OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 4-sentabrdagi PF-153-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, xoʻjalik operatsiyalarining shaffofligini oshirish, soliq xavflarini kamaytirish va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarda raqamli boshqarish mexanizmlarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan tovarlarni aynan bitta yetkazib berish zanjiri boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olishda elektron hisobvaraq-fakturalarni xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish tizimini 2026-yil 1-yanvardan boshlab joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash va ularda aks ettirilgan operatsiyalar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi oʻn besh kun muddatda:
elektron hisobvaraq-fakturalarni xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish imkonini beruvchi dasturni ishlab chiqsin hamda ushbu dasturni doimiy takomillashtirib borish choralarini koʻrsin;
soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aks ettirgan holda toʻlov hujjatlarini shakllantirish va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq majburiyati bajarilishini nazorat qilish funksiyasini yaratsin;
ushbu mexanizmni qoʻllash masalalari, uning zarurati va lozim darajada ehtiyotkorlik qilishdagi ahamiyati toʻgʻrisida soliq toʻlovchilar oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-dekabr,
830-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-dekabrdagi 830-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash va ularda aks ettirilgan operatsiyalar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom elektron hisobvaraq-fakturalarning (keyingi oʻrinlarda — EHF) tovarlarni (xizmatlarni) aynan bitta yetkazib berish zanjiri boʻyicha xavf darajasini baholash, ularni tegishli toifalarga ajratish tartibini, shuningdek, xavf darajasiga qarab EHFlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini (keyingi oʻrinlarda — QQS) toʻlash va hisobga olish xususiyatlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi faoliyat turi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, QQS toʻlovchisi boʻlgan soliq toʻlovchilar tomonidan EHFlar tizimida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan barcha EHFlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
insofli soliq toʻlovchi — oxirgi bir yilda eng koʻp soliq toʻlagan, tovar aylanmasi eng yuqori boʻlgan va aktivlari qiymati eng yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilarning bir foizi, shuningdek, ishchilar soni 500 nafar (har bir xodimga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki barobaridan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi hisoblangan) va undan yuqori boʻlgan soliq toʻlovchi;
xavf darajasi aniqlangan EHFlar reyestri — belgilangan tartibda QQS toʻlovchilari tomonidan rasmiylashtirilgan EHFlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmuasi boʻlib, unda ushbu EHFlarga belgilangan xavf darajasi, QQS summasi, uning toʻlangani holati hamda mazkur xavf darajasini inobatga olgan holda QQSni toʻlash va hisobga olish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar toʻplami;
shubhali soliq toʻlovchi — xoʻjalik operatsiyalarini rasmiylashtirish va hisobga olishga doir belgilangan talablarga rioya etmaslik, soliq majburiyatlarini toʻliq yoki oʻz vaqtida bajarmaslik, aniq iqtisodiy maqsadga ega boʻlmagan bitimlarda ishtirok etish yoxud budjet oldidagi majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslikka oid soliq xavfini keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarida ifodalanadigan soliq qonunchiligi hujjatlarini buzish alomatlari aniqlangan soliq toʻlovchilar;
EHFning xavf darajasi — har bir EHF boʻyicha QQSni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga (keyingi oʻrinlarda — budjet) toʻlamaslik xavfining yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoli va uning oqibatlariga bogʻliq tarzda aniqlanadigan xavfning holati;
EHFlar xavf darajasini baholash tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) — xavf mezonlari va algoritmlar asosida har bir EHFning QQS boʻyicha soliq majburiyatlarini bajarishdagi xavf darajasini real vaqt rejimida aniqlovchi soliq organlari avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
4. Axborot tizimi asosida aniqlangan yuqori xavf darajasiga ega boʻlgan EHFlarning ulushi hisobot davrida QQS toʻlovchilari tomonidan rasmiylashtirilgan jami EHFlar sonining oʻn foizidan oshmasligi lozim.
2-bob. EHFlarning xavf darajasini baholash tartibi
5. EHFlarga beriladigan xavf darajasi axborot tizimi tomonidan quyidagi manbalardan olinadigan maʼlumotlar asosida aniqlanadi:
soliq organlarida mavjud manbalardagi soliq va moliyaviy hisobotlar;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan soliq organlari bilan axborot almashinuvi doirasida taqdim etiladigan maʼlumotlar;
xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan olingan axborot;
soliq tekshiruvlari materiallari;
kameral tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan maʼlumotlar;
sud qarorlaridagi maʼlumotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hujjatlari;
ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maʼlumotlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan manbalardan olingan axborotlar.
6. EHFlarning xavf darajasi mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi) tomonidan quyidagilarni inobatga olgan holda belgilanadi:
soliq toʻlovchining tarixi;
soliq toʻlovchining moliyaviy va mulkiy holati;
tadbirkorlik subyektlari toifasi;
soliq toʻlovchining roʻyxatga olish maʼlumotlari;
yuridik shaxsning muassislari va rahbari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
soliq toʻlovchining moliya-xoʻjalik operatsiyalari xususiyati;
soliq toʻlovchi tomonidan EHFlarni rasmiylashtirish tartibi;
soliq toʻlovchilarning xoʻjalik operatsiyalari, ular bilan tuzilgan bitimlarning iqtisodiy mazmuni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
7. EHFning xavf darajasini boshqarish strategiyasi va taktikasi, axborot yigʻish, qayta ishlash, EHFning xavf darajasini tahlil qilish va baholash, shubhali soliq toʻlovchilar roʻyxati, EHFning xavf darajasini boshqarishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish Soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
8. Ushbu Nizomni qoʻllash maqsadida EHFlar xavf darajalari boʻyicha quyidagi toifalarga muvofiq tasniflanadi:
xavf darajasi past EHFlar;
xavf darajasi yuqori EHFlar.
Axborot tizimi orqali soliq qonunchiligini buzish ehtimoli kam yoki boʻlmagan operatsiyalar boʻyicha rasmiylashtirilgan EHFlar xavf darajasi past EHFlar deb baholanadi.
Axborot tizimi orqali soliq qonunchiligini buzish ehtimoli yuqori, shu jumladan, soliqni toʻlamaslik alomatlari mavjud boʻlgan operatsiyalar boʻyicha rasmiylashtirilgan EHFlar xavf darajasi yuqori EHFlar deb baholanadi.
9. EHFlar axborot tizimida nazarda tutilgan har bir mezon boʻyicha tegishli ballar sonini qoʻshish orqali avtomatik tarzda baholanadi.
EHFlar xavf darajalari boʻyicha ushbu Nizomga muvofiq qoʻllanadigan har bir mezon boʻyicha hisoblangan umumiy ball asosida tasniflanadi.
10. Soliq toʻlovchining tegishli toifaga kiritilishiga qarab, EHFlarga beriladigan xavf darajasi quyidagicha aniqlanadi:
insofli soliq toʻlovchilar reyestriga kiritilgan soliq toʻlovchilar tomonidan rasmiylashtirilgan EHFlar avtomatik ravishda past xavf darajasiga kiritiladi, biroq mazkur soliq toʻlovchilarda soliqdan qochish maqsadida turli sxemalardan foydalanish holatlari aniqlanganda, ushbu Nizomning 20-bandida belgilangan tartibda ish yuritiladi;
shubhali soliq toʻlovchilar reyestriga kiritilgan soliq toʻlovchilar tomonidan rasmiylashtirilgan EHFlar avtomatik ravishda yuqori xavf darajasiga kiritiladi;
insofli soliq toʻlovchilar yoki shubhali soliq toʻlovchilar reyestriga kiritilmagan soliq toʻlovchilar tomonidan rasmiylashtirilgan EHFlarning xavf darajasi axborot tizimi tomonidan aniqlanadi.
11. EHFlarga berilgan xavf darajasi avtomatik tarzda shakllantiriladi va soliq toʻlovchi tomonidan uni rasmiylashtirish va taqdim etishda koʻrsatiladi, ushbu koʻrsatilgan maʼlumotlar soliq siri hisoblanmaydi.
12. Soliq toʻlovchi tomonidan EHFni rasmiylashtirishda (qabul qilishda) past deb baholangan xavf darajasi ushbu EHF tasdiqlangandan (qabul qilingandan) soʻng oʻzgartirilmaydi (EHFga tuzatish (qoʻshimcha) kiritilgan hollar bundan mustasno).
3-bob. Belgilangan xavf darajasini inobatga olgan holda EHFlar boʻyicha QQSni toʻlash tartibi
13. Axborot tizimidan foydalangan holda rasmiylashtirilgan EHFlarni tahlil qilish natijalaridan soliq toʻlovchilar tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha hisobga olinishi lozim boʻlgan QQS summalarini aniqlash uchun foydalaniladi.
14. Belgilangan tartibda xavfning yuqori darajasi toifasiga kiritilgan EHFlar boʻyicha QQS summasi budjetga toʻliq toʻlangandan keyin hisobga olinadi.
QQS tegishli EHFning identifikatsiya raqamini majburiy koʻrsatgan holda soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali toʻlanadi.
15. Xavf darajasi yuqori boʻlgan EHFlar boʻyicha QQS:
yetkazib beruvchi hisobidan oʻz soliq majburiyatini bajarish tartibida;
sotib oluvchi hisobidan ixtiyoriy ravishda yetkazib beruvchining soliq majburiyatini bajarish tartibida toʻlanadi.
Xavfning yuqori darajasiga kiritilgan EHFlar boʻyicha QQS toʻliq toʻlanmagan taqdirda, soliq summasi haqiqatda toʻlangan summa doirasida hisobga olinadi.
16. Tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan toʻlovlar EHFlarning identifikatsiya raqamlari koʻrsatilmasdan QQS toʻlangan hollarda, sotib oluvchilarda tegishli soliq davri uchun toʻlangan qismiga nisbatan QQS summasi rasmiylashtirilgan sana va vaqti boʻyicha xavflilik darajasi avtomatik tarzda ajratiladi.
17. Tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi tomonidan xavf darajasi yuqori boʻlgan EHFlar boʻyicha toʻlangan QQS summasi yetkazib beruvchi hisobda turgan soliq organining shaxsiy hisobvaragʻida aks ettiriladi.
Agar soliq davri yakuni boʻyicha tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi salbiy yoki ortiqcha toʻlangan boʻlsa, yetkazib beruvchiga Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq qaytariladi yoki kelgusi toʻlovlar hisobiga hisobga olinadi.
Bunda yetkazib beruvchining tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasini amalga oshirgunga qadar sotib oluvchidan 100 foiz miqdorida toʻlov qabul qilingandan keyin EHF rasmiylashtirilganda, xavf darajasi yuqori deb baholanganda, QQSning sotib oluvchi tomonidan qayta toʻlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 317-moddasiga muvofiq boshqa shaxslar uchun toʻlangan soliqlar sifatida eʼtirof etiladi.
18. Ushbu Nizomga muvofiq QQS Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan muddatlarga muvofiq toʻlanadi.
QQS belgilangan muddatdan keyin toʻlangan taqdirda, toʻlangan summalar tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchida QQS amalda toʻlangan soliq davrida aks ettiriladi.
19. Ilgari yuqori xavf darajasiga kiritilgan EHFlar boʻyicha qoʻshimcha va (yoki) tuzatish kiritilganda yoxud QQS toʻlanganda, hisobga olinadigan soliq summasi kiritilgan oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqiladi.
2026-yil 1-yanvarga qadar rasmiylashtirilgan EHFlar boʻyicha tuzatish (qoʻshimcha) kiritilganda, ushbu Nizomda belgilangan tartibda xavf darajasi baholanadi va QQS toʻlanadi.
20. Soliq organlari tegishli EHF rasmiylashtirilgan xoʻjalik operatsiyasi amalga oshirilganini tasdiqlash maqsadida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va asoslarda soliq tekshiruvlarini oʻtkazishga haqli.
Qalbaki (koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan) bitimlar EHFning xavf darajasidan qatʼi nazar, soliq solish maqsadida hisobga olinmaydi. Agar bunday bitimlar boshqa bitimlarni niqoblasa, soliqlarni hisoblash uchun haqiqiy bitimlarning iqtisodiy mazmuni va natijalari hisobga olinadi.
4-bob. EHFlar hisobini yuritish
21. Soliq qoʻmitasi xavf darajasini hisobga olgan holda, EHFlarning markazlashtirilgan elektron reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) yuritadi.
22. EHFlar Reyestr axborot tizimidan kelib tushadigan hamda QQS toʻlangani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
23. Reyestrga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
EHFning identifikatsiya raqami;
EHFni rasmiylashtirish sanasi va vaqti;
yetkazib beruvchi va sotib oluvchining identifikatsiya maʼlumotlari;
QQS miqdori;
belgilangan xavf darajasi toifasi;
soliq toʻlangani haqidagi maʼlumotlar;
EHFning holati.
24. Reyestrdagi maʼlumotlar quyidagi hollarda avtomatik tarzda yangilanadi:
EHFni rasmiylashtirish, tuzatish yoki bekor qilishda;
xavf darajasi belgilanishi yoki oʻzgartirilishida;
soliq toʻlangani haqidagi maʼlumotlar kelib tushganda;
EHF holati oʻzgartirilganda.
25. Soliq toʻlovchilar Reyestrda mavjud axborotdan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali foydalanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 09/25/830/1240-son)