Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2014-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. Abdusamatovning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2014-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati shuni qayd etadiki, mazkur Qoʻmita tomonidan hisobot davrida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni tiklash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish faoliyatini tarmoqlararo kopleks boshqarish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish hamda yuritish, atrof muhit qulay ekologik holatda boʻlishini taʼminlash va ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish yuzasidan muayyan ishlar bajarildi.
Oliy Majlis Senatining 2014-yil 11-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2013-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi qarorini bajarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi.
Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish maqsadida atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 159 mingdan ziyod xoʻjalik yurituvchi subyekt inventarizatsiya qilindi. Natijada davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilmagan 18 mingdan ziyod xoʻjalik yurituvchi subyekt hamda ekologik sertifikatsiz faoliyat koʻrsatayotgan 7,6 mingta xoʻjalik yurituvchi subyekt aniqlandi. Atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 186 ta obyektning faoliyati toʻxtatildi. Natijada atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi 7,0 tonnaga kamaydi.
2013-yil 27-dekabrda “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan davlat ekologik nazorati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari kuchaytirildi. Tegishli tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Jumladan, resurslarni tejovchi, chiqindi chiqarmaydigan va kam chiqindi chiqaradigan texnologiyalarni tatbiq etishga doir tadbirlar tegishli idoralar tomonidan oʻtkazildi. Koʻkdumaloq neft-gaz konlaridagi yoʻldosh neft va past bosimli gazlarni utilizatsiya qilish uchun asbob-uskunalar oʻrnatish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi 280 ming tonnaga kamayishiga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 31-oktabrdagi 292-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit davlat monitoringi dasturining ijro etilishini taʼminlash boʻyicha ishlar muntazam olib borildi. 390 ta korxonada atrof muhitni ifloslantiruvchi manbalar monitoringi oʻtkazildi. Atrof muhitni ifloslantiruvchi 9 234 ta manba tekshirildi. Oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida belgilangan normalardan oshib ketgan 523 ta holat aniqlandi.
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish borasidagi muayyan ishlar va erishilgan natijalar bilan bir qatorda hal etilishi talab etilayotgan ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi 142-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhit muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturini roʻyobga chiqarishda kamchiliklar mavjud. Jumladan, taqdim etilgan axborotga koʻra, Andijon shahridagi tozalash inshootlarini qayta taʼmirlash ishlari toʻliq amalga oshirilmayapti. “Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyatida karbamid va ammiak selitrasi ishlab chiqarishni qayta taʼmirlash va modernizatsiyalash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilmadi. Shuningdek, “Shoʻrtan GKM” UShK obyektlarida mavjud oltingugurt olish qurilmasini toʻgʻridan toʻgʻri oksidlash usuli bilan modernizatsiyalash ishlari lozim darajada bajarilmayapti. Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi bazasida 500 ming tonna neftning moy fraksiyalarini qayta ishlashga moʻljallangan gidrologik qulaylashtiruvchi qurilma barpo etilishiga yetarli eʼtibor berilmayapti. Fargʻona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarida tiniq neft mahsulotlari chiqarilishini 95 foizgacha oshirish imkonini beradigan agregatlarni modernizatsiya qilish va qayta qurish boʻyicha ishlar boshlanmagan.
Huquqni qoʻllash amaliyoti tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi va “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining oʻsimlik dunyosi obyektlari va ulardan foydalanishning davlat hisobi olib borilishi, oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri yuritilishi, shuningdek hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olishni amalga oshirish va hayvonot dunyosi kadastri yuritilishi bilan bogʻliq talablari bajarilishi lozim darajada taʼminlanmagan.
Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqilishini nazarda tutuvchi qonun hujjatlari normalarining talablari zarur darajada bajarilmagan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-martdagi 109-sonli Qarori bilan Moliya vazirligining hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining zimmasiga Qizil kitobni yuritish bilan bogʻliq ishlarni moliyaviy jihatdan taʼminlash tartibini ishlab chiqish yuklatilgan. Ushbu tartib hozirgi vaqtgacha ishlab chiqilmagan.
“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan idoraviy, ishlab chiqarish, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi, ekologik xizmat haqidagi, shuningdek ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarning tasdiqlanishini nazarda tutadigan 10-moddasi talabi hozirgi vaqtgacha bajarilmagan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 63-bandi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibini belgilashi zarurligi toʻgʻrisidagi talabining bajarilishi taʼminlanmagan.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2014-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining atrof muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalarining faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi alohida qayd etilsin.
3. Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va bundan buyon ularning qaytarilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (B.Abdusamatov):
atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni qayta tiklash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish faoliyatini tarmoqlararo kopleks boshqarish, atrof muhit qulay ekologik holatda boʻlishini taʼminlash, ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha faoliyatini kuchaytirsin;
“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining talablari soʻzsiz ijro etilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi 142-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhiti muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturining samarali roʻyobga chiqarilishini taʼminlasin;
tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga doir faoliyatini kuchaytirsin, shuningdek davlatning atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining ishtiroki samaradorligini oshirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, milliy qonunchilikni, huquqni qoʻllash amaliyotini chuqur tahlil qilish hamda xalqaro tajribani oʻrganish asosida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda vakolatli davlat organlariga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-martdagi 109-sonli qarorida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 63-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning ishlab chiqilishini va qabul qilinishini taʼminlasin;
fuqarolarni tabiatga, uning boyliklariga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash, tabiat haqidagi bilimlarni targʻib qilish va tarqatish boʻyicha ishlarini faollashtirsin, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ekologik taʼlim darajasini yuksaltirishdagi ishtiroki samaradorligini oshirsin;
sanoatning barcha tarmoqlarida va ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlarda noanʼanaviy resurslarni hamda energiyaning muqobil manbalarini joriy etishga doir tadbirlarni faol olib borsin;
mamlakatdagi ekologik muammolarni hal qilishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faoliyatini davom ettirsin.
4. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (B. Abdusamatov) Fanlar akademiyasi (Sh. Salixov), Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Teshayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Alimov), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi (S. Arabov) bilan birgalikda:
oʻsimlik va hayvonot dunyosi xilma-xilligini taʼminlash mexanizmini takomillashtirish maqsadida mamlakatimizda oʻsimlik dunyosi obyektlari va ulardan foydalanishning davlat hisobi olib borilishi, oʻsimlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri yuritilishi hamda hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olishni amalga oshirish va hayvonot dunyosi kadastri yuritilishi bilan bogʻliq ishlar holatini tanqidiy oʻrgansin, oʻrganish yakunlari boʻyicha ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari davlat hisobi kadastri yuritilishi masalalarini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani tahlil qilsin va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida nazarda tutilgan namunaviy nizomlar ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin;
“Oʻzkommunxizmat” agentligi, “Oʻzbekneftgaz” MXK va “Oʻzkimyosanoat” DAK 2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhiti muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturiga kiritilgan tegishli tadbirlarning oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi axborotini, shuningdek Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitib borish;
tegishli chora-tadbirlar koʻrish uchun atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining, tabiatni muhofaza qilish dasturlarining ijro etilishini vaqti-vaqti bilan oʻrganish hamda tegishli sessiyalarda ularning yakunlarini muhokama qilish tavsiya etilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhiti muhofazasi boʻyicha harakatlar dasturining, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilishga doir tegishli hududiy kompleks chora-tadbirlarning roʻyobga chiqarilishini taʼminlasin;
atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini taʼminlash boʻyicha faoliyatini kuchaytirsin.
8. Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (X.Chinibekov) Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hisobotlarini eshitish jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida bir oylik muddat ichida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining yillik hisobotini Oliy Majlis Senati tomonidan eshitish tartibini ishlab chiqsin hamda koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatining Kengashiga kiritsin.
9. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (B. Abdusamatov), Fanlar akademiyasi (Sh. Salixov), Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Teshayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Alimov), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi (S. Arabov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu Qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisidagi axborotni 2016-yilning 15-fevraliga qadar Oliy Majlis Senatiga taqdim etsin.
10. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (X.Chinibekov) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2015-yil 16-may,
SQ-36-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 5-son, 204-modda)