Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati tomonidan kiritilgan 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
2012-yilda hududlar va bandlik yoʻnalishlari boʻyicha 967,5 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
oʻz saʼy-harakatlarini Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, mehnat bozorining joriy hamda istiqboldagi ehtiyojlarini, nufus rivojlanishining oʻziga xos xususiyatlarini, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda qabul qilingan 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining roʻyobga chiqarilishiga qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;
tegishli hududlarda 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturida belgilangan asosiy yoʻnalishlar va koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlasinlar;
asosiy eʼtiborni ish bilan band boʻlmagan aholini ishga joylashtirish yuzasidan faol chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan ishsizlikning oldini olishga, shu jumladan, ish oʻrinlari tashkil etishga, aholining kam taʼminlangan toifalarini, birinchi navbatda, koʻp bolali ayollar, nogironlar va ishsizlarni ish bilan taʼminlashning samarali shakllarini rivojlantirishga, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishga, kasanachilikni ragʻbatlantirishga, boʻshab qolgan xodimlarni, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini, eng avvalo, kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashtirishga, muntazam amal qilib turuvchi “korxona — kollej” aloqalarini yoʻlga qoʻyishga qaratsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni hamda zarur materiallarni yilning har choragida Qonunchilik palatasiga yuborsin.
5. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 23-noyabr,
410-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 11-son, 326-modda)