Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Mediatsiya toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 12-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 28-iyunda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi mediatsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik
Mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda mediatsiya instituti, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning rolini tubdan oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi PQ-4754-sonli “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi.
3-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonunning amal qilishi fuqarolik huquqiy munosabatlardan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan, mijoz va bank (kredit tashkilotlari) oʻrtasidagi munosabatlardan, sugʻurta shartnomasidan yuzaga keladigan munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga, mehnat va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qoʻllash bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Ushbu Qonunning amal qilishi mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin boʻlgan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
mediatsiya — kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator koʻmagida hal qilish usuli;
mediator — mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs;
mediativ kelishuv — mediatsiyani qoʻllash natijasida mediatsiya taraflari tomonidan erishilgan kelishuv;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv — taraflarning tuzilgan paytdan eʼtiboran mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan kelishuvi;
mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv — nizo kelib chiqquniga qadar yoki u kelib chiqqanidan soʻng taraflarning nizoni mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirgan holda hal etish zarurligi toʻgʻrisida tuzilgan kelishuvi.
5-modda. Mediatsiyaning asosiy prinsiplari
Mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
6-modda. Maxfiylik prinsipi
Mediatsiya ishtirokchilari mediatsiya jarayonida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni ularni taqdim etgan mediatsiya tarafining, uning huquqiy vorisining yoki vakilining yozma roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.
Mediatsiya ishtirokchilari oʻzlariga mediatsiya jarayonida maʼlum boʻlib qolgan holatlar haqida guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas, shuningdek ulardan mediatsiyaga taalluqli axborotni talab qilib olish mumkin emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
7-modda. Ixtiyoriylik prinsipi
Mediatsiya taraflarning mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda ifodalangan oʻzaro ixtiyoriy xohish-istagi boʻlgan taqdirda qoʻllaniladi.
Mediatsiya taraflari mediatsiyani qoʻllashdan uning istalgan bosqichida voz kechishga haqli.
Taraflar oʻzaro maqbul kelishuvni muhokama qilish uchun masalalarni tanlashda erkindir.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish vaqtida yarashishga majburlash taqiqlanadi.
8-modda. Taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi prinsipi
Mediatsiya tartib-taomili mediativ kelishuv shartlariga bir tomonlama taʼsir koʻrsatishni istisno etgan holda amalga oshirilishi kerak.
Mediatsiya tartib-taomili nizo xususida taraflarning hamkorligi asosida oʻzaro maqbul qarorga erishish maqsadida amalga oshiriladi.
Mediatsiya taraflari mediatorni, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibini, mediatsiya tartib-taomilidagi oʻz nuqtai nazarini, bu nuqtai nazarni himoya qilish usullari va vositalarini tanlashda, axborot olishda, mediativ kelishuv shartlarining oʻzaro maqbulligini baholashda teng huquqlardan foydalanadi hamda ularning zimmasida teng majburiyatlar boʻladi.
9-modda. Mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsipi
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediator mustaqildir. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediatorning faoliyatiga biror-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mediator xolis boʻlishi, mediatsiya tartib-taomilini taraflarning manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishi va mediatsiyada ularning teng ishtirokini taʼminlashi, taraflarga oʻz majburiyatlarini bajarishi hamda oʻzlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi kerak. Mediatorning mustaqilligi va xolisligiga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, u mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishdan voz kechishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
11-bob. Mediatsiya sohasini tartibga solish
91-modda. Mediatsiya sohasidagi vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mediatsiya sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
oʻz vakolatlari doirasida mediatsiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
Mediatorlarning kasb etikasi qoidalarini tasdiqlaydi;
Mediatorning kasbiy malakasini oshirish tartibini hamda mediatorlarni tayyorlash dasturlarini tasdiqlaydi;
mediatorlar tomonidan statistika maʼlumotlarini taqdim etish tartibini belgilaydi va statistika maʼlumotlarini tahlil qiladi;
Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish tartibini tasdiqlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Mediatorlar oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
92-modda. Mediatorlar malaka komissiyalari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish va mediatorlarning intizomiy javobgarligi bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida tuziladi.
Malaka komissiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vazirining, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari bilan yetti nafar aʼzodan iborat boʻlgan tarkibda tuziladi.
Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Mediatorlar oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
Oliy malaka komissiyasi adliya vazirining buyrugʻi bilan toʻqqiz nafar aʼzodan iborat boʻlgan tarkibda tuziladi.
Malaka komissiyalari va Oliy malaka komissiyasi tarkibiga kelishuvga koʻra mediatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, adliya organlarining hamda boshqa tashkilotlarning huquq sohasida tajribaga ega boʻlgan xodimlari jalb etiladi.
93-modda. Mediatorlar reyestrini yuritish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Mediatorlar reyestri yuritiladi, mazkur reyestr ularning rasmiy veb-saytlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Shaxsning malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtishi (bundan notariuslar va advokatlar mustasno) uni Mediatorlar reyestriga kiritish uchun asos boʻladi.
Mediatorlar reyestrida quyidagilar boʻlishi kerak:
mediatorning familiyasi, ismi va otasining ismi;
mediator bilan aloqa bogʻlash uchun uning joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar;
mediatorning maʼlumoti (mutaxassisligi);
mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi;
mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir boʻlgan til;
mediatorning faoliyati toʻxtatib turilganligi, tiklanganligi yoki mediator reyestrdan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
(11-bob Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
2-bob. Mediatsiya ishtirokchilari hamda ularning huquq va majburiyatlari
10-modda. Mediatsiya ishtirokchilari
Taraflar va mediator mediatsiya ishtirokchilaridir. Jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediatsiya taraflari boʻlishi mumkin.
Mediatsiya ikki va undan ortiq taraflar oʻrtasida boʻlishi, shuningdek bir yoki bir nechta mediator tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Taraflar mediatsiyada shaxsan yoki oʻz vakili orqali qonunchilikka muvofiq ishtirok etadi.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Mediatsiya taraflarining huquq va majburiyatlari
Mediatsiya taraflari:
mediatorni ixtiyoriy ravishda tanlashga;
mediatordan voz kechishga;
mediatsiyaning istalgan bosqichida unda ishtirok etishdan voz kechishga;
Oldingi tahrirga qarang.
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan tartibda shaxsan yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishga haqli.
(11-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Mediatsiya taraflari oʻz oʻrtalarida tuzilgan mediativ kelishuvni ushbu kelishuvda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda bajarishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatsiya taraflari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(11-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Mediatorga doir talablar
Oliy maʼlumotga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtgan, malaka imtihonini topshirgan va Mediatorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxs Oʻzbekiston Respublikasida mediatorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasida advokat yoki notarius maqomiga ega boʻlgan shaxslarning malaka imtihonini topshirishi talab etilmaydi.
Quyidagilar mediator boʻlishi mumkin emas:
davlat xizmatida turgan shaxs, bundan pedagogik, ilmiy, ijodiy, notarial faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxs mustasno;
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlgan shaxs;
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs.
Mediatorning faoliyati tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.
(12-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
121-modda. Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish
Oliy maʼlumotga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtgan, Mediatorlar reyestriga kirish istagini bildirgan shaxs malaka komissiyalarida malaka imtihonini topshirishi shart. Malaka imtihoni savollari mediatorlarni tayyorlash dasturi asosida oʻqitilgan mavzular doirasida boʻladi.
Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida uch oy oʻtgach qoʻyiladi.
(121-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Mediatorning huquqlari, majburiyatlari
(13-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Mediator:
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida bir vaqtning oʻzida ham taraflarning barchasi bilan, ham taraflarning har biri bilan alohida-alohida uchrashuvlar oʻtkazishga, ularga nizoni hal etishga doir ogʻzaki va yozma tavsiyalar berishga;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishi munosabati bilan sarflagan xarajatlarining oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli.
Mediator:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari talablariga va Mediatorning kasb etikasi qoidalariga rioya etishi;
oʻz bilimlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda uch yilda kamida bir marta kasbiy malakasini oshirishi, bundan notarius va advokat maqomiga ega boʻlgan mediatorlar mustasno;
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
mediatsiya boshlanguniga qadar mediatsiya taraflariga mediatsiyaning maqsadini, shuningdek ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida faqat mediatsiya taraflarining roziligi bilan harakat qilishi;
nizo yuzasidan oʻzaro maqbul kelishuvga erishishga taraflarni ishontirishning qonuniy vositalari va usullaridan foydalanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda va namunada statistik maʼlumotlarni taqdim etib borishi;
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
oʻzining mustaqilligi va xolisligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud boʻlsa yoki yuzaga kelsa, bu haqda taraflarga maʼlum qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Mediator qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
131-modda. Mediatorning javobgarligi
Mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi unga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
Intizomiy ish yuritish malaka komissiyalarining qarori bilan qoʻzgʻatiladi.
Intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining, Mediatorning kasb etikasi qoidalarining buzilishi hollari;
sudning mediatorga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi.
Intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra mediatorga nisbatan malaka komissiyalari tomonidan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:
ogohlantirish;
mediator faoliyatini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish;
mediatorni Mediatorlar reyestridan chiqarish.
Mediatorga nisbatan intizomiy jazo chorasi nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran, davom etayotgan xatti-harakatlarda esa ular aniqlangan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
Agar notarius yoki advokat maqomiga ega boʻlgan mediator ayni bir nojoʻya xatti-harakat uchun notariat yoki advokatura toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilgan boʻlsa, mediatorga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasi koʻrib chiqilmaydi.
Mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijasida yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda taraflar oldida javobgar boʻladi.
(131-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish yoki tiklash
Mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish mediator jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan eʼtiboran va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud uni reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar, mediatorni reyestrga kiritgan adliya organining qarori bilan amalga oshiriladi.
Mediatorning faoliyati mediatorni reyestrga kiritgan adliya organi tomonidan mediatorning oʻz arizasiga koʻra olti oygacha muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari yoki Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi aniqlanganda mediatorning faoliyati malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qarori bilan olti oygacha muddatga toʻxtatib turiladi.
Mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish muddati tugagach yoki ushbu moddaning birinchi qismiga asosan mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish asoslari bartaraf etilganidan keyin mediatorning faoliyati mediatorni reyestrga kiritgan adliya organining qarori bilan tiklanadi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
141-modda. Mediatorlar reyestridan chiqarish
Mediator Mediatorlar reyestridan uni reyestrga kiritgan adliya organi tomonidan quyidagi hollarda chiqariladi:
oʻz arizasiga koʻra;
vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
muomala layoqati cheklanganda yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
davlat xizmatiga kirganda, bundan pedagogik, ilmiy, ijodiy va notarial faoliyat mustasno;
mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi tufayli malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qaroriga asosan.
(141-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
3-bob. Mediatsiyani qoʻllash va mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish
15-modda. Mediatsiyani qoʻllash shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatsiya taraflarning xohish-istagi asosida qoʻllaniladi.
Mediatsiya suddan tashqari tartibda, nizoni sud tartibida koʻrish jarayonida, sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga qadar, shuningdek sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida qoʻllanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatsiya nizoni koʻrib chiqishga vakolatli organda, hakamlik sudida va arbitrajda nizoni koʻrish jarayonida ham ularning qarorlari qabul qilinguniga qadar qoʻllanilishi mumkin.
(15-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Mediatsiyada ishtirok etganlik fakti aybni tan olish dalili boʻlib xizmat qilishi mumkin emas.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi OʻRQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
16-modda. Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv
Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuv shartnomadagi uning tarkibiy qismi boʻlgan shart tarzida yoki alohida kelishuv tarzida yozma shaklda tuziladi.
Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda taraflar oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoki muayyan nizolar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish yoʻli bilan hal etilishi kerakligi haqidagi qoida boʻlishi lozim.
Mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda nizo predmeti haqidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarda taraflarning ishtirok etish shartlari haqidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi mumkin.
17-modda. Davlat organining ish boʻyicha mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻidagi harakatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda, taraflar tomonidan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv nizoni koʻrib chiqishga vakolatli organga taqdim etilganda mazkur organ ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlaydi. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilgan taqdirda, uni amalga oshirish davrida ijro ishini yuritish toʻxtatib turiladi.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida davlat organining bevosita aralashuvi taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudda ish qoʻzgʻatilganidan keyin mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari protsessual qonunchilikda belgilanadi.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sud muhokamasi jarayonida, nizoni vakolatli organda koʻrish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv tegishli ish qaysi sud yoki vakolatli organning ish yurituvida turgan boʻlsa, darhol oʻsha sudga yoki vakolatli organga yuboriladi.
(17-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv ijro hujjati oʻz ish yurituvida boʻlgan davlat ijrochisiga darhol yuboriladi.
Nizo mediativ kelishuv bilan mediatsiya tartibida hal qilingan taqdirda, toʻlangan davlat boji qaytarilishi lozim, bundan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediativ kelishuv tuzilgan hollar mustasno.
(17-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi OʻRQ-551-sonli Qonuniga asosan beshinchi va oltinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
18-modda. Davlat organi ishtirokidagi nizoda mediatsiyani qoʻllash
Davlat organi ishtirokida nizo kelib chiqqan taqdirda, davlat organi mediatsiyani qoʻllash boʻyicha choralar koʻrishi kerak.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi PQ-4754-sonli “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan.
19-modda. Mediatsiya tartib-taomilining boshlanishi
Mediatsiya tartib-taomili mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida taraflar tomonidan kelishuv tuzilgan kundan eʼtiboran boshlanadi.
20-modda. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv yozma shaklda tuziladi.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuvda:
taraflar haqidagi;
nizo predmeti toʻgʻrisidagi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi, mediator, taraflar tomonidan kelishilgan majburiyatlar, ularni bajarish shartlari va muddatlari haqidagi;
mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan til, joy va sana toʻgʻrisidagi;
mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan muddat haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
21-modda. Daʼvo muddatining oʻtishini toʻxtatib turish
Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda daʼvo muddatining oʻtishi toʻxtatib turiladi.
 LexUZ sharhi
Mediatsiya institutini qoʻllashning kafolati sifatida qonunda nazarda tutilgan hollarda, vakolatli davlat organi ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlashi mumkin va mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida davlat organining bevosita aralashuvi taqiqlanadi. Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda daʼvo muddatining oʻtishi toʻxtatib turiladi.
22-modda. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun taraflar oʻzaro kelishuvga koʻra bir yoki bir necha mediatorni tanlaydi.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi, qoida tariqasida, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilanadi.
Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda mediator oʻzining harakatlari bilan biror-bir tarafni ustun holatga qoʻyishga, xuddi shuningdek taraflardan birining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklashga haqli emas.
23-modda. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilanadi. Bunda mediator va taraflar mediatsiya tartib-taomili oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda tugallanishi uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi kerak. Zarur boʻlgan taqdirda, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati taraflarning oʻzaro roziligi bilan oʻttiz kungacha uzaytirilishi mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(23-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi OʻRQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati koʻpi bilan oʻn besh kunni tashkil etadi.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi OʻRQ-551-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
24-modda. Mediatsiyaning tugatilishi
Mediatsiya quyidagi holatlar munosabati bilan tugatiladi:
taraflar tomonidan mediativ kelishuv tuzilganligi;
nizo xususida oʻzaro maqbul boʻlgan qarorga erishish imkoniyati yoʻqligi;
mavjud ixtiloflar boʻyicha kelishuvga erishmay turib mediatsiyani tugatish toʻgʻrisida taraflarning kelishuvi tuzilganligi (mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida yozma kelishuv mavjud boʻlgan taqdirda);
biror-bir tarafning mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishni maʼlum qilganligi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari oʻtganligi.
25-modda. Mediatsiyani qoʻllash chogʻidagi cheklovlar
Mediatsiyani qoʻllash chogʻida mediator:
Oldingi tahrirga qarang.
ayni bir nizo boʻyicha biror-bir tarafning vakili boʻlishga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan va uning ishtirok etishiga har ikkala tarafning oʻzaro roziligi boʻlgan hollar mustasno;
(25-modda ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
biror-bir tarafga yuridik, maslahat yordami yoki boshqa yordam koʻrsatishga;
agar u mediatsiyani amalga oshirish natijasidan shaxsan (bevosita yoki bilvosita) manfaatdor boʻlsa, shu jumladan taraflardan biri boʻlgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatlarida boʻlsa, mediator faoliyatini amalga oshirishga, bundan uning ishtirok etishiga har ikkala tarafning oʻzaro roziligi boʻlgan hollar mustasno;
taraflarning roziligisiz nizoning mohiyati boʻyicha oshkora bayonotlar berishga haqli emas.
26-modda. Mediatsiyaga taalluqli axborotning maxfiyligi
Taraflar, mediator, shuningdek mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda hozir boʻlgan boshqa shaxslar muhokamaning mediatsiya predmeti boʻlgan nizo bilan bogʻliq boʻlgan-boʻlmaganligidan qatʼi nazar, agar taraflar boshqacha qoida haqida kelishib olmagan boʻlsa, muhokama jarayonida:
taraflardan birining mediatsiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi taklifi haqidagi, xuddi shuningdek taraflardan biri uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanligi toʻgʻrisidagi;
nizoni hal etish ehtimoli xususida taraflardan biri bildirgan fikrlar yoki takliflar haqidagi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayonida taraflardan biri tomonidan bildirilgan eʼtiroflar toʻgʻrisidagi;
taraflardan biri mediatorning yoki ikkinchi tarafning nizoni hal etish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligi toʻgʻrisidagi axborotni havola qilishga haqli emas.
27-modda. Mediatsiyaga taalluqli axborotni mediator tomonidan oshkor qilish sharti
Agar mediator taraflarning biridan mediatsiyaga taalluqli axborotni olgan boʻlsa, u bu axborotni faqat uni taqdim etgan tarafning roziligi bilan boshqa tarafga oshkor qilishi mumkin.
28-modda. Mediatorning faoliyatiga haq toʻlash
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatorning faoliyati haq evaziga yoki tekin amalga oshirilishi mumkin.
(28-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(28-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(28-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Haq toʻlash va xarajatlarning oʻrnini qoplash taraflar tomonidan, agar ular boshqacha qoida haqida kelishib olmagan boʻlsa, teng ulushlarda amalga oshiriladi.
Mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishni rad etgan taqdirda, u mediatsiya taraflari tomonidan oʻziga toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarib berishi shart.
29-modda. Mediativ kelishuv
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari boʻyicha taraflar kelib chiqqan nizo yoxud majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari xususida oʻzaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, taraflar oʻrtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi.
(29-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi OʻRQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
Davlat organi yoki boshqa organ tomonidan qaysi shaxsning manfaatlarini koʻzlab daʼvo taqdim etilgan boʻlsa, oʻsha shaxs mazkur davlat organining yoki boshqa organning ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Mediativ kelishuvda quyidagilar koʻrsatilishi shart:
mediativ kelishuv taraflarining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi yoki turgan joyi (pochta manzili), shuningdek, agar mediativ kelishuv vakil tomonidan tuzilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
mediativ kelishuv taraflarining kelishuvni bajarish bilan bogʻliq huquq va majburiyatlari;
mediativ kelishuv taraflari tomonidan kelishilgan majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari.
Mediativ kelishuv kelishuvning taraflari tomonidan imzolangan va mediator tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi mediativ kelishuvni tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi:
1) agar uning shartlari qonunchilikka zid boʻlsa;
2) agar uning shartlari mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qilsa yoki daxl qilishi mumkin boʻlsa.
(29-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Mediativ kelishuv bajarilmasligining oqibatlari taraflar tomonidan ushbu kelishuvning oʻzida belgilab qoʻyilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Mediativ kelishuv tuzish bosqichida muzokara, suhbat va muhokamalarda maʼlum boʻlgan hamma narsa (barcha detallarigacha) tahlil asosida umumlashtiriladi, uzviy zanjir tarzida tiziladi. Oʻzaro maqbul mediativ kelishuv matni hamkorlikda ishlab chiqiladi. Uning xar bir bandi taraflar bilan kelishiladi. Kelishuv betaraf, xolis, sodda tilda bayon etiladi. Matnning tili, bayon usuli taraflar uchun tushunarliligiga ishonch xosil qilish lozim boʻladi. Yakuniy kelishuv matni ishtirokchilarga oʻqib eshittiriladi. Mediativ kelishuv taraflar tomonidan imzolanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida ijro etiladigan mediativ kelishuvlar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlishi kerak.
(29-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan yettinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
Oldingi tahrirga qarang.
291-modda. Mediativ kelishuvni ijro etish
Mediativ kelishuv uni tuzgan taraflar uchun majburiy kuchga ega boʻlib, ushbu kelishuv unda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda ijro etiladi.
Mediativ kelishuv ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, taraflar mediativ kelishuvni majburiy ijroga qaratishni soʻrab sudga murojaat etishga haqli.
(291-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Mediatsiya sohasida kelib chiqadigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(30-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
31-modda. Mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
32-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
33-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(33-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
34-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-iyul,
OʻRQ-482-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2018-y., 03/18/482/1447-son; 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son; 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)