Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuni
Elektron hukumat toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 18-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015-yil 3-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron hukumat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilik
Elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
elektron hukumat — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash yoʻli bilan davlat xizmatlari koʻrsatishga doir faoliyatini, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat xizmati — ariza beruvchilarning soʻrovlariga koʻra amalga oshiriladigan, davlat organlarining vazifalarini bajarish boʻyicha ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmat. Agar qonunchilikka muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatish funksiyalari boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, ular ham davlat xizmatini koʻrsatishlari mumkin;
(3-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
soʻrov — ariza beruvchining davlat xizmati koʻrsatilishi toʻgʻrisida davlat organlariga yuboriladigan talabi;
ariza beruvchi — davlat organiga soʻrov bilan murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
idoralararo elektron hamkorlik qilish — davlat organlari oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida maʼlumotlar almashish;
elektron hukumatning yagona identifikatorlari — har bir jismoniy va yuridik shaxsga, kadastr va koʻchmas mulk obyektlariga, geografik va boshqa obyektlarga beriladigan, ularni elektron hukumatda identifikatsiyalash imkonini beruvchi noyob kodlar;
elektron davlat xizmatining reglamenti — elektron davlat xizmati koʻrsatishga doir tartibni va talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat;
elektron davlat xizmati — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda koʻrsatiladigan davlat xizmati.
4-modda. Elektron hukumatning asosiy vazifalari
Elektron hukumatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini taʼminlash, ularning masʼuliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlarini yaratish;
ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish boʻyicha imkoniyatlar yaratish;
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlarining maʼlumotlar bazalarini, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini va Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini shakllantirish;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 6, 8, 18 va 19-moddalari.
aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining oʻzaro hamkorligi va ularning maʼlumotlar bazalari oʻrtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” prinsipini joriy etish;
tadbirkorlik subyektlarini elektron hujjat aylanishidan foydalanishga, shu jumladan statistika hisobotini taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar berish jarayonlarida, shuningdek davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga oʻtkazish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
tadbirkorlik subyektlarining elektron tijorat, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali mahsulotni sotish va xaridlarni amalga oshirish tizimlaridan foydalanishini, shuningdek kommunal xizmatlarni hisobga olishning, nazorat qilishning va ular uchun haq toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni kengaytirish;
naqd boʻlmagan elektron toʻlovlar, davlat xaridlarini amalga oshirish, masofadan foydalanish tizimlarini va bank-moliya sohasidagi faoliyatning boshqa elektron shakllarini rivojlantirish.
5-modda. Elektron hukumatning asosiy prinsiplari
Elektron hukumatning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 6-moddasi.
elektron davlat xizmatlaridan ariza beruvchilarning teng ravishda foydalanishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 7-moddasi.
“bir darcha” prinsipi boʻyicha elektron davlat xizmatlari koʻrsatish;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 8-moddasi.
davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 9-moddasi.
elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 10-moddasi.
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 11-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
elektron hukumat axborot tizimlarining va axborot resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlash.
(5-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 12-moddasi.
6-modda. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi prinsipi
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi faoliyati qonunchilikka muvofiq ochiq va shaffof tarzda amalga oshiriladi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ariza beruvchilarga elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi axborot ommabop va ochiqdir hamda u elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari ariza beruvchi soʻrovining koʻrib chiqilishi holati va xizmatlar koʻrsatilishi natijalari toʻgʻrisidagi axborotni tegishli xabarlarni elektron shaklda yuborish yoʻli bilan uning talabiga koʻra taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
7-modda. Elektron davlat xizmatlaridan ariza beruvchilarning teng ravishda foydalanishi prinsipi
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari barcha ariza beruvchilarning elektron davlat xizmatlaridan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.
8-modda. “Bir darcha” orqali elektron davlat xizmatlari koʻrsatish prinsipi
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organi bunday xizmat koʻrsatish uchun boshqa davlat organlarida mavjud boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni olishi talab etiladigan hollarda elektron davlat xizmati koʻrsatish “bir darcha” prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi, bunda elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organi mazkur hujjatlar va maʼlumotlarni mustaqil ravishda, ariza beruvchining ishtirokisiz idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida oladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 28-sentabrdagi PQ-2412-son qarori.
9-modda. Davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish prinsipi
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida foydalaniladigan davlat organlari hujjatlari elektron davlat xizmati koʻrsatish doirasida boshqa davlat organlari tomonidan soʻralayotgan axborotning ushbu hujjatlardan chiqarib tashlanishi hisobga olingan holda oʻzaro birxillashtirilishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi PQ-4321-sonli “Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimi infratuzilmalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori.
Hujjatlarni birxillashtirish bevosita davlat organlari tomonidan elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan birgalikda amalga oshiriladi.
10-modda. Elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish prinsipi
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalaniladi.
Axborotni elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalarida, shuningdek elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining axborot tizimlarida va axborot resurslarida saqlash hamda unga ishlov berish elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Elektron hukumatning yagona identifikatorlari roʻyxati, uni shakllantirish, yuritish va undan foydalanish tartibi, shuningdek ariza beruvchining oʻzi taqdim etgan identifikatorga muvofiqligini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi 17.12.2015-yildagi 365-son Qarori bilan tasdiqlangan “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi toʻgʻrisida”gi Nizom.
11-modda. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish prinsipi
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish, shuningdek elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining oʻzaro hamkorlik qilish tartibi takomillashtirib borilishi, shu jumladan quyidagi yoʻllar bilan takomillashtirib borilishi shart:
davlat organlarining ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarini bartaraf etish va (yoki) birlashtirish hamda kelishib olinadigan vazifalari sonini kamaytirish;
ariza beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish;
idoralararo elektron hamkorlik qilishni maqbullashtirish;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlarini qisqartirish.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini muntazam takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi va amalga oshirishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 184-sonli “Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Elektron hukumat axborot tizimlarining va axborot resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlash prinsipi
(12-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari elektron davlat xizmatlari koʻrsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlashi shart.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari shaxsga doir maʼlumotlar, shuningdek davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar muhofaza qilinishini va ulardan ruxsatsiz foydalanishning oldi olinishini taʼminlash yuzasidan zarur tashkiliy-texnik choralar koʻradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 1-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 98-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Tijorat siri toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasining ikkinchi xatboshi, Oʻzbekiston Respublikasining “Bank siri toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining axborot tizimlarida va axborot resurslarida saqlanadigan shaxsga doir maʼlumotlardan ular qaysi ariza beruvchiga taalluqli boʻlsa, oʻsha ariza beruvchining roziligi bilan ularga ishlov berish, ularni uzatish va olish uchun foydalaniladi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-bob. Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solish
13-modda. Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi organlar
Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ va boshqa davlat organlari amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 14 — 16-moddalari.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining elektron hukumat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
elektron hukumatning shakllantirilishini va ishlashini uning asosiy prinsiplariga muvofiq taʼminlaydi;
Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini yuritish tartibini belgilaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 19-moddasi.
idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimining ishlash tartibini belgilaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-maydagi 120-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishda elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi bir nechta davlat organi ishtirok etadigan boʻlsa, oʻsha elektron davlat xizmatlarining reglamentlarini tasdiqlaydi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash uslubiyotini, shuningdek elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 24-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi.
15-modda. Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron hukumat sohasidagi vakolatli organdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi.
Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ oʻz vakolatlari doirasida:
elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
elektron hukumatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
(15-moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi;
davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
elektron hukumat sohasidagi monitoringni amalga oshiradi, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi hisobot materiallarini shakllantiradi va ularga ishlov beradi;
elektron hukumat infratuzilmasining markaziy maʼlumotlar bazalariga, idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga, Maʼlumotlarga ishlov berish markaziga va idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga taalluqli qismining ishlab turishini taʼminlaydi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishi sifatini, shuningdek elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlariga erishilishi darajasini baholaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 24-moddasi.
axborotni toʻplash, saqlash, unga ishlov berish, uni uzatish va almashish boʻyicha standartlar hamda texnik talablar asosida elektron hukumatning texnik asosini shakllantirish chora-tadbirlarini koʻradi;
koʻrsatilayotgan elektron davlat xizmatlari va idoralararo elektron hamkorlik qilish tartib-taomillarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
elektron davlat xizmatlarining reglamentlari kelishib olinishini amalga oshiradi;
Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini shakllantiradi va yuritadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 19-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
elektron hukumat axborot tizimlarining va axborot resurslarining axborot xavfsizligini va kiberxavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
(15-modda ikkinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
elektron hukumat sohasida davlat organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qilishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida elektron hukumatni rivojlantirishga investitsiyalar jalb etilishini taʼminlaydi;
elektron hukumat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qaroribilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
16-modda. Davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi vakolatlari
Davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
elektron hukumat sohasida axborot tizimlari va axborot resurslarining, shuningdek elektron davlat xizmatlarining joriy etilishini, rivojlantirilishini hamda integratsiyalashuvini taʼminlaydi;
oʻzlarining faoliyat sohasiga muvofiq elektron davlat xizmatlarining reglamentlarini ishlab chiqadi va elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda ularni tasdiqlaydi;
oʻzi koʻrsatadigan elektron davlat xizmatlari Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 19-moddasi.
ariza beruvchilarning tanloviga koʻra elektron davlat xizmatlarini olish imkoniyatini taʼminlaydi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarga zarur shart-sharoitlar yaratadi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot tizimlari va axborot resurslarining uzluksiz ishlashini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligini va kiberxavfsizligini taʼminlash choralarini koʻradi;
(16-modda birinchi qismining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi OʻRQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
elektron hukumat sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish choralarini koʻradi;
elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlariga va boshqa dasturlarga uzviy bogʻliq holda axborot tizimlarini, axborot resurslari va tarmoqlarini rivojlantirishning idoraviy rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqadi;
oʻz rasmiy veb-saytlarining doimiy ishlashini, shuningdek ularda elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi axborot eʼlon qilinishini taʼminlaydi;
oʻz tarkibiy boʻlinmalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini taʼminlaydi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotning ariza beruvchilar tomonidan oʻzaro hamkorlikning turli shakllari orqali olinishi imkoniyatini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi.
(16-moddaning birinchi qismi oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya toʻgʻrisida nizomning 15-bandi.
17-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida elektron hukumatni rivojlantirish
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida hududiy rivojlantirish dasturlari elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar bilan oʻzaro bogʻliq boʻlishi kerak.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari elektron davlat xizmatlarini joriy etish, idoralararo elektron hamkorlikni tashkil qilish loyihalarini elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda amalga oshiradi.
3-bob. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisida nizom”.
18-modda. Elektron davlat xizmatlarining turlari
Elektron davlat xizmatlari axborot va interaktiv davlat xizmatlari tarzida boʻlishi mumkin.
Axborot davlat xizmati ariza beruvchilarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan, davlat organining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eʼlon qilish va boshqacha tarzda tarqatish yoʻli bilan koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatidir.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Interaktiv davlat xizmati ariza beruvchiga ariza beruvchi va elektron davlat xizmati koʻrsatuvchi davlat organi oʻrtasida ikki tomonlama elektron hamkorlik yoʻli bilan koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatidir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 378-son “Interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatishni hisobga olgan holda Internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
19-modda. Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestri
Elektron davlat xizmatlari Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrida elektron davlat xizmati koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarning roʻyxati hamda hajmi, shuningdek ularning taqdim etilishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatilishi kerak.
Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
20-modda. Elektron davlat xizmatlariga doir talablar
Axborot davlat xizmatlari toʻliq va ishonchli axborotni oʻz ichiga olishi kerak.
Interaktiv davlat xizmatlari:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik asosida va axborotni toʻplash, saqlash, unga ishlov berish, uni uzatish hamda almashish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida tashkil etilishi;
(20-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
elektron davlat xizmatlarining tasdiqlangan reglamenti asosida koʻrsatilishi;
shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni nazarda tutuvchi xizmatlardan ariza beruvchilarning xavfsiz foydalanishini taʼminlashi;
soʻrov yuborish va elektron davlat xizmatining natijasini olish imkoniyatini taʼminlashi;
toʻliq, ishonchli boʻlgan va ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilingan axborotni oʻz ichiga olishi kerak.
21-modda. Elektron davlat xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovga doir talablar
Elektron davlat xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovning tarkibiga, hajmiga, identifikatsiyasiga, uni rasmiylashtirish va yuborish tartibiga doir talablar elektron davlat xizmatining reglamenti bilan tasdiqlanadi.
Ariza beruvchining identifikatsiyalanishini talab etuvchi elektron davlat xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrov, qoida tariqasida, elektron hujjat tarzida boʻlishi kerak.
Elektron davlat xizmati koʻrsatish toʻgʻrisida elektron hujjat tarzida yuborilgan soʻrov qogʻoz shaklida yuborilgan soʻrovga tenglashtiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi.
22-modda. Soʻralayotgan elektron davlat xizmati boʻyicha beriladigan javobga doir talablar
Soʻralayotgan elektron davlat xizmati boʻyicha beriladigan javobning tarkibiga, hajmiga, identifikatsiyasiga, uni rasmiylashtirish va yuborish tartibiga doir talablar elektron davlat xizmatining reglamenti bilan tasdiqlanadi.
Soʻralayotgan elektron davlat xizmati boʻyicha ariza beruvchiga yuboriladigan javob, qoida tariqasida, elektron hujjat tarzida boʻlishi va elektron davlat xizmatining reglamentida belgilangan muddatlarda yuborilishi kerak.
Soʻralayotgan elektron davlat xizmati boʻyicha elektron hujjat tarzida yuborilgan javob qogʻoz shaklida yuborilgan javobga tenglashtiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi.
23-modda. Ariza beruvchining elektron davlat xizmatlarini olish chogʻidagi huquqlari
Ariza beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
elektron davlat xizmatlarini oʻz vaqtida va elektron davlat xizmatlarining tasdiqlangan reglamentlariga muvofiq olish;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish;
elektron davlat xizmati koʻrsatilishining borishi toʻgʻrisida oʻzaro hamkorlikning turli shakllari (rasmiy veb-sayt, telefon, elektron pochta, tezkor aloqa va boshqalar) orqali axborot olish;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” (yangi tahrir)gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi.
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini baholashda ishtirok etish;
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 24-moddasi.
elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish.
Oldingi tahrirga qarang.
Ariza beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini baholashni amalga oshirish tartibi
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan uslubiyot, shuningdek jamoatchilik fikrini oʻrganish asosida elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash natijalari muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari baholash natijalarini hisobga olgan holda ushbu xizmatlarning koʻrsatilish sifatini oshirish boʻyicha choralar koʻrishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan davlat elektron xizmatlari koʻrsatish sifatini baholash metodikasi”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-sonli “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
4-bob. Elektron hukumatning ishlashini tashkil etish
25-modda. Elektron hukumat infratuzilmasi
Elektron hukumat infratuzilmasi:
markaziy maʼlumotlar bazalaridan;
idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimidan;
davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslari hamda ularning majmualaridan;
davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan;
Maʼlumotlarga ishlov berish markazi va idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 26 — 28-moddalari.
26-modda. Elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari
Elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari yagona markazlashtirilgan axborot manbalarini taqdim etuvchi davlat axborot resurslari boʻlib, ularda davlat xizmatlari koʻrsatish hamda idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun davlat organlarining asosiy maʼlumotlari umumlashtiriladi va saqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 20-fevraldagi 27-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat axborot resurslari hamda ularni shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul boʻlgan davlat organlari roʻyxati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-noyabrdagi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.12.2015-yildagi 365-son Qarori bilan tasdiqlangan “Elektron hukumat” tizimining jismoniy va yuridik shaxslar markaziy maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalaridagi axborotdan foydalaniladi. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish uchun, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun zarur boʻlgan boshqa axborot davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslarida saqlanishi mumkin.
Elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi, davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslari hamda ularning majmualari
Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi elektron davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida davlat organlarining funksiyalari va vazifalarini amalga oshirish maqsadida ularning oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi.
Davlat organlari tomonidan axborot tizimlarini va axborot resurslarini yaratish chogʻida idoralararo elektron hamkorlik qilishni taʼminlash uchun elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari bilan ularning integratsiyalashuvi imkoniyati nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi axborotni toʻplashga, saqlashga, unga ishlov berishga, uni uzatishga va almashishga doir talablar asosida ishlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarida foydalaniladigan hujjatlar elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, asosan elektron hujjatlar tarzida yaratilishi, joʻnatilishi va saqlanishi kerak.
(27-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida uzatiladigan hujjatlarning va axborotning roʻyxati elektron davlat xizmatlarining reglamentlari bilan belgilanadi.
Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimining ishlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-maydagi 120-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Davlat organlarining elektron hukumatdagi axborot tizimlari va axborot resurslari ushbu organlarning vakolatlari doirasida axborotni toʻplashni, saqlashni, izlashni, unga ishlov berishni, shuningdek undan foydalanishni taʼminlaydi.
Davlat organlarining elektron hukumatdagi axborot tizimlari va axborot resurslari axborotni toʻplashni, saqlashni, izlashni, unga ishlov berishni, shuningdek ushbu organlarning oʻzaro elektron hamkorligi jarayonlari avtomatlashtirilishini taʼminlaydigan majmualarga birlashtirilishi mumkin.
28-modda. Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
Elektron davlat xizmatlari ariza beruvchilarga davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali hamda davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasi boʻlgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladi.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.
29-modda. Elektron hukumatning maʼlumotlarga ishlov berish markazi va idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi
Elektron hukumatning maʼlumotlarga ishlov berish markazi elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining idoraviy va idoralararo axborot tizimlari hamda axborot resurslarining, elektron hukumat markaziy maʼlumotlar bazalarining saqlanishini va integratsiyalashuvini taʼminlaydi.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari idoraviy va idoralararo axborot tizimlarining hamda axborot resurslarining, elektron hukumat markaziy maʼlumotlar bazalarining oʻzaro hamkorligi elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Elektron hukumatni shakllantirishga va rivojlantirishga doir faoliyatni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hukumatni shakllantirishga va rivojlantirishga doir faoliyatni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(30-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
31-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hukumat sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(31-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda. Elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(32-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2155-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
33-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(33-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlarining ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
34-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2015-yil 10-dekabrdagi 237 (6420)-sonida eʼlon qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-dekabr,
OʻRQ-395-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 49-son, 611-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son)