Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 29-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2896]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatning “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-iyun,
164-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 29-iyundagi 164-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti (bundan buyon matnda TDYU deb yuritiladi) bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat (bundan buyon matnda suhbat deb yuritiladi):
ularning dunyoqarashini (hozirgi kunda dunyoda roʻy berayotgan asosiy va muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan umumiy xabardorligi);
kasbiy ishtiyoqi va motivatsiyalarini (yurist kasbining mohiyati va mazmuni, uning jamiyatdagi oʻrni va ahamiyati, yuristning kasbiy faoliyat sohalari, ushbu kasbning qiyinchiliklari toʻgʻrisida tasavvurga egalik, yurist kasbini tanlashga undagan sabablar);
umumiy intellektual darajasini (oʻz fikrini aniq-ravshan, mantiqiy va ijodiy bayon qila olish hamda oʻz fikrini asoslantira olish qobiliyati);
maʼnaviy-axloqiy darajasini (qatʼiy maʼnaviy-axloqiy prinsiplarga ega boʻlish, muloqot etikasi va tashqi koʻrinish madaniyatiga rioya etishi) aniqlash nuqtai nazaridan oʻtkaziladi.
2. Suhbat TDYU rektorining buyrugʻi bilan tuziladigan maxsus komissiya (bundan buyon matnda Maxsus komissiya deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
Maxsus komissiya oʻz faoliyatini kollegiallik, oshkoralik, xolislik va betaraflik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Maxsus komissiya tarkibiga TDYU xodimlari bilan bir qatorda boshqa tashkilotlarning vakillari ham ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
Maxsus komissiyaga komissiyaning boshqa aʼzolari faoliyatini oʻzaro umumiy muvofiqlashtiruvchi rais boshchilik qiladi. TDYU rektori lavozimi boʻyicha Maxsus komissiya raisi hisoblanadi. Maxsus komissiya faoliyatini tashkiliy taʼminlash uning kotibiga yuklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Suhbat Adliya vazirligi bilan kelishgan holda TDYU tomonidan belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
4. Suhbat TDYUda taʼlim beriladigan tilida oʻtkaziladi.
5. Suhbatning ushbu Nizomga qatʼiy rioya etgan holda tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun masʼuliyat tegishli oʻquv yili uchun tuziladigan TDYU qabul komissiyasi masʼul kotibiga (bundan buyon matnda masʼul kotib deb yuritiladi) hamda TDYU bakalavriatiga qabul masalalari boʻyicha masʼul kotibning oʻrinbosariga, Maxsus komissiya aʼzolariga yuklanadi.
2-bob. Suhbat oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish
6. TDYU qabul komissiyasining (bundan buyon matnda Qabul komissiyasi deb yuritiladi) suhbat oʻtkazish boʻyicha ish rejasi Qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Qabul komissiyasining suhbatni tashkil etishdagi asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
suhbat jarayonining adolatli oʻtkazilishini taʼminlash;
suhbat oʻtkazish bilan bogʻliq zarur sharoitlarni yaratish;
TDYUga oʻqishga kirish va unda taʼlim olish, shuningdek TDYUda yaratilgan sharoitlar haqida xorijiy fuqarolarga axborotlar va maʼlumotnomalar taqdim etish, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali;
xorijiy fuqarolarga suhbatning natijalari haqida maʼlumot taqdim etish.
8. Binolar va auditoriyalarni suhbat oʻtkazish uchun tayyorlash masʼuliyati TDYU bakalavriatiga qabul masalalari boʻyicha masʼul kotibning oʻrinbosari zimmasiga yuklanadi.
9. Suhbat oʻtkaziladigan binoda suhbat oʻtkazish jarayoni uchun zarur boʻlgan texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilishi lozim. Binolar va auditoriyalar sanitariya va yongʻin xavfsizligi qoidalariga toʻliq javob berishi shart.
10. Suhbat savollarini tuzish uchun ekspert guruhi tashkil etiladi. Ekspert guruhi tegishli sohaning malakali mutaxassislari orasidan shakllantiriladi. Ekspert guruhi faoliyatiga Qabul komissiyasi raisi rahbarlik qiladi.
11. Savollar mazkur Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan mezonlar kesimida tuziladi.
12. Savollarni tuzishda quyidagi talablarga alohida eʼtibor qaratiladi:
savollar loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etilishi hamda tahliliy fikrlash qobiliyatini aniqlashga qaratilgan boʻlishi lozim;
Oldingi tahrirga qarang.
savollar oʻrta maxsus va professional taʼlim darajasiga mos boʻlishi lozim;
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
savollarda foydalanilgan tushunchalar va atamalar ularni turlicha izohlash imkoniyatini istisno etishi lozim;
savollar orfografik, stilistik va grammatik jihatdan toʻgʻri shakllantirilgan boʻlishi lozim.
13. Tuziladigan savollarning sifati va mazmuni boʻyicha masʼuliyat ekspert guruhi aʼzolariga yuklanadi.
14. Suhbat oʻtkazish uchun savollar Qabul komissiyasi raisiga topshirilgan vaqtdan boshlab ekspert guruhi oʻz faoliyatini tugatadi. Tuzilgan savollar biletlarni shakllantirish uchun topshirilgunga qadar Qabul komissiyasi raisida saqlanadi.
15. Tuzilgan savollar suhbat oʻtkazilishidan bir kun oldin suhbat biletlarini shakllantirish uchun masʼul kotibga topshiriladi. Har bir bilet toʻrtta savoldan iborat boʻlishi lozim (ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan har bir mezon boʻyicha bittadan).
Shakllantirilgan biletlar konvertlarga joylashtiriladi va Qabul komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi hamda masʼul kotibda saqlanadi.
3-bob. Suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash
16. Xorijiy fuqarolarning suhbatdan oʻtishi majburiy hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xorijiy fuqarolar bilan suhbat bevosita yoki zaruratga koʻra masofaviy (onlayn) tarzda amalga oshiriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
17. Suhbat oʻtkazish jadvali masʼul kotibning taqdimnomasiga binoan TDYU rektorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Suhbatdan oʻtuvchi xorijiy fuqarolarning roʻyxati buyruqqa ilova qilinadi.
18. Suhbat oʻtkazish jadvali, qoida tariqasida, suhbat boshlanishidan bir oy oldin TDYU veb-saytida joylashtiriladi.
19. Suhbat, qoida tariqasida, TDYU binolarida oʻtkaziladi.
20. Xorijiy fuqarolar suhbat oʻtkazish uchun binoga tegishli navbat boʻyicha olib kiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Masofaviy (onlayn) suhbat kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu kommunikatsiya texnologiyalari abituriyentning shaxsini tasdiqlash imkonini beradigan texnik talablarga javob berishi lozim.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
21. Xorijiy fuqaro tomonidan suhbatga mobil telefon va boshqa aloqa vositalarining olib kirilishi va ulardan foydalanilishi qatʼiyan taqiqlanadi.
22. Xorijiy fuqaro auditoriyaga Maxsus komissiya kotibi tomonidan taklif etiladi.
23. Suhbatdan oldin xorijiy fuqaro pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatni koʻrsatishi shart.
24. Suhbat oʻtkazishda xorijiy fuqaro savollar berilgan biletni tanlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Masofaviy (onlayn) suhbatda xorijiy fuqaro tomonidan savollar berilgan biletni tanlash masofaviy tarzda (tegishli bilet raqamini real vaqt rejimida tanlash orqali) amalga oshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
25. Bilet olinganidan soʻng xorijiy fuqaroga suhbatga tayyorlanish uchun 20 daqiqa ajratiladi. Bunda xorijiy fuqaro suhbatga tayyorlanish uchun qogʻoz varaqlardan foydalanishi mumkin. Qogʻoz varaqlarni taqdim etish uchun masʼuliyat Maxsus komissiya zimmasiga yuklanadi.
26. Suhbatdan oʻtish jarayonida xorijiy fuqaroga bilet mazmuni boʻyicha qoʻshimcha savollar berilishi mumkin. Bitta xorijiy fuqaro bilan suhbat 15 minutgacha davom etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Suhbat natijalari uning bevosita yoki masofaviy (onlayn) tarzda oʻtkazilishidan qatʼi nazar ballar qoʻyish yoʻli bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan har bir mezon boʻyicha ballarning eng yuqori miqdori 25 ballni tashkil etadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
28. Xorijiy fuqaro jadval boʻyicha suhbatga kelmagan hollarda 0 ball qoʻyiladi.
29. Suhbat natijalarini belgilash uchun Maxsus komissiyaning har bir aʼzosi boshqa aʼzolardan mustaqil ravishda mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan shakldagi baholash varagʻini toʻldirib, uni imzolaydi hamda Maxsus komissiyaning kotibiga topshiradi. Maxsus komissiyaning kotibi xorijiy fuqaroga Maxsus komissiya aʼzolari tomonidan qoʻyilgan oʻrtacha ballni hisoblab chiqadi.
30. Xorijiy fuqaro 55 balldan yuqori ball toʻplaganda suhbatdan oʻtgan hisoblanadi.
31. Suhbatdan oʻtgan xorijiy fuqarolar roʻyxati ular tomonidan toʻplangan ballar asosida reyting tizimiga muvofiq aniqlanadi.
32. Suhbat jarayoni va natijalari Maxsus komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan va TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadigan yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi.
Suhbat jarayoni va natijalarini qayd etish uchun video- va audioyozuv qoʻllanishi mumkin. Bunday hollarda video- va audioyozuv 24 soat ichida Maxsus komissiya raisiga taqdim etiladi.
33. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbatni qayta oʻtkazish taqiqlanadi.
34. Suhbat natijalari shikoyat qilinishi va apellyatsiya tartibida koʻrilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Suhbat natijalariga koʻra TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida TDYU rektori tomonidan buyruq qabul qilinadi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-dekabrdagi 24-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2896-1, 28.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)
36. Suhbat natijalari butun suhbat jarayoni oʻtkazilgandan soʻng keyingi ish kunida TDYU veb-saytida eʼlon qilinadi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
37. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
38. Mazkur Nizom Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
2017-yil 27-iyun
Adliya vaziri oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E. KANYAZOV
2017-yil 27-iyun
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
|
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqaroni qabul qilish uchun oʻtkazilgan suhbat javoblarini | |||||||
| | | | | | | Sana __________________ | |
| Xorijiy fuqaroning F.I.O._________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________________________ | |||||||
|
T/r |
Baholash mezonlari |
Ballar | |||||
|
1. |
Dunyoqarashi |
| |||||
|
2. |
Kasbiy ishtiyoqi va motivatsiyalari |
| |||||
|
3. |
Umumiy intellektual darajasi |
| |||||
|
4. |
Maʼnaviy-axloqiy darajasi |
| |||||
|
Jami ballar: |
| ||||||
| Izoh::_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________. | |||||||
| Maxsus komissiya aʼzosi: | | | | | |||
| ____________________________________________________________________ |
___________________ | ||||||
|
(F.I.O.) |
(imzo) | ||||||
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 602-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son, 28.12.2021-y., 10/21/2896-1/1210-son)