Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
FUQAROLARNING BANKLARDAGI OMONATLARINI HIMOYALASH KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2025-yil 18-fevraldagi OʻRQ-1031-sonli “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi (bundan buyon matnda banklar deb yuritiladi) omonatlari himoyalanishini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Kafolatlash obyekti
Fuqarolarning banklardagi omonatlari kafolatlash obyekti hisoblanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq:
fuqarolarning banklardagi, qonunchilik bilan kafolatlashning alohida tartibi nazarda tutilgan omonatlarida turgan;
(3-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
fuqarolarning banklar ishonchli boshqaruviga topshirilgan;
taqdim etuvchiga toʻlanadigan hisobvaraqlarda saqlanayotgan;
yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslarning hisobvaraqlariga (agar bu hisobvaraqlar mazkur faoliyat munosabati bilan ochilgan boʻlsa) qoʻyilgan;
mazkur bank yoki uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlarni taʼminlash uchun fuqarolarning banklardagi garovda turgan omonatlariga qoʻyilgan;
banklarning chet ellardagi filiallariga qoʻyilgan pul mablagʻlari kafolatlash obyekti hisoblanmaydi.
4-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi
Ushbu Qonunning maqsadini amalga oshirish uchun fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi (bundan buyon matnda Fond deb yuritiladi) tuziladi.
Fond faoliyatining maqsadi bankning bank operatsiyalarini oʻtkazish huquqini beruvchi litsenziyasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chaqirib olingan (bundan buyon matnda litsenziyani chaqirib olish deb yuritiladi) taqdirda fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlanishini ushbu Qonunda nazarda tutilgan shartlarda va miqdorda kafolatlashdan iboratdir. Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha Fondning haq toʻlanishini kafolatlashi bank qayta tashkil etilganligi munosabati bilan litsenziya chaqirib olingan hollarga taalluqli emas.
Fond yuridik shaxs hisoblanadi va banklar bilan yozma ravishda tuziladigan bitimlar asosida faoliyat yuritadi.
Fondning mol-mulki banklarning majburiy badallari, mablagʻ qoʻyilishidan olingan daromadlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa tushumlar hisobidan shakllantiriladi.
(4-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Fondning pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida saqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrdagi OʻRQ-646-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son)
Fondni boshqarish Fondning kuzatuv kengashi va Fondning ijro etuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi.
Fond moliyaviy yordam koʻrsatish va xayriya faoliyati bilan shugʻullanishi, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi boʻlishi mumkin emas.
5-modda. Fondning kuzatuv kengashi
Fondning kuzatuv kengashi Fond faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Fond kuzatuv kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Fond kuzatuv kengashining majlisi uning raisi yoki Fond kuzatuv kengashi aʼzolarining kamida uchdan bir qismi tomonidan zaruratga qarab, ammo yilning har choragida kamida bir marta chaqiriladi.
Fondning kuzatuv kengashi, agar majlisda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, qaror qabul qilishga haqli. Agar majlisda hozir boʻlganlarning kamida uchdan ikki qismi Fond kuzatuv kengashining qarori uchun ovoz bersa, qaror qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlganda Fond kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
6-modda. Fond kuzatuv kengashining vakolatlari
Fond kuzatuv kengashi:
banklarning kalendar badallari stavkasini, ularni hisoblash tartibi va kiritish muddatlarini tasdiqlaydi;
fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining roziligi bilan agent bankni tanlaydi;
Fond mablagʻlarini davlat qimmatli qogʻozlariga va boshqa aktivlarga qoʻyish xususida qaror qabul qiladi;
Fond mablagʻlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan joriy faoliyatga moʻljallangan xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Fondning ijro etuvchi organini tuzadi va uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(6-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Fondning ijro etuvchi organi
Fond direksiyasi Fondning ijro etuvchi organi boʻlib, u joriy rahbarlikni amalga oshiradi va Fond faoliyati uchun javobgar boʻladi. Fond direksiyasi tarkibiga direktor, uning oʻrinbosari va bosh buxgalter kiradi.
Fond direksiyasi:
banklar bir yoʻla toʻlanadigan va kalendar badallarni oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
joriy faoliyatga moʻljallangan xarajatlar smetasini Fond kuzatuv kengashining tasdigʻiga kiritadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(7-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Fond direktori Fond kuzatuv kengashining majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadi.
8-modda. Banklarning Fondga toʻlaydigan majburiy badallari
Bir yoʻla toʻlanadigan va kalendar badallar banklarning Fondga toʻlaydigan majburiy badallaridir.
Bankning Fondga bir yoʻla toʻlaydigan badali bankning amalda shakllangan ustav kapitali miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
Kalendar badal banklar tomonidan Fondga yilning har choragida oʻtkaziladigan pul mablagʻlaridan iborat boʻladi. Kalendar badallarning miqdori ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanishi lozim boʻlgan fuqarolar omonatlarining yil choragidagi amaldagi qoldigʻiga qarab Fond kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan, ammo omonatlar umumiy summasining 0,5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Kalendar badallarning toʻlangan summasi fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldigʻi umumiy summasining 5 foiziga yetganda banklar tomonidan kalendar badallarni toʻlash toʻxtatiladi. Fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldigʻining umumiy summasi oʻzgarganda Fondga toʻlangan kalendar badallarning summasi qayta hisoblab chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklar uchun fuqarolarning pul mablagʻlarini omonatlarga jalb etishga taqiq joriy etilishi banklarni Fondga kalendar badallarini toʻlashdan ozod etmaydi.
Kalendar badalning stavkasi oʻzgartirilgan taqdirda Fond banklarni bundan kamida oʻttiz kun oldin xabardor qilishi shart.
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha kalendar badal chet el valyutasida hisob-kitob qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, kalendar badal oʻtkazilgan kundan oldingi kungi kurs boʻyicha qayta hisoblab chiqiladi.
Banklar tomonidan Fondga toʻlanadigan majburiy badallar banklarning koʻrsatilayotgan xizmatlar tannarxiga kiritiladigan xarajatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
9-modda. Banklarning Fond oldidagi majburiyatlari
Banklar:
Fond bilan yozma bitimlar tuzishlari;
ushbu Qonunda belgilangan majburiy badallarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlashlari;
ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanishi zarur boʻlgan fuqarolarning banklardagi omonatlari soni va miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Fondga taqdim etishlari shart.
Bank tugatilgan taqdirda, bankning tugatish komissiyasi fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha toʻlanadigan haq summasi bilan tugatilayotgan bankning Fondga toʻlaydigan badali summasi oʻrtasidagi farqni, shuningdek omonatlar boʻyicha haq toʻlash paytida qilingan xarajatlarni Fondga toʻlashi shart.
10-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash miqdori
Fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlash bankning qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan oraliq tugatish balansida aks ettirilgan omonatlarning qoldigʻidan kelib chiqqan holda bank va Fond mablagʻlari hisobidan toʻliq hajmda amalga oshiriladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 6-apreldagi OʻRQ-203-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2009-y., 15-son, 173-modda)
Agar bank omonatchiga nisbatan kreditor sifatida ham ish yuritgan boʻlsa, omonatlar boʻyicha haq toʻlash miqdori omonatchiga toʻlanishi lozim boʻlgan omonatlar boʻyicha haq toʻlash summasi bilan bankning muqobil talablari summasi oʻrtasidagi farq sifatida belgilanadi.
Fuqarolarning banklardagi chet el valyutasidagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash ushbu Qonun bilan belgilangan tartibda va miqdorlarda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, litsenziya chaqirib olingan kungi kurs boʻyicha milliy valyutada amalga oshiriladi.
11-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash tartibi va muddatlari
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash maqsadida bankning tugatish komissiyasi litsenziya chaqirib olingan kundan eʼtiboran ikki oy mobaynida kreditorlarni aniqlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining majburiy zaxiralari fondiga depozitga qoʻyilgan debitorlik qarzlari va mablagʻlarini olish choralarini koʻradi. Mazkur mablagʻlar birinchi navbatda tugatilayotgan bankning fuqarolar omonatlari boʻyicha qarzlarini toʻlashga yoʻnaltiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaganidan soʻng, bankning tugatish komissiyasi oʻn kunlik muddat ichida Fondga quyidagilarni taqdim etishi shart:
tasdiqlangan oraliq tugatish balansi;
tugatilayotgan bank mol-mulkining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
kreditorlar tomonidan taqdim etilgan talablar roʻyxati;
fuqarolar omonatlarining miqdorlarini tasdiqlovchi maʼlumot;
fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlash uchun Fondga zarur boʻladigan pul mablagʻlarining hisobi.
Fond oraliq tugatish balansini olgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlashni Fond ommaviy axborot vositalarida xabar eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida boshlashi shart. Haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining roziligi bilan Fond belgilaydigan bank (agent bank) tomonidan amalga oshiriladi. Omonatchilar agent bankka oʻz omonatlari boʻyicha haq olish uchun murojaat qilganlarida agent bank mazkur haqni omonatchi oʻzining omonati borligini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatgan taqdirda toʻlashi shart.
Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq tegishli hujjatlar koʻrsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham toʻlanadi.
Omonatchining Fonddan oʻz omonati boʻyicha haqini olishi uning bankka nisbatan omonati boʻyicha olgan haqidan ortiq miqdordagi talablarini qanoatlantirishga doir huquqlarini istisno etmaydi.
12-modda. Fondga ssuda berish
Fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlash uchun Fondning mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Fondga ssuda beriladi va u keyinchalik Fond tushumlari hisobidan qaytariladi.
13-modda. Fond bilan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻrtasida axborot almashish
Fond bilan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Fond oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur axborotni muntazam ravishda almashib turadilar.
14-modda. Bank sirini oshkor qilmaslik
Fond bank sirining oshkor etilmasligini kafolatlaydi.
Fond bank sirini oshkor etgan taqdirda, huquqlari buzilgan bank va omonatchi Fonddan oʻzlariga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli.
15-modda. Nizolarni hal qilish
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash bilan bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-aprel,
360-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y.,4-5-son, 70-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 173-modda; 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)