1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.17.00 Hisob-kitoblar (shuningdek, 07.21.03.00ga qarang) / 03.11.17.06 Plastik kartochkalar boʻyicha va elektron toʻlov tizimlari orqali hisob-kitob;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.03.00.00 Pul tizimi va pul muomalasi. Inflyatsiya / 07.03.02.00 Naqd pul emissiyasi, pul muomalasini tashkil qilish va tartibga solish. Inflyatsiya]
[TSZ:
1.Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 29-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3231]
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy banki raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-fevral,
3/13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 13/3-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ayirboshlash operatsiyasi — bir elektron pullar emitenti (bundan buyon matnda emitent deb yuritiladi) tomonidan chiqarilgan elektron pullarni boshqa emitent tomonidan chiqarilgan elektron pullarga almashtirish operatsiyasi;
bir emitentli elektron pullar tizimi — bir emitent tomonidan elektron pullarning chiqarilishini va ularning elektron pullar tizimida muomalada boʻlishini taʼminlovchi elektron pullar tizimi;
koʻp emitentli elektron pullar tizimi — ikki va undan ortiq emitentlar tomonidan elektron pullarning chiqarilishini va ularning yagona elektron pullar tizimida muomalada boʻlishini taʼminlovchi elektron pullar tizimi;
oldindan toʻlangan karta (prepaid card) — personallashtirilmagan toʻlov vositasi boʻlib, bank hisobvaragʻiga bogʻlanmagan holda oldindan kirim qilingan elektron pul mablagʻlaridan foydalanish imkonini beruvchi karta;
xavfsizlik tartib-taomili — elektron pullar egasining elektron hamyonga kirish va elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqlarini belgilashga moʻljallangan xavfsizlik va axborotni himoya qilishni taʼminlovchi dasturiy-texnik vositalar va chora-tadbirlar majmuasi;
elektron pullar tizimining agentlari — emitent yoki elektron pullar tizimining operatori (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullarni olish va jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish operatsiyalarini amalga oshiruvchi banklar yoki toʻlov agentlari;
elektron pullar tizimining ishlash qoidalari (bundan buyon matnda elektron pullar tizimining qoidalari deb yuritiladi) — elektron pullarni chiqarish, realizatsiya qilish, sotib olish, qoplash, shuningdek elektron pullardan foydalangan holda elektron pullar tizimida operatsiyalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan va operator tomonidan belgilanadigan tartib-taomillari;
elektron pullar egasining shaxsiy kabineti — elektron pullar egasining elektron pullar tizimining internet resursidagi shaxsiy boʻlimi;
elektron pullarni qoplash — emitent tomonidan oʻzi chiqargan, elektron pullar egasi taqdim etgan elektron pullarni ularning nominal qiymatiga teng pul mablagʻlari summasiga almashtirish operatsiyasining amalga oshirilishini nazarda tutuvchi toʻlov xizmati;
elektron pullarning chiqarilishini tugatish — emitent tomonidan elektron pullarni chiqarish boʻyicha toʻlov xizmatlarini koʻrsatish faoliyatining tugatilishi;
elektron hamyon — elektron pullar tizimining dasturiy taʼminoti, mikroprotsessor (chip), elektron pullar saqlanadigan va ulardan foydalanish imkonini beradigan dasturiy-texnik qurilmasi;
elektron hamyonni bloklash — elektron hamyonga kirishni va elektron pullardan foydalanishni taqiqlash;
emitent — Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) va banklar elektron pullarning emitentidir.
2-bob. Elektron pullar tizimining faoliyatini tashkil etish
2. Emitent, operator, elektron pullar tizimining agenti, elektron pullar egasi, shuningdek emitent bilan shartnoma tuzgan banklar, toʻlov tashkilotlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslar elektron pullar tizimining subyektlari hisoblanadi.
3. Elektron pullar tizimining ishlashini taʼminlaydigan bank va (yoki) tegishli litsenziyaga ega boʻlgan toʻlov tashkiloti operator hisoblanadi.
4. Emitent yoki emitent boʻlmagan boshqa bank operator bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining hisob-kitob banki (bundan buyon matnda hisob-kitob banki deb yuritiladi) boʻlishi mumkin.
5. Emitent elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni boshlashi toʻgʻrisida Markaziy bankka mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada operatorning (tovar belgisining) nomlanishi va operatorga berilgan litsenziya raqami, emitent, operatorning hisob-kitob banki va elektron pullar tizimi agentlari haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
6. Emitent Markaziy bankka xabarnoma bilan birgalikda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
emitent operator boʻlmagan hollarda va unga elektron pullar tizimining tovar belgisi tegishli boʻlmagan taqdirda emitentning elektron pullar tizimidagi oʻrnini tasdiqlovchi hujjatlarni (operator bilan tuzilgan shartnoma);
elektron pullar tizimi subyektlari bilan tuziladigan shartnomalar namunalarini.
7. Markaziy bank tomonidan xabarnoma olinganidan keyin oʻn kun ichida taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqiladi hamda Markaziy bankning rasmiy veb-saytida yuritiladigan Elektron pullar tizimi reyestriga elektron pullar chiqarilishining boshlangʻich sanasi haqida tegishli maʼlumot kiritiladi.
Emitent Markaziy bank boʻlgan taqdirda oʻzining elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatini boshlashi haqida kamida oʻttiz kun oldin rasmiy veb-saytida eʼlon beradi va Elektron pullar tizimi reyestriga elektron pullar chiqarilishining boshlangʻich sanasi haqida tegishli maʼlumot kiritiladi.
8. Emitent va operator elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga muvofiq, elektron pullarga ruxsatsiz ega boʻlish va (yoki) ulardan ruxsatsiz foydalanish, shuningdek elektron pullar emitentining dasturiy taʼminoti ishidagi yoxud elektron pullar tizimining faoliyat koʻrsatishidagi xatolar yoki uzilishlar oqibatida elektron pullar egasiga yetkazilgan zarar boʻyicha elektron pullarning egasi oldida javobgar boʻladi.
9. Operator emitent bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq elektron pullar tizimining qoidalarini belgilaydi. Koʻp emitentli elektron pullar tizimida elektron pullar tizimining qoidalari har bir emitent bilan kelishilgan boʻlishi lozim. Bunda operator elektron pullar tizimining qoidalarini Markaziy bankka taqdim qiladi.
10. Operator elektron pullar tizimida tranzaksiyalarni elektron pullar tizimi qoidalariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlaydi.
11. Operator quyidagi hollarda emitent(lar) nomidan elektron pullar tizimining boshqa subyektlari bilan shartnomalar tuzishga haqli:
bir emitentli elektron pullar tizimida — emitent va operator oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda;
koʻp emitentli elektron pullar tizimida — operator bilan har bir emitent oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollarda.
Bunda, operator elektron pullar bilan bogʻliq operatsiyalarni har bir emitent boʻyicha elektron pullar hisobining alohida yuritilishini taʼminlaydi.
3-bob. Elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilish
12. Elektron pullarning chiqarilishi emitent tomonidan jismoniy shaxs yoki elektron pullar tizimining agentidan qabul qilingan pul mablagʻlari doirasida, elektron pullar tizimi qoidalari hamda elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Elektron pullarning hisobi emitent tomonidan hisob-kitob bankida ochiladigan maxsus depozit hisobvaragʻida yuritiladi. Maxsus depozit hisobvaragʻidan faqat elektron pullarni chiqarishda pul mablagʻlarini kirim qilish va ularni qoplashda pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi. Mazkur hisobvaraqdagi qoldiq mablagʻ tegishli elektron pullar tizimida chiqarilgan barcha elektron pullar boʻyicha majburiyatlarning yigʻindisiga teng boʻlishi shart.
14. Elektron pullarni jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish yoki elektron pullarni jismoniy shaxslardan sotib olish emitent yoki operator bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining agenti tomonidan amalga oshiriladi, ushbu shartnomada taraflarning huquq va majburiyatlari, elektron pullarni realizatsiya qilish hamda sotib olish tartibi va shartlari belgilanadi.
15. Emitent yoki operator elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilguniga qadar elektron pullar tizimida ishtirok etadigan jismoniy shaxsga:
emitentning va operatorning nomi hamda joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek operator bank hisoblanmagan hollarda esa, toʻlov tashkilotining litsenziyasi raqami;
elektron pullardan foydalanish shartlari;
elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplashda emitent va (yoki) operator tomonidan elektron pullar egasidan vositachilik haqini undirish tartibi va miqdori;
eʼtirozlarni berish usullari va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida, shu jumladan emitent yoki operator bilan bogʻlanish uchun axborot taqdim etishi shart.
16. Elektron pullarni jismoniy shaxsga va elektron pullar tizimining agentiga realizatsiya qilish elektron pullar tizimi tomonidan har bir elektron pullar egasi uchun shakllantiriladigan elektron hamyonga emitentdan sotib olingan elektron pullarni kirim qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
17. Emitent yoki operator bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining agenti elektron pullar tizimida elektron hamyonga ega boʻlgan jismoniy shaxslarga elektron pullarni realizatsiya qilish yoki ularni qoplash maqsadida elektron pullarni nominal qiymati boʻyicha elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxsdan sotib olishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida emitent tomonidan chiqariladigan elektron pullar faqat milliy valyutada nominallashtirilgan boʻlishi shart.
18. Emitent tomonidan elektron pullarning chiqarishda elektron pullarning egasiga elektron pullarni realizatsiya qilinganligi va elektron pullarning egasi elektron pullarni sotib olganligini tasdiqlovchi kvitansiya yoki boshqa tasdiqlovchi hujjat (bundan buyon matnda kvitansiya deb yuritiladi) qogʻoz yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
19. Kvitansiya quyidagi rekvizitlarga ega boʻlishi shart:
emitent va operatorning nomi;
operatsiyaning amalga oshirilgan sanasi (kun, oy va yil) hamda vaqti (soat, minut va soniya);
operatsiyaning tartib raqami;
chiqarilgan elektron pullar summasi;
elektron pullar egasiga tegishli boʻlgan elektron hamyonning identifikatsiya kodi;
undiriladigan vositachilik haqi miqdori (agar elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan boʻlsa).
Kvitansiyaga emitent tomonidan qoʻshimcha rekvizitlar kiritilishi mumkin.
20. Elektron pullar tizimining agenti tomonidan elektron pullarni realizatsiya qilishda jismoniy shaxsga ushbu pullarning realizatsiya qilinganligini tasdiqlovchi hujjat qogʻoz yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
Ushbu hujjat quyidagi rekvizitlarga ega boʻlishi shart:
agent, emitent va operatorning nomi;
operatsiyaning amalga oshirilgan sanasi (kun, oy va yil) hamda vaqti (soat, minut va soniya);
amalga oshirilgan operatsiyaning tartib raqami;
realizatsiya qilingan elektron pullar summasi;
elektron pullar egasiga tegishli elektron hamyonning identifikatsiya kodi;
undiriladigan vositachilik haqi miqdori (agar elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan boʻlsa).
Mazkur hujjatga emitent yoki operator tomonidan qoʻshimcha rekvizitlar kiritilishi mumkin.
21. Elektron pullar tizimining agenti tomonidan elektron pullarni sotib olish va realizatsiya qilish, shuningdek elektron pullarni realizatsiya qilishda jismoniy shaxslardan qabul qilingan pul mablagʻlari hisobini yuritish tartibi va shartlari agent hamda emitent yoki operator oʻrtasida tuzilgan shartnomada koʻrsatiladi.
22. Elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs elektron pullardan toʻlovlarni va elektron pullar tizimining qoidalarida belgilangan hamda qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan shartlar asosida egasidan elektron pullarni elektron pullar tizimining boshqa ishtirokchisiga oʻtkazish orqali boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida foydalanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
23. Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni toʻlashda faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi mumkin.
24. Yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan elektron pullarni bitimlarni amalga oshirishda toʻlov sifatida qabul qilish emitent yoxud elektron pullar tizimining ishtirokchisi boʻlgan boshqa bank bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
25. Elektron pullarning egasi tomonidan elektron pullardan foydalanish elektron pullar tizimining qoidalari hamda elektron pullarning egasi va emitent yoki operator oʻrtasida tuzilgan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
26. Elektron pullardan foydalangan holda operatsiyalarni amalga oshirish shartlari elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
27. Elektron pullar tizimida bitimlar boʻyicha toʻlovlar, elektron pullar tizimi qoidalariga muvofiq bir elektron pullar egasining elektron hamyonidan boshqa elektron pullar egasining elektron hamyoniga elektron pullarni oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
28. Elektron pullar elektron pullar tizimida har bir elektron pullar egasiga elektron pullar tizimining qoidalari, elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma hamda emitent va operator oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq elektron hamyon shakllantiriladi yoki oldindan toʻlangan karta (prepaid card) koʻrinishida emitent, operator yoki elektron pullar tizimining agenti tomonidan beriladi.
29. Har bir elektron hamyonga elektron pullar tizimi tomonidan yaratiladigan va tizimda birinchi marta roʻyxatdan oʻtish chogʻida beriladigan noyob identifikatsiya raqami biriktiriladi. Elektron hamyon egasi elektron hamyonning identifikatsiya raqami boʻyicha autentifikatsiya oʻtkazilgandan soʻng elektron hamyonga kirish va elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
30. Operator elektron pullar tizimining internet resursidagi elektron pullar egasining shaxsiy kabineti orqali autentifikatsiya oʻtkazilganidan soʻng, uning elektron hamyonga kirishini taʼminlaydi.
Elektron pullar egasining shaxsiy kabineti orqali koʻrsatiladigan toʻlov xizmatlari roʻyxati va ularni koʻrsatish tartibi elektron pullar tizimi qoidalari hamda elektron pullar egasi va emitent yoki operator oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq belgilanadi.
31. Operator elektron pullarni ayirboshlash operatsiyalarini turli elektron pullar tizimlari hamda koʻp emitentli elektron pullar tizimi doirasida amalga oshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan chiqarilgan chet el valyutasida nominallashtirilgan elektron pullarni ayirboshlash operatsiyalari emitent tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti bilan shartnomasi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
32. Elektron pullardan mazkur elektron pullar tizimining subyekti boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslardan tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish uchun foydalanish mumkin.
33. Emitent yoki operator tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslarga maxsus elektron hamyonlar shakllantiriladi. Mazkur hamyonlarga elektron pullar faqat realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun keyinchalik bank hisobvaraqlariga ularning nominal qiymatiga teng boʻlgan pul mablagʻlari summasini oʻtkazish maqsadida qabul qilinadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslarning maxsus elektron hamyonlaridagi elektron pullar mazkur elektron pullar tizimida qayta realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning elektron pullarini qoplash tartibi va muddatlari emitent bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilanadi. Agar emitent va yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, emitent yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxslardan bitim boʻyicha toʻlov amalga oshirilgan vaqtda olingan elektron pullarni qoplashni elektron pullar kelib tushgan kun davomida amalga oshiradi.
35. Elektron pullar tizimida amalga oshirilgan har qanday operatsiya boʻyicha chek yoki boshqa tasdiqlovchi hujjat (bundan buyon matnda tasdiqlovchi hujjat deb yuritiladi) elektron pullar egasining mobil aloqa vositalariga SMS-xabar va (yoki) elektron pochta manziliga xabar tarzida yuborilishi shart.
Tasdiqlovchi hujjat quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart:
elektron hamyonning identifikatsiya kodi;
toʻlovni identifikatsiyalovchi tranzaksiya kodi;
yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxsning nomi va STIRi;
tasdiqlovchi hujjat raqami;
toʻlov summasi;
operatsiyaning amalga oshirilgan sanasi (kun, oy va yil) hamda vaqti (soat, minut va soniya).
Tasdiqlovchi hujjatda boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
36. Operator elektron pullar bilan operatsiyalar amalga oshirilishida identifikatsiya qilingan elektron pullar egasining aniqlanishini va identifikatsiya qilinmagan elektron pullar egasining elektron hamyonidagi zaruriy rekvizitlarini aniqlanishini taʼminlaydi.
37. Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq operator elektron pullar tizimida amalga oshiriladigan operatsiyalarning eng koʻp summasiga doir quyidagi talablar oʻrnatilishini taʼminlaydi:
identifikatsiya qilingan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng koʻp summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravariga teng boʻlgan summadan oshmasligini;
identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxsning bitta elektron hamyonida (qurilmasida) saqlanadigan elektron pullarning eng koʻp summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravariga teng boʻlgan summadan oshmasligini;
identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng koʻp summasi bazaviy hisoblash miqdoriga teng boʻlgan summadan oshmasligini.
38. Elektron pullar egasining soʻroviga koʻra operator unga elektron hamyondan foydalangan holda amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan elektron koʻchirmani taqdim etadi.
39. Elektron pullar tizimida elektron hamyon quyidagi hollarda operator yoki emitent tomonidan bloklanadi:
yoʻqolganligi, oʻgʻirlanganligi yoki elektron hamyondan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisida elektron pullar egasidan xabarnoma olinganda;
elektron pullar egasi tomonidan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari buzilganda;
shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Elektron hamyonni bloklashga sabab boʻlgan omillar toʻliq bartaraf etilgandan keyin elektron hamyon foydalanish uchun qayta tiklanadi (aktiv holatga oʻtkaziladi).
40. Operator emitentga elektron pullar egasi tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar va tranzaksiyalar haqidagi maʼlumotlarni onlayn rejimida olish imkoniyatini taʼminlaydi.
41. Elektron hamyon bloklangan hollarda emitent hamda operator elektron pullar egasining elektron hamyoni bloklangan vaqtgacha yuzaga kelgan majburiyatlarning toʻliq ijro etilishini taʼminlashi shart.
42. Operator boshqa elektron pullar tizimi operatori bilan hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzolashi mumkin, agar bunday hamkorlik tartibi elektron pullar tizimi qoidalarida aks ettirilgan boʻlsa.
5-bob. Elektron pullarni qoplash
43. Emitent elektron pullar egasi tomonidan taqdim qilingan elektron pullarni elektron pullar tizimi qoidalari hamda emitent va elektron pullar egasi oʻrtasida tuzilgan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq naqd pulga almashtirish yoki naqd pulsiz mablagʻlarni elektron pullar egasining bank hisobvaragʻiga kirim qilish orqali qoplaydi.
44. Emitent elektron pullar egasi tomonidan elektron pullarni qoplash uchun taqdim qilingan elektron pullarning muomaladan chiqarilishini taʼminlaydi.
45. Emitent tomonidan elektron pullar quyidagi hollarda qoplangan hisoblanadi:
elektron pullar egasi — jismoniy shaxsning bank hisobvaragʻiga tegishli summa kirim qilingan yoki unga naqd pul mablagʻi berilgan paytdan boshlab;
elektron pullar egasi — yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxsning bank hisobvaragʻiga tegishli mablagʻ kirim qilingan paytdan boshlab.
Emitent tomonidan elektron pullarni qoplash operatsiyasi amalga oshirilganligi toʻgʻrisida elektron pullar egasiga qogʻoz yoki elektron shaklda kvitansiya beriladi.
46. Emitent elektron pullarni chiqarish boʻyicha faoliyatini tugatadigan taqdirda, kamida oʻttiz kun oldin Markaziy bankka mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboradi va bu haqida oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
Emitent Markaziy bank boʻlgan taqdirda, elektron pullarni chiqarish boʻyicha faoliyatini tugatishidan kamida oʻttiz kun oldin bu haqida oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon berishi shart.
47. Elektron pullar tizimida emitent elektron pullarni chiqarish boʻyicha faoliyatini tugatishidan kamida oʻttiz kun oldin elektron pullar egalarini va elektron pullar tizimining boshqa subyektlarini ommaviy axborot vositalari, shuningdek elektron vositalar orqali mazkur faoliyatni tugatayotganligi haqida xabardor qiladi. Bunda ushbu xabar bir necha bor takrorlanishi mumkin va elektron pullarni qoplash muddatini oʻz ichiga olishi kerak.
48. Elektron pullarni chiqarish faoliyatini tugatish boʻyicha emitent tomonidan belgilangan muddat yakunlangandan soʻng, elektron pullar egasi tomonidan elektron pullarni qoplash boʻyicha murojaat qilinmagan taqdirda, ularning elektron hamyonidagi elektron pullari emitent tomonidan majburiy ravishda qoplanadi. Bunda emitent tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslarning elektron pullari — ularning bank hisobvaraqlariga elektron hamyonidagi qoldiq summani toʻliq oʻtkazib berish;
identifikatsiya qilingan elektron pullar egasi boʻlgan jismoniy shaxsning elektron pullari — bank hisobvaragʻiga elektron hamyonidagi qoldiq summani toʻliq oʻtkazib berish;
identifikatsiya qilinmagan elektron pullar egasi boʻlgan jismoniy shaxsning elektron pullari — elektron hamyonidagi qoldiq summani emitentning jismoniy shaxs talab qilguniga qadar saqlanadigan maxsus hisobvaragʻiga toʻliq kirim qilish orqali qoplanadi.
49. Elektron pullarni qoplash boʻyicha murojaat qilmagan jismoniy shaxslarning elektron pullari emitent tomonidan majburiy ravishda qoplanganidan soʻng:
identifikatsiya qilingan elektron pullar egasi hisoblangan jismoniy shaxslar — shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim qilish;
identifikatsiya qilinmagan elektron pullar egasi hisoblangan jismoniy shaxslar — emitent tomonidan elektron pochta manzillariga yoki mobil aloqa vositalariga oldindan yuborilgan kodli maʼlumotni taqdim etish orqali pul mablagʻlarini olishlari mumkin.
Bunda, emitent jismoniy shaxslarning shaxsni tasdiqlovchi hujjati asosida pul mablagʻlarini oluvchilar roʻyxatini yuritadi.
50. Elektron pullarni qoplash uchun belgilangan muddat yakunlanganidan keyin, emitent uch ish kuni mobaynida Markaziy bankka elektron pullarni qoplash operatsiyasi amalga oshirilgan elektron pullar hisobiga emitentning bank hisobvaragʻiga kirim qilingan mablagʻlar, elektron pullar egalari soni va elektron pullar summalari toʻgʻrisida tegishli maʼlumot taqdim etadi.
51. Emitentlar koʻp emitentli elektron pullar tizimida elektron pullarni chiqarish faoliyatini tugatganda:
elektron pullar tizimining biror-bir emitenti bilan tuzilgan shartnoma asosida unga chiqarilgan elektron pullar boʻyicha majburiyatlarni topshiradi;
chiqarilgan elektron pullar boʻyicha majburiyatni koʻp emitentli elektron pullar tizimining biror-bir emitentiga topshirish toʻgʻrisida shartnoma mavjud boʻlmasa, chiqarilgan elektron pullar boʻyicha majburiyatlarni bajarish va qoplash tartibi bir emitentli tizim uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
52. Faoliyatini tugatgan emitentning majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan emitent tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslar, shuningdek elektron pullar tizimining agentiga elektron pullar tizimi qoidalariga hamda ular oʻrtasida tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq boshqa talablar qoʻyilishi mumkin.
6-bob. Elektron pullar tizimida xavfsizlikni taʼminlash va risklarni boshqarish
53. Emitent va operator elektron pullar tizimida firibgarlikni hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni, terrorizmni moliyalashtirishni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishni aniqlash, shuningdek ularning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq tashkiliy hamda tartib-taomilga oid chora-tadbirlarni taʼminlash va joriy etish choralarini koʻradi.
54. Ruxsat etilmagan toʻlovlardan himoyalanish tartib-taomillari elektron pullar tizimining qoidalari va elektron pullar tizimi subyektlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar bilan belgilanadi.
55. Elektron pullar tizimining dasturiy-texnik vositalari va elektron hamyonlariga ruxsatsiz kirishning oldini olish vositalari va choralari, shuningdek tashkiliy choralar axborotni yetarli darajada muhofaza qilishini taʼminlashi shart.
56. Elektron pullar tizimida qoʻllaniladigan axborot xavfsizligi va muhofazasining tartib-taomillari, elektron pullar muomalasining barcha bosqichlarida axborotning uzluksiz muhofazasini taʼminlashi shart, shu jumladan:
elektron pullar egasining elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun huquqlarini aniqlash;
elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda aniqlangan insidentlarning sabablarini aniqlash;
axborotdan ruxsatsiz foydalanishdan himoyalash va axborotning yaxlitligini taʼminlash.
57. Emitent va operator oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq emitent yoki operator elektron pullar egalarining elektron hamyonlaridagi elektron pullar qoldigʻi va ular tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalarga doir axborot hisobini yuritadi.
Operator elektron hamyonlardan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha operatsiyalarning roʻyxatga olinishini, operatsiyalar toʻgʻrisida statistik va axborot tarzidagi hisobotlarning shakllantirilishini va operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular shakllantirilgan, joʻnatilgan yoki qabul qilingan formatida, yaxlitligi va oʻzgarmasligiga amal qilgan holda besh yildan kam boʻlmagan muddatda saqlanishini taʼminlaydi.
58. Elektron pullar tizimida risklarni boshqarish quyidagilarning mavjudligiga asoslangan boʻlishi lozim:
tizim ishining ichki nazorati va auditi tartib-taomillari, tizimning ishlashi va tranzaksiyalar toʻgʻrisida maʼlumotlarni saqlash;
har bir tranzaksiya boʻyicha maʼlumotlarni oʻz vaqtida qayta ishlash, hisobga olish va axborotni saqlash, tizimda maʼlumotlarni himoya qilish va saqlashni taʼminlovchi axborot tizimi;
malakali xodimlarning mavjudligi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
59. Operator har oyning uchinchi sanasidan kechiktirmay, Markaziy bankka elektron pullar tizimining oʻtgan oydagi faoliyati toʻgʻrisida mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shaklda hisobot taqdim qiladi.
60. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(60-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
61. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2020-yil 30-mart
Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarni chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalariga 1-ILOVA
№ _______ “___” __________20___ yil.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki
Elektron pullarning chiqarilishini boshlash (tugatish) toʻgʻrisida XABARNOMA
Elektron pullar emitenti ______________________________________________________________________
20__ yil “____” _________ dan elektron pullarning chiqarilishini boshlash (tugatish) toʻgʻrisida xabar beradi.
Elektron pullar tizimining nomi: _______________________________________________________________
Elektron pullar tizimi operatorining nomi: ______________________________________________________ ____________________________________________________________________________________________
Elektron pullar tizimi hisob-kitob bankining nomi: _______________________________________________
Elektron pullar tizimining agentlari:
T/r
Nomi
Pochta manzili
1.
2.
...
...
...
Xabar beruvchining vakolatli vakili
(lavozimi)
(F.I.Sh.)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarni chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalariga 2-ILOVA
Elektron pullarni chiqarilishi va muomalada boʻlishi boʻyicha faoliyat toʻgʻrisida
HISOBOT
20___ yil 1 ________ holatiga
(oy)
_____________________________________________
(Elektron pullar tizimi operator nomi)
T/r
Emitent nomi
Elektron hamyonlar soni va ulardagi qoldiq miqdori (oy boshiga)
Elektron pullar tizimida oy davomida amalga oshirilgan operatsiyalar
Elektron hamyonlar soni va ulardagi qoldiq miqdori
(oy oxiriga)
kirim
chiqim
Elektron hamyonlarni toʻldirish
YTT/YuSh tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlov
Elektron pullarni qoplash
Elektron pullar egasi — jismoniy shaxs
YTT/YuSh, agent
soni
miqdori (soʻmda)
soni
miqdori (soʻmda)
soni
miqdori (soʻmda)
Elektron pullar egasi — jismoniy shaxs
YTT/YuSh, agent
soni
miqdori (soʻmda)
soni
miqdori (soʻmda)
soni
miqdor (soʻmda)
soni
miqdor (soʻmda)
1
2
3
4
5
6
7
8
9
10
11
12
13
14
15
1.
2.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2020-y., 10/20/3231/0529-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)