Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 31-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3395]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 29-sentabr,
43-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 29-sentabrdagi 43-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar kripto-doʻkon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kripto-doʻkon — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot (yuridik shaxs);
mijozlar — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik jismoniy shaxslar;
listing — kripto-doʻkon tomonidan kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish uchun savdo savatiga qoʻshish jarayoni;
delisting — kripto-doʻkon tomonidan kripto-aktivlarni savdo savatidan chiqarish jarayoni;
savdo savati — kripto-doʻkon tomonidan kripto-doʻkonning elektron platformasida yoki savdo obyekti orqali mijozlar bilan sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan kripto-aktivlar roʻyxati;
kripto-doʻkonning elektron platformasi — kripto-doʻkonning quyidagilar amalga oshiriladigan axborot tizimi:
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish;
listing va delisting;
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlash hamda shakllantirish;
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari amalga oshirilmagan talabnomalar boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlash hamda shakllantirish;
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
mijozlarga kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirishni qulaylashtirishga qaratilgan boshqa tashkiliy-texnik ishlar;
kripto-doʻkonning texnik va dasturiy vositalari — kripto-doʻkonning quyidagilar amalga oshiriladigan dasturiy-apparat majmuasi:
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari;
mijozlarga kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirishni qulaylashtirishga qaratilgan boshqa tashkiliy-texnik ishlar;
kripto-doʻkonning savdo obyekti (bundan buyon matnda savdo obyekti deb yuritiladi) — kripto-doʻkonning texnik va dasturiy vositalaridan foydalangan holda kripto-doʻkon va mijozlar oʻrtasida kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan (moslashtirilgan) xona yoki inshoot;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
2. Kripto-doʻkon faoliyatini tashkil etish Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3380, 2022-yil 15-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Kripto-doʻkon oʻz faoliyatini kripto-doʻkonning elektron platformasi va (yoki) savdo obyekti orqali amalga oshiradi.
3. Kripto-doʻkon:
oʻz elektron platformasi va (yoki) texnik va dasturiy vositalarining zarur darajada ishlashini taʼminlashi;
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari hisobini alohida yuritishi;
har kuni kun yakuni boʻyicha mijozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi barcha maʼlumotlarning (elektron yoki qogʻoz shaklda) zaxira nusxasini yaratishi;
mijozlarning kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha talabnomalari ijrosini taʼminlashi;
elektron platformasi va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalarining axborot xavfsizligini taʼminlashi;
xodimlar va fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilingan shaxslarning kripto-doʻkon faoliyatini tartibga soluvchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari va kripto-doʻkon tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlarni (bundan buyon matnda lokal hujjat deb yuritiladi) bilish darajasini doimiy oshirib borishi;
majburiy identifikatsiyadan va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tekshiruvdan oʻtgan mijozlargagina kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berishi;
kripto-aktivlarni reklama qilish va oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etishi lozim.
4. Kripto-doʻkon quyidagilarni tartibga soluvchi lokal hujjatlarni ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim:
kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari, shu jumladan kripto-aktivlar listingi va delistingini amalga oshirish qoidalari;
mijozlarni identifikatsiyadan oʻtkazish qoidalari.
5. Kripto-doʻkon mijozlari oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash operatsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari yoki xorijiy davlatda joylashgan platformalarda amalga oshirishga haqli.
6. Kripto-doʻkon kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalar ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi.
Kripto-doʻkon mijozlar tomonidan mazkur Qoidalarning talablari buzilishi holatlarining hisobini yuritishi hamda ushbu holatlar haqida vakolatli organning soʻrovnomasiga asosan soʻrovnomani olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay maʼlumot taqdim etishi lozim.
Jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, kripto-doʻkon darhol vakolatli organ va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq yozma ravishda xabar berishga majbur.
7. Kripto-doʻkonda quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:
a) kripto-doʻkonning elektron platformasi orqali:
jismoniy shaxslar tomonidan bank oʻtkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish va (yoki) sotish;
chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank oʻtkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish va (yoki) sotish;
b) kripto-doʻkonning savdo obyekti orqali:
jismoniy shaxslar tomonidan bank oʻtkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul koʻrinishida milliy va (yoki) xorijiy valyutada sotib olish;
mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.
Sotib olish obyekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining oʻz tavakkalchiligidir.
8. Kripto-doʻkonda quyidagi operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi:
majburiy identifikatsiyadan oʻtkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalar;
anonim kripto-aktivlar hamda oʻzaro oʻzgarmas tokenlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari.
9. Kripto-doʻkon oʻzining elektron platformasi yoki savdo obyektida mazkur Qoidalarning 1-ilovasida koʻrsatilgan maʼlumotlar joylashtirishi lozim.
2-bob. Mijozlar bilan munosabatlarni tashkil etish
10. Kripto-doʻkon oʻzining elektron platformasi yoki savdo obyekti orqali kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalarni tashkillashtiradi.
11. Mijoz kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlish uchun kripto-doʻkonning elektron platformasi va savdo obyekti orqali majburiy identifikatsiyadan oʻtadi hamda kripto-doʻkon bilan shartnoma tuzadi.
12. Mijozlar majburiy identifikatsiyadan oʻtish uchun kripto-doʻkonga quyidagi hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etadi:
jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
mijoz bilan aloqa oʻrnatish uchun kontakt maʼlumotlari (telefon raqami yoki elektron pochta manzili);
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa maʼlumotlar.
13. Kripto-doʻkon quyidagilar bilan shartnoma tuzishga haqli emas:
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga asosan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar.
14. Kripto-doʻkon shartnoma tuzish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda shartnomaning matnini oʻzining elektron platformasi va savdo obyektiga joylashtiradi. Bunda, shartnoma tuzish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda shartnomaning matni mijozlarga shartnoma tuzilishidan oldin ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda yetkazilishi lozim.
15. Kripto-doʻkon shartnoma tuzishdan oldin mijozlarni quyidagi shartlar haqida xabardor qilishi shart:
mazkur Qoidalarning 6-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar vakolatli organga yuborilishi mumkinligi;
mijozlar bilan muzokaralar ularning roziligi bilan audio- yoki videoyozuv shaklida yozib borilishi, shuningdek yozishmalar tarixi saqlab qoʻyilishi;
mazkur Qoidalarning 7-bandida nazarda tutilgan talablar;
mazkur Qoidalarga muvofiq mijozlarning huquq va majburiyatlari.
16. Kripto-doʻkon savdo obyektining xavfsizligini taʼminlashi, shuningdek uni mijozlar bilan amalga oshiriladigan muzokaralar jarayonlarini audio- va video tasvirga qayd etish vositalari bilan jihozlashi kerak.
17. Kripto-doʻkon va mijoz oʻrtasida savdo obyekti orqali yozma shakldagi shartnomani tuzishda mijoz mazkur Qoidalarning 12-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni taqdim etgan holda talabnomani (elektron yoki qogʻoz shaklida) toʻldiradi. Bunda, har bir operatsiya uchun mijoz tomonidan yangi talabnoma toʻldiriladi.
18. Kripto-doʻkon va mijoz oʻrtasida kripto-doʻkonning elektron platformasi orqali shartnoma tuzilgan taqdirda, mijozga kripto-doʻkonning elektron platformasida hisobga olish yozuvi (shaxsiy kabinet) yaratiladi.
Kripto-doʻkonning elektron platformasida bir mijozga faqat bitta hisobga olish yozuvi (shaxsiy kabineti) yaratiladi.
19. Mijozlar mazkur Qoidalar va lokal hujjatlar talablarini buzgan taqdirda, ular uchun kripto-doʻkonning elektron platformasi va savdo obyektida kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati uch oy muddatga cheklanadi. Bunda, mijozlar ushbu muddat ichida kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha shartnomalarning ishtirokchisi boʻla olmaydi.
3-bob. Kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish
20. Kripto-doʻkon kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishda:
savdo obyekti orqali mijozga kripto-aktivlar sotilgan taqdirda, toʻlovni milliy va (yoki) xorijiy valyutada elektron yoki naqd pul shaklida qabul qiladi;
savdo obyekti orqali mijozdan kripto-aktivlar sotib olingan taqdirda, toʻlovni milliy valyutada elektron yoki naqd pul shaklida amalga oshiradi;
elektron platforma orqali kripto-aktivlar sotilgan va (yoki) sotib olingan taqdirda, toʻlovni milliy va (yoki) xorijiy valyutada elektron shaklda amalga oshiradi;
mijozga savdo obyekti orqali kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalar amalga oshirilganligini tasdiqlovchi mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi maʼlumotnoma taqdim etadi;
toʻplangan naqd pul shaklidagi tushumlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bankka topshirilishini taʼminlaydi.
21. Kripto-doʻkon bilan mijozlar oʻrtasida savdo obyekti orqali kripto-aktivlarni sotish va (yoki) sotib olish boʻyicha shartnoma ikki nusxada tuziladi va imzolanadi. Shartnomaning bir nusxasi kripto-doʻkonda qoladi.
22. Kripto-doʻkonning elektron platformasida kripto-aktivlarni sotish va (yoki) sotib olish boʻyicha shartnoma oferta va aksept tarzida elektron shaklda tuziladi.
23. Kripto-doʻkon kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlaydi.
24. Kripto-doʻkon mijozlar mablagʻlarini qabul qilish va saqlashga, shuningdek ularning nomidan va ularning hisobidan kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiyalarda ishtirok etishga haqli emas.
25. Kripto-doʻkon har kuni mijozlar bilan kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar, shuningdek kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha bajarilgan va bajarilmagan talabnomalar toʻgʻrisida hisobot tuzadi. Bunda, hisobotlarga tuzatishlar va oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Kripto-doʻkon kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar va talabnomalar haqidagi hisobotlarni:
mijozlarga — ularga tegishli qismini, bunday soʻrov qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay;
vakolatli organga — uning soʻrovida koʻrsatilgan muddatda begʻaraz taqdim etishi lozim.
4-bob. Yakuniy qoidalar
27. Kripto-doʻkon va mijoz oʻrtasidagi nizolar tomonlarning kelishuviga koʻra yoki sud tartibida hal qilinadi.
28. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Kripto-doʻkonning elektron platformasi va (yoki) savdo obyektida joylashtiriladigan
AXBOROTLAR
1. Kripto-doʻkon haqidagi maʼlumotlar (nomi, joylashgan eri (pochta manzili), davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan raqami va sanasi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, taʼsischilari va rahbariyati).
2. Bogʻlanish maʼlumotlari (elektron pochta manzili yoki telefon raqami, bogʻlanish uchun masʼul shaxs).
3. Kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalarini amalga oshirish shartlari va shartnoma matni.
4. Kripto-doʻkonning harakatlaridan (harakatsizligidan) norozi boʻlgan mijozlar tomonidan nizoni hal etish usullari va chora-tadbirlari haqidagi maʼlumot (shu jumladan, mediatsiya yoki sud orqali).
5. Kripto-doʻkon faoliyati toʻgʻrisidagi reklamada koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar.
6. Kripto-doʻkonning savdo savati, kripto-aktivlarning joriy narxlari, koʻrsatiladigan xizmatlar uchun belgilangan komissiyalar yoki mukofotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
|
_______________________________________ _______________________________________ _______________________________________ | |
|
(kripto-doʻkonning nomi, joylashgan eri (pochta | |
|
Mijozga kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish boʻyicha operatsiya toʻgʻrisidagi _____-son MAʼLUMOTNOMA | |
|
Savdo obyektining manzili: |
|
|
Operatsiya raqami (tartib raqami): |
|
|
Operatsiya amalga oshirilgan sana: |
|
|
Operatsiya turi (sotib olish/sotish): |
|
|
Kripto-aktiv turi: |
|
|
Kripto-aktiv miqdori: |
|
|
Operatsiyaning miqdori: |
|
|
Mijozning familiyasi, ismi va otasining ismi: |
|
|
___________________________ |
_____________ |
|
(masʼul shaxsning FIO.) |
(imzo) |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2022-y., 10/22/3395/0984-son)