Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 6-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3828]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq S. ESHQUVVATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9 aprel
1-son
Kelishildi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri SH. XIDOYATOV
2026-yil 27 mart
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 19 mart
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining 2026-yil 9-apreldagi 1-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari (bundan buyon matnda hududiy inspeksiyalar deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vizual tekshiruv — tayanch konstruksiyalardagi, qoplamalar va devorlardagi yoriqlar hamda shikastlanishlarni aniqlash uchun binolar va inshootlarning texnik holatini koʻzdan kechirish;
instrumental-texnik tekshiruv — maxsus kuzatuv, oʻlchov va nazorat vositalaridan foydalangan holda binolar hamda inshootlarning texnik holatini tekshirish.
2. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasida belgilangan holatlarda hamda buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
3. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlari vizual va instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
4. Vizual tekshiruvda quyidagi ishlardan biri yoki bir nechtasi amalga oshiriladi:
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarni toʻliq vizual koʻrikdan oʻtkazish;
poydevorni, poydevorning tashqi qismi, yertoʻla xonalarini tekshirish;
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning konstruksiyasi, materiallar va yigʻma panellarni, orayopma va choklarni, cherdak xonalarini tekshirish;
ichki kommunal-muhandislik tarmoqlarini va qurilmalarni tekshirish;
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning qurilgan sanasi va undan foydalanish davrida sodir boʻlgan oʻzgarishlar hamda zararlanishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni yigʻish;
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning zararlanishi va konstruksiyalaridagi deformatsiyalar asosida uning texnik holatini shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq baholash (I-seysmik mustahkamligi meʼyorda, II-seysmik mustahkamligi qoniqarli, III-seysmik mustahkamligi qoniqarsiz, instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish talab etiladi, IV-mustahkamlash talab etiladi, avariya holatiga moyil, avariya holatida);
instrumental-texnik tekshiruv oʻtkazish zarurligi va bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning hajmi toʻgʻrisida xulosa chiqarish hamda konstruksiyalarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish dasturini tuzish.
5. Instrumental-texnik tekshiruvda quyidagi ishlardan biri yoki bir nechtasi amalga oshiriladi:
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning loyiha-smeta hujjatlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligini tekshiruvdan oʻtkazish;
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning konstruktiv yechimi, rejadagi shakli, gabarit oʻlchamlari, qavatlar balandligi, antiseysmik chok orqali boʻlmalarga (otseklarga) ajratilganligini aniqlash;
poydevor turi, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalari, orayopmalar, tom qismi, antiseysmik tadbirlar, konstruksiya materiallarining mustahkamlik koʻrsatkichlari, qurilish maydonining oʻziga xos xususiyatlari, rekonstruksiya davomida mustahkamlanganligi hamda muhandislik-geologik koʻrsatkichlari holatini toʻliq aniqlash;
bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarda yoriqlar, boshqa shikastlanishlar va deformatsiyalanish joylarini aniq belgilash;
oʻlchov ishlarini olib borish;
olingan namunalarni instrumental-texnik tekshiruvdan va laboratoriya tadqiqotidan oʻtkazish;
toʻplangan maʼlumotlar asosida bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning seysmik mustahkamligini modelli tadqiq etish;
instrumental-texnik tekshiruvlar, oʻlchov ishlari, laboratoriya hamda modelli tadqiqotlarga muvofiq bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning zararlanishi va konstruksiyalaridagi deformatsiyalar asosida uning texnik holatini shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq baholash (I-seysmik mustahkamligi meʼyorda, II-seysmik mustahkamligi qoniqarli, III-seysmik mustahkamligi qoniqarsiz, IV-mustahkamlash talab etiladi, avariya holatiga moyil, avariya holatida).
6. Bino va inshootlarni vizual tekshiruvdan oʻtkazish ishlarining narxi mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq hisoblanadi.
7. Bino va inshootlarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish ishlarining narxi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq hisoblanadi.
8. Hududiy inspeksiyalar har yili 1-fevralga qadar mazkur Nizomga muvofiq bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarining kalkulyatsiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Bunda narxlar kalkulyatsiyasining loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan holda hududiy inspeksiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarining narxlarini hisoblash
9. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlari narxlarini hisoblash bino va inshootlarning umumiy hajmi, ularning texnik holatini oʻrganish ishlarini amalga oshirishda sarflanadigan vaqtning bino va inshootlarning hajmiga bogʻliqlik koeffitsiyentlari, bino va inshootlarning konstruktiv murakkablik darajasiga qarab qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyentlari, vizual tekshiruv jarayonida bajariladigan ishlarga nisbatan qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyenti hamda qoʻshimcha konstruktiv va modelli hisob-kitob ishlarini amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar, shuningdek, bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarining bir soatlik ish qiymati inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Bunda:
bino va inshootlarning konstruktiv murakkablik darajasiga qarab mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq tuzatish koeffitsiyentlari qoʻllaniladi;
bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarini amalga oshirishda sarflanadigan vaqtning bino va inshootlarning hajmiga bogʻliqlik koeffitsiyentlari mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq qoʻllaniladi;
bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlari narxlari mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlari narxlarini hisoblash metodikasi boʻyicha hisoblanadi.
3-bob. Sinov-laboratoriya ishlarining narxlarini hisoblash
10. Bino va inshootlarning qurilish-montaj ishlari hamda qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari sifatini tekshirishda oʻtkaziladigan sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash bajariladigan ishlar turidan kelib chiqib, mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda:
sinov-laboratoriyada bajariladigan ishning bir soatlik ish qiymati hisoblanadi;
sinov-laboratoriyada bajariladigan ish turidan kelib chiqib, bitta sinovni amalga oshirish uchun sarflanadigan oʻrtacha vaqt sinovni amalga oshirish tartibini belgilovchi tegishli standart usul asosida aniqlanadi;
bitta sinov oʻtkazish narxi sarflanadigan oʻrtacha vaqtni sinov-laboratoriyada bajariladigan ishning bir soatlik ish qiymatiga koʻpaytirish orqali hisoblanadi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
11. Manfaatdor shaxslar hisoblangan narxlardan norozi boʻlgan taqdirda, sudga yoki vakolatli organlarga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish huquqiga ega.
12. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Bino va inshootlarni vizual tekshiruvdan oʻtkazish ishlarining narxini hisoblash formulasi
C = C1*R
Bunda:
C — umumiy yigʻindi;
C1 — mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq hisoblangan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarining narxi;
R — vizual tekshiruv jarayonida bajariladigan ishlarga nisbatan qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyenti (R = 0,8 koeffitsiyent).
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Bino va inshootlarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish ishlarining narxini hisoblash formulasi
C = C1 + C2
Bunda:
C — umumiy yigʻindi;
C1 — mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq hisoblangan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarining narxi;
C2 — mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq hisoblangan sinov-laboratoriya ishlarining narxi.
Buyurtmachilar bino va inshootlarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish (C1) yoki sinov-laboratoriya ishlarining (С2) biridan foydalangan taqdirda, umumiy yigʻindini (C) aniqlashda foydalanilmagan ishlar (C1 yoki С2) nol qiymatda hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlari narxlarini hisoblashda ularning konstruktiv murakkablik darajasiga qarab qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyentlari
T/r | Bino va inshoot turi | Tavsifi | KM |
1. | Oddiy konstruktiv yechimli binolar | Murakkabligi yuqori boʻlmagan | 0.8 |
2. | Oʻrtacha murakkablikdagi binolar | Katta oraliqli (9 metr va undan uzun prolyotli) konstruksiyaga ega omborlar, angarlar, ishlab chiqarish va sanoat binolari | 0.9 |
3. | Murakkab konstruktiv yechimli binolar | Maʼmuriy, ijtimoiy, koʻp qavatli turarjoy binolari (yertoʻlali, liftli, rigelli, diafragmali va boshqa konstruksiyalar) | 1.0 |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
4-ILOVA
Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarida sarflanadigan vaqtning bino va inshootlarning hajmiga bogʻliqlik koeffitsiyenti
Т/r | Hajm — V | Hajmga bogʻliqlik koeffitsiyenti — KV |
1. | 100 m3 gacha | 2 |
2. | 100 m3 dan — 1000 m3 gacha | 2,0-1,0 |
3. | 1001 m3 dan — 10000 m3 gacha | 1,0-0,8 |
4. | 10001 m3 dan — 20000 m3 gacha | 0,8-0,55 |
5. | 20001 m3 dan — 40000 m3 gacha | 0,55-0,45 |
6. | 40001 m3 dan — 50000 m3 gacha | 0,45-0,4 |
7. | 50000 m3 dan koʻp | 0,4 |
Bino va inshootning hajmiga (V) mos boʻlgan hajmga bogʻliqlik koeffitsiyenti (KV) chiziqli interpolyatsiya usulida aniqlanadi.
Chiziqli interpolyatsiya usulida hisoblash formulasi:

Bunda:
KV — hajmga bogʻliqlik koeffitsiyenti;
V — bino va inshootning hajmi;
V₁, V₂ — hajmning boshlangʻich va tugash chegaralari;
K₁, K₂ — hajmga bogʻliqlik koeffitsiyentining boshlangʻich va tugash chegaralari.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA
5-ILOVA
Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarining narxlarini hisoblash metodikasi
1. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlari narxini (С1) hisoblash quyidagi formula asosida amalga oshiriladi:
С1 = V * КV * P * KM * KH
Bunda:
V — bino va inshootning hajmi, m3;
КV — mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarini amalga oshirishda sarflanadigan vaqtning bino yoki inshootlarning hajmiga bogʻliqlik koeffitsiyenti;
P — bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarida bir soatlik ish qiymatining bir metr kub hajmdagi ulushi, soʻm;
KM — mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq bino va inshootlarning konstruktiv murakkablik darajasiga qarab qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyenti;
KH — bino va inshootlarning yuk koʻtarish qobiliyatini va seysmik barqarorligini tekshirish maqsadida qoʻshimcha konstruktiv va modelli hisob-kitob ishlarini amalga oshirish uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyent.
Bunda:
qoʻshimcha konstruktiv va modelli hisob-kitob ishlari amalga oshirilganda KH = 1,2 koeffitsiyent;
qoʻshimcha konstruktiv va modelli hisob-kitob ishlari amalga oshirilmaganda KH = 1 koeffitsiyent qoʻllaniladi.
2. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarida bir soatlik ish qiymatining bir metr kub hajmdagi ulushini (P) aniqlash quyidagi formula asosida amalga oshiriladi:
P = (A+B+(A+B)*S) / vc
Bunda:
A — asosiy xarajatlar, soʻm.
A = a1+a2+......+ai;
Bunda, ai — asosiy xarajatlarni tashkil etuvchi xarajatlar (xodimlarning ish haqi xarajatlari, ijtimoiy soliq va boshqalar);
B — qoʻshimcha xarajatlar, soʻm.
B = b1+b2+......+bi;
Bunda, bi — qoʻshimcha xarajatlarni tashkil etuvchi xarajatlar (soliqlar (ijtimoiy soliq bundan mustasno), kommunal xizmatlar, xodimlarni oʻqitish, telefon aloqa xizmatlari, kanselyariya buyumlari, amortizatsiya xarajatlari, transport xarajatlari, kompyuter texnikalariga texnik xizmat koʻrsatish va boshqalar);
S — rentabellik, bunda S ≤ 30 %;
vc — bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish ishlarini amalga oshirishda bir soatda oʻrtacha bitta xodimga toʻgʻri keladigan bino va inshootning hajmi, m3.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va sinov-laboratoriya ishlari narxlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA
6-ILOVA
Sinov-laboratoriya ishlarining narxlarini hisoblash metodikasi
1. Sinov-laboratoriya ishlarining narxini (С2) hisoblash quyidagi formula asosida amalga oshiriladi:
С2= P * ΣTi
Bunda:
P — sinov-laboratoriya ishlarining bir soatlik ish qiymati, soʻm;
Ti — sinov-laboratoriya ishlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi tegishli standart usul boʻyicha bitta sinovni amalga oshirish uchun sarflanadigan oʻrtacha vaqt, soat.
2. Sinov-laboratoriya ishlarining bir soatlik ish qiymatini (P) aniqlash quyidagi formula asosida amalga oshiriladi:
P = A+B+(A+B)*S
Bunda:
A — asosiy xarajatlar, soʻm.
A = a1+a2+......+ai;
Bunda, ai — asosiy xarajatlarni tashkil etuvchi xarajatlar (xodimlarning ish haqi xarajatlari, ijtimoiy soliq, akkreditatsiya belgisi uchun toʻlov va boshqalar);
B — qoʻshimcha xarajatlar, soʻm.
B = b1+b2+......+bi;
Bunda, bi — qoʻshimcha xarajatlarni tashkil etuvchi xarajatlar (soliqlar (ijtimoiy soliq bundan mustasno), kommunal xizmatlar, xodimlarni oʻqitish, telefon aloqa xizmatlari, kanselyariya buyumlari, amortizatsiya xarajatlari, transport xarajatlari, kompyuter texnikalariga texnik xizmat koʻrsatish, sinov jarayonlarida sarflanadigan materiallar, laboratoriya qurilmalarini metrologik tekshiruvdan oʻtkazish, sinov-laboratoriyani akkreditatsiyadan oʻtkazish va davriy baholash uchun sarflanadigan xarajatlar va boshqalar);
S — rentabellik, bunda S ≤ 30 %.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026 y., 10/26/3828/0464-son)