O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining ustavini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 6-oktabrdagi PQ-3313-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining ustavi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-dekabr,
969-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “O‘zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining (keyingi o‘rinlarda “O‘zmeliomashlizing” DUK deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyati va hisobdorligini tashkil etish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. “O‘zmeliomashlizing” DUK O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 29-oktabrdagi PF-3932-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zmeliomashlizing” DUK ta’sischisi (keyingi o‘rinlarda ta’sischi deb ataladi) hisoblanadi.
“O‘zmeliomashlizing” DUK majburiyatlari yuzasidan o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javobgar bo‘ladi. “O‘zmeliomashlizing” DUKning mol-mulki yetarli bo‘lmaganda ta’sischi uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘ladi. “O‘zmeliomashlizing” DUK ta’sischi majburiyatlari bo‘yicha javobgar emas.
4. “O‘zmeliomashlizing” DUK o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. “O‘zmeliomashlizing” DUK yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va davlat tilida o‘z nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga va bank hisob raqamlari, shu jumladan chet el valyutasidagi hisob ramqamlarga, shuningdek, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgisi hamda xizmat ko‘rsatish belgisiga ega.
6. “O‘zmeliomashlizing” DUKning rasmiy nomi:
1) davlat tilida:
to‘liq — “O`zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan — “O`zmeliomashlizing” DUK;
2) rus tilida:
to‘liq — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Uzmeliomashlizing”;
qisqartirilgan — GUP “Uzmeliomashlizing”;
3) ingliz tilida:
to‘liq — State Unitary Company “O`zmeliomashlizing”;
qisqartirilgan — SUC “O`zmeliomashlizing”.
7. “O‘zmeliomashlizing” DUKning joylashgan joyi (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni 5-uy.
2-bob. “O‘zmeliomashlizing” DUKning maqsadi, faoliyat sohasi, asosiy vazifalari va funksiyalari
8. “O‘zmeliomashlizing” DUK melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning manfaatlarini ko‘zlab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, zamonaviy meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarining mavjud parkini yangilash hamda ko‘p tarmoqli parkini shakllantirishni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan.
9. Lizing oluvchilarning buyurtmanomlari bo‘yicha zamonaviy meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini xarid qilish hamda ularga lizing asosida berish “O‘zmeliomashlizing” DUKning faoliyat sohasi hisoblanadi.
10. Quyidagilar “O‘zmeliomashlizing” DUKning asosiy vazifalari hisoblanadi:
melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning lizingga yetkazib beriladigan meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalariga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish va tahlil qilish;
melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarga mahalliy hamda xorijiy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini lizing asosida yetkazib berish;
meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini xarid qilishga mo‘ljallangan resurslarni shakllantirish uchun donorlar, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini imtiyozli asosda jalb etish;
lizing asosida yetkazib berilgan meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy servis xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
lizing asosida yetkazib berilgan meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarining texnik holatini tizimli monitoring qilish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish.
11. “O‘zmeliomashlizing” DUK o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda lizing oluvchilar deb ataladi) meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini (keyingi o‘rinlarda lizing obyektlari deb ataladi) lizing asosida yetkazib berishga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganadi va tahlil qiladi;
bo‘lajak lizing oluvchilarning kelgusi yil uchun buyurtmanomalarini umumlashtiradi;
buyurtmanomalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) kafolat xatlari asosida ishlab chiqarish tashkilotlari bo‘yicha joylashtiradi;
lizing obyektlarini xarid qilish uchun tender savdolarini e’lon qiladi;
lizing obyektlarini xarid qilish uchun e’lon qilingan tender savdolari bo‘lajak ishtirokchilarining buyurtmanomalarini umumlashtiradi;
lizing obyektlarini xarid qilish uchun tender savdolari sifatli o‘tkazilishini belgilangan tartibda tashkil etadi;
kafolat xatlari bilan tasdiqlangan moliyaviy mablag‘lar, shuningdek, o‘z mablag‘laridan foydalangan holda mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan lizing obyektlarini xarid qilish uchun shartnomalar tuzadi;
Jamg‘arma zaymlarini olish uchun buyurtmanomalarni joylashtiradi;
lizing obyektlarini yetkazib beruvchilar bilan tegishli avans hisob-kitoblarini amalga oshiradi;
ishlab chiqaruvchi zavodlarga borib, lizing obyektlarini ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qiladi;
lizing oluvchilarga lizing obyektlarini lizing shartnomalariga muvofiq taqdim etadi;
donorlarni jalb qilish sohasida lizing obyektlarini xarid qilishga mo‘ljallangan resurslarni shakllantirish uchun donorlar, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini imtiyozli asosda jalb etish ishlarini amalga oshiradi;
lizingga berilgan lizing obyektlariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy servis xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi;
lizing asosida yetkazib berilgan lizing obyektlarining texnik holatini tizimli monitoring qilish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etadi;
lizing shartnomalari bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida kelib tushishini doimiy nazorat qiladi.
3-bob. “O‘zmeliomashlizing” DUKning huquqlari va javobgarligi
12. “O‘zmeliomashlizing” DUK zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga “O‘zmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun kiritish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan “O‘zmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
davlat statistika organlaridan “O‘zmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan statistika axborotini bepul olish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK xodimlarini ularning tegishli sohadagi o‘z faoliyati asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha parametrlarni bajarishi hisobga olingan holda moddiy rag‘batlantirish tartibi, miqdori va shartlarini belgilash;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini xalqaro darajada belgilangan tartibda ifoda etish;
O‘zbekiston Respublikasi va xorijda ishlab chiqariladigan zamonaviy lizing obyektlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolarini shartnoma asosida ishga qabul qilish;
ta’sischi bilan kelishgan holda, “O‘zmeliomashlizing” DUK xodimlarining oylik ish haqi miqdori va uni to‘lash tartibi, ularni mukofotlash va imtiyozlarni berish tartibini belgilash;
“O‘zmeliomashlizing” DUK qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. “O‘zmeliomashlizing” DUK quyidagilar uchun mas’ul:
“O‘zmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati bilan bog‘liq davlat dasturlarida nazarda tutilgan prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini so‘zsiz ta’minlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek, lizing oluvchilarning bevosita “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatiga taalluqli murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi;
lizing oluvchilarning lizing obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanishi bo‘yicha o‘z vaqtida monitoring olib borilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, “O‘zmeliomashlizing” DUK qabul qiladigan qarorlarni amalga oshirish sifati, yakuniy natijalari hamda oqibatlari;
sohani (tarmoqni) rivojlantirish, shuningdek, tegishli sohadagi (tarmoqdagi) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ulardagi muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi hamda ularning himoya qilinishini ta’minlash.
4-bob. “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini tashkil etish
1-§ “O‘zmeliomashlizing” DUK rahbariyati
14. “O‘zmeliomashlizing” DUKka O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
15. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktorining o‘rinbosari ijrochi direktor tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
16. Ijrochi direktor bo‘lmaganda uning vakolatlarini o‘rinbosari amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-apreldagi 147-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2023-y., 09/23/147/0203-son)
2-§ “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi organi
18. Ijrochi direktor “O‘zmeliomashlizing” DUKning ijroiya organi hisoblanadi va korxonaning joriy faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
19. Ijrochi direktor “O‘zmeliomashlizing” DUK nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, shtat jadvalini belgilaydi, “O‘zmeliomashlizing” DUKning barcha xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.
20. Ijrochi direktor ta’sischiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yillik biznes-reja bajarilishi to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobot beradi.
21. Quyidagilar “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktorining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, “O‘zmeliomashlizing” DUKka O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa qonun hujjatlari bilan yuklangan vazifalarning bajarilishini tashkil etish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar amalga oshirilishini tanqidiy hamda chuqur tahlil qilish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi vakillarining (keyingi o‘rinlarda “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari deb ataladi) faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini so‘zsiz ta’minlashga doir amaliy choralar ishlab chiqish hamda ko‘rish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati sohasiga doir masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislari va Rayosatida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari topshiriqlarini bajarish;
o‘z o‘rinbosari vakolatlarini belgilash, “O‘zmeliomashlizing” DUKning boshqa mansabdor shaxslari majburiyatlari va vakolatlarini taqsimlash, “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatining ayrim bo‘limlariga rahbarlik qilish uchun o‘z o‘rinbosari hamda boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyat darajasini belgilash;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini rejalashtirishni tashkil qilish, “O‘zmeliomashlizing” DUK va o‘z o‘rinbosarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishini nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari bajarilishini tashkil etish va monitoringi bo‘yicha amaliy tizimni shakllantirish, “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatida ijro intizomini mustahkamlashga doir kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi uchun “O‘zmeliomashlizing” DUK va “Meliomashlizingservis” MCHJ mansabdor shaxslarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, “O‘zmeliomashlizing” DUK kadrlar zaxirasini shakllantirish;
bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan xodimlar, shuningdek, “O‘zmeliomashlizing” DUKka ishga qabul qilinadigan boshqa xodimlarning mahorati, bilim darajasi, amaliy tajribasi, ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlari yuqoriligi kafolatlanishini ta’minlash;
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyat sohasiga doir masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini, ularning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti talablariga qat’iy muvofiq ravishda o‘z vaqtida kiritilishini tashkil qilish, ularni Vazirlar Mahkamasi apparatida qayta ishlash, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rahbariyatida himoya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ko‘rib chiqishda ishtirok etish, shuningdek, “O‘zmeliomashlizing” DUKka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini to‘liq hamda atroflicha ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularni moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa ekspertizadan puxta o‘tkazish hamda belgilangan muddatlarda kelishish (imzolash);
(21-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
“O‘zmeliomashlizing” DUK rahbarlari va xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son qarori va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarori talablariga qat’iy muvofiq ravishda xizmat safarlarida bo‘lishini tashkil etish, xizmat safarlarining asosliligi, samaradorligi va natijadorligini hamda xizmat safarlari uchun ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
o‘z o‘rinbosari va “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari, shuningdek, “Meliomashlizingservis” MCHJ rahbarlari faoliyatining samaradorligi hamda natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, ularning shaxsiy hisobotlarini umumiy yig‘ilishlarda eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimida keyinchalik qolish yoki qolmaslik maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish, shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq “O‘zmeliomashlizing” DUK tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali bunday holatlar sodir etilishiga ko‘maklashadigan sabablar hamda sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini ta’minlash;
lizing xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanish samaradorligi hamda sifatini oshirish, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil qilish, aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy shaxslarni hamda yuridik shaxslar vakillarini muntazam shaxsan qabul qilish, shu jumladan sayyor qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, “O‘zmeliomashlizing” DUK rahbarlari va xodimlarining qabulxonalar faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil qilish, jismoniy va yuridik shaxslardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushadigan murojaatlari o‘z vaqtida hamda to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirlariga kiritilgan axborot va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya etish.
22. Quyidagilar “O‘zmeliomashlizing” DUK rahbari o‘rinbosarining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK rahbari vaqtinchalik bo‘lmaganda tegishli buyruqqa asosan uning majburiyatlarini bajarish;
“O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalari, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish hamda bevosita rahbarlik qilish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan “O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan faoliyat yo‘nalishlariga taalluqli konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar amalga oshirilishini tanqidiy hamda chuqur tahlil qilish;
“O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalari, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini so‘zsiz ta’minlash choralarini ko‘rish, bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda ularning qayd etilgan ko‘rsatkichlarga erishish uchun mas’uliyatini oshirish;
“O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillarining har choraklik rejalarini ijrochi direktorga tasdiqlash uchun taqdim etish, ularning bajarilishini nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini ta’minlash, “O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalarida, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillarining va “Meliomashlizingservis” MCHJda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi uchun ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK yig‘ilish qarorlari, ijrochi direktorning buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
“O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalariga, shuningdek, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari lavozimlariga kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha ijrochi direktorga takliflar kiritish, ularning mahorati, bilim darajasi, amaliy tajribasi, ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlari yuqoriligi kafolatlanishini ta’minlash, professional malakasini oshirish choralarini ko‘rish, mutasaddilik qiladigan bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
“O‘zmeliomashlizing” DUKka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq va atroflicha ko‘rib chiqish, ularni moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa ekspertizadan puxta o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son qarori va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarori talablariga to‘liq muvofiq ravishda xizmat safarlarida bo‘lish, xizmat safarlarining asosliligi, samaradorligi va natijadorligini hamda xizmat safarlari uchun ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
“O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ rahbarlarining faoliyati samaradorligi hamda natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, shaxsiy hisobotlarini eshitish va yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
faoliyati sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy choralar ko‘rish, qonun hujjatlarini takomillashtirish takliflarini ishlab chiqish hamda ularni “O‘zmeliomashlizing” DUK rahbariyatiga kiritish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK rahbariyatiga mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va xodimlarini, “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillarini va “Meliomashlizingservis” MCHJ xodimlarini rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimida keyinchalik qolish yoki qolmaslik maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida takliflar kiritish, ularning funksional majburiyatlar va zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishi uchun shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq “O‘zmeliomashlizing” DUK tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali bunday holatlar sodir etilishiga ko‘maklashadigan sabablar hamda sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
ijrochi direktorga lizing xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanish samaradorligi hamda sifatini oshirishga oid takliflar kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil qilish, aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy shaxslarni hamda yuridik shaxslar vakillarini muntazam shaxsan qabul qilish, shu jumladan sayyor qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, qabulxonalar faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushadigan murojaatlari o‘z vaqtida hamda to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirlariga kiritilgan axborot va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya etish.
3-§ “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparati
23. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparati “O‘zmeliomashlizing” DUKning joriy faoliyatini ta’minlaydi.
24. Ijrochi direktor “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining rahbari hisoblanadi.
25. Quyidagilar “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari bilan birgalikda “O‘zmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini ta’minlash;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatini, ijrochi direktor va uning o‘rinbosarini tashkiliy hamda tahliliy axborot bilan ta’minlash;
davlat boshqaruvi organlari faoliyati huquqiy ta’minlanishini tashkil etish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xo‘jalik masalalari va boshqa masalalarni hal etish;
ijro intizomiga rioya etilishini ta’minlash.
26. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparati o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati tashkil etilishini ta’minlaydi;
xorijiy investorlar, moliya institutlari va donor tashkilotlar bilan investitsiyalar jalb qilish yuzasidan muzokaralar o‘tkazadi;
mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan lizing obyektlarini xarid qilish faoliyatini tashkil qiladi;
bo‘lajak lizing oluvchilar tomonidan lizing obyektlarini olish uchun taqdim etilgan loyihalar va hujjatlar iqtisodiy tahlil etilishini ta’minlaydi, lizing obyektlarini berish yoki berishni rad etish haqida xulosa beradi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati huquqiy ta’minlanishini tashkil qiladi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati va uning rahbariyatini tashkiliy hamda tahliliy axborot bilan ta’minlaydi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladigan hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishini, iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etadi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat qarorlarining bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qiladi;
lizing oluvchilarga lizing asosida zamonaviy lizing obyektlari yetkazib berilishini ta’minlaydi;
lizingga berilgan lizing obyektlariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy servis xizmatlari ko‘rsatilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, lizing obyektlarining texnik holati, ulardan maqsadli hamda samarali foydalanish bo‘yicha tizimli monitoringni tashkil etadi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari faoliyatiga rahbarlik qiladi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
qarzlarni undirish faoliyatini amalga oshiradi, tegishli materiallarni sudga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan boshqa operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xo‘jalik masalalari va boshqa masalalarni hal etadi.
27. Ijro etuvchi apparat tarkibiga “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari ham kiradi.
28. Quyidagilar “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli hududda “O‘zmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish;
joylarda lizing obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
joylardagi tashkilotlarning “O‘zmeliomashlizing” DUK tomonidan beriladigan lizing obyektlariga bo‘lgan ehtiyojini tahlil qilish va umumlashtirish;
“O‘zmeliomashlizing” DUK markaziy apparati bilan hamkorlik qilish;
“Meliomashlizingservis” MCHJning joylardagi filiallari bilan hamkorlik qilish.
29. “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari o‘zlariga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
joylarda tashkilotlarning lizing obyektlarini xarid qilish ehtiyojini o‘rganadi;
“Meliomashlizingservis” MCHJning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi filiallari vakillari bilan birgalikda “O‘zmeliomashlizing” DUK lizing oluvchilariga berilgan lizing obyektlari hisobini yuritadi;
lizing oluvchilar tomonidan lizing obyektlari saqlanishini, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qiladi va natijalar asosida lizing oluvchining vakili ishtirokida dalolatnomani rasmiylashtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan foydalanilayotgan lizing obyektlarini ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha “O‘zmeliomashlizing” DUK rahbariyatiga, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari va mahalliy ijro hokimiyati organlariga aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etishda yordam berish uchun yozma xulosa kiritadi;
(29-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
“O‘zmeliomashlizing” DUK mablag‘lari hisobidan lizing shartnomalari tuzilgan boshqa lizing oluvchilar foydalanayotgan lizing obyektlari monitoringi natijalariga ko‘ra, nuqson dalolatnomalari tuzadi va ularni tegishli choralar ko‘rish uchun “O‘zmeliomashlizing” DUKka va lizing oluvchining kafiliga topshiradi;
lizing oluvchilardan lizing to‘lovlari, “O‘zmeliomashlizing” DUK bilan tuzilgan shartnomalari bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda oladi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun, jumladan, bo‘lajak lizing oluvchining to‘lovga layoqatliligi, moliyaviy ahvoli va boshqa imkoniyatlari, kafillar to‘g‘risida va boshqa zarur axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
lizing shartnomasi yoki kafillikni rasmiylashtirishda, sudda esa “O‘zmeliomashlizing” DUK manfaatlariga daxldor masalalarni ko‘rib chiqishda “O‘zmeliomashlizing” DUKning vakolatli vakili sifatida va “O‘zmeliomashlizing” DUK nomidan ishtirok etadi;
joylarda lizing obyektlari buzilgani to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lganda, bu haqida “Meliomashlizingservis” MCHJ filiallari vakillariga yoki markaziy apparatiga xabar beradi, servis xizmatlari ko‘rsatilishiga ko‘maklashadi va natijalari xususida “O‘zmeliomashlizing” DUKka ma’lumot beradi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatiga lizing obyektlari va lizing oluvchilar haqida zarur axborot beradi.
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari ijrochi direktor va uning o‘rinbosari topshirig‘iga binoan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-§ “O‘zmeliomashlizing” DUK rahbarlari va vakillarining javobgarligi
30. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori:
“O‘zmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Ustavning 13-bandida nazarda tutilgan “O‘zmeliomashlizing” DUKning javobgarlik sohalari;
ushbu Ustavning 21-bandida qayd etilgan o‘z funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
31. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktorining o‘rinbosari:
“O‘zmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalar “O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalari tomonidan bajarilishi;
ushbu Ustavning 13-bandida nazarda tutilgan “O‘zmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan masalalar yuzasidan javobgarlik sohalari;
ushbu Ustavning 22-bandida qayd etilgan o‘z funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
32. “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari:
tegishli hududda “O‘zmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli hamda o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilish;
ushbu Ustavning 29-bandida qayd etilgan funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun javob beradi.
5-§ “O‘zmeliomashlizing” DUK markaziy apparatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi vakillari bilan o‘zaro hamkorlik tartibi
33. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalarining vakillar bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.
34. “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari bilan hamkorlik qilgan holda:
ijro etuvchi apparat topshiriqlarini “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillariga yetkazadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillariga bevosita tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan so‘rovlar yuboradi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari faoliyatini tekshiradi va o‘rganadi, ularning faoliyat ko‘rsatish amaliyotini umumlashtiradi, ushbu faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari faoliyatini tashkil etish va uning natijalari to‘g‘risidagi hisobot va axborot materiallari, statistika hamda boshqa ma’lumotlar o‘rganilishini tashkil etadi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillaridan kelgan takliflarni ko‘rib chiqadi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK vakillarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirokini tashkil qiladi, ulardan qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha kelgan takliflarni ko‘rib chiqadi.
35. “O‘zmeliomashlizing” DUK vakillari “O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi, jumladan:
“O‘zmeliomashlizing” DUK rahbariyati topshiriqlarining bajarilishi to‘g‘risida axborot beradi;
ijro etuvchi apparatga belgilangan faoliyat sohasiga oid qonun hujjatlarini amalga oshirish natijalari haqida axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklar hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etish natijalari haqida axborot beradi;
“O‘zmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatiga o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan tartib va muddatlarda taqdim etadi;
faoliyatini vakolatli organ tomonidan tekshirish natijalari haqida xabardor qiladi.
5-bob. “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash
36. “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholab boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 09/24/893/1088-son)
6-bob. Ustav fondi
38. Kompaniyaning ustav fondi 5 000 000 000 (besh milliard) so‘mni tashkil qiladi.
39. “O‘zmeliomashlizing” DUKning ustav fondi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
7-bob. “O‘zmeliomashlizing” DUKning mulki va uni realizatsiya qilish tartibi
40. “O‘zmeliomashlizing” DUKning mulki:
ta’sischi tomonidan “O‘zmeliomashlizing” DUKka operativ boshqarish huquqi asosida biriktirilgan mol-mulk;
“O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyatidan olingan daromadlar;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
“O‘zmeliomashlizing” DUK mulkining qiymati “O‘zmeliomashlizing” DUK mustaqil balansida aks ettiriladi.
41. “O‘zmeliomashlizing” DUKda davlat mulkini operativ boshqarish huquqi “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori va ta’sischi tomonidan davlat mulkini topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasi imzolangan kundan boshlab paydo bo‘ladi.
42. “O‘zmeliomashlizing” DUK mulki bo‘linmaydi.
43. “O‘zmeliomashlizing” DUK mulki ta’sischi bilan kelishgan holda, “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori tomonidan quyidagi hollarda tasarruf etiladi:
asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga berish yoki garovga topshirish;
mulkni boshqa tijorat tashkilotlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
“O‘zmeliomashlizing” DUKning tijorat tashkilotlaridagi aksiyalarini (ulushlarini) sotish;
mulkni “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati maqsadlariga mos kelmaydigan boshqa shaklda sotish.
44. “O‘zmeliomashlizing” DUKka tegishli bino va inshootlar (jumladan, qurilishi tugallanmagan), shuningdek, aksiyalar (ulushlar) Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan sotiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zmeliomashlizing” DUKka tegishli bino va inshootlarni (jumladan, qurilishi tugallanmagan), shuningdek, aksiyalarni (ulushlar) sotishdan tushgan mablag‘lar, ularni sotib olish manbalaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat mulkini xususiylashtirishdan olingan mablag‘lar sifatida taqsimlanadi.
(44-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
8-bob. Daromadni (foydani) taqsimlash va zararni qoplash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
45. Direksiyada qoladigan sof foyda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va muassisga ajratmalar to‘langandan keyin korxona tasarrufida qoladi va undan Muassis qaroriga ko‘ra foydalaniladi.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
46. “O‘zmeliomashlizing” DUK daromadini (foydasini) taqsimlash va uning zararlarini qoplash tartibi ta’sischi tomonidan belgilanadi.
47. “O‘zmeliomashlizing” DUK ta’sischisining roziligi bilan zaxira va boshqa maqsadli jamg‘armalar tuzilishi mumkin.
9-bob. Buxgalteriya hisobi va hisoboti
48. “O‘zmeliomashlizing” DUK qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritadi va hisobotni taqdim etadi.
49. “O‘zmeliomashlizing” DUKda buxgalteriya hisobini tashkil etish, uning holati va to‘g‘ri yuritilishi, shuningdek, tegishli organlarga davriy hisobot va boshqa hisobotlarning o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun javobgarlik qonun hujjatlariga muvofiq ijrochi direktor zimmasiga yuklanadi.
50. “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’sischi, soliq va moliya organlari, o‘z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlari, shuningdek, zarur bo‘lganda, shartnoma asosida auditorlik tashkilotlari tomonidan tekshirilishi mumkin.
10-bob. Nizolarni hal etish
51. “O‘zmeliomashlizing” DUK faoliyati bilan bog‘liq yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
52. “O‘zmeliomashlizing” DUK O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan ta’sischining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida o‘z filiallari va vakolatxonalarini ochishi mumkin. Ular “O‘zmeliomashlizing” DUK tomonidan mulk bilan ta’minlanadi va o‘z faoliyatini “O‘zmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori tasdiqlagan qoidalar asosida amalga oshiradi.
53. Filiallar va vakolatxonalar rahbarlari ijrochi direktor tomonidan ta’sischi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va o‘z faoliyatini “O‘zmeliomashlizing” DUK tomonidan belgilangan tartibda berilgan hamda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida yuritadi.
54. “O‘zmeliomashlizing” DUK qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatiladi va qayta tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 401-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2025-y., 09/25/401/0560-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ba’zi qarorlari
RO‘YXATI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1083-son va “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son qarorlari)” 2009-yil 20-maydagi 142-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 37-modda) 1-ilovaning 23-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (“Qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-240-son Qonuni)” 2011-yil 18-fevraldagi 40-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 2-son, 12-modda) ilovaning 7-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tuzilmasini va faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2012-yil 11-iyuldagi 209-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 7-son, 52-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 29-oktabrdagi PF-3932-sonli Farmoniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” 2013-yil 19-apreldagi PF-4533-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 19-apreldagi PQ-1958-son qarori)” 2013-yil 28-iyundagi 185-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 6-son, 43-modda) ilovaning 1-bandi, 2-band “b” kichik bandining sakson to‘qqizinchi xatboshi va 3-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 5-fevraldagi 54-f-son farmoyishi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2023-y., 09/23/147/0203-son; 20.08.2024-y., 09/24/515/0633-son; 28.12.2024-y., 09/24/893/1088-son; 01.07.2025-y., 09/25/401/0560-son)