O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini bajarish, shuningdek, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlash orqali sohada norasmiy tovar aylanmasini qisqartirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad etib 2026-2027-yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanmasini kamida 3 baravar oshirish belgilansin.
II. Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun soliq tizimini soddalashtirish
2. 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bundan paxta va g‘alla mustasno) realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi joriy qilinsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan:
(a) qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda — Ro‘yxat) Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi va ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;
(b) Ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash (qaytarish) tartibi amal qiladi;
(v) qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga (bundan paxta va g‘alla mustasno) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
4. Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) 2026-yil 1-yanvardan Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan tovarlarni aynan bitta yetkazib berish zanjiri bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishda elektron hisobvaraq-fakturalarni xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish tizimini joriy qilsin. Bunda yuqori xavf darajasiga ega elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha:
(a) ularning ulushi hisobot davrida rasmiylashtirilgan jami elektron hisobvaraq-fakturalar sonining 10 foizidan oshmasligi;
(b) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi sotuvchi (yetkazib beruvchi) yoki xaridor (buyurtmachi) tomonidan budjetga to‘liq to‘langandan keyin hisobga olinishi nazarda tutilsin.
5. Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Sh. Kadirov) 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Space Gov Monitoring” markazlashgan yagona platformasini Soliq qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilish orqali davlat kosmik monitoringi doirasida qishloq xo‘jaligi yerlarida haqiqatda ekin ekilgan maydonlar bo‘yicha ma’lumotlarni muntazam ravishda taqdim etib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
III. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
6. Bosh vazir o‘rinbosari J. Qo‘chqorov:
(a) 2025-yil 1-dekabrga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi joriy qilinishi munosabati bilan qishloq xo‘jaligi sohasiga berilgan subsidiyalar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralarini maqbullashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin;
(b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (I. Abdurahmonov), Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev), Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxabov) bilan birgalikda bir hafta muddatda reja-grafik tasdiqlagan holda, 2027-yil 1-yanvarga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasini qo‘llash hamda elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini baholash tizimi bo‘yicha joylarda tushuntirish ishlarini olib borsin, tadbirkorlik subyektlariga yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A. Xaydarov) Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A. Xaydarov) bilan birgalikda bir oy muddatda elektron hisobvaraq-fakturalarni xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish hamda yuqori xavf darajasiga ega elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi budjetga to‘liq to‘langandan keyin hisobga olish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda Soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
10. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-sentabr,
PF-153-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.09.2025-y., 06/25/153/080-son)