Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Hakamlik sudlari toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 8-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida hakamlik sudlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Hakamlik sudlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Hakamlik sudlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining hakamlik sudlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari — doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining nizomi va reglamenti;
Oldingi tahrirga qarang.
doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining nizomi — hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjat boʻlib, u doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining huquqiy maqomini, tashkil etilishini, faoliyatini tartibga soladi, shuningdek uning mazkur hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti hamda boshqa yuridik shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydi;
(3-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Oldingi tahrirga qarang.
doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining reglamenti —hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan, hakamlik muhokamasi qoidalarini qamrab olgan lokal hujjat;
(3-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
hakamlik bitimi — taraflarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi kelishuvi;
hakamlik bitimi taraflari — hakamlik bitimi tuzgan yuridik va jismoniy shaxslar;
hakamlik muhokamasi — nizoni hakamlik sudida hal etish jarayoni;
hakamlik muhokamasi taraflari — oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga daʼvo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (daʼvogarlar), shuningdek oʻziga nisbatan daʼvo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar);
hakamlik muhokamasi qoidalari — hakamlik sudida nizoni hal etishni tartibga soluvchi, hakamlik sudiga murojaat qilish, hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) qoidalarini va hakamlik muhokamasi tartib-taomilini oʻz ichiga oluvchi normalar;
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik sudi (doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi yoki muvaqqat hakamlik sudi) — fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat tuzilma;
(3-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
hakamlik sudyasi — hakamlik sudida nizoni hal etish uchun hakamlik bitimi taraflari tomonidan saylangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
4-modda. Hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari
Hakamlik sudlarining faoliyati qonuniylik, mustaqillik, hakamlik muhokamasi maʼlumotlarining oshkor qilinmasligi, hakamlik sudyalarining xolisligi, dispozitivlik, hakamlik muhokamasi taraflarining tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
5-modda. Hakamlik sudlarini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi va muvaqqat hakamlik sudlari tashkil etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hakamlik sudlarini tashkil etishi hamda hakamlik bitimi taraflari boʻlishi mumkin emas.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Hakamlik sudlari yuridik shaxs boʻlmaydi.
6-modda. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi
Oldingi tahrirga qarang.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tashkil etiladi va uning huzurida faoliyat koʻrsatadi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Oldingi tahrirga qarang.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi nodavlat notijorat tashkiloti doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudini tashkil etish haqida qaror qabul qilganida, doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarini va kamida uch nafardan iborat hakamlik sudyalari roʻyxatini tasdiqlaganida tashkil etilgan deb hisoblanadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Oldingi tahrirga qarang.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti uning tashkil etilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxalarini hakamlik sudi joylashgan yerdagi adliya organiga yuboradi.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi oʻz nomi yozilgan blanka va yumaloq muhrga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisob-kitob varaqlari, valyuta hisobvaraqlariga hamda boshqa bank hisobvaraqlariga ega boʻlishi mumkin.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi faoliyatini tugatish tartibi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanadi.
7-modda. Muvaqqat hakamlik sudi
Muvaqqat hakamlik sudi hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan muayyan nizoni hal etish uchun ular tomonidan tashkil etilib, nizo koʻrib chiqilganidan keyin muvaqqat hakamlik sudi oʻz faoliyatini tugatadi. Hakamlik sudida raislik qiluvchi (nizo hayʼatda koʻrib chiqilayotganda) yoxud hakamlik sudyasi (nizo yakka tartibda koʻrib chiqilayotganda) hakamlik bitimi nusxasini va muvaqqat hakamlik sudi tashkil etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani mazkur sud joylashgan yerdagi adliya organiga hakamlik muhokamasi boshlanguniga qadar yuboradi.
Muvaqqat hakamlik sudini tashkil etish tartibi hakamlik bitimi taraflari tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
8-modda. Hakamlik sudlari hisobini yuritish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tegishli hududlarda doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudlari hisobini roʻyxatdan oʻtkazishni va muvaqqat hakamlik sudlarini hisobga olishni amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudlarini tashkil etish va faoliyatini tugatish, muvaqqat hakamlik sudlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi, shuningdek doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudlari tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalari haqidagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tizimlashtiriladi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”da eʼlon qilinadi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hakamlik sudlari hisobini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan Nizom bilan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 30-oktabrdagi 235-son qarori bilan tasdiqlangan Hakamlik sudlari hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
2-bob. Hakamlik sudlari tomonidan hal etiladigan nizolar. Hakamlik bitimi
9-modda. Hakamlik sudlari tomonidan hal etiladigan nizolar
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etadi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudlari maʼmuriy, oilaviy va mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, yer bilan bogʻliq, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash, budjet tizimi budjetlaridan hamda davlat organlaridan, tashkilotlaridan va muassasalaridan, davlat ishtirokidagi korxonalardan, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan pul mablagʻlarini undirish bilan bogʻliq nizolarni, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa nizolarni hal etmaydi.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
10-modda. Nizolar hal etilayotganda va hal qiluv qarorlari qabul qilinayotganda hakamlik sudi tomonidan qoʻllaniladigan normalar
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudi nizolarni Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi asosida hal qiladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 10-moddasi.
Hakamlik sudi shartnoma shartlariga muvofiq va ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar hakamlik bitimi taraflarining munosabatlari qonunchilik yoki hakamlik bitimi taraflarining kelishuvi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan boʻlsa va bu munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladigan ish muomalasi odati mavjud boʻlmasa, hakamlik sudi shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini qoʻllaydi (qonun oʻxshashligi), mazkur hollarda qonun oʻxshashligidan foydalanish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa hakamlik bitimi taraflarining huquq va majburiyatlari qonunchilikning mazmunidan (huquq oʻxshashligi) hamda halollik, oqillik va adolat talablaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Nizoni hakamlik sudining hal qiluviga topshirish
Hakamlik bitimi mavjud boʻlgan taqdirda, nizo hakamlik sudining hal qiluviga topshirilishi mumkin.
Vakolatli sudning hal qiluvida boʻlgan nizoga oid hakamlik bitimi vakolatli sud nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar tuzilishi mumkin.
12-modda. Hakamlik bitimining shakli
Hakamlik bitimi yozma shaklda tuziladi. Hakamlik bitimi shartnomaning tarkibiy qismi boʻlgan shartnoma sharti yoki alohida bitim tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.
Hakamlik bitimi, agar u hakamlik bitimi taraflari tomonidan imzolangan hujjatda ifodalangan boʻlsa yoki bunday bitimni qayd etishni taʼminlovchi elektron yoxud boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda xatlar yoki xabarlar almashish yoʻli bilan tuzilgan boʻlsa, yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
13-modda. Hakamlik bitimining mazmuni
Hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud ayrim nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi koʻrsatilishi lozim.
Hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qoʻllaniladigan qoidalari, nizoni koʻrib chiqish muddati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, hakamlik bitimi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
3-bob. Hakamlik sudyalari. Hakamlik sudining tarkibi
14-modda. Hakamlik sudyasiga qoʻyiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan maxsus dastur asosida oʻquv kursidan oʻtishi hamda oʻz bilimlarini va kasbiy malakasini doimiy ravishda oshirib borishi kerak.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan, nizoning xolis hal qilinishini taʼminlashga qodir boʻlgan, nizoning pirovard natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlmagan, hakamlik bitimi taraflaridan mustaqil boʻlgan va hakamlik sudyasi majburiyatlarini bajarishga rozilik bergan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin.
Nizoni yakka tartibda hal qiluvchi hakamlik sudyasi oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Nizo hayʼatda hal qilinayotganda hakamlik sudi tarkibining raisi oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi kerak.
Hakamlik sudyasining malakasiga qoʻyiladigan talablar hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida bevosita kelishib olinishi yoki doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanishi mumkin.
Quyidagilar hakamlik sudyasi boʻlishi mumkin emas:
Oldingi tahrirga qarang.
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs;
(14-modda beshinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun sudya, advokat, notarius, tergovchi, prokuror yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati qonunda belgilangan tartibda tugatilgan shaxs;
qonunda belgilangan mansab maqomiga muvofiq hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin boʻlmagan shaxs.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunining 43-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 66-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonuni.
15-modda. Hakamlik sudining tarkibini shakllantirish
Hakamlik sudining tarkibini shakllantirish hakamlik sudyalarini (hakamlik sudyasini) saylash (tayinlash) orqali amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari mazkur hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlangan hakamlik sudyalari roʻyxatiga kiritilgan sudyalar orasidan saylanadi (tayinlanadi). Agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa yoki hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotganda) yoxud agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash toʻgʻrisida oʻzlari saylangan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kelisha olmasalar, ularni tayinlash doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining raisi tomonidan hakamlik bitimi taraflaridan birining iltimosiga binoan oʻn kun muddatda amalga oshiriladi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyalari hakamlik bitimi taraflari tomonidan saylanadi. Agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa yoki hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotganda) yoxud agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash toʻgʻrisida oʻzlari saylangan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kelisha olmasalar, nizo hal qilish uchun vakolatli sudga topshiriladi. Bunda hakamlik bitimining amal qilishi tugatiladi.
Hakamlik sudyalarining soni toq boʻlishi kerak.
Hakamlik bitimi taraflari ushbu moddaning qoidalariga rioya etgan holda hakamlik sudyalarining sonini oʻz xohishlariga koʻra belgilashlari, hakamlik sudi tarkibini shakllantirish tartibini kelishib olishlari mumkin. Agar hakamlik bitimi taraflari hakamlik sudyalarining sonini belgilamasa, hakamlik sudining tarkibi uch nafar hakamlik sudyasidan shakllantiriladi.
Hakamlik muhokamasi hakamlik sudining hayʼat tarkibi tomonidan oʻtkazilayotganda hakamlik bitimining har bir tarafi hakamlik sudyalarini teng miqdorda saylaydi va shunday tarzda saylangan hakamlik sudyalari boshqa hakamlik sudyasini — raislik qiluvchini tayinlaydi.
16-modda. Hakamlik sudyasini rad qilish
Ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan hollarda, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik sudyasini rad qilish haqida arz qilishlari mumkin.
Hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkinligi munosabati bilan murojaat etilgan shaxs hakamlik bitimi taraflariga oʻzining rad qilinishi uchun asos boʻluvchi holatlar mavjudligi haqida maʼlum qilishi kerak. Agar koʻrsatilgan holatlar hakamlik muhokamasi vaqtida yuzaga kelgan boʻlsa, hakamlik sudyasi bu haqda darhol hakamlik muhokamasi taraflariga maʼlum qilishi va oʻzini oʻzi rad qilish haqida ariza berishi kerak.
Hakamlik muhokamasi taraflari saylangan (tayinlangan) hakamlik sudyasining rad qilinishi uchun asos boʻluvchi holatlar rad qilinayotgan hakamlik sudyasi saylanganidan (tayinlanganidan) keyin oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan taqdirdagina uni rad qilish haqida arz qilishlari mumkin.
17-modda. Hakamlik sudyasini rad qilish tartibi
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida belgilanishi mumkin.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishib olinishi mumkin.
Agar hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida belgilanmagan boʻlsa yoki hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishib olinmagan boʻlsa, hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudyasini rad qilish haqidagi yozma arizani rad qilish sabablarini koʻrsatgan holda hakamlik sudi tarkibiga berishi kerak.
Rad qilinishi talab etilayotgan hakamlik sudyasi rad qilish haqidagi masala koʻrib chiqilguniga qadar oʻz tushuntirishlarini berishga haqli.
Agar rad qilinishi talab etilayotgan hakamlik sudyasi oʻzini oʻzi rad qilmasa yoki hakamlik muhokamasining boshqa tarafi hakamlik sudyasini rad qilishga rozi boʻlmasa, hakamlik sudyasini rad qilish haqidagi masala hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi boshqa hakamlik sudyalari tomonidan hal etiladi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolsa, hakamlik sudyasi rad qilingan hisoblanadi. Hakamlik sudining butun tarkibini rad qilish haqidagi masalalar shu hakamlik sudi tarkibi tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan, nizoni yakka tartibda koʻradigan hakamlik sudyasini rad qilish toʻgʻrisidagi masalalar esa shu hakamlik sudyasining oʻzi tomonidan hal etiladi.
18-modda. Hakamlik sudyasining vakolatlarini tugatish
Hakamlik sudyasining vakolatlari muayyan nizo boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin tugatiladi. Ushbu Qonunning 40, 41 va 42-moddalarida nazarda tutilgan hollarda hakamlik sudyasining vakolatlari tiklanadi, koʻrsatilgan moddalarda nazarda tutilgan harakatlar amalga oshirilganidan soʻng tugatiladi.
19-modda. Hakamlik sudyasini almashtirish
Hakamlik sudyasining vakolatlari tugatilgan taqdirda, boshqa hakamlik sudyasi almashtirilayotgan hakamlik sudyasi saylanayotganda (tayinlanayotganda) qoʻllanilgan qoidalarga muvofiq saylanadi (tayinlanadi).
4-bob. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar
20-modda. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar tarkibi
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
hakamlik sudyalarining gonorari;
hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy jihatdan va boshqacha tarzda taʼminlash xarajatlari;
hakamlik sudyalarining hakamlik muhokamasida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlari, shu jumladan nizoni koʻrib chiqish joyiga borib kelish uchun toʻlanadigan yoʻl haqi xarajatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik sudyalarining ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni mazkur dalillar turgan joyda koʻzdan kechirish hamda tekshirish bilan bogʻliq xarajatlari;
(20-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-noyabrdagi OʻRQ-1003-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 03/24/1003/0943-son)
ekspertlar va tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar;
guvohlar tomonidan sarflangan xarajatlar;
hakamlik sudining hal qiluv qarori taraflardan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha taraf vakilining xizmatlari haqini toʻlash xarajatlari;
hakamlik sudi tomonidan belgilanadigan boshqa xarajatlar.
Agar hakamlik muhokamasi taraflarining ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlarni qilishi hakamlik muhokamasi qoidalarida belgilanmagan boʻlsa, bunday xarajatlar hakamlik sudi xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
21-modda. Hakamlik sudyalari gonorarining miqdori
Hakamlik sudyalari gonorarining miqdori daʼvoning bahosi, nizoning murakkabligi, hakamlik sudyalari hakamlik muhokamasi uchun sarflagan vaqt va gonorar miqdoriga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari gonorarining miqdori hakamlik sudi tarkibi tomonidan hakamlik sudyalarining doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida nazarda tutilgan hakamlik sudyalari gonorarlari shkalasiga muvofiq, bunday shkala boʻlmagan taqdirda esa, ushbu moddaning birinchi qismi talablari hisobga olingan holda belgilanadi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyalari gonorarining miqdori hakamlik muhokamasi taraflari kelishuvi boʻyicha va ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari hisobga olingan holda hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudyasining gonorariga qonunchilikka muvofiq soliq solinadi.
(21-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (yangi tahriri).
22-modda. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlarni taqsimlash
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlarni hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasida taqsimlash hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasi taraflarining kelishuviga muvofiq, bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda esa, qanoatlantirilgan va rad etilgan talablarga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha tarafning vakili xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha xarajatlar, shuningdek nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar, agar qilingan xarajatlarni qoplash haqidagi talab hakamlik muhokamasi paytida bildirilgan va hakamlik sudi tomonidan qanoatlantirilgan boʻlsa, hakamlik sudining hal qiluv qaroriga muvofiq hakamlik muhokamasining boshqa tarafiga yuklanishi mumkin.
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlarning taqsimlanishi hakamlik sudining hal qiluv qarorida yoki ajrimida koʻrsatiladi.
23-modda. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlarni boʻnak tarzida qoplash
Hakamlik sudi nizo koʻrib chiqilguniga qadar ushbu Qonunning 20-moddasida koʻrsatilgan xarajatlarni qoplash uchun muayyan summani boʻnak sifatida kiritishni daʼvogardan talab qilishga haqli. Agar bu toʻlov daʼvo arizasi berilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida amalga oshirilmasa, hakamlik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.
5-bob. Hakamlik muhokamasi
24-modda. Hakamlik sudining vakolati
Hakamlik sudi oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni, shu jumladan hakamlik bitimi yoʻqligi yoki haqiqiy emasligi sababli hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik muhokamasiga qarshi eʼtiroz bildirgan hollarda nizoni koʻrib chiqishga vakolati borligi yoxud yoʻqligi haqidagi masalani mustaqil ravishda hal etadi. Shu maqsadda shartnoma sharti tarzida rasmiylashtirilgan hakamlik bitimi shartnomaning boshqa shartlariga bogʻliq boʻlmagan bitim sifatida koʻrib chiqilishi kerak. Hakamlik sudining shartni qamrab olgan shartnomaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi ushbu shartning qonunga binoan haqiqiy emas deb topilishiga olib kelmaydi.
Nizo hakamlik sudi tomonidan mazmunan koʻrib chiqilguniga qadar hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudida oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni koʻrib chiqishga vakolat yoʻqligi haqida arz qilishga haqli.
Agar koʻrib chiqilishi hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoxud qonunga yoki doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq hakamlik muhokamasi predmeti boʻla olmaydigan masala hakamlik muhokamasi davomida hakamlik muhokamasi predmetiga aylansa, hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudi oʻz vakolatidan chetga chiqqanligi haqida arz qilishga haqli.
Agar hakamlik sudi oʻz vakolati haqidagi masalani koʻrib chiqayotganda nizoni koʻrib chiqishga hakamlik sudida vakolat yoʻqligi toʻgʻrisida ajrim chiqarsa, hakamlik sudi nizoni mazmunan koʻrib chiqishi mumkin emas.
25-modda. Hakamlik muhokamasi qoidalarini belgilash
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi, agar hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasining boshqa qoidalari qoʻllanilishi toʻgʻrisida shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasini doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
Muvaqqat hakamlik sudi hakamlik muhokamasini hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiradi.
Hakamlik muhokamasining hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishilmagan, doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari va ushbu Qonun bilan belgilanmagan qismida hakamlik muhokamasi qoidalari hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.
26-modda. Hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq belgilanadi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy hakamlik muhokamasi taraflarining kelishuvi bilan belgilanadi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda, hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy nizo holatlaridan kelib chiqqan holda hakamlik sudining oʻzi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Hakamlik muhokamasining tili
Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasi davlat tilida olib boriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunining 1-moddasi.
Hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflaridan hujjatlar va boshqa materiallar hakamlik muhokamasi tiliga tarjima qilinishini talab etishi mumkin.
Hakamlik muhokamasi tilida boʻlmagan hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim qilayotgan hakamlik muhokamasi tarafi ularning tarjima qilinishini taʼminlashi kerak.
28-modda. Hakamlik muhokamasi maʼlumotlarining oshkor qilinmasligi
Hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning huquqiy vorislari roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.
Hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlar haqida guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas.
29-modda. Daʼvo arizasi
Daʼvogar oʻz talablarini hakamlik sudiga yozma shaklda beriladigan daʼvo arizasida bayon etadi. Daʼvo arizasining nusxasi javobgarga yuboriladi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
daʼvo arizasining sanasi;
hakamlik muhokamasi taraflari boʻlgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
daʼvogarning talablari;
daʼvogarning talablariga asos boʻlgan holatlar;
daʼvo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
daʼvoning bahosi;
daʼvo arizasiga ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Daʼvo arizasi daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Agar daʼvo arizasi daʼvogarning vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, daʼvo arizasiga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.
30-modda. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr
Javobgar daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikrini oʻz eʼtirozlarini bayon etgan holda daʼvogarga va hakamlik sudiga taqdim etishga haqli. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr hakamlik muhokamasi qoidalarida nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda daʼvogarga va hakamlik sudiga taqdim etiladi.
Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Javobgarning vakili tomonidan imzolangan yozma fikrga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi.
Agar hakamlik muhokamasi qoidalarida daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikrni taqdim etish muddati belgilanmagan boʻlsa, mazkur yozma fikr hakamlik sudining majlisi boshlangunga qadar taqdim etiladi.
Hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasi davomida oʻz daʼvo talablarini yoki daʼvoga qarshi eʼtirozlarini oʻzgartirishga haqlidir.
31-modda. Qarshi daʼvo
Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik sudi nizo boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar javobgar dastlabki daʼvo bilan birga koʻrib chiqish uchun daʼvogarga qarshi daʼvo taqdim etishga haqlidir.
Qarshi daʼvo va unga eʼtirozlar taqdim etish ushbu Qonunning 29 va 30-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Qarshi daʼvo quyidagi hollarda dastlabki daʼvo bilan birga koʻrib chiqilishi mumkin:
1) qarshi daʼvo dastlabki daʼvoni hisobga olishga qaratilgan boʻlsa;
2) qarshi daʼvoning qanoatlantirilishi dastlabki daʼvoni qanoatlantirishni toʻliq yoki qisman mumkin boʻlmaydigan qilib qoʻysa;
3) qarshi daʼvo bilan dastlabki daʼvo oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik boʻlib, ularni birgalikda koʻrib chiqish nizoni tezroq va toʻgʻriroq hal qilishga olib kelsa.
32-modda. Daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish
Agar daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrmaslik hakamlik sudining hal qiluv qarori ijrosini qiyinlashtirishi yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, daʼvoni taʼminlashga yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(32-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash haqidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafi tomonidan hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoxud javobgar joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoinki javobgarning mol-mulki turgan joydagi vakolatli sudga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizaga daʼvoning hakamlik sudiga taqdim etilganligini isbotlovchi dalillar ilova qilinadi.
(32-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizani vakolatli sud tomonidan koʻrib chiqish hamda daʼvoni taʼminlash yoxud uni taʼminlashni rad etish haqida ajrim chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(32-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Hakamlik sudining daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori daʼvoni taʼminlash choralari vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi uchun asos boʻladi.
33-modda. Dalillarni taqdim etish
Hakamlik muhokamasining har bir tarafi oʻz daʼvo talablari va daʼvoga qarshi eʼtirozlarining asosi sifatida koʻrsatayotgan holatlarni isbotlab berishi kerak. Hakamlik sudi, agar u taqdim etilgan dalillarni yetarli emas deb topsa, hakamlik muhokamasi taraflariga qoʻshimcha dalillar taqdim etishni taklif qilishga haqli.
34-modda. Hujjatlarni va boshqa materiallarni yuborish
Hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik sudiga taqdim etadigan barcha hujjatlarning va boshqa materiallarning nusxalari, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasining boshqa tarafiga topshirilishi kerak. Hakamlik sudi oʻz hal qiluv qarori uchun asos qilib oladigan ekspert xulosalari hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasi taraflariga topshirilishi kerak.
Hujjatlar va boshqa materiallar, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, ularning oʻzlari koʻrsatgan, hakamlik muhokamasi taraflari boʻlgan yuridik shaxsning oxirgi maʼlum boʻlgan joylashgan yeri (pochta manzili) yoki jismoniy shaxsning oxirgi maʼlum boʻlgan yashash joyi boʻyicha topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yoxud koʻrsatilgan hujjatlar hamda materiallar yetkazib berilganligi qayd etilishini nazarda tutuvchi boshqacha usul orqali yuboriladi. Hujjatlar va boshqa materiallar ular yetkazib berilgan kunda qabul qilib olingan hisoblanadi.
35-modda. Hakamlik muhokamasi taraflarining hakamlik sudi majlisida ishtirok etishi
Hakamlik muhokamasining har bir tarafiga oʻz nuqtai nazarini bayon etishi hamda oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishi uchun teng imkoniyatlar berilishi kerak.
Hakamlik muhokamasi, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik muhokamasida hakamlik sudyasi boʻlgan shaxs mazkur hakamlik muhokamasida taraflarning vakili sifatida ishtirok etishi mumkin emas.
(35-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Hakamlik muhokamasi taraflariga hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida oldindan xabarnoma yuborilishi yoki topshirilishi lozim. Mazkur xabarnoma hakamlik sudi tomonidan ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi va topshiriladi.
Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik sudi nizoni yopiq majlisda koʻrib chiqadi.
36-modda. Hakamlik sudi majlisining bayonnomasi
Hakamlik sudida, agar hakamlik bitimi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, bayonnoma yuritiladi.
37-modda. Hakamlik muhokamasi taraflarining hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etmaganligi yoki hakamlik muhokamasi taraflarining hakamlik sudi majlisiga kelmaganligi oqibatlari
Hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etmaganlik yoki hakamlik sudi majlisining vaqti hamda joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan hakamlik muhokamasi taraflari yoxud ular vakillarining hakamlik sudi majlisiga kelmaganligi, agar hujjatlar va boshqa materiallar taqdim etilmaganligining yoki hakamlik muhokamasi taraflari yoxud ular vakillarining hakamlik sudi majlisiga kelmaganligining sababi hakamlik sudi tomonidan uzrsiz deb topilsa, hakamlik muhokamasiga va hakamlik sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinishiga monelik qilmaydi.
Javobgarning daʼvoga qarshi eʼtirozlar taqdim etmaganligi daʼvogar talablarining tan olinishi sifatida qaralmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
371-modda. Hakamlik muhokamasida mediatsiyaning qoʻllanilishi
Hakamlik muhokamasida mediatsiya nizoni koʻrib chiqish jarayonida hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qoʻllanilishi mumkin.
Hakamlik muhokamasining taraflari tomonidan mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish haqida kelishuv tuzilgan taqdirda, hakamlik sudi mediatsiya tartib-taomili tugaguniga qadar hakamlik muhokamasini qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Agar taraflar mediativ kelishuvni tuzsa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasini tugatadi.
(371-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi OʻRQ-531-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida” Qonuni.
6-bob. Hakamlik sudining hujjatlari
38-modda. Hakamlik sudi tomonidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi
Hakamlik sudi nizo holatlari tekshirilganidan soʻng hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalarining koʻpchilik ovozi bilan hal qiluv qarori qabul qiladi.
Hal qiluv qarori hakamlik sudining majlisida eʼlon qilinadi. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat xulosa qismini eʼlon qilishga haqli. Bunday holda asoslantirilgan hal qiluv qarori hal qiluv qarorining xulosa qismi eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay hakamlik muhokamasi taraflariga yuborilishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudi, agar zarur deb topsa, hal qiluv qarori qabul qilishni kechiktirishga hamda hakamlik muhokamasini qaytadan boshlashga haqli boʻlib, ushbu Qonunning 34-moddasida va 35-moddasining toʻrtinchi qismida belgilangan tartibda hakamlik muhokamasi taraflariga bu haqda xabar beriladi.
(38-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar kelishuv bitimi qonunchilikka zid boʻlmasa hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflarining iltimosnomasiga binoan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi. Kelishuv bitimining mazmuni hakamlik sudining hal qiluv qarorida bayon qilinadi.
(38-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
39-modda. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining shakli va mazmuni
Hakamlik sudining hal qiluv qarori yozma shaklda bayon etiladi va hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalari tomonidan, shu jumladan alohida fikrga ega boʻlgan hakamlik sudyasi tomonidan imzolanadi. Hakamlik sudyasining alohida fikri hakamlik sudi hal qiluv qaroriga ilova qilinadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
hakamlik muhokamasi oʻtkazilgan joy;
hakamlik sudining tarkibi;
hakamlik muhokamasining taraflari boʻlgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, hakamlik muhokamasi taraflari vakillarining vakolatlari koʻrsatilgan holda familiyasi, ismi, otasining ismi;
hakamlik sudi vakolatlarining asoslari;
daʼvogarning talablari va javobgarning eʼtirozlari, shuningdek ularning iltimosnomalari;
hakamlik sudi tomonidan aniqlangan nizo holatlari, hakamlik sudining ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar, hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudi amal qilgan normalar.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida arz qilingan har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hakamlik sudining xulosalari boʻlishi kerak. Hal qiluv qarorining xulosa qismida nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar summasi, mazkur xarajatlarning hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasida taqsimlanishi, zarur hollarda esa, qabul qilingan hal qiluv qarorini ijro etish muddati va tartibi koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarori qabul qilinganidan soʻng oʻn kun ichida hakamlik muhokamasining har bir tarafiga hal qiluv qarori topshirilishi yoki yuborilishi kerak.
40-modda. Qoʻshimcha hal qiluv qarori
Taraflardan biri hakamlik sudining hal qiluv qarorini olganidan soʻng, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik muhokamasi davomida arz qilingan va koʻrib chiqilgan, ammo qabul qilingan hal qiluv qarorida oʻz aksini topmagan daʼvo talablari boʻyicha qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan oʻn kun ichida aynan oʻsha hakamlik sudiga bu haqda boshqa tarafni xabardor qilgan holda murojaat etishi mumkin. Nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi mazkur ariza olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida uni koʻrib chiqishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish ushbu Qonunning 34-moddasi va 35-moddasining toʻrtinchi qismi qoidalariga rioya etilgan holda hakamlik sudi majlisida amalga oshiriladi.
(40-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi boʻlgan qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilinadi yoki qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqida ajrim chiqariladi.
41-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirish
Hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olganidan soʻng hal qiluv qarorini tushuntirib berish toʻgʻrisidagi ariza bilan oʻn kun ichida aynan oʻsha hakamlik sudiga bu haqda hakamlik muhokamasining boshqa tarafini xabardor qilgan holda murojaat etishga haqli. Nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi hal qiluv qarorini tushuntirib berish toʻgʻrisidagi ariza olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida uni koʻrib chiqishi kerak.
Hakamlik sudi oʻzi qabul qilgan hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirib berishga haqli. Tegishli arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi boʻlgan hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
42-modda. Yozuvdagi xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish
Nizo boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilgan hakamlik sudi yozuvda yoʻl qoʻyilgan xatolarni va arifmetik xatolarni hakamlik muhokamasi tarafining arizasiga koʻra tuzatishga haqli. Yozuvda yoʻl qoʻyilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish toʻgʻrisidagi arizani nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi ariza olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqishi kerak.
Tegishli arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi boʻlgan yozuvdagi xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
43-modda. Hakamlik sudining ajrimi
Hakamlik sudi nizoning mazmuniga daxl qilmaydigan masalalar yuzasidan ajrim chiqaradi.
Hakamlik sudining ajrimi ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
44-modda. Hakamlik muhokamasini tugatish
Hakamlik sudi quyidagi hollarda hakamlik muhokamasini tugatadi:
hakamlik sudi oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni koʻrib chiqish uchun hakamlik sudi vakolatga ega emasligi toʻgʻrisida ajrim chiqarsa;
daʼvogar oʻzining daʼvo talabidan voz kechsa va javobgar hakamlik muhokamasini tugatishga qarshi eʼtiroz bildirmasa;
hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasini tugatish toʻgʻrisida kelishuvga erishsa;
hakamlik muhokamasi taraflari kelishuv bitimi tuzsa va u hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan tasdiqlansa;
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik muhokamasining taraflari mediativ kelishuv tuzgan boʻlsa;
(44-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi OʻRQ-531-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilgan boʻlsa;
(44-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53-moddasi.
hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan boʻlsa yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa va huquqiy vorisdan hakamlik muhokamasini davom ettirish toʻgʻrisida ariza tushmasa;
ayni bir hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha kelib chiqqan nizo yuzasidan vakolatli sudning yoki hakamlik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha tugatilgan hakamlik muhokamasiga doir nizo tugatilgan hakamlik muhokamasi taraflaridan biri tomonidan vakolatli sudga topshirilishi mumkin.
45-modda. Nizolarga doir ishlarning saqlanishi
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida koʻrilgan ishlar, agar doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida uzoqroq muddat belgilanmagan boʻlsa, mazkur hakamlik sudida uch yil mobaynida saqlanadi.
Muvaqqat hakamlik sudi tomonidan koʻrilgan ish hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin bir oy muddat ichida vakolatli sudga saqlash uchun yuboriladi.
7-bob. Hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish
46-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan vakolatli sudda nizolashish
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida, huquqlari va majburiyatlari haqida hakamlik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar esa hakamlik sudi hal qiluv qarori qabul qilinganligi ularga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida vakolatli sudga ushbu hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻrab ariza berish yoʻli bilan hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashishi mumkin.
(46-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza berilganligi nizo boʻyicha ish yuritish vakolatli sud tomonidan tugallanguniga qadar hakamlik sudi hal qiluv qarorining ijrosi boʻyicha ish yuritishni toʻxtatib turadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining 223-moddasi.
47-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari
Vakolatli sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori, agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻrab ariza bergan hakamlik muhokamasi tarafi quyidagi holatlarni isbotlovchi dalillarni taqdim etsa, vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak:
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik bitimining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emasligini;
(47-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
hakamlik sudi hal qiluv qarorining hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar boʻyicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar boʻyicha xulosalarini bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalaridan ajratib olish mumkin boʻlsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalari boʻlgan qismi bekor qilinishi mumkin;
hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi ushbu Qonunning 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflarining qaysi biriga qarshi qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisida yoki hakamlik sudining majlisi boʻladigan vaqt va joy haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga oʻz tushuntirishlarini taqdim etolmaganligini.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan nizo qonun hujjatlariga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti boʻlmasa, hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak.
(47-moddaning uchinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining 226-moddasi.
48-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish oqibatlari
Hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yangidan murojaat etishga haqli.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik bitimi haqiqiy emasligi oqibatida yoxud hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligi oqibatida yoxud unda hakamlik bitimida qamrab olinmagan masalalar boʻyicha toʻxtam mavjudligi yoinki nizo hakamlik muhokamasi predmeti boʻlishi mumkin emasligi oqibatida toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, mazkur nizo bundan buyon hakamlik sudida koʻrib chiqilishi mumkin emas.
8-bob. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini ijro etish
49-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori mazkur hal qiluv qarorida belgilangan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ijro etiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(49-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
Qarang: mazkur Qonun 51-moddsining uchinchi qismi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida ijro etish muddati belgilanmagan boʻlsa, u darhol ijro etilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan ixtiyoriy ijro etilishi mumkin emas.
(49-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)
50-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik sudining hal qiluv qarorida belgilangan muddatda ixtiyoriy ijro etilmagan boʻlsa, u majburiy ijro etilishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, vakolatli sud bergan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.
51-modda. Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza
Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha taraf tomonidan vakolatli sudga beriladi.
Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlanishi kerak;
ushbu Qonunning 12 va 13-moddalari qoidalariga muvofiq tuzilgan hakamlik bitimi nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
ariza nusxasi hakamlik muhokamasining boshqa ishtirokchilariga topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
(51-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddat vakolatli sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilangan muddat oʻtkazib yuborilgan yoki zarur hujjatlar ilova qilinmagan holda topshirilgan ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza vakolatli sud tomonidan koʻrib chiqilmasdan qaytariladi va bu haqda ajrim chiqariladi, mazkur ajrim ustidan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(51-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
52-modda. Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani vakolatli sud sudyasi yakka tartibda, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqadi. Hakamlik muhokamasi taraflari mazkur arizani koʻrib chiqish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Hakamlik muhokamasi taraflarining yoki ular vakillarining vakolatli sud majlisiga kelmaganligi arizani koʻrib chiqishga monelik qilmaydi.
(52-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Vakolatli sud ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ijro varaqasi berish haqida yoki ijro varaqasi berishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Vakolatli sudning ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi darhol ijro etilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(52-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
53-modda. Ijro varaqasi berishni rad etish asoslari
Vakolatli sud ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.
Vakolatli sud ijro varaqasi berishni rad etish toʻgʻrisida ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ajrim chiqaradi.
Vakolatli sud ijro varaqasi berishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqargan taqdirda, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yoxud taalluqlilik va sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilgan holda vakolatli sudga yangitdan murojaat etishga haqlidir, ushbu Qonun 48-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
54-modda. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori u bekor qilingan paytga kelib ijro etilgan boʻlsa, hakamlik sudining bekor qilingan hal qiluv qaroriga muvofiq javobgardan daʼvogarning foydasiga undirilgan narsalarning hammasi javobgarga qaytarib beriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
55-modda. Nizolarning hal etilishi
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(55-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
56-modda. Hakamlik sudlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Hakamlik sudlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(56-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
57-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1963-yil 23-martda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Grajdanlik protsessual kodeksining 3-sonli ilovasini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Oʻzbekiston Respublikasining 1963-yil 23-martda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Grajdanlik protsessual kodeksining 3-sonli ilovasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1963-yil, № 9, 31-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
58-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(58-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin.
59-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun 2007-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 16-oktabr,
OʻRQ-64-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 42-son, 416-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son; 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son; 21.11.2024-y., 03/24/1003/0943-son; 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son)