Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 2-sentabrdagi PF-6059-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 2-sentabrdagi PQ-4817-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 2-sentabrdagi PF-6059-son Farmoni 5-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi tashkil etilganligi va uning asosiy vazifalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi huzuridagi Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2021-yil 1-fevraldan boshlab amalga kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi bir oy muddatda:
mazkur qarordan kelib chiqib, markaziy apparatning tarkibiy boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlanishini;
markaziy apparat va hududiy boshqarmalarning ushbu qoʻmitaga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni yuksak professional darajada bajara oladigan, zarur nazariy va amaliy bilimlarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi B.Q. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-noyabr,
705-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi 705-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Qoʻmita pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnik siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni taʼminlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
3. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Qoʻmita, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
6. Qoʻmitaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, qisqartirilgan nomi — Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Komitet Respubliki Uzbekistan po razvitiyu shelkovodstva i karakulevodstva, qisqartirilgan nomi — Komitet po razvitiyu shelkovodstva i karakulevodstva;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Committee of the Republic of Uzbekistan for the development of sericulture and karakul farming, qisqartirilgan nomi — Committee of sericulture and karakul farming.
7. Qoʻmitaning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Ismoil ota koʻchasi 1a-uy, 100170.
2-bob. Qoʻmitaning tuzilmasi
8. Qoʻmita tizimiga:
Qoʻmitaning markaziy apparati;
Qoʻmitaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududiy boshqarmalari;
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti;
Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi kiradi.
3-bob. Qoʻmitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
1-§. Qoʻmitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnik siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni taʼminlash;
tut plantatsiyalari va yaylovlarning qatʼiy hisobini yuritish va fondini oʻrganish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash;
ipak qurtining va qorakoʻl zotli qoʻylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;
pilla va qorakoʻl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xom ashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;
marketing tadqiqotlarini oʻtkazish hamda ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlarni, eng avvalo, tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish;
pillachilik va qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish.
10. Qoʻmita oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) pillachilik va qorakoʻlchilikni rvojlantirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnik siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni taʼminlash sohasida:
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida davlat boshqaruvi organlarining, xoʻjalik birlashmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻini rivojlantirish, qorakoʻl zotli qoʻylarning sara genofondini saqlab qolish va takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan seleksiya-naslchilik dasturlarini amaliyotga tatbiq etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning mablagʻlarini jalb qilish orqali tarmoq korxona va tashkilotlarining rivojlanishi, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga koʻmaklashadi;
qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida ipakni qayta ishlash tashkilotlari, chorvachilik xoʻjaliklari va gilamchilik hunarmandlari oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashadi;
b) tut plantatsiyalari va yaylovlarning qatʼiy hisobini yuritish va fondini oʻrganish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash sohasida:
yangi tutzorlarni barpo etish, tut qatorlarini kengaytirish va mavjud tutzorlarni modernizatsiya qilish orqali pillachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash, yaylovlar unumdorligini oshirish hamda yaylov oʻsimliklari urugʻchiligini yoʻlga qoʻyishga ilmiy, amaliy va metodik yordam koʻrsatadi;
tut qatorlari va tutzorlarni kengaytirish maqsadida sugʻoriladigan yer maydonlari ajratish boʻyicha tegishli davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni taʼminlaydi;
v) ipak qurtining va qorakoʻl zotli qoʻylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish sohasida:
tarmoqqa kiruvchi tashkilotlarga ipak qurtining yuqori mahsuldor zotlarini yaratish, parvarish qilish va sifatli urugʻ ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashadi;
qorakoʻlchilikda naslchilik ishlarini yaxshilash va naslchilik ishini ilmiy asosda takomillashtirishda koʻmaklashadi;
g) pilla va qorakoʻl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xom ashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish sohasida:
pilla va qorakoʻl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xom ashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratadi;
hududlarda ipak, ipak chiqindilari, jun va paxta aralashmali gilamlar toʻqishni tashkil etish uchun hunarmandlar va tashkilotlarni kerakli miqdorda xom ashyo hamda gilam toʻqish dastgohlari va moslamalari bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻi tashkilotlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun koʻmir, polietilen, polipropilen, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari va boshqa zarur mahsulotlarni oʻz vaqtida, tartibga solinadigan narxlar boʻyicha ajratish orqali belgilangan tartibda moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish hamda pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻining xoʻjalik yurituvchi subyektlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
d) marketing tadqiqotlarini oʻtkazish hamda ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlarni, eng avvalo, tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish sohasida:
ipak va qorakoʻlchilik mahsulotlarini sotish bozorlarini kengaytirish boʻyicha marketing tadqiqotlari olib borish hamda ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlarni, eng avvalo, tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashadi;
respublika hududlari boʻyicha pilla va qorakoʻl yetishtirishning prognoz hajmlarini belgilaydi, pilla va qorakoʻl tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari boʻyicha pilla va qorakoʻl yetishtirish uchun buyurtmalarni joylashtiradi;
sifatli pilla va qorakoʻl yetishtirish va tayyorlash, uni dastlabki qayta ishlash, xom ipak va ipak kalava ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishni tashkil etadi;
e) pillachilik va qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish sohasida:
tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashadi;
ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish va uning sifatini yanada yaxshilash, eng xaridorgir turlari va dizaynini oʻzlashtirish, tarmoq mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni taʼminlaydi, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etishga doir ishlarni samarali tashkil etadi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻini rivojlantirish borasida ipak va qorakoʻl mahsulotlari narxini shakllantirishning maqbul mexanizmini yaratish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi, tayyor ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlar eksporti hajmini oshiradi hamda ichki va tashqi bozordagi narxlar monitoringini yuritadi;
xalqaro sifat standartlarini joriy qilish va qoʻlda toʻqilgan gilamchilik mahsulotlarini eksport qilish ishlarini tashkil etishga yaqindan koʻmaklashadi;
pilla va qorakoʻl yetishtirish va tayyorlash hajmlarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish, ularning sifatini yanada yaxshilash hamda mahsuldorligini oshirishga koʻmaklashadi.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, hududiy boshqarmalar hamda unga idoraviy mansub boʻlgan tuzilmalar orqali amalga oshiradi.
2-§. Qoʻmita markaziy apparatining asosiy vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar Qoʻmita markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan birgalikda Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlash;
tut plantatsiyalari va yaylovlarning qatʼiy hisobini yuritish va fondini oʻrganish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash choralari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini nazorat qilish;
ipak qurti va qorakoʻl zotli qoʻylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;
pilla va qorakoʻl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xom ashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;
marketing tadqiqotlarini oʻtkazish hamda ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlarni, eng avvalo, tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish;
pillachilik va qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻidagi faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.
12. Qoʻmita markaziy apparati oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Qoʻmita va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahlil jihatdan taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlarining hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari tomonidan bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini hamda ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va unga idoraviy mansub boʻlgan tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
Qoʻmita faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlaydi;
Qoʻmitaning vakolatiga kiruvchi tezkor, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xoʻjalik hamda boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish boʻyicha davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish hamda tarmoqlarda tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani tizimli oʻrganadi va joriy etadi;
vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga qaratilgan strategik dasturlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasida xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlikni tashkil qiladi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida faoliyat yuritayotgan klasterlarning elektron roʻyxatini yuritadi va eʼlon qiladi;
pillani qayta ishlovchi korxonalarning oʻzlariga karashli ozuqa bazasi yaratilishini, pilla xom ashyosi yetishtirishning innovatsion texnologiyalari keng joriy etilishini hamda eksportga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot holiga keltirilgunga kadar chuqur qayta ishlashni oʻz ichiga olgan pillachilik klasterlari tashkil qilinishini taʼminlaydi;
qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan barcha yaylovlarni Qoʻmitaning doimiy egaligiga oladi va ularning mustaqil ravishda, shu jumladan nol stavkada qorakoʻlchilik klasterlariga ijaraga berilishini taʼminlaydi;
respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda, mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirish, shuningdek, mol soʻyish, teri va junni qayta ishlash, goʻsht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish boʻyicha qorakoʻlchilik klasterlari tashkil qilinishini taʼminlaydi;
qorakoʻlchilik klasterlariga qorakoʻl zotli qoʻylarni boqishga moʻljallangan, shu jumladan oʻrmon bilan qoplanmagan oʻrmon fondi yerlaridan yaylovlar ijaraga berilishini taʼminlaydi;
qorakoʻlchilik klasterlari bilan yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qoʻllagan holda mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirish, klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali xom ashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha majburiyatlarni yuklagan holda shartnomalar imzolaydi;
Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining qorakoʻlchilik klasterlari bilan yaqindan hamkorlik qilishini tashkil etadi va taʼminlaydi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida faoliyat yurituvchi subyektlarni davlat organlarining noqonuniy qarorlaridan, ularning mansabdor shaxslarining harakatlaridan (harakatsizligidan) oʻz vakolatlari doirasida himoya qiladi;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan kiritiladigan va qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, boshqa hujjatlarni ularning pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻiga taʼsiri yuzasidan ekspertizadan oʻtkazadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish hamda ularni qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi boʻyicha takliflar kiritadi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarini bekor qilish boʻyicha takliflar kiritadi.
Qoʻmitaning markaziy apparati qonun hujjatlariga va qoʻmita rahbariyatining topshiriqlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-§. Qoʻmita hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari va funksiyalari
13. Quyidagilar Qoʻmita hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish;
tut plantatsiyalari va yaylovlarning qatʼiy hisobini yuritish va fondini oʻrganish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash ishlarini tashkil etish orqali:
yangi tutzorlarni barpo etish, tut qatorlarini kengaytirish va mavjud tutzorlarni modernizatsiya qilish orqali pillachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash, yaylovlar unumdorligini oshirish hamda yaylov oʻsimliklari urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish;
tut qatorlari va tutzorlarni kengaytirish maqsadida sugʻoriladigan yer maydonlari ajratish boʻyicha tegishli davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan xududlarda Qoʻmitaning hamkorligini taʼminlash;
ipak qurtining va qorakoʻl zotli qoʻylarning yuqori mahsuldor nasllarini joriy qilish:
xududlardagi tarmoqqa kiruvchi tashkilotlarga ipak qurtining yuqori mahsuldor zotlarini yaratish, parvarish qilish va sifatli urugʻ ishlab chiqarishga koʻmaklashish;
pilladan va qorakoʻl terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xom ashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish:
hududlarda ipak, ipak chiqindilari, jun va paxta aralashmali gilamlar toʻqishni tashkil etish uchun hunarmandlar va tashkilotlarni kerakli miqdorda xom ashyo hamda gilam toʻqish dastgohlari va moslamalari bilan taʼminlash choralarini koʻrish;
pillachilik va qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish:
ipak va qorakoʻl mahsulotini sotish bozorlarini kengaytirish boʻyicha marketing tadqiqotlari olib borish hamda ipak va qorakoʻldan tayyorlangan mahsulotlarni, eng avvalo, tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish.
14. Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
hududiy boshqarma va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahlil jihatdan taʼminlaydi;
hududiy boshqarma faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlaydi;
hududiy boshqarmaning vakolatiga kiruvchi tezkor, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xoʻjalik hamda boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani tizimli oʻrganadi va joriy etadi;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga qaratilgan strategik dasturlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritadi;
oʻz vakolatlari doirasida pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida faoliyat yurituvchi subyektlarni qonuniy himoya qilishni taʼminlaydi;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga teng shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajarilishini oʻz vakolatlari doirasida nazorat qiladi;
pillani qayta ishlovchi korxonalarning oʻzlariga karashli ozuqa bazasi yaratilishini, pilla xom ashyosi yetishtirishning innovatsion texnologiyalari keng joriy etilishini hamda eksportga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot holiga keltirilgunga kadar chuqur qayta ishlash tashkil etilishining monitoringini yuritadi va Qoʻmitaga tegishli maʼlumotlar kiritib boradi;
qorakoʻlchilik klasterlarining tashabbuskorlari tomonidan yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qoʻllagan holda mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirish, klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali xom ashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish ishlarini monitoring qiladi va Qoʻmitaga tegishli maʼlumotlar kiritib boradi.
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari qonun hujjatlariga va Qoʻmita rahbariyatining topshiriqlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-§. Qoʻmitaning huquqlari va javobgarligi
15. Qoʻmita oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Qoʻmita vakolatiga tegishli masalalarni hal qilish uchun zarur boʻlgan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Qoʻmita vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha zarur statistika maʼlumotlarini davlat statistika organlaridan bepul olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Qoʻmitaga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarish;
Qoʻmitaning vakolatiga kiradigan masalalarda davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalarining davlat mulkini oʻzining tashkiliy tuzilmasi doirasida bir hududiy boshqarmadan boshqasiga bepul foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda oʻtkazish;
Qoʻmita xodimlarini ularning tegishli sohadagi faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha parametrlarni bajarganliklarini hisobga olgan holda moddiy ragʻbatlantirish tartibi, miqdori va shartlarini belgilash;
Qoʻmita vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, davlat boshqaruvi organlariga, xoʻjalik birlashmalariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritish;
Qoʻmita vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Qoʻmita vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda xalqaro darajada ifoda etish;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlarining muammolari boʻyicha jamoatchilik, konsultativ, ilmiy-texnik va boshqa kengashlar, idoralararo ekspert komissiyalari tashkil etish, maxsus kengashlar chaqirish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish bilan bogʻliq uzoq muddatli dasturlar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, ushbu sohada davlat siyosatini yuritish va boshqa masalalarni hal etish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari va yuridik shaxslarning vakillarini hamda jismoniy shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish;
yaylovlarni qorakoʻlchilik klasterlariga mustaqil ravishda, shu jumladan nol stavkada ijaraga berish;
sudlarga daʼvo arizalari va arizalar kiritish, oʻzining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar buzilishi bilan bogʻliq ishlarning koʻrib chiqilishida sud jarayonlarida ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlariga oid bojxona tariflarini oʻzgartirish, kvotalarni joriy etish yoki bekor qilish, shuningdek, soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha imtiyozlar berish yoxud imtiyozlarni bekor qilish, imtiyozli kreditlar berish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlarini qoʻllash toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
(15-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va unga idoraviy mansub boʻlgan tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlar va buyruqlarni bekor qilish, toʻxtatib turish (toʻliq yoki qisman) yoxud ularni qonunchilikka muvofiqlashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlarini rivojlantirish sohasida xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
xorijiy mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilib, ularga, istisno tariqasida, Qoʻmitaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorlarini belgilash.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Qoʻmitaning faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda u bilan kelishilishi shart.
17. Qoʻmita:
oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi;
oʻz faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining, shuningdek, Qoʻmita tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasidagi dasturlar, chora-tadbirlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
5-§. Qoʻmita markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi
18. Qoʻmita markaziy apparati oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlaridan, xoʻjalik birlashmalaridan, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlardan masalalarni tahlil qilish va oʻrganib chiqish uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni, Qoʻmita markaziy apparatida koʻrib chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini soʻrash va olish;
xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish, Qoʻmitaga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida ekspert komissiyalari va ishchi guruhlarni tashkil qilish hamda ularni budjetdan tashqari va boshqa mablagʻlar hisobidan mukofotlash;
zarurat boʻlganda, belgilangan tartibda Qoʻmitada koʻrib chiqiladigan masalalarni oʻrganib chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari va vakillarini jalb qilish, ushbu maqsadlar uchun ekspert komissiyalari va ishchi guruhlar tashkil qilish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalaridan va idoraviy mansub tashkilotlaridan ular tomonidan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi oxiriga yetkazilishini talab qilish, zarurat boʻlganda ularni kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytarish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlari ishtirokida majlislar oʻtkazish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlariga belgilangan tartibda tezkor hal qilishni talab qiladigan va Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha topshiriqlar berish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, shuningdek, Qoʻmita va uning rahbariyati hujjatlari va topshiriqlari bajarilishi boʻyicha faoliyatini oʻrganish va tekshirish;
Qoʻmita markaziy apparatida pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish muammolari boʻyicha jamoatchilik, maslahat, ilmiy-texnik va boshqa kengashlar, idoralararo ekspert guruhlarini tashkil etish, yigʻilishlar chaqirish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish bilan bogʻliq uzoq muddatli dasturlar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlarida davlat siyosatini yuritish va boshqa masalalarni hal etish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari va yuridik shaxslar vakillari hamda jismoniy shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish;
sudlarga daʼvo arizalari va arizalar topshirish, sud jarayonlarida oʻzining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning buzilishi bilan bogʻliq ishlar koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari tomonidan qabul qilingan qarorlar va buyruqlarni bekor qilish, toʻxtatib turish (toʻliq yoki qisman) yoxud ularni qonunchilikka muvofiqlashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
yaylovlarni qorakoʻlchilik klasterlariga mustaqil ravishda, shu jumladan nol stavkada ijaraga berish;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlarini rivojlantirish sohasida xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish.
Qoʻmita markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19. Qoʻmita markaziy apparati:
Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishi;
Qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan prognoz koʻrsatkichlarga erishilishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha Qoʻmita markaziy apparati boʻlinmalarining ishi tashkil qilinishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining, shuningdek, Qoʻmita tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari tomonidan pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasidagi dasturlar, chora-tadbirlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi tashkil qilinishi uchun javob beradi.
6-§. Qoʻmita hududiy boshqarmalarining huquqlari va javobgarligi
20. Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalarining hududiy boshqarmalaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan oʻzlarining vakolatlariga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur boʻlgan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Qoʻmita vakolatiga taalluqli boʻlgan muhim muammolarni hal qilish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va koʻrib chiqish boʻyicha hududiy miqyosdagi idoralararo komissiyalar va kengashlarni tashkil qilish;
oʻz vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflarni koʻrib chiqish uchun kiritish;
sudlarga daʼvo arizalari va arizalar topshirish, sud jarayonlarida oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning buzilishi bilan bogʻliq ishlar koʻrib chiqilishida ishtirok etish.
21. Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari:
oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlanishi;
Qoʻmita hududiy boshqarmalarining faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishish taʼminlanishi;
Qoʻmitaga kiritiladigan hujjatlar loyihalari va takliflarning, shuningdek, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida (shaharlarda) pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlari boʻyicha aniqlangan muammolar har tomonlama va chuqur tahlil qilinishi hamda umumlashtirish asosida takliflar tayyorlanishi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga oid dasturlar, chora-tadbirlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
4-bob. Qoʻmita rahbarlarining funksional majburiyatlari
22. Quyidagilar Qoʻmita raisining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Qoʻmita faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Qoʻmitaning faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va kompleks tadbirlar bajarilishini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
Qoʻmita, shuningdek, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishni taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tarkibiy boʻlinmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kotibiyatlari, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan Qoʻmita faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
oʻz oʻrinbosarlarining vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Qoʻmitaning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning Qoʻmita faoliyatining alohida qismlariga rahbarlik qilishi uchun shaxsiy masʼuliyati darajalarini belgilash;
Qoʻmita faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, Qoʻmita va oʻz oʻrinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi maqsadida Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, shuningdek, “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish hamda monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, Qoʻmita faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Qoʻmita xodimlarini tizimli ravishda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish;
Qoʻmita tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Qoʻmitaning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
faoliyat sohasidagi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ularning “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻz vaqtida kiritilishini tashkil etish, shuningdek, ularning Vazirlar Mahkamasi apparatida ishlab chiqilishi, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati huzurida himoya qilinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamentiga muvofiq Qoʻmitaning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
Qoʻmitaga taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toʻliq va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni puxta iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy ekspertizadan va boshqa ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan muddatlarda ularni kelishish (viza qoʻyish);
Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
oʻz oʻrinbosarlari va Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, Qoʻmita hayʼati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
Qoʻmita xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, oʻz oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortishga doir masalalarni koʻrib chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Qoʻmita xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Qoʻmita xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Qoʻmita tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlari ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini taʼminlash;
aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik qilishda, shu jumladan “yagona darcha” prinsipini joriy etish orqali davlat xizmatlari sifati va samaradorligini hamda ulardan erkin foydalanishni oshirish hamda “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan joylarga borib qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Qoʻmita xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, Oʻzbekiston Respublikasi sudlarida, shuningdek, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan rasmiy tadbirlarda Qoʻmita nomidan ishtirok etish;
Qoʻmitaning hayʼati majlislarida raislik qilish;
zarurat boʻlganda, Qoʻmitaning, shuningdek, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmalariga oʻzgartirishlar kiritish;
Qoʻmita markaziy apparatining, shuningdek, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar tuzilmasini, shtatlar jadvalini va xarajatlar smetasini tasdiqlash;
Qoʻmita markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari nizomlari va idoraviy mansub tashkilotlar ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Qoʻmita markaziy apparati xodimlari, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari rahbarlari bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
Qoʻmita, Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining mansabdor shaxslari uchun bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqarish va koʻrsatmalar berish, shuningdek, ularning bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qilish;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining mansabdor shaxslari uchun koʻrsatmalar berish va ularning ijro etilishini nazorat qilish, shuningdek tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek hududiy boshqarmalari faoliyatiga tegishli nizomlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlarni tasdiqlash;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻida kadrlarni tayyorlash, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish choralarini koʻrish;
pillachilik va qorakoʻlchilik tarmogʻidagi xodimlarni va mutaxassislarni ularning koʻp yillik va samarali faoliyati, alohida xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlash uchun belgilangan tartibda takliflar kiritishni taʼminlash va mukofotlashga tavsiyalar berish;
budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va Qoʻmita tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda rivojlantirish choralarini koʻrish.
23. Quyidagilar Qoʻmita raisi oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Qoʻmita raisi vaqtincha boʻlmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
Qoʻmitaning oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita boshqarish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
Qoʻmita faoliyatining oʻzi mutasaddilik qiladigan yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Qoʻmitaning faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va kompleks tadbirlarning bajarilishini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan prognoz koʻrsatkichlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrish, boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitish va ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish;
oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining choraklik rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi maqsadida Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, shuningdek, “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish hamda monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, Qoʻmitaning oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Qoʻmita hayʼati qarorlari, Qoʻmita raisining buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalarda xodimlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha Qoʻmita raisiga takliflar kiritish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalarda tayyorlangan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish va ular keyinchalik Qoʻmita raisi tomonidan koʻrib chiqilishi, imzolanishi (viza qoʻyilishi) uchun viza qoʻyish, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Vazirlar Mahkamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda Qoʻmita raisining topshirigʻiga binoan ishtirok etish;
Qoʻmitaga taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish, ularni puxta iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy va boshqa ekspertizadan oʻtkazish;
xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga toʻliq muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish;
oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha Qoʻmita raisiga takliflar kiritish;
Qoʻmita xodimlarining Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini taʼminlash;
huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligi, sifati va qulayligini oshirish boʻyicha Qoʻmita raisiga takliflar kiritish;
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan joylarga borib qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
5-bob. Qoʻmita rahbarlarining javobgarligi
24. Qoʻmita raisi:
Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
Qoʻmitaning javobgarlik sohalari boʻyicha;
oʻzining funksional majburiyatlarini sifatli bajarish uchun shaxsan javob beradi.
25. Qoʻmita raisining oʻrinbosarlari:
Qoʻmitaga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarning oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalarda bajarilishi;
Qoʻmitaning javobgarlik sohalari boʻyicha oʻzi nazorat qiladigan masalalar yuzasidan;
oʻzining funksional majburiyatlarini sifatli bajarish uchun shaxsan javob beradilar.
6-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
1-§. Qoʻmita rahbariyati
26. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
27. Qoʻmitaga raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
28. Qoʻmita raisi maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va tibbiy xizmat koʻrsatish shartlariga koʻra — vazirga, uning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, oʻrinbosari — tegishli ravishda vazir oʻrinbosarlariga, Qoʻmitaning markaziy apparati xodimlari — vazirliklar markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari xodimlari esa — vazirliklar hududiy boʻlinmalari xodimlariga tenglashtiriladi.
29. Rais boʻlmagan vaqtda, uning vakolatlari raisning birinchi oʻrinbosari tomonidan, u boʻlmagan vaqtda esa — raisning buyrugʻiga muvofiq boshqa oʻrinbosar tomonidan amalga oshiriladi.
30. Qoʻmita markaziy apparati boʻlimlari (shuʼbalari) boshliqlari va xodimlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari va boshliq oʻrinbosarlari, shuningdek, idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
31. Qoraqalpogʻiston Respublikasi pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Qoʻmita bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Hududiy boshqarmalarning xodimlari Qoʻmita raisi bilan kelishilgan holda, tegishli hududiy boshqarmaning boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
2-§. Qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
32. Qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari tomonidan taʼminlanadi.
33. Qoʻmita markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻz faoliyatlari yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlikda:
topshiriqlarni hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlariga tarkibiy boʻlinmalarning bevosita faoliyati masalalari boʻyicha soʻrovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatining amaliyotini tekshiradi va oʻrganadi, natijalarni umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot va axborot materiallari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarning oʻrganilishini tashkil qiladi;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirish choralarini koʻradi;
Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ishtirokini tashkil etadi, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha ulardan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi.
34. Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari Qoʻmita markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan:
Qoʻmita rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida axborot beradi;
faoliyatning belgilangan sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha faoliyat natijalari toʻgʻrisida Qoʻmita markaziy apparatiga axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va oʻrganish natijasida aniqlangan ishdagi kamchiliklarni va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari toʻgʻrisida axborot beradi;
Qoʻmitaning markaziy apparatiga oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etadi.
35. Qoʻmita markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari hamda uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining oʻzaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Qoʻmita raisining topshirigʻiga binoan uning tegishli oʻrinbosarlari tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar koʻrsatib oʻtilgan koʻrib chiqishdan keyin kelishmovchiliklar tartibga solinmasa, ular boʻyicha qaror bevosita qoʻmita raisi tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Qoʻmitaning davlat boshqaruvining boshqa organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
36. Qoʻmita oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvining boshqa organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
37. Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari oʻz vakolatlari doirasida davlat boshqaruvining boshqa organlari, xoʻjalik birlashmalarining hududiy organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
4-§. Qoʻmita hayʼati va boshqa organlar
38. Qoʻmitada rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha), markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining faoliyatning asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi boshliqlardan iborat tarkibda hayʼat tuziladi.
Hayʼat tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Qoʻmitasi raisining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
39. Hayʼatga quyidagi vazifalar yuklanadi:
ushbu Nizomda belgilangan Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
qonun hujjatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun Qoʻmita tizimi xodimlari va rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini koʻrish, tarkibiy boʻlinmalar va hududiy boshqarmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini tizimli asosda eshitishni tashkil etish;
har chorakda va tizimli tarzda Qoʻmita faoliyati natijadorligini koʻrib chiqish;
Hayʼatning kengaytirilgan majlislarini oʻtkazish, shu jumladan sayyor yigʻilishlarni tashkil etish orqali Qoʻmita faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilinishini taʼminlash, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining qarorlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish va ijro intizomini mustahkamlash.
Hayʼat Qoʻmita vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqlidir.
40. Hayʼat majlisiga Qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.
41. Hayʼat majlisida uning tarkibining yarmidan ortigʻi ishtirok etsa, Hayʼat majlisi qonuniy oʻtkazilgan deb hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
42. Hayʼat qarorlari Qoʻmita raisining buyrugʻi (Qoʻmitaning qarorlari) bilan amalga oshiriladi.
43. Qoʻmita raisi va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Qoʻmita raisi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
44. Hayʼatning faoliyat yuritish tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan uning reglamenti bilan belgilanadi.
45. Qoʻmitada raisning birinchi oʻrinbosari (Kengash raisi), Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi ayrim tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va biznes-uyushmalar vakillaridan iborat tarkibdagi Jamoatchilik maslahat kengashi tashkil qilinadi.
46. Jamoatchilik maslahat kengashining shaxsiy tarkibi, aʼzolari soni, shuningdek, uning Nizomi Qoʻmita raisining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Jamoatchilik maslahat kengashining majlisida qabul qilingan qarorga asosan Kengash raisiga uning shaxsiy tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
47. Quyidagilar Jamoatchilik maslahat kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublikada pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarni muhokama qilish;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishning huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni amalda roʻyobga chiqarishning mexanizmlarini tanqidiy koʻrib chiqish;
qonunchilik bazasini takomillashtirishda ishtirok etish, shu jumladan Qoʻmitaning koʻrib chiqishi uchun ishlab chiqilayotgan va kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish orqali ishtirok etish.
7-bob. Qoʻmita faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari
48. Qoʻmita raisi, raisning birinchi oʻrinbosari va rais oʻrinbosari, Qoʻmita hududiy boshqarmalari boshliqlari faoliyatining samaradorligi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligini baholash mezonlariga asosan baholanadi.
Qoʻmita markaziy apparati boʻlimlari (shuʼbalari)ning boshliqlari, shuningdek, markaziy apparat va hududiy boshqarmalar xodimlarining, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari va xodimlarining faoliyati Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligini baholash mezonlariga asosan amalga oshiriladi.
49. Qoʻmita faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlariga koʻra Qoʻmita rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy jazoga tortish choralari koʻriladi.
8-bob. Qoʻmita markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini moliyalashtirish va ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
50. Qoʻmita markaziy apparati faoliyatini moliyalashtirish, xodimlariga ish haqi toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, Qoʻmita hududiy boshqarmalari faoliyatini moliyalashtirish, xodimlariga ish haqi toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
51. Qoʻmita markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantiruvchi toʻlovlardan iborat boʻladi.
52. Qoʻmita markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,4 baravarga oshirilgan holda, hududiy boʻlinmalar xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,2 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.
Ushbu bandni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
53. Qoʻmita markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga Qoʻmita huzuridagi budjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan uzoq muddat xizmati uchun quyidagi miqdorda har oyda ustama toʻlanadi (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga nisbatan foiz hisobida):

Ish staji boʻyicha guruh

Ish staj uchun ustama miqdori

2 yildan 5 yilgacha

10 foiz

5 yildan 10 yilgacha

20 foiz

10 yildan 15 yilgacha

30 foiz

15 yildan 20 yilgacha

40 foiz

20 yildan 25 yilgacha

50 foiz

25 yildan yuqori

60 foiz

Uzoq muddat xizmati uchun toʻlanadigan ustama olish huquqini beruvchi ish staji Qoʻmita tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblab chiqiladi.
54. Lavozim maoshlariga ustamalar (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) va boshqa ragʻbatlantirish toʻlovlari, shuningdek, Qoʻmitaning markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlarini moddiy mukofotlash Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq toʻlanadi.
9-bob. Qoʻmitaning hisobot berishi
55. Qoʻmita rahbarlari Vazirlar Mahkamasi oldida Qoʻmita faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda hisobot berib boradi.
Vazirlar Mahkamasining sohaga masʼul rahbari Qoʻmita rahbarlarining ularga yuklangan vazifalarni samarali bajarishi boʻyicha faoliyatining doimiy monitoringini olib boradi, Qoʻmita faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
Monitoring va baholash yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning alohida oʻrnak koʻrsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari ragʻbatlantiriladi yoxud yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha javobgarlikka tortiladi.
56. Qoʻmita markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari Qoʻmita raisi va uning oʻrinbosarlari oldida markaziy apparat faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda hisobot berib boradi.
Oʻzlarga yuklangan vazifalarni samarali bajarishi boʻyicha faoliyatining doimiy monitoringini olib boradi, markaziy apparat faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
Monitoring va baholash yakunlari boʻyicha markaziy apparatning alohida oʻrnak koʻrsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari ragʻbatlantiriladi yoxud yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha javobgarlikka tortiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoida
57. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi 705-son qaroriga
2-ILOVA
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi huzuridagi Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi huzuridagi Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari xizmat koʻrsatuvchi bankda ochilgan tegishli hisobvaraqda jamlanadi.
3. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) Jamgʻarma mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan ipak momigʻi) va xom ipakni (TIF TN kodi — 5002 va 5003) olib chiqishda undiriladigan yigʻimlardan toʻliq hajmdagi tushumlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamgʻarmaning mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
Uyushma boshqaruv xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash;
Uyushma kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu jumladan xorijiy taʼlim muassasalarida stajirovka va malaka oshirishlarini tashkil qilish;
Uyushmaning joriy xarajatlarini moliyalashtirish (mebel, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika va jihozlar, avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari va boshqalarni xarid qilish);
Uyushma tarkibidagi tashkilotlar tomonidan pilla xomashyosini chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ularga moliyaviy yordam berish;
Uyushma xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, ularga moddiy yordam koʻrsatish, uzoq muddat xizmatlari uchun xodimlarga oylik maosh ustamalarini toʻlash;
narxlarni indeksatsiya qilishni hisobga olgan holda, ovqatlanish va yoʻlkira xarajatlari, shuningdek, mavsumiy tusdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishni qoplash uchun xodimlarga qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirish;
Uyushma xodimlari ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlarida ishga jalb etilganligi uchun toʻlovlar hamda boshqa pulli kompensatsiyalar toʻlash;
Uyushmaga davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va taʼlim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni konsultant sifatida jalb etish, shuningdek, tuzilgan ekspert va ishchi guruhlarni mukofotlash;
Uyushmaga malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi miqdori va boshqa toʻlovlarni toʻlash;
ipakchilik sohasiga oid loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish uchun ekspertlarni (auditorlar, ilmiy xodimlar va boshqalar), shuningdek, xalqaro ekspertlarni jalb qilish;
delegatsiyalar, mehmonlar, shu jumladan xorijiy delegatsiyalar, mehmonlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq vakillik xarajatlari (tushliklar, kechki ovqatlarni tashkil etish, gullar, esdalik buyumlari va boshqalarni xarid qilish) hamda mehmonxona xarajatlari;
xalqaro yigʻilishlar, koʻrgazmalar, loyihalar va dasturlarda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlar;
konferensiyalar, davra suhbatlari hamda seminarlar tashkil etish va oʻtkazish;
bosma nashr mahsulotlarini, elektron dasturlar ishlab chiqish, shuningdek, ipakchilik sohasiga oid blankalar tayyorlash.
6. Mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi markaziy apparati xodimlariga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
7. Uyushma raisi rahbarlik qiladigan Jamgʻarmaning boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma kengashi) Jamgʻarmani boshqaruv organi hisoblanadi.
8. Jamgʻarma kengashining tarkibi Uyushma, Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti, hududiy “Agropilla” MCHJ direktorlari va pillachilik sohasidagi boshqa tashkilotlar vakillaridan shakllantiriladi hamda Uyushma taʼsischilari yigʻilishida tasdiqlanadi.
9. Jamgʻarma kengashi va aʼzolari jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi.
10. Jamgʻarma kengashi:
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan tadbirlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
zarur hollarda, tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
11. Jamgʻarma kengashining majlisi zaruratga koʻra chaqiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishda kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
13. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi 705-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) (keyingi oʻrinlarda — ipak chiqindilari) va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) hamda ipak chiqindilari va xom ipakni olib chiquvchi tashkilotlarning pillachilik sohasidagi faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipak olib chiqilishini monitoring qilish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ipak chiqindilari va xom ipak — TIF TN boʻyicha 5002, 5003 kodlari bilan tasniflanuvchi mahsulotlar;
eksport qiluvchi tashkilot — ipak chiqindilari va xom ipakni eksport qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan olib chiquvchi tashkilot.
2-bob. Monitoringni amalga oshirish tartibi
5. Ipak chiqindilari va xom ipakning eksport hajmi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiqligi yuzasidan Uyushma tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarning eksport kontraktlari monitoringi yuritiladi.
6. Eksport qiluvchi tashkilotlar eksport kontraktlari monitoringini yuritish uchun Uyushmaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
eksport kontraktining asl nusxasi;
eksport kontraktiga narx kalkulyatsiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali (TIF TN boʻyicha 5002, 5003 kodlari) ipak chiqindilari va xom ipakni olib chiqish uchun eksport qilinadigan mahsulot qiymatining har bir kilogrammi uchun 0,05 AQSH dollari miqdorida Uyushmaning Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasi. Bunda yigʻim Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha milliy valyutada undiriladi.
7. Eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari Uyushma tomonidan ikki ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiqligi boʻyicha monitoringdan oʻtkaziladi.
8. Eksport kontraktlari monitoringini yuritishda bozor konyunkturasini va ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qilish jarayonida kontraktda koʻrsatilgan narxlarning nisbatan pastligi yuzasidan asosli shubha paydo boʻlganda, Uyushma ipak chiqindilari va xom ipakning oʻrtacha narxlari toʻgʻrisida eksport qiluvchi tashkilotga tavsiyaviy xulosa beradi.
9. Eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilangan hajmlarga muvofiq boʻlgan hollarda, Uyushma ushbu eksport qiluvchi tashkilotlar va kontraktlar boʻyicha uch ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda maʼlumotnoma beradi.
10. Eksport qiluvchi tashkilot tomonidan Uyushmaga monitoring uchun taqdim qilingan hujjatlarning asl nusxasi eksport qiluvchi tashkilotga qaytariladi, hujjatlar nusxalari esa — Uyushmada saqlash uchun qoldiriladi.
3-bob. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipak olib chiqilishini nazorat qilish tartibi
11. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipak eksportining olib chiqilishi Uyushma tomonidan eksport qiluvchi tashkilot toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim qilingan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
12. Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim qilingan maʼlumotnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakni olib chiqish (eksport) monitoringi va hisobini yuritadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi har oy yakuni bilan, keyingi oyning 5-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasidan eksport qilingan ipak chiqindilari va xom ipak toʻgʻrisidagi eksport qiluvchi tashkilotlar kesimidagi maʼlumotlarni Uyushmaga taqdim etib boradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Eksport qiluvchi tashkilotlar eksport kontraktlarining qonun hujjatlariga muvofiq toʻgʻri tuzilishi, Uyushmaga monitoring uchun mazkur Nizomga muvofiq taqdim qilingan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi, ipak chiqindilari va xom ipak eksport narxlarining toʻgʻri shakllantirilishi, bojxona chegarasi orqali olib chiqilayotgan ipak chiqindilari va xom ipakning mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan TIF TN kodlariga toʻgʻri kelishi boʻyicha javobgardir.
15. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipak olib chiqilishini monitoring qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Eksport qiluvchi tashkilotlar

Eksport kontraktlari monitoringini amalga oshirish uchun eksport kontraktlari, narx kalkulyatsiyasi va Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasini Uyushmaga taqdim etadi.

Ehtiyojga qarab


2-bosqich

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi

Eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari monitoringini oʻtkazadi.

2 ish kuni ichida

Davlat bojxona qoʻmitasiga bu haqda maʼlumotnoma beradi.

3 ish kuni ichida


3-bosqich

Davlat bojxona qoʻmitasi

Ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipakning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilishini (eksport) nazorat qiladi.

Doimiy ravishda


Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilgan (eksport qilingan) ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipak toʻgʻrisidagi eksport qiluvchi tashkilotlar kesimidagi maʼlumotlarni Uyushmaga taqdim etadi.

Har oy yakuni bilan, keyingi oyning
5-sanasiga qadar


4-bosqich

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi

Ipakchiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipakning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilishining (eksport) hisobini yuritadi.

Doimiy ravishda

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
_____-sana

20__yil “___”____________

Oʻzbekiston Respublikasi
‎Davlat bojxona qoʻmitasi

________________________________________________________________________ning

(tashkilot nomi)

______________________________________________________________ kodlari boʻyicha

(TIF TN kodlari)

__________________________________________________________________ miqdorida

(hajmi va summasi) (har bir TIF TN kodi boʻyicha alohida koʻrsatiladi)

ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momigʻi) va xom ipakni eksport qilish boʻyicha 20___ yil “___” __________ dagi _____-son kontrakt “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 20___ yil ___ ____________dagi ___-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakni olib chiqish ustidan monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq monitoringdan oʻtkazildi.

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi

_________________________

____________

_________________________

(F.I.O)

M.Oʻ

(imzo)

(lavozimi)

* “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining rasmiy blankasida rasmiylashtiriladi.

Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2020-y., 09/20/705/1495-son; 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)