Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishning xabardor qilish tartibini joriy etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-yanvardagi PF-4940-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2017-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish uchun maʼmuriy sarf-xarajatlarni kamaytirish, tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishdagi byurokratik toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etish yoʻli bilan yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. 2006-yilning 1-sentabridan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olishning xabardor qilish tartibi oʻrnatilsin, yer maydonlari ajratib berish, gaz va elektr tarmoqlariga ulash toʻgʻrisida, shuningdek litsenziyalanadigan faoliyat turlari boʻyicha qaror talab etiladigan tadbirkorlarni roʻyxatga olish bundan mustasno.
2. Quyidagilar belgilansin:
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish, tegishli ravishda, yustitsiya organlari yoki tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish inspeksiyalari tomonidan bir vaqtning oʻzida ularni soliq va statistika organlarida hisobga qoʻygan holda amalga oshiriladi;
ariza — xabarnomani bergan paytdan boshlab tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatiga olib, unga davlat roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berishgacha oʻtadigan muddat koʻpi bilan ikki ish kunini tashkil etadi.
3. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishning xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda roʻyxatga oluvchi tuzilmalarning moddiy-texnika bazasini xatlovdan oʻtkazsin hamda uni mustahkamlash, jumladan, zarur xonalar, kompyuter texnikasi va tegishli axborot materiallari bilan taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi 2006-yilning 1-sentabrigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tuman (shahar)lar davlat soliq inspeksiyalari bilan roʻyxatga oluvchi organlar oʻrtasida soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlari berilganligi toʻgʻrisidagi tegishli soʻrovnomalarni qabul qilish va ushbu axborotni roʻyxatga oluvchi organlarga uzatish uchun elektron pochta aloqasi tashkil etilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi:
roʻyxatga oluvchi organlarda tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilish asosida davlat roʻyxatiga olish uchun zarur boʻlgan statistik kodlar keltirilgan statistika klassifikatorlari mavjud boʻlishini taʼminlasin;
2006-yilning 1-sentabrigacha tadbirkorlik subyektlari tomonidan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat roʻyxatida aynan bir xil firma nomlari mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni olish soʻrovnomalarini qabul qilish va koʻrib chiqish uchun zarur moddiy-texnika bazasini yaratsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-apreldagi PF-4215-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 17-son, 130-modda)
tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olishning xabardor qilish tartibiga rioya etilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin;
tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olishning xabardor qilish tartibini tushuntirish boʻyicha ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda maqolalar chop etilishini taʼminlasin, telekoʻrsatuvlar turkumini tashkil qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mintaqalarda Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishning xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha aholini hamda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi tegishli organlari xodimlarini keng jalb etgan holda seminarlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar;
tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olishning xabardor qilish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 24-may,
PQ-357-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 174-modda; 2007-y., 12-son, 108-modda; 2009-y., 1-2-son, 2-modda; 2010-y., 17-son, 130-modda, 44-45-son, 378-modda, 52-son, 513-modda; 2011-y., 12-13-son, 114-modda, 22-23-son, 224-modda; 2012-y., 32-son, 374-modda; 2012-y., 40-son, 466-modda; 2013-y., 20-son, 250-modda, 45-son, 585-modda, 46-son, 599-modda, 52-son, 690-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; 2016-y., 38-son, 445-modda)