Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Toʻlov tizimi operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 15-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3434]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Toʻlov tizimi operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-aprel,
8/4-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2023-yil 3-aprel
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2023-yil 25-mart

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-apreldagi 8/4-son qaroriga

ILOVA

Toʻlov tizimi operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan toʻlov tizimi operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
toʻlov tizimi operatori — Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
toʻlov tashkilotibank hisoblanmaydigan, toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan yuridik shaxs;
masofaviy nazorat — toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan va (yoki) ularning axborot tizimlaridan olinadigan maʼlumotlar tahliliga asoslangan nazorat turi.
2. Mazkur Nizom Markaziy bank tomonidan berilgan litsenziyaga ega boʻlgan toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini nazorat qilishda Markaziy bank:
toʻlov tizimlari operatorlaridan va toʻlov tashkilotlaridan toʻlov tizimlarining ishlashi bilan bogʻliq axborotni, shu jumladan shaxsga doir maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotni soʻrab oladi;
toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan toʻlov tizimlarining ishlashi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish shakllari va muddatlarini, shuningdek hisobotlarni tuzish uslubiyotini belgilaydi;
toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan toʻlov tizimlarining ishlashi toʻgʻrisida taqdim etilgan axborotni tahlil qiladi;
toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini inspeksiya tekshiruvlaridan oʻtkazadi;
toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilgan taqdirda toʻlov tizimlarining operatorlariga va toʻlov tashkilotlariga nisbatan choralar hamda sanksiyalar qoʻllaydi.
4. Markaziy bank yilda kamida bir marta toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
2-bob. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan axborotlar
5. Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va kuzatuvni amalga oshirish maqsadida mazkur bobda belgilangan toʻlov tizimi operatorlarining faoliyatiga doir va toʻlov tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan toʻlov xizmatlari boʻyicha axborotlarni oladi hamda tahlil qiladi.
Axborotlar toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankka elektron shaklda taqdim etiladi va (yoki) axborot tizimlari orqali avtomatlashtirilgan tarzda yuboriladi.
6. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan har kuni kun yakuni boʻyicha amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni va miqdori haqidagi axborotlar Markaziy bankka axborot tizimlari orqali avtomatlashtirilgan tarzda uzatiladi.
7. Toʻlov tizimi operatorlari har oyda keyingi oyning 5 sanasidan kechiktirmay toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi quyidagi axborotlarni Markaziy bankka taqdim etishi kerak:
personalizatsiya qilingan bank kartalari va dasturlangan terminallar soni;
toʻlov tizimi operatorlari faoliyatini amalga oshirishda oʻtkazilgan sinovlar boʻyicha axborotlar, agar sinovlar oʻtkazilgan boʻlsa;
elektron terminallar (E-POS) reyestridan koʻchirma.
8. Toʻlov tashkilotlari har oyda keyingi oyning 5 sanasidan kechiktirmay toʻlov tashkiloti tomonidan koʻrsatilgan toʻlov xizmatlari toʻgʻrisidagi, shu jumladan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilar soni, toʻlov agentlari va toʻlov subagentlari hamda ularning joylashgan manzili toʻgʻrisidagi axborotlarni Markaziy bankka taqdim etishi kerak.
9. Toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkilotlari har yili keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay quyidagi yillik axborotlarni Markaziy bankka taqdim etishi kerak:
oʻtgan yil davomida toʻlov tizimi operatori yoki toʻlov tashkilotlari faoliyatini amalga oshirishda oʻtkazilgan sinovlar toʻgʻrisidagi axborotlar, agar sinovlar oʻtkazilgan boʻlsa;
toʻlov tizimidagi va toʻlov tashkilotlar faoliyatining uzluksizligiga qilingan tahdidlar, aniqlangan tavakkalchiliklar, tavakkalchiliklarni baholash va ularni bartaraf etish choralari hamda natijadorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
10. Toʻlov tizimi operatori yoki toʻlov tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish jarayonida operatsion tavakkalchilik yuzaga kelgan, ularning axborot tizimlarida uzilishlar kuzatilgan yoxud toʻlov tizimi yoki toʻlov xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatga oʻzgartirishlar kiritilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida Markaziy bankka mazkur holatlarni tavsiflovchi axborotlarni taqdim etishi shart.
Toʻlov tizimi operatori yoki toʻlov tashkilotlari tomonidan faoliyatida yuz bergan uzilishlar toʻgʻrisidagi Markaziy bankka taqdim etiladigan axborotda ushbu uzilish sabablari va davomiyligi, uzilishning toʻlov xizmatlariga, ishtirokchilarga va (yoki) foydalanuvchilarga taʼsirining koʻlami, toʻlov tizimini qayta tiklashdagi choralar hamda kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari koʻrsatiladi.
11. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari toʻlov tizimiga yoki toʻlov xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatga oʻzgarishlar kiritishni rejalashtirgan taqdirda, mazkur oʻzgarishlarni amalga oshirishdan oʻttiz kun oldin oʻzgartirishlar boʻyicha harakatlar rejasini Markaziy bankka taqdim etishi kerak.
Markaziy bank oʻttiz kun ichida oʻzgartirishlar boʻyicha harakatlar rejasini koʻrib chiqib, tavakkalchiliklarni baholaydi hamda zarur hollarda tegishli tavsiyalar va koʻrsatmalar berishi mumkin.
12. Oʻzgartirishlar boʻyicha harakatlar rejasi kiritiladigan oʻzgartirishlar, rejalashtirilgan chora-tadbirlar tavsifi hamda ularning tavakkalchiliklarni boshqarishga taʼsirini baholashni oʻz ichiga oladi.
Toʻlov tizimi operatori toʻlov tizimiga oʻzgartirishlar kiritganda, toʻlov tizimi qoidalariga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi lozim.
3-bob. Toʻlov tizimi operatorlari faoliyati ustidan kuzatuvni amalga oshirish
13. Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlari faoliyati ustidan kuzatuvni amalga oshirishda ularning faoliyatiga doir axborotlarni umumlashtiradi, tizimlashtiradi va tahlil qiladi.
14. Toʻlov tizimi operatori quyidagi mezonlardan biriga javob bersa, Markaziy bank ushbu toʻlov tizimi operatorini muhim toʻlov tizimi operatori jumlasiga kiritadi:
agar toʻlov tizimining uzluksiz ishlashi Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov xizmatlari bozorining barqaror faoliyat koʻrsatishiga yordam bersa, uning ishidagi toʻxtalishlar (uzilishlar) esa Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov xizmatlari bozorida tavakkalchiliklarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlsa;
toʻlov tizimi infratuzilmasida ikki milliondan ortiq faol (bir oy davomida kamida bir marta elektron toʻlov vositasiga mablagʻ kirim qilgan) toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilar mavjud boʻlsa;
bir yil davomida toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hajmi ushbu turdagi toʻlovlar umumiy hajmining yigirma besh foizidan koʻp ulushini egallagan boʻlsa;
bir yil davomida toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hajmi oʻn ikki trillion soʻmdan koʻp boʻlsa.
15. Muhim toʻlov tizimlari faoliyati ustidan kuzatuvni amalga oshirishda Markaziy bank:
muhim toʻlov tizimlarining faoliyatini xalqaro standartlarga hamda Markaziy bank talablariga muvofiqligi yuzasidan baholashni oʻtkazadi;
muhim toʻlov tizimi operatorlarining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
muhim toʻlov tizimi operatorlari tomonidan tayyorlangan tavakkalchiliklarni baholash hamda ularni bartaraf etish choralari toʻgʻrisidagi axborotda amalga oshirilishi kerak boʻlgan chora-tadbirlarning ijrosini nazorat qiladi;
muhim toʻlov tizimi operatorlari faoliyatida uzilishlar roʻy bergan taqdirda, ushbu uzilishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida yozma ravishda koʻrsatma beradi.
4-bob. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini masofaviy nazorat qilish
16. Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlari hamda toʻlov tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan axborotlar va (yoki) ularning axborot tizimlaridan olinadigan maʼlumotlar, elektron hujjatlar hamda boshqa maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish, sirli mijoz sifatida nazorat toʻlovlarini oʻtkazish orqali masofaviy nazoratni amalga oshiradi.
17. Masofaviy nazorat jarayonida toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining faoliyatida xatolik yoki qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, Markaziy bank bu haqida maʼlumotnoma tayyorlaydi hamda uni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma beradi.
Markaziy bank masofaviy nazorat natijalari boʻyicha toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining faoliyati, toʻlov tizimi, toʻlov xizmatlari hamda jarayonini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishi va taqdim etishi mumkin.
18. Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga masofaviy nazorat jarayonida aniqlangan toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishi bilan bogʻliq qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha quyidagi koʻrsatmalarni berishga haqli:
toʻlov tashkilotlarining elektron terminallari (E-POS) orqali qonunchilik hujjatlarida taqiqlangan ayrim toifadagi operatsiyalarning amalga oshirilishini cheklash yoki toʻxtatish;
faoliyatga doir ayrim toifadagi operatsiya yoki jarayonlarni amalga oshirish tartibini belgilash.
Koʻrsatmalar toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga yozma yoki axborot tizimlari orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
5-bob. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini inspeksiya tekshiruvidan oʻtkazish
19. Markaziy bank toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini bir yilda koʻpi bilan bir marta inspeksiya tekshiruvlaridan oʻtkazishga haqli.
Muhim toʻlov tizimining uzluksiz faoliyat koʻrsatishida buzilishlar boʻlgan taqdirda, Markaziy bank navbatdan tashqari inspeksiya tekshiruvini oʻtkazishga haqli.
20. Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining inspeksiya tekshiruvi Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi qarori bilan tayinlangan Markaziy bankning inspeksiya tekshiruvi oʻtkazishga masʼul tarkibiy boʻlinmasi (boʻlinmalari) xodimlari (bundan buyon matnda Markaziy bankning vakolatli vakillari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
21. Inspeksiya tekshiruvlari toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatining ayrim masalalari boʻyicha oʻtkazilishi yoki kompleks tekshiruvlar boʻlishi mumkin.
22. Quyidagi hollarda ayrim masalalar boʻyicha inspeksiya tekshiruvi oʻtkazilishi mumkin:
toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining tavakkalchiliklarini baholash natijalari asosida;
huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning soʻrovlari asosida;
jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik hujjatlari buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida.
23. Inspeksiya tekshiruvining muddati 30 kalendar kundan oshmasligi lozim.
24. Markaziy bankning vakolatli vakillari toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini inspeksiya tekshiruvidan oʻtkazish jarayonida quyidagilarga haqlidir:
hujjatlarni olish va tekshirish;
zarur boʻlganda, tekshiruv materiallariga ilova qilish uchun hujjatlardan koʻchirma nusxalar olish;
faoliyatga doir masalalar boʻyicha ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish;
faoliyatni amalga oshirish joylariga kirish;
tashkilotning axborot tizimlariga kirish, shu jumladan elektron shaklda maʼlumot olish (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning boshlangʻich matnlaridan tashqari).
25. Agar soʻralgan maʼlumotlar va hujjatlar boshqa tilda tayyorlangan boʻlsa, Markaziy bankning vakolatli vakillari ushbu maʼlumotlar va hujjatlarni davlat tilida taqdim etilishini talab qilishga haqli.
26. Markaziy bankning vakolatli vakillari tekshiruv davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining tijorat va xizmat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi lozim.
27. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari Markaziy bankning vakolatli vakillariga tekshiruvlarni oʻtkazishga toʻsqinlik qilmasligi va inspeksiya oʻtkazish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishi, Markaziy bankning vakolatli vakillariga amaliy yordam koʻrsatish, shu jumladan ularning savollariga zarur tushuntirishlar berish uchun xodimlarni biriktirishi kerak.
28. Inspeksiya tekshiruvi yakunlari boʻyicha Markaziy bankning vakolatli vakillari tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda toʻlov tizimi operatori yoki toʻlov tashkiloti faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy axborot va tekshiruv jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi maʼlumotnomani oʻz ichiga olgan tekshiruv dalolatnomasini ikki nusxada tuzadi.
29. Markaziy bankning vakolatli vakillari tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasini inspeksiya tekshiruvi oʻtkazilgan toʻlov tizimi operatori yoki toʻlov tashkilotiga topshirishi lozim. Inspeksiya tekshiruvi oʻtkazilgan toʻlov tizimi operatori yoki toʻlov tashkiloti tekshiruv dalolatnomasini qabul qilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida oʻz eʼtirozlarini berishi mumkin. Eʼtirozlar tekshiruv dalolatnomasiga ilova qilinishi lozim.
6-bob. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga qoʻllanadigan choralar va sanksiyalar
30. Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish jarayonida ular tomonidan “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun hamda boshqa qonunchilik talablari buzilganligini aniqlagan taqdirda, toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkilotlariga nisbatan ushbu Qonun hamda mazkur Nizomda belgilangan tartibda choralar va sanksiyalar qoʻllashga haqli.
31. Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan qabul qilinadi.
32. Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalarni qoʻllashda quyidagilarni hisobga oladi:
tavakkalchilikning darajasi, qoidabuzarliklarning xususiyati, miqyosi va oqibatlarini;
qoidabuzarliklarning tizimliligi va davomiyligini;
yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarning toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga taʼsirini;
toʻlov tizimi operatorlari yoki toʻlov tashkilotlariga nisbatan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar natijasida vaziyatni oʻzgartirish imkoniyatini;
aniqlangan qoidabuzarliklar va (yoki) tavakkalchiliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan sabablarni;
Markaziy bank tomonidan axborot xavfsizligini (kiberxavfsizlikni) taʼminlash boʻyicha belgilangan talablarning bajarilmaganligi natijasida toʻlov tizimi operatorlari yoki toʻlov tashkilotlarida yuzaga kelgan kiberxavfsizlik hodisalarini;
ilgari qoʻllanilgan choralar va sanksiyalar taʼsirining samaradorligini (natijadorligini).
33. Agar toʻlov tizimi operatorlari yoki toʻlov tashkilotlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining, toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishlari toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga bevosita taʼsir koʻrsatmasa, Markaziy bank:
toʻlov tizimi operatorining va (yoki) toʻlov tashkilotining boshqaruv organlarini aniqlangan qoidabuzarlik toʻgʻrisida yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni va u bartaraf etilishi kerak boʻlgan muddatni koʻrsatgan holda yozma shaklda xabardor qiladi, bunda mazkur muddat oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak;
toʻlov tizimi operatorining va (yoki) toʻlov tashkilotining boshqaruv organlariga aniqlangan qoidabuzarlikni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar yuboradi.
34. Agar toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan yuqorida koʻrsatilgan qonunchilik hujjatlarining buzilishlari toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatsa, Markaziy bank toʻlov tizimi operatori va (yoki) toʻlov tashkilotining boshqaruv organlariga qoidabuzarlikning bartaraf etilishi toʻgʻrisida uni bartaraf etish muddatini koʻrsatgan holda koʻrsatma yuboradi, bu muddat oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
35. Toʻlov tizimi operatori va (yoki) toʻlov tashkiloti Markaziy bankning qoidabuzarlikni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasini bajarmagan, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzgan taqdirda, Markaziy bank qonunchilikka muvofiq quyidagi sanksiyalardan birini qoʻllaydi:
bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravarigacha boʻlgan miqdorda jarima soladi;
toʻlov xizmatlarining va (yoki) operatsiyalarning ayrim turlarini amalga oshirishni olti oygacha boʻlgan muddatga cheklaydi;
litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunigacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turadi.
36. Markaziy bank qoidabuzarlikni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani bajarmagan hamda quyidagi qoidabuzarliklarni sodir etgan toʻlov tizimi operatori va (yoki) toʻlov tashkilotlariga nisbatan mazkur Nizomning 35-bandida belgilangan sanksiyalardan birini qoʻllaydi:
toʻlov xizmati koʻrsatilganidan soʻng toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga toʻlov xizmati koʻrsatilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa;
toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini toʻlov operatsiyasini boshlashdan oldin toʻlov xizmatidan foydalanganlik uchun olinadigan yigʻimlar haqida xabardor qilmasa;
toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilardan toʻlovni amalga oshirish uchun topshiriq olgandan soʻng toʻlov operatsiyasini asossiz amalga oshirmasa;
toʻlovni bajarishni rad etish toʻgʻrisida toʻlov xizmatidan foydalanuvchini xabardor qilmasa;
shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini saqlash talablarini buzsa;
toʻlov xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq nizolarni muqobil hal etish tartib va qoidalarini belgilamasa;
toʻlov tizimi operatorlari va (yoki) toʻlov tashkilotlarining boshqaruv organlariga aniqlangan qoidabuzarlikni bartaraf etish boʻyicha yuborilgan tavsiyalarga amal qilmasa;
Markaziy bankning ruxsatini olish talab etiladigan harakatlarni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olmay turib amalga oshirsa;
Markaziy bank tomonidan nazorat vazifalari bajarilishiga toʻsqinlik qilsa;
Markaziy bankka axborotlarni oʻz vaqtida taqdim etmasa, buzilgan yoxud toʻliq boʻlmagan axborotlarni taqdim etsa;
bank siri toʻgʻrisidagi qonunchilik, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolining tarqatilishini moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzilsa;
axborot xavfsizligini taʼminlash talablarini bajarmasa;
litsenziya olishda taqdim etilgan hujjatlarda nazarda tutilmagan toʻlov xizmatlarini koʻrsatsa;
faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya taqdim etilganidan keyin faoliyatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida Markaziy bankni xabardor qilmasa;
buxgalteriya hisobini yuritmasa va moliyaviy hisobotlarni tayyorlamasa;
toʻlov xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi boʻyicha toʻlov agenti bilan agentlik shartnomalarini tuzgan toʻlov tashkiloti Markaziy bankka ushbu xizmatlar, shuningdek oʻzining toʻlov agentlari hamda toʻlov subagentlari haqidagi maʼlumotni taqdim etmasa;
toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining boshqa talablarini buzsa.
37. Toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishini oʻn ish kunigacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlariga toʻlov tashkilotini tizimdan oʻchirish haqida talabnoma yuboradi.
38. Markaziy bank toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablarining muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganligi uchun toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
“Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablarining bir yil davomida uch va undan ortiq marotaba buzilishi “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablarini muntazam ravishda buzish deb hisoblanadi.
Quyidagilar “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablarining bir marta qoʻpol tarzda buzilishi jumlasiga kiradi:
ruxsat etilmagan toʻlovlarni, shu jumladan qonunchilikda savdosi va xizmat koʻrsatilishi taqiqlangan tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish yoki toʻlovni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolining tarqatilishini moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi uchun Markaziy bank tomonidan choralar va sanksiyalar qoʻllanilganidan keyin besh yil davomida takroran sodir etilgan xuddi shunday qoidabuzarlikni sodir etish;
toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari koʻzda tutilmagan favqulodda hodisalar oqibatida yuzaga kelgan oʻz faoliyatidagi uzilishlarni (toʻxtalishlarni) 12 soat ichida toʻliq tiklamagan yoki barqaror ishlashini taʼminlanmagan taqdirda;
toʻlovchini va (yoki) benefitsiarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maʼlumotlarning toʻlov xizmatlari koʻrsatilganidan keyin kamida besh yil davomida saqlanishini taʼminlamaslik;
Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3431, 2023-yil 5-may) belgilangan quyidagi litsenziya talablari va shartlarini buzish:
1) toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkilotining muassislari (ishtirokchilari yoki aksiyadorlari)ga qoʻyiladigan talablar;
2) toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkilotining ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻyiladigan talablar;
3) toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkilotiga qoʻyiladigan texnik, xavfsizlik hamda faoliyatning uzluksizligiga doir talablar.
7-bob. Yakuniy qoida
39. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.05.2023-y., 10/23/3434/0279-son)