Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2015-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. Abdusamatovning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining (bundan buyon matnda Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi deb yuritiladi) 2015-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini eshitib va muhokama qilib, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2015-yildagi faoliyati qonun hujjatlarida uning zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq amalga oshirilganligini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015-yil 16-mayda qabul qilingan SQ-36-III-sonli Qarorida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilganligini qayd etadi.
Hisobot yilida atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni tiklash ustidan davlat nazoratini amalga oshirishni kuchaytirish, atrof-muhitning qulay ekologik holatini taʼminlash va uni sogʻlomlashtirish, shuningdek sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirishni davom ettirish Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining ustuvor vazifalari etib belgilab olindi.
Jumladan, tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalariga kelib tushgan mablagʻlar 23 foizga koʻpaydi va 16,0 mlrd soʻmdan ortiqni tashkil etdi. Davlat budjetiga oʻtkazilgan mablagʻlar hajmi 44 foizga koʻpayib, 9,0 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni tashkil etdi. Tabiatni muhofaza qilishga sarflangan xarajatlar esa 10 foizga koʻpayib, 1,1 mlrd soʻmdan ortiqroqni tashkil etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-mayda qabul qilingan 142-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturidagi hamda 2015-yilda respublika baliqchilik sohasini rivojlantirish va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturidagi tadbirlarni bajarish yuzasidan vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirildi.
Hisobot davrida tabiiy suv havzalarining 555,4 ming gektar maydonidan 352,4 ming gektari baliqchilik korxonalariga ijaraga berildi. Respublikaning tabiiy suv havzalarida 22,0 ming tonnadan ortiq, sunʼiy suv havzalarida 38,0 ming tonnadan ortiq baliq ovlandi. Tabiiy suv havzalariga 3,9 milliondan ortiq ovlanadigan mayda baliqlar qoʻyib yuborildi.
Jamoat ekologik nazoratini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida respublikamizning barcha mintaqalarida keng tushuntirish ishlari olib borildi, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining 20 mingdan ziyod vakillaridan iborat boʻlgan ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlariga nomzodlar roʻyxati shakllantirildi.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy va biologik resurslardan oqilona foydalanish hamda ularni tiklash yuzasidan 2015-yilda 14 ta mintaqaviy dastur taklif etildi va ular hukumat tomonidan maʼqullandi.
Dasturlarga muvofiq 6 ta yangi inkubatsion sex, 7 ta pitomnik va asalari bilan shugʻullanuvchi 24 ta xoʻjalik tashkil etildi. 448,43 ga buzilgan yerlar yaroqli holga keltirildi.
Ijtimoiy obyektlarga ishlab chiqarish quvvati 74 kVt elektr energiyaga teng boʻlgan 307 ta quyosh paneli oʻrnatildi. Natijada 1,7 ming kub. metr tabiiy gaz tejaldi, atmosfera havosiga uglerod oksidi chiqarilishi 3,2 tonnaga kamaydi.
2015-yil mobaynida 4,17 mingta ekologik sertifikat berildi (2014-yil bilan taqqoslaganda bu koʻrsatkich 20 foizga ortdi), shulardan 2,7 mingtasi ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari va xizmatlar uchun hamda 1,4 mingtasi ekologik xavfli chiqindi va mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun berildi.
Amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bilan bir qatorda hal etilishi zarur boʻlgan ayrim kamchilik hamda muammolar mavjud.
Jumladan atrof muhitni ifloslantiruvchi manbalar yuzasidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalari Andijon viloyatining Andijon, Asaka shaharlarida (tozalash inshootlarining tozalash samaradorligi 40 foizdan oshmaydi), Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Pen-Sheng” qoʻshma korxonasida, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida, Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida, Xorazm viloyatining Urganch, Pitnak, Xiva shaharlarida, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida va “Biokimyo” AJ aeratsiya stansiyasida tozalash inshootlari samarasiz ishlayotganligini koʻrsatmoqda. Toshkent viloyatidagi “YuTM parranda” va “Gʻazalkentoyna” korxonalarining tozalash inshootlari esa umuman ishlamayapti.
Shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 315-sonli qarori talablari ijrosi yetarli darajada taʼminlanmagan. 2015-yilda respublika boʻyicha chiqindilarni toʻplashga moʻljallangan qoʻshimcha 2120 ta punkt qurilishi rejalashtirilgani holda atigi 808 tasi yoki 38% qurilgan.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatining 2015-yil 16-mayda qabul qilingan SQ-36-III-sonli Qarori bilan Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi zimmasiga boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻsimlik va hayvonot olami xilma-xilligini taʼminlash mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, oʻsimlik va hayvonot olami obyektlarining davlat hisobi va kadastrini yuritish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish hamda amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish topshirigʻi yuklatilgan edi.
Biroq, Senatning ushbu topshirigʻi bajarilmagan. Bu esa, oʻz navbatida oʻsimlik va hayvonot olami xilma-xilligini taʼminlash borasidagi amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Shuningdek, 2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturini roʻyobga chiqarishda ham qator kamchiliklar mavjud.
Jumladan, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ushbu Dasturning ijro etilishi ustidan tegishli nazorat oʻrnatilmadi. Natijada Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida tozalash inshootlarini qayta qurish, uning bazasida agregatlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, quvvati 450 MVt boʻlgan ikkinchi bugʻ-gaz uskunasini qurish orqali “Navoiy IES” aksiyadorlik jamiyatini kengaytirish, OTMK aksiyadorlik jamiyatining “Qalmoqir” ruda koni tuproqlarini qayta ishlash borasidagi ishlar hanuzgacha boshlanmagan.
Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlari normalarining talablari lozim darajada bajarilmagan.
Xususan, “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi amaldagi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmaganligi huquqni qoʻllash amaliyotida muammolarga olib kelmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2015-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yuzasidan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish hamda amalga oshirish sohasida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tuzilmalari ishlarining samaradorligini oshirish zarurligi alohida qayd etilsin.
3. Kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (B. Abdusamatov):
2016 — 2020-yillarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks reja ishlab chiqsin;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirsin hamda davlat nazoratini kuchaytirishga doir ishlar samaradorligini oshirsin;
“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining soʻzsiz ijro etilishini taʼminlasin;
boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda Ekologik nazorat jamoat inspektorlarini maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul qilsin;
tabiatni muhofaza qilish faoliyatini tarmoqlararo kompleks boshqarish, atrof muhitning ekologik holatini yaxshilash va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid faoliyatini kuchaytirsin;
2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturidagi va tegishli hududiy dasturlardagi tadbirlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari bilan hamkorlikda chiqindilarni qayta ishlovchi, resurs tejaydigan, kam chiqindi chiqaradigan yoki chiqindi chiqarmaydigan texnologiyalarni qoʻllashga doir tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan harakatlarni kuchaytirsin;
respublikadagi ekologik muammolarni hal etishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va bu jarayonga donorlarning texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
tabiatni muhofaza qilish borasidagi bilimlarni targʻib qilish, fuqarolarni tabiiy resurslarga ehtiyotkor munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash boʻyicha ishlarni kuchaytirsin, shuningdek ekologik taʼlim saviyasini oshirishga doir tadbirlarni faollashtirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalarini roʻyobga chiqarishga doir qonun hujjatlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
“Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekenergo” AK, Olmaliq KMK AJning 2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhitni muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturiga kiritilgan tegishli tadbirlarining oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
5. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (B. Abdusamatov), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi (Sh. Salixov), Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Teshayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Alimov), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (S. Arabov) bir oy muddatda Senatning 2015-yil 16-mayda qabul qilingan SQ-36-III-sonli Qarori 4-bandining bajarilmaganligi sabablari toʻgʻrisida Senatga axborot taqdim etsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi axborotini, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hududiy tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitib borish;
tegishli choralar koʻrish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining, tabiatni muhofaza qilish dasturlarining ijro etilishini vaqti-vaqti bilan oʻrganish tavsiya etilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturining, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli hududiy kompleks chora-tadbirlarning roʻyobga chiqarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 315-sonli qarorining ijro etilishini taʼminlasin;
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni koʻrsin.
8. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (B. Abdusamatov):
ushbu Qaror talablarining ijro etilishiga doir kompleks chora-tadbirlarni qabul qilsin;
ushbu Qaror ijrosi toʻgʻrisida Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasiga yilning har choragida axborot taqdim etilishini taʼminlasin.
9. Ushbu Qaror ijro etilishini nazorat qilish Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (B. Tajiyev) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2016-yil 1-aprel,
SQ-85-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 4-son, 127-modda)