Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markaziga qoʻshimcha vazifalar yuklanganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 12-apreldagi 305-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 27-yanvardagi PQ-28-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 12-apreldagi 305-son qaroriga ilovaga muvofiq Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining vazifa hamda funksiyalarini muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining moddiy-texnik bazasini yangilash uchun 2025-yil davomida Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xaridlarni amalga oshirishga rozilik berilsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-avgust,
502-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 502-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 12-apreldagi 305-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
transport va logistika tizimi muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro transport yoʻlaklarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlash, istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish;
logistika tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport-logistika va transport-ekspeditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, transport-logistika markazlari keng tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot grant loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish;
atrof muhitga zararli taʼsirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash boʻyicha muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash;
tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish boʻyicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish”.
2. 10-banddagi “Shayxontohur tumani, Zulfiyaxonim koʻchasi, 3-uy” soʻzlari “Yunusobod tumani, Amir Temur 1-tor koʻchasi, 6-uy” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 2-ilovada:
a) 9 va 10-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
transport va logistika tizimi muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro transport yoʻlaklarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlash, istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish;
logistika tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport-logistika va transport-ekspeditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, transport-logistika markazlari keng tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot grant loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish;
atrof-muhitga zararli taʼsirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash boʻyicha muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash;
tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish boʻyicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) transport va logistika tizimi muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
transport va logistika tizimini takomillashtirish muammolarini oʻrganadi va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
respublikaning transport salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini tadqiq etadi;
milliy transport tizimining jahon transport tizimiga integratsiyasini chuqurlashtirish va logistika tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
transport va logistika tizimini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlaydi, tashish jarayonlarini maqbullashtirishni taʼminlaydigan logistika markazlari tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
transport-logistika sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni doimiy monitoring qiladi va ular asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
b) xalqaro transport yoʻlaklarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlash, istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish sohasida:
turli transport turlaridan foydalangan holda xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish imkoniyatlarini oʻrganadi va ularni maqbullashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
Markaziy Osiyoda qoʻshimcha yuk oqimlarini jalb qilishni taʼminlaydigan yangi transport yoʻlaklarini shakllantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari bilan yuk va yoʻlovchi tashish transporti oqimlarini maqbullashtirish boʻyicha izlanishlar olib boradi;
milliy transport kommunikatsiyalari orqali xalqaro va mintaqaviy tranzitni rivojlantirish muammolarini tadqiq etadi;
transport va logistikani rivojlantirish sohasida hamkorlikdagi xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil qilishda, xalqaro aloqalarni oʻrnatishda qatnashadi;
v) logistika tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
logistik xizmatlar bozorini tahlil qilib boradi va logistika tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
tadbirkorlik subyektlarining transport va logistika xizmatlari uchun xarajatlarini minimallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
sohadagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
g) atrof-muhitga zararli taʼsirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash boʻyicha muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash sohasida:
atrof-muhitga va inson salomatligiga transportning zararli taʼsirini kamaytirish imkoniyatlarini tadqiq qiladi hamda ularni joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
transportda resurslarni tejash va ekologiya muammolarini oʻrganadi, transport resurslaridan samarali foydalanish, atrof-muhitga texnogen yuklamani minimallashtirish masalalariga kompleks yondashgan holda takliflar ishlab chiqadi;
iqlim oʻzgarishi sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni transport sektoriga integratsiya qilishga koʻmaklashadi;
“yashil” transportni rivojlanish tendensiyalarini tahlil qiladi va takliflar ishlab chiqadi;
d) transport-logistika va transport-ekspeditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, transport-logistika markazlari keng tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
transport-ekspeditorlik korxonalari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va doimiy reytingini yuritadi;
transport-ekspeditorlik xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
transport-logistika markazlari faoliyatini monitoring qiladi, baholaydi va reyestrini yuritadi;
transport-logistika markazlari keng tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
e) logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqadi;
logistika samaradorligi indeksi boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan axborot, shuningdek, tegishli maʼlumotlar, statistika axborotlari va boshqa materiallarni tayyorlaydi;
xalqaro tashkilotlar, reyting agentliklari, mustaqil nashrlar va nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro ekspert va konsultantlar bilan samarali xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
j) transport sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot grant loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish sohasida:
transport sohasidagi innovatsion loyihalar roʻyxatini shakllantiradi va muvofiqlashtiradi;
transport sohasini rivojlangan davlatlar tajribasi asosida innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
sohada faoliyat yurituvchi kadrlar uchun innovatsion va texnologik faoliyatni boshqarish yoʻnalishida muntazam ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qiladi;
z) tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish boʻyicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida:
transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish natijalarini muhokama qilish maqsadida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa manfaatdor tashkilotlar va xususiy sektor bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
transport va logistikani rivojlantirish sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar va tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning milliy institutlari bilan hamkorlik qiladi”;
b) 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Markaz xodimlariga vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy xizmat, transport taʼminoti va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi, shuningdek, ularga koʻp yillik xizmatlari uchun davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qoʻshimcha ustama toʻlovlari toʻlanadi:
2 yildan 5 yilgacha — 0,1;
5 yildan 10 yilgacha — 0,2;
10 yildan 15 yilgacha — 0,3;
15 yildan ortiq — 0,4”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)