Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 13-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 12-martda maʼqullangan1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilik Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining maqomi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy sud deb yuritiladi) doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi boʻlib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 132-moddasi.
4-modda. Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari
Konstitutsiyaviy sud:
1) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
2) Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
(4-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
Oldingi tahrirga qarang.
21) Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
(4-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuniga asosan 21-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini koʻrib chiqadi;
6) konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qoʻllanilgan va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq boʻlmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini ham koʻrib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ham koʻradi.
Konstitutsiyaviy sud oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda boshqa sudlarning yoki oʻzga organlarning vakolatiga kiradigan barcha hollarda haqiqiy holatlarni aniqlash va tekshirishdan oʻzini tiyadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 133-moddasi.
5-modda. Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sud oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi.
Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi huquqi uning tomonidan qonunlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kiritish orqali amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sud oʻzi kiritgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish chogʻida ishtirok etish uchun oʻz vakilini tayinlaydi.
6-modda. Konstitutsiyaviy sudni saylash
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan mutaxassislar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 95-moddasi birinchi qismining 1-bandi.
Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sud rais va uning oʻrinbosarini qoʻshgan holda Konstitutsiyaviy sudning toʻqqiz nafar sudyasidan iborat boʻladi.
7-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddati
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanadi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 132-moddasi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi, qoida tariqasida, yetmish yoshni tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
8-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlari va talablarining majburiyligi
Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Konstitutsiyaviy sudning normativ-huquqiy hujjatlarni, hujjatlarni va ularning koʻchirma nusxalarini taqdim etish, oʻzi koʻrib chiqayotgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar hamda maslahatlar berish, biror harakatni amalga oshirish haqidagi yoki amalga oshirishdan tiyilish toʻgʻrisidagi talablari ular yuborilgan barcha organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
9-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi
Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi ushbu Qonun, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Reglamenti bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Reglamenti Konstitutsiyaviy sudning ichki faoliyati bilan bogʻliq masalalarni tartibga soladi va uning majlisida qabul qilinadi.
2-bob. Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi
10-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining malaka darajalari
Siyosat va huquq sohasi mutaxassisi boʻlgan, yuksak maʼnaviy fazilatlarga va zarur malakaga ega boʻlgan, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga Oliy yoki Birinchi malaka darajalari beriladi. Oliy malaka darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Birinchi malaka darajasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan beriladi.
11-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining qasamyodi
Birinchi marta Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifalarini halol va vijdonan bajarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga boʻysunishga tantanali qasamyod qilaman”.
Qasamyod Konstitutsiyaviy sudning sudyasi tomonidan Senatning mazkur sudya saylangan majlisida qilinadi.
12-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi senator, davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi siyosiy partiyaning aʼzosi boʻlishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa biron-bir faoliyat turi bilan shugʻullanishi mumkin emas.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
13-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasini almashtirib boʻlmasligi
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi oʻz vakolatlari muddati davomida almashtirilmaydi. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ushbu Qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki toʻxtatib turilishi mumkin emas.
14-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizligi
Konstitutsiyaviy sud sudyasi daxlsizdir. Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizlik kafolatlari ushbu Qonun, shuningdek “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning 64-moddasi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi Konstitutsiyaviy sudning roziligisiz jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, shuningdek qamoqqa olinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga oʻta ogʻir jinoyat yoxud odamning oʻlimiga sabab boʻlgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik aybi qoʻyilgan hollardagina qoʻllanilishi mumkin. Mazkur qoida Konstitutsiyaviy sudning Konstitutsiyaviy sud sudyasi sifatida ishlagan davrida shunday jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyasiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud sudyasini majburiy keltirish, ushlab turish, xuddi shuningdek uning shaxsiy ashyolarini, bagajini, transportini, uy-joyini, xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini toʻxtatib turish
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sudning qarori bilan toʻxtatib turilishi mumkin:
agar sudyaga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa yoxud u boshqa jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilgan boʻlsa;
u sudya lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat bilan shugʻullanganida;
u sudning qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilganida.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi vakolatlarining toʻxtatib turilishi unga ish haqi toʻlashning toʻxtatib turilishiga olib kelmaydi va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum etmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish tanlangan hollar mustasno.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ularni toʻxtatib turish asoslari bekor boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi.
Sudya vakolatlarini tiklash Konstitutsiyaviy sud qarori bilan rasmiylashtiriladi.
16-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Senatning qarori bilan muddatidan ilgari tugatiladi:
u sudyalik qasamyodini buzganida;
u yozma ariza berganida;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganida;
sudya ogohlantirilganidan yoki uning vakolatlari toʻxtatilganidan keyin ham sudyalik lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyatni davom ettirganida;
sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra u uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifalarini bajarishga qobiliyatsiz boʻlganida;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganida;
u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganida;
u vafot etganida yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganida.
17-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari tugaganidan keyin uni ishga joylashtirish boʻyicha kafolatlar
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari tugaganidan keyin unga Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga saylanishiga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatlari muddati tugagan sudyaning boshqa ish taqdim etish toʻgʻrisidagi masala hal boʻlayotgan davrda, biroq uch oydan ortiq boʻlmagan muddatda oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
3-bob. Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari
18-modda. Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosarini saylash hamda ularni egallab turgan lavozimidan ozod qilish
Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaviy sud sudyalari orasidan besh yil muddatga saylanadi. Agar ularning Konstitutsiyaviy sudning sudyasi sifatidagi vakolatlari muddati tugashiga besh yildan kam qolgan boʻlsa, ular qolgan muddatga saylanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi
Ayni bir shaxs Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning oʻrinbosari etib ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari yozma ariza bergan taqdirda, Konstitutsiyaviy sud tomonidan egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi.
19-modda. Konstitutsiyaviy sud raisining vakolatlari
Konstitutsiyaviy sud raisi:
Konstitutsiyaviy sudga rahbarlik qiladi va uning faoliyatini tashkil etadi;
Konstitutsiyaviy sud tomonidan koʻrib chiqishga qabul qilingan masalalarning tayyorlanishiga rahbarlik qiladi;
Konstitutsiyaviy sudning majlislarini (bundan buyon matnda sud majlisi deb yuritiladi) chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Konstitutsiyaviy sud sudyalari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishini taʼminlaydi;
sud majlislarining qarorlarini va bayonnomalarini imzolaydi;
Konstitutsiyaviy sud devonining ishini tashkil etadi, uning xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
Konstitutsiyaviy sudni saqlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun budjet mablagʻlarini taqsimlaydi.
Konstitutsiyaviy sud raisi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud raisi Qonunchilik palatasi va Senat, ularning organlari majlislarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida ishtirok etishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Konstitutsiyaviy sudning raisi yoʻqligida uning vakolatlarini rais oʻrinbosari amalga oshiradi.
4-bob. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari va ularning mazmuni
20-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi, mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplaridir.
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi prinsipi, qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy prinsipning hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa normalarining roʻyobga chiqarilishi asosida amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sud faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.
22-modda. Konstitutsiyaviy sud va uning sudyalari mustaqilligi
Konstitutsiyaviy sud va uning sudyalari oʻz faoliyatida mustaqildir hamda faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga boʻysunadi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilar ekan, oʻzining huquqiy nuqtai nazarini amaliy maqsadga muvofiqlik mulohazalaridan, siyosiy moyilliklar va boshqa tashqi taʼsirlardan xoli boʻlgan holda ifodalaydi.
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasi
23-modda. Kollegiallik
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish kollegial tarzda amalga oshiriladi.
24-modda. Oshkoralik
Sud majlislari ochiq oʻtkaziladi.
Davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni saqlash zarur boʻlgan taqdirda sudning yopiq majlisi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
25-modda. Taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
Taraflar koʻrib chiqilayotgan ish yuzasidan dalillar taqdim etish, iltimosnomalar bayon etish, fikrlar bildirish, oʻz nuqtai nazarini himoya qilish boʻyicha teng huquq va imkoniyatlardan tortishuv asosida foydalanadi.
26-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlari yuritiladigan til
Konstitutsiyaviy sud ishlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yuritiladi.
Davlat tilini bilmaydigan sud majlisi ishtirokchisi oʻz ona tilida soʻzga chiqishi va tushuntirishlar berishi hamda tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin.
5-bob. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish. Murojaatni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va oʻrganish. Ishni koʻrish uchun qabul qilish
27-modda. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi
Quyidagilar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman);
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani);
(27-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevraldagi OʻRQ-917-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2024-y., 03/24/917/0170-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi;
Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
Senat aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil.
Agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda koʻrilishi tugallangan muayyan ishda qoʻllanilgan boʻlsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 133-moddasi ikkinchi qismi.
28-modda. Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish asoslari
Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqiga ega boʻlgan davlat organlarining va mansabdor shaxslarning murojaati, shuningdek fuqarolarning va yuridik shaxslarning shikoyatlari (bundan buyon matnda murojaat deb yuritiladi) Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish uchun asos boʻladi.
29-modda. Konstitutsiyaviy sudga murojaatga qoʻyiladigan talablar
Konstitutsiyaviy sudga murojaat yozma yoki elektron shaklda yuboriladi. Elektron shaklda yuborilgan murojaat elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi kerak. Kollegial organning Konstitutsiyaviy sudga murojaatiga ushbu organning tegishli qarori ilova qilinadi.
Murojaatda:
Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshirilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, u eʼlon qilingan manba, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va qonunining sharh berilishi lozim boʻlgan qoidalari;
murojaatni Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqishning huquqiy asoslari;
qoʻyilgan masala yuzasidan murojaat qiluvchining nuqtai nazari va murojaatni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga havola qilingan holdagi huquqiy asoslantirish;
murojaat qiluvchining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri, pochta manzili yoki yashash joyi, vakil va uning vakolatlari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar, bundan vakillik lavozim boʻyicha amalga oshiriladigan hollar mustasno;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarida ish sudda koʻrib chiqilganligi va sudda himoya qilishning barcha shakllaridan foydalanilganligi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Murojaatda murojaat qiluvchi ishni hal etish uchun zarur deb hisoblagan boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
30-modda. Murojaatga ilova qilinadigan hujjatlar
Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:
tekshirilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning yoki sharhlanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonuni normasining matni;
taraf vakilining vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat, bundan vakillik lavozim boʻyicha amalga oshiriladigan hollar mustasno, shuningdek shaxsning Konstitutsiyaviy sudda vakil sifatida ishtirok etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari.
Murojaatga sud majlisiga chaqirilishi taklif qilinayotgan guvohlar, ekspertlar va mutaxassislarning roʻyxati, sud qarorlarining koʻchirma nusxalari, shuningdek boshqa hujjatlar hamda materiallar ilova qilinishi mumkin.
31-modda. Murojaatlarni roʻyxatga olish. Ayrim murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan murojaatlar roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Hal etilishi Konstitutsiyaviy sud vakolatlariga kirmaydigan masalalar boʻyicha murojaatlar Konstitutsiyaviy sud tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda, qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolatiga kiritilgan tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga besh kunlik muddatdan kechiktirmay yuboriladi.
32-modda. Murojaatni Konstitutsiyaviy sud sudyalari tomonidan dastlabki tarzda oʻrganish
Konstitutsiyaviy sud murojaat olingan kundan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay uni oʻrganishga kirishadi.
Konstitutsiyaviy sudning raisi kelib tushgan murojaatni ushbu Qonunda qoʻyilgan talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan dastlabki tarzda oʻrganishni va murojaatni dastlabki tarzda oʻrganish natijalari boʻyicha xulosa tayyorlashni Konstitutsiyaviy sudning bir yoki bir nechta sudyasiga topshiradi.
Murojaatni dastlabki tarzda oʻrganish konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning majburiy bosqichidir.
Murojaatni dastlabki tarzda oʻrganish natijalari yuzasidan Konstitutsiyaviy sud sudyasining (sudyalarining) xulosasi sud majlisida maʼruza qilinadi.
33-modda. Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilish
Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilish toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi. Ajrimda ish boʻyicha maʼruzachi sudya, ishni koʻrish sanasi, shuningdek ishni koʻrish uchun tayyorlash bilan bogʻliq boshqa masalalar koʻrsatiladi.
Qabul qilingan ajrim haqida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari uch kunlik muddatda yozma shaklda xabardor qilinadi.
34-modda. Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish
Konstitutsiyaviy sud quyidagi hollarda murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etadi, agar:
murojaat Konstitutsiyaviy sudga taalluqli boʻlmasa;
murojaat predmeti yuzasidan Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari qonuniy kuchga kirgan qaror chiqarilgan boʻlsa, bundan Konstitutsiyaviy sud qarorlarini qaytadan koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud boʻlgan hollar mustasno;
murojaat ushbu Qonunning 27-moddasida koʻrsatilmagan davlat organidan yoki shaxslardan kelib tushgan boʻlsa;
fuqarolarning yoki yuridik shaxslarning murojaati ushbu Qonun 86-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmasa.
Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi va u Konstitutsiyaviy sud apparati tomonidan konstitutsiyaviy sud ishini yuritish manfaatdor ishtirokchilariga yetkaziladi.
35-modda. Kiritilgan murojaatni chaqirib olish
Konstitutsiyaviy sud koʻrib chiqishi uchun kiritilgan murojaatni murojaat qiluvchi ishni sud majlisida koʻrish boshlanguniga qadar chaqirib olishi mumkin.
Kiritilgan murojaat chaqirib olingan taqdirda ishni yuritish tugatilib, bu haqda Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi.
36-modda. Ishlarni birlashtirish
Konstitutsiyaviy sudga kiritilgan murojaatlar, qoida tariqasida, mustaqil ish yuritish asosida koʻrib chiqiladi.
Konstitutsiyaviy sud ayni bir masalaga doir bir nechta murojaatni oʻz ajrimi bilan bitta ish yuritishga birlashtirishga haqli.
37-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning tashkiliy shakli
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan oʻz vakolatiga kiritilgan ishlarni sud majlislarida koʻradi hamda hal etadi.
Sud majlislari Konstitutsiyaviy sudning raisi tomonidan, u yoʻqligida Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari tomonidan, Konstitutsiyaviy sudning raisi va uning oʻrinbosari yoʻqligida yoki ular oʻz vazifalarini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda esa Konstitutsiyaviy sudning eng katta yoshli sudyasi tomonidan chaqiriladi.
38-modda. Konstitutsiyaviy sudning sud majlisidagi vakolatli tarkibi
Konstitutsiyaviy sud ishlarni sud majlisida koʻrishga Konstitutsiyaviy sudning kamida besh nafar sudyasi ishtirok etgan taqdirda vakolatli boʻladi.
39-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasini ishni koʻrishda ishtirok etishdan chetlashtirish
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ishni koʻrishda ishtirok etishdan quyidagi hollarda chetlashtiriladi, agar:
koʻrib chiqish predmeti boʻlgan hujjatni tayyorlashda ilgari xizmat mavqeyi sababli ishtirok etgan boʻlsa;
ishda ishtirok etayotgan tarafning yoki boshqa shaxsning qarindoshi boʻlsa;
ishning pirovard natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ishni eshitish boshlanguniga qadar oʻzini oʻzi rad etishi toʻgʻrisida arz qilishi shart.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasini chetlashtirish Konstitutsiyaviy sudning majlisda hozir boʻlgan sudyalarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan asoslantirilgan qarori bilan amalga oshiriladi.
6-bob. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari
40-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari
Taraflar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridir.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani), Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, adliya vaziri, Hisob palatasi raisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil ishtirok etishi mumkin. Ular koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
(40-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevraldagi OʻRQ-917-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2024-y., 03/24/917/0170-son)
41-modda. Taraflar va ularning vakillari
Quyidagilar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishda taraflardir:
Konstitutsiyaviy sudga murojaat etgan davlat organi yoki mansabdor shaxs, fuqarolar va yuridik shaxslar;
Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanishi yoki sharh berilishi lozim boʻlgan tegishli hujjatni qabul qilgan davlat organi yoki mansabdor shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatida koʻrsatilgan masalalarni hal qilish oʻz vakolatiga kiritilgan davlat organi.
Taraflar Konstitutsiyaviy sudda shaxsan va (yoki) vakillari orqali ishtirok etishga haqli. Taraf bir yoki bir nechta vakilga ega boʻlishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlari va yuridik shaxslarning rahbarlari Konstitutsiyaviy sudda lavozimi boʻyicha taraflarning vakili boʻlishi mumkin. Lavozimi boʻyicha taraflarning vakillari taraflarning manfaatlarini ishonchnomasiz ifoda etadi.
Ish boʻyicha tarafning vakili sifatida advokat ham ishtirok etishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga koʻra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi.
(41-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 20-apreldagi OʻRQ-1135-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 03/26/1135/0389-son)
42-modda. Taraflarning huquq va majburiyatlari
Taraflar: barcha ish materiallari bilan tanishishga, ulardan koʻchirmalar yozib olishga, koʻchirma nusxalar olishga; ish yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga; yozma fikr-mulohazalar taqdim etishga; ekspertiza tayinlash, Konstitutsiyaviy sudga guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislar va tarjimonlarni chaqirish haqida iltimoslar qilishga; ekspertlar va mutaxassislarning nomzodlarini taklif etishga; konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga savollar berishga haqli.
Taraflar ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.
Taraflar Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan sud majlisida ishtirok etishi; tushuntirishlar berishi va sud majlisida raislik qiluvchining, Konstitutsiyaviy sud boshqa sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga javob berishi; sud majlisida raislik qiluvchining sud majlisi zalida tartibga rioya etish toʻgʻrisidagi farmoyishlariga boʻysunishi shart.
43-modda. Guvoh, uning huquq va majburiyatlari
Ishga taalluqli biror-bir holatdan xabardor har qanday shaxs guvoh boʻlishi mumkin.
Guvoh: oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berishga, tarjimon xizmatidan foydalanishga, koʻrsatuvlarini oʻz qoʻli bilan yozib berishga, oʻz iltimosiga binoan ishga qoʻshib qoʻyilishi mumkin boʻlgan yozma qaydlardan, hujjatlardan va boshqa materiallardan oʻz koʻrsatuvlarini berishda foydalanishga; oʻzining Konstitutsiyaviy sudga kelish bilan bogʻliq xarajatlarining oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Guvoh Konstitutsiyaviy sudning chaqiruviga binoan kelishi; koʻrilayotgan ish boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlar toʻgʻrisida haqqoniy koʻrsatuvlar berishi; oʻzida mavjud boʻlgan tegishli materiallarni sudning talabiga koʻra taqdim etishi; Konstitutsiyaviy sud sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga javob berishi shart.
Sud majlisida koʻrsatuvlar berishdan oldin guvoh bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
44-modda. Ekspert, uning huquq va majburiyatlari
Ishning pirovard natijasidan manfaatdor boʻlmagan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan hal etilishi lozim boʻlgan masalalar borasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan va ekspert xulosasini berish uchun jalb etiladigan shaxs ekspert hisoblanadi.
Ekspert: ekspertiza predmetiga taalluqli boʻlgan ish materiallari bilan tanishishga va ulardagi zarur maʼlumotlardan koʻchirmalar yozib olishga yoki koʻchirma nusxalar olishga; ekspert xulosasini berish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar oʻziga taqdim etilishi toʻgʻrisida iltimosnomalar kiritishga; sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ekspert xulosasini berish uchun zarur boʻlgan savollarni berishga; oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Ekspert Konstitutsiyaviy sud tomonidan qoʻyilgan savollar boʻyicha xolis va asoslantirilgan xulosa berishi; Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan kelishi; oʻzi tayyorlagan xulosaning mazmunini tushuntirishi; Konstitutsiyaviy sud sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga haqqoniy javob berishi; ekspertizani oʻtkazish munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi shart.
Sud majlisida soʻzga chiqishdan oldin ekspert bila turib yolgʻon xulosa berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
45-modda. Mutaxassis, uning huquq va majburiyatlari
Ishning pirovard natijasidan manfaatdor boʻlmagan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan hal etilishi lozim boʻlgan masalalar borasida maxsus bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan hamda dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda maslahatlar (tushuntirishlar) berish yoʻli bilan koʻmaklashish hamda Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilmiy-texnika vositalarining qoʻllanilishida yordam koʻrsatish uchun jalb etiladigan shaxs mutaxassis hisoblanadi.
Mutaxassis: Konstitutsiyaviy sudga oʻzining nima maqsadda chaqirilganligini bilishga; agar tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishni rad qilishga; oʻzi koʻrib chiqayotgan masalalarga taalluqli ish materiallari bilan tanishishga; oʻz fikrini bayon etishi uchun zarur boʻlgan savollarni konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan berishga, boshqa zarur axborotni olishga; ish boʻyicha ish yuritishda ishtirok etishi munosabati bilan oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Mutaxassis Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan kelishi; Konstitutsiyaviy sud sudyalarining, shuningdek konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga haqqoniy javob berishi shart.
46-modda. Tarjimon, uning huquq va majburiyatlari
Ishning pirovard natijasidan manfaatdor boʻlmagan, tarjima qilish uchun zarur boʻlgan tillarni biladigan va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi konstitutsiyaviy sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada bilmaydigan hollarda sud majlisida ishtirok etuvchi va tarjima qilish uchun, xuddi shuningdek yozma hujjatlarni tarjima qilish uchun jalb etiladigan shaxs tarjimon hisoblanadi.
Tarjimon: tarjima qilinayotgan soʻzlar va jumlalarning maʼnosini aniqlashtirish maqsadida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan savollar berishga; agar tarjima qilish uchun tegishli bilimga ega boʻlmasa, sud muhokamasida ishtirok etishni rad qilishga; ish boʻyicha ish yuritishda ishtirok etishi munosabati bilan oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Tarjimon Konstitutsiyaviy sudning chaqiruviga binoan kelishi, oʻziga topshirilgan tarjimani aniq, toʻliq va toʻgʻri bajarishi shart.
Tarjimani bajarishni boshlashdan avval tarjimon bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
7-bob. Sud muhokamasi
47-modda. Ishni koʻrish uchun tayinlash
Ishni sud majlisida koʻrish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi ajrim murojaat koʻrish uchun qabul qilinganidan soʻng bir oydan kechiktirmay Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilinadi.
48-modda. Sud majlisi haqida xabardor qilish. Materiallarni yuborish
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sudga oʻz vaqtida kelish va ishni koʻrishga tayyorgarlik koʻrish uchun yetarli muddat hisobga olingan holda xabarnoma yuboriladi. Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqidagi axborot uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Sud majlisi haqidagi xabarnoma, Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan murojaatning koʻchirma nusxasi sud majlisi boshlanguniga qadar kamida oʻn kundan kechiktirmay taraflarga yuboriladi. Sud majlisi haqidagi xabarnoma va koʻrib chiqiladigan ishga doir maʼlumotnoma ushbu Qonun 40-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan ishtirokchilarga majlis boshlanguniga qadar kamida bir haftadan kechiktirmay yuboriladi.
49-modda. Sud majlisini oʻtkazish joyi
Sud majlisi uning doimiy joylashgan yerida oʻtkaziladi.
Zarur boʻlsa, Konstitutsiyaviy sud majlisni boshqa joyda oʻtkazishi mumkin.
50-modda. Sud majlisini oʻtkazish tartibi
Sud majlisi ushbu Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Reglamentiga muvofiq oʻtkaziladi.
Sud majlisi ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda tik turgan holda tushuntirishlar, koʻrsatuvlar beradi, iltimoslar qiladi va savollar beradi. Ushbu qoidadan chetga chiqishga faqat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Konstitutsiyaviy sudning tashabbusiga yoki sud majlisi ishtirokchilarining iltimosiga koʻra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Ish ochiq sud majlisida koʻrilganda sud majlisi ishtirokchilari va zalda hozir boʻlganlar sud majlisining borishini qayd etishga, ovozli yozuvni amalga oshirishga haqli. Sud majlisini fototasvirga olishga, videoyozuvini amalga oshirishga, shuningdek uni radio va televideniye orqali uzatishga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Mazkur harakatlar sud majlisini oʻtkazishga xalaqit bermasligi kerak va sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan vaqt boʻyicha cheklanishi mumkin.
51-modda. Sud majlisida raislik qiluvchi va uning vakolatlari
Sud majlisida Konstitutsiyaviy sudning raisi, u yoʻqligida yoki uning topshirigʻiga binoan Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari raislik qiladi, Konstitutsiyaviy sudning raisi va uning oʻrinbosari boʻlmagan yoki ular oʻz vazifalarini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda esa Konstitutsiyaviy sudning eng katta yoshli sudyasi raislik qiladi.
Sud majlisida raislik qiluvchi:
sud majlisiga rahbarlik qiladi;
muhokamaning har tomonlama, toʻliq va xolisona boʻlishini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi;
sud majlisini ochadi, Konstitutsiyaviy sud tarkibini va qanday ish koʻrib chiqilishi lozimligini eʼlon qiladi, kim sud majlisi kotibi ekanligini, ishni koʻrib chiqishda taraflar, ularning vakillari, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon va sud majlisining boshqa ishtirokchilari sifatida kimlar ishtirok etayotganini maʼlum qiladi;
sud majlisining hozir boʻlgan ishtirokchilari shaxsini, taraflar vakillarining vakolatlari bor-yoʻqligini aniqlaydi;
sud majlisi ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
tarjimonni bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib yolgʻon xulosa berganlik uchun, guvohni bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiradi;
taraflarga va ularning vakillariga ishning barcha holatlari boʻyicha tushuntirishlar berish, oʻz dalillarini asoslash va savollar berish uchun teng imkoniyatlar yaratadi;
sud majlisida tegishli tartibni taʼminlash choralarini koʻradi.
Sud majlisida raislik qiluvchi tarafning yoki uning vakilining, sud majlisi boshqa ishtirokchilarining soʻzini, agar soʻzga chiquvchi koʻrilayotgan masala predmetidan chetga chiqib ketsa yoxud shaklan yoki mazmunan qoʻpol mulohazalarga yoʻl qoʻysa, sud zalida belgilangan tartibni buzsa, toʻxtatib qoʻyishga haqli.
Sud majlisida raislik qiluvchi Konstitutsiyaviy sud sudyalarining maslahatxonadagi maslahatlashuvida raislik qiladi, ularning oʻz fikrini erkin va moneliksiz bildirishi imkoniyatini taʼminlaydi.
52-modda. Sud majlisida ishtirok etayotgan Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari
Sud majlisida ishtirok etayotgan Konstitutsiyaviy sud sudyasi:
taraflarga, ularning vakillariga va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga savollar berishga;
sud majlisi ishtirokchilaridan sud majlisida muhokama etilayotgan masalalarning mohiyati boʻyicha tushuntirishlar olishga;
takliflar kiritishga;
protsessual masalalar boʻyicha oʻz fikrini bildirishga haqli.
53-modda. Ishni koʻrib chiqishning bevositaligi va sud majlisining uzluksizligi
Konstitutsiyaviy sud ishni koʻrib chiqish chogʻida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini bevosita sud majlisida eshitadi, zarur hujjatlarni oʻqib eshittiradi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalarida va taraflarda mavjud boʻlgan hujjatlar, agar ularning mazmuni muhokama jarayonida ogʻzaki bayon qilinsa, oʻqib eshittirilmasligi mumkin. Biroq, agar Konstitutsiyaviy sudning sudyalaridan yoki sud majlisi ishtirokchilaridan birortasi ularning toʻliq yoki qisman oʻqib eshittirilishini talab qilsa, sud majlisida raislik qiluvchining qaroriga binoan oʻqib eshittirilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining normalariga rasmiy sharh berish toʻgʻrisidagi ishlarni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻrishi mumkin. Bu haqda Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini xabardor qiladi. Agar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridan biri ishni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻrishga qarshi eʼtiroz bildirsa, ish umumiy tartibda koʻrib chiqiladi. Konstitutsiyaviy sud ishni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan ushbu bobning qoidalariga muvofiq koʻrib chiqadi.
Sudning majlisi har bir ish boʻyicha uzluksiz oʻtadi, bundan majlis ishtirokchilariga dam olish uchun yoki yakunlovchi nutqlarini tayyorlash uchun ajratilgan vaqt mustasno. Taraflardan birining iltimosiga koʻra boshqa taraf taqdim etgan materiallarni qoʻshimcha oʻrganish uchun, shuningdek majlisning normal davom etishiga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelgan hollarda sud majlisida tanaffus qilinishi mumkin.
54-modda. Sud majlisi zalidagi tartib
Sud majlisi zalida hozir boʻlganlar Konstitutsiyaviy sudga, majlis zalida hozir boʻlgan boshqa shaxslarga hurmat bilan munosabatda boʻlishi va sud majlisida tartibga rioya etishi, sud majlisida raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishi shart.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari sud majlisi zaliga kirganda va ular chiqib ketayotganda barcha majlis zalida hozir boʻlganlar oʻrnidan turadi.
Sud majlisi ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sudga: “Hurmatli Konstitutsiyaviy sud” degan soʻzlar bilan murojaat etadi.
Sud majlisi zalida hozir boʻlganlar Konstitutsiyaviy sud qarorini tik turgan holda eshitadi.
55-modda. Sud majlisini keyinga qoldirish
Konstitutsiyaviy sud quyidagi hollarda sud majlisini keyinga qoldiradi:
sud majlisida Konstitutsiyaviy sudning vakolatli tarkibi mavjud boʻlmaganda;
sud majlisida hozir boʻlishi shart deb topilgan taraf, uning vakili, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon kelmaganda, agar ularning yoʻqligi ishning mohiyati boʻyicha hal etilishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa;
hujjatlar va boshqa materiallar taqdim etilmaganda yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganda, agar ular ishni hal etish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlsa;
agar qoʻshimcha materiallarni talab qilib olish zarurligi munosabati bilan Konstitutsiyaviy sudning sudyasi yoki taraf, uning vakili ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirish toʻgʻrisida iltimos qilsa;
ishning har tomonlama, toʻliq va xolisona koʻrib chiqilishiga monelik qiladigan boshqa holatlar mavjud boʻlganda, shu jumladan sud majlisida tartib buzilgan taqdirda.
Konstitutsiyaviy sud sud majlisini keyinga qoldirish toʻgʻrisida ajrim qabul qiladi. Bunda Konstitutsiyaviy sud sud majlisi koʻchiriladigan sanani tayinlaydi.
Koʻrib chiqilishi keyinga qoldirilgan ish boʻyicha sud majlisi boshidan boshlanadi yoki keyinga qoldirilgan joyidan boshlanadi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari eshitilgan guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni, tarjimonlarni qaytadan chaqirish faqat Konstitutsiyaviy sud zarur deb topgan taqdirda amalga oshiriladi.
56-modda. Ish yuritishni tugatish
Agar sud majlisi jarayonida:
murojaatning Konstitutsiyaviy sudga taalluqli emasligi;
murojaatning predmeti yuzasidan Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari qaror chiqarilgan boʻlib, u qonuniy kuchida ekanligi;
Konstitutsiyaviy sud koʻrib chiqishi uchun kiritilgan murojaat murojaat qiluvchi tomonidan qaytarib olinganligi aniqlansa, Konstitutsiyaviy sud ish yuritishni tugatadi.
Ish yuritishni tugatish haqida Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi.
57-modda. Sud majlisi ishtirokchilarining kelmaganligi bilan bogʻliq masalalarni hal etish
Sud majlisiga taraflar (taraf) yoki ularning vakillari kelmagan taqdirda, Konstitutsiyaviy sud ishni koʻrib chiqish yoki uni keyinga qoldirish mumkinligi toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi.
58-modda. Sud majlisi zalidan guvohlarni chiqarib turish
Sud majlisiga kelgan guvohlar ularning shaxsi aniqlanganidan keyin sud majlisi zalidan chiqarib turiladi.
59-modda. Taraflarning iltimoslari va ularni hal etish tartibi
Sud majlisida raislik qiluvchi ishni koʻrib chiqish boshlanguniga qadar taraflardan ularning ishga taalluqli iltimoslari bor-yoʻqligini aniqlaydi.
Yozma iltimoslar sud majlisida oʻqib eshittiriladi va ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi, ogʻzaki iltimoslar sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi.
Konstitutsiyaviy sud taraflarning fikrlarini inobatga olgan holda iltimosni qanoatlantirish haqida yoki uni qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
60-modda. Maʼruzachi sudyaning maʼruzasi va taraflarning tushuntirishlari
Ishni koʻrib chiqish maʼruzachi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi, u koʻrib chiqilayotgan masalaning mohiyatini bayon qiladi. Soʻngra sud taraflarning fikrlarini inobatga olgan holda ish materiallarini tekshirish tartibi haqida qaror qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taraf birinchi boʻlib soʻzga chiqadi, undan keyin sud majlisida raislik qiluvchi boshqa tarafga soʻzga chiqish imkoniyatini beradi. Tarafning nuqtai nazari uning bir nechta vakili tomonidan himoya qilingan taqdirda, ularning soʻzga chiqish ketma-ketligi mazkur taraf tomonidan belgilanadi.
Taraflarning har biri soʻzga chiqib boʻlganidan soʻng Konstitutsiyaviy sudning sudyalari taraflarga savollar berishi mumkin, soʻngra soʻzga chiqqan tarafga savollar berish huquqi boshqa tarafga beriladi.
61-modda. Ish hujjatlarini va boshqa yozma materiallarini tekshirish
Ish hujjatlari va boshqa yozma materiallarini maʼruzachi sudya oʻqib eshittiradi. Shundan soʻng taraflar oʻqib eshittirilgan hujjatlar va boshqa materiallar yuzasidan tushuntirishlar berishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud oʻz tashabbusi bilan yoki sud majlisi ishtirokchilarining iltimosiga koʻra ishni koʻrish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, boshqa materiallarni qoʻshimcha ravishda soʻrab olishga, shuningdek ish materiallarini qoʻshimcha ravishda tekshirish va (yoki) ekspertizalar oʻtkazish toʻgʻrisida topshiriq berishga, zarur boʻlgan taqdirda sud majlisiga guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarni chaqirishga haqli.
62-modda. Guvohlarni eshitish tartibi
Guvohlarni eshitish navbati sud tomonidan belgilanadi.
Sud majlisida raislik qiluvchi guvohga koʻrib chiqilayotgan ishning mohiyati yuzasidan oʻziga maʼlum boʻlgan barcha holatlarni bayon qilishni taklif etadi. Tushuntirishlardan keyin guvohga savollar berilishi mumkin.
Guvohga birinchi boʻlib, u qaysi tarafning arizasiga binoan chaqirilgan boʻlsa, oʻsha taraf savollar beradi, soʻngra boshqa taraf, shuningdek sud majlisining oʻzga ishtirokchilari savollar beradi. Konstitutsiyaviy sudning tashabbusi bilan chaqirilgan guvohga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taraf birinchi boʻlib savollar beradi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari guvohga istalgan paytda savollar berishga haqli.
Agar guvoh oʻzi bilgan maʼlumotlarning manbaini koʻrsatib bera olmasa, u maʼlum qilgan maʼlumotlar dalil hisoblanmaydi.
63-modda. Ishning mohiyati boʻyicha muhokamasini tamomlash
Barcha ish materiallarini tekshirish tugallanganidan soʻng sud majlisida raislik qiluvchi ishning mohiyati boʻyicha muhokamasi tamomlanganligini eʼlon qiladi va Konstitutsiyaviy sud sud muzokaralariga oʻtadi.
64-modda. Sud muzokaralari
Sud muzokaralari taraflarning ogʻzaki chiqishlaridan iborat boʻladi. Muzokaralarda taraflar ish boʻyicha oʻz nuqtai nazarini asoslaydi.
Sud muzokaralarida birinchi boʻlib Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taraf, keyin boshqa taraf soʻzga chiqadi.
65-modda. Ishning mohiyati boʻyicha muhokamasini tiklash
Agar Konstitutsiyaviy sud sudning muzokaralarini eshitib, ishni toʻgʻri hal etish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangi holatlarni aniqlashni, yangi dalillarni tekshirishni zarur deb topsa, ishning mohiyati boʻyicha muhokamasi yangidan boshlanadi va ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda olib boriladi.
66-modda. Ishni koʻrib chiqishni tamomlash
Sud muzokaralaridan soʻng, agar ishni koʻrib chiqishni yangidan boshlash uchun asoslar boʻlmasa, sud majlisida raislik qiluvchi ishni koʻrib chiqish tamomlanganligini, ish boʻyicha qabul qilingan qarorni eʼlon qilish sanasi haqida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari xabardor qilinishini maʼlum qiladi va Konstitutsiyaviy sud ish boʻyicha qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kiradi.
8-bob. Konstitutsiyaviy sudning qarorlari
67-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorlarining turlari
Normativ-huquqiy hujjatning, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berish toʻgʻrisida koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy toʻxtamlari qaror deb nomlanadi. Konstitutsiyaviy sud qarorni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar yuzasidan koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy toʻxtami xulosa deb nomlanadi.
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish protsessual masalalari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud ajrim qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sud oʻz faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan ham qarorlar qabul qiladi.
68-modda. Konstitutsiyaviy sudning qarorini chiqarish uchun sudyalar maslahatlashuvini oʻtkazish tartibi
Koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy qarori maslahatxonada qabul qilinadi. Maslahatda sud majlisida raislik qiluvchi raislik qiladi va faqat ishni koʻrib chiqqan Konstitutsiyaviy sud sudyalari ishtirok etadi.
69-modda. Konstitutsiyaviy sudning qarorini qabul qilish
Konstitutsiyaviy sud, qoida tariqasida, faqat koʻrib chiqilgan muayyan masala yuzasidan qaror qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sudning qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ovoz berish Konstitutsiyaviy sudning sudyalaridan birma-bir soʻrab chiqish orqali oʻtkaziladi. Raislik qiluvchi hammadan keyin ovoz beradi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ovoz berishda betaraf qolishga yoki ishtirok etmaslikka haqli emas.
Konstitutsiyaviy sudning qarori, agar sud majlisida hozir boʻlgan Konstitutsiyaviy sud sudyalarining koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sudning koʻpchilik fikriga qoʻshilmagan sudyasi Konstitutsiyaviy sudning qaroriga imzo qoʻyishi shart va u oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bayon etishga haqli, alohida fikr yopiq konvertda ishga qoʻshib qoʻyiladi, lekin eʼlon qilinmaydi. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sud sudyasining alohida fikri bilan tanishtirilmaydi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilish chogʻidagi muhokama mazmuni toʻgʻrisidagi, Konstitutsiyaviy sud tarkibiga kirgan ayrim sudyalarning nuqtai nazari haqidagi maʼlumotlarni biror-bir shaxsga maʼlum qilishga va sudyalar maslahatlashuvi sirini boshqa usulda oshkor qilishga haqli emas.
70-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorining mazmuni. Qarorni imzolash
Konstitutsiyaviy sudning qarori kirish, tavsif, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat boʻladi.
Qarorning kirish qismida:
qaror qabul qilgan sudning nomi, qarorning nomlanishi, u qabul qilingan sana va joy;
Konstitutsiyaviy sudning tarkibi;
sud majlisining kotibi;
sud majlisining ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
murojaatda koʻrsatilgan talablar;
Konstitutsiyaviy sud mazkur ishni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va ushbu Qonunning qaysi normalariga muvofiq koʻrib chiqqan boʻlsa, oʻsha normalari koʻrsatiladi.
Qarorning tavsif qismida Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan murojaatning, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlarining, arizalari va iltimoslarining qisqacha mazmuni koʻrsatiladi.
Qarorning asoslantiruvchi qismida:
ishning Konstitutsiyaviy sud tomonidan aniqlangan va qarorning asosiga qoʻyilgan haqiqiy holatlari;
sudning ish holatlari toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar;
Konstitutsiyaviy sud qaror qabul qilishda tayangan normativ-huquqiy hujjatlar koʻrsatiladi.
Qarorning xulosa qismida koʻrib chiqilgan ish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy xulosalari, uning kuchga kirish tartibi, shuningdek uni ijro etish hamda eʼlon qilish tartibi, muddatlari va oʻziga xos xususiyatlari koʻrsatiladi.
Konstitutsiyaviy sudning qarori ovoz berishda ishtirok etgan Konstitutsiyaviy sudning barcha sudyalari tomonidan imzolanadi.
71-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorini oʻqib eshittirish
Konstitutsiyaviy sud qarori Konstitutsiyaviy sud tomonidan belgilangan muddatda sud majlisida oʻqib eshittiriladi.
Konstitutsiyaviy sud qarori oʻqib eshittirilganidan soʻng sud majlisida raislik qiluvchi qarorning mazmunini tushuntiradi, shundan keyin sud majlisini yopiq deb eʼlon qiladi.
72-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorlarini eʼlon qilish va ularning kuchga kirishi
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari, xulosalari va boshqa toʻxtamlari ommaviy axborot vositalarida hamda Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish protsessual masalalari va oʻz faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha qabul qilingan qarorlar Konstitutsiyaviy sudning ixtiyoriga koʻra eʼlon qilinadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Axborotnomasi”, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi Konstitutsiyaviy sudning qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari va xulosalari qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida rasmiy eʼlon qilinishi lozim hamda rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Boshqa qarorlar qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 133-moddaning uchini qismi.
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari taraflarga va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga yuboriladi. Konstitutsiyaviy sudning qarorlari Konstitutsiyaviy sud raisining topshirigʻiga muvofiq boshqa tashkilotlarga ham yuborilishi mumkin.
73-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorining yuridik kuchi
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qatʼiy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 133-moddaning toʻrtinchi qismi.
Konstitutsiyaviy sudning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi oʻzining amal qilishini tugatadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatni qabul qilgan davlat organi oʻz hujjatini Konstitutsiyaviy sudning qarori asosida bir oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topilgan normativ-huquqiy hujjat asosida qarorlar qabul qilgan davlat organlari ularni bir oy ichida qaytadan koʻrib chiqishi kerak.
74-modda. Konstitutsiyaviy sudning qarorini qaytadan koʻrib chiqish
Konstitutsiyaviy sudning qarori quyidagi hollarda oʻz tashabbusi bilan qaytadan koʻrib chiqilishi mumkin:
qaror chiqarilgan paytda Konstitutsiyaviy sudga nomaʼlum boʻlgan yangi ochilgan holatlar munosabati bilan;
qaror qabul qilinishiga asos boʻlgan konstitutsiyaviy norma oʻzgargan taqdirda;
Konstitutsiyaviy sud mazkur qarorni konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan deb topgan taqdirda.
9-bob. Sud majlisining bayonnomasi
75-modda. Sud majlisi bayonnomasining mazmuni
Sud majlisida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
sud majlisining vaqti va joyi;
sudning tarkibi va sud majlisining kotibi;
ishning nomi va raqami;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelgan-kelmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Konstitutsiyaviy sudning harakatlari, ular sud majlisida qay tartibda bajarilgan boʻlsa, shu tartibda, ularning natijalari;
Konstitutsiyaviy sudning maslahatxonaga kirmasdan oʻz joyida qabul qilingan ajrimlari;
taraflarning tushuntirishlari va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimoslari;
ishni koʻrish jarayonida sudga taqdim etilgan dalillar haqidagi maʼlumotlar;
guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning xulosalari va mutaxassislarning fikrlari, ularga berilgan savollar hamda olingan javoblar;
konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish boshqa ishtirokchilarining chiqishlari;
sud muzokaralarining mazmuni;
Konstitutsiyaviy sudning qarorini oʻqib eshittirish haqidagi maʼlumotlar.
Agar sud majlisi vaqtida audio- yoki videoyozuv qoʻllanilgan boʻlsa, audio- yoki videoyozuv bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda sud majlisining bayonnomasiga tegishli yozuv kiritiladi.
Sud majlisining bayonnomasi sud majlisi tugagan paytdan eʼtiboran uch kun ichida rasmiylashtirilishi kerak.
Sud majlisining bayonnomasi raislik qiluvchi va sud majlisining kotibi tomonidan imzolanadi hamda ishga qoʻshib qoʻyiladi.
76-modda. Sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish. Sud majlisining bayonnomasiga doir fikr-mulohazalar
Taraflar sud majlisining bayonnomasi imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida u bilan tanishib chiqishga va u boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirishga haqli, ushbu fikr-mulohazalar ular berilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida, Konstitutsiyaviy sud tomonidan taraflarni chaqirmasdan koʻrib chiqilishi kerak. Konstitutsiyaviy sud fikr-mulohazalarga rozi boʻlgan taqdirda, ularni qabul qiladi, rozi boʻlmagan taqdirda esa ularni rad etadi, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud majlisining boshqa ishtirokchilari sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan sud majlisi bayonnomasi bilan tanishib chiqishi mumkin.
10-bob. Protsessual muddatlar
77-modda. Ishni koʻrib chiqish muddatlari
Koʻrib chiqilayotgan ish yuzasidan qaror murojaat koʻrib chiqishga qabul qilingan paytdan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilinadi.
78-modda. Protsessual muddatlarni hisoblash
Protsessual muddatlar oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Protsessual muddatlarning oʻtishi kalendar sananing boshlanishi deb belgilangan kunning ertasidan boshlanadi.
79-modda. Protsessual muddatlarning tugashi
Oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddat oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning tugashi tegishli sanasi boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi.
Kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi kunida tugaydi.
Protsessual muddatning oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelgan hollarda, undan keyingi birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
11-bob. Sud chiqimlari va xarajatlarning oʻrnini qoplash
80-modda. Sud chiqimlari
Sud chiqimlari guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalardan, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan iborat boʻladi.
81-modda. Guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarning xarajatlari oʻrnini qoplash
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish munosabati bilan jalb etilgan guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga qonunchilikka muvofiq xarajatlarining oʻrni qoplanadi.
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish munosabati bilan jalb etilgan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga qonunchilikka muvofiq haq toʻlanadi.
12-bob. Ayrim toifadagi ishlar boʻyicha ish yuritishning oʻziga xos xususiyatlari
82-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaga muvofiqligi xususida shubha tugʻdirgan aniq normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirib, tekshirilgan hujjatga asoslangan yoxud uning qoidalarini takrorlaydigan normativ-huquqiy hujjatlar xususida ham, garchi Konstitutsiyaviy sud koʻrib chiqishi uchun kiritilgan murojaatda ular toʻgʻrisida soʻz yuritilmagan boʻlsa-da, bir vaqtning oʻzida qaror chiqarishga haqli.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligini toʻliqligicha yoki uning bir qismini tekshirayotganda:
normalar mazmuni boʻyicha;
normativ-huquqiy hujjatning shakli boʻyicha;
davlat organlari va mansabdor shaxslar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan belgilangan vakolatlarning chegaralanishi nuqtai nazaridan;
normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi, imzolanishi, shuningdek rasmiy eʼlon qilinishi va amalga kiritilishi tartibi boʻyicha uning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish toʻgʻrisida.
Qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topib, ularda mazkur qonunning yoki uning bir qismining amaliyotda notoʻgʻri yoxud ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar topilgan taqdirda, ushbu qonun normasiga rasmiy sharh berishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish toʻgʻrisida.
Oldingi tahrirga qarang.
83-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 82-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida.
Ushbu moddada nazarda tutilgan ishlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sud tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay qaror qabul qiladi.
(83-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
Oldingi tahrirga qarang.
831-modda. Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish haqidagi ishlarni yuritish
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi xulosalardan birini beradi:
Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarni Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarni Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida.
Ushbu moddada nazarda tutilgan ishlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sud tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay qaror qabul qiladi.
(831-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvardagi OʻRQ-895-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son)
84-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish haqidagi ishlarni yuritish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 82-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi xulosalardan birini beradi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq deb topish haqida.
85-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini sharhlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash ularda normalarning amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar topilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sudga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash haqidagi murojaatda Konstitutsiyada va qonunda ularning amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar mavjudligiga doir vajlar hamda dalillar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Ishni koʻrish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud qaror qabul qiladi, uning xulosa qismida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yoki qonuni normasiga rasmiy sharh boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
86-modda. Fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi ustidan shikoyatlar boʻyicha muayyan ishda qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qoʻllanilgan va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq boʻlmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlari, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda ishni koʻrib chiqish tugagan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay beriladi.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklari buzilganligi ustidan shikoyatda koʻrsatilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 82-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida.
87-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlarining va (yoki) boshqa hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlarining va (yoki) boshqa hujjatlarining (individual xususiyatga ega boʻlgan hujjatlar bundan mustasno) yoki ular bir qismining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 82-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrugʻini va (yoki) boshqa hujjatini (individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat bundan mustasno) yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrugʻini va (yoki) boshqa hujjatini (individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat bundan mustasno) yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq deb topish haqida.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Konstitutsiyaviy sud qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq emas deb topilgan buyrugʻi va (yoki) boshqa hujjati (individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat bundan mustasno) oʻzining amal qilishini tugatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Konstitutsiyaviy sudning qarori asosida oʻzining buyrugʻini va (yoki) boshqa hujjatini (individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat bundan mustasno) bir oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqlashtirishi kerak.
13-bob. Yakunlovchi qoidalar
88-modda. Konstitutsiyaviy sudning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorligi
Konstitutsiyaviy sud xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy nazorat organlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlik qilishi, deklaratsiyalar, anglashuv memorandumlari, ahdlashuv bayonnomalari, hamkorlik rejalari tuzishi, shuningdek oʻzaro tajriba hamda axborot almashish sohasida hamkorlik qilishi mumkin.
89-modda. Konstitutsiyaviy sudning devoni
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini taʼminlash uchun devon tashkil etiladi.
Devonning tuzilmasi va shtat birligi ajratilgan mablagʻlar doirasida Konstitutsiyaviy sud raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Devon xodimlariga mansab darajalarini belgilash va berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga 2, 3-ilovalar.
90-modda. Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
Konstitutsiyaviy sud huzurida maslahat organi boʻlgan va jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadigan ilmiy-maslahat kengashi tuziladi. Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish ushbu kengashning vazifasiga kiradi.
91-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va unda alohida satrda nazarda tutiladi.
92-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mehnatiga haq toʻlash, ularga har yilgi taʼtilni berish, sudyalarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari, sudyalarning hayoti va sogʻligʻini davlat tomonidan majburiy tartibda sugʻurta qilish bilan bogʻliq moddiy va ijtimoiy taʼminoti “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 91-moddasi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining ish haqi lavozim maoshidan, malaka darajasi va koʻp yillik xizmati uchun toʻlanadigan ustama haqlardan iborat boʻladi.
93-modda. Konstitutsiyaviy sudning sud hokimiyati ramzlari
Konstitutsiyaviy sud egallab turgan binoda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtariladi va Davlat gerbining tasviri joylashtiriladi.
Sudning majlislar zalida, shuningdek Konstitutsiyaviy sud raisining xizmat xonasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining rasmiy nashri joylashtiriladi.
94-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining maxsus kiyim-boshi
Konstitutsiyaviy sud sudyalari sudlov ishini maxsus kiyim-boshda olib boradi, ushbu kiyim-boshning tavsifi va namunasi Senat tomonidan tasdiqlanadi.
95-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining guvohnomasi
Konstitutsiyaviy sud sudyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.
96-modda. Konstitutsiyaviy sudning muhri
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
97-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
98-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-431-sonli Konstitutsiyaviy qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 5, 201-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-446-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 79-moddasi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-612-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 3, 203-modda) 7-moddasi.
99-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
100-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
101-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-aprel,
OʻRQ-687-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2021-y., 03/21/687/0380-son; 13.01.2024-y., 03/24/895/0025-son; 02.03.2024-y., 03/24/917/0170-son; 20.04.2026-y., 03/26/1135/0389-son)