Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI VA UNING RAHBARIYATINING 2002 YILDAGI FAOLIYATI TOʻGʻRISIDAGI HISOBOT HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va uning rahbariyatining 2002-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2003-yil 25-aprel,
489-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va uning rahbariyatining 2002-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2002-yilda siyosiy, demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash va Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining asoslarini shakllantirish yuzasidan sobitqadam ish olib bordi. Parlament faoliyati davlatimiz boshligʻi I. A. Karimov tomonidan ikkinchi chaqiriq parlamentining sessiyalaridagi maʼruzalarida ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida deputatlar tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining 2000—2002-yillarga moʻljallangan qonunchilik va nazorat faoliyati ustuvorliklariga, shuningdek ikki palatali parlament tuzish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini oʻzgartirish masalalari boʻyicha 2002-yil 27-yanvarda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumi yakunlariga muvofiq olib borildi.
Qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyatidan tashqari parlament, uning qoʻmitalari va komissiyalari amalga oshirilayotgan ishning mohiyatini va zarurligini tushuntirishga, jamiyat hayotining barcha sohalarini oʻzgartirish hamda isloh qilishga koʻmaklashuvchi omillarni aniqlashga qaratilgan bir qator tadbirlar oʻtkazdilar.
Oliy Majlisning qonunchilik faoliyati mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy negizini shakllantirishni davom ettirishga qaratildi. Natijada hisobot davrida mamlakatni bundan buyongi ravnaqi uchun muhim ahamiyatga molik huquqiy hujjatlar turkumi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Parlamentning boʻlib oʻtgan uchta sessiyasida 20 ta qonun, 54 ta qaror qabul qilindi, 6 ta xalqaro shartnoma va bitim ratifikatsiya qilindi, shuningdek 44 ta qonun hujjatiga 188 ta oʻzgartish va qoʻshimcha kiritildi.
Parlament mamlakatning 2003-yilgi Davlat budjetini, shuningdek Davlat budjetining 2001-yildagi, 2002-yilning birinchi choragidagi, birinchi yarim yilligidagi va toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqladi. Davlat budjetining hisobot davridagi koʻrsatkichlari Oliy Majlis tomonidan belgilangan doirada boʻldi. Hukumat tomonidan makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, aholining ijtimoiy muhofaza qilinishini kuchaytirish, mamlakat iqtisodiyotiga yangi investitsiyalarni jalb etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrildi. Vazirlar Mahkamasi, shuningdek fuqarolarni ish bilan taʼminlash, ularning daromadlarini koʻpaytirish, ishlab chiqarishni, shu jumladan eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishni texnikaviy qayta qurollantirishni amalga oshirish boʻyicha katta ish olib bordi.
2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumining yakunlaridan kelib chiqib, mamlakat parlamenti qonunchilik ishlarining asosiy yoʻnalishlari va ustuvorliklarini belgilab oldi. Mamlakat qonun chiqaruvchi oliy organini isloh qilishning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov tomonidan olgʻa surilgan gʻoyasini hayotga tatbiq etish, shak-shubhasiz, qonun ustuvorligi va aholi turli tabaqalarining fikrlarini keng hisobga olish asosida davlat hokimiyati barcha tuzilmalarining yanada aniqroq faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashadi. Ikki palatali parlament mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyatni mustahkamlaydi, eng muhim davlat masalalarini hal etishda uning rolini oshiradi. Umuman olganda, professional parlamentning faoliyati, eng avvalo, qonun ijodkorligi sifatini oshirishga qaratiladi.
Referendum yakunlarini roʻyobga chiqarish, hokimiyat barcha tarmoqlari faoliyatining muvozanatini saqlash va ularning oʻzaro samarali muvofiqlashtirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston parlamenti “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qildi. Ushbu Qonun bundan buyongi oʻzgartirishlarni har taraflama puxta, tub-asosli ravishda amalga oshirish imkoniyatini beradigan normativ negiz boʻladi, referendum yakunlarini qonunchilik shaklida mustahkamlaydi hamda kelgusida qabul qilinishi zarur boʻlgan, oʻzida oʻzgarishlar jarayonini aks ettiradigan yangi qonunlarga nisbatan mutlaqo boshqacha talablar qoʻyadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunlarning qabul qilinishi huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlida yana bir muhim bosqich boʻldi. Mazkur konstitutsiyaviy qonunlarda boʻlgʻusi parlamentning har ikkala palatasini shakllantirish tartibi, ularning tarkibiy tuzilishi va vakolatlari, qoʻmitalar va komissiyalarni tuzish, qonun loyihalarining oʻtish mexanizmi belgilab qoʻyildi. Ularda kelishuv tartib-taomillari, palatalarning oʻzaro, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa tarmoqlari organlari bilan boʻladigan hamkorligi, parlament faoliyatining boshqa masalalari ham tartibga solingan.
Parlament tomonidan yangi tahrirda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonun bugungi kunda ayniqsa dolzarb hisoblanadi. Bu huquqiy hujjatning mazmun va mohiyati Qurolli Kuchlarni isloh qilishning ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisining toʻqqizinchi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov tomonidan olgʻa surilgan konsepsiyasiga toʻla mosdir. Uni ishlab chiqishda deputatlar milliy manfaatlardan, mintaqadagi va jahondagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, zamonaviy urushlar va qurolli mojarolar xususiyatidan, harakatchan, yetarlicha taʼminlangan va yaxshi qurollangan, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni samarali va ishonchli tarzda himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlarni shakllantirish zarurligidan kelib chiqdilar.
Oliy Majlisning sakkizinchi sessiyasida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi shu sohadagi milliy qonun hujjatlarini xalqaro huquqiy normalarga mos holga keltiradi. Kodeksda jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari, shaharsozlik faoliyati subyektlari boʻlmish pudratchilar, buyurtmachilar va tegishli hujjatlarni ishlab chiquvchilarning huquqiy munosabatlari, ularning huquqlari va burchlari belgilangan. Unda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining shaharsozlik sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilgan.
Hujjatda shaharsozlikni boshqarish organlari, shaharsozlik hujjatlariga, muayyan hududlardan foydalanishga, shaharsozlik kadastrini joriy etishga qoʻyiladigan talablar belgilangan, arxitektura va qurilish sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik, shaharsozlik faoliyatining moliyaviy taʼminoti tartibi belgilab qoʻyilgan.
“Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishini mamlakat statistika tizimini bozor iqtisodiyoti prinsiplariga muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasida davlat statistikasining tashkil etilishi borasidagi yondashuvlarning jahon amaliyotida qabul qilingan xalqaro standartlar va qoidalar bilan bir xil boʻlishini taʼminlash zarurligi taqozo etdi. Mazkur Qonunning qabul qilinishi va amalga kiritilishi 2001-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro valyuta fondi oʻrtasida imzolangan Iqtisodiy va moliyaviy siyosat masalalari boʻyicha memorandum qoidalaridan birining bajarilishi deb hisoblanadi.
Qonun barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar davlat statistikasi materiallarini tayyorlash chogʻida amal qiladigan huquqiy asoslarni yaratadi. Hujjat davlat statistikasini tashkil etish tartibini belgilaydi hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini toʻplash, umumlashtirish, tarqatish va saqlash bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarni tartibga soladi.
Jamiyat va davlatning izchil ilgarilab borishi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi chuqur oʻzgarishlar, fuqarolar siyosiy-huquqiy ongining oʻsishi nodavlat va jamoat institutlarining jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatini kuchaytirishni, fuqarolar huquqlari va erkinliklarining zarur kafolatlarini, soʻz va ommaviy axborot vositalari erkinligini taʼminlaydigan demokratik prinsiplarning amalga oshirilishini talab qiladi.
Oliy Majlis demokratik oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu Qonunning maqsadi axborot bilan bogʻliq jarayonlarni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirishdan, axborot tarqatuvchi vositalarning faoliyatini yaxshilashdan, ularning huquqlarini himoya qilishdan, fuqarolarning axborot olishga boʻlgan huquqlarini kafolatlashdan, shuningdek soʻz va axborot erkinligini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.
Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartib-taomillarini takomillashtirish fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi. Parlament tomonidan yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun fuqarolarning huquqlari va erkinliklari kafolatlarini xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari asosida taʼminlashga xizmat qiladi. Unda fuqarolarning murojaat qilishga boʻlgan huquqlari kafolatlari, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiquvchi mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirilgan.
Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan boshqa qonunlar ham jamiyatimizning olgʻa qarab borishida katta ahamiyatga ega. Ular orasida parlament hisobot davrida qabul qilgan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi, “Kredit uyushmalari toʻgʻrisida”gi, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi qonunlar bor.
Shuni taʼkidlash kerakki, qabul qilingan qonunlarning mazmun va mohiyati Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatining asoslarini shakllantirishning mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning toʻqqizinchi sessiyasidagi maʼruzasida taʼriflab berilgan ustuvorliklari va asosiy yoʻnalishlariga toʻla mos tushadi. Shu jihatdan olganda, parlamentning davlatimiz boshligʻi tomonidan oʻrtaga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tuzilgan Komissiyasi katta ish olib bordi. Oliy Majlisning qarori bilan tuzilgan mazkur Komissiya tarkibiga parlament qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasining bir qancha vazirliklari va idoralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy oʻquv yurtlari, jamoat birlashmalarining rahbarlari kiritilgan. Komissiya ishi eng maqbul tarzda tashkil etilishiga erishish maqsadida uning tarkibida mamlakatni rivojlantirishning tegishli ustuvorliklariga muvofiq va hamohang boʻlgan kichik komissiyalar, xususan mustaqillik va xavfsizlik masalalari boʻyicha, iqtisodiy taraqqiyot masalalari boʻyicha, jamoatchilik institutlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari boʻyicha, sud-huquq islohoti masalalari boʻyicha, ijtimoiy siyosat masalalari boʻyicha, Qurolli Kuchlarni isloh qilish masalalari boʻyicha Kichik komissiyalar tuzildi. Kichik komissiyalar mamlakatimizda oʻtkazilayotgan islohotlarni yanada kengaytirish konsepsiyalarini hamda ularni amalga oshirish tadbirlarini ishlab chiqdilar.
Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish masalalari boʻyicha Oliy Majlis komissiyasining ishi mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirish strategiyasini roʻyobga chiqarish uchun huquqiy shart-sharoit yaratishga qaratilgandir. Komissiya aʼzolari hisobot yilida qabul qilingan bir qancha qonunlarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etdilar.
Parlamentning 2002-yildagi qonunchilik faoliyatida ilgari qabul qilingan qonunlarni takomillashtirishga, ularni amalda vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va istiqbol rejalariga muvofiqlashtirishga katta eʼtibor qaratildi. Baʼzi qonun loyihalari bir nechta qoʻmita va komissiyalar tomonidan birgalikda ishlab chiqildi. Buni mamlakatda iqtisodiy oʻzgartirishlar chuqurlashib borayotganligi va islohotlarning qonunchilik negizini yaratish masalalari parlament tuzilmalarining harakatlarini muvofiqlashtirib borishni dolzarb zaruriyatga aylantirayotganligi taqozosi dyeyish mumkin.
Parlamentning uchta sessiyasida 169 nafar deputat soʻzga chiqdi. Ular tomonidan huquqiy normalarni takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar kiritildi, bu takliflarning aksariyati qonunlarning loyihalarini maromiga yetkazish chogʻida hisobga olindi.
Qonun loyihalarini tayyorlash uchun mamlakatimizning teran nazariy bilimga va katta amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan yetakchi olimlari va ekspertlarini jalb etgan holda oldindan deputatlar ishchi guruhlari tuzildi. Parlament qoʻmitalari va komissiyalari qonunchilikka taalluqli ish jarayonida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qildilar. Bu borada parlamentning ayniqsa “Oʻzbekistonda demokratlashtirish jarayonini rivojlantirishga koʻmaklashish” TASIS loyihasi, Xalqaro notijorat huquq markazi, Soros, K. Adenauer fondlari va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar bilan olib borayotgan hamkorligini alohida taʼkidlash kerak.
Alohida ahamiyatga molik toʻqqizta qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilindi, ular keyinchalik ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Qonun loyihalari deputatlarga batafsil oʻrganib chiqish, oʻz saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlarda muhokama qilish uchun oldindan yuborib turildi. Qonun loyihalarini takomillashtirish yuzasidan tushgan takliflar ularni maromiga yetkazish chogʻida inobatga olindi. Sessiyalar muhokamasiga kiritiladigan qonunlarning loyihalarini Oliy Majlis Kengashi oʻz majlislarida muntazam muhokama etib bordi.
Nazorat-tahlil ishlari rejalariga muvofiq Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari oʻtgan yili qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosi ustidan nazorat tartibida 60 ga yaqin masalani koʻrib chiqdilar. Bunda mamlakatning barcha mintaqalari qamrab olindi, shu zayl joylardagi ishlarning ahvoli haqida keng tasavvurga ega boʻlish imkoniyati yuzaga keldi.
Huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish natijalari qoʻmitalar va komissiyalarning majlislarida markaziy hamda mahalliy hokimiyat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari, boshqa manfaatdor shaxslar ishtirokida sinchiklab tahlil qilindi va atroflicha muhokama etildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ijrosi nazoratga olindi, muhokama yakunlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi.
2002-yilda nazoratning qoʻmitalar va komissiyalar tomonidan avval qabul qilingan qarorlar ijrosini tekshirish singari shakli ham ancha keng qoʻllanildi.
Umuman olganda, qoʻmitalar va komissiyalarning hisobot davridagi nazorat-tahlil faoliyati yakunlariga muxtasar baho berib, shuni taʼkidlash kerakki, deputatlar va mutaxassislar joylarda qonunlarning ijrosini tekshirish jarayonida qonunlarning mohiyatini tushuntirish yuzasidan katta ishlar olib bordilar hamda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etishda amaliy yordam berdilar. Qonunlarni, shuningdek ularni ijro etish mexanizmini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishchi guruhlari tarkibida tajribali mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etishi amaldagi qonunlarga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan asosli takliflar tayyorlash imkoniyatini berdi.
Hisobot davrida xalqaro hamda parlamentlararo aloqalar rivojlanib va mustahkamlanib bordi. 2002-yil mobaynida Oliy Majlisga ellikdan ziyod delegatsiya tashrif buyurdi. Parlamentda xususan BMT Bosh kotibi K. Annan, EXHTning kam sonli millatlar ishlari boʻyicha oliy komissari Karl Rolf-Ekeus, Polsha Respublikasi Prezidenti A. Kvasnevskiy, Afgʻoniston Muvaqqat hukumati boshligʻi H. Karzay va boshqa arboblar qabul qilindi. Oliy Majlisga oʻnta parlament delegatsiyasi tashrif bilan keldi, ular orasida GFR, Niderlandiya, Belgiya, AQSh, Shveysariya va boshqa davlatlar parlamentlarining delegatsiyalari bor. Oʻz navbatida Oliy Majlis deputatlari Germaniya, Avstriya, Hindiston va boshqa mamlakatlar parlamentlarining faoliyati bilan tanishdilar, bu esa parlamentlararo aloqalar koʻlami, parlament ish tajribasini ayirboshlash imkoniyati kengayishiga olib keldi.
Yevropa parlamenti bilan yaqin va amaliy aloqalar oʻrnatilib, munosabatlar kuchayib borayotganligini Oliy Majlis xalqaro faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri jumlasiga kiritsa boʻladi. “Oʻzbekiston— Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qoʻmitasining har yili oʻtkaziladigan majlislari bunga dalildir, eng soʻnggi majlis 2002-yil may oyida Strasburgda boʻlib oʻtdi. Bu Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim doirasida ushbu qoʻmita tuzilgan paytdan buyongi uchinchi majlis boʻlib, unda Oʻzbekiston parlamentining Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi istiqbollari va uni mustahkamlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
2002-yil 18-noyabrda Toshkentda “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkilotiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari aʼzolarining uchrashuvi oʻtkazilishi Oliy Majlisning parlamentlararo aloqalarida muhim voqea boʻldi. Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi parlamentlarining rahbarlari ishtirok etgan bu uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik institutini — “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Parlament aʼzolari kengashini tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Oliy Majlisning xalqaro aloqalari mustahkamlanib borayotganligi parlamentning Oʻzbekistondan chetga olib ketilgan va xalq boyligi boʻlgan arxiv hujjatlarini qaytarib olib kelish boʻyicha maxsus komissiyasi ishini sezilarli darajada jonlantirdi. Komissiya aʼzolari oʻtgan yili Rossiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklariga borib keldilar. Shu yoʻnalishdagi izlanishlar natijasida Oʻzbekistonga Kamoliddin Behzodning Navoiy, Nizomiy va Xisrav Dehlaviy asarlariga ishlangan, hozirgi kunda Buyuk Britaniya va Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan durdona miniatyuralaridan, Londondagi Britaniya muzeyidan esa Bobur va boburiylar sulolasi tarixining turli qirralarini aks ettiruvchi rasmlar kolleksiyasi va Buxoro hukmdorlari portretlaridan nusxalar olib kelindi. “Viktoriya va Albert” muzeyidan (Angliya) “Boburnoma”ning eng nodir qoʻlyozmalaridan biridagi miniatyuralardan, shuningdek Boburning 1630 yilda chizilgan portretidan nusxalar keltirildi.
Komissiya aʼzolarining Rossiyaga qilgan safarlari chogʻida xususan Moskva shahridagi fonomateriallar davlat arxivida va Krasnogorsk shahridagi kinofoto davlat arxivida mamlakatimiz tarixiga taalluqli uch mingdan ortiq hujjat topildi.
Shaxsning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish parlament rahbariyati, uning qoʻmitalari va komissiyalarining doimiy eʼtiborida boʻldi. Bunda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga katta eʼtibor qaratildi. 2002-yilda Oliy Majlisga 3424 ta yozma murojaat, shu jumladan 334 ta takroriy murojaat tushdi. 2001-yilga nisbatan yozma murojaatlar soni 214 taga koʻpaydi. Xatlarda fuqarolarning mamlakatda va jahonda sodir boʻlayotgan voqealarga qarashlari bayon etilgan, ular mamlakatda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy sohalarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar haqida oʻz fikrlarini bildirganlar.
Talaygina xatlarda fuqarolar turli darajadagi sudlarning qarorlariga rozi emasliklarini izhor etganlar, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar xodimlarining qonunga xilof xatti-harakatlari (xat mualliflarining fikricha) ustidan shikoyat qilganlar. Uy-joy mulkdorlari shirkatlarini tuzish chogʻidagi qonuniylik buzilayotganligi, kommunal xizmatlar oʻz majburiyatlarini bajarmayotganligi, natijada fuqarolarning xonadonlariga issiqlik va ichimlik suv yetkazib berish taʼminlanmayotganligi munosabati bilan koʻpgina shikoyatlar tushdi. Xatlarning talay qismi Toshkent shahridan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridan tushganligini ham taʼkidlab oʻtish joizdir.
Parlament vakolatiga taalluqli murojaatlar Oliy Majlis rahbariyati tomonidan, qoʻmitalar va komissiyalarda koʻrib chiqildi. Deputatlar tomonidan fuqarolarni qabul qilish Oliy Majlisda ham, saylov okruglarida ham oʻtkazildi. Fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati koʻrib chiqish uchun tegishli hokimliklar, sudlar, prokuratura organlari, vazirliklar, idoralar va boshqa vakolatli organlarga yuborildi. Ana shu murojaatlar bilan joylarda qanday ish olib borilayotganligi deputatlarning doimiy nazorati ostida boʻldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga 2002-yilda fuqarolardan 5130 ta murojaat tushdi. 871 ta murojaat yuzasidan ogʻzaki tushuntirish va maslahatlar berildi, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzish hollari bilan bogʻliq 1450 ta murojaat nazoratga olindi, bundan 250 tasi ijobiy hal etildi. Fuqarolarning qolgan murojaatlari koʻrib chiqish uchun tegishli davlat organlariga yuborildi.
Ombudsman va uning vakillari joylarga chiqib, arizachilar bilan qirqdan ziyod uchrashuv oʻtkazdilar. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya aʼzolari, ekspert kengashi aʼzolari, shuningdek Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining mintaqaviy vakillari 35 ta jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha sud protsessining borishini Ombudsman vakili sifatida kuzatib bordilar.
Oʻtgan yili Ombudsman mintaqaviy vakillari instituti ishida faollik yanada oshdi. Bu mahalliy hokimiyat organlarining qoʻllab-quvvatlashi bilan, shuningdek mazkur institutning tarkibiy shakllanishi amalda poyoniga yetkazilganligi bilan bogʻlikdir.
Oliy Majlisning qoʻmitalari va komissiyalarida amaldagi Qonun hujjatlari monitoringi xalqaro huquqiy normalar oʻrganilgan holda muntazam olib borilmoqda, boshqa mamlakatlardagi parlamentarizm tajribasi tahlil qilinmoqda, mamlakat qonun chiqaruvchi oliy organi faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-axborot maʼlumotlari bazasi yaratilmoqda. Xalqaro hujjatlarning koʻpchilik oʻrganib chiqishi va foydalana olishini taʼminlash maqsadida Oliy Majlisning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar hamda Dyemakratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalari hamda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi tavsiyasiga koʻra BMTning inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalari, EXHTning insoniylik mezonlari boʻyicha hujjatlari hamda Jeneva konvensiyalari oʻzbek tiliga tarjima qilindi va uchta toʻplam tarzida chop etildi.
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringini olib borish bilan bogʻliq ishlarga tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirliklar va idoralardan, shuningdek chet el tashkilotlarining Oʻzbekistondagi vakolatxonalaridan yetakchi olimlar va ekspertlar jalb etilmoqda. Oliy Majlis huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti xodimlari bu ishda deputatlarga muayyan darajada yordam koʻrsatib kelmoqdalar. Hisobot davrida ular oʻnta qonun loyihasi boʻyicha ekspert xulosalari berdilar va oltita qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdilar.
Oʻtgan yili Institutda qonun loyihalarini ekspertizadan oʻtkazishga hamda qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqishga olimlar va yuqori malakali amaliyotchi mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, xalqaro tashkilotlarning ekspertlari koʻproq jalb etildi.
Amaldagi qonun hujjatlarini qoʻllanish amaliyotini oʻrganish va tahlil qilish, bunday hujjatlarning samaradorligini aniqlash va inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiqligini belgilash Institut faoliyatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Institut tomonidan amalga oshirilayotgan tahliliy ishlarning natijalari hamda shu asosda qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllanish amaliyotini takomillashtirish yuzasidan tayyorlangan takliflar xodimlarning ilmiy ishlarida va ularning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarida oʻz aksini topdi.
Hisobot yilida Institut xodimlari tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksi normalarini xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan liberallashtirish hamda muruvvat koʻrsatish nuqtai nazaridan tahlil qilish bilan bogʻliq ishlar amalga oshirildi. Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining turli xalqaro shartnomalar, bitimlar va konvensiyalarga qoʻshilishi maqsadga qanchalik muvofiq ekanligi toʻgʻrisida oʻn bitta xulosa tayyorlandi.
2002-yilda Institutda ilmiy-tadqiqot ishlari kuchaytirildi, qirqqa yaqin ilmiy ish nihoyasiga yetkazildi, ularning aksariyati eʼlon qilindi. Institut xodimlari qirqdan ziyod ilmiy va ilmiy-amaliy seminarlarda hamda konferensiyalarda, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasida va uning hududidan tashqarida oʻtkazilgan ana shunday xalqaro tadbirlarda ishtirok etdilar. Ular 35 ta telekoʻrsatuv va 20 ta radio eshittirishda qatnashdilar, ommaviy axborot vositalarida ular tomonidan tayyorlangan qirqdan ziyod maqola eʼlon qilindi.
Mahalliy hokimiyat vakillik organlariga amaliy yordam koʻrsatish hisobot davrida muntazam tus oldi. Oliy Majlis turli darajadagi xalq deputatlari Kengashlariga ular davlat hokimiyatining vakillik organlari vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilishlarida amaliy va uslubiy yordam koʻrsatdi.
Oliy Majlis Kengashi hisobot davrida 9 ta, qoʻmitalar va komissiyalar 98 ta majlis oʻtkazdilar. Kengash qoʻmitalar va komissiyalarning oʻzaro hamjihatlikda ishlashini, ustuvor vazifalarni amalga oshirishda ularning faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminladi.
Hisobot yilida siyosiy partiyalar deputatlar fraksiyalari hamda hokimiyat vakillik organlaridan va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bloklari oʻz faoliyatlari mobaynida qonun loyihalarini va boshqa hujjatlarni navbatdagi sessiyalar muhokamasiga kiritish, bunday hujjatlar yuzasidan kelishilgan nuqtai nazarni ishlab chiqish, parlament sessiyalarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni izchil koʻrib bordilar. Bu esa qonun loyihalarini tayyorlash ishlari sifatini va deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish imkonini berdi.
Hisobot davrida qoʻmitalar va komissiyalar tomonidan 100 dan ziyod konferensiya, davra suhbati, seminar va boshqa tadbirlar oʻtkazildi. Ular, qoida tariqasida, vazirliklar va idoralarning, turli nohukumat tashkilotlarining vakillari, mamlakatimiz va chet el yetakchi olimlarining, tegishli ixtisoslikdagi ekspertlarning ishtirokida oʻtkazildi va keng ijtimoiy aks sado berdi.
Masalan, qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi Matbuot va axborot qoʻmitasi bilan birgalikda “Ikki palatali parlamentning tashkil etilishi, faoliyati va istiqboli bilan bogʻliq masalalar” mavzuida konferensiya oʻtkazdi, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi bilan birgalikda “Xalqaro shartnomalarni oʻzbek tiliga tarjima qilish muammolari”, “Oʻzbek tili va qonunchilik muammolari” mavzuida seminarlar, Ijtimoiy masalalar va bandlik qoʻmitasi “Kuchli ijtimoiy muhofaza — davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi” mavzuida konferensiya, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi “Keksa avlodga munosabatning huquqiy va siyosiy asoslari” mavzuida ilmiy konferensiya oʻtkazdi. Bu va boshqa tadbirlar Oliy Majlis faoliyatining qonunchilik, nazorat-tahlil va boshqa yoʻnalishlarini takomillashtirish, hokimiyat va boshqaruv organlariga, jamoat tashkilotlariga amaliy yordam koʻrsatish, jamiyat hayotining tegishli sohalaridagi ishlarning ahvolini yaxshilash maqsadida amalga oshirildi.
Parlamentning hisobot yilidagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi. Bu Oliy Majlis sessiyalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha deputatlar ishchi guruhlari, qoʻmitalar va komissiyalar, Kotibiyatning Matbuot va tarjimalar boʻlimi qizgʻin faoliyatining inʼikosidir. 2002-yilda faqat markaziy ommaviy axborot vositalarining oʻzida Oliy Majlisning ishi bilan bogʻliq 600 dan ortiq maqola va materiallar eʼlon qilindi.
Oʻtgan yili amalga oshirilgan ishlar tahliliga tayanib ana shu davrda parlament oldiga qoʻyilgan vazifalar asosan bajarildi deb xulosa chiqarish mumkin.
2003-yilda Oliy Majlis mamlakatimiz Prezidenti I. A. Karimovning parlamentning toʻqqizinchi sessiyasidagi dasturiy maʼruzasida belgilangan ustuvorliklardan kelib chiqqan holda islohotlarni, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati asoslari shakllantirilishini huquqiy jihatdan taʼminlash ishlarini yanada izchil davom ettiradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 42-modda)