Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuni
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 10-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 5-fevralda maʼqullangan
Senat tomonidan 2021-yil 5-fevralda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi auditorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda auditorlik faoliyati sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
auditor — auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
Auditorlar reyestri — auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan auditorlarning auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan roʻyxati, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan shakllantiriladigan reyestr mustasno;
auditorlik tashkiloti — auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish va turdosh xizmatlar koʻrsatish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti;
Auditorlik tashkilotlarining reyestri — auditorlik tashkilotlarining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan roʻyxati;
auditorlik faoliyati — auditorlik tashkilotlarining auditorlik xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tadbirkorlik faoliyati;
audit qoʻmitasi — xoʻjalik yurituvchi subyektning kuzatuv kengashi aʼzolaridan iborat boʻlgan, qoida tariqasida, kamida bir nafar mustaqil aʼzoni oʻz ichiga oladigan, moliyaviy hisobotni tuzishning toʻgʻriligi ustidan nazorat oʻrnatilishi, mustaqil auditorlik tashkilotining tanlanishi, auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishi jarayonlarini kuzatish, shuningdek ichki va tashqi auditorlik tekshiruvlari natijalarini olish hamda oʻrganish uchun masʼul boʻlgan qoʻmita;
renking — auditorlik tashkilotlarining faoliyatini tavsiflovchi muayyan koʻrsatkichlar boʻyicha guruhlarga ajratilgan auditorlik tashkilotlarining tartibga solingan roʻyxatlarini shakllantirish;
talabgor — malaka sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga daʼvogar boʻlgan jismoniy shaxs.
4-modda. Auditorlik faoliyati sohasidagi asosiy prinsiplar
Auditorlik faoliyati sohasidagi asosiy prinsiplar mustaqillik, xolislik va halollikdan, kasbiy bilimga egalik hamda axborotning maxfiyligidan iboratdir.
5-modda. Mustaqillik prinsipi
Auditor taxminlarga asoslanib fikr bildirishdan xoli boʻlishi va oʻzining obroʻsini tushiradigan faktlarga yoʻl qoʻymasligi kerak.
Auditorlik tashkiloti mustaqilligiga monelik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, auditorlik xizmatlari koʻrsatishni rad etishi kerak.
6-modda. Xolislik va halollik prinsipi
Auditor jamiyat manfaatlari ustuvorligiga rioya etishi, begʻaraz boʻlishi va taxminlarga asoslanishi, manfaatlar toʻqnashuvi yoki boshqa shaxslarning bosimlari sababli oʻzining kasbga oid fikr-mulohazasida tavakkalchilik qilmasligi, auditorlik tashkilotining obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan holatlarga yoʻl qoʻymasligi kerak.
7-modda. Chuqur kasbiy bilimga egalik prinsipi
Auditor ushbu Qonun talablariga rioya etishi, yetarli darajada chuqur kasbiy bilimga ega boʻlishi hamda kasbiy bilim va koʻnikmalarini auditorlik tashkiloti tarkibida sifatli auditorlik xizmatlari koʻrsatish uchun yetarli boʻlgan darajada saqlab turishi kerak.
8-modda. Axborotning maxfiyligi prinsipi
Auditorlar va auditorlik tashkiloti xodimlari auditorlik xizmatlari koʻrsatish jarayonida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oʻziga auditorlik xizmatlari koʻrsatilgan shaxslarning yozma roziligisiz oshkor qilishga hamda oʻzgalarga berishga haqli emas, bundan korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
9-modda. Auditorlik faoliyati standartlari
Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Audit va ishonchni taʼminlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari boʻyicha kengashi tomonidan eʼlon qilinadigan auditning xalqaro standartlari hamda sifat nazoratining xalqaro standartlari, tahliliy tekshiruvlarning xalqaro standartlari, ishonchni taʼminlaydigan topshiriqlarning xalqaro standartlari, turdosh xizmatlarning xalqaro standartlari auditorlik faoliyati standartlaridir.
Auditorlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmagan, Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasida eʼlon qilish toʻgʻrisidagi ruxsatnomasi asosida auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan auditorlik faoliyati standartlari asosida amalga oshiriladi.
Auditning xalqaro standartlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllash uchun ularni tan olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-apreldagi 171-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllash uchun auditning xalqaro standartlarini tan olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida gi” qarori.
2-bob. Auditorlik faoliyati sohasini tartibga solish
10-modda. Auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
auditorlik faoliyatini va auditorlik xizmatlari bozoridagi halol raqobatni ilgʻor xalqaro amaliyot asosida rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
auditorlik tekshiruvlarining oʻrnini, ahamiyatini va koʻrsatilayotgan auditorlik xizmatlarining sifati uchun auditorlik tashkilotlarining javobgarligini oshirish;
auditorlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini tashqi nazorat qilish tizimini shakllantirish;
yoshlarni auditorlik kasbiga jalb etish va kasbga oid auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining tegishli oliy taʼlim tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilishini taʼminlash.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllash uchun auditning xalqaro standartlarini tan olish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(11-modda toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyekti ixtiyoriy ravishda tugatilgan taqdirda, soliqlar boʻyicha xulosa berish huquqiga ega boʻlgan auditorlik tashkilotlarining roʻyxatini yuritish va ushbu subyekt ixtiyoriy ravishda tugatilganda soliqlarga doir xulosalar berish tartibini belgilaydi.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi toʻgʻrisida”gi nizomning 9-band 9)-kichik bandi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
auditorlik faoliyati sohasidagi xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi;
oʻz vakolatlari doirasida auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
(12-modda ikkinchi qismining beshinchi — sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Auditorlik tashkilotlarining reyestrini va Auditorlar reyestrini yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
auditorlik tashkilotlari va auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan elektron tarzda hamkorlik qilish uchun moʻljallangan “Audit” dasturiy majmuining axborot tizimi takomillashtirilishini va auditorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik talablariga auditorlik tashkilotlari tomonidan rioya etilayotganligi yuzasidan mazkur dasturiy majmua orqali masofaviy monitoring amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(12-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazadi;
auditorlik xizmatlari rivojlanishini tahlil qilishni amalga oshiradi.
13-modda. Vakolatli davlat organi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash
Vakolatli davlat organi oʻz faoliyatini ochiq va shaffof, boshqa davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga quyidagilar joylashtiriladi:
auditorlik faoliyatining standartlari;
Auditorlik tashkilotlarining reyestri hamda xalqaro auditorlik tashkilotining yoki xalqaro assotsiatsiyalarning aʼzolari boʻlgan auditorlik tashkilotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ushbu Qonun 44-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan Auditorlar reyestridagi maʼlumotlar;
auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibi;
majburiy auditorlik tekshiruvi oʻtkazgan auditorlik tashkilotlari ishi sifatining tashqi nazorati natijalari;
auditorlik xizmatlarini rivojlantirish toʻgʻrisidagi axborot.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida qonunchilikka muvofiq boshqa axborot joylashtirilishi mumkin.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz vakolatlari doirasida:
Oldingi tahrirga qarang.
banklarni auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlarini belgilaydi;
(14-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi OʻRQ-765-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son)
banklarning auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi va uni beradi;
banklarning auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan Auditorlarning reyestrini yuritadi va uni oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
15-modda. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari
Auditorlarni birlashtiradigan nodavlat notijorat tashkilotlari auditorlarning respublika jamoat birlashmalaridir.
Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari auditorlarning kasbiy darajasini rivojlantirishga va saqlab turishga, ularning kasbiy manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashishga daʼvat etilgandir.
Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari:
Oldingi tahrirga qarang.
(15-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
auditorlar va auditorlik tashkilotlari tomonidan Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Xalqaro odob-axloq standartlari boʻyicha kengashi tomonidan eʼlon qilingan Professional buxgalterning odob-axloq kodeksiga (bundan buyon matnda Professional buxgalterning odob-axloq kodeksi deb yuritiladi) rioya etilishining tizimli monitoringi tashkil etilishini taʼminlaydi;
auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlaydi;
renking oʻtkazishning yagona tartibini belgilaydi;
renking oʻtkazilishini tashkil etadi va har yili 1-mayga qadar uning natijalarini oʻz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qiladi;
auditorlarning respublika jamoat birlashmalari aʼzolarining reyestrlarini yuritadi va ularni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi;
zarurat boʻlganda, buxgalteriya hisobi va audit boʻyicha xalqaro tashkilotlarning ishida ishtirok etadi;
har yili 10-yanvarga qadar auditorlarning malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi toʻgʻrisidagi axborotni vakolatli davlat organiga taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
malaka imtihonini oʻtkazish reglamentini, auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va auditorning malaka sertifikati amal qilishini tugatish tartibini, auditorlarning malakasini oshirishga oid namunaviy dasturni vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
malaka imtihonini oʻtkazadi;
auditorning malaka sertifikatini beradi, qayta rasmiylashtiradi, uning amal qilish muddatini uzaytiradi va auditorning malaka sertifikati amal qilishini tugatadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan sertifikat mustasno.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi, oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
16-modda. Auditorlik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi
Auditorlik tashkilotlarining faoliyatiga aralashishga va auditorlik tashkilotiga, shuningdek uning xodimlariga qanday shaklda boʻlmasin taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Auditor va uning yordamchisi, auditorning malaka sertifikati
17-modda. Auditor. Auditorning yordamchisi
Auditor oʻzi bilan auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida bir vaqtning oʻzida faqat bitta auditorlik tashkiloti tarkibida ishlashi mumkin.
Auditor oʻzi ishlaydigan faqat bitta auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin.
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganligi munosabati bilan Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan auditorlik tashkilotini ilgari boshqargan auditor auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan sanadan eʼtiboran uch yil ichida boshqa auditorlik tashkilotining rahbari boʻlishi mumkin emas.
Auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlmagan, auditorlik tashkilotida ishlovchi hamda auditorning topshirigʻiga koʻra auditorlik xulosasiga va auditorlik tekshiruvini oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa hujjatga imzo qoʻyish huquqisiz auditorlik tekshiruvida ishtirok etadigan jismoniy shaxs auditorning yordamchisidir.
Auditorning yordamchisiga nisbatan uning auditorlik tekshiruvida ishtirok etishi chogʻida oʻzi olgan maʼlumotlarni oshkor etmaslik majburiyati tatbiq etiladi.
18-modda. Auditorlarning malakasini oshirish
Auditorlarning malakasini oshirish buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotda akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Auditor auditorning malaka sertifikatini olgan yildan keyingi yildan eʼtiboran har yili auditorlarning malaka oshirish kurslaridan oʻtadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Auditorlar malakasini oshirish kurslari auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy dastur boʻyicha oʻtkaziladi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
19-modda. Auditorning malaka sertifikati
Auditorning malaka sertifikati (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) auditorning malakasini tasdiqlaydigan va unga auditorlik tashkiloti tarkibida auditorlik xizmatlarini koʻrsatish huquqini beradigan hujjatdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Sertifikat basharti talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan beriladigan, qatʼiy hisobotga oid hujjatdir.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Sertifikat dastlabki besh yillik muddatga beriladi, uning amal qilishi navbatdagi oʻn yillik muddatga va keyinchalik muddatsiz davrga uzaytiriladi.
Talabgorda xalqaro buxgalter sertifikati mavjud boʻlgan hamda u ushbu Qonunning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etgan taqdirda, sertifikat unga malaka imtihonini topshirmagan holda dastlabki besh yillik muddatga beriladi va belgilangan davriylik bilan uzaytiriladi.
20-modda. Malaka imtihoni
Sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun talabgorlarning bilimlarini malaka komissiyasi tomonidan tekshirish tartib-taomili malaka imtihonidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Malaka imtihonini oʻtkazish reglamenti vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan belgilanadi.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Auditorda kamida oʻn yillik uzluksiz auditorlik ish staji mavjud boʻlgan va u ushbu Qonun 22-moddasining ikkinchi qismida belgilangan hujjatlarni taqdim etgan taqdirda, sertifikatning amal qilish muddati malaka imtihoni topshirilmagan holda uzaytiriladi.
Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor, malaka imtihonini qayta topshirish uchun malaka imtihonida ishtirok etgan sanadan eʼtiboran kamida bir oydan soʻng hujjatlarni taqdim etishga haqli.
21-modda. Sertifikat olish uchun talabgorga qoʻyiladigan malaka talablari
Sertifikat olish uchun talabgor oliy maʼlumotga hamda oliy taʼlim tashkilotini tamomlaganidan keyin oxirgi oʻn yildan kamida uch yil buxgalteriya hisobi va audit sohasida yoki oliy taʼlim tashkilotida “Buxgalteriya hisobi” yoxud “Audit” fanidan dars berish sohasida ish stajiga (shu jumladan oʻrindoshlik asosida) ega boʻlishi kerak.
“Buxgalteriya hisobi” va “audit” ixtisosliklari boʻyicha magistr diplomiga ega boʻlgan talabgor uchun auditorlik tashkilotida kamida bir yillik ish staji (shu jumladan oʻrindoshlik asosida) talab qilinadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorning 7-band 4-xatboshi
Talabgorning iqtisodiy ixtisosliklar boʻyicha ilmiy darajasi mavjud boʻlgan taqdirda, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi ish staji talab etilmaydi.
22-modda. Sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
Oldingi tahrirga qarang.
Talabgor dastlabki besh yillik muddatga sertifikat olish uchun auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
(22-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Oldingi tahrirga qarang.
pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining maʼlumotlari;
(22-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ilmiy daraja toʻgʻrisidagi hujjatning yoxud chet davlatda olingan oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish haqidagi tegishli vakolatli davlat organi guvohnomasining koʻchirma nusxasini;
(22-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, xalqaro buxgalter sertifikatining koʻchirma nusxasini (mavjud boʻlgan taqdirda);
mehnat daftarchasining koʻchirma nusxasini (oʻrindoshlik asosida ish staji mavjud boʻlgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan holda, shuningdek xorijdagi ish stajini tasdiqlovchi hujjatni) yoki “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan koʻchirmani.
Oldingi tahrirga qarang.
(22-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Auditor sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun uning dastlabki besh yillik muddati yoki navbatdagi oʻn yillik muddati tugashidan uch oy oldin, biroq sertifikatning amal qilish muddati tugashidan koʻpi bilan olti oy oldin auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
(22-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
sertifikatning asl nusxasini;
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, xalqaro buxgalter sertifikatining koʻchirma nusxasini (mavjud boʻlgan taqdirda);
mehnat daftarchasining koʻchirma nusxasini yoki “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan koʻchirmani.
Oldingi tahrirga qarang.
(22-modda ikkinchi qismning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan hujjatlar yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
Ushbu moddada nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-maydagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi.
23-modda. Talabgorning hujjatlarini koʻrib chiqish tartibi va muddatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish haqida yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(23-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-maydagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi.
Talabgorning malaka imtihonini topshirmagan holda sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun arizasini koʻrib chiqish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatda amalga oshiriladi. Talabgorlarga malaka imtihonini topshirmagan holda sertifikat berishni yoki sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish mazkur Qonunning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berilgan, shuningdek xalqaro buxgalter sertifikatiga yoki kamida oʻn yillik uzluksiz auditorlik ish stajiga ega boʻlgan talabgorlar roʻyxati auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan tasdiqlanadi va uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Malaka imtihoni topshirishiga ruxsat berilgan talabgorlar malaka imtihoni oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida imtihon oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn ish kuni oldin yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro buxgalter sertifikatiga yoki kamida oʻn yillik uzluksiz auditorlik ish stajiga ega boʻlgan talabgorlarga auditorlar respublika jamoat birlashmasining taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishi natijalari toʻgʻrisida xabarnomalar yuboriladi.
(23-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilganda ariza taqdim etilgan sanadan to sertifikatning amal qilish muddati tugaydigan sanagacha boʻlgan vaqt davri auditor sifatidagi uzluksiz ish stajiga qoʻshiladi.
Auditor sifatidagi uzluksiz ish stajini aniqlash chogʻida auditor lavozimiga tayinlashlar oraligʻidagi bir oydan koʻp boʻlmagan vaqt davri uzilish deb qaralmaydi.
Agar talabgor malaka imtihonini topshirishga ikki marta kelmagan boʻlsa, taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi. Bunda sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun arizani koʻrib chiqish uchun toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
24-modda. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish
Oldingi tahrirga qarang.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgan taqdirda, auditorlarning respublika jamoat birlashmasi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida talabgorni rad etish asoslarini koʻrsatgan holda uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
(24-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabgorning ushbu Qonun 21-moddasida belgilangan malaka talablariga muvofiq emasligi;
ushbu Qonunning 22-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq hajmda taqdim etilmaganligi.
Malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berish rad etilgan talabgor kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ariza bilan takroran murojaat qilishga haqli. Kamchiliklar oʻn besh ish kuni ichida bartaraf etilganda arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
25-modda. Sertifikatni rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish, uning dublikatini berish
Oldingi tahrirga qarang.
Sertifikat auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan malaka komissiyasining bayonnomalari olinganidan keyin oʻn kunlik muddatda rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik kuchga ega boʻladi.
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, u tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan eʼtiboran sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga sertifikatni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida bir oylik muddatda ariza berishi shart.
(25-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Sertifikatni qayta rasmiylashtirish auditor qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan sertifikatning asl nusxasini va tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ilova qilgan holda sertifikatni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza bergan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi. Qayta rasmiylashtirish chogʻida avval berilgan raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati koʻrsatilgan sertifikatning yangi blankasi beriladi. Ilgari berilgan sertifikat blankasi yoʻq qilinadi.
Yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan sertifikat oʻrniga auditorning sertifikatning dublikatini berish toʻgʻrisidagi arizasiga asosan uning dublikati beriladi. Sertifikat yoʻqolganligi toʻgʻrisidagi axborot vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Sertifikatning dublikati aynan oʻsha raqamda va ilgari belgilangan amal qilish muddatiga, sertifikatning yangi blankasida “Dublikat” degan yozuv albatta kiritilgan holda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yaroqsiz holga kelgan sertifikat uni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.
(25-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(25-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
26-modda. Sertifikatning amal qilishini tugatish
Sertifikatning amal qilishi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Sertifikatning amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
auditorning sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi arizasi;
uch yil davomida auditorlik faoliyatida ishtirok etmaganlik;
sertifikat rasmiylashtirilgan sanadan eʼtiboran olti oy davomida auditorning sertifikatni olish uchun kelmaganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
auditorlar respublika jamoat birlashmasining sertifikat berish toʻgʻrisidagi qarori qonunga xilof ekanligi fakti aniqlanganligi;
(26-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi;
sudning muayyan huquqdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan hukmi;
sudning sertifikat egasini belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi qarori;
auditorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida ushbu Qonun talablarini muntazam ravishda (ikki martadan koʻp) yoki bir marta qoʻpol tarzda buzganlik.
Quyidagilar ushbu Qonun talablarini bir marta qoʻpol tarzda buzish deb eʼtirof etiladi:
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarni buzganlik;
bila turib soxta auditorlik xulosasini tuzganlik;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida olingan maxfiy axborotni auditorlik tekshiruvi buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilganlik, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida aniqlangan, buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek moliyaviy hisobot tuzish boʻyicha belgilangan talablarning xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan buzilishi faktlarining auditor tomonidan yashirilganligi;
sertifikatni boshqa shaxsga uning auditorlik faoliyatida oʻz nomidan ishtirok etishi uchun ushbu hujjatdan foydalanishi maqsadida berganlik fakti aniqlanganligi;
auditorning nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlariga koʻra har xil tekshiruvlarni oʻtkazish uchun auditorlik tashkiloti va mazkur organlar oʻrtasida shartnoma tuzilmagan holda mutaxassis sifatida ishtirok etganligi;
auditor bir vaqtning oʻzida bittadan ortiq auditorlik tashkilotining xodimi yoki muassisi (ishtirokchisi) ekanligi fakti aniqlanganligi;
auditorning har yilgi malaka oshirish kurslaridan oʻtmaganligi.
Ushbu modda ikkinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha oʻz sertifikatining amal qilishi tugatilgan auditor sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil davomida sertifikat olish haqidagi ariza bilan takroran murojaat qilishga haqli emas.
Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarishga sabab boʻlgan qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan auditorlik tashkiloti rahbari va auditor sertifikatlarining amal qilishi auditorlik tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Auditorlar respublika jamoat birlashmasining sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(26-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror auditorga yoki ushbu auditor ishlayotgan auditorlik tashkilotiga besh kunlik muddatda yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sertifikatning amal qilishi tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sertifikatni bergan auditorlar respublika jamoat birlashmasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.
(26-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror auditor tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida sertifikat uni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga yoʻq qilish uchun qaytarilishi lozim.
(26-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
4-bob. Auditorlik tashkiloti. Auditorlik tashkilotining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
27-modda. Auditorlik tashkiloti
Auditorlik tashkiloti oʻzi haqidagi maʼlumotlar Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan sanadan eʼtiboran auditorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Auditorlik tashkiloti oʻz faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir.
Oldingi tahrirga qarang.
Auditorlik tashkiloti vazirliklar, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
(27-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Auditorlik tashkilotlariga tadbirkorlik faoliyatining ushbu Qonun 32 va 33-moddalarida nazarda tutilgan turlaridan tashqari boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish taqiqlanadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadigan boshqa shaxslar auditorlik tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin emas.
Auditorlik tashkiloti, basharti quyidagi majburiy shartlarga rioya etsa, qonunchilikda nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda, bundan aksiyadorlik jamiyati mustasno, tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin:
auditorlik tashkiloti oʻzi uchun asosiy ish joyi boʻlgan auditorlarning eng kam soni shtatdagi kamida toʻrt nafar auditordan iborat boʻladi;
auditorlik tashkilotining ustav fondi (ustav kapitali) auditorlik tashkiloti oʻz faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalanadigan mol-mulkdan, shu jumladan pul mablagʻlaridan shakllantiriladi;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) auditorlarga (auditorga) tegishli boʻlgan ulush kamida ellik bir foizni tashkil etishi kerak (bundan auditorlik tashkiloti — chet el auditorlik tashkilotining filiali yoki shuʼba xoʻjalik jamiyati tashkil etilgan hollar mustasno);
auditorlik tashkilotiga faqat oʻzi uchun mazkur auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi boʻlgan auditor rahbar boʻlishi kerak.
Auditorlik tashkiloti boshqa auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin emas.
Ushbu moddaning oltinchi qismi talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda auditorlik tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kun muddatda vakolatli davlat organini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va yuzaga kelgan nomuvofiqlikni koʻrsatib oʻtilgan sanadan eʼtiboran uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda bartaraf etishi yoxud auditorlik faoliyatini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart. Ushbu moddaning oltinchi qismi talablariga nomuvofiqlik bartaraf etilguniga qadar auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik tekshiruvlari oʻtkazish taqiqlanadi.
Auditorlik tashkilotining filiali tashkil etilganda filial rahbari auditor boʻlishi kerak.
Auditorlik tashkilotining firma nomida “auditorlik tashkiloti” degan soʻz birikmasi boʻlishi va bu nom boshqa auditorlik tashkilotlarining firma nomlari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga oʻxshash boʻlgan belgilarni oʻz ichiga olmasligi kerak.
Oʻzi haqidagi maʼlumotlar Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga kiritilgan sanadan eʼtiboran uch oy davomida u toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilmagan tijorat tashkiloti oʻz nomida “auditorlik tashkiloti” degan soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan taqdirda, auditorlik faoliyatini amalga oshirishga va firma nomida “auditorlik tashkiloti” degan soʻz birikmasidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28-modda. Auditorlik tashkilotining huquqlari
Auditorlik tashkiloti:
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektning taʼsis hujjatlari hamda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot hujjatlari bilan oldindan tanishib chiqishni amalga oshirishga;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish shakllari va usullarini mustaqil tarzda belgilashga;
auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotganda xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq hujjatlarini toʻliq hajmda olishga, shuningdek ushbu hujjatlarda hisobga olingan har qanday mol-mulkning amalda mavjudligini hamda har qanday majburiyatlarning amaldagi holatini tekshirishga;
xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan eʼlon qilingan auditorlik tashkiloti tanlovlarida ishtirok etishga, shuningdek tanlov shartlari bilan tanishib chiqish va oʻz takliflarini taqdim etishga;
xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslaridan, boshqa moddiy javobgar xodimlaridan, audit qoʻmitasidan auditorlik tekshiruvi jarayonida yuzaga kelgan masalalar yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish hamda auditorlik tekshiruvi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar olishga;
uchinchi shaxslardan axborotning yozma tasdiqnomalarini olishga;
auditorlik xulosasini tuzish uchun zarur boʻlgan axborot xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan taqdim etilmagan taqdirda auditorlik tekshiruvi oʻtkazishni rad etishga;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda ishtirok etish uchun boshqa mutaxassislarni ekspert sifatida jalb etishga;
auditorlik tekshiruvi bilan qamrab olinadigan davrda xoʻjalik yurituvchi subyektga turdosh xizmatlar koʻrsatishga, bundan buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash, yuritish va moliyaviy hisobot tuzish, shu jumladan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot tuzish, taftish komissiyasi (taftishchi) vazifalarini, investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi vazifalarini amalga oshirish mustasno;
oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalarga hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga birlashishga haqli.
Auditorlik tashkiloti qonunchilikka va auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
29-modda. Auditorlik tashkilotining majburiyatlari
Auditorlik tashkiloti:
ushbu Qonun, auditorlik faoliyatining standartlari va Professional buxgalterning odob-axloqi kodeksi talablariga rioya etishi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
auditorlarga (auditorga) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) tegishli ulush kamida ellik bir foiz boʻlishini taʼminlashi (bundan auditorlik tashkilotini — chet el auditorlik tashkilotining filiali yoki shuʼba xoʻjalik jamiyatini tashkil etish hollari mustasno);
shtatida asosiy ish joyi auditorlik tashkiloti boʻlgan kamida toʻrt nafar auditor mavjud boʻlishini taʼminlashi;
auditorlarning yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtishini taʼminlashi;
auditorlik faoliyatini faqat auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshirishi;
auditorlik xizmatlarini koʻrsatish chogʻida mustaqillikni taʼminlashi;
auditorlik xizmatlari buyurtmachisining talabiga koʻra auditor (auditorlar) sertifikatini, auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisini koʻrsatishi;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga doir auditning xalqaro standartlari talablari toʻgʻrisidagi, auditorning eʼtirozlariga asos boʻlgan qonunchilik hujjatlari normalari haqidagi axborotni xoʻjalik yurituvchi subyektning soʻroviga binoan taqdim etishi;
auditorlik xizmatlarini koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashi;
auditorlik tekshiruvi natijalarini auditorlik faoliyati standartlariga muvofiq rasmiylashtirishi va auditorlik xulosalarining nusxalarini auditorlik tashkilotida kamida besh yil saqlashi;
oʻtkazilgan majburiy auditorlik tekshiruvlari toʻgʻrisidagi axborotni xoʻjalik yurituvchi subyektning identifikatsiya maʼlumotlarini va auditorlik xulosasini koʻrsatgan holda oʻz rasmiy veb-saytlariga yoki auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirishi;
auditorlik tashkilotlari renkingini oʻtkazish uchun axborot taqdim etishi;
buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlari toʻgʻrisida yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniq tasdiqlovchi faktlar haqida xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariyatini va korporativ boshqaruv uchun masʼul boʻlgan shaxslarni, audit qoʻmitasini yozma shaklda xabardor qilishi;
auditorlar ishi sifatining ichki nazorat tizimini oʻrnatishi va unga rioya etishi;
auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazishga monelik qilmasligi;
oʻz pochta manzili va elektron manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida, auditorlik tashkilotining rahbari almashganligi va (yoki) auditorlar tarkibi oʻzgarganligi haqida vakolatli davlat organini besh kunlik muddatda yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz veb-saytini yuritishi va uni faol holatda saqlab turishi;
(29-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan oʻn toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
har yili 20-yanvarga qadar auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vakolatli davlat organiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etishi shart.
Auditorlik tashkilotining zimmasida qonunchilikka va auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
30-modda. Auditorlik tashkilotining javobgarligi
Auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvi buyurtmachilari, xoʻjalik yurituvchi subyekt va moliyaviy hisobotdan boshqa foydalanuvchilar oldida ularga moliyaviy hisobotlar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa moliyaviy axboroti toʻgʻrisidagi notoʻgʻri yakunni oʻz ichiga olgan auditorlik xulosasini tuzish oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun auditorlik tashkiloti rahbari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Maʼlumotlari Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilmagan tashkilot tomonidan auditorlik tekshiruvini oʻtkazganlik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
5-bob. Auditorlik tashkiloti tomonidan xizmatlar koʻrsatish
31-modda. Auditorlik xizmatlarining turlari
Auditorlik tashkilotlari auditorlik tekshiruvlari va turdosh xizmatlari turidagi auditorlik xizmatlarini koʻrsatadi.
Auditorlik xizmatlari auditorlik tashkiloti va auditorlik xizmatlari buyurtmachisi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida koʻrsatiladi.
32-modda. Auditorlik tekshiruvi
Xoʻjalik yurituvchi subyekt moliyaviy hisobotining va u bilan bogʻliq moliyaviy axborotining auditorlik tekshiruvi tekshiriladigan moliyaviy hisobotning hamda u bilan bogʻliq moliyaviy axborotning ishonchliligini va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligini aniqlash maqsadida auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladi.
Ishonchlilik deganda moliyaviy hisobot maʼlumotlarining aniqlik darajasi tushunilib, u ushbu hisobot asosida xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvoli va moliyaviy-xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisida xolis xulosalar chiqarish imkonini beradi.
Auditorlik tekshiruvi ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etish sharti bilan majburiy tarzda va tashabbus shaklida oʻtkaziladi.
Auditorlik tekshiruvini davlat sirlaridan va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirdan foydalangan holda oʻtkazish faqat ularni himoya qilish choralari koʻrilganidan keyin qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Ushbu Qonun talablaridan farq qiladigan tartibda amalga oshiriladigan tekshiruv auditorlik tekshiruvi boʻlmaydi.
33-modda. Auditorlik tashkilotlarining turdosh xizmatlari
Auditorlik tashkilotlari quyidagi turdosh xizmatlarni koʻrsatishi mumkin:
buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash, yuritish va moliyaviy hisobot tuzish, shu jumladan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot tuzish;
yuridik shaxsning taftish komissiyasi (taftishchisi), investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi vazifalarini amalga oshirish;
buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobot tuzish masalalari boʻyicha maslahat berish;
Oldingi tahrirga qarang.
auditorlik tashkilotining shtatida soliq maslahatchisi mavjud boʻlganda yoxud shartnoma shartlari asosida uni jalb etgan holda, soliqqa oid qonunchilikni qoʻllash, soliqlar va yigʻimlar boʻyicha hisob-kitoblar, deklaratsiyalar tuzish yuzasidan maslahatlar berish, shuningdek yillik aylanmasi oxirgi uch yil ichida oʻn milliard soʻmdan oshmagan hamda soliq xavfi darajasi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchining uni ixtiyoriy ravishda tugatish chogʻida soliqqa oid qonunchilikka koʻra daʼvo qilish muddati oʻtmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrda soliq majburiyatlari bajarilishi boʻyicha xulosa berish;
(33-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
moliya-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish va moliyaviy rejalashtirish, shu jumladan biznes-rejalar tayyorlash, iqtisodiy, moliyaviy maslahat va boshqaruvga oid maslahat berish;
buxgalteriya hisobi, audit va moliyaviy hisobot, soliq solish, moliya-xoʻjalik faoliyatini hamda moliyaviy rejalashtirishni tahlil qilishga doir seminarlar, konferensiyalar oʻtkazish;
buxgalteriya hisobini yuritishni avtomatlashtirish va moliyaviy hisobot tuzish, moliyaviy axborotning axborot xavfsizligi boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
banklarning aktivlari va majburiyatlarini, shuningdek balansdan tashqari moddalarini baholashdan oʻtkazish.
(33-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-martdagi OʻRQ-1070-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2025-y., 03/25/1070/0536-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 25-sentabr)
Auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyati standartlarida nazarda tutilgan boshqa turdosh xizmatlarni ham koʻrsatishi mumkin.
6-bob. Auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish
34-modda. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdagi cheklovlar
Auditorlik tashkilotlariga quyidagilarga nisbatan auditorlik tekshiruvini oʻtkazish taqiqlanadi:
mazkur auditorlik tashkilotining kreditorlari, sugʻurtalovchilari boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan, shuningdek ushbu auditorlik tashkilotlari va auditorlar oʻzining muassislari, ishtirokchilari, aksiyadorlari boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan;
muassisi, ishtirokchisi, aksiyadori yoki rahbarlik vazifalarini yoxud buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirayotgan shaxsi, audit qoʻmitasi aʼzosi bir vaqtning oʻzida mazkur auditorlik tashkilotining xodimi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan;
auditorlik tekshiruvi bilan qamrab olinadigan davrda mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektga ushbu Qonun 33-moddasi birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan turdosh xizmatlarni koʻrsatganlarga;
xodimlari muassisning, ishtirokchining yaqin qarindoshlari yoki rahbarlik vazifalarini yoxud buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxsning tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt audit qoʻmitasi aʼzosining yaqin qarindoshlari boʻlgan;
auditorlik tashkilotining yoki auditorning manfaatdorligi moliyaviy hisobot va u bilan bogʻliq moliyaviy axborot toʻgʻrisida fikr bildirishga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda.
Auditorlik tashkiloti ketma-ket yetti yildan koʻproq ayni bir xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga haqli emas.
35-modda. Majburiy auditorlik tekshiruvi
Quyidagi tashkilotlar har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim:
aksiyadorlik jamiyatlari;
banklar va boshqa kredit tashkilotlari;
sugʻurta tashkilotlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi kooperativlari;
(35-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 8-noyabrdagi OʻRQ-995-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2024-y., 03/24/995/0908-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 12-fevral)
investitsiya fondlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jamlovchi boshqa fondlar hamda ularning investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilari;
Oldingi tahrirga qarang.
manbalari yuridik va jismoniy shaxslarning ajratmalaridan iborat boʻlgan xayriya, jamoat fondlari va boshqa fondlar (bundan bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud boʻlmagan jamoat fondlari mustasno);
(35-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ustav fondida (ustav kapitalida) davlatga tegishli ulushga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
(35-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
birjalar;
(35-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
hisobot yili yakunlariga koʻra quyidagi shartlardan bir vaqtning oʻzida ikkitasiga javob bergan tijorat tashkilotlari: aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ming baravari miqdoridan ortiq, xodimlarining oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiq boʻlsa.
Quyidagi shartlarga muvofiq boʻlgan auditorlik tashkilotlarining ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tashkilotlarning majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishiga yoʻl qoʻyiladi:
shtatida kamida ketma-ket uch yillik uzluksiz ish stajiga yoki xalqaro buxgalter sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar auditorning mavjudligi;
auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish natijalariga koʻra, auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi hollari mavjud emasligi.
Banklarning auditorlik tekshiruvi shtatida banklarning auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar auditor mavjud boʻlgan auditorlik tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar majburiy auditorlik tekshiruvi buyurtmachilari sifatida ish yuritadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar majburiy auditorlik tekshiruvi oʻtkazilganidan keyin oʻn besh kun ichida, biroq hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay, soliq organlariga auditorlik xulosasining koʻchirma nusxasini taqdim etadi.
Majburiy auditorlik tekshiruvini qonunga muvofiq oʻtkazishdan boʻyin tovlash xoʻjalik yurituvchi subyektning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
Yillik moliyaviy hisobotning auditorlik tekshiruvini hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunigacha oʻtkazmaslik va auditorlik xulosasining yoʻqligi xoʻjalik yurituvchi subyektning majburiy auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishidan boʻyin tovlashi deb eʼtirof etiladi.
Soliq organlari tomonidan maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin kalendar yil tugaguniga qadar majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazmaslik xoʻjalik yurituvchi subyektdan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdoridagi summada jarima undirishga sabab boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyekt jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlashdan bosh tortgan taqdirda, xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Jarimani toʻlash xoʻjalik yurituvchi subyektni majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan ozod qilmaydi.
36-modda. Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs, uning mulkdori, ustav fondida (ustav kapitalida) kamida besh foiz miqdoridagi ulushga ega boʻlgan ishtirokchilar va aksiyadorlar, shuningdek nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining buyurtmachilari boʻlishi mumkin.
(36-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-martdagi OʻRQ-760-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2022-y., 03/22/760/0249-son)
Nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusiga koʻra auditorlik tekshiruvi auditorlik tashkiloti va ushbu organlar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida oʻtkaziladi hamda mazkur shartnoma asosida haq toʻlanadi. Bunda nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ayni bir auditorlik tashkilotini ayni bir xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini ayni oʻsha asoslarga koʻra tekshirishga takroran jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga doir ishlarga haq toʻlash auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqan shaxs yoki organ hisobidan amalga oshiriladi.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvini oʻtkazish predmeti, muddatlari hamda boshqa shartlari auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi va auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuziladigan auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
37-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻidagi huquq va majburiyatlari
Oʻziga nisbatan auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt auditorlik tashkilotidan:
auditorlik xulosasini;
auditorlik xulosasida ifodalangan fikr yuzasidan tushuntirishlarni va auditorlik tashkilotining fikriga asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi axborotni;
buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot tuzish hamda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni toʻgʻrilash tartibi haqida maslahatlar olishga haqlidir.
Oʻziga nisbatan auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt:
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorga shart-sharoitlarni yaratib berishi va unga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarga rioya etishi;
auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqishi va mazkur axborot olingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay auditorlik tashkilotini natijalar haqida yozma shaklda xabardor qilishi;
auditorlik tekshiruvi jarayonida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritishga, moliyaviy hisobot tuzishga hamda soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish tartibiga doir qoidabuzarliklarni bartaraf etishi shart.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladigan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish yoki unga toʻsqinlik qilish maqsadida biron-bir harakatni (harakatsizlikni) sodir etishga haqli emas.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt qonunchilikka hamda auditorlik tashkiloti bilan tuzilgan auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
38-modda. Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi buyurtmachisining huquq va majburiyatlari
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi:
auditorlik tashkilotini mustaqil ravishda tanlashga;
tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining yoʻnalishi va hajmini belgilashga;
auditorning mulohazalari asoslanilgan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi zarur axborotni auditorlik tashkilotidan olishga;
auditorlik xulosasini olishga haqli.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi:
auditorlik tekshiruvini auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda oʻtkazish uchun auditorga tegishli shart-sharoitlar yaratishi;
auditorga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq auditorlik tashkiloti xizmatlari haqini oʻz vaqtida toʻlashi shart.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi qonunchilikka va auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi hamda uning zimmasida boshqa majburiyatlar boʻlishi mumkin.
39-modda. Auditorlik xulosasi
Moliyaviy hisobotning ishonchliligi va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida auditorlik tashkilotining yozma shaklda ifodalangan fikrini oʻz ichiga olgan hujjat auditorlik xulosasidir.
Auditorlik xulosasi raqamlangan, har bir sahifasi auditorlik tekshiruvini amalga oshirgan auditor (auditorlar) va auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan imzolangan hamda unga auditorlik tashkilotining fikri qaysi moliyaviy hisobotga nisbatan ifodalangan boʻlsa, oʻsha moliyaviy hisobot ilova qilingan boʻlishi kerak.
Auditorlik xulosasining shakli va mazmuni auditorlik faoliyati standartlari bilan belgilanadi.
40-modda. Bila turib soxta tuzilgan auditorlik xulosasi
Auditorlik tekshiruvini oʻtkazmasdan tuzilgan yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra tuzilgan, biroq xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvi jarayonida auditor (auditorlar) tomonidan olingan va oʻrganilgan hujjatlari mazmuniga muvofiq boʻlmagan auditorlik xulosasi bila turib soxta tuzilgan deb hisoblanadi.
Auditorlik xulosasi sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga koʻra, bila turib soxta tuzilgan deb topiladi.
Bila turib soxta auditorlik xulosasini tuzish auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarishga, auditorlik tashkiloti rahbari sertifikatining va auditorlik tekshiruvida ishtirok etgan auditorlar sertifikatlarining amal qilishini tugatishga, shuningdek aybdor shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
7-bob. Auditorlik tashkilotlarining reyestrini va Auditorlar reyestrini yuritish
41-modda. Auditorlik tashkilotlarining reyestri
Vakolatli davlat organi Auditorlik tashkilotlarining reyestrini elektron shaklda yuritadi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
auditorlik tashkilotining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
auditorlik tashkilotining telefon raqami;
auditorlik tashkilotining elektron manzili va rasmiy veb-sayti (mavjud boʻlgan taqdirda);
auditorlik tashkilotining soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
auditorlik tashkiloti rahbarining va auditorlarining familiyasi, ismi, otasining ismi, ular sertifikatlarining raqami hamda olingan sanasi;
auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan sana;
Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilish asoslari va sanasi.
Auditorlik tashkilotlarining reyestridagi mavjud axborot tanishib chiqish uchun ochiqdir.
42-modda. Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish
Belgilangan tartibda roʻyxatga olingan auditorlik tashkiloti maʼlumotlarni Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish uchun vakolatli davlat organiga maʼlumotnomani va auditorlar mehnat daftarchalarining koʻchirma nusxalarini (“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan koʻchirmalarni) pochta orqali yoki elektron shaklda yuboradi. Maʼlumotnomada auditorlik tashkilotining nomi, pochta va elektron manzili, veb-sayti (mavjud boʻlgan taqdirda), telefon aloqa raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatiladi.
Vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqqanidan keyin besh ish kuni ichida auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritishni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotni quyidagi hollarda Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritmaydi:
auditorlik tashkiloti tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganda;
auditorlik tashkiloti ushbu Qonunning 27-moddasi talablariga muvofiq boʻlmaganda.
43-modda. Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarish
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.09.2022-yildagi 538-son qarori bilan tasdiqlangan “Auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 30-bandi.
Auditorlik tashkiloti quyidagi hollarda Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqariladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Qonun 27-moddasining oltinchi qismida belgilangan talablarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda;
(43-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
auditorlik tashkiloti tugatilganda;
auditorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa faoliyat turlari amalga oshirilganda yoki faoliyat turi oʻzgarganda;
ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdagi cheklovlar buzilganda;
bila turib soxta auditorlik xulosasi tuzilganda;
auditorlik xizmatlari koʻrsatish chogʻida olingan maxfiy axborot oshkor qilinganda;
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisi mavjud boʻlmaganda;
auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati oʻtkazilayotganda zarur hujjatlarni va axborotlarni vakolatli davlat organiga taqdim etmaganda.
Auditorlik tashkilotining Auditorlik tashkilotlari reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi, shuningdek vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi lozim.
44-modda. Auditorlar reyestri
Vakolatli davlat organi Auditorlar reyestrini yuritadi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
auditorning ish joyi;
sertifikatning raqami, berilgan sanasi;
sertifikat olgan shaxsning familiyasi, ismi va imzosi, shuningdek sertifikat olingan sana va uning amal qilish muddati;
auditorning har yilgi malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xalqaro buxgalter sertifikatining (mavjud boʻlgan taqdirda) nomi va berilgan sanasi;
sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish, sertifikatning amal qilishini tugatish, uni qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli davlat organining va auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytlariga Auditorlar reyestridagi tanishish uchun ochiq boʻlgan maʼlumotlar joylashtiriladi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
(44-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
sertifikatning raqami, berilgan sanasi;
sertifikatning amal qilish muddati;
auditorlarning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yil yakunlariga koʻra);
sertifikatning amal qilishini tugatish va uning dublikatini berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
8-bob. Auditorlar ishi sifatining ichki nazorati va auditorlik tashkilotlari ishi sifatining tashqi nazorati
45-modda. Auditorlar ishi sifatining ichki nazorati
Auditorlar ishi sifatining ichki nazorati auditorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan, uning auditorlari va xodimlari tomonidan ushbu Qonun talablariga rioya etilishini taʼminlovchi tartib-taomillarga asoslangan tashkiliy chora-tadbirlar tizimidan iboratdir.
Auditorlar ishi sifatining ichki nazorati auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik faoliyati standartlariga binoan amalga oshiriladi va u auditorlik xizmatlari koʻrsatish chogʻidagi majburiy shartdir.
46-modda. Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati vakolatli davlat organi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda amalga oshiradigan, auditorlik tashkilotlari tomonidan ushbu Qonun talablarini va auditorlik faoliyati standartlarini buzishlarni aniqlashga hamda kelgusida ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidan iboratdir.
Auditorlik tashkiloti auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan tashqi sifat nazoratidan ixtiyoriy asosda oʻtishi mumkin. Nazoratning mazkur turi ushbu Qonunga muvofiq vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladigan tashqi sifat nazoratini oʻtkazishning oʻrnini bosmaydi.
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati natijalariga koʻra qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organi auditorlik tashkilotiga nisbatan quyidagi taʼsir choralarini qoʻllashga haqli:
aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini auditorlik tashkilotining zimmasiga yuklaydigan va bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilaydigan bildirishnoma chiqarish;
ushbu Qonun 43-moddasi birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra sudga murojaat qilish;
ushbu Qonunning 29-moddasi talablarini muntazam ravishda (ikki martadan ortiq) buzganda auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Auditorlik tashkilotlari ishi sifatining tashqi nazorati natijalari aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan koʻrilgan choralar koʻrsatilgan holda vakolatli davlat organining va auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
47-modda. Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazoratini oʻtkazish muddati va asoslari
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazoratini oʻtkazish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak.
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati tavakkalchilik-tahlili natijasi va auditorlik tashkiloti tomonidan ushbu Qonun talablarining buzilishlarini sodir etish tavakkalchiligi darajasini (bundan buyon matnda tavakkalchilik darajasi deb yuritiladi) baholash yakunlari boʻyicha oʻtkaziladi.
Tavakkalchilik darajasi uch toifaga ajratiladi:
qoidabuzarliklar sodir etilishi tavakkalchiligi yuqori boʻlgan auditorlik tashkilotlari;
qoidabuzarliklar sodir etilishi tavakkalchiligi oʻrtacha boʻlgan auditorlik tashkilotlari;
qoidabuzarliklar sodir etilishi tavakkalchiligi past boʻlgan auditorlik tashkilotlari.
Tavakkalchilik darajasini tahlil qilish vakolatli davlat organi tomonidan har yili 1-fevralga qadar amalga oshiriladi, bundan auditorlik tashkiloti yoki auditorning harakatlari (harakatsizligi) ustidan jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan hollar mustasno.
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazoratini oʻtkazishda auditorlik tashkilotining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vakolatli davlat organida va auditorlarning respublika jamoat birlashmalarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar, shuningdek auditorlik tashkilotining hamda auditorlarning ishchanlik obroʻsi toʻgʻrisidagi axborot asosida quyidagi holatlar boʻyicha tavakkalchilik darajasining tahlili amalga oshiriladi:
auditorlik tashkiloti tomonidan ushbu Qonunning 27 va 29-moddalari talablariga rioya etilishi;
auditorlik tashkilotining ushbu Qonun talablarini buzadigan harakatlari (harakatsizligi) ustidan jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatlari mavjudligi;
auditorlik tashkilotining muassislari (ishtirokchilari) tarkibida ilgari auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun faoliyati tugatilgan auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlgan jismoniy shaxslarning mavjudligi;
auditorlik tashkiloti ishi sifatining avvalgi tashqi nazorati yakunlari boʻyicha past baho olganligi.
48-modda. Auditorlik tashkiloti ishi sifatining asosiy koʻrsatkichlari va uni baholash
Auditorlik tashkiloti ishi sifatining asosiy koʻrsatkichlari quyidagilardan iborat:
ichki nazoratning tizimi mavjudligi;
auditning xalqaro standartlariga, sifat nazoratiga, tahliliy tekshiruvlarga, turdosh xizmatlar koʻrsatishga doir topshiriqlarga va Professional buxgalterning odob-axloq kodeksiga rioya etilishi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi;
xalqaro auditorlik tashkilotlariga yoki assotsiatsiyalariga aʼzolik;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish, turdosh xizmatlar koʻrsatish uslubiyotining mavjudligi;
koʻrsatilgan auditorlik xizmatlari natijalarining tegishli ravishda hujjatlashtirilishi;
auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish uchun yetarli miqdordagi mehnat va vaqt resurslari;
axborotga ishlov berish uchun dasturiy mahsulotlarni va axborot texnologiyalarini qoʻllash;
auditorlarning har yilgi malaka oshirish kurslaridan oʻtish;
ushbu Qonun talablari buzilishlarining mavjud emasligi;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning shikoyatlari, shuningdek auditorlik tashkilotining faoliyati toʻgʻrisida asoslangan salbiy fikrlar mavjud emasligi, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida mavjud emasligi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
49-modda. Xalqaro hamkorlik
Vakolatli davlat organi qonunchilikka va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan auditorlik faoliyati sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydi hamda axborot almashishni amalga oshiradi.
50-modda. Nizolarni hal etish
Auditorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
51-modda. Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
52-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi 222-II-sonli Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 6-7, 105-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda; 2007-yil, № 7, 323-modda, № 9, 416-modda; 2009-yil, № 9, 330-modda; 2010-yil, № 9, 335, 341-moddalar, № 12, 470-modda; 2011-yil, № 12/2, 364-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 12, 343-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar, № 7, 431-modda, № 10, 670, 677-moddalar; 2019-yil, № 7, 389-modda, № 8, 471-modda, № 11, 792-modda; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 3, 203-modda) 1-ilovasiga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
oʻttiz uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
oʻttiz toʻrtinchi — oltmish ikkinchi xatboshilari tegishincha oʻttiz uchinchi — oltmish birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi 734-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 15-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 735-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 16-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 772-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 124-modda) VI boʻlimi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-mayda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 78-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 149-modda);
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-mayda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 79-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 150-modda);
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi 222-II-sonli Qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 11-12, 222-modda) 2-ilovaning 3-bandi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 447-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 1, 8-modda) III boʻlimi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-aprelda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillari turlari qisqartirilganligi hamda soddalashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-28-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda) 1-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-59-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 3-moddasi;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 17-sentabrda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-110-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 9, 417-modda);
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 9-sentabrda qabul qilingan “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-216-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 9, 330-modda) 3-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-352-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 3-moddasi;
13) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-372-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 130-modda) 2-moddasi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-391-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 2-moddasi;
15) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-429-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 137-modda) 2-moddasi;
16) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-516-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 1, 5-modda) 2-moddasi;
17) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-586-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 880-modda) 4-moddasi;
18) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 22-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-603-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 4-modda) 1-moddasi.
53-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
54-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
55-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-fevral,
OʻRQ-677-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2021-y., 03/21/677/0155-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son, 30.03.2022-y., 03/22/760/0249-son, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son; 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son; 11.11.2024-y., 03/24/995/0908-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 24.06.2025-y., 03/25/1070/0536-son; 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son; 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)