O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) qabul qilinayotgan qonunlarning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirilgan qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Shu bilan birga, belgilangan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ma’lum darajada o‘tgan yillarda shakllangan qonunchilik bazasiga, shuningdek, norma ijodkorligi jarayoni sifatiga bog‘liq.
Ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan kamchiliklar turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solish salbiy amaliyotining davom etishiga olib kelmoqda, bu esa huquqiy kolliziyalar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kun voqeligi tizimli muammolarga tezkorlik bilan munosabat bildirishni talab qiladi, ularning yechimlari yo‘qligi mamlakatda olib borilayotgan islohotlarda aks etmoqda. Biroq, bu borada qo‘llanilayotgan norma ijodkorligi yondashuvi qonun hujjatlarining mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga ta’sirini baholash zaruriyatini hisobga olmayapti hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga doir vazifalarga erishishni ta’minlamayapti.
Shu bilan birga, umumiy tusga ega bo‘lgan qonunlar ko‘pligi, shuningdek, ularni amalga oshirishning muayyan mexanizmisiz ayrim qarorlarning qabul qilinishi, umuman davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ijtimoiy munosabatlarni asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solishga olib kelmoqda.
Tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda — Amaliy chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tili matnda berilgan.
2. Quyidagilar norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish;
norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo‘llash;
norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasining quyidagi tartibni belgilash to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
davlat organlari tomonidan qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu organlarning ko‘tarilayotgan masalalar yoki muammolarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan amaldagi normalar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;
qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini qo‘llash, ular kuchga kirgan paytdan e’tiboran ijrosini tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilishga doir majburiyatlar yuklatilmagan holda amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
yangi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi aynan bir xil yuridik kuchga ega hujjatni bekor qilish bilan bir vaqtda yoki unga taklif etiladigan o‘zgartishlar kiritish orqali, shu jumladan, uni yangi tahrirda bayon etgan holda amalga oshirilishi lozim.
4. Quyidagilarga:
a) O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda uch oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinayotgan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyotini ishlab chiqish;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish hamda ularni manfaatdor idoralar bilan kelishish tartibini tasdiqlash;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda ilgari faoliyat yuritgan Oliy xo‘jalik sudi Plenumining qarorlarini xatlovdan o‘tkazish hamda ularni tizimlashtirish, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida noaniqliklar istisno etilishini ta’minlashni hisobga olgan holda ularni qayta tasdiqlash bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019-yil 1-yanvardan e’tiboran quyidagilarni tugatish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
davlat organlari va tashkilotlarining “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami” va “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami”ga obuna bo‘lish;
“O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami”ni ularni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga (www.lex.uz) o‘tkazgan holda nashr etish, bundan arxivlarda, axborot-resurs markazlarida saqlash uchun, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar talablariga ko‘ra tayyorlanadigan nusxalar mustasno.
6. Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
7. Komissiya (N. Ismoilov):
a) Konsepsiya va Amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli ishlab chiqishni va belgilangan tartibda kiritishni ta’minlasin;
b) Konsepsiyani amalga oshirish doirasida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy doiralar va xorijiy ekspertlarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot konferensiyalarini tashkil etsin;
v) bir oy muddatda qonunchilik bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va normativ-huquqiy hujjatlarni quyidagilar asosida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritsin:
aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi (saylov tizimi, arxitektura va qurilish, ta’lim, investitsiyalar, tadbirkorlik faoliyati va boshqalar) normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish;
amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiq holda ijtimoiy munosabatlarni normativ-huquqiy hujjatlar bilan amaliy va samarali tartibga solish;
normativ-huquqiy hujjatlar darajasida mustahkamlash talab etiladigan yuqori yuridik kuchga ega normalarni belgilash;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish;

umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarining mavjudligi;
g) ikki oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjatlariga o‘tkazish va “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llash orqali qolgan hujjatlarni, shu jumladan, qonunchilikni tizimlashtirish doirasida har bir idoraning vakolatini bosqichma-bosqich kamaytirish va bekor qilishni nazarda tutuvchi, ular tomonidan qabul qilinayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning aniq ro‘yxatini belgilash bo‘yicha taklif kiritsin.
d) ikki oy muddatda qonunchilikni tizimlashtirish jarayonida foydalanish maqsadida xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari, ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan xalqaro shartnomalar talablari hamda majburiy tartibda rioya qilinishi kerak bo‘lgan va huquqiy bazadan chiqarib yuborilmaydigan talablar bo‘yicha yagona ommabop ro‘yxatning shakllantirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni ta’minlasin:
a) Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini ishlab chiqish va sinov tariqasida ishga tushirish, bunda:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishish jarayonini boshqarish va nazorat qilish, shu jumladan, mas’ul idoralar, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan loyihalarga elektron ko‘rinishdagi viza qo‘yishni amalga oshirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishish bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikni, shuningdek, ularni ishlab chiqish jarayoni monitoring qilinishini ta’minlash;
loyihalarni jamoatchilik va kasbiy doirada muhokama qilish, shu jumladan, foyda, xarajat va kutilayotgan natijalar tahlilini hamda ularning jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va manfaatlariga, ijtimoiy sohaga, tadbirkorlik faoliyatiga, atrof-muhit holatiga ta’sirini, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni baholash imkonini yaratish;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi tizimini, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutgan holda modernizatsiya qilish:
milliy qonunchilikning mavzuli ma’lumotnomasini takomillashtirish;
havolalar yoki muayyan bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatib bergan havolaki normalarga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘shimcha axborot sifatida ko‘rsatish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi, shuningdek, chet el investorlari uchun muhim ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning chet tillariga rasmiy tarjimasini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Qonun hujjatlarining ta’sirchanligini baholash tizimi” portalining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi tarkibiy qismi sifatida unga integratsiya qilinishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Fanlar akademiyasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-fevralga qadar muddatda ilmiy ekspert doiralari vakillari, oliy o‘quv yurtlari talabalari va ilmiy darajalar olish uchun talabgorlar tomonidan ilmiy-tahliliy faoliyat asosida ishlab chiqilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni o‘z ichiga olgan onlayn ommabop axborot tizimini yaratsin va uni muntazam ravishda yangilab borsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Konsepsiya va Amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli va o‘z vaqtida tayyorlanishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring o‘tkazilishini ta’minlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
har chorak yakuni bo‘yicha Komissiyaga monitoring natijalari to‘g‘risida axborot kiritsin.
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Amaliy chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda mas’ul organlar va tashkilotlarga ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan ko‘maklashsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Komissiyaga norma ijodkorligi sohasida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini va huquqni qo‘llash amaliyotini, zarur hollarda, xorijiy (xalqaro) tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda o‘rganishni tashkil etishga ko‘maklashsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 8-avgust,
PF-5505-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-son Farmoniga
1-ILOVA
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish
konsepsiyasi
Jamiyat hayotining bir qator sohalaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq qonunchilikning jadal rivojlanishi ayrim hollarda amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan ko‘plab normalarning vujudga kelishiga olib keldi.
Mazkur holat o‘tkazilayotgan islohotlarning belgilangan maqsad va vazifalariga erishish uchun butun qonunchilikni tubdan qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini taqozo etmoqda.
I. Qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash
1. U yoki bu ijtimoiy munosabatni tartibga solish uchun zarur bo‘lgan hujjatning muayyan turini belgilash maqsadida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish asosi va tartibga solish predmetini aniq belgilash.
2. Normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish maqsadi, qabul qilish tartibi va amal qilishning yuridik oqibatlaridan kelib chiqib, ularni tasniflashni takomillashtirish.
3. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llashga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish hamda asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etish hisobiga aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va kodifikatsiyalash.
4. Muayyan muammoni o‘zga choralar (ma’muriy tartib-taomillar, boshqarishga oid qarorlar, sudda ko‘rib chiqish) hal eta olmasa hamda davlatning tartibga solish orqali aralashuvi zarurligi yetarli darajada, shu jumladan murojaatlarni, jamoatchilik fikri so‘rovi natijalarini va amaldagi qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni o‘rganish va tahlil etish negizida asoslangan bo‘lsagina davlatning tartibga soluvchi aralashuviga yo‘l qo‘yiladigan tartibga soluvchi qarorlar qabul qilish uchun asoslarning yetarliligi prinsipining amalda ishlashini ta’minlash.
5. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich kamaytirish va ularni qabul qilish bo‘yicha vakolatlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bilan bog‘liq holda har bir idoraning yurisdiksiyasi ro‘yxatini aniq belgilash yo‘li bilan ularning norma ijodkorligi vakolatlarini cheklash.
6. O‘zbekiston Respublikasi huquqiy bazasining xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va xalqaro shartnomalar normalariga muvofiqligini ta’minlash.
7. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish.
8. Qonun hujjatlarini qo‘llash chegaralarini aniqlash bilan ularning qo‘llanilishini tushuntirish bo‘yicha Oliy sud Plenumi qarorlarini qabul qilish jarayonlarini, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat etish tartibini takomillashtirish, shuningdek, tushuntirish va sharhlashga doir hujjatlar ustidan shikoyat qilish mexanizmlarini joriy etish.
II. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish
1. Sifat, shaffoflik, tizimlilik, kelishilganlik hamda jamoatchilik jalb etilishini ta’minlovchi konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ilgari surish, ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, ularning ijrosini monitoring qilish tartibini takomillashtirish.
2. Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar normalarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini monitoring va nazorat qilish hamda uning qarorlarini ijro etishning ta’sirchan tartibini joriy etgan holda Konstitutsiya normalariga zid ravishda qabul qilingan hujjatlar va qarorlarni bekor qilishga qaratilgan qarorlarni kechiktirmay qabul qilishning ta’sirchan mexanizmini yaratish.
3. Fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik subyektlari va ilm-fan vakillarini jalb etish ishlarini samarali tashkil etish orqali norma ijodkorligi jarayoniga jamoatchilik muhokamalarining ta’sir darajasini oshirish.
4. Idoralarning norma ijodkorligi faoliyatini ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, shuningdek, samarasiz tartibga solish oqibatida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari ko‘rgan foyda va chiqimlardan (shu jumladan zarar va ziyon) kelib chiqqan holda baholashning samarali tizimini joriy etish.
5. Fuqarolar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, davlat organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjat ustidan shikoyat qilish va uni bekor qilishni talab qilish tartib-taomillarini aniqlashtirish, ma’muriy sudlarning va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mazkur jarayondagi rolini belgilash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash jarayonini aniqlashtirish.
III. Norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish
1. Norma ijodkorligi jarayoni (normativ-huquqiy hujjatlarni ilgari surish, ishlab chiqish, kelishish, kiritish va ijrosini monitoring qilish) bosqichlarini elektron shaklga o‘tkazishni nazarda tutuvchi elektron norma ijodkorligi tizimini rivojlantirish.
2. Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini idoralararo elektron kelishish tartib-taomilini optimallashtirish va rasmiyatchilikning oldini olishga qaratilgan, shu jumladan loyihaning hajmi, tartibga solish predmetining murakkabligi va boshqalarni hisobga olgan holda kelishib olish tartib-taomillarini nazarda tutuvchi mexanizmni joriy etish.
3. Fuqarolarga qonun loyihalarini barcha bosqichlarda ko‘rib chiqish va qabul qilish jarayoni haqidagi axborotni moneliksiz olish imkonini beruvchi qonun hujjatlari ma’lumotlari bilan ishlashning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va Oliy Majlis palatalari faoliyatiga tatbiq etish.
4. Ikki va undan ortiq tillarda tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari matnlarining o‘zaro muvofiqligini lingvistik ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlovchi organni belgilash.
5. Fuqarolarning jamoaviy tashabbuslarini elektron taqdim qilish (“Mening fikrim” veb-portali) tizimini tashabbusni taqdim qilish uchun ovozlar sonini xorijiy mamlakatlar tajribasiga muvofiq qayta ko‘rib chiqqan, huquq normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga nisbatan fuqarolik tashabbuslarini davlat organlari tomonidan qabul qilish va ko‘rib chiqish tartib-taomillarini aniqlashtirgan va ularni ko‘rib chiqishga vakolatli organlar doirasini kengaytirgan holda yanada takomillashtirish.
IV. Norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo‘llash
1. “Aqlli tartibga solish” modeli, shu jumladan tartib-taomillarni murakkablashtirishni nazarda tutuvchi, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl etuvchi qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda quyidagilar to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan elementlarini qo‘llashga bosqichma-bosqich o‘tish:
fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va jamiyat tomonidan qilingan ijro xarajatlari taklif etilayotgan loyiha normasida nazarda tutilayotgan xarajatlarga teng yoki ortiq bo‘lganda mavjud normani bekor qilish;
murakkablashtiruvchi tartib-taomillarning amal qilish muddatini cheklash, bunda muddat o‘tgach ular mavjud tartibga solishni yaxshilash, uning bundan buyongi zaruriyatini asoslash yoki avtomatik ravishda kuchini yo‘qotgan deb topish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
2. Muammoni, uni hal etish usullarini, raqobatga ta’sirini tahlil qilish, tartibga solishning yangi vositalari va tartibini joriy etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni prognoz qilish va baholash, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun foyda va xarajatlarni tahlil etishni nazarda tutuvchi xorijiy mamlakatlarda ijobiy sinovdan o‘tgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini majburiy baholashdan o‘tkazish tizimini joriy etish.
3. Qonun hujjatlarini ishlab chiqish va ularni qo‘llash monitoringi jarayonining uzviy qismi sifatida ularning ta’sir kuchini baholash tizimi tartib-taomilidan o‘tishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar turlarining yakunlangan ro‘yxatini aniqlash.
4. Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga erishish uchun normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarni ulardan mazkur maqsadlarga erishish ko‘rsatkichlari sifatida foydalangan holda aniqlashtirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
5. Qonun hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholashning kompleks tizimi amal qilishini uning ta’sirini qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga tatbiq etish orqali ta’minlash.
6. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishning samarali usullari va metodologiyasini mazkur tartib-taomilni qonun hujjatlarining ta’sirini baholash tizimining uzviy elementi sifatida belgilagan holda tatbiq etish.
7. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini kelishib olish va jamoatchilik muhokamasi bosqichlarida muammoni, uni hal etish usullarini, raqobatga ta’sirini tahlil qilish, tartibga solishning yangi vositalari va tartibini joriy etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni prognoz qilish va baholash, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun foyda va xarajatlarni tahlil etishni nazarda tutuvchi tartibga solish ta’sirini baholashga oid tahliliy hujjatlar bilan majburiy ta’minlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
V. Norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish
1. Davlat organlari, ilmiy hamjamiyat va nodavlat tuzilmalarning o‘zaro samarali hamkorligini, shuningdek, qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyati, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha yaxlit ilmiy-nazariy va metodologik asoslarini ishlab chiqish hamda takomillashtirishni ta’minlovchi yagona muvofiqlashtiruvchi tashkilotni belgilash.
2. Qonun loyihalari bo‘yicha parlament muhokamalari jarayonining shaffofligi va hisobdorligini quyidagi mexanizmlarni joriy etish yo‘li bilan ta’minlash:
qonun loyihalari matnlarini va ularga doir tahliliy materiallarni har bir o‘qishdan keyin parlamentning veb-resurslarida tezkor e’lon qilib borish;
real vaqt rejimida takliflar hamda mulohazalarni yo‘llash imkoniyatini joriy etgan holda mazkur jarayonlarni ommaviy axborot vositalari, shuningdek, parlamentning veb-resurslarida onlayn translatsiya qilish.
3. Muayyan ma’muriy-hududiy birliklar doirasida tartibga soluvchi qarorlarni sinov hamda eksperiment tarzida qo‘llash va keyinchalik ijobiy tajribani respublika miqyosida tatbiq etish prinsiplari va tartib-taomillarini joriy etish.
4. Qonun hujjatlarining tartibga soluvchi ta’sirini baholash va qonunchilikning tizimli kamchiliklarini aniqlash maqsadida sud, huquqni qo‘llash va nazorat amaliyotining statistik hisobi hamda tahlili natijalarini idoralararo axborot almashish mexanizmlarini takomillashtirish.
5. Ilmiy va ekspert doiralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari talabalari va ilmiy darajalar olish uchun talabgorlarning qonunchilik va huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan ilmiy-tahliliy faoliyati natijalarini, shu jumladan mazkur takliflarni o‘z ichiga olgan onlayn axborot tizimlarini yaratish orqali keng jalb etish.
6. Ekspert hamjamiyati bilan maslahatlashish va ularning salohiyatidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida foydalanishning samarali mexanizmlarini yaratish.
7. Ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda zamonaviy ish usullarini o‘rgatish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ekologik, korrupsiyaga qarshi va boshqa turdagi ekspertizasini amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
8. O‘tkazilayotgan islohotlarning ilmiy asoslantirilganligini fan va amaliyot o‘zaro hamkorligining optimal modelini shakllantirish orqali ta’minlash.
VI. Mazkur Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashni takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, tadbirkorlik subyektlarining kafolatlari, himoyasi va qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash, ularning fikrlarini to‘laqonli hisobga olish va “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” prinsipini har tomonlama ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-son Farmoniga
3-ILOVA
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

N.M. Ismoilov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri, Komissiya rahbari (kelishuvga asosan)

2.

R.K. Davletov

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri, Komissiya rahbarining o‘rinbosari

3.

N.M. Rustambekov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari

4.

D.R. Li

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari

5.

N.D. Toychiyev

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining o‘rinbosari

6.

S.S. Saidkarimov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari

7.

N.S. Jo‘rayev

O‘zbekiston Resp�blikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari

8.

O.M. Umarov

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari

9.

U.U. Xanayev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shu’ba mudiri

10.

R.R. Xakimov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori

11.

T.S. Abdusattarov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi

12.

Sh.M. Mamadjanov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

13.

U.K. Sulaymonov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

14.

Sh.A. Chulliyev

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

15.

E.S. Kanyazov

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori

Izoh: Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.08.2018-y., 06/18/5505/1639-son; 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)