OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI, GEODEZIYA, KARTOGRAFIYA VA DAVLAT KADASTRI DAVLAT QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YER RESURSLARI, GEODEZIYA, KARTOGRAFIYA VA DAVLAT KADASTRI DAVLAT QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
QARORI
AHOLI PUNKTLARINI BORISH QIYIN BOʻLGAN VA TOGʻLI HUDUDLAR TARKIBIGA KIRITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 11-noyabrda 1868-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-maydagi “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishning xabardor qilish tartibini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-357-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 174-modda) va 2007-yil 12-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-744-sonli qarorlariga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son, 534-modda) muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan aholi punktlarini borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlar tarkibiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-oktabr,
101-son
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUAZIZOV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-oktabr,
113-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-oktabr,
2008-43-son
Moliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasining 2008-yil 14-oktabrdagi 101, 113, 2008-43son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Aholi punktlarini borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlar tarkibiga kiritish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Yoʻriqnoma aholi punktlarida oʻz faoliyatlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari uchun belgilangan aylanmadan olinadigan soliqning pasaytirilgan stavkalarini qoʻllash maqsadida aholi punktlarini borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlar tarkibiga kiritish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 21-apreldagi 358-son, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi kadastr agentligining 2026-yil 7-apreldagi 2026-12-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 30-martdagi 2026-12-sonli qarori (roʻyxat raqami 1868-2, 06.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2026-y., 10/26/1868-2/0469-son)
1. Quyidagi qishloq aholi punktlari borish qiyin boʻlgan hududlar tarkibiga kiradi:
a) yaqin joylashgan tuman markazlari va shahar chegaralaridan 50 kilometrdan ortiq masofada joylashgan hududlar;
b) mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasida koʻrsatilgan tumanlar chegarasida joylashgan hududlar.
2. Mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasida koʻrsatilgan tumanlar chegarasidagi dengiz sathidan 1000 metr balandlikdagi zonalarda joylashgan qishloq aholi punktlari togʻli hududlarda joylashgan hisoblanadi.
3. Aholi punktlarining uzoqligini aniqlashda, masofasi yaqin joylashgan tuman markazi yoki shahar chegarasidan to qishloq, shaharcha va ovul chegarasigacha boʻlgan eng yaqin avtomobil yoʻllari boʻylab hisoblangan masofa qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy boʻlinmalari “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan aholi punktlari chegaralaridan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning tegishli iqtisodiyot va moliya hamda soliq organlari bilan kelishilgan holda, borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlarda joylashgan aholi punktlarining roʻyxatini mazkur Yoʻriqnoma 1-bandining “a” kichik bandi va 2-bandiga muvofiq ravishda tasdiqlaydilar hamda roʻyxatdan oʻtkazuvchi va soliq organlariga yuboradilar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 13-martdagi 10-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3789, 16.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2026-y., 10/26/3789/0243-son)
5. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan.
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-oktabr
Aholi punktlarini borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlar tarkibiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
1-ILOVA
1-ILOVA
Borish qiyin boʻlgan tumanlar roʻyxati
| T/r | Tumanlar nomi |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | |
| 1. | Qonlikoʻl |
| 2. | Muynoq |
| 3. | Shumanay |
| Jizzax viloyati | |
| 1. | Forish |
| Qashqadaryo viloyati | |
| 1. | Dehqonobod |
| Navoiy viloyati | |
| 1. | Tomdi |
| 2. | Uchquduq |
| Fargʻona viloyati | |
| 1. | Soʻx |
Aholi punktlarini borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlar tarkibiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
2-ILOVA
2-ILOVA
Dengiz sathidan 1000 metr balandlikdagi zonalar mavjud tumanlar roʻyxati
| T/r | Tumanlar nomi |
| Jizzax viloyati | |
| 1. | Baxmal |
| 2. | Gʻallaorol |
| 3. | Zomin |
| 4. | Yangiobod |
| Namangan viloyati | |
| 1. | Pop |
| 2. | Yangiqoʻrgʻon |
| Qashqadaryo viloyati | |
| 1. | Yakkabogʻ |
| 2. | Qamashi |
| 3. | Kitob |
| 4. | Shahrisabz |
| Samarqand viloyati | |
| 1. | Qoʻshrabot |
| 2. | Urgut |
| Surxondaryo viloyati | |
| 1. | Denov |
| 2. | Boysun |
| 3. | Oltinsoy |
| 4. | Qumqoʻrgʻon |
| 5. | Sariosiyo |
| 6. | Uzun |
| 7. | Sherobod |
| Toshkent viloyati | |
| 1. | Ohangaron |
| 2. | Boʻstonliq |
| Fargʻona viloyati | |
| 1. | Fargʻona |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 46-son, 458-modda; 2012-y., 26-27-son, 304-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son; 16.03.2026-y., 10/26/3789/0243-son; 08.05.2026-y., 10/26/1868-2/0469-son)