta’mirlash ishlari olib borilganida ochish uchun yuk ko‘tarish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
249. Drobilka ishlayotganida undan xom ashyolarni olish to‘siqlar orqasiga o‘tish yoki uni yechish, yoxud ta’mirlash ishlarini olib borish taqiqlanadi.
250. Drobilkani ishlatish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
blokirovkasi yoki signalizatsiya nosoz bo‘lsa;
to‘siqlar yechilgan yoki mahkamlanmagan bo‘lsa;
korpusda yoriqlar bo‘lsa;
plitani qotiruvchi boltlar bo‘shaganda yoki yo‘q bo‘lganda;
parchalanayotgan material lyuk zichligi orasidan va bolt teshigidan ajralib chiqqanda;
aspiratsiya tizimi nosoz bo‘lsa yoki samarali ishlamayotganda.
251. Konteynerlarning yopiluvchi qurilmalari konteynerning o‘z-o‘zidan ochilib ketmasligini ta’minlashi lozim.
252. Tebranma-valikli drobilkalar korpusining qopqog‘i ochilganda, drobilka dvigateli avtomatik tarzda to‘xtaydigan va blokirovkalanadigan bo‘lishi kerak.
253. Tebranma-valikli drobilkalardagi xavo o‘tkazgichlar issiqdan izolyatsiyalangan bo‘lishi lozim. Tashqi yuzasidagi harorat 45 oC dan oshmasligi lozim.
254. Tosh maydalash drobilkada toshni maydalash quyidagi qoidalarga rioya qilingan holda bajarilishi lozim:
drobilkaga solinayotgan material uning material solinadigan tuynugi o‘lchamlariga mos bo‘lishi;
material solinadigan tuynukka tosh, ilgak va temir kosovlar yordamida solinadi;
material tushadigan tuynukni tozalash ishlari drabilka to‘liq to‘xtagandan keyin amalga oshirilishi;
vibrog‘alvir romida kuchli (rezonansli) tebranishlar paydo bo‘lganda, g‘alvirni qisqa muddatga to‘xtatishi;
drobilkaning normal ishlashi buzilganda, uni zudlik bilan to‘xtatish, nosozlik sababini aniqlash va bartaraf etishi.
255. Material solinadigan tuynukka toshni qo‘l, oyoq yoki kurak bilan itarish taqiqlanadi.
3-§. Asfaltbeton tayyorlash uskunalari bilan ishlashda mehnat xavfsizligi talablari
256. Asfaltbeton qorishmasi GOST 9128-2013 “Avtomobil yo‘llari va aerodromlar uchun asfaltbeton, polimerasfaltbeton qorishmalari, asfaltbeton va polimerasfaltbeton. Texnikaviy shartlar” talabiga muvofiq bo‘lishi kerak.
257. Asfaltbeton tayyorlash uskunasini ishga tushirishdan oldin quyidagilar bajarilishi lozim:
mashinani sinchkovlik bilan tekshirish va uning sozligiga ishonch hosil qilish;
bitum o‘tadigan kommunikatsiyalarni tekshirish va bitum qoldig‘i qotib qolgan quvur va kranlarni qizdirish;
xizmat ko‘rsatuvchi ishchilarning o‘z joyidaligini tekshirish;
ogohlantiruvchi tovush signali berish.
258. Asfaltbeton tayyorlash uskunasini quyidagi ketma-ketlikda ishga tushiriladi:
dvigatel elektr manbaiga ulanadi;
mashinaning soz va nosozligi salt holatida tekshirib ko‘riladi;
boshqaruv pultini qurilmadan uzoqda (kamida 15 m masofada) joylashtirish va qulay sanitariya sharoitlarini ta’minlash;
har smenadan oldin avtomatika sim va tugunlarini, mexanizmlar hamda ayrim mashina va uskunalarning mahalliy ishga tushirish qurilmalari va boshqaruv mexanizmlarining (uzatmalar) sozligini tekshirish, uzoqdan turib boshqarilganda barcha mexanizmlarni (agregatlar va qurilmalar) tayyor mahsulot chiqadigan punktdan materiallarni ortish punkti yo‘nalishida qat’iy ketma-ketlikda ishga tushirish;
elektr pnevmatik uzatma qo‘llanilganda, siqilgan havo bosimini boshqaruv pultida (dozalash bo‘limida) 0,7 MPa va bosimga qarshi magistrallarda 0,35 MPa atrofida ushlab turish;
kuchlanish va yoritish elektr simlarini mexanik shikastlanishdan himoyalash;
smena tugagunga qadar barcha mexanizmlarni keyingi smenaga kelgan ishchiga topshirish, aniqlangan nuqsonlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rsatgan holda smena jurnalida qayd qilish. Jurnal muntazam ravishda sexning texnik rahbari tomonidan tekshirib turilishi lozim.
260. Asfaltbeton sexlarida ish tugagandan keyin kuchlanishni uzish lozim. Uni ko‘zdan kechirish va texnik xizmat ko‘rsatish chog‘ida 36 V, qozon, sisterna, rezervuarlarda va nam joylarda ishlaganda esa, 12 V kuchlanishli ko‘chma elektr chiroqlari ishlatilishi kerak. Kuchlanishni kamaytiruvchi transformatorning o‘zak va kojuxlari hamda past kuchlanishli bitta klemmasi yerga ulangan bo‘lishi kerak.
261. Asfaltbeton ishlab chiqaruvchi qurilmalar chang tutqichlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
262. Asfaltbeton qorishmalarini tayyorlovchi uskunalar quyidagi talablarga rioya qilgan holda ishga tushirilishi lozim:
ishga tushirishdan oldin mashinani ko‘zdan kechirish, mashinalarda keraksiz narsalar yo‘qligini tekshirish, materialni ortish va tushirish punktlari, ularning materiallarni qabul qilish va tarqatishga tayyorligi, ortish-tushirish qurilmalarining holatini tekshirish;
signal berish va 1-2 sekundga elektr dvigatelni ishga tushirish (ogohlantiruvchi ishga tushirish) va 10 — 15 sekund pauzadan so‘ng elektr dvigatelni yuk ostida ishlash uchun qo‘shish;
dvigatellar ishga tushirilgandan keyin shiberlar va material tushiriladigan bunkerlar, voronka va techkalarning qopqoqlarini ochish va material qabul qilish noviga sochilmasdan bir maromda tushishini sozlash lozim.
4-§. Quritish barabanlari bilan ishlashda mehnat xavfsizligi talablari
263. Quritish barabanlari tayanch roliklardagi baraban korpusini o‘qi bo‘ylab siljishining oldini oluvchi qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
264. Quritish barabanining korpusi to‘silgan bo‘lishi kerak. To‘siqlar balandligi kamida 1 m bo‘lgan ajraladigan metall seksiyalardan tuzilishi, sariq rangga bo‘yalishi va quritish barabani o‘qidan radiusi qo‘shimcha 1 m masofada bo‘lishi kerak.
265. Quritish barabanining tayanch va tirgakli roliklari yaxlit bir butun metall to‘siqlar bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak.
266. Olovli ishlar amalga oshiriladigan xona, gaz yo‘llari, siklon (girdob) va quritish barabanining filtrlari issiqdan izolyatsiyalangan bo‘lishi kerak.
267. Quritish barabanining yuk ortish va tushirish kameralari bilan ulangan uzellari hamda flanetsli ulanmalari zichlangan bo‘lishi kerak.
268. Quritish barabanini ishga tushirilishi haqida ogohlantirish uchun u tovushli va nurli signal berish moslamasi (elektr qo‘ng‘iroq va o‘chib-yonuvchi lampalar) bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
269. Ko‘zdan kechirish va ta’mirlashdan oldin quritish barabani bo‘sh bo‘lishi, barabandagi haroratni 40 oC gacha sovutish kerak.
5-§. Qozonxonaga qo‘yiladigan mehnat xavfsizligi talablari
270. Qozonxonaning isitish va shamollatish tizimi QMQ 2.04.13-99 “Qozonxona uskunalari” talablariga muvofiq bo‘lishi zarur.
271. Qozonxona qurilmasi qismlarini ko‘rikdan o‘tkazish, tartibga solish, sozlash paytida foydalaniladigan yechib olinadigan uskunalarini jips o‘rnatish uchun ularga bo‘yoq yoki lak surtish taqiqlanadi.
272. Qozonxona binosidagi birinchi qavat polining balandligi bino atrofidagi hudud balandligidan past bo‘lmasligi kerak.
273. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar tashqariga ochilishi lozim. Eshiklarda ichkaridan berkitiladigan moslama bo‘lmasligi kerak. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar qozonlar ishlab turganda berkitilmasligi zarur.
274. Qozonxona qurilmasining konstruksiyasi uni montaj qilishda, sinash va ta’mirlashda hamda xizmat muddati davomida ishlatishda xavfsizlikni ta’minlashi lozim. To‘siqlarning g‘ilof va eshiklarida ularning ishonchli berk holatda turishini ta’minlaydigan moslamalar bo‘lishi shart.
275. Qozondagi suvning sathini ko‘rsatish moslamasi yassi, silliq yoki shaffof shisha plastinkadan iborat bo‘lib, kamida 8 mm li ko‘rish teshigiga ega bo‘lishi zarur.
276. To‘g‘ri harakatlanuvchi mazkur ko‘rsatish moslamasi ko‘pi bilan 2 m balandlikda, old tomonga ko‘pi bilan 300 qiya qilib, tik holatda o‘rnatilishi lozim.
277. Qozonga, umumiy bug‘ o‘tkazish qobiliyati qozonning bir soatlik unumdorligidan past bo‘lmagan kamida ikkita bug‘ saqlagich klapanlar o‘rnatilgan bo‘lish kerak.
278. Saqlagich klapanlar ularga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning tegib ketishidan himoyalovchi to‘siqlarga ega bo‘lishi lozim.
279. Qozon o‘rnatilgan binoda tez alangalanadigan yoqilg‘i solingan idishlar hamda yonuvchi moylash materiallari zaxirasini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
280. Suyuq yoqilg‘ini yondirishda forsunkalardan tomadigan yoqilg‘ini qozonxona poliga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
281. Qozonxonalarga keladigan suyuq yoqilg‘i o‘tkazgich quvurlariga berkitish jo‘mraklari o‘rnatilishi zarur.
282. Qozonxonada favqulodda vaziyatlar uchun ovozli signalizatsiya tizimi, tashkilot rahbariyati va bug‘ iste’molchilari bilan aloqa o‘rnatish uchun aloqa vositalari bo‘lishi zarur.
283. Qozon ichidagi ta’mirlash ishlari uchun xodimga beriladigan naryad-ruxsatnoma qozon ichidagi harorat 40 oC dan ortiq bo‘lmaganda berilib, rasmiylashtirilishi kerak.
284. Gaz o‘tish yo‘llarida ishlashga undagi harorat 40 oCdan ortiq bo‘lmaganda ruxsat beriladi. Ish boshlashdan oldin mazkur joylar shamollatilishi, ishlab turgan qozonlar gaz va changlar kirmaydigan qilib qulflab qo‘yilishi kerak.
285. Jo‘mraklar orqali uzib qo‘yiladigan o‘tkazgich quvurlar, bug‘ va gaz o‘tkazgichlarining qismlarida hamda qozon qurilmasining gaz o‘tish yo‘llarida ishlar olib borilayotganda, jo‘mraklarga, qopqoqlarga, tutun so‘rgich va havo xaydovchi shamollatgich hamda yoqilg‘i ta’minlagichning ishga tushirish qurilmalariga “Ulamang, odamlar ishlamoqda!” degan yozuv osib qo‘yish lozim.
286. Qozonxona binosida qozon qurilmasi va ekonomayzerlarga xizmat ko‘rsatishda, qozonxona uskunalarini ta’mirlashga yoki bug‘ va issiq suv olish texnologiyasiga bevosita aloqasi bo‘lmagan mashina va asboblarni o‘rnatish taqiqlanadi.
287. Qozonlar ishlab turganda quyidagilar taqiqlanadi:
o‘choqda yonish jarayoni tugab, undagi bosim atmosfera bosimi darajasiga tushmaguncha qozonni qarovsiz qoldirish;
qozonning bosim ostidagi elementlarida ta’mirlash ishlarini o‘tkazish;
navbatchilikda turgan mashinistga (o‘t yoquvchi) uning ishlab chiqarish yo‘riqnomasida ko‘zda tutilmagan ishni bajarishni topshirish.
288. Ta’minot asboblari, avtomatikasi, yong‘inni o‘chirish vositalari va signalizatsiyasi nosoz qozonlarni ishga tushirish va ishlatish taqiqlanadi.
289. Qozon xonadagi ishni avariya sababli to‘xtatishda xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi chora-tadbirlar qo‘llanishi zarur:
yoqilg‘i va havo kelishini to‘xtatib, tutun tortish tizimini tezda ishlatish;
zudlik bilan o‘choqdagi yoqilg‘ini olib tashlash;
saqlagich klapanlarini sal ko‘tarib qo‘yish yoki avariya jo‘mragi orqali bug‘larni chiqarish.
290. Qozonxonada yong‘in sodir bo‘lganda, yong‘indan saqlash xizmatini tezda chaqirib, qozon holatining nazoratini davom ettirish va yong‘inni o‘chirish tadbirlarini qo‘llash lozim. Qozonxonada yong‘in ro‘y berganda, qozonxona binosining tashqarisidagi jo‘mrak yordamida gaz kelishi to‘xtatilishi kerak. Yong‘in qozonlarga xavf solayotgan bo‘lsa va uni o‘chirishning iloji bo‘lmasa, qozonxonalarni avariya tartibida tezda to‘xtatish, unga suv yuborib, ichidagi bug‘ni atmosferaga (bino tashqarisi) chiqarib yuborish lozim.
291. Qozonxonalarda uskunalar, nazorat va sozlash asboblarini joriy ta’mirlash uchun ta’mirlash uchastkasi yoki xonasi ajratilishi kerak.
292. Qozonlarga va qozonxona qurilmasi ishiga bevosita aloqasi bo‘lmagan shaxslarni qozonxonaga kirishi mumkin emas.
6-§. Sementbeton tayyorlash uskunalari bilan ishlashda mehnat xavfsizligi talablari
293. Sementbeton qorishmasi GOST 26633-2012 “Og‘ir va mayda donali betonlar. Texnikaviy shartlar” talabiga muvofiq bo‘lishi kerak.
294. Betonqorgichda ishlaganda, aylanayotgan baraban ichiga kurak yoki boshqa asbobni kiritib, beton qorishmasining tezroq tushishini tezlashtirish taqiqlanadi.
295. Betonqorgichda ishlaganda, materialning sochilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Materiallarni kovshga betonqorgich barabanida avvalgi material qorilayotgan paytda solish lozim. Betonqorgich ishlayotganda, material soladigan kovshning yo‘naltiruvchi to‘sinlari yaqinida turish taqiqlanadi.
296. Betonqorgich ishlayotganda podshipniklarning harorati, qorish barabanining bir tekis aylanishi va undan oqib tushayotgan betonqorishmasini kuzatib turish lozim. Ishdan keyin qorgich barabanni egik holatda qoldirish kerak.
297. Avtomatlashtirilgan beton tashkilotlarida ishlayotganda, quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
ish boshlashdan oldin buriluvchi voronkaning aniq belgilangan joyda to‘xtashini tekshirish uchun uni salt holatda burib ko‘rish kerak. Agar belgilangan joyda to‘xtamasa, oxiridagi yoqish-o‘chirish tugmasini surish va voronka uzatmasining tormoz kolodkalarini rostlash lozim. Osma klapanli voronkada osma klapanning voronka korpusiga zich tegib turishini tekshirish lozim;
egiladigan barabanli betonqorgichda ishlaganda, barabanning egilishi va ko‘tarilishini yuzaga keltiruvchi pnevmatik silindrlarning ishlashini tekshirish lozim;
siqilgan havoning bosimi dozalash bo‘limining boshqaruv pultida 0,7 MPa dan va bosimga qarshi magistrallarda 0,35 MPa dan pastga tushmasligi kerak.
298. Armatura kesadigan stanokni ishga tushirishdan oldin tormoz va ishga tushirish qurilmalari, tishli ulovchi moslamalarning sozligi, himoya kojuxlarining borligi va pichoqlarning to‘g‘ri o‘rnatilganligini tekshirish lozim. Harakatlanadigan va harakatlanmaydigan pichoqlarning yuzalari o‘rtasidagi tirqish ko‘pi bilan 1 mm bo‘lishi kerak. Tormoz va ishga tushirish qurilmalarini bevosita ish joyida montaj qilish lozim.
7-§. Konveyerlardan foydalanishda mehnat xavfsizligi talablari
299. Konveyerlardan foydalanish GOST 12.2.022-80 “Konveyerlar. Xavfsizlikning umumiy talablari” asosida amalga oshiriladi.
300. Konveyer qurilmalarini va yordamchi moslamalarini ish boshlanishidan oldin bo‘sh holda sinab ko‘rish lozim.
301. Elektrdastgoh va elektr qurilmalarning tok o‘tkazuvchi qismlari mustahkam izolyatsiya qilingan va o‘ralgan bo‘lishi lozim.
302. Ish sharoitiga bog‘liq ravishda konveyerlar chiroqli yoki ovozli signalizatsiyaga ega bo‘lishi hamda ularning signallari yaxshi ko‘rinishi va eshitilishi lozim.
303. “Tezkor to‘xtashish” uchun konveyerlar oralig‘ida qizil rangli tezkor “To‘xtatish” tugmasi har 20 m da o‘rnatilgan bo‘lishi zarur.
304. Bir vaqtning o‘zida bir nechta konveyerlar ishlaganda, ularni boshqarish markazlashtirilgan boshqaruv pulti orqali amalga oshiriladi.
305. Konveyerlarning o‘qli aylanalari va o‘qli qurilmalari mustahkam o‘ralgan bo‘lishi lozim.
306. Konveyerlarning tortuvchi zanjirlari butun uzunligi bo‘yicha g‘ilofga solingan bo‘lishi lozim.
307. Konveyerlarning yuklarni tashishga mo‘ljallangan aravachalarida tormoz bo‘lishi lozim.
8-§. Bunkerlardan foydalanishda mehnat xavfsizligi talablari
308. Sochiluvchan materiallar va mineral to‘ldiruvchilarni saqlash uchun qurilgan bunkerlar ularga yuk ortish va tushirish ishlari bajarilayotganda sodir bo‘lgan changni ushlab qoluvchi moslamalar, tebratkichlar, aralashtirgichlar va aeratsiya tizimida materiallar to‘planib yoki osilib qolishining oldini oluvchi uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
309. Bunkerlarni ichki ko‘rikdan o‘tkazish, tozalash va ta’mirlash ishlari qurilish materiallarini ishlab chiqarish sanitariyasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga muvofiq naryad-ruxsatnoma va ishlab chiqarish ishlari loyihasi asosida amalga oshirilishi kerak.
310. Bunker va sig‘im lyuklarining katagi 100 x 100 mm dan katta bo‘lmagan panjara bilan jihozlanishi va ilgaklarga ega bo‘lishi kerak. Lyuklarning panjaralari kalit bilan qulflanib yopilishi kerak.
311. Ishlab chiqarishga mineral materiallarni yuborish pnevmotransport vositasi orqali amalga oshiriladi. Pnevmotizim avariya sababli to‘xtaganda, yuk havo bilan yumshatilib, o‘zining og‘irligi bilan bunkerning pastki lyuki orqali bo‘shatilishi lozim.
312. Bunkerlar tepa qismining atrofi o‘ralgan bo‘lishi kerak.
313. Bunkerga uning ostki va yon tomondagi lyuklaridan kirishga faqat ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat beriladi. Bunkerning devorlari va yopilmalarida materiallar osilib qolmasligi uchun oldindan tozalab turilishi kerak.
314. Xodimlarni bunker ichiga tushishi ko‘tarish uchun maxsus mo‘ljallangan chig‘ir aravachalari yordamida amalga oshiriladi.
315. Aravachalarni bunker ichiga tushirishdan oldin quyidagilar tekshirilishi shart:
chig‘ir g‘altagidagi temir arqonning mahkamlanganligi;
chig‘irning bunker qopqog‘iga mahkamlanganligi;
temir arqon, blok, tormoz va chig‘ir simlarining sozligi;
aravacha to‘siqlari va polining mustahkamligi.
316. Bunker ichiga tushayotgan xodimlar ish bajarishlari uchun kerakli asbob-uskunalar, ish xususiyati va sharoitiga qarab yakka tartibdagi himoya vositalari, signalizatsiya va aloqa vositalari (ogohlantirish arqoni, so‘zlashuv moslamasi) bilan ta’minlangan bo‘lishlari kerak.
317. Ishga tushirish, yuk ortish va tushirish moslamalari hamda pnevmotransport jo‘mraklariga “Yoqilmasin, odamlar ishlayapti!” degan yozuvli plakatlar osib qo‘yilishi lozim.
318. Bunkerlarda ta’mirlash ishlari olib borilganda, 12 V dan ko‘p bo‘lmagan kuchlanishli ko‘chma elektr yoritqichlardan foydalanish lozim.
319. Bunkerning transport vositasi yordamida to‘kiladigan tomonida tutqichli to‘siqlar o‘rniga balandligi 600 mm dan kam bo‘lmagan to‘siq bo‘lishi kerak.
320. Bunkerga tushishdan oldin quyidagilarni amalga oshirish zarur:
transport vositasidan bunkerga to‘kishning oldini olish, buning uchun transport vositasining harakatini kuzatuvchi xodimni tayinlash, bunkerga to‘kishni taqiqlovchi signallarni yoqish;
bunkerga yukni ortish joyidagi shiberni yopish;
bunkerni mahsulotdan tozalash.
9-§. Ishlab chiqarish uskunasi, kommunikatsiyalarni joylashtirishda mehnat xavfsizligi shartlari
321. Chaqir tosh va qum shtabellari ostida joylashgan konveyer galereyalarida konveyer va devor o‘rtasida kengligi kamida 0,8 m, ikkita konveyer o‘rtasida esa, kengligi kamida 1 m bo‘lgan o‘tish joyi qoldirilishi lozim. Galereyalarning balandligi kamida 1,8 m, shu bilan birga konveyerning eng baland qismi va ship o‘rtasidagi bo‘shliq kamida 0,6 m bo‘lishi kerak. Shtabellar “Shtabelga kirish taqiqlanadi, shtabel ostidan material tushadi” degan yozuvlar bilan to‘silgan bo‘lishi lozim.
322. Konveyer tasmalariga chaqir tosh va qum tushadigan tuynuklar har 1,5-2 m da o‘rnatilishi lozim.
323. Tosh maydalash bazalarida mashinalarning barcha harakatlanadigan yoki xavf tug‘diradigan qismlari maxsus kojuxlar bilan to‘silgan bo‘lishi kerak. To‘siq o‘rnatilgandan keyin o‘tish joylarining kengligi yirik va sinchkovlik bilan kuzatish talab etiladigan uskunalar yaqinida kamida 1,2-1,5 m, boshqa uskunalar yaqinida esa kamida 1 m, uskunaning harakatlanmaydigan qismlari yaqinida kamida 0,8 m bo‘lishi kerak.
324. Kengligi 600 mm gacha bo‘lgan tasmali konveyerlar bo‘ylab joylashgan o‘tish joylarining kengligi kamida 0,8 mm, tasmaning kengligi 600 mm dan ortiq bo‘lganda esa, o‘tish joyining kengligi kamida 1,1 m bo‘lishi lozim. Konveyerlarning uzatmali stansiyalari va oxirgi qismlariga borish uchun uch tomondan kengligi kamida 1 m bo‘lgan o‘tish joylari bo‘lishi kerak.
325. Asfaltbeton ishlab chiqarish uskunalari joylashtirilgan xonalar va ish joylari xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun xavf tug‘dirmasligi kerak.
326. Sementbeton sehlarida konveyerlar galereya, bostirma va transheyalarda o‘rnatilganda, devor va konveyerning eng ko‘p chiqib turadigan qismi o‘rtasida kamida 0,8 m li o‘tish joyi qoldirilishi lozim. Konveyerning eng baland qismi va ship o‘rtasidagi masofa kamida 0,6 m, konveyer tasmasining ishchi qismi va pol o‘rtasidagi masofa esa kamida 0,8 m bo‘lishi kerak.
327. Konveyer liniyalari ustidan o‘tish joylari balandligi kamida 1 m bo‘lgan mustahkam panjaralar bilan to‘silgan, kamida 0,6 m kenglikdagi ko‘prikchalar ko‘rinishida qurilishi lozim.
328. Bitum va emulsiya bazalarida bitumni eritish hamda emulsiya qurilmalarining joylashishi va konstruksiyasi ularga borish qulayligi hamda ularni montaj qilish, foydalanish va ta’mirlash xavfsizligini ta’minlashi lozim.
329. Bitum eritish qozonlarini o‘rnatayotganda, quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
balandligi kamida 1 m bo‘lgan to‘siq;
kengligi kamida 0,75 m bo‘lgan panjarali narvon;
bitumning bitum eritish qurilmasi devorlaridan oqib tushishining oldini olish uchun balandligi kamida 0,2 m bo‘lgan g‘ishtin bort;
g‘isht bilan o‘ralgan qozonlarning og‘izlari va to‘siqlari o‘rtasida kengligi kamida 1 m bo‘lgan o‘tish joylari bo‘lishi kerak.
330. Faollashtirilgan mineral kukun ishlab chiqariladigan sex maydonchalari SHNQ 2.05.02-07 “Avtomobil yo‘llari”da bayon etilgan maydonchalarni tanlashga doir umumiy qoidalarga muvofiq tanlanadi. Mineral kukun GOST 16557-2005 “Asfaltbeton qorishmalari uchun mineral kukun. Texnikaviy shartlar” talabiga muvofiq bo‘lishi kerak.
331. Sexlarni loyihalashda QMQ 1.03.01-96 “Loyiha-smeta hujjatlarining tarkibi, ularni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma” va boshqa normativ hujjatlarga amal qilinishi lozim.
332. Sexlardagi o‘tish joylarining kengligi quyida ko‘rsatilgan miqdorlardan kam bo‘lmasligi kerak:
magistral o‘tish joylari uchun 1,5 m;
uskunalar o‘rtasidagi o‘tish joylari uchun 1,2 m;
ishlab chiqarish binosi devorlari va uskuna o‘rtasidagi o‘tish joylari uchun 1,0 m;
uskunaga xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash maqsadida unga boriladigan o‘tish joylari uchun 0,7 m.
333. Konveyer qurilmalari, ishlab chiqarish binolari, galereyalar, tunnellar va estakadalarning joylashishi GOST 12.2.022-80 “Konveyrlar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga javob berishi kerak.
5-bob. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ta’mirlash ishlarini olib borish tartibi
334. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishda bajariladigan ishlarning texnologik ketma-ketligi aks ettirilgan ta’mirlash hujjatlari rasmiylashtirilgan bo‘lishi va ularda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik choralari va maxsus texnologik jarayonlar;
ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va anjomlarning turlari;
ta’mirlangan uskunalar va ularning qismlari texnik talablarga muvofiqligi haqidagi hujjatlar.
335. Aralashtiruvchi hovuz va gidroaralashtirgichlarning ichiga xodimlarning tushishi bilan bog‘liq ichki ko‘riklar o‘tkazish va ta’mirlash faqatgina naryad-ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi zarur.
336. Kapital va joriy ta’mirlash dasturlarida ta’mirlashni o‘tkazish uchun mas’ul shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarini bajarish tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlash choralari belgilanishi lozim.
2-§. Tashkilotlar rahbariyati bilan kelishish va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun mas’ul shaxslarni tayinlash
337. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarini bajarish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
338. Ta’mirlash ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan mas’ul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
339. Pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariladigan ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
3-§. Ta’mirlash ishlarini bajaruvchi shaxslarning malakasiga qo‘yiladigan talablar va ta’mirlanadigan uchastkalarni ajratish
340. Asbob-uskunalarni ta’mirlash va sozlash ishlari maxsus o‘qitilgan va yo‘l-yo‘riq berilgan, tegishli bilim va malakaga ega xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
341. Kapital ta’mirlashdan so‘ng asbob-uskunani ishga tushirishga tashkilot bosh mexanigi (bosh energetik), mehnat muhofazasi xizmati xodimi, ishlab chiqarish majmuasi boshlig‘i va kasaba uyushmasi vakillaridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan tashkilot rahbari yoki bosh muhandis tasdiqlaydigan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan so‘ng ruxsat beriladi.
342. “Yoqilmasin, odamlar ishlayapti!” deb yozilgan yozuvni olib tashlash, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha talablar qo‘yiladigan ishlar bajarilgandan so‘ng uskunani ishga tushirish faqat mas’ul xodim ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
343. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan va u yerda xavfsizlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
344. Ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin unda ishtirok etadigan barcha xodimlar ta’mirlash ishlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ularga ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berilishi zarur.
4-§. Ta’mirlash ishlarini xavfsiz olib borilishini ta’minlash, zinapoyalarda va ko‘tarish mexanizmlarida ishlash shartlari
345. Ta’mirlash jarayonida yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
346. Ta’mirlash paytida ish joylari, yo‘llar va zinapoyalarni turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
347. Balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarishda havoza va taxta to‘shamalardan foydalanish zarur.
348. Havoza va taxta to‘shama o‘rnatishning imkoni bo‘lmasa, xodimlar balandlikda ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari va arqonlar mahkamlanadigan joylar konstruksiyalarda oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
349. Balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarganda, asbob-uskuna va materiallarni maydoncha qirg‘og‘iga qo‘yish yoki yerga tashlash taqiqlanadi. Asbob-uskunalarni saqlash va tashishda maxsus sumka yoki qutilardan foydalanish zarur.
350. Qizigan uskunaning ichiga kirgan holda ta’mirlash ishlarini olib borishga uskuna shamollatilib, ichidagi gazlar butunlay chiqarib yuborilgandan va undagi harorat kamida 40 oC gacha pasaytirilgandan so‘ng ruxsat etiladi.
351. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan bo‘lishi va tushib ketmaydigan usulda bajarilishi kerak.
352. Yoritish chiroqlarini ta’mirlash ishlarida faqat 12 V kuchlanishdagi ko‘chma lampalar, portlashdan himoyalangan akkumulyatorli chiroqlardan foydalanish kerak.
353. Yoritish maqsadida mash’ala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
354. Suyuq yonilg‘i saqlanadigan sig‘imlar, bitum saqlagichlar, konveyerlar, shimdirish vannalari va neft mahsulotlari mavjud boshqa sig‘imlarni ta’mirlashda ushbu sig‘imlar undagi mahsulotlardan bo‘shatilishi zarur.
355. Qismlarga ajratish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlari amalga oshiriladigan kompressorlar boshqa barcha texnologik quvurlar va o‘tkazgichlardan uzib qo‘yilishi lozim.
356. Sig‘imlar, bunkerlar va boshqa chuqur joylarda ishlayotgan xodim mahkamlangan qutqaruv arqoniga ega bo‘lishi, arqonning ikkinchi uchi tashqariga chiqarilgan va kuzatuvchi nazorati ostida bo‘lishi kerak.
357. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar ish joyidan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar o‘z joyiga o‘rnatilishi kerak.
6-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
358. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
359. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(359-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
7-bob. Yakuniy qoida
360. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi, “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 20-aprel
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 20-aprel
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 20-aprel
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 20-aprel
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2015-yil 20-aprel
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi raisi E. AKRAMOV
2015-yil 20-aprel
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A. QURBANOV
2015-yil 20-aprel
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2015-yil 20-aprel
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2015-yil 20-aprel
“O‘zavtoyo‘l” DAK boshqaruv raisi A. ABDUVALIYEV
2015-yil 20-aprel
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 19-son, 243-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)