O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 19-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi to‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning amal qilishi to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi O‘RQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Ushbu Qonunning amal qilishi kripto-aktivlarga doir operatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilik
To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining to‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
benefitsiar — pul mablag‘larini oluvchi shaxs;
valyutalash sanasi — tashabbuskor tomonidan to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan, benefitsiarning bank hisobvarag‘iga pul mablag‘lari o‘tkazilishi kerak bo‘lgan sana;
identifikatsiya vositasi — farmoyishni jo‘natuvchining elektron raqamli imzosi yoki harflar, raqamlar yoki ramzlar uyg‘unligidan iborat noyob identifikator yoxud to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchini identifikatsiyalash uchun belgilangan hamda u bilan kelishilgan boshqa identifikator (shaxsiy parol, bir martalik identifikatsiya kodi, biometrik identifikatsiyalash vositasi);
kliring — to‘lov tizimi ishtirokchilarining pulga doir o‘zaro talablari va majburiyatlarini yig‘ish, taqqoslash hamda hisobga o‘tkazish jarayoni;
masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimi — elektron xizmatlardan foydalanish uchun to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi va ushbu xizmatlarni yetkazib beruvchi o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydigan telekommunikatsiya vositalari, raqamli va axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot va uskunalar majmui;
operatsiya kuni — farmoyishlarni qabul qilish va ularga ishlov berish amalga oshiriladigan vaqtning davri;
tashabbuskor — to‘lovni amalga oshirish uchun farmoyish bergan shaxs;
to‘lov — pul majburiyatini naqd pul mablag‘lari bilan bajarish yoxud pul mablag‘larini to‘lov vositalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
to‘lov agenti — bank yoki to‘lov tashkiloti bilan to‘lov xizmatlari ko‘rsatish uchun agentlik shartnomasini tuzgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxs;
to‘lov vositasi — to‘lovni amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan yoki foydalaniladigan to‘lov hujjati yoki elektron to‘lov vositasi;
to‘lov subagenti — to‘lov agenti bilan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha subagentlik shartnomasini tuzgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
to‘lov tashkiloti — bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan yuridik shaxs;
to‘lovchi — to‘lov kimning hisobidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, o‘sha shaxs;
to‘lov xizmati — to‘lov xizmatini yetkazib beruvchining to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga ko‘rsatadigan xizmati;
to‘lov xizmatlari bozori — to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanish, shuningdek to‘lov vositalarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlar majmui;
to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi — to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining to‘lov xizmatlaridan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxs;
farmoyish — to‘lov tashabbuskorining to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchiga to‘lovni amalga oshirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bo‘lib, u elektron to‘lov vositasidan yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanilganda to‘lov hujjatlari shaklida yoki to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining roziligi ko‘rinishida ifodalanadi;
elektron pullar — elektron pullar emitentining elektron shaklda saqlanadigan hamda elektron pullar tizimida to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadigan shartsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlari.
2-bob. To‘lov tizimlari
5-modda. To‘lov tizimi va to‘lov tizimining ishtirokchilari
To‘lov tizimi to‘lovlarni to‘lov tizimining operatori, to‘lov tizimi ishtirokchilari va (yoki) to‘lov tashkilotlarining to‘lov tizimi operatori tomonidan belgilangan to‘lov tizimining tartib-taomillarini, infratuzilmasini va qoidalarini qo‘llash vositasida hamkorlik qilish yo‘li bilan amalga oshirishni ta’minlaydigan munosabatlar majmuidir.
To‘lov tizimi operatori bilan hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi va to‘lov tizimida ishtirok etish to‘g‘risida shartnoma tuzgan banklar to‘lov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
6-modda. To‘lov tizimlarining turlari, ularning muhimligini aniqlash mezonlari
To‘lov tizimlari muhim to‘lov tizimlari va boshqa to‘lov tizimlariga bo‘linadi.
Agar to‘lov tizimining uzluksiz ishlashi O‘zbekiston Respublikasi to‘lov xizmatlari bozorining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga yordam bersa, uning ishidagi to‘xtalishlar (uzilishlar) esa O‘zbekiston Respublikasi to‘lov xizmatlari bozorida tavakkalchiliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) ushbu to‘lov tizimini muhim to‘lov tizimi jumlasiga kiritadi.
Agar to‘lov tizimi to‘lov xizmatlari bozorining Markaziy bank tomonidan mazkur bozor uchun belgilangan miqdordan ko‘p ulushini egallagan bo‘lsa va (yoki) to‘lovlar to‘lov tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi hududida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan ko‘rsatkichlardan kam bo‘lmagan hajmda bir yil davomida amalga oshirilsa, bu tizim muhim to‘lov tizimi jumlasiga kiradi.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida keltirilgan to‘lov tizimlarining tavsiflariga mos kelmaydigan to‘lov tizimlari boshqa to‘lov tizimlari hisoblanadi.
7-modda. To‘lov tizimining operatori
O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov tizimining ishlashini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs to‘lov tizimining operatoridir.
To‘lov tizimining operatori bo‘lmagan yuridik shaxs o‘z nomida va (yoki) tovar belgisida “to‘lov tizimi” degan so‘zlarni hamda mazkur so‘zlardan hosil bo‘lgan, to‘lov tizimining ishlashini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni ushbu yuridik shaxs amalga oshirayotganligini taxmin qilish imkonini beradigan so‘zlardan foydalanish huquqiga ega emas.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/3-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3431, 05.05.2023-y.).
To‘lov tizimining operatori:
to‘lov tizimining qoidalarini belgilaydi va to‘lov tizimining ishtirokchilari tomonidan ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
to‘lov tizimi ishtirokchilarining (ishtirokchilariga) to‘lovga va axborotga doir xabarlariga ishlov berilishini hamda ushbu xabarlarning berilishini, farmoyishlarning yakka tartibda bajarilishini yoki kliringni amalga oshiradi;
to‘lov tizimining ishtirokchisi bilan to‘lov tizimida ishtirok etish to‘g‘risida shartnoma tuzadi;
to‘lov tizimi infratuzilmasining ishlab turishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga, shuningdek to‘lov tizimining uzluksiz ishlash choralariga rioya qilinishini ta’minlaydi;
(7-modda uchinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 24-apreldagi 13/1-sonli “To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning to‘lov tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olish choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 3513, 21.05.2024-y.).
to‘lov tizimining ishtirokchilari o‘zlariga ko‘rsatiladigan xizmatlardan teng va ochiq holda foydalanishini ta’minlaydi.
To‘lov tizimining operatori to‘lov tizimi to‘g‘risida axborot taqdim etganda to‘lov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirishga doir o‘z litsenziyasi raqamini ko‘rsatishi shart.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/3-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 11-bobi (ro‘yxat raqami 3431, 05.05.2023-y.).
8-modda. To‘lov tizimining qoidalari
To‘lov tizimining qoidalari quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
to‘lov tizimining ishlash tartib-taomillari, shu jumladan to‘lov tizimida to‘lovlarni amalga oshirish, to‘lov xabarnomalari formatlarining qo‘llanilish tartibi, to‘lov tizimining ish jadvali va to‘lov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi;
to‘lov tizimi operatori ko‘rsatayotgan xizmatlarning va to‘lov tizimida amalga oshirilayotgan operatsiyalarning tavsifi;
to‘lov tizimida ishtirok etish shartlari;
to‘lov tizimi ishtirokchilarining to‘lov tizimi operatori bilan hamkorligi tartibi;
to‘lov bo‘yicha farmoyishni chaqirib olish tartib-taomili;
to‘lov tizimi ishtirokchilarining to‘lovga qobiliyatsizligini hal etish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etish tartibi;
(8-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
to‘lov tizimi qoidalarini buzganlik uchun to‘lov tizimi ishtirokchisiga nisbatan qo‘llaniladigan choralar.
To‘lov tizimining qoidalariga ushbu to‘lov tizimi ishtirokchilarining boshqa to‘lov tizimlarida ishtirok etishini, shuningdek mazkur to‘lov tizimining infratuzilmasiga xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning boshqa to‘lov tizimlariga xizmat ko‘rsatishini (bundan ushbu to‘lov tizimi operatorining xodimlari bo‘lgan shaxslar mustasno) cheklovchi shartlarni kiritish taqiqlanadi.
To‘lov tizimining qoidalari, ushbu qoidalarga doir o‘zgartish va qo‘shimchalar, to‘lov tizimi operatorining tariflari (xizmatlari qiymati) hamda bu tariflarning (xizmatlar qiymatining) barcha o‘zgarishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘lov tizimi operatori tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng uch ish kuni mobaynida to‘lov tizimi operatorining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim.
To‘lov tizimining qoidalari, ushbu qoidalarga doir o‘zgartish va qo‘shimchalar, to‘lov tizimi operatorining tariflari (xizmatlari qiymati) hamda bu tariflarning (xizmatlar qiymatining) barcha o‘zgarishlari to‘lov tizimi operatorining rasmiy veb-saytida e’lon qilinganidan so‘ng o‘n besh kun o‘tgach to‘lov tizimi operatori va ishtirokchilari tomonidan qo‘llaniladi.
To‘lov tizimlarining operatorlari o‘z to‘lov tizimlarining hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomalarni, basharti to‘lov tizimlarining qoidalarida bunday hamkorlik tartibi aks ettirilgan bo‘lsa, tuzishi mumkin.
To‘lov tizimining operatori Markaziy bankka:
to‘lov tizimining qoidalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ushbu o‘zgartish hamda qo‘shimchalar amalga kiritiladigan sanaga qadar o‘n besh ish kunidan kechiktirmay;
to‘lov tizimi operatori tariflarining (xizmatlari qiymatining) o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ushbu o‘zgarishlar amalga kiritiladigan sanaga qadar o‘n besh ish kunidan kechiktirmay taqdim etadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
9-modda. To‘lov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi
To‘lov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi tavakkalchiliklarni aniqlash, monitoring qilish va boshqarish, shuningdek to‘lov tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash tartib-taomillarini belgilaydi hamda to‘lov tizimi operatorining faoliyatini tiklash rejasini o‘z ichiga oladi.
To‘lov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish usullari to‘lov tizimini tashkil etish xususiyatlari, tavakkalchiliklarni boshqarish modeli, to‘lov kliringiga va hisob-kitobga oid tartib-taomillar, pul mablag‘lari o‘tkazmalarining soni hamda ularning summalari, yakuniy hisob-kitob vaqti hisobga olingan holda to‘lov tizimi operatori tomonidan belgilanadi.
To‘lov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi tavakkalchiliklarni boshqarishning quyidagi usullarini nazarda tutishi mumkin:
tavakkalchilik darajasi hisobga olingan holda to‘lov tizimi ishtirokchilari majburiyatlarining eng yuqori miqdorlarini (limitlarini) belgilash;
bankdagi alohida depozit hisobvaraqda to‘lov tizimining kafolatli jamg‘armasini tashkil etish;
to‘lov tizimi ishtirokchilarining farmoyishlari navbatma-navbat bajarilishini boshqarish;
to‘lov tizimida hisob-kitobni ish kuni davomida amalga oshirish;
hisob-kitobni to‘lov tizimi ishtirokchilari taqdim etgan pul mablag‘lari doirasida amalga oshirish;
kredit berish imkoniyatini ta’minlash.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 7-martdagi 4/11-son qarori bilan tasdiqlangan Banklar va banklar guruhlarining tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3427, 18.04.2023-y.).
10-modda. Muhim to‘lov tizimi operatori
Muhim to‘lov tizimi operatori ushbu Qonunning 7-moddasida ko‘rsatilgan shartlarga qo‘shimcha ravishda:
to‘lov tizimi ishtirokchilarining va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarning ehtiyojlarini ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati ularni qanoatlantirishi nuqtai nazaridan tahlil qiladi;
to‘lov tizimi ishtirokchilari va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan ikki tomonlama aloqa mexanizmining ishlashini ta’minlaydi;
to‘lov tizimi ishtirokchilarining va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarning qanoatlanganligi nuqtai nazaridan to‘lov tizimi faoliyatining samaradorligini hisobot yilida ikki tomonlama aloqa mexanizmi vositasida kelib tushgan murojaatlar va so‘rovlarni ko‘rib chiqish natijalarini hisobga olgan holda tahlil qilish natijalarini o‘z rasmiy veb-saytida bir yilda bir marta, hisobot davridan keyingi birinchi chorakdan kechiktirmay e’lon qiladi;
muhim to‘lov tizimining ishlashini o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazadi;
to‘lov tizimining tavakkalchiliklarni boshqarish organini tashkil etadi va tavakkalchiliklarni boshqarishning kamida ikki usulidan foydalanadi;
ichki hujjatlarida:
1) to‘lov tizimining tavakkalchiliklarini boshqarish organining ishlash reglamentini, shu jumladan uning vakolatlarini;
2) to‘lov tizimi ishtirokchilarining ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga bo‘lgan ehtiyojlari qanoatlantirilishi baholanayotgan to‘lov tizimi ishining samaradorligini ta’minlash mezonlarini;
3) to‘lov tizimi ishtirokchilari bilan nizolarni sudgacha hal qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu moddada ko‘rsatilgan hujjatlar tasdiqlanganidan keyin uch ish kuni mobaynida muhim to‘lov tizimi operatori tomonidan o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
11-modda. Muhim to‘lov tizimining ishlashini o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazish
Muhim to‘lov tizimining operatori tomonidan mazkur to‘lov tizimining ushbu Qonun talablariga va xalqaro standartlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui muhim to‘lov tizimining ishlashini o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazish hisoblanadi.
Muhim to‘lov tizimining operatori to‘lov tizimining ishlashini uning xalqaro standartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan uch yilda kamida bir marta o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazadi.
Muhim to‘lov tizimi operatori muhim to‘lov tizimining ishlashini o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazish natijalarini Markaziy bankka taqdim etadi va o‘zini o‘zi baholash tugallanganidan keyin uch ish kuni mobaynida o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
12-modda. To‘lov tizimidagi to‘lovlarning yakunlanganligi
To‘lovlar pul mablag‘lari qaysi ishtirokchining foydasini ko‘zlab amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha ishtirokchining hisobiga o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov tizimida yakunlangan deb hisoblanadi.
To‘lov tizimining ishtirokchisi bank hisobvarag‘i bo‘yicha xarajatlar operatsiyalarini to‘xtatib turish va (yoki) mijozning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini xatlash to‘g‘risidagi vakolatli davlat organlarining qarorlarini olguniga qadar ushbu ishtirokchi tomonidan to‘lov tizimiga yo‘naltirilgan to‘lovlar chaqirib olinmaydigan va uzil-kesil to‘lovlardir. Mazkur to‘lovlar bajarilishi va yakuniga yetkazilishi lozim.
3-bob. To‘lov xizmatlari bozori
13-modda. To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar quyidagilardan iborat:
Markaziy bank;
banklar;
to‘lov tashkilotlari;
to‘lov agentlari;
to‘lov subagentlari.
Ushbu Qonunda banklar to‘lov tashkilotlari, to‘lov agentlari va to‘lov subagentlari sifatida ko‘rib chiqilmaydi.
14-modda. To‘lov xizmatlarining turlari
Quyidagilar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘lov xizmatlari jumlasiga kiradi:
bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish;
naqd pul mablag‘larini bank hisobvaraqlariga, shu jumladan uchinchi shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkazish uchun qabul qilish;
to‘lovchi tomonidan bank hisobvarag‘ini ochmagan holda to‘lovni amalga oshirish uchun naqd pul mablag‘larini qabul qilish;
elektron pullarni chiqarish va qoplash;
bank kartalarini chiqarish;
elektron pullarni va bank kartalarini realizatsiya qilish;
elektron pullardan foydalangan holda amalga oshiriladigan to‘lovlarni qabul qilish va bu to‘lovlarga ishlov berish;
elektron shakldagi to‘lovlarga ishlov berish va to‘lovni amalga oshirish uchun zarur axborotni bankka berish yoki mazkur to‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘larini qabul qilish;
pul o‘tkazmalari tizimi orqali pul mablag‘larini qabul qilish va amalga oshirish.
Quyidagilar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘lov xizmatlari jumlasiga kirmaydi:
to‘lovchi qaysi shaxs oldida to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining ishtirokisiz amalga oshiriladigan majburiyatlarga ega bo‘lsa, o‘sha shaxsga to‘lovni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan naqd pul mablag‘larini berish;
banknotlarni, tangalarni va qimmatliklarni inkassatsiya qilish;
bank hisobvarag‘ini ochmagan holda naqd chet el valyutasi bilan ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish;
uchinchi shaxslar ishtirokisiz qabul qilingan to‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘larini to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan benefitsiar foydasiga o‘tkazishni amalga oshirish chog‘ida yuridik shaxs bo‘lgan benefitsiar, yakka tartibdagi tadbirkor va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiyaga oid va texnologik hamkorlikni ta’minlash.
15-modda. To‘lov xizmatlari ko‘rsatish
To‘lov xizmatlari:
Markaziy bank;
banklar;
to‘lov tashkiloti, bundan naqd pul mablag‘larini bank hisobvaraqlariga o‘tkazish uchun qabul qilish, elektron pullarni va bank kartalarini chiqarish xizmatlari mustasno;
banklar va to‘lov tashkilotlari uchun ruxsat etilgan to‘lov xizmatlarining turlari doirasida to‘lov agenti hamda to‘lov subagenti tomonidan ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi o‘z bank hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatadigan to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanishga yoki boshqa to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining xizmatlaridan foydalanishga, basharti to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchida bunday foydalanishning texnik imkoniyatlari mavjud bo‘lsa, axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni hamda to‘lov xizmatlaridan barcha yetkazib beruvchilar teng foydalanishini ta’minlashga doir talablarga rioya etgan holda haqli bo‘ladi.
(15-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov xizmatlarini Markaziy bankning tegishli litsenziyasisiz ko‘rsatish taqiqlanadi. Ushbu talab to‘lov agentlarining va to‘lov subagentlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
To‘lov tashkiloti to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha agentlik shartnomasi asosida to‘lov agenti yoki to‘lov subagenti sifatida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga haqli.
To‘lov tashkiloti o‘z faoliyati haqidagi axborotni taqdim etishda o‘zining litsenziya raqamini ko‘rsatishi shart.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/3-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3431, 05.05.2023-y.).
16-modda. To‘lov xizmatlari ko‘rsatishga doir shartnoma
To‘lov xizmati to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma, shu jumladan ommaviy oferta tarzidagi shartnoma asosida ko‘rsatiladi. To‘lov xizmatlari ko‘rsatishga doir shartnomada quyidagilar bo‘lishi kerak:
ko‘rsatiladigan to‘lov xizmatlarining turlari va umumiy xususiyati;
to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddati;
undiriladigan yig‘imlarning va vositachilik haqlarining miqdorlari;
to‘lov xizmatlari haqidagi axborotni taqdim etish tartibi;
ruxsat etilmagan to‘lovlardan himoyalanish harakatlarining tartibi;
to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining to‘lov xizmatlari ko‘rsatishni rad etish huquqiga ega bo‘lish shartlari;
ruxsat etilmagan to‘lovlar bo‘yicha masalalarni hal etish tartibi;
to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining shartnomani bekor qilish huquqi;
e’tirozlar bildirish va nizolarni hal etish tartibi;
to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishlarini bajarishni asossiz ravishda rad etganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun zararning o‘rnini qoplash tartibi va zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlarning miqdori.
To‘lov xizmatlari ko‘rsatishga doir shartnomada to‘lov xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha shartlar nazarda tutilishi mumkin.
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi o‘zi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi o‘rtasida shartnoma tuzilgan sanada belgilangan ko‘rsatiladigan to‘lov xizmatlari bo‘yicha vositachilik haqi miqdorlarini bir tomonlama tartibda oshirish tomonga o‘zgartirishga haqli emas. Bundan xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish chog‘ida undiriladigan vositachilik haqlari mustasno bo‘lib, bu haqlarning o‘zgarganligi to‘g‘risida to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchini shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda xabardor qiladi.
17-modda. To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchiga qo‘yiladigan talablar
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi to‘lov xizmatlarini faqat to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq ko‘rsatadi.
To‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishi shartlari va rekvizitlarini to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan o‘zgartirish taqiqlanadi.
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishisiz to‘lovni boshlashga haqli emas.
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga vositachilik haqining miqdori haqida to‘lov xizmatlari ko‘rsatilguniga qadar axborot taqdim etadi.
To‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqini to‘lov summasidan undirish taqiqlanadi, bundan benefitsiar va benefitsiarning to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchisi o‘rtasidagi shartnomada to‘lov summasidan chegirib tashlash yo‘li bilan vositachilik haqini undirish sharti nazarda tutilgan hollar mustasno. Benefitsiarning to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchisi benefitsiarning talabiga ko‘ra uni qabul qilingan to‘lov summasi va undan amalga oshirilgan chegirmalar haqida xabardor qiladi.
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishda quyidagi shartlarga rioya etilishini ta’minlaydi:
Oldingi tahrirga qarang.
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchini lozim darajada tekshirishdan o‘tkazish va identifikatsiya qilish;
to‘lov hujjatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikda to‘lovchi va benefitsiar bo‘yicha nazarda tutilgan rekvizitlarning mavjud bo‘lishi, bundan to‘lov tashkilotining pul mablag‘larini jo‘natuvchi tomonidan bank hisobvarag‘ini ochmagan holda to‘lovlarni amalga oshirish uchun naqd pul mablag‘larini qabul qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi mustasno;
(17-modda beshinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
to‘lovchini va (yoki) benefitsiarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ma’lumotlar to‘lov xizmatlari ko‘rsatilganidan keyin kamida besh yil davomida saqlanishini ta’minlash;
to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining identifikatsiya vositalarini himoya qilish bo‘yicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralar ko‘rish;
Oldingi tahrirga qarang.
to‘lov tizimining uzluksiz ishlashiga ta’sir ko‘rsatuvchi qoidabuzarliklarni Markaziy bankning birinchi ko‘rsatmasi yuborilgan kundan e’tiboran uch oy ichida bartaraf etish;
axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi qoidabuzarliklarni Markaziy bankning birinchi ko‘rsatmasi yuborilgan kundan e’tiboran uch oy ichida bartaraf etish.
(17-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuniga asosan oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi to‘lov xizmati ko‘rsatilganidan so‘ng to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga to‘lov xizmati ko‘rsatilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatni qog‘ozda yoki elektron shaklda taqdim etadi. To‘lov xizmatlari ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi hujjatning mazmuniga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida o‘zi olgan ma’lumotlar sir saqlanishini ta’minlaydi hamda ularning uchinchi shaxslarga oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaydi, bundan “Bank siri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(17-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
18-modda. To‘lov tashkilotining faoliyatiga doir cheklovlar
To‘lov tashkilotlari to‘lov xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga haqli emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklov faoliyatning quyidagi turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:
reklama, marketing, maslahat va axborot xizmatlari;
dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, moslashtirish, modifikatsiya qilish va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bilan bog‘liq xizmatlar, shu jumladan axborot-texnik xizmatlar, ma’lumotlarga ishlov berish hamda ularni o‘tkazishga doir xizmatlar, ma’lumotlar bazalarini va axborot resurslarini yaratish va ulardan foydalanish;
axborot tizimlari va tarmoqlarini yaratish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 24-apreldagi 13/1-sonli “To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning to‘lov tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olish choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 3513, 21.05.2024-y.).
axborotni kriptografik himoyalash vositalarini ishlab chiqish va realizatsiya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
pochta aloqasi xizmatlari;
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Oldingi tahrirga qarang.
mikromoliya tashkiloti faoliyati.
(18-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi O‘RQ-765-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son)
Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat turlari amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga kirsa, to‘lov tashkiloti bu faoliyat turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani belgilangan tartibda olishi kerak.
19-modda. To‘lov agentlari va to‘lov subagentlari orqali to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish
Banklar va to‘lov tashkilotlari to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarga to‘lov xizmatlarini to‘lov agenti va to‘lov subagenti orqali ko‘rsatishga haqli.
To‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga to‘lov xizmati to‘lov agenti yoki to‘lov subagenti tomonidan quyidagi talablarga rioya etilgan holda ko‘rsatiladi:
to‘lov xizmatini bankning yoki to‘lov tashkilotining nomidan ko‘rsatish;
to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga to‘lov xizmati ko‘rsatilganligi faktini tasdiqlovchi va zarur rekvizitlarni o‘z ichiga olgan hujjatni taqdim etish;
to‘lov agenti tomonidan bank yoki to‘lov tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq, to‘lov subagenti tomonidan esa to‘lov agenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq undirish.
To‘lov xizmatlari ko‘rsatish boshlanguniga qadar to‘lov agenti yoki to‘lov subagenti tomonidan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga quyidagi axborot taqdim etiladi:
to‘lov xizmatlarining nomi va ushbu xizmatlar ko‘rsatiladigan joyning manzili;
soliq to‘lovchining nomi, identifikatsiya raqami, bankning, to‘lov tashkilotining va to‘lov agentining joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami, to‘lov xizmatlari to‘lov subagenti tomonidan ko‘rsatilgan taqdirda esa soliq to‘lovchining nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami, to‘lov subagentining joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami;
bankning yoki to‘lov tashkilotining litsenziyasi raqami;
to‘lov xizmatlari ko‘rsatilganda undiriladigan haqning miqdori.
Banklar va to‘lov tashkilotlari to‘lov agentlari hamda to‘lov subagentlarining reyestrlarini yuritadi. To‘lov agenti jalb etilgan to‘lov subagentlarini mazkur reyestrga kiritish uchun ushbu subagentlar haqidagi axborotni bankka yoki to‘lov tashkilotiga taqdim etadi.
Banklar hamda to‘lov tashkilotlari to‘lov xizmatlari ko‘rsatishga doir agentlik shartnomasi shartlariga to‘lov agenti tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
To‘lov agenti to‘lov xizmatlari ko‘rsatishga doir subagentlik shartnomasi shartlariga to‘lov subagenti tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
To‘lov xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha to‘lov agenti bilan agentlik shartnomalarini tuzgan bank va to‘lov tashkiloti Markaziy bankka ushbu xizmatlar, shuningdek o‘zining to‘lov agentlari hamda to‘lov subagentlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Bank va to‘lov tashkiloti to‘lov agenti hamda to‘lov subagentining majburiyatlari bo‘yicha to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilar oldida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishga doir agentlik shartnomalarini tuzgan to‘lov agenti va to‘lov subagenti bilan solidar javobgar bo‘ladi.
4-bob. To‘lov tizimlarini va to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish
20-modda. To‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
To‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
to‘lov xizmatlari tizimini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish;
naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/12-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3229, 13.04.2020-y.).
21-modda. Markaziy bankning vakolatlari
Markaziy bank to‘lov tizimlarining samarali, ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu Qonunga muvofiq tartibga solinishini amalga oshiradi.
To‘lov tizimlarini tartibga solish maqsadida Markaziy bank:
to‘lov tizimlari operatorlarining faoliyatini va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
to‘lov tizimlari operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining litsenziyalarini chaqirib oladi;
to‘lov tizimlari operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
(21-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuniga asosan uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
To‘lov tizimlari operatorlarining reyestrini va To‘lov tashkilotlarining reyestrini yuritadi;
to‘lov tizimi qoidalarini va to‘lov tashkilotining to‘lov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibini kelishib olishni amalga oshiradi;
to‘lov tizimlarining muhimlik mezonlarini aniqlaydi;
to‘lov tizimlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
to‘lov tizimlari operatorlariga va to‘lov tashkilotlariga nisbatan ushbu Qonun talablarini buzganlik uchun choralar hamda sanksiyalar qo‘llaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd pulsiz to‘lovlarning amalga oshirilishi tartibini belgilaydi;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizom (13.04.2020-y., ro‘yxat raqami 3229).
Markaziy bankning banklararo to‘lov va kliring tizimlarining ishlashi qoidalarini belgilaydi;
bank hisobvaraqlarining ochilishi, yuritilishi va yopilishi tartibini belgilaydi;
to‘lov tizimlarining operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankka to‘lovlarga taalluqli ma’lumotlarning taqdim etilishi tartibini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalarini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalarini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bankning banklararo to‘lov va kliring tizimlari bilan hamkorlikni ta’minlovchi dasturiy vositalarga, shu jumladan avtomatlashtirilgan bank tizimlariga, shuningdek to‘lov tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik choralarini ta’minlashga nisbatan qo‘yiladigan talablarni belgilaydi;
(21-modda ikkinchi qismining o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini belgilaydi;
elektron pullar bilan to‘lovlar va pul o‘tkazmalariga doir operatsiyalar bo‘yicha limitlarni belgilaydi;
to‘lov xizmatlari bo‘yicha tariflar asossiz ravishda oshirilganda monopoliyaga qarshi kurashish organiga taklif kiritishga haqli;
ishtirokchilari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradigan xalqaro to‘lov tizimlariga nisbatan nazorat faoliyati ta’sirchanligini oshirish maqsadida boshqa mamlakatlarning nazorat organlari va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
22-modda. To‘lov tizimlari operatorlarining faoliyatini litsenziyalash tartibi
Litsenziya da’vogari sifatida banklar va bank hisoblanmagan yuridik shaxslar to‘lov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakl bo‘yicha Markaziy bankka litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Bankning litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
bank boshqaruvining to‘lov tizimini tashkil etish haqidagi qarorining ko‘chirma nusxasi;
yaqin ikki kalendar yil uchun to‘lov tizimini rivojlantirishga doir biznes-reja, unda to‘lov tizimini tashkil etishning maqsadlari va rejalashtirilayotgan natijalari, shu jumladan bozor va infratuzilma omillarining tahlili ko‘rsatiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(22-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi O‘RQ-905-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
to‘lov tizimining qoidalari.
Bank hisoblanmaydigan yuridik shaxsning litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
yuridik shaxs vakolatli organining to‘lov tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorining ko‘chirma nusxasi;
yaqin ikki kalendar yil uchun to‘lov tizimini rivojlantirishga doir biznes-reja, unda to‘lov tizimini tashkil etishning maqsadlari va rejalashtirilayotgan natijalari, shu jumladan bozor va infratuzilma omillarining tahlili ko‘rsatiladi;
to‘lov tizimining qoidalari;
bankning to‘lov tizimining hisob-kitob banki bo‘lishga yozma roziligi, shu jumladan o‘zi bilan qaysi shaklda shartnoma tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shakldagi roziligi;
Oldingi tahrirga qarang.
(22-modda uchinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi O‘RQ-905-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
buxgalteriya balansi va oxirgi hisobot sanasiga doir moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot;
muassislar (ishtirokchilar) haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan ularning kapitaldagi ulushi miqdori;
ijro etuvchi organning rahbari va a’zolari to‘g‘risidagi, shu jumladan ularning ma’lumoti, ish joyi va egallab turgan lavozimi haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar, bu ma’lumotlarga tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi;
tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi to‘g‘risidagi, shu jumladan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarning pul mablag‘lari but saqlanishini ta’minlashga doir talablar haqidagi ma’lumotlar;
xavfsizlik tizimlari, nazorat mexanizmlari hamda tizimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
xavfsizlik siyosati haqidagi, shu jumladan tavakkalchiliklarni batafsil baholashni o‘z ichiga olgan hujjat, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni hamda to‘lov xizmatidan foydalanuvchilarning himoya qilinishini ta’minlash uchun tavakkalchiliklarni, shu jumladan firibgarlik hamda konfidensial va shaxsga doir ma’lumotlardan qonunga zid ravishda foydalanish xavflarini kamaytirish bo‘yicha ko‘riladigan choralarning tavsifi;
(22-modda uchinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari bajarilishini ta’minlash choralarining tavsifi.
(22-modda uchinchi qismining o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya berish to‘g‘risidagi arizaning shakli va zarur hujjatlarning ro‘yxati Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Markaziy bank litsenziyani berish haqidagi yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni litsenziya da’vogarining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun muddat mobaynida qabul qiladi.
To‘lov tizimi qoidalarini kelishib olish litsenziya da’vogarining arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng Markaziy bank litsenziya da’vogariga uch ish kuni mobaynida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma yuboradi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda Markaziy bank To‘lov tizimlari operatorlari reyestriga to‘lov tizimi operatori haqida tegishli yozuvni kiritadi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya da’vogariga bank hisobvarag‘ining rekvizitlari va davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi).
To‘lov tizimi operatori o‘z faoliyatini litsenziyani olganidan va to‘lov tizimi qoidalarini kelishib olganidan keyin amalga oshiradi.
Markaziy bank litsenziya da’vogariga quyidagi hollarda litsenziya berishni rad etadi:
litsenziya da’vogari tomonidan tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda;
litsenziya da’vogari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
litsenziya da’vogari litsenziya talablariga va shartlariga muvofiq bo‘lmaganda.
Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma litsenziya da’vogariga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya da’vogari ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ikki oydan oshmasligi kerak.
Litsenziya da’vogari litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, Markaziy bank hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishni litsenziya da’vogarining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan e’tiboran o‘n kun muddat mobaynida amalga oshiradi. Litsenziya da’vogarining arizasini takroran ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.
To‘lov tizimining operatori haqidagi ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, to‘lov tizimi operatori uch ish kuni mobaynida bu haqda Markaziy bankni yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi shart. To‘lov tizimi operatoridan olingan xabarnoma asosida Markaziy bank To‘lov tizimlari operatorlarining reyestriga uch ish kuni mobaynida tegishli o‘zgartishlar kiritadi.
To‘lov tizimi operatori faoliyatni ikki va undan ortiq to‘lov tizimlarining operatori sifatida amalga oshirish uchun Markaziy bankka har bir to‘lov tizimining operatori sifatidagi faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi, arizaga ushbu moddada ko‘rsatilgan hujjatlarni ilova qiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/3-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3431, 05.05.2023-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. To‘lov tizimi operatori litsenziyasini chaqirib olish
Markaziy bank quyidagi hollarda to‘lov tizimi operatori litsenziyasini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli:
to‘lov tizimining operatori litsenziyasini chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etganda;
to‘lov tizimining operatori bo‘lgan bankda bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olinganda;
to‘lov tizimining operatori tugatilganda — tugatilish paytidan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etilishi natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi, shuningdek qayta tashkil etilayotgan to‘lov tizimi operatorida yangitdan vujudga kelgan yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi sanasidagi faoliyatning litsenziyalanadigan ayni bir turini amalga oshirishga doir litsenziya mavjud bo‘lganda qo‘shib yuborilishi mustasno;
to‘lov tizimining operatori litsenziya olingan kundan e’tiboran bir yil davomida faoliyatni amalga oshirmaganda yoki to‘lov tizimi operatorining faoliyati olti oydan ortiq davrga to‘xtatib turilganda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablar to‘lov tizimining operatori tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qo‘pol tarzda buzilganda;
Oldingi tahrirga qarang.
to‘lov tizimining uzluksiz ishlashiga, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi qoidabuzarliklar Markaziy bankning birinchi ko‘rsatmasi yuborilgan kundan e’tiboran uch oy mobaynida to‘lov tizimining operatori tomonidan bartaraf etilmaganda;
(23-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Markaziy bankning litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga zid ekanligi aniqlanganda.
Litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilganda to‘lov tizimi operatori quyidagilarni taqdim etishi shart:
1) to‘lov tizimi operatori tugatiladigan taqdirda:
to‘lov tizimi operatorini tugatish to‘g‘risida uning muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi tomonidan tugatish sabablari ko‘rsatilgan holda qabul qilingan qaror;
to‘lov tizimi operatorining muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi tomonidan tasdiqlangan, tugatish jarayonini, to‘lov tizimi ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarni bajarish hamda kreditorlarning talablarini qanoatlantirish tartib-taomillari va muddatlarini o‘z ichiga olgan tugatish rejasi;
Markaziy bankka murojaat qilish paytidagi, kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun mablag‘lar yetarli ekanligini tasdiqlovchi balans hisoboti;
tugatuvchi to‘g‘risidagi yoki tugatish komissiyasining tarkibi haqidagi axborot va boshqa zarur ma’lumotlar;
2) boshqa hollarda — to‘lov tizimi ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarni bajarish tartib-taomillari va muddatlari.
To‘lov tizimi operatori litsenziyasini ushbu moddada nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Markaziy bankning litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni to‘lov tizimi operatori rahbariyatiga imzo qo‘ydirilib topshiriladi. Litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qaror to‘lov tizimining operatori tomonidan olingan kundan e’tiboran o‘n kun mobaynida litsenziya Markaziy bankka qaytarilishi va yo‘q qilinishi lozim.
Markaziy bankning to‘lov tizimi operatori litsenziyasini chaqirib olganligi to‘g‘risidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim. Markaziy bankning to‘lov tizimi operatori litsenziyasini chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan sanadan e’tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatilgan hisoblanadi.
Markaziy bankning litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyani chaqirib olishni asossiz deb topgan taqdirda, Markaziy bank litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
To‘lov tizimi operatori litsenziyasi chaqirib olinganda to‘lovlar va hisob-kitoblar bo‘yicha operatsiyalarni yakunlash tartibi hamda muddatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
(23-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/3-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 10-bobi (ro‘yxat raqami 3431, 05.05.2023-y.).
24-modda. To‘lov tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash tartibi
Litsenziya da’vogari sifatida yuridik shaxslar to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakl bo‘yicha Markaziy bankka litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
to‘lov tashkilotining yaqin ikki kalendar yil uchun biznes-rejasi;
Oldingi tahrirga qarang.
(24-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi O‘RQ-905-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
oxirgi hisobot sanasiga doir buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot;
to‘lov tashkilotining to‘lov tizimi operatori va to‘lov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibi;
muassislar (ishtirokchilar) haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan ularning kapitaldagi ulushi miqdori;
ijro etuvchi organning rahbari va a’zolari to‘g‘risidagi, shu jumladan ularning ma’lumoti, ish joyi va lavozimi haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar, unga tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ilova qilinadi;
tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi to‘g‘risidagi, shu jumladan mijozlarning pul mablag‘lari but saqlanishini ta’minlashga doir talablar haqidagi ma’lumotlar;
xavfsizlik tizimlari, nazorat mexanizmlari hamda tizimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
xavfsizlik siyosati haqidagi, shu jumladan tavakkalchiliklarni batafsil baholashni o‘z ichiga olgan hujjat, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni hamda to‘lov xizmatidan foydalanuvchilarning himoya qilinishini ta’minlash uchun tavakkalchiliklarni, shu jumladan firibgarlik hamda konfidensial va shaxsga doir ma’lumotlardan qonunga zid ravishda foydalanish xavflarini kamaytirish bo‘yicha ko‘riladigan choralarning tavsifi;
(24-modda ikkinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari bajarilishini ta’minlash choralarining tavsifi.
(24-modda ikkinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziya berish to‘g‘risidagi arizaning shakli va zarur hujjatlar ro‘yxati Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Markaziy bank litsenziya berish haqida yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida to‘lov tashkilotining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun muddat mobaynida qaror qabul qiladi.
To‘lov tashkilotining to‘lov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish tartibini kelishib olish to‘lov tashkilotining arizasini va unga ilova qilingan, litsenziyalash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng Markaziy bank litsenziya da’vogariga uch ish kuni mobaynida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma yuboradi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda Markaziy bank To‘lov tashkilotlari reyestriga to‘lov tashkiloti haqida tegishli yozuvni kiritadi.
Litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya da’vogariga bank hisobvarag‘ining rekvizitlari va davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda to‘lov tashkilotiga yuboriladi (topshiriladi).
To‘lov tashkiloti to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi sifatida o‘z faoliyatini litsenziya olganidan so‘ng amalga oshirishi mumkin.
Markaziy bank to‘lov tashkilotiga litsenziya berishni quyidagi hollarda rad etadi:
to‘lov tashkiloti tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlarni taqdim etganda;
to‘lov tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
to‘lov tashkiloti litsenziya talablari va shartlariga muvofiq bo‘lmaganda.
Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma to‘lov tashkilotiga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi). To‘lov tashkiloti ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ikki oydan oshmasligi kerak.
To‘lov tashkiloti litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish to‘lov tashkilotining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan e’tiboran o‘n kun muddat mobaynida Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi. To‘lov tashkilotining arizasini takroran ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.
To‘lov tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda to‘lov tashkiloti Markaziy bankni bu haqda uch ish kuni mobaynida yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor etishi shart. Markaziy bank to‘lov tashkilotidan olingan xabarnoma asosida To‘lov tashkilotlarining reyestriga uch ish kuni mobaynida tegishli o‘zgartishlar kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. To‘lov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olish
Markaziy bank quyidagi hollarda to‘lov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli:
to‘lov tashkiloti litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etganda;
to‘lov tashkiloti tugatilganda — tugatish paytidan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etish paytidan e’tiboran, bundan to‘lov tashkilotining o‘zgartirilishi, shuningdek qayta tashkil etilayotgan to‘lov tashkilotida yangitdan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida faoliyatning litsenziyalanadigan ayni bir turini amalga oshirishga doir litsenziya mavjud bo‘lganda qo‘shib yuborilishi mustasno;
to‘lov tashkiloti faoliyatni litsenziya olingan kundan e’tiboran bir yil davomida amalga oshirmaganda yoki to‘lov tashkilotining faoliyati olti oydan ortiq davrga to‘xtatib turilganda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablar to‘lov tashkiloti tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qo‘pol tarzda buzilganda;
Markaziy bankning litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga zid ekanligi aniqlanganda.
To‘lov tashkiloti litsenziyasini ushbu moddada nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Markaziy bankning litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni to‘lov tashkiloti rahbariyatiga imzo qo‘ydirilib topshiriladi. Litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qaror to‘lov tashkiloti tomonidan olingan kundan e’tiboran o‘n kun mobaynida litsenziya Markaziy bankka qaytarilishi va yo‘q qilinishi lozim.
Markaziy bankning to‘lov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olganligi to‘g‘risidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim. Markaziy bankning to‘lov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan sanadan e’tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatilgan hisoblanadi.
To‘lov tashkilotiga Markaziy bankning litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori berilganidan so‘ng to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishi taqiqlanadi va to‘lov tashkiloti bir oy mobaynida o‘zining nomidan “to‘lov tashkiloti” degan so‘zlarni chiqarib tashlashi kerak.
Markaziy bankning litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning chaqirib olinishini asossiz deb topgan taqdirda, Markaziy bank litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
(25-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
26-modda. To‘lov tashkilotini qayta tashkil etish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lov tashkilotini qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) tashkilot muassislarining (ishtirokchilarining) qaroriga ko‘ra Markaziy bankni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.
(26-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lov tashkilotini qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, to‘lov tashkiloti quyidagi hujjatlarni taqdim etgan holda Markaziy bankni xabardor etadi:
(26-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
to‘lov tashkilotini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qaror;
to‘lov tashkilotini qayta tashkil etish shartlari, shakllari, tartibi va muddatlari bayon etilgan hujjatlar;
to‘lov tashkilotini qayta tashkil etish oqibatlarining moliyaviy prognozi;
Oldingi tahrirga qarang.
auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq auditorlik hisoboti;
(26-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
qayta tashkil etish natijasida tuziladigan to‘lov tashkilotining yaqin ikki kalendar yil uchun biznes-rejasi;
qayta tashkil etish natijasida tuziladigan to‘lov tashkilotining to‘lov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibi.
Markaziy bank to‘lov tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ular taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tavsiya berish huquqiga ega.
Qayta tashkil etilayotgan to‘lov tashkilotlari Markaziy bankka qayta tashkil etish to‘g‘risida ma’lumot taqdim etgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan o‘zining rasmiy veb-saytida amalga oshirilayotgan qayta tashkil etish to‘g‘risidagi tegishli axborotni e’lon qilishi shart.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan to‘lov tashkilotini litsenziyalash ushbu Qonun talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
27-modda. To‘lov tizimi operatorining va to‘lov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlariga doir talablar
To‘lov tizimi operatorining va to‘lov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlari oliy ma’lumotga hamda bank-moliya sohasida yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kamida ikki yillik ish tajribasiga, shuningdek benuqson ishchanlik obro‘siga, o‘z vakolatlari doirasida to‘lov tizimlari tavakkalchiliklarining samarali boshqarilishini ta’minlash, asosli qarorlar qabul qilish uchun zarur tajriba, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.
To‘lov tizimi operatorining va to‘lov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlari ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda Markaziy bank to‘lov tizimi operatorining va to‘lov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlarini almashtirish haqida ko‘rsatma berishga haqli. Ushbu ko‘rsatma ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. To‘lov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni va kuzatuvni amalga oshirish
28-modda. To‘lov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshirish
Markaziy bank to‘lov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshirishda:
to‘lov tizimlari operatorlaridan va to‘lov tashkilotlaridan to‘lov tizimlarining ishlashi bilan bog‘liq axborotni, shu jumladan shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborotni so‘rab oladi;
to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan to‘lov tizimlarining ishlashi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish shakllari va muddatlarini, shuningdek hisobotlarni tuzish uslubiyotini belgilaydi;
to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan to‘lov tizimlarining ishlashi to‘g‘risida taqdim etilgan axborotni tahlil qiladi;
to‘lov tizimlari operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini inspeksiya tekshiruvlaridan o‘tkazadi;
Oldingi tahrirga qarang.
to‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan taqdirda to‘lov tizimlarining operatorlariga va to‘lov tashkilotlariga nisbatan choralar hamda sanksiyalar qo‘llaydi.
(28-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
To‘lov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
29-modda. Inspeksiya tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi
Markaziy bank to‘lov tizimlari operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini bir yilda ko‘pi bilan bir marta inspeksiya tekshiruvlaridan o‘tkazishga haqli.
Muhim to‘lov tizimining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishida buzilishlar bo‘lgan taqdirda Markaziy bank navbatdan tashqari inspeksiya tekshiruvini o‘tkazishga haqli.
Inspeksiya tekshiruvlari to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatining ayrim masalalari bo‘yicha o‘tkazilishi yoki kompleks tekshiruvlar bo‘lishi mumkin.
Markaziy bankning vakolatli vakillari to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini inspeksiya tekshiruvidan o‘tkazish chog‘ida quyidagi huquqlarga ega:
hujjatlarni olish va tekshirish;
zarurat bo‘lganda, tekshiruv materiallariga ilova qilish uchun hujjatlardan ko‘chirma nusxalar olish;
faoliyatga doir masalalar bo‘yicha og‘zaki va yozma tushuntirishlar olish;
faoliyatni amalga oshirish joyiga kirish;
tashkilotning axborot tizimlariga kirish, shu jumladan axborotni elektron shaklda olish (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning boshlang‘ich matnlaridan tashqari).
Inspeksiya tekshiruvi yakunlari bo‘yicha Markaziy bankning vakolatli vakillari tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti faoliyati to‘g‘risidagi umumiy axborotni, tekshiruv jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan tekshiruv dalolatnomasini tuzadi.
Inspeksiya tekshiruvini o‘tkazish muddati o‘ttiz kundan oshishi mumkin emas.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5-bobi (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
30-modda. Markaziy bank tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar
Oldingi tahrirga qarang.
Agar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining hamda to‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining to‘lov tizimi operatori va (yoki) to‘lov tashkiloti tomonidan yo‘l qo‘yilgan buzilishlari to‘lov tizimining uzluksiz ishlashiga bevosita ta’sir ko‘rsatmasa, Markaziy bank:
(30-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
to‘lov tizimi operatorining va (yoki) to‘lov tashkilotining boshqaruv organlarini aniqlangan qoidabuzarlik to‘g‘risida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni va u bartaraf etilishi kerak bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda yozma shaklda xabardor qiladi, bunda mazkur muddat o‘n ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak;
to‘lov tizimi operatorining va (yoki) to‘lov tashkilotining boshqaruv organlariga aniqlangan qoidabuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar yuboradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar to‘lov tizimi operatori va (yoki) to‘lov tashkiloti tomonidan yo‘l qo‘yilgan yuqorida ko‘rsatilgan qonunchilikning buzilishlari to‘lov tizimining uzluksiz ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatsa, Markaziy bank to‘lov tizimi operatorining va (yoki) to‘lov tashkilotining boshqaruv organlariga qoidabuzarlikning bartaraf etilishi to‘g‘risida uni bartaraf etish muddatini ko‘rsatgan holda ko‘rsatma yuboradi, bu muddat o‘n ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
(30-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lov tizimi operatori va (yoki) to‘lov tashkiloti Markaziy bankning qoidabuzarlikni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasini bajarmagan, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan taqdirda, Markaziy bank qonunchilikka muvofiq quyidagi sanksiyalardan birini qo‘llaydi:
(30-modda uchinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
bazaviy hisob-kitob miqdorining besh ming baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima soladi;
to‘lov xizmatlarining va (yoki) operatsiyalarning ayrim turlarini amalga oshirishni olti oygacha bo‘lgan muddatga cheklaydi;
litsenziyaning amal qilishini o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bobi (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
31-modda. To‘lov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv
To‘lov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv amalga oshirilayotganda Markaziy bank to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi axborotni umumlashtiradi, tizimlashtiradi va tahlil qiladi.
Muhim to‘lov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv amalga oshirilayotganda Markaziy bank:
muhim to‘lov tizimlarini ularning xalqaro standartlarga va Markaziy bank talablariga muvofiqligi yuzasidan baholashni o‘tkazadi;
muhim to‘lov tizimlari operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Markaziy bank to‘lov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv natijalarining sharhini bir yilda kamida bir marta e’lon qiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qarori bilan tasdiqlangan To‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bobi (ro‘yxat raqami 3434, 15.05.2023-y.).
6-bob. To‘lovlar
32-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lovlarni amalga oshirish
O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lovlar quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
naqd pul mablag‘larini o‘tkazish;
elektron pullarni o‘tkazish;
pul mablag‘larini to‘lov vositalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
pul majburiyatini yoki pul mablag‘larini to‘lash to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga olgan to‘lov hujjatini berish;
elektron to‘lov vositalaridan foydalanish.
To‘lovni boshlash quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:
to‘lovchi tomonidan to‘lov hujjatini taqdim etish;
saqlovchi tomonidan elektron to‘lov vositasidan foydalanish;
to‘lovchi tomonidan naqd pul mablag‘larini bank kassalari, elektron terminallar va boshqa qurilmalar orqali o‘tkazish uchun kiritish;
to‘lovchining to‘lovni masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalangan holda amalga oshirishga bo‘lgan roziligini yuborish.
33-modda. To‘lov hujjatlari
To‘lov hujjati qog‘ozda tuzilgan yoki elektron shaklda shakllantirilgan hujjat bo‘lib, to‘lov uning asosida yoki yordamida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lovlarni amalga oshirishda quyidagi to‘lov hujjatlaridan foydalaniladi:
to‘lov topshiriqnomasi;
to‘lov talabnomasi;
inkasso topshiriqnomasi;
memorial order;
akkreditivga ariza;
kirim va chiqim kassa to‘lov hujjatlari.
To‘lov hujjatlarining shakllari, majburiy rekvizitlari va ularning mazmuniga doir boshqa talablar, elektron to‘lov vositalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/12-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomning 2-bobi (ro‘yxat raqami 3229, 13.04.2020-y.).
34-modda. Elektron to‘lov vositalari
Axborotni o‘z ichiga olgan va to‘lovchiga to‘lovni amalga oshirish, shuningdek to‘lovchi bilan elektron to‘lov vositalarining emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan bank kartasi yoki boshqa elektron jism elektron to‘lov vositalaridir.
Elektron to‘lov vositasini chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs elektron to‘lov vositasining emitentidir.
Elektron to‘lov vositasining emitenti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq elektron to‘lov vositasidan foydalanuvchi yoki unga egalik qiluvchi jismoniy shaxs elektron to‘lov vositasini saqlovchidir.
Elektron to‘lov vositalaridan foydalanilgan holdagi to‘lovlar elektron to‘lov vositalarini saqlovchining identifikatsiya vositalari orqali tasdiqlangan roziligi asosida amalga oshiriladi.
To‘lovni amalga oshirishda elektron to‘lov vositalarini saqlovchining roziligini taqdim etish hamda tasdiqlash tartibi va usuli elektron to‘lov vositasining emitenti va elektron to‘lov vositasini saqlovchi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi 522-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
7-bob. Bank kartasi
35-modda. Bank kartasini chiqarish
Bank kartasi uni saqlovchiga elektron terminallar, aloqa kanallari orqali to‘lovlarni amalga oshirish yoki naqd pul mablag‘larini olish yoxud valyuta ayirboshlashni amalga oshirish va bank kartasining emitenti tomonidan belgilangan boshqa operatsiyalarni bajarish imkonini beruvchi axborotni o‘z ichiga oladi. Bank kartasi debet, kredit kartasi, shu jumladan virtual (jismonan mavjud bo‘lmagan) karta bo‘lishi mumkin.
Bank kartalarini chiqarish va ulardan foydalanish bank kartasining emitenti hamda bank kartasini saqlovchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Bank kartasining emitenti boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bank kartalarini to‘lov xizmatlaridan va boshqa xizmat turlaridan foydalanuvchilarga ularning o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda hamda shartlarda berish uchun chiqarishga haqli.
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchi bilan shartnoma tuzilguniga qadar bank kartasini saqlovchini bank kartasidan foydalanish chog‘idagi xavfsizlik shartlari va choralari, e’tirozlarni berish usullari va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Bank kartasining emitenti o‘z rasmiy veb-saytida bank kartalarining turlari va ularni berish shartlari, bank kartalaridan foydalanish chog‘idagi xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi axborotni joylashtiradi.
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchiga bank kartasiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha undiriladigan vositachilik haqining miqdori va uni undirish tartibi to‘g‘risida, vositachilik haqi to‘lanmagan taqdirda qarzni hisoblash to‘g‘risida xabardor qiladi, shuningdek bank kartasini saqlovchiga uning bank kartasiga ular o‘rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan tartibda xizmat ko‘rsatganlik uchun bank kartasini saqlovchi tomonidan vositachilik haqi to‘langanligi faktining tasdiqnomasi taqdim etilishini ta’minlaydi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 10-martdagi 28/21-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizomi (ro‘yxat raqami 3294, 03.04.2021-y.).
36-modda. Bank kartasidan foydalanilgan holdagi to‘lovlar
Tovarlar va xizmatlarni chakana realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar to‘lovlarning bank kartalaridan foydalangan holda qabul qilinishini ta’minlashi shart.
To‘lov ishtirokchisining bank kartalaridan foydalanish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari bank kartasidan foydalangan holda amalga oshiriladigan to‘lov yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.
To‘lovlar bank kartasidan foydalangan holda amalga oshirilganda yakka tartibdagi tadbirkorda yoki yuridik shaxsda u bilan bank kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan bankka nisbatan yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan to‘lov summasida pul talab qilish huquqi, bankda esa yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning pulga doir talabini bajarish majburiyati yuzaga keladi.
Bank kartasining emitenti bank kartasidan foydalanib amalga oshirilgan operatsiyalar haqida bank kartasini saqlovchini ular o‘rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda va tartibda xabardor qiladi. Bunday xabarnomani yuborish tartibi va uning davriyligi, shuningdek bank kartasini saqlovchini bank kartalaridan foydalanilgan holdagi operatsiyalar to‘g‘risida xabardor qilganligi uchun bank kartasining emitenti tomonidan vositachilik haqini undirish miqdori va tartibi bank kartasi emitenti va bank kartasini saqlovchi o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi.
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchining talabiga binoan uning bank kartasidan foydalanish bilan bog‘liq tegishli hujjatlarni va axborotni shartnomada belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchiga yuborilgan va undan olingan xabarnomalarning ushbu xabarnomalar yuborilgan va olingan kundan e’tiboran uch yildan kam bo‘lmagan muddat mobaynida saqlanishini ta’minlaydi.
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchining arizasini ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida ko‘rib chiqadi. Arizani ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa choralar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda arizani ko‘rib chiqish muddati ko‘pi bilan o‘ttiz kunga uzaytirilishi mumkin, bu haqda bank kartasini saqlovchiga xabar beriladi. Bank kartasidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida foydalanilgan taqdirda bank kartasini saqlovchining arizasi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran qirq besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. Bank kartasini saqlovchiga arizani ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda axborot yuboriladi.
Bank kartasidan foydalanish bank kartasini saqlovchidan olingan xabarnomaga asosan bank kartasining emitenti tomonidan yoki bank kartasini saqlovchi bank kartasidan shartnomaga muvofiq foydalanish tartibini buzgan taqdirda bank kartasi emitentining tashabbusiga ko‘ra to‘xtatib turiladi yoki tugatiladi.
Bank kartasini saqlovchining bank kartasidan foydalanishini to‘xtatib turish yoki tugatish bank kartasini saqlovchining va bank kartasi emitentining ushbu kartadan foydalanishni to‘xtatib turish yoki tugatish paytiga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarini tugatmaydi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 10-martdagi 28/21-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizomning 9-bobi (ro‘yxat raqami 3294, 03.04.2021-y.).
37-modda. Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanish
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchini bank kartasi yo‘qolganligi va (yoki) bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani tunu kun yuborish imkoniyati bilan ta’minlashi shart.
Bank kartasining yo‘qolganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi fakti aniqlanganda bank kartasini saqlovchi bank kartasining emitentini bu haqda xabardor qiladi. Bank kartasining emitenti bank kartasi yo‘qolganligi yoki bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risida xabardor qilinmagan taqdirda barcha tavakkalchiliklar bank kartasini saqlovchining zimmasida bo‘ladi.
Bank kartasining emitenti bank kartasi yo‘qolganligi yoki bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risida xabarnoma olinganidan keyin bank kartasini darhol blokirovka qiladi. Bank kartasining emitenti bank kartasi yo‘qolganligi va (yoki) bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risida xabarnoma olinganidan keyin bank kartasidan ruxsatsiz foydalanganlik uchun javobgar bo‘ladi.
Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilgan taqdirda bank kartasini saqlovchi bank kartasining emitentiga bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yo‘qotilgan pul mablag‘lari summalarining o‘rnini qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishga haqli. Bank kartasini saqlovchining arizasi ushbu Qonun 36-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda bank kartasining emitenti tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bank kartasini saqlovchining arizasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha bank kartasining emitenti bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yo‘qotilgan pul mablag‘lari summalarining o‘rnini qoplash haqida yoki qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yo‘qotilgan pul mablag‘lari summalarining o‘rnini qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda bank kartasining emitenti pul mablag‘larini bank kartasini saqlovchiga qaror qabul qilinganidan keyin bir kundan kechiktirmay o‘tkazadi.
Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yo‘qotilgan pul mablag‘lari summalarining o‘rnini qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchini qabul qilingan qaror haqida rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xabardor qiladi. Bank kartasini saqlovchiga bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yo‘qotilgan pul mablag‘lari summasining o‘rnini qoplashni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
bank kartasini saqlovchi tomonidan bank kartasidan foydalanishning shartnomada nazarda tutilgan xavfsizlik choralariga rioya etilmaganligi;
bank kartasini saqlovchining o‘z bank kartasidan foydalangan holda jinoyatlar sodir etishda ishtirok etganligi fakti aniqlanganligi.
38-modda. Bank kartalaridan foydalanilgan holda banklararo to‘lovlar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi banklari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida ular tomonidan chiqarilgan bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarga ishlov berish hamda ularning kliringi Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan banklar tomonidan muomalaga chiqarilgan bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan banklararo to‘lovlar bo‘yicha operatsiyalarga xizmat ko‘rsatish tizimini ushbu tizimning ishlashini ta’minlash bo‘yicha operatsiyalarga oid va texnologik vazifalarni muhim to‘lov tizimining operatori zimmasiga yuklatish yoki maxsus tashkilotni tuzish orqali tashkil etishga haqli.
Maxsus tashkilotning faoliyat ko‘rsatish tartibi va bank kartalarining emitenti bo‘lgan banklar bilan hamkorligi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
8-bob. Elektron pullar
39-modda. Elektron pullar tizimi
Elektron pullar tizimi operatorining elektron pullar emitenti va (yoki) elektron pullar egalari bilan hamkorligi orqali elektron pullardan foydalangan holda to‘lovlar va boshqa operatsiyalar amalga oshirilishini ta’minlovchi to‘lov tizimi elektron pullar tizimidir.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 13/3-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari (ro‘yxat raqami 3231, 29.04.2020-y.).
40-modda. Elektron pullarning emitentlari va egalari
Markaziy bank va banklar elektron pullarning emitentidir.
O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullar emitenti tomonidan chiqariladigan elektron pullar faqat milliy valyutada nominallashtirilgan bo‘lishi kerak.
Elektron pullar emitenti tomonidan jismoniy shaxsga elektron pullarni ularning nominal qiymatiga teng bo‘lgan pul mablag‘lari summasiga almashtirish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va (yoki) elektron pullar tizimining operatori yoxud elektron pullar tizimining agenti orqali berilishini nazarda tutuvchi to‘lov xizmati elektron pullarni chiqarishdir.
Quyidagilar elektron pullarning egalari bo‘lishi mumkin:
boshqa jismoniy shaxslardan, elektron pullarning emitentidan, elektron pullar tizimining operatoridan yoki elektron pullar tizimining agentidan elektron pullarni olgan jismoniy shaxslar;
elektron pullar tizimining agentlari — elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullarni olish va jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish operatsiyalarini amalga oshiruvchi banklar yoki to‘lov agentlari;
jismoniy shaxslardan elektron pullarni bitimlar bo‘yicha to‘lov sifatida olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar.
Elektron pullar egasining huquqlari elektron pullarni olgan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.
41-modda. Elektron pullar tizimining operatori
Tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan va elektron pullar tizimining ishlashini ta’minlaydigan bank yoki boshqa yuridik shaxs elektron pullar tizimining operatoridir. Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq elektron pullar tizimining faoliyat ko‘rsatish qoidalarini belgilaydi.
Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori o‘rtasidagi munosabatlar, agar operator elektron pullarning emitenti bo‘lmasa, ushbu Qonun va ular o‘rtasida tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq va elektron pullar emitenti tomonidan o‘ziga berilgan vakolatlar asosida uning nomidan elektron pullar tizimida ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar, elektron pullar tizimining agentlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzishga haqlidir. Bunday holda elektron pullarning egasi tomonidan elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnomalar elektron pullar emitenti tomonidan chiqarilgan elektron pullardan bir tizim doirasida foydalanilganda elektron pullarning emitenti bilan tuzilgan shartnomalarga tenglashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimining ishlashini to‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan talablar va cheklovlarni hisobga olgan holda ta’minlashi shart.
(41-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash to‘g‘risidagi shartnoma shartlariga muvofiq elektron pullarga ruxsatsiz ega bo‘lish va (yoki) ulardan ruxsatsiz foydalanganlik, shuningdek elektron pullar emitentining dasturiy ta’minoti ishidagi yoxud elektron pullar tizimining faoliyat ko‘rsatishidagi xatolar yoki uzilishlar oqibatida elektron pullar egasiga yetkazilgan zarar uchun elektron pullarning egasi oldida javobgar bo‘ladi.
42-modda. Elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilish
Elektron pullarning emitenti elektron pullarni chiqarishni jismoniy shaxslardan yoki elektron pullar tizimining agentlaridan o‘z zimmasiga oladigan majburiyatlarning nominal qiymatiga teng bo‘lgan summadagi pul mablag‘larini olganidan keyin amalga oshiradi.
Elektron pullar emitenti o‘zi chiqargan elektron pullarni ularning nominal qiymatiga muvofiq milliy valyutada qoplash bo‘yicha so‘zsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron pullarning emitenti Markaziy bankni elektron pullarni chiqarish bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabardor qiladi.
(42-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Elektron pullarning emitenti tomonidan elektron pullar egasidan elektron pullarni chiqarganlik uchun, shuningdek elektron pullar emitenti tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlar uchun vositachilik haqi undirish elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash to‘g‘risida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Elektron pullar emitenti va bu pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxs o‘rtasidagi munosabatlar ushbu Qonun va ular o‘rtasida tuzilgan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash to‘g‘risidagi shartnoma bilan tartibga solinadi.
Elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash to‘g‘risidagi shartnoma tuzilguniga qadar elektron pullar emitenti yoki elektron pullar emitenti nomidan ish yurituvchi elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimida ishtirok etmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxsga:
elektron pullar emitentining va elektron pullar tizimi operatorining nomi hamda joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek elektron pullar tizimining operatori bank hisoblanmagan hollarda esa uning litsenziyasi raqami to‘g‘risida;
elektron pullardan foydalanish shartlari haqida;
elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplashda elektron pullar emitenti va (yoki) elektron pullar tizimining operatori tomonidan elektron pullar egasidan vositachilik haqini undirish tartibi va miqdori to‘g‘risida;
e’tirozlarni berish usullari va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida, shu jumladan elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan bog‘lanish uchun axborot taqdim etishi shart.
Elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash to‘g‘risidagi shartnomada quyidagilar bo‘lishi kerak:
elektron pullarni chiqarish (sotib olish) shartlari;
operatsiyalarni elektron pullardan foydalangan holda amalga oshirish shartlari, shu jumladan elektron pullardan foydalanish uchun belgilanadigan cheklovlar;
elektron pullar egasining elektron pullarga va ulardan foydalangan holda operatsiyalarni amalga oshirishga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlash tartibi;
elektron pullarni qoplashga taqdim etish tartibi va usullari, ularni qoplash tartibi;
elektron pullardan foydalanishda elektron pullar emitenti va ularning egasi o‘rtasida axborot almashish tartibi, shu jumladan elektron pullardan foydalanish nazorati yo‘qolganligi yoki bu pullardan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risida elektron pullar emitentiga xabar berish tartibi va muddatlari;
taraflarning o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javobgarligi.
Elektron pullarni jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish yoki elektron pullarni jismoniy shaxslardan sotib olish elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining agenti tomonidan amalga oshiriladi, ushbu shartnomada taraflarning huquq va majburiyatlari, elektron pullarni realizatsiya qilish hamda sotib olish tartibi va shartlari belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari (29.04.2020-y., ro‘yxat raqami 3231).
43-modda. Elektron pullardan foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxs elektron pullardan to‘lovlarni va elektron pullar tizimining qoidalarida belgilangan hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lmagan shartlar asosida egasidan elektron pullarni elektron pullar tizimining boshqa ishtirokchisiga o‘tkazish orqali boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida foydalanadi.
(43-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lashda faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxs tomonidan elektron pullarni bitimlarni amalga oshirishda to‘lov sifatida qabul qilish elektron pullar emitenti yoxud elektron pullar tizimining ishtirokchisi bo‘lgan boshqa bank bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Bitimlarni tuzishda elektron pullar tizimidan elektron pullarni olgan yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxsda elektron pullar emitentiga nisbatan qabul qilingan to‘lov summasidagi pulni talab qilish huquqi yuzaga keladi.
Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimida firibgarlikni hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni, terrorizmni moliyalashtirishni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishni aniqlash, shuningdek ularning oldini olish maqsadida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tashkiliy hamda tartib-taomilga oid chora-tadbirlarni ta’minlash va joriy etish choralarini ko‘radi.
Elektron pullar tizimining operatori “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarining ta’sir doirasiga kiruvchi operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organga taqdim etadi.
Elektron pullar emitenti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organga bank hisoblanmagan elektron pullar tizimining operatorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular bilan tegishli shartnoma tuzilganidan keyin taqdim etadi.
Identifikatsiya qilingan elektron pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng ko‘p summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravariga teng bo‘lgan summadan oshmasligi kerak.
Identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng ko‘p summasi bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lgan summadan oshmasligi kerak. Mazkur summa oshirilganda elektron pullar egasini identifikatsiya qilishni amalga oshirish zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron pullar egasini identifikatsiya qilish elektron pullar emitenti va (yoki) elektron pullar tizimining operatori tomonidan elektron pullar egasining shaxsan hozirligida va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda yoxud qonunchilik talablariga zid bo‘lmagan boshqa usulda, shu jumladan masofaviy identifikatsiya qilish tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
(43-moddaning o‘ninchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxsning bitta elektron qurilmasida saqlanadigan elektron pullarning eng ko‘p summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravariga teng bo‘lgan summadan oshmasligi kerak.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 13/3-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalarining 4-bobi (ro‘yxat raqami 3231, 29.04.2020-y.).
44-modda. Elektron pullarni qoplash
Elektron pullar emitenti tomonidan o‘zi chiqargan, elektron pullar egasi taqdim etgan elektron pullarni ularning nominal qiymati bo‘yicha teng pul mablag‘lari summasiga almashtirish amalga oshirilishini nazarda tutuvchi to‘lov xizmati elektron pullarni qoplashdir.
Agar elektron pullar emitenti va elektron pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxs o‘rtasida tuzilgan shartnomada elektron pullar emitentiga yoki elektron pullar tizimi operatoriga vositachilik haqi nazarda tutilmagan bo‘lsa, elektron pullarni qoplash elektron pullar emitenti tomonidan elektron pullarning egasi bo‘lgan jismoniy shaxsning bank hisobvarag‘iga ularning nominal qiymati bo‘yicha teng bo‘lgan pul mablag‘lari summasini o‘tkazish yoxud unga naqd pul mablag‘larini berish orqali amalga oshiriladi.
Agar elektron pullar emitenti va yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs o‘rtasida tuzilgan shartnomada boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa, elektron pullar emitenti yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxslardan bitim bo‘yicha to‘lov chog‘ida olingan elektron pullarni qoplashni elektron pullar kelib tushgan kun davomida amalga oshiradi.
Yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan olingan elektron pullar to‘lovchi bo‘lgan jismoniy shaxsga pullarni o‘tkazishlar chog‘ida qaytarish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yoki bitim bekor qilingan taqdirda qoplanmaydi.
Agar elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori va elektron pullar egasi o‘rtasida tuzilgan shartnomada elektron pullar emitentiga yoxud elektron pullar tizimining operatoriga vositachilik haqi nazarda tutilmagan bo‘lsa, egalari yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar bo‘lgan elektron pullarni qoplash ularning nominal qiymati bo‘yicha teng pul mablag‘lari summasini yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning bank hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
9-bob. Farmoyishni qabul qilish va bajarish
45-modda. Farmoyishni taqdim etish
Farmoyish topshiriqnoma yoki talabnoma shaklida (to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasi, inkasso topshiriqnomasi va akkreditivga ariza) qog‘ozda yoki elektron tarzda taqdim etilishi mumkin.
Farmoyishni qabul qilish, shuningdek inkasso topshiriqnomasini chaqirib olish to‘lovchining banki tomonidan operatsiya kuni davomida amalga oshiriladi.
Agar farmoyish operatsiya kuni tugaganidan keyin olingan bo‘lsa, bunday farmoyish to‘lovchining banki tomonidan keyingi operatsiya kuni boshlanganda olingan deb hisoblanadi.
Farmoyishni taqdim etish yoki uni chaqirib olish, shuningdek uning bajarilishini to‘xtatib turish:
tegishli elektron aloqa kanallaridan va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda elektron shaklda o‘tkazish orqali;
elektron aloqa kanallaridan va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda elektron jismda;
to‘lov hujjatining asl nusxasini, uni chaqirib olish yoki uning bajarilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani qog‘ozda taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Farmoyishni elektron usulda yoki elektron jismda taqdim etishga yoki chaqirib olishga, shuningdek uning bajarilishini to‘xtatib turishga Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga rioya etilgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Agar tashabbuskor bankning mijozi bo‘lsa, tashabbuskor tomonidan bankka farmoyishni taqdim etish usullari, tartibi va shartlari ular o‘rtasidagi shartnomada aks ettiriladi. Agar tashabbuskor bankning mijozi bo‘lmasa, tashabbuskor tomonidan farmoyishni taqdim etish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
46-modda. Farmoyishni bajarish
Bank farmoyishni qabul qilayotganda uning shartnoma talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishi hamda uni bajarishi yoki bajarishni rad etishi shart.
Benefitsiarning banki rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda farmoyishni bajarishni rad etadi hamda bu haqda darhol to‘lovchiga xabar qiladi.
Agar to‘lovchi va to‘lovchining banki o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘lovchining banki tomonidan farmoyish bajarilishi uchun to‘lovchi farmoyishni bajarish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘larining summasini ta’minlashi shart.
Bank tomonidan farmoyishning bajarilishini rad etish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:
agar shartnomada to‘lovni amalga oshirish uchun to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan to‘lov xizmatidan foydalanuvchiga kredit ajratishga doir xizmat ko‘rsatish nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘lovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari summasining mavjud bo‘lishini to‘lovchi ta’minlamaganda;
agar farmoyishda soxtalashtirish, tuzatish, to‘ldirish va o‘chirish belgilari bo‘lsa, shu jumladan farmoyish to‘lovchi va to‘lovchining banki o‘rtasidagi shartnomada belgilangan ruxsat etilmagan to‘lovlardan himoya qilish harakatlari tartibi buzilgan holda topshirilgan bo‘lsa;
tashabbuskor tomonidan farmoyishni tuzish va taqdim etish tartibiga doir shartnoma shartlarida belgilangan talablarga rioya etilmaganda;
“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda;
Oldingi tahrirga qarang.
bank hisobvarag‘idan pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi talabnoma qonunchilikka muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan bank hisobvarag‘iga taqdim etilgan hollarda;
(46-modda to‘rtinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
ruxsat etilmagan to‘lov aniqlanganda, shuningdek benefitsiar foydasiga o‘tkaziladigan pul mablag‘larini olishning qonunga zid faktlari aniqlangan va tasdiqlangan hollarda;
bank hisobvarag‘iga doir bajarilmagan talablar va (yoki) vakolatli davlat organlarining bank hisobvarag‘i bo‘yicha xarajatlarga doir operatsiyalarni to‘xtatib turish va (yoki) bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari mavjud bo‘lganda.
Farmoyishni bajarish:
agar bank benefitsiarga xizmat ko‘rsatmasa, farmoyishni benefitsiarning bankiga berish;
agar to‘lovchining banki benefitsiarning banki bo‘lsa, pul mablag‘larini o‘tkazishni yakunlash;
agar bank to‘lovchiga xizmat ko‘rsatsa, naqd pul mablag‘larini to‘lash to‘g‘risidagi farmoyishni taqdim etgan tashabbuskorga naqd pul mablag‘larini berish orqali amalga oshiriladi.
47-modda. Farmoyishni bajarish muddati
To‘lovchi tomonidan farmoyish taqdim etilgan operatsiya kunida bank farmoyishning bajarilishini ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro to‘lovlar valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilgan holda, farmoyish olingan paytdan e’tiboran ikki operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi.
(47-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 29-avgustdagi 18/5-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari (ro‘yxat raqami 3281, 2020-yil 31-avgust), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2013-yil 23-noyabrdagi 22/2-sonli qarori bilan tasdiqlangan Kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2536, 2013-yil 17-dekabr).
Pul mablag‘larini benefitsiarning bank hisobvarag‘iga yoki pul mablag‘lari benefitsiarning foydasiga qabul qilinishini aks ettiruvchi boshqa hisobvaraqqa o‘tkazishga doir farmoyishni bajarish farmoyish olingan kundagi operatsiya kuni davomida benefitsiarning banki tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan normalar:
inkasso topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasi yoki akkreditivga ariza orqali taqdim etilgan;
noaniq muddatlarda bajarilishi lozim bo‘lgan;
kelgusidagi valyutalashtirish sanasiga ega bo‘lgan;
chakana savdoda yoki elektron tijoratni amalga oshirishda tovarlar, ishlar va xizmatlarni olish uchun elektron to‘lov vositalaridan foydalanish chog‘ida to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining roziligi tarzida ifodalangan farmoyishning bajarilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
48-modda. Valyutalashtirish sanasiga ega bo‘lgan farmoyishni bajarish
To‘lov hujjatida ko‘rsatilgan valyutalashtirish sanasi to‘lov hujjati yozib berilgan sanadan e’tiboran o‘n kundan oshishi mumkin emas.
Valyutalashtirish sanasiga ega bo‘lgan farmoyishni bajarishda to‘lovchining pul mablag‘lari bank hisobvarag‘ida zaxiraga qo‘yiladi yoki to‘lovchi bankining ichki balans hisobvarag‘iga (tranzit hisobvarag‘iga) o‘tkaziladi.
Zaxiraga qo‘yilgan pul mablag‘larini o‘tkazish yoki to‘lovchi bankining maxsus tranzit hisobvarag‘idan pul mablag‘larini o‘tkazish to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan valyutalashtirish sanasidan kechiktirmay, benefitsiarning banki tomonidan pul mablag‘larini benefitsiarning bank hisobvarag‘iga o‘tkazish imkonini beradigan vaqt hisobga olingan holda, to‘lovchining banki tomonidan amalga oshiriladi.
Agar valyutalashtirish sanasi dam olish kuniga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, benefitsiarning banki valyutalashtirish sanasi deb belgilangan kundan keyingi birinchi ish kunida pul mablag‘larini benefitsiarning bank hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
Pul mablag‘lari to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan valyutalashtirish sanasiga muvofiq bo‘lmagan operatsiya kunida benefitsiarning bank hisobvarag‘iga o‘tkazilgan taqdirda valyutalashtirish sanasiga ega bo‘lgan farmoyish shartlarini buzgan bank bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
49-modda. To‘lovchida farmoyishni bajarish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari summasi mavjud bo‘lmaganda yoki yetarli bo‘lmaganda farmoyishni bajarish
To‘lovchida farmoyishni bajarish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari summasi mavjud bo‘lmaganda yoki yetarli bo‘lmaganda farmoyishni bajarish qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
10-bob. To‘lovlarni yakunlash va qaytarish
50-modda. To‘lovlarni yakunlash
Agar to‘lov naqd pul mablag‘laridan foydalangan holda amalga oshirilsa, to‘lovni yakunlash benefitsiar yoki benefitsiar vakolatli etib belgilagan shaxs tomonidan pul mablag‘lari olingan paytda yuz beradi.
Agar to‘lov to‘lov hujjati asosida amalga oshirilsa, to‘lovni yakunlash benefitsiarning hisobvarag‘iga pul mablag‘lari kelib tushgan paytda yuz beradi.
Agar to‘lov pul mablag‘larini o‘tkazish orqali amalga oshirilsa, to‘lovni yakunlash pul mablag‘larini quyidagi yo‘llar bilan o‘tkazish yakunlangan paytda yuz beradi:
pul mablag‘lari kelib tushganda benefitsiarning bank hisobvarag‘i bo‘yicha buxgalteriya yozuvini kiritishni amalga oshirish;
pulni o‘tkazish benefitsiar hisobvarag‘i ochilmasdan amalga oshirilganda benefitsiarning banki tomonidan benefitsiarga naqd pul mablag‘larini haqiqatda berish;
boshqa hisobvaraq bo‘yicha benefitsiar foydasiga pul mablag‘larini qabul qilishni aks ettiradigan buxgalteriya yozuvini kiritishni amalga oshirish.
Agar to‘lov elektron pullarni o‘tkazish orqali amalga oshirilsa, to‘lovni yakunlash benefitsiar tomonidan elektron pullar olingan paytda yuz beradi. Qabul qilingan elektron pullar summasi to‘g‘risidagi, ushbu pullar benefitsiar bo‘lgan boshqa shaxs foydasiga kelib tushganligi haqida dalolat beruvchi axborotning elektron pullar tizimida aks ettirilishi elektron pullar olingan paytdir.
51-modda. Ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan to‘lovlar
Oldingi tahrirga qarang.
Agar to‘lov ushbu to‘lovni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmasa, ruxsat etilgan to‘lov bo‘ladi. To‘lov pul o‘tkazish orqali amalga oshirilgan taqdirda, basharti farmoyish to‘lovchining banki tomonidan ruxsat etilmagan to‘lovlardan himoya qilish harakatlarining belgilangan tartibiga rioya etilgan holda qabul qilingan bo‘lsa ham to‘lov ruxsat etilgan deb hisoblanadi.
(51-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda amalga oshirilgan to‘lov ruxsat etilmagan to‘lov hisoblanadi. Qalbaki to‘lov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan to‘lov ham ruxsat etilmagan to‘lov hisoblanadi.
Bank va to‘lovchi elektron to‘lov vositalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirish chog‘ida ruxsat etilmagan to‘lovlardan xavfsizlikni ta’minlash tartib-taomillarining bajarilishini ta’minlaydi.
Ruxsat etilmagan to‘lovlardan xavfsizlikni ta’minlash tartib-taomillari to‘lovlar ishtirokchilari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va (yoki) elektron to‘lov hujjatlarini o‘tkazish amalga oshiriladigan to‘lov tizimining ishlash qoidalari bilan belgilanadi.
52-modda. To‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘larini qaytarish
Oldingi tahrirga qarang.
Pul mablag‘larini o‘tkazishda amalga oshirilgan to‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘larini qaytarish pul mablag‘larini o‘tkazish yuzasidan noto‘g‘ri farmoyishni bajarish natijasida ruxsat etilmagan to‘lov fakti aniqlangan hollarda amalga oshiriladi.
(52-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Tashabbuskor tomonidan yuborilgan farmoyish, agar unda oldingi jo‘natuvchidan olingan farmoyishning rekvizitlariga mos kelmaydigan rekvizitlar mavjud bo‘lsa yoki u takroran berilgan bo‘lsa, noto‘g‘ri farmoyish bo‘ladi.
Noto‘g‘ri farmoyish yoki ruxsat etilmagan to‘lov bo‘yicha pul mablag‘larini qaytarish benefitsiarning banki tomonidan benefitsiar roziligisiz mazkur pul mablag‘lari o‘tkazilgan benefitsiarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini olib qo‘yish orqali amalga oshiriladi.
Noto‘g‘ri farmoyish yoki ruxsat etilmagan to‘lov bo‘yicha pul mablag‘larini qaytarish benefitsiarning banki tomonidan ushbu fakt aniqlangan kundan e’tiboran keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay, benefitsiarning bank hisobvarag‘ida mavjud pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, bundan bank hisobvarag‘iga doir bajarilmagan talablar va (yoki) vakolatli davlat organlarining bank hisobvarag‘i bo‘yicha xarajatlar operatsiyalarini to‘xtatib turish va (yoki) bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari mavjud bo‘lgan hollar mustasno.
Benefitsiarning bank hisobvarag‘ida pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan yoki mavjud bo‘lmagan hollarda, noto‘g‘ri farmoyish yoki ruxsat etilmagan to‘lov bo‘yicha pul mablag‘larini qaytarishni ushbu mablag‘larni noto‘g‘ri o‘tkazishga yoxud ruxsat etilmagan to‘lovga yo‘l qo‘ygan shaxs ushbu fakt aniqlangan kundan e’tiboran keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay o‘z pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi.
Pul mablag‘lari qaytarilgan taqdirda, pul mablag‘larini o‘tkazishda ishtirok etadigan har bir jo‘natuvchi bunday pul mablag‘larini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda pul mablag‘larini qaytarish natijasida haqiqatda qilingan xarajatlarning o‘rni to‘lov tizimining (shu jumladan vositachi bankning) noto‘g‘ri farmoyishga yoki ruxsat etilmagan to‘lovga yo‘l qo‘ygan ishtirokchisining pul mablag‘lari hisobidan qoplanishi huquqiga ega bo‘ladi.
11-bob. To‘lov tizimida axborotni va xavfsizlikni himoya qilishni ta’minlash
53-modda. To‘lov tizimida axborotni himoya qilish talablari va tartibi
To‘lov tizimida axborotni himoya qilish va uni himoya qilish vositalaridan foydalanish tartibi ushbu Qonun hamda to‘lov tizimlarining qoidalari bilan belgilanadi.
To‘lov tizimlarining operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar:
to‘lovlar to‘g‘risidagi axborotni shakllantirish, unga ishlov berish, uni uzatish va saqlashning barcha bosqichlarida ushbu axborotni uzluksiz himoya qilishni;
axborotning maxfiyligi va yaxlitligini, shu jumladan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish uchun yetarli bo‘lgan xavfsizlik rejimini;
axborot tizimlarida ishlash chog‘ida, shu jumladan ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish muhiti va ish tizimida xodimlarning vakolatlarini chegaralashni;
axborot tarmoqlarini, shu jumladan Internet tarmog‘ini, shuningdek serverlar va aloqa kanallarini ehtimol tutilgan hujumlardan himoya qilishni;
to‘lovlar bo‘yicha maxfiy ma’lumotlardan va o‘ta muhim mantiqiy hamda jismoniy resurslardan (axborot tarmoqlari, axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalaridan, axborotni himoya qilish modullaridan) foydalanish monitoringini;
to‘lovlarni va pul mablag‘larini o‘tkazishni amalga oshirish chog‘ida axborotning himoya qilinishini ta’minlashga doir talablarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan noxush hodisalarni aniqlash uchun mo‘ljallangan axborotni himoya qilishning tashkiliy choralari va texnik vositalari qo‘llanilishini;
axborotning himoya qilinishini ta’minlashga doir talablarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan aniqlangan noxush hodisalarga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilishini;
axborotning himoya qilinishini ta’minlashga doir talablarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan aniqlangan noxush hodisalar sabablarini tahlil qilishni, bunday noxush hodisalarga ta’sir ko‘rsatish natijalarini baholashni ta’minlaydi.
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar:
farmoyish aloqa kanallari orqali jo‘natilganda to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchini ko‘p omilli autentifikatsiya qilish tartib-taomilini qo‘llashi. Ko‘p omilli autentifikatsiya mobil va aloqasiz to‘lovlarni amalga oshirish chog‘ida qo‘llanilmaydi;
masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlarida himoyalangan aloqa kanalini tashkil etishi;
hodisalarni qayd etishning tegishli daftarlarini yuritish, saqlash va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi;
aloqa seansi doirasida Internet tarmog‘i orqali axborotni kriptografik himoya qilishning litsenziyalangan vositalaridan foydalangan holda shifrlangan shakldagi maxfiy ma’lumotlarni almashishni amalga oshirishi shart.
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar faqat to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishi, ularga ishlov berishi va ularni saqlashi mumkin, bunda ular to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchidan xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlardan tashqari hech qanday ma’lumotlarni so‘rashga haqli emas.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 24-apreldagi 13/1-sonli “To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning to‘lov tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olish choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 3513, 21.05.2024-y.).
54-modda. To‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarga doir talablar
Elektron to‘lov vositasi o‘ziga taqdim etilgan to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi elektron to‘lov vositasidan uni berish va undan foydalanish shartlariga muvofiq foydalanishi, shuningdek to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchini yoki u tomonidan ko‘rsatilgan shaxsni to‘lov vositasi yo‘qolganligi, o‘g‘irlanganligi, o‘zlashtirilganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risida darhol xabardor etishi shart.
55-modda. Xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tavakkalchiliklar
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar operatsiyalarga doir tavakkalchiliklarni hamda to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni kamaytirish va nazorat qilish choralari tizimini ta’minlashi shart. To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar noxush hodisalarga ta’sir ko‘rsatishning samarali tartib-taomillarini ishlab chiqishi va saqlab turishi shart.
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar har yili, kelgusi yilning birinchi aprelidan kechiktirmay Markaziy bankka xavfsizlikning ta’minlanish holati to‘g‘risida hisobot taqdim etishi shart.
56-modda. To‘lov tizimlari operatorlarining, to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning va tashabbuskorning axborotni himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar to‘lov tizimlari yordamida ishlov beriladigan axborotni himoya qilish yuzasidan qonunchilikda va to‘lov tizimlari qoidalarida belgilangan talablarni bajarishi shart.
(56-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 24-apreldagi 13/1-sonli “To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning to‘lov tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olish choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 3513, 21.05.2024-y.).
Agar ruxsat etilmagan to‘lovlar tashabbuskorning firibgarlik harakatlari natijasida yoki o‘zining identifikatsiyalash vositalari himoya qilinishini ta’minlash uchun choralar ko‘rmaganligi oqibatida sodir etilgan bo‘lsa, tashabbuskor ruxsat etilmagan to‘lovlar tufayli yetkazilgan zararlar uchun javobgar bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
57-modda. Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasida to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar ustidan nazorat qilish
(57-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasida to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar ustidan nazorat Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
(57-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik rejimi buzilgan taqdirda, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar qoidabuzarlik aniqlanganidan keyin bu haqda hamda uning oqibatlarini kamaytirish uchun ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida Markaziy bankka tezkorlik bilan xabar berishi shart. Markaziy bank to‘lov tizimlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik rejimi buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishni hamda yuritishni amalga oshiradi.
(57-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-964-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son — 2024-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
58-modda. To‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini ta’minlash
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari buzilgan taqdirda, u muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun muddati o‘tgan to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, biroq muddati o‘tgan to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi shart.
To‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining aybi bilan to‘lov noto‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda, u xato aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay pul mablag‘larini oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazishi shart. Aks holda, to‘lovchi qonunda belgilangan tartibda to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchidan mablag‘larni qaytarishni, shuningdek muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun noto‘g‘ri amalga oshirilgan to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, biroq noto‘g‘ri amalga oshirilgan to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashni talab qilish huquqiga ega.
59-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
To‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(59-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
60-modda. To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(60-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
61-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Markaziy bank ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
62-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(62-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
To‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar ushbu Qonun kuchga kirgandan so‘ng uch oy mobaynida o‘z faoliyatini mazkur Qonun talablariga muvofiqlashtirishi shart.
63-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-noyabr,
O‘RQ-578-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2019-y., 03/19/578/3986-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son; 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son; 21.09.2024-y., 03/24/964/0736-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)