O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining
Qarori
Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolarni hal etishda qonun hujjatlarining to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Xo‘jalik sudlarining e’tibori davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ishlar, agar nizo iqtisodiyot sohasidan kelib chiqqan va uni hal etish qonun hujjatlari bilan boshqa davlat organining vakolatiga kiritilmagan bo‘lsa, xo‘jalik sudiga taalluqli ekanligiga qaratilsin. Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda xo‘jalik sudlari (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (bundan buyon matnda Soliq kodeksi deb yuritiladi), “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlariga amal qilishi lozim.
2. Davlat organlari deganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Respublika davlat boshqaruvi organlari ro‘yxatida ko‘rsatilgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, qo‘mitalar, markazlar, inspeksiyalar va ularning hududiy organlari, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 22-moddasining birinchi qismiga muvofiq mahalliy ijroiya hokimiyati organlari (viloyat, tuman va shahar hokimliklari) va huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan boshqa organlar tushuniladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari deganda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining birinchi qismiga muvofiq shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yig‘inlari tushuniladi.
Boshqa organlarning hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi arizalar bundan mustasno.
3. Mansabdor shaxs deganda doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs tushuniladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
4. Har qanday manfaatdor shaxs O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasi, XPK 1-moddasining birinchi qismi, 23-moddasi birinchi qismining 1-bandi, ikkinchi qismi, 24-moddasi birinchi qismining 9-bandi, FKning 12-moddasi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida, agar nizolashilayotgan hujjat to‘la yoki uning ma’lum qismi (alohida qoidalari) qonun hujjatlariga muvofiq emas, uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadi, shuningdek uning zimmasiga noqonuniy ravishda biron bir majburiyat yuklaydi yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa to‘siqlarni vujudga keltirib chiqaradi deb hisoblasa, XPKda belgilangan tartibda sudga ariza bilan murojaat qilishga haqli.
Mazkur Qarorning 3-bandida ko‘rsatilgan shaxslarning, shuningdek xalqaro tashkilotning yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organi mansabdor shaxslarining qarorlari hamda harakatlari (harakatsizligi) ustidan nizolashish, agar bunday qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi qoidalaridan kelib chiqsa, xo‘jalik sudi sudloviga taalluqli emas. Xususan, dastlabki tergov organining mol- mulklarga band solish, moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha hujjatli taftish tayinlash va boshqa holatlar yuzasidan qabul qilgan qarorlari, nazorat qiluvchi organining xo‘jalik yurituvchi subyekt mansabdor shaxsini ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ishlar xo‘jalik sudi sudloviga taalluqli emas.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
4.1. Qonunga xilof harakatlar sifatida yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan oqibatlarni vujudga keltiruvchi holatlar, ya’ni mansabdor shaxsning qonun va qonunosti hujjatlarga, shu jumladan, tegishli tartibda tasdiqlangan nizom va yo‘riqnomalarga zid ravishda harakatlar qilishi tushuniladi.
Qonunga xilof harakatsizlik deganda mansabdor shaxsning o‘z xizmat vakolati bo‘yicha amalga oshirishi lozim bo‘lgan harakatlarni sodir etmasligi tushuniladi.
Sudlar harakatlar (harakatsizlik) turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘lishi bois, har bir vaziyatda guvohlarning ko‘rsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan isbotlashning boshqa vositalari orqali mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) qonunga xilofligini aniqlashi lozim.
4.2. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa to‘siqlar hujjatning haqiqiyligi haqida hujjat talab qilish, uni yangilashni so‘rash, qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirish yoki qo‘shimcha hujjatlar talab qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishga to‘sqinlik qilish yoki asossiz ravishda yangi ish o‘rinlari yaratishni talab qilish va shu kabilarda namoyon bo‘lishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlari deganda qonun bilan qo‘riqlanadigan, boshqa shaxslarning manfaatlariga zid kelmaydigan va huquqlariga putur yetkazmaydigan, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan, tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli va normal amalga oshirish bilan bog‘liq manfaatlar tushuniladi.
4.3. Prokuror, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan hollarda davlat va jamiyatning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari va boshqa organlar mazkur toifadagi nizolar yuzasidan XPKda belgilangan tartibda sudga ariza taqdim etishi mumkin.
4.4. Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi o‘zining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan taqdirda, bunday arizani qanoatlantirish rad etiladi, mulk huquqini belgilaydigan hujjatni haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bundan mustasno.
5. Agar qonun hujjatlarida boshqacha muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza sudga manfaatdor shaxs tomonidan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida unga ma’lum bo‘lganidan keyin berilishi mumkin.
5.1. Agar davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxslarining harakatlari natijasida tashkilotlar va fuqarolarga nisbatan huquq va majburiyat keltirib chiqaruvchi hujjat qabul qilinsa, manfaatdor shaxs mansabdor shaxslarning harakatlarini qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan emas, balki shunday harakatlar natijasida qabul qilingan hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
5.2. Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan da’vo muddati qo‘llanilmaydi, qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno. Bunda sudlarning e’tibori qaratilsinki, ma’muriy-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarida maxsus da’vo muddati belgilangan bo‘lsa, fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan da’vo muddati emas, balki ushbu muddat qo‘llaniladi.
Ma’muriy-huquqiy munosabatni tartibga soluvchi qonun hujjatida belgilangan da’vo muddatining o‘tganligi bildirilgan talabni qanoatlantirishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Fuqaroviy-huquqiy oqibatlar vujudga keltiruvchi davlat organining hujjatini haqiqiy emas deb topishda FKda nazarda tutilgan da’vo muddati qo‘llaniladi.
6. Davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizada XPK 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar, shu jumladan:
1) nizolashilayotgan hujjatni qabul qilgan davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining nomi;
2) nizolashilayotgan hujjatning nomi, tartib raqami, chiqarilgan sanasi va boshqa ma’lumotlar;
3) arizachining fikriga ko‘ra, nizolashilayotgan hujjat yoki uning ma’lum qismi (alohida qoidalari) bilan buzilayotgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari;
4) arizachining fikriga ko‘ra, nizolashilayotgan hujjat yoki uning ma’lum qismiga (alohida qoidalariga) muvofiq bo‘lmagan qonun hujjatlari;
5) arizachining nizolashilayotgan hujjat yoki uning ma’lum qismini (alohida qoidalarini) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabi ko‘rsatiladi.
Agar davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qabul qilingan hujjati tufayli zarar yetkazilgan bo‘lsa, arizada yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab ham ko‘rsatilishi mumkin.
6.1. Arizaga XPK 114-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan hujjat nusxasi ilova qilinadi.
Nizolashilayotgan hujjatning nusxasi bo‘lmagan taqdirda, arizachi ushbu hujjatni davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidan talab qilib olish to‘g‘risida sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli. Bunday iltimosnoma arizada yoki alohida arizada bayon etilishi mumkin.
Haqiqiy emas deb topilishi so‘ralayotgan hujjatning arizaga ilova qilinmaganligi arizani XPK118-moddasining birinchi qismiga muvofiq qaytarish uchun asos bo‘lmaydi.
Agar arizada hujjatning sanasi va raqami ko‘rsatilgan bo‘lib, sud tomonidan ishni ko‘rish jarayonida aynan mazkur sanadagi va raqamdagi hujjat mavjud emasligi yoki uning nizoga aloqasi yo‘qligi aniqlansa, bildirilgan talabni qanoatlantirish rad etiladi.
6.2. Mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi arizada XPK 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar, shu jumladan:
1) shikoyat qilinayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining familiyasi, ismi va otasining ismi, mansabi, u mehnat munosabatlarida bo‘lgan tegishli organning nomi;
2) shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) nimada ifodalanishi, harakatlar sodir etilgan sana, vaqt va joy;
3) arizachining fikriga ko‘ra, sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) bilan buzilayotgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari;
4) arizachining fikriga ko‘ra, sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) muvofiq bo‘lmagan qonun hujjatlari;
5) arizachining mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi talabi ko‘rsatiladi.
Sud ijrochisining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi arizada, shuningdek sud ijrochisining ijroga oid shikoyat qilinayotgan harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq ijro hujjati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bayon etiladi.
Agar mansabdor shaxslarning sodir etilgan g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) tufayli zarar yetkazilgan bo‘lsa, arizada yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab ham ko‘rsatilishi mumkin.
6.3. Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilinganda, arizada javobgar sifatida mansabdor shaxs emas, balki davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ko‘rsatiladi. Mansabdor shaxs boshqa ishga o‘tgan yoki egallab turgan lavozimidan ozod etilgan hollarda ham u mehnat munosabatlarida bo‘lgan davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi javobgar bo‘ladi.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, agar arizada javobgar sifatida davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi ko‘rsatilgan bo‘lsa, arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
Agar talab davlat organining o‘ziga emas, balki uning yuridik maqomga ega bo‘lmagan alohida bo‘linmasiga nisbatan taqdim etilgan bo‘lsa, davlat organining o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilish sud tomonidan XPKning 38-moddasiga muvofiq hal etiladi.
6.4. Ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lmish tashkilotning tugatilganligi arizani XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda qabul qilishni rad etishga asos bo‘ladi, ushbu holat ariza ish yuritishga qabul qilingandan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasining 4-bandiga asosan tugatiladi, tashkilotni tugatish to‘g‘risidagi davlat organining hujjati ustidan berilgan ariza bundan mustasno.
Nizolashilayotgan hujjatni chiqargan yoki uning mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi tugatilib, uning vazifalari boshqa davlat organiga berilgan holda, ushbu davlat organi ish bo‘yicha javobgar hisoblanadi. Shu munosabat bilan, sudlar bunday holda tugatilgan davlat organini XPKning 39-moddasiga muvofiq uning huquqiy vorisi bilan almashtirish masalasini hal etishi lozim.
7. Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan qabul qilingan qaror, buyruq, ko‘rsatma, order, guvohnoma va shu kabi huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi boshqa hujjatlar, agarda ular qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmasa yoki tashkilotlar hamda fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan taqdirda, sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Shunday hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi hujjatlar ham sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tekshirish natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni (tovarlarni va hujjatlarni vaqtincha olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnomalarni, ma’lumotnomalarni, xulosalarni, bayonnomalarni va hokazolarni), mansabdor shaxslarning bergan topshiriqlarini (og‘zaki yoki yozma ko‘rsatmalarini, xatlarini), shuningdek biron-bir huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydigan boshqa hujjatlarni (masalan, yer uchastkasini tanlash dalolatnomasini, xulosasini, sud ijrochisining mulkni ko‘zdan kechirish dalolatnomasini va hokazolarni) haqiqiy emas deb topish, davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hujjatlarini bekor qilish, noqonuniy (qonunga xilof), qonuniy deb topish, bekor qilingan hujjatni o‘z kuchida qoldirish, mansabdor shaxslarning harakatlarini (harakatsizligini) haqiqiy emas deb topish, bekor qilish kabi talablar sudda ko‘rib chiqilmaydi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining haqiqiy emas deb topish so‘ralayotgan hujjati fuqaroning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lib, ammo nizo iqtisodiyot sohasida va uni boshqarish jarayonida vujudga kelgan bo‘lmasa, bunday nizo sudga taalluqli hisoblanmaydi. Shu bois, bunday talab bilan sudga murojaat qilinganda, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, shartnomalar va boshqa bitimlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha (masalan, shartnoma bo‘yicha mahsulot haqi to‘lanmaganligi yoki mahsulot yetkazib berilmaganligi uchun) mansabdor shaxslarning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilingan taqdirda, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
9. XPK 55-moddasining birinchi qismiga muvofiq davlat organlari va boshqa organlarning hujjatlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi nizolar ko‘rilganda ushbu hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo‘lgan holatlarni isbotlash majburiyati hujjatni qabul qilgan organ zimmasiga yuklatiladi.
Mansabdor shaxslarning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolar ko‘rilganda, ushbu harakatlarning (harakatsizlikning) qonunga muvofiqligini isbotlash majburiyati tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining zimmasiga yuklatiladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
Agar hujjatni qabul qilgan organ uning qabul qilinishiga asos bo‘lgan holatlarni, shuningdek qabul qilingan hujjatning yoki sodir etilgan harakatning (harakatsizlikning) qonun hujjatlariga muvofiqligini, arizachining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligini isbotlay olmasa, talab qanoatlantiriladi.
O‘z navbatida, arizachi ham nizolashilayotgan hujjat, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini asoslab berishi lozim.
XPKning 55-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi nizolar bo‘yicha isbotlash majburiyati javobgar zimmasiga yuklatilganligi sababli, sudlar javobgarni sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida XPK 124-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilishi lozim. Sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilingan javobgarning sud majlisiga kelmaganligi ishni ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Sudlarga tushuntirilsinki, qabul qilingan hujjat yoki sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqida talab bildirilganda, zarar miqdorini isbotlash majburiyati arizachi zimmasiga yuklatiladi.
10. Davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda arizachining arizasiga ko‘ra, XPK 77-moddasi birinchi qismining 41-bandiga asosan nizolashilayotgan hujjatning ijrosi to‘xtatib turilishi mumkin.
Mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda arizachining arizasiga ko‘ra, XPK 77-moddasi birinchi qismining 2 va 3-bandlarida ko‘rsatilgan da’voni ta’minlash choralari qo‘llanilishi mumkin.
Da’voni ta’minlashga, agar shunday choralarni ko‘rmaslik sud hujjatining ijrosini qiyinlashtirishi yoki bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkin bo‘lsa, xo‘jalik sudlov ishini yuritishning har qanday bosqichida yo‘l qo‘yiladi.
Sudlarning e’tibori, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 19-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlarining ijrosi to‘xtatib turilmasligiga qaratilsin.
11. Sudlar inobatga olishlari lozimki, davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan noqonuniy hujjatlar qabul qilinganligi yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan g‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi natijasida tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda sud da’vogarning arizasi bo‘yicha XPK 76-moddasining ikkinchi qismiga asosan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yavada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2005-yil 14-iyundagi PF-3619-sonli Farmoni 3-bandining talabidan kelib chiqib, sudlar inobatga olishlari lozimki, yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab qanoatlantirilganda, hal qiluv qarorining xulosa qismida zarar tegishli davlat organidan, birinchi navbatda, uning budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan undirilishi ko‘rsatiladi. Shu munosabat bilan, sudlar bunday toifadagi ishlarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va (yoki) uning hududiy organlarini ikkinchi javobgar sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilishi lozim.
12. Mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi majburiy hisoblanmaydi va bunday tartibga rioya qilingan yoki qilinmaganligidan qat’i nazar, agar arizani qabul qilishni rad etish (XPK 117-moddasining birinchi qismi) yoki arizani qaytarish (XPK 118-moddasining birinchi qismi) uchun asoslar bo‘lmasa, ariza ish yuritishga qabul qilinishi shart.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar xo‘jalik sudlari tomonidan mazkur toifadagi ishlar XPKda nazarda tutilgan da’vo bo‘yicha ish yuritishning umumiy qoidalari asosida, bunday nizolarni hal etishga oid xususiyatlar inobatga olingan holda, XPK 125-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, arizani ish yuritishga qabul qilish va ishni sudda ko‘rishga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan boshlab o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi (XPK 26-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tomonidan ko‘riladigan hokimiyat oliy organlarining normativ xaraktyerga ega bo‘lmagan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlar bundan mustasno). Ishni ko‘rish jarayonida qarshi da’vo taqdim qilingan taqdirda ham ish o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi (XPK 125-moddasining uchinchi qismiga asosan ishni ko‘rish muddati uzaytirilgan hollar bundan mustasno).
XPK 125-moddasining uchinchi qismiga muvofiq alohida hollarda ishni ko‘rish muddati xo‘jalik sudining raisi tomonidan bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Lekin, ishni ko‘rishning umumiy muddati bir yarim oydan oshishi mumkin emas. Qarshi da’vo ish yurituvga qabul qilinganda ishni ko‘rish yangidan boshlanadi. Ammo, ishni ko‘rish yangidan boshlanishi XPKning 125-moddasida nazarda tutilgan ishni ko‘rish muddatining yangidan hisoblashga asos bo‘lmaydi.
14. Sudlarning e’tibori bu toifadagi ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari javobgar sifatida qatnashishi, ishlarni ko‘rish muddatlarining qisqartirilganligi, nizolashilayotgan hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo‘lgan holatlarni isbotlash majburiyati ularni qabul qilgan davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatilganligi, hujjatning (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan taqdirda ijro varaqasi berilmasligi, sudning hal qiluv qarori darhol ijro etilishi hamda boshqalardan iborat ekanligiga qaratilsin.
15. Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi rahbarlari hamda vakillari tushuntirish berish uchun XPKning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud majlisiga chaqirtirilishlari mumkin.
Ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilingan ushbu shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi ishni ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
16. Sud mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda nizolashilayotgan hujjat yoki uning ma’lum qismi (alohida qoidalari)ning, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi, shuningdek hujjatni qabul qilgan tegishli organ va mansabdor shaxsning vakolatini, iqtisodiyot sohasida arizachining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan yoki buzmaganini aniqlaydi.
17. Sud davlat organi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjati yoki uning ayrim qismlari, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) qonun hujjatlariga muvofiq emasligini hamda buning natijasida arizachining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganini aniqlasa, hujjatni (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb, mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topadi. Bunda ko‘rsatilgan holatlarning bir paytda mavjud bo‘lishiga e’tibor berish kerak.
18. Agar ish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar nizolashilayotgan hujjat uni qabul qilgan organ yoki yuqori turuvchi organ tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, nizo bartaraf etilganligi munosabati bilan hujjatni (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Nizolashilayotgan hujjatning bekor qilinganligi arizachining buzilgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini FKning 11-moddasida nazarda tutilgan usullarda himoya qilish, shu jumladan yetkazilgan zararlarni aybdor shaxslardan undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilish huquqini cheklamaydi.
19. Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hujjatining qabul qilinishi va yuborilishida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan muddatlarning buzilganligi (agar qonun hujjatlarda boshqacha nazarda tutilgan bo‘lmasa), yuriskonsult vizasi va (yoki) yozma xulosasining olinmaganligi, boshqa soha mutaxassislari bilan kelishilmaganligi va shu kabi boshqa holatlar ushbu hujjatning qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjat deb hisoblashga va uni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘lmaydi.
20. Agar talab davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hujjatining bir qismini haqiqiy emas deb topish yuzasidan qo‘yilgan bo‘lsa-da, ammo hujjatning nizolashilayotgan mazkur qismi qonun hujjatlariga muvofiq hamda tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmagan deb topilsa, biroq boshqa qismlari qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmasa, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa ham, sud bildirilgan talabdan chetga chiqish huquqiga ega emasligidan kelib chiqib, talabni qanoatlantirishni rad etadi.
21. Nazorat qiluvchi organning xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy jazo chorasini qo‘llash haqidagi arz qilingan talabini qanoatlantirish to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar, XPK 60-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq aynan shu shaxslar ishtirokchisi bo‘lgan boshqa ishni sud ko‘rayotganda nazorat qiluvchi organ tomonidan yangidan isbot qilinmaydi. Chunki, sud xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda XPK 15517-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan holatlar bilan birga nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshirishning qonuniy o‘tkazilganligi va asosliligi, tekshirishning davriyligi va muddatlari, xo‘jalik yurituvchi subyektning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilmaganligi (tekshirish uchun asos bo‘lgan hujjatlarning taqdim etilganligi, tekshirishlarni qayd etish daftariga yozuvlar kiritilganligi, davlat siri yoki tijorat sirining saqlanishi ta’minlanganligi, tekshirish hujjatlarining rasmiylashtirilganligi va xo‘jalik yurituvchi subyektga topshirilganligi)ga huquqiy baho beradi. Shu munosabat bilan xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy jazo chorasining qo‘llanilishiga asos bo‘lgan nazorat qiluvchi organ hujjatining shu qismini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Ushbu qoida dastlab davlat organining hujjatini haqiqiy emas deb topish, uning mansabdor shaxsining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida ish ko‘rilgan bo‘lib, so‘ngra xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida talab bildirilgan holda ham tatbiq etiladi.
22. Mazkur toifadagi ishni ko‘rish natijasi yuzasidan sudning hal qiluv qarori XPKning 18-bobida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha qabul qilinadi.
22.1. Sudlar inobatga olishi lozimki, XPK 143-moddasining birinchi qismiga muvofiq davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha hal qiluv qarorida mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda maxsus protsessual norma bo‘lgan XPKning 143-moddasi qo‘llanilgani ko‘rsatilishi va hal qiluv qarorining xulosa qismida:
1) hujjatning nomi, tartib raqami, chiqarilgan sanasi, boshqa zarur rekvizitlari va uni chiqargan organ to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) hujjatni to‘la yoki uning ma’lum qismini haqiqiy emas deb topish yoxud arizachining talabini to‘la yoki uning ma’lum qismini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi ko‘rsatma;
3) qabul qilingan hujjat tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash lozimligi to‘g‘risidagi ko‘rsatma, shunday talablar mavjud bo‘lgan taqdirda, aks ettirilishi kerak.
22.2. Davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida bunday harakatlar (harakatsizlik) nimada ifodalanganligi va ularni qonunga xilof deb topishga asos bo‘lgan qonun hujjatlari, xulosa qismida esa:
1) shikoyat qilinayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, mansabi, u mehnat munosabatlarida bo‘lgan tegishli organning nomi, harakatlar (harakatsizlik) nimada ifoda etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) muvofiq bo‘lmagan qonun hujjatining nomi, tegishli moddasi (bandi);
3) shikoyat qilinayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish, muayyan harakatlarni bajarish majburiyati va arizachining huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlarni bartaraf etish yoki arizachining talabini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi ko‘rsatma;
4) talabni qanoatlantirish haqidagi hal qiluv qarori ijrosi to‘g‘risida tegishli organ tomonidan sudga xabar berish lozimligi to‘g‘risida ko‘rsatma;
5) harakatlar (harakatsizlik) tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash lozimligi to‘g‘risidagi ko‘rsatma, shunday talablar mavjud bo‘lgan taqdirda, aks ettirilishi kerak.
23. XPK 146-moddasining beshinchi qismiga muvofiq davlat organlarining, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorlari darhol ijro etiladi.
Mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori ham o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib darhol ijro etiladi.
24. Sudlar inobatga olishi lozimki. davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorlari yuzasidan ijro varaqasi berilmasa-da, zararlar undirilgan taqdirda, ushbu zararlarni hamda ishni ko‘rish bilan bog‘liq sud xarajatlarini (pochta xarajatlari, ekspertizani o‘tkazish xarajatlari, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar va boshqa xarajatlarni) undirish to‘g‘risidagi ijro varaqasi sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan so‘ng beriladi.
25. Sudning bildirilgan talabni qanoatlantirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qabul qilingan sanadan boshlab haqiqiy emas deb topilgan hujjat yoki uning ma’lum qismi bajarilmaydi va u qabul qilingan paytdan boshlab haqiqiy emasligi sababli, hech qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi. Shu bois, agar nizolashilayottan hujjatni haqiqiy emas, mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish haqidagi talab bilan birga ularning oqibatini qo‘llash haqida talab qo‘yilmagan bo‘lsa, bunday talab alohida da’vo arizasida bildirilishi mumkin.
Sudlar inobatga olishi lozimki, davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi talab qanoatlantirilganda, sud o‘z tashabbusi bilan hujjatning haqiqiy emasligi yoki harakatlarning (harakatsizlikning) qonunga xilofligi oqibatlarini qo‘llashga haqli emas.
26. Sudlarga tushuntirilsinki, XPK 24-moddasi birinchi qismining 9-bandiga muvofiq davlat soliq xizmati organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatini, shu jumladan soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolar sud tomonidan hal etiladi.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hududiy komissiyalarining xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi hujjatlari yuridik oqibat keltirib chiqarishi sababli, ularni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talablar ham sudga taalluqli bo‘lib, bunday nizolar bo‘yicha tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari javobgar hisoblanadi. Shu bois, agar arizada javobgar sifatida Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi yoki uning hududiy komissiyasi ko‘rsatilgan bo‘lsa, sudlar arizani ish yuritishga qabul qilish va ishni sudda ko‘rishga tayyorlashda XPK 122-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq ishda javobgar sifatida ishtirok etish uchun tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi yoki uning hududiy organini jalb etish masalasini ko‘rib chiqishi lozim.
Agarda arizada javobgar sifatida Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (uning hududiy komissiyasi) va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (uning hududiy organi) ko‘rsatilgan bo‘lsa, sudlar ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashiga (uning hududiy komissiyasiga) nisbatan ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatishi lozim.
(26-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
26.1. Soliq kodeksi 122-moddasining mazmuniga ko‘ra, har bir soliq to‘lovchi davlat soliq xizmati organlarining qarorlarini (butunlay yoki qisman) bekor qilish to‘g‘risidagi shikoyat, ular mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat bilan davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga yoki mazkur qarorni (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Soliq kodeksi 123-moddasining uchinchi qismida tegishincha shikoyat bo‘yicha davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar shikoyat qilinayotgan (nizolashilayotgan) qarorning ijro etilishi, shu jumladan qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning undirilishi, moliyaviy sanksiyalarning qo‘llanilishi to‘xtatib turilishi nazarda tutilgan. Ammo, bu qoida davlat soliq xizmati organining qarorini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan birga ushbu qarorning ijrosini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ariza bilan ham sudga murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
Soliq to‘lovchi tomonidan davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga shikoyat berilganligi, davlat soliq xizmati organining qarorini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Sudlarga tushuntirilsinki, soliq to‘lovchi tomonidan davlat soliq xizmati yuqori turuvchi organiga murojaat qilinmaganligi soliq to‘lovchining davlat soliq xizmati organi qarorini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirishni rad etish yoki ko‘rmasdan qoldirish yoxud ish yuritishni tugatish uchun asos bo‘lmaydi.
Ushbu qoidalar davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda ham tatbiq etiladi.
26.2. Sudlarning e’tibori Soliq kodeksi 104-moddasining yettinchi qismiga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining mazkur Kodeksning 15-bobi qoidalariga rioya etmaganligi davlat soliq xizmati organining qarorini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lishi mumkinligiga qaratilsin. Shunga ko‘ra, davlat soliq xizmati organining qarorini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslari tomonidan soliq tekshiruvini o‘tkazish va soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rishda Soliq kodeksining 15-bobi qoidalariga rioya etilgani ham tekshirilishi lozim.
Davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan bunday buyruqni chiqarishda Soliq kodeksining 14-bobi qoidalariga rioya etilganligi ham tekshirilishi kerak.
27. Sudlarning e’tibori qaratilsinki, “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 34-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, monopoliyaga qarshi organning qarori bilan birga qaror asosida beriladigan ko‘rsatmani ham butunlay yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilinishi mumkin.
Qayd etilgan Qonun 34-moddasining ikkinchi qismida bunday ariza berilganligi monopoliyaga qarshi organning qarori (ko‘rsatmasi) ijrosini ariza ko‘rib chiqiladigan vaqt mobaynida to‘xtatib turishi belgilangan. Biroq, bu qoida qarorni (ko‘rsatmani) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan birga ushbu hujjatning ijrosini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ariza bilan ham sudga murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
28. Sudlar inobatga olishi lozimki, monopoliyaga qarshi organning qarori va uning asosida berilgan ko‘rsatmani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talablar bitta talab hisoblanadi. Shu bois, talabni qanoatlantirish rad etilganda, arizachidan (agar u davlat boji to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) davlat boji faqat bitta talab bo‘yicha undiriladi.
29. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentining (bundan buyon matnda Sud departamenti deb yuritiladi) tuman (shahar) bo‘limi yuridik shaxs bo‘lmaganligi sababli, uning qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish va ishni sudda ko‘rishga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim bilan XPK 122-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq ishda ishtirok etish uchun Sud departamentining hududiy boshqarmasi javobgar sifatida jalb etilishi lozim.
XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan hal qiluv qarorining xulosa qismida Sud departamentining tuman (shahar) bo‘limiga nisbatan talab bo‘yicha ish yuritish tugatilganligi ko‘rsatilishi lozim.
Mazkur qoida nafaqat Sud departamentining tuman (shahar) bo‘limiga, balki boshqa davlat organlarining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bo‘linmalariga ham taalluqlidir.
30. Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjati butunlay yoki qisman haqiqiy emas deb topilishidan qat’i nazar, davlat boji javobgardan (agar u davlat boji to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida undiriladi.
Mansabdor shaxsning harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish haqidagi arizalar bo‘yicha, sodir etilgan harakatlar (harakatsizliklar) nimada ifodalanganligidan qat’i nazar, davlat boji eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida undiriladi.
31. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarining mazmuniga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi. Shu munosabat bilan, sudlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda javobgar sifatida mahalliy davlat hokimiyati organi emas, balki ushbu fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lishiga e’tibor berishi lozim.
32. Sudlar yuridik shaxslar, kichik biznes xususiy tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga noqonuniy aralashishga yo‘l qo‘yilgan, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilingan, mulkdorlar huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari, qonun hujjatlari buzilgan har bir holat bo‘yicha davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining qonunda belgilangan javobgarligi masalalarini hal etish, qonun buzilishi holatlarini keltirib chiqargan sabablar va sharoitlarni o‘rganib, xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.
Oliy xo‘jalik sudi raisi K. KAMILOV
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining kotibi, sudya K. DAVLETOVA
Toshkent sh.,
2016-yil 17-iyun,
298-son