Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda maʼqullansin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi muhokamasiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-dekabr,
KQ-45-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2012-yil 29-dekabrdagi KQ-45-II–sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Senatning 2010-yil 26-yanvardagi birinchi majlisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 27-yanvar va 12-noyabrdagi qoʻshma majlislaridagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir” hamda “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” nomli maʼruzalaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishni 2012-yildagi oʻz faoliyatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgiladi.
Davlat rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan majlisida oila institutini jamiyatning asosiy boʻgʻini sifatida yanada mustahkamlash hamda rivojlantirish, yosh oilani moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida bugungi kunda olib borilayotgan ishni yangi bosqichga koʻtarish, bunda mahallaning roli va ahamiyatini kuchaytirish, xotin-qizlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk va barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish boʻyicha eng muhim vazifalarni alohida koʻrsatib oʻtdi. Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq etish yoʻllari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 27-fevraldagi “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan. Shu munosabat bilan Senat faoliyatida asosiy eʼtibor jamiyatning negizi boʻlmish bu institutni yanada mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha masalalarni koʻrib chiqishga qaratildi.
Hisobot davrida Senatning sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi yalpi majlislari oʻtkazilib, ularda 74 ta masala koʻrib chiqildi.
I. Qonunchilik faoliyati
Hisobot davrida qonunchilik faoliyatini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan va maʼqullash uchun Senatga kelib tushgan 27 ta qonun koʻrib chiqildi.
Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha 26 ta qonun maʼqullandi, 1 ta qonun esa kelishuv komissiyasi tashkil etilmagan holda rad qilindi. Koʻrib chiqilgan barcha qonunlarning 11 tasi moliya-iqtisodiyot sohasiga, 3 tasi davlat qurilishi va boshqaruvi sohasiga, 6 tasi sud-huquq islohotiga, 2 ta qonun mudofaa va xavfsizlik sohasiga hamda 5 tasi tashqi siyosiy faoliyatga taalluqlidir.
Xususan, senatorlar tomonidan “Davlat hokimiyati vakillik organlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni koʻrib chiqildi va maʼqullandi. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga navbatdagi saylovlarni tayyorlash hamda oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining prinsiplari va talablariga, shuningdek xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga soʻzsiz rioya etilishiga yoʻnaltirilgan.
Senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida bayon etilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish doirasida tayyorlangan qonunlarni maʼqulladilar. Bular jumlasiga “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kiradi. Yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish uchun mumkin qadar qulay shart-sharoitlar yaratishni, tadbirkorlik subyektlariga zarur imtiyoz va kafolatlar berishni, shu jumladan ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.
“Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi tadbirlari bilan uygʻunlashib ketadi. Ushbu Qonunning qoidalari oilaviy tadbirkorlikni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning eng muhim shakli sifatida rivojlantirish uchun normativ-huquqiy baza yaratadi, oilaviy korxonalar uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlaydi, iqtisodiyotning turli sohalarida oilaviy biznesni keng rivojlantirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlarni hamda mamlakatning barcha mintaqalarida ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlaydi.
Davlat Rahbari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni davlat tashqi siyosatining fundamental prinsiplari va strategik ustuvor yoʻnalishlarini, xalqaro maydondagi maqsad hamda vazifalarni, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish mexanizmlarini belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimini oʻrnatadi.
“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni xususiy mulk himoyasi kuchaytirilishiga, daxlsizligining ishonchli kafolatlari tizimi yaratilishiga, mulkdorlar huquqlarining kafolatlari yanada mustahkamlanishiga qaratilgan.
“Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini sud tartibida qoʻllashni, jinoyat ishini qoʻzgʻatish huquqini sudning vakolatlaridan chiqarib tashlashni, ishni sudda koʻrish vaqtida jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini oʻqib eshittirish majburiyatini prokurorga yuklashni nazarda tutadi.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuviga yoʻl qoʻymaslikka, tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qoʻshimcha huquqiy mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.
Shuningdek, senatorlar tomonidan “Mardlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullandi, unga muvofiq ushbu orden bilan oʻzlarini Vatanni himoya qilishga va Ona yurt xizmatiga bagʻishlagan, mardlik hamda jasorat koʻrsatgan Oʻzbekiston Respublikasining harbiy xizmatchilari va boshqa fuqarolari mukofotlanadi. Alohida hollarda “Mardlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
“Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni aviatsiya tarmogʻining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchilikka kiritishga, shuningdek Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti komissiyasining tavsiyalarini bajarishga qaratilgan.
“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ruxsat berish tizimining yagona normativ-huquqiy bazasini yaratish, vakolatli davlat organlarida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish shartlari va tartibini birxillashtirish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirishdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boshqaruv harakatlarining batamom ochiq-oydinligini taʼminlashni nazarda tutadi.
Yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirish, xalqaro va milliy qonun ijodkorligi amaliyotini hisobga olgan holda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishning yanada samarali mexanizmlarini yaratish hamda sifatini oshirishga qaratilgan.
“Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni xususiy mulkchilikka asoslangan xususiy bank va moliya institutlarini tashkil qilishning huquqiy asoslarini shakllantirishga, bank va boshqa moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni kengaytirishga hamda mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga, zamonaviy bozor infratuzilmasi rivojlanishi uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan.
“Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining asosiy maqsadi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor-qidiruv faoliyatining qonunchilik va huquqiy asoslarini, shuningdek tezkor-qidiruv xususiyatiga ega tadbirlarni oʻtkazish vaqtida qonuniylikka rioya etilishi, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari taʼminlanishining real huquqiy kafolatlarini yaratishdan iborat.
“Saylov erkinligi yanada taʼminlanishi va saylov qonunchiligi yanada rivojlantirilishi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni saylovoldi tashviqotini oʻtkazish vaqtida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga teng sharoitlarni taʼminlash mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Umuman, maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining hammasi sud-huquq tizimini izchil isloh qilishga, davlat tashqi siyosatining prinsiplari va strategik ustuvor yoʻnalishlarini qatʼiy belgilashga, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma sohalarini liberallashtirishga, demokratik yangilashga va mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan.
II. Senatning Qonunchilik palatasi bilan birgalikdagi vakolatlarini amalga oshirishi
Hisobot davrida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 8-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga muvofiq Senatning yalpi majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2011-yil yuzasidan hisoboti tinglandi, “Fargʻona viloyatining Fargʻona shahri va Fargʻona tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) oʻrinbosarini lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi, Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat budjeti hamda 2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat budjeti xoʻjalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslar zimmasidagi soliq yukini yanada pasaytirishga, ishlab chiqarishni yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, soliq solish tizimini soddalashtirishga, ishlab chiqarishning yanada oʻsishini hamda aholining real daromadlari koʻpayishini ragʻbatlantirish uchun zarur boʻlgan boshqa choralarni roʻyobga chiqarishga qaratilgan. Mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning manzilliligini kuchaytirishni, shuningdek jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan bir sharoitda mamlakatni barqaror iqtisodiy oʻstirishning eng muhim omili sifatida ichki talabni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.
2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini ishga solish, demografik omillarni hamda iqtisodiyotdagi tuzilmaviy oʻzgarishlarni hisobga olgan holda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, bandlikning samarali shakllari rivojlanishiga har tomonlama koʻmaklashish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish yoʻli bilan aholi bandligini taʼminlash boʻyicha kompleks va oʻzaro bir-biri bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan. Dasturda yangi yirik sanoat obyektlarini ishga tushirish, ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni, xizmat koʻrsatish hamda servis sohalarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish, kasanachilik mehnatini kuchaytirish hisobiga 2013-yilda 972,7 mingta ish oʻrnini tashkil etish nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini muhokama qilish jarayonida Inson huquqlari boʻyicha vakil tomonidan parlament palatalarining qoʻmitalari va inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar bilan hamkorlikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, fuqarolar huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash mexanizmini takomillashtirish borasida ancha ish olib borilgan, 30 dan ortiq qonun loyihasi ularning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilikka, xalqaro standartlarga mosligi jihatidan huquqiy ekspertiza qilinganligi taʼkidlandi. Inson huquqlariga rioya etilishi masalalari boʻyicha davlat organlariga 850 dan ortiq soʻrov yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2011-yil yuzasidan hisobotini muhokama qilishda Hisob palatasi tomonidan 2011-yilda 116 ta obyektda 42 yoʻnalish boʻyicha nazorat tadbirlari oʻtkazilganligi, ularning yakunlari tekshirib chiqilgan vazirlik va idoralarning vakillari bilan qoʻshma majlislarda har tomonlama muhokama qilinganligi qayd etildi. Muhokama qilingan masala boʻyicha senatorlar Hisob palatasining nazorat tadbirlarini kuchaytirish va samaradorligini oshirishga, moliyaviy huquqbuzarliklarni qisqartirish hamda kelgusida ularning oldini olish yuzasidan zarur choralar koʻrishga qaratilgan oʻz taklif hamda tavsiyalarini bildirdilar.
Senat tomonidan “Fargʻona viloyatining Fargʻona shahri va Fargʻona tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida” qabul qilingan Qaror Fargʻona viloyatining maʼmuriy-hududiy boʻlinishini takomillashtirishga, hududlarning yaxlitligini va ushbu hududiy birliklarni boshqarish samaradorligini oshirishga, mahalliy aholi uchun sharoitlarni yanada yaxshilashga yordam beradi.
III. Senat mutlaq vakolatlarining amalga oshirilishi
Senatning mutlaq vakolatlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tinglandi, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi masala koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini muhokama qilish asnosida qayd etilganidek, hisobot davrida prokuratura organlari tomonidan qonun ustunligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilish, shuningdek huquqbuzarliklarning oldi olinishi hamda profilaktikasi boʻyicha ancha ish qilingan. Xususan, prokuratura organlari oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish maqsadida qonunlarning ijro etilishi boʻyicha 26773 ta tekshirish oʻtkazilgan boʻlib, ularning natijalari yuzasidan deyarli 320 mingta prokuror nazorati hujjati qoʻllanilgan, 55 ming nafardan koʻproq fuqaroning buzilgan huquqlari qayta tiklangan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha prokuratura organlari tomonidan 5 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjati qoʻllanilgan. Prokuror nazorati hujjatlari bilan 1639 ta tadbirkorlik subyektining buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari qayta tiklangan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan tasdiqlangan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining tarmoqlarda hamda mintaqalar boʻyicha ijro etilishi yuzasidan prokuror nazorati tadbirlari muntazam oʻtkazib borilgan.
Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hisobot davridagi ishi yakunlarini koʻrib chiqib, mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarning muhimligini koʻrsatib oʻtdilar. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari tomonidan 2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitini muhofaza qilish borasidagi Harakat dasturi tadbirlari bajarilishining borishi ustidan nazoratni amalga oshirishga alohida eʼtibor berilgan.
Ayni vaqtda 2012-yilda va kelgusida ekologik xavfsizlikni taʼminlash uchun kompleks tadbirlarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarishni talab qiladigan ayrim kamchilik va muammolar koʻrsatib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqish jarayonida bank tizimining moliyaviy barqarorligini yanada mustahkamlash, iqtisodiyotning yuqori surʼatlar bilan oʻsishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishni investitsiyalash va modernizatsiya qilish jarayonida banklarning ishtirokini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga bank faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish, banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish hamda aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh turgan pul mablagʻlarini uzoq muddatli depozitlarga jalb qilishni kuchaytirish hisobiga bank tizimining moliyaviy barqarorligini va resurs bazasini mustahkamlashni taʼminlash topshirildi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi masalani koʻrib chiqish jarayonida senatorlar qayd etganlaridek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi arafasida amnistiya toʻgʻrisidagi aktning qabul qilinishi davlatimiz insonparvarligining yana bir yorqin koʻrinishi boʻldi. Senat Qarori bilan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatni qoʻllanish tartibi belgilandi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi tarkiblariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasining bir qator chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ozod qilish haqidagi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini tasdiqlash haqidagi masalalar koʻrib chiqildi.
IV. Senatning boshqa vakolatlarini amalga oshirishi
Oʻtgan davrda Senatning yalpi majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining mamlakat mintaqalaridagi ijrosi” hamda “Mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalalar yuzasidan parlament eshituvlari oʻtkazildi.
Adliya vazirining axborotini muhokama qilish asnosida oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari faoliyatida qonun hujjatlarining talablariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar roʻyobga chiqarilganligi koʻrsatib oʻtildi. Shu bilan birga, senatorlar davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalarining huquqni qoʻllash amaliyotida qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlashga qaratilgan ishning samaradorligini yanada oshirish, shuningdek davlat organlarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda unga uslubiy rahbarlik qilish zarurligini koʻrsatib oʻtdilar.
Konstitutsiya normalariga muvofiq hamda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan qoidalarni amalga oshirish doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan parlament eshituvlari oʻtkazildi.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida oʻtkazilgan parlament eshituvlarida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan boshqa manfaatdor idoralar, tarmoqlarning xoʻjalik boshqaruvi organlari, barcha boʻgʻindagi hokimliklar bilan birgalikda 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining hamma yoʻnalishlari boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, muhokama asnosida senatorlar 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining mintaqalarda soʻzsiz bajarilishi, shuningdek ushbu masʼuliyatli vazifani hal qilishda davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish boʻyicha bir qator takliflarni bildirdilar.
Soʻnggi vaqtlarda sobiq sovet hududida ilgari surilayotgan integratsion tashabbuslarning mohiyatini, ularni amalga oshirish keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan oqibatlarni har tomonlama koʻrib chiqish, parlament aʼzolarining shu masala yuzasidan tavsiyalarini ishlab chiqish maqsadida Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi tomonidan Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi, Mintaqaviy siyosat jamgʻarmasi va Iqtisodiy tadqiqotlar markazi bilan birgalikda 6-aprelda “Mamlakatning milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surishda parlamentlararo hamkorlikning roli va ahamiyati” mavzuida konferensiya, 12-aprelda “Sobiq sovet hududidagi integratsion tashabbuslar: iqtisodiy samaradorlik va davlatlarning milliy manfaatlarini taʼminlash masalalari” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi. Shuningdek, 2012-yil 27-iyunda ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining KQ–22–II-sonli qarori qabul qilinib, unda tegishli chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarish nazarda tutildi.
Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida oʻtkazilgan parlament eshituvlarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida muayyan ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi. Parlament eshituvlari davomida savol-javob shaklida keng fikr almashuv boʻlib oʻtdi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda mintaqalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, joylarda investitsiya infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish masalalarida, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning barqaror ishlashi masalalarini hal qilishda mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash borasida faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
29-sentabrda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan Toshkent shahar hokimligida “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijro etish masalasi yuzasidan parlament eshituvlari oʻtkazildi. Parlament eshituvlarida yangi tahrirdagi “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining loyihasini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
V. Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarda Davlat rahbari tomonidan qoʻyilgan vazifalarning bajarilishi
Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarda Davlat rahbari tomonidan poytaxtni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, xalqimizning madaniy merosini muhofaza qilish va undan foydalanish, yoshlarda yuksak maʼnaviyatni, mustaqillik tufayli erishgan yutuqlarimizdan faxrlanish hamda ularga hurmat bilan munosabatda boʻlish, oʻtkazilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirish yuzasidan olib borilgan ishlarda senatorlar ishtirokining koʻlamini kengaytirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu tadbirlarda Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni bajarish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Toshkent shahrining har bir tumaniga Senat qoʻmitalarining raislari, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar, Toshkent shahridan saylangan senatorlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tayinlangan senatorlar orasidan ikki nafardan senator biriktirib qoʻyildi. Senatorlar tumanlarning, mahalla fuqarolar yigʻinlarining faollari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining, hokimliklarning, kommunal xizmatlar, taʼlim muassasalarining, xalq taʼlimi organlari, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport muassasalarining vakillari bilan muntazam ravishda uchrashuvlar va majlislar oʻtkazdilar.
Uchrashuvlar chogʻida senatorlar hozir boʻlganlarga shaharsozlik, sanitariya nazorati, taʼlim, madaniyat va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunini tushuntirdilar, ularni roʻyobga chiqarish muammolarini hal qilish yoʻllarini hamda ijtimoiy soha muassasalari faoliyatini yaxshilashning boshqa dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha Toshkent shahrini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, xalqimizning madaniy merosini muhofaza qilish va undan foydalanish, yoshlarda yuksak maʼnaviyatni va oʻtkazilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirish, shuningdek mahalla fuqarolar yigʻinlari, taʼlim va boshqa ijtimoiy soha muassasalari ishini yaxshilash borasidagi mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
8-iyunda Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitalari, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Toshkent shahar hokimligi binosida boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining hamda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining Toshkent shahrida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
“Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini oʻrganish natijalarini muhokama qilish vaqtida senatorlar shahar va tuman hokimliklarining sanitariya nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari talablariga muvofiq hududlarning sanitariya holatini yaxshilash, ularni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish masalalarida davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, kommunal xoʻjalik organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqalarning faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi ishining samaradorligini oshirish zarurligini koʻrsatib oʻtdilar. Qoʻshma majlis yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 1992-yilda qabul qilingan “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tavsiya etildi.
Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish borasidagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Xususan, “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalarida Senat qoʻmitalari, komissiyasi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qoʻshma qarorlari chop etildi, senatorlarning oʻquvchi yoshlar, taʼlim muassasalari, fuqarolar yigʻinlari vakillari bilan uchrashuvlari toʻgʻrisida gazetalarda toʻrtta maqola eʼlon qilindi, sakkizta telekoʻrsatuv va radio eshittirish berildi va h.k.
Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etilib, 4-avgust kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimligida “Toshkent shahridagi ochiq suv havzalaridan foydalanish: hozirgi holati va istiqboldagi rivoji” mavzuida boʻlib oʻtgan davra suhbatida Toshkent shahridagi ochiq suv havzalarida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar va ularni hal etish yoʻllari muhokama qilindi.
Qaror topgan anʼanalarimizni izchil davom ettirgan holda, mustaqillik yillarida barcha soha va tarmoqlarda qoʻlga kiritgan ulkan natijalar, yutuq va marralarimizning mohiyati va ahamiyatini chuqur anglash, ularni keng targʻib etish maqsadida senatorlar mamlakat mustaqilligining 21 yilligiga bagʻishlab Toshkent shahrida oʻtkazilgan bayram tadbirlarida faol ishtirok etdilar. Tadbirlarda senatorlar alohida qayd etganlaridek, tarixan oʻtgan qisqa davr davlatimiz uchun siyosiy sohada, davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot va maʼnaviyat, ijtimoiy hayot, sud-huquq tizimi, tashqi siyosat va xavfsizlikni taʼminlashda har tomonlama rivojlanish va yuksalish, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallash davri boʻldi. Bundan tashqari, tadbirlarda mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyligimiz – xalqning tinch va osuda hayoti, jamiyatimizdagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarning uygʻunlashish tamoyili tobora mustahkamlanib borayotgani alohida qayd qilindi.
VI. Senat Kengashining faoliyati
Hisobot davrida Senat Kengashi tomonidan 9 ta majlis oʻtkazilib, ularda 51 ta masala koʻrib chiqildi, 18 ta qaror soʻrov yoʻli bilan qabul qilindi. Xususan, Senat Kengashi tomonidan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlamentlararo guruhining tarkibi toʻgʻrisidagi, “Oʻzbekiston–Latviya” parlamentlararo hamkorlik guruhini tuzish toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qayta nashr qilish boʻyicha komissiya toʻgʻrisidagi va Senat qoʻmitalarining 2012-yilga moʻljallangan tadbirlar rejasiga oʻzgartish kiritish haqidagi masalalar koʻrib chiqildi. Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, Senatning sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi yalpi majlislarini chaqirish toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida ayrim senatorlarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, ularni Senat qoʻmitalarining tarkibidan chiqarish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi. Belgilangan tartibda yangi senatorlar saylandi, shu munosabat bilan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Mudofaa va xavfsizlik masalalari, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari tarkibiga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.
29-avgustda va 4-dekabrda Senat Kengashi majlislarida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining hamda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglandi va muhokama qilindi. Senat Kengashi tomonidan ushbu qoʻmitalarning faoliyati tanqidiy tahlil qilindi va tegishli faoliyat sohalaridagi qonunlar ijrosi ustidan parlament nazorati taʼsirchanligini oshirish, joylarda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda faoliyat yuritayotgan Qoʻmita aʼzolarining qabul qilinayotgan qonunlar mohiyatini aholi oʻrtasida tushuntirishdagi faolligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish, Qoʻmita aʼzolarining mintaqalar aholisi bilan uchrashuvlarida koʻtarilayotgan muammo va masalalarning tegishli darajada hisobga olib borilishini tashkil etish, oʻtkazilgan nazorat tadbirlari yakunlariga koʻra Qoʻmita qabul qilgan qaror va tavsiyalarni koʻrib chiqish yakunlari toʻgʻrisidagi davlat organlari rahbarlarining axborotini Qoʻmita majlislarida muhokama qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish zarurligi toʻgʻrisida bir qator tavsiyalar berildi.
29-avgustda Senat Kengashi majlisida Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining Senat va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha 2010-2011-yillar hamda 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti ham tinglandi. Muhokama natijalari boʻyicha taʼkidlanganidek, Senat komissiyasining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini tinglash borasidagi vakolatlari amalga oshirilmay qolmoqda. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari faoliyatini monitoring qilishga, shu jumladan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hamkorligini yaxshilash toʻgʻrisidagi masalani oʻrganishga yetarli eʼtibor qaratilmagan.
Bundan tashqari, Senat Kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilindi, shuningdek mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik vakillarini tayinlash va ozod qilish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
VII. Senat qoʻmitalarining nazorat-tahlil faoliyati
Senat qoʻmitalari tomonidan joriy yilning koʻrsatilgan davrida 29 ta nazorat tadbiri, 7 ta konferensiya, 25 ta davra suhbati va 40 ta seminar oʻtkazildi.
Masalan, Xorazm viloyatida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi bilan birgalikda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirish, eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish borasidagi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar, shuningdek “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishi oʻrganib chiqildi. Yakunlar 14-fevralda qoʻshma majlislarda muhokama qilinib, ularda tegishli qonunlarni samarali ijro etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi bilan birgalikda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirish, eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish borasidagi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Qashqadaryo viloyatida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishi oʻrganib chiqildi. Ushbu tadbirning yakunlari 25-fevralda qoʻshma majlisda muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish amalga oshirilib, uning natijalari 27-fevralda Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining qoʻshma majlisida muhokama qilindi.
Eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada oshirish maqsadida 17-aprelda Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi majlisida “Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Namangan va Jizzax viloyatlarida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.
11-mayda Fargʻona viloyati hokimligida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashi tomonidan qoʻshma majlis oʻtkazilib, unda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Fargʻona viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Aholiga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishni ancha yaxshilash maqsadida 12-mayda Jizzax viloyati hokimligida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining qoʻshma majlisida Qoʻmita va xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining 2010-yil 14-maydagi “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Jizzax viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari haqida”gi qoʻshma qarorining ijro etilishini oʻrganish yakunlari muhokama qilindi.
22-mayda Toshkent shahar hokimligida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.
22-noyabrda Senatda boʻlib oʻtgan Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi va Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi qoʻshma majlisida inson taraqqiyotiga doir xalqaro shartnomalarni Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilishning borishi toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Yuqorida koʻrsatilganlardan tashqari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining turli sohalaridagi dolzarb masalalarni chuqur oʻrganish va hal qilish maqsadida Senat qoʻmitalari tomonidan konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar oʻtkazildi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 2012-yil 15-fevralda Andijon viloyati hokimligida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan “Tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini muhofaza qilish kafolatlari tizimini yaratish – iqtisodiyotni boshqarishni yanada liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishi” mavzuida seminar tashkil etildi.
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari faoliyatini tashkil etish samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2012-yil 25-fevralda Qashqadaryo viloyatida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari faoliyatini samarali tashkil etish” mavzuida seminar oʻtkazildi.
4-may kuni Oʻzbekiston Fermer xoʻjaliklari uyushmasida boʻlib oʻtgan, Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Fermer xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish – qishloq aholisi bandligi muammosini hal qilishning eng muhim omili” mavzuidagi davra suhbati qishloq aholisi bandligini taʼminlashda fermer xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlandi.
Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining tashabbusi bilan Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi bilan birgalikda 11-maydan 19-maygacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (yangi tahrirda) va “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmun hamda mohiyatini, ahamiyatini va amalga oshirish mexanizmini tushuntirishga bagʻishlangan seminarlar tashkil etildi.
16-may kuni Buxoro viloyati hokimligida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Vatan sarhadlarini qoʻriqlash — muqaddas burch” mavzuida seminar boʻlib, unda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini amalga oshirish, chaqiriluvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmatga tayyorlash, ular orasida sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Vatanga sadoqat tuygʻusini shakllantirish masalalari har tomonlama muhokama qilindi.
Fuqarolik jamiyati institutlari tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarni rivojlantirish, ularning real mustaqilligini taʼminlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida 17-may kuni Samarqand viloyati hokimligida Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda tashkil etilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishi samaradorligini taʼminlashning dolzarb masalalari” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilib, 7-iyun kuni Navoiy shahrida boʻlib oʻtgan “Navoiy viloyatining turistik salohiyatini rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi konferensiya madaniy va tarixiy yodgorliklarga boy boʻlgan Oʻzbekistonning turistik salohiyatini yanada takomillashtirish hamda kengaytirish masalalariga bagʻishlandi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish zarurligi taʼkidlangan edi. Bu muhim vazifani samarali hal etish maqsadida 10-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish tadqiqot markazi bilan birgalikda tashkil etilgan “Surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda sud nazoratini kuchaytirish” mavzuidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.
17-avgust kuni Namangan viloyati hokimligida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida innovatsion iqtisodiyotning rolini oshirish yoʻllari va choralari” mavzuida davra suhbati oʻtkazilib, unda innovatsion loyihalarni amalga oshirish samaralari va mamlakatda innovatsion faoliyatning qonunchilik bazasini takomillashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
16-oktabrda Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi tomonidan BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot Dasturining “Parlamentni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi bilan birgalikda “Xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish” mavzuida tashkil etilgan seminar xalqaro shartnomalar normalari va qoidalarining milliy qonunchilikka moslashtirilishini taʼminlovchi tashkiliy-huquqiy harakatlar tizimini yaratish masalasiga bagʻishlandi.
8-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida boʻlib oʻtgan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Qonuniylikni taʼminlash va inson huquqlari ustuvorligiga rioya qilish – huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining muhim yoʻnalishi” mavzuidagi seminarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida qonuniylikni taʼminlash va inson huquqlariga rioya qilish masalalari muhokama qilindi.
Oʻtkazilgan konferensiyalar va davra suhbatlari yakunlari boʻyicha tegishli takliflar hamda tavsiyalar tayyorlanib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga, manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborildi.
Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan mintaqalarga safarlar amalga oshirilib, ularda Senatning yalpi majlislarida maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Senat qarorlarining, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik oʻzgartirishlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish borasida muayyan ish olib borildi. Senat qoʻmitalari tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlarga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarini jalb etish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyildi. Parlamentning faoliyati hamda mamlakatda keng koʻlamdagi islohotlarni amalga oshirishning borishi toʻgʻrisida axborot berish maqsadida senatorlar tomonidan saylovchilar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Bundan tashqari, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida bayon etilgan vazifalarni ijro etish yuzasidan qoʻmitalar va Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi tomonidan 9 ta nazorat tadbiri, 2 ta konferensiya, 5 ta davra suhbati va 16 ta seminar oʻtkazildi.
Senat aʼzolari tomonidan joylardagi senatorlik faoliyati toʻgʻrisidagi oylik yozma axborotni tizimli ravishda taqdim etish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
VIII. Senat qoʻmitalarining “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini roʻyobga chiqarish borasidagi faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 27-fevraldagi Qarori bilan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Unda belgilangan chora-tadbirlarning roʻyobga chiqarilishi jamiyatning maʼnaviy asoslarini yanada rivojlantirishda oilaning roli va ahamiyatini oshirishga, shuningdek har bir oilaning turmush sharoiti va darajasini yaxshilash masalalariga eʼtiborni kuchaytirishga yordam berdi.
Hisobot davrida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini roʻyobga chiqarish doirasida muayyan ish qilindi. Xususan, senatorlar tomonidan joylarda jamiyatning asosi boʻlmish oila institutini yanada mustahkamlash va takomillashtirish, birinchi navbatda oilaning, ayniqsa yosh oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mamlakatda amalga oshirilayotgan ishning mazmun va mohiyatini tushuntirishga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, 10-fevralda Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda oilaning roli” mavzuida seminar oʻtkazildi. Seminar Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi, Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi bilan birgalikda tashkil etildi.
30-aprel kuni Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tashkil etilgan “Oʻzbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sogʻlom ona – sogʻlom bola” (Toshkent shahri, 2011-yil 25-26-noyabr) xalqaro simpoziumi tavsiyalari hamda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning mohiyati” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirish hamda millat genofondini mustahkamlash va yaxshilash boʻyicha vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish masalalari koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, Davlat rahbari tashabbusi bilan 16-17-fevral kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan, Oʻzbekiston davlati siyosatining ustuvor yoʻnalishi – yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalashga bagʻishlangan xalqaro konferensiya tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 4-mayda Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan birgalikda “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya tavsiyalari hamda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash yoʻllari” mavzuida Toshkent moliya institutida ilmiy-amaliy seminar tashkil etilib, unda oʻquvchi va talaba yoshlarga taʼlim hamda tarbiya berish sifatini oshirish, ish beruvchilar, taʼlim muassasalari va oilaning kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan 15-apreldan 15-maygacha mamlakatning barcha mintaqalarida “Oʻzbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sogʻlom ona – sogʻlom bola” xalqaro simpoziumi (Toshkent shahri, 2011-yil 25-26-noyabr) tavsiyalari hamda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning mohiyati”, “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya (Toshkent shahri, 2012-yil 16-17-fevral) tavsiyalari hamda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash yoʻllari” mavzularidagi seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazildi.
Andijon viloyati hokimligida Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashining 17-avgustda boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining nikoh munosabatlarini tartibga solishga doir qismi Andijon viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqilib, unda ushbu sohadagi mavjud ayrim xato va kamchiliklar muhokama qilindi.
17-avgustda Andijon tumani sanoat kasb-hunar kollejida Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda “Oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish – millat salomatligining garovi” mavzuida tashkil etilgan seminarda jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sogʻlom bolalarning tugʻilishi, jismoniy sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash boʻyicha ishlarni yanada kuchaytirishda, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda oilaning roli, shuningdek yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash toʻgʻrisidagi masalalar muhokama qilindi.
27-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida boʻlib oʻtgan, Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Ekologik harakati bilan birgalikda “Atrof-muhitni muhofaza qilishda oilaning rolini oshirish” mavzuida tashkil etilgan konferensiyada fuqarolarning ekologik madaniyatini shakllantirishda oila, mahalla, nodavlat notijorat tashkilotlar va taʼlim tizimi muassasalarining roli va ahamiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
IX. Xalqaro parlamentlararo faoliyat
Senat parlamentlararo aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga, chet el delegatsiyalarini Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan oʻzgartirishlar bilan tanishtirishga, shuningdek parlament ishini tashkil etish boʻyicha tajriba almashishga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik qilishga alohida eʼtibor berdi.
Hisobot davrida Senatda chet el delegatsiyalari bilan 37 ta uchrashuv, Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan 21 ta uchrashuv tashkil etildi. Ayni vaqtda Senat vakillari 8-marta xorijga safar qildi.
Butunxitoy xalq vakillari yigʻilishi Doimiy qoʻmitasi Raisining oʻrinbosari Chen Chjili boshchiligida mamlakatimizga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasining delegatsiyasi 2012-yil 6-yanvarda Senat Raisi I. Sobirov bilan uchrashdi. Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va ishonch prinsiplariga asoslangan anʼanaviy doʻstona aloqalar tobora rivojlanib borganligi va koʻp sohalarni qamrab olganligi alohida koʻrsatib oʻtildi.
10-yanvarda Senat Raisi I. Sobirovning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Spiker Pak Xi Te boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar parlament diplomatiyasining, parlament doʻstlik guruhlarining va ayrim parlament aʼzolarining alohida rolini, ular oʻz saʼy-harakatlari va joʻshqin faoliyatlari bilan parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga yordam berayotganligini koʻrsatib oʻtdilar.
14 — 17-mart kunlari davomida Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasining aʼzosi, “Britaniya — Oʻzbekiston” Umumpartiyaviy parlament guruhi raisining oʻrinbosari baronessa V. Stern Senatning mehmoni sifatida Oʻzbekistonda boʻldi. U Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq islohotlariga, shuningdek inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarga, xususan, oʻlim jazosining bekor qilinganligiga, “Xabeas korpus” tartib-taomili, yarashuv instituti joriy etilganligiga, qiynoqlarga qarshi kurash sohasidagi saʼy-harakatlarga yuksak baho berdi.
21 — 30-aprelda Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi raisi S.Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasining AQSh Kongressi huzuridagi “Ochiq dunyo” dasturida ishtirok etish uchun AQShga tanishuv tashrifi boʻlib oʻtdi. Tashrif asnosida AQSh Kongressi va Senatining ish tajribasi, shu jumladan ularning parlament nazoratini amalga oshirish hamda ijro etuvchi hokimiyat bilan hamkorlikni tashkil etish borasidagi ish tajribasi oʻrganildi. Kongress binosida “Ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan parlament nazorati: Oʻzbekiston va AQSh tajribasi” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.
22 — 28-mayda Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi raisi S. Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasiga bordi. Safar vaqtida Parlamentda, TIVda, Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida uchrashuvlar, Szyansu viloyatidagi, markazga boʻysinuvchi Tyanszin shahridagi va Lyanyungan shahridagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, delegatsiya tomonidan bu yerda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar, logistika markazlari va texnoparklar faoliyatini qonunchilik jihatidan taʼminlash tajribasi oʻrganildi.
6-iyulda Senatda Senat Raisi I. Sobirovning AQSh Kongressi Vakillar palatasining Yevropa va Yevrosiyo boʻyicha kichik Qoʻmitasi raisi D. Berton boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi, D. Berton Oʻzbekiston – Amerika munosabatlari ijobiy rivoj topayotganligini yuqori baholadi. Boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida tomonlar Afgʻoniston muammosini izga tushirish mavzuini hamda oʻzaro manfaatli boshqa masalalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.
17-avgustda Senatda Senat Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasining raisi S. Safoyev AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi R. Bleyk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Suhbat chogʻida Davlat kotibining yordamchisi R. Bleyk Amerika tomoni Oʻzbekiston – Amerika parlamentlararo muloqotini chuqurlashtirishga jiddiy eʼtibor berayotganligini hamda muloqotni kelgusida nafaqat AQSh Kongressining yetakchi senator va aʼzolari bilan, balki jiddiy qarorlar tayyorlanishida va qabul qilinishida muhim oʻrin tutadigan parlament palatalari kotibiyatlarining xodimlari bilan ham davom ettirish muhim deb hisoblashini qayd etdi.
25-sentabrda Senatda Senat Raisi I. Sobirovning Latviya Seymi Raisining oʻrinbosari V. Klementyevs boshchiligidagi Latviya delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida delegatsiya rahbari Oʻzbekiston Latviyaning Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy sherigi ekanini qayd etib oʻtdi hamda bu sohada oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
23-oktabrda Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston – Britaniya Kengashi (SSOʻBK) hamraisi, Oʻzbekiston – Britaniya jamiyati raisi, Buyuk Britaniya parlamenti aʼzosi P. Lillining Toshkentda boʻlishi dasturiga muvofiq uning Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi raisi S. Safoyev bilan suhbati boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida suhbatdosh Oʻzbekistonda Prezident I. Karimov tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy erkinlashtirish dasturini Buyuk Britaniyada yaxshi bilishadi va yuqori baholashadi, deya taʼkidladi.
X. Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorligi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 27-yanvarda boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir” nomli maʼruzasida parlamentimiz va mahalliy vakillik organlari – Kengashlar oldida turgan gʻoyat muhim vazifa – parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarning ijro etuvchi hokimiyat, hukumat tomonidan markazda, hokimliklar tomonidan esa joylarda qanday bajarilayotganligi ustidan qatʼiy parlament nazoratini, deputatlik nazoratini oʻrnatishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.
Shundan kelib chiqib, Senat qoʻmitalarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari bilan hamkorlik qilish mexanizmini kuchaytirish Senat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri qilib belgilandi, bu yoʻnalishni amalga oshirish jarayonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining qoʻmitalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari bilan ishlashda asosiy eʼtibor nazorat faoliyatini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish hamda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim masalalari boʻyicha qabul qilinayotgan qarorlar uchun ularning masʼuliyatini oshirish masalalariga qaratildi.
Joylarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining deputatlik vakolatlarini samarali roʻyobga chiqarish uchun zarur boʻlgan huquqiy madaniyati va huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi va oʻtkazildi. Xususan, Toshkent viloyati hokimligida 8-fevralda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalariga va ular doimiy komissiyalarining majlislariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari tashkil etildi.
8-fevralda Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi tomonidan “Mamlakat mintaqalariga chet el investitsiyalarini jalb etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining roli” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq huquqiy va institutsiyaviy muammolarni hal qilishga, mamlakat iqtisodiyoti va uning mintaqalariga chet el investitsiyalari kirib kelishining oʻsishini taʼminlashga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Sirdaryo viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalari 17-aprelda Sirdaryo viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi va xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining birgalikdagi qoʻshma majlisida muhokama qilindi.
Iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish borasida koʻrsatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 1-iyunda Toshkent viloyati hokimligida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi va xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining qoʻshma majlisi oʻtkazilib, unda “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent viloyati bozorlari va savdo majmualarida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qonunlar, davlat va hududiy dasturlarni amalga oshirish, tegishli hududlarni boshqarishga fuqarolarni jalb etishning dolzarb masalalarini hal qilishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining roli oshib borishi masalalari 28-iyunda Sirdaryo viloyati hokimligida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Sirdaryo viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalarini muhokama qilishga bagʻishlangan qoʻshma majlisida koʻrib chiqildi.
29-iyunda Surxondaryo viloyati hokimligida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining qoʻshma majlisida “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Surxondaryo viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi va xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining 23-oktabrda Navoiy viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Navoiy viloyatida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi, viloyatda mazkur Qonun ijrosini taʼminlash masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining ishida mavjud boʻlgan ayrim kamchilik va xatolar muhokama qilindi.
23-noyabrda Namangan viloyati hokimligida hamda 27-noyabrda Samarqand viloyati hokimligida Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari tegishli viloyat Kengashlarining qoʻshma sayyor majlislari oʻtkazilib, ularda 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining Namangan hamda Samarqand viloyatlarida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Buxoro viloyatida qishloq joylarda yosh oilalar uchun uy-joy qurish jarayonini oʻrganish natijalari 2-noyabrda Buxoro viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining qoʻshma majlisida muhokama qilindi.
XI. Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining faoliyati
Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (bundan buyon matnda Senat Komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan 2012-yilning toʻqqiz oyida bir qator nazorat-tahlil tadbirlari va boshqa tadbirlar oʻtkazildi.
Xususan, 18-fevralda Senatning 2010-yil 3-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 12-noyabrda oʻtkazilgan qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzuidagi maʼruzasi hamda mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishda Oliy Majlis Senati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini kuchaytirish borasidagi 2010-yilga va keyingi yillarga moʻljallangan vazifalar toʻgʻrisida”gi 116–II-sonli Qarori ijro etilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqilganida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalariga koʻproq eʼtibor bera boshlaganliklari va bu, oʻz navbatida, mamlakatda izchil amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi samaradorligini taʼminlash masalalarini hal qilishga deputatlar korpusining salohiyatini jalb etishga, mamlakat Prezidentining yuqoridagi maʼruzasida belgilangan ustuvor vazifalarni roʻyobga chiqarishga yordam berganligi koʻrsatib oʻtildi.
Senat Komissiyasi tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq bir qator masalalar koʻrib chiqildi va muhokama qilindi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining 2011-yildagi faoliyatini monitoring qilish natijalari koʻrib chiqildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishini taʼminlash, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari faoliyatini “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining reglamentlari hamda ularning doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlar talablari asosida tashkil etish maqsadida Senat Komissiyasi har bir mintaqadagi xalq deputatlari namunaviy tuman Kengashlarining roʻyxatini tuzdi va tasdiqladi.
16-martda Qashqadaryo viloyati hokimligida Senat Komissiyasining xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi va uning doimiy komissiyalarining 2011-yildagi faoliyatini oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Senat Komissiyasining 1-may kuni Senatda boʻlib oʻtgan majlisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarini roʻyobga chiqarish borasidagi faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator masalalar, shuningdek ularning faoliyatini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Surxondaryo viloyati xalq deputatlari viloyat, tumanlar va shaharlar Kengashlari doimiy komissiyalarining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida 19-mayda Surxondaryo viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan Senat Komissiyasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2009-yil 5-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2009-yil 27-martdagi “Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturini soʻzsiz bajarish borasida mahalliy hokimiyat organlarining roli va masʼulligi toʻgʻrisida”gi Qarorini bajarishning borishi haqida”gi Qarorining ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Senat Komissiyasi tomonidan BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot Dasturining “Parlament rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi bilan birgalikda 19-oktabrdan 10-noyabrgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari faoliyatini yanada kuchaytirishning dolzarb masalalari” mavzuida seminar-trening tashkil etildi.
22-noyabrda Toshkent viloyati hokimligida Senat Komissiyasi tomonidan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda “Iqtisodiyotni innovatsion yangilash va rivojlantirish chora-tadbirlarining mintaqaviy jihatlari” mavzuida davra suhbati oʻtkazilib, unda Toshkent viloyatida innovatsion loyihalarni amalga oshirish natijalari hamda Oʻzbekiston Respublikasida innovatsion faoliyatning qonunchilik bazasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
25-dekabrda boʻlib oʻtgan Senat Komissiyasi majlisida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ijro etilishini muhokama qilishning Senat komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhlar tomonidan doimiy monitoringi oʻtkazilishini oʻrganish natijalari, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ular doimiy komissiyalarining qarorlari mahalliy bosma ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishining Senat komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhlar tomonidan doimiy monitoringi oʻtkazilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.
XII. Senat faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi
Qabul qilinayotgan qonunlarning mohiyatini aholiga batafsil tushuntirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, davlatning ichki va tashqi siyosati, shuningdek qonun hujjatlari, davlat dasturlarining bajarilishi holatini oʻrganish masalalariga bagʻishlab Senat qoʻmitalari tomonidan oʻtkazilayotgan majlislar, konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar haqida fuqarolarni xabardor qilish maqsadida Senat faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish boʻyicha ancha ish amalga oshirildi.
Senatning sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi yalpi majlislariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Yalpi majlislarni tayyorlash va oʻtkazish jarayonida yalpi majlislar kun tartibiga kiritilgan qonunlar va masalalarning mazmun va mohiyatini tushuntirishga bagʻishlangan 160 ta material tasdiqlangan media-rejalarga muvofiq televideniye va radio kanallari orqali uzatildi hamda vaqtli matbuot sahifalarida chop etildi. Yangi qonunlar kuchga kirganidan keyin ularni targʻib qilish maqsadida senatorlarning respublika ommaviy axborot vositalarida 140 dan ortiq va mahalliy ommaviy axborot vositalarida 445 ta chiqishi tashkil etildi.
Hisobot davri mobaynida Senatning faoliyati toʻgʻrisida, jumladan Senatning yalpi majlislarida va Senat Kengashida koʻrib chiqilgan masalalar, shuningdek qoʻmitalarda olib borilgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalarida 8560 ta chiqish qilindi.
Respublika va mahalliy gazetalarda, jurnallarda 3252 ta material, shulardan “Xalq soʻzi”da 250 ta, “Narodnoye slovo”da 215 ta, “Nurli jol”da 87 ta, “Ovozi tojik”da 79 ta, “Pravda Vostoka”da 46 ta, “Uzbekistan Today”da 41 ta, boshqa gazeta va jurnallarda 149 ta material eʼlon qilindi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy gazetalari sahifalarida Senat va senatorlar faoliyatiga bagʻishlangan 2385 ta material eʼlon qilindi.
Shu davrda televideniye orqali hammasi boʻlib 2108 ta koʻrsatuv, shulardan respublika telekanallari orqali 1301 ta material, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining mahalliy televideniye kanallari orqali 807 ta material, shu jumladan senatorlarning intervyu, suhbatlari hamda matbuot xizmatining Senat faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti efirga uzatildi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston” telekanalining 30 – 40 daqiqalik “Dolzarb mavzu”, “Yuzma-yuz”, “Parlament vaqti” dasturlarida va “Poytaxt”, NTT telekanallari, “Oʻzbekiston” va “Mashʼal” radiokanallari dasturlarida senatorlar S. Artikova, E. Borisova, I. Karatayev, F. Abduraximova, K. Ergashev, X. Alimova, R. Qoʻrgʻonova, F. Toshev, Sh. Aripova, E. Ruzmetov, B. Mamajonov, A. Burxanov, H. Razzakov, D. Esonboyeva, A. Altiyev, P. Matkarimov, M. Radjapov, S. Safoyev va boshqalar chiqdilar.
Senat faoliyatini yoritishga bagʻishlangan radioeshittirishlar soni ortib bormoqda. Chunonchi, hisobot davrida mamlakat radiokanallari orqali Senat faoliyati toʻgʻrisida jami 3200 ta axborot materiali eshittirilgan boʻlib, shulardan 985 tasi “Oʻzbekiston” va “Mashʼal” radiodasturlarining respublika kanallari orqali uzatildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar radiokanallari orqali Senat hamda senatorlarning faoliyati toʻgʻrisida 1420 ta material eshittirildi.
Senatning veb-sayti sahifalarida oʻzbek, rus va ingliz tillarida senatorlar, Senatning tuzilishi va uning faoliyatining huquqiy asoslari toʻgʻrisida axborot joylashtirilgan, Senat yalpi majlislarining, uning Kengashi, qoʻmitalari va Senat Komissiyasi majlislarining materiallari, Senatning 2012-yilgi ish rejalari, yangi qonunlar, senatorlar maqolalari va suhbatlarining matnlari, shuningdek Senat qoʻmitalari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar toʻgʻrisidagi axborot materiallari eʼlon qilinmoqda. Hisobot davrida Senat veb-sayti materiallari bilan 450 mingga yaqin kishi tanishdi.
XIII. Senatga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash
Shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishi tizimli monitoring qilinishini taʼminlash maqsadida Senat faoliyatida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Chunonchi, hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan kelib tushgan 6392 ta murojaat koʻrib chiqildi.
Koʻrib chiqilgan murojaatlarni tahlil qilish eng koʻp xat Toshkent shahri (1274 ta xat yoki murojaatlar umumiy sonining 19,9 foizi), Surxondaryo (1056 ta xat yoki 16,5 foiz), Qashqadaryo (955 ta xat yoki 14,9 foiz), Samarqand (623 ta xat yoki 9,7 foiz) va Toshkent (456 ta xat yoki 7,1 foiz) viloyatlari aholisidan kelib tushganligini koʻrsatdi.
Fuqarolarning murojaatlarida mamlakat rahbariyatining islohotlarni chuqurlashtirish hamda shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yoʻli qoʻllab-quvvatlanayotganligi bildirilgan. Umuman esa, fuqarolarning murojaatlari mavjud barcha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aks ettiradi. Fuqarolarning murojaatlarini tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, barcha murojaatlar orasida qonuniylik, huquq-tartibotni mustahkamlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilish bilan, ijtimoiy sohadagi (taʼlim, ijtimoiy taʼminot, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ishga joylashtirish, sogʻliqni saqlash va boshqalar) muammolar bilan bogʻliq masalalar alohida oʻrin egallaydi.
Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati koʻrib chiqish va aniq choralar koʻrish uchun tegishli hokimliklar, vazirliklar, idoralar, sudlar, prokuratura organlariga va boshqa vakolatli organlarga yuborildi.
Senatorlar tomonidan Senatda va joylarda fuqarolar qabuli oʻtkazildi, shu jumladan Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan 467 nafar fuqaro qabul qilindi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 12-son, 378-modda)